OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tog‘ay Murod. Kuzning bir kunida (hikoya)

Yelkasiga paxtalik nimcha tashlagan dotsent Obidovich, yonib bo‘lgan o‘t cho‘g‘ida ko‘milgan kartoshkalarni uchi qorayib kuygan kosov bilan kavlab, tinmay sigareta chekadi. Cho‘g‘ taftidan yuzlari qizarib ketgan bu salobatli, katta odamning qarshisida iymanib, oriq qo‘llarini qovushtirib, yigirma yoshlardagi mo‘ylovli yigit — Raximjonov o‘tiribdi. Hamisha talabalar davrasida bo‘ladigan Obidovichning bugun yolg‘iz, munis o‘tirishi Rahimjonovni ajablantirdi. Peshonasi tirishib, ustma-ust sigareta chekayotganlarini ko‘rib esa domlaning kayfiyati yomon, juda yomon, degan xulosaga keldi. U, Obidovichning oldida tortinib, ko‘zlarini pirpiratib, qobig‘i qorayib kuyayotgan kartoshkalarga tikilib o‘tirdi. Obidovich har qancha chekmasin, bari-bir kechadan buyon kiynayotgan tuyg‘ulardan qutulolmadi. Eh, hayot berahmdir, berahm, dedi ichida.. O’ziga, qolaversa, Rahimjonovga zavq bag‘ishlaydigan biror qiziq gap o‘yladi, topolmadi. Kechagi yomg‘irdan ho‘l paxtazorga qaradi. Xo‘rsinib, bosh irg‘ab qo‘ydi. Turib, labiga yangi sigareta qistirdi-da, paxtazor oralab ketdi. Bir changal paxta terib yana qaytib keddi. Kaftidagi oppoq tolalarda yiltirayotgan yomg‘irning oxirgi tomchilariga, so‘ng shiypon oldida o‘sma qo‘yib o‘tirgan qizlarga qaradi.
—    Ko‘ryapsanmi qizlarning o‘sma qo‘yishini. O’smani o‘zlari uchun qo‘yadi, deb o‘ylaysanmi? Yo‘-o‘q, sen
uchun, hammasi sen uchun, yigitlar uchun. Hayot shunaqa,
go‘zal... — dedi.
Rahimjonov dotsent Obidovichning gapidan zavqlanib ketdi. Uyalgan boladay boshini chapga sal qiyshaytirib, tobora qorayib borayotgan cho‘qqa tikilganicha jilmaydi. Buni ko‘rgan va his qilgan Obidovich unga birgina bo‘lsayam zavq bera olganidan quvonib, kulimsyradi. Hali yuvilmagan bir paqir kartoshka ko‘tarib oshxonaga borayotgan yigitga:
—    Mirkarim, bolalarni kechagi joyga olib bor, endi tersa bo‘ladi, — dedi.
Yigit ho‘l qo‘lini oldiga tutib olgan etakka artib, xo‘p, dedi-da, yo‘lida davom etdi.
—    Sen, Rahimjonov uka, qolgin, ish bor.
Talabalar bir-birlarini quvlashib oppoq dalalarga
qarab ketdilar. Obidovich shoshmasdan kartoshkalarni archib, mis tovoqqa soldi.
—    Ho‘-o‘sh, qalay, zerikmayapsanmi, ishqilib?
—    Yo‘g‘-e, domlajon, kelganimizga bor-yo‘g‘i uch kun bo‘ldi-yu.
—    Qecha qancha terding?
—    O’n besh kilo.
—    Maza yo‘q-ku. Bolalar ikki yuz, yuz kilolab teribdi.
— Biza, endi, domlajon, paxta terib ko‘rmaganmiz-de...
—    Ha, mayli. Qo‘ldan kelganicha terish kerak. Ukalaring ko‘pmi? Opalaring...
—    To‘rtta ukam bor. Opamla hammasi erga chiqib ketishgan.
—    Uylanganmisan? Yo‘q? Ha, yaxshi, hali birinchi kurssan. Ancha og‘ir bo‘ladi. Ma, kartoshkani ye.
—    Yo‘q, rahmat, domlajon. Ja-a, to‘yib turibman, o‘ziyiz yeng, rahmat.
—    Olsang-chi, hammamiz ham to‘yib turibmiz. Bu shirin bo‘ladi, ol.
Rahimjonov bir qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, Obidovichning qo‘lidan kartoshkani oldi.
Obidovich yigitga achinish bilan qaradi. Juda rahmi keldi unga. Kartoshkaga tuz sepayotib, ko‘ngliga: «Bolalar... Ukalarimga qarayman, deb bu hali o‘qishni tashlab ketmasaydi», degan gap keldi. Hozir bor gapni aytmoqchi, kecha shtabdan olib kelgan telegrammani ko‘rsatmoqchi bo‘ldi. «Hozir aytsam. Bu hali bola bo‘lsa. Birdan miyasiga ta’sir qilsa... keyin nima bo‘ladi?» U o‘ylab-o‘ylab, bu gapni hozir aytmaslikka qaror qildi. Yana o‘ylab o‘tirib, umuman, aytmayman, degan xulosaga keldi. Shunda Obidovich onasi bechorani eslab, ko‘ngli buzilib ketdi. O’rnidan keskin turib, sigareta cheka boshladi. Kichkina ko‘k avtobusga ishora kilib, biror ish buyurilishini kutib turgan Rahimjonovga:
—    Etaklarni qoldirib, mashinaga chiq. Bir joyga borib kelasan, — dedi.
Rahimjonov, Obidovich kutgandan ham ertaroq avtobusga chiqdi. Ikkalovi yonma-yon o‘rtaroqdagi o‘rindiqqa o‘tirdi. Obidovich avtobusning ochiq derazasiga tirsagini qo‘yib, yo‘l chetidagi paxtazorga qarab ketdi. O’zini qancha boshqa fikrlar bilan ovutmasin, bari-bir onasi ko‘z oldidan ketmadi... Obidovichning tomog‘iga bir narsa tiqilgandek bo‘ldi, qirinib yo‘taldi, ko‘zlariga yosh kelganini bilmay qoldi.
Kissasidan ro‘molchasini olib, shunchaki yuzlarini artayotgan kishiday ko‘z yoshlarini artdi.
Rayon markazidagi avtobus bekatiga tushdilar. Rahimjonov ustma-ust sigareta chekayotgan Obidovichga ergashib ketaverdi. Shaharga boradigan avtobusni surishtirdilar: yana ikki soatdan keyin kelar ekan. Ular bir chetdagi uzun o‘tirg‘ichga o‘tirdilar. Obidovich aytmaslikning hech ilojini topolmadi. Oxiri aytishga majbur bo‘ldi:
—    Uka, bu dunyo shunaqa bevafo ekan, — dedi u
xo‘rsinib. Biroq so‘zini davom ettirmay, xotirjamlik
bilan o‘chib qolgan sigaretasini yana yondirdi. Juda
siyraklab qolgan sochlarini orqaga silab, gapini davom ettirdi: — Uka, dunyo bevafo ekan. Onamiz bechorani eslasam, yurak-bag‘rim ezilib ketadi. Ammo odam bo‘lish faqat onaga bog‘liq emas ekan. Bir shoirning gapi borku, ona bo‘la qolgin, menga tabiat, deydi. Shundayin, mana, onasiz o‘sdik. Zamon, tabiatning o‘zi tarbiyaladi. Tabiat bizga ona bo‘ldi. Kecha de, Rahimjonov degan familiyaga bir telegramma keldi. Sengami, boshqagami, aniq emas. Har holda senga bo‘lmasa kerak, chunki telegrammada isming yo‘q. Ikkinchidan, mexmatda ham shunaqa bola bor ekan. Chamasi, o‘shanga bo‘lsa kerak telegramma. U bolani uyiga yubordik. Har hodda sen ham uyingga bir borib kel-chi... Ishonamanki, senga emas bu telegramma.
Obidovich yon cho‘ntagidan telegrammani olib unga uzatdy. So‘ng, go‘yo osmonga qarab sigareta chekayotganday, ko‘z ostidan Rahimjonovni kuzatdi. Rahimjonov telegrammadagi, tez yetib kel... onang vafot etdi, degan -so‘zlarga angrayib qarab turdi. Ko‘zlari pirpirab, yerda to‘ntarilib, o‘zini o‘nglolmay, jajji oyoqlarini qimirlatayotgan chumoliga tikilganicha o‘ylab qoldi. Shu holicha so‘zsiz, uzoq o‘tirdi. Haliyam kuzatib o‘tirgan Obidovich: «Shaharlik bolalar yengiltabiat bo‘lardi. Bu juda irodali ekan, ko‘zlaridan aqalli bir tomchi yosh chiqmadi-ya», deb o‘yladi. Obidovich, Rahimjonovning sochlarini silab:
—    Xo‘p, xayr, yaxshi yetib borgin... — dedi.
Avtobus tomonga ketayotib, orqasiga bir qayrilib 
qaradi-da, yana qaytib keldi.
—    Nima, Rahimjonov uka, buyoqdagi narsalaringdan tashvishlanmasangam bo‘ladi. Kursdoshlaringga tayinlab qo‘yaman, xo‘pmi? — dedi boshini irg‘ab va butunlay ketdi.
Avtobus ketdi. Rahimjonov kursdoshlari paxta terayotgan olis dalalarga ketayotgan avtobusning orqa oynasidan unga g‘amgin termilib o‘tirgan Obidovichga qaradi. Avtobus ko‘rinmay ketgandan keyin o‘rnidan turib, kassa atrofini uzun tayoqqa supurgi bog‘lab, chang chiqarmaslik uchun avaylab supurayotgan choldan, shaharga qanday qilib telefon qilishni so‘radi. Chol supurishdan to‘xtab, og‘zidagi nosni to‘da-qo‘qim ichiga tuflab, shahar telegrafining qaerdaligini uzoq tushuntirdi. Rahimjonov chol aytgan telegrafni izlab topdi. Telegrammani ko‘rsatib, otasining ish joyidagi telefon raqamlarini aytdi. Ikki qulog‘iga ham telefon trubkasini tutib turgan lablari qip-qizil qizga najot istab, yolvoruvchi ohangda bosh egib, qarab turdi. Qiz bu yigitning ruhiyatiga tushundi. Tezda unga aytgan raqamlarini olib berib, ikkinchi xonaga yuguring, dedi. Rahimjonov ikkinchi xonaga kirib, turbkani oldi:
— Ada? Sizmisiz? Man, Akromjonman. A? Ha, keldi. Ja-a, vahima qilib yozibsiz, kasal desayiz ham bo‘livurardi. A? Ha, mashina yuboring. Samarqand avtostantsiyasi bor-ku, o‘shatga kelib tursin. Xo‘p, xayr, xo‘p...
Rahimjonov telegrafdan chiqib bufetga qarab yurdi. Bufetdan tamaddi qilib chiqqanda oqshom tusha boshlagan, jafokash dehqon kuzining oltin bir kuni tugayotgan edi...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.