OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tohir Malik. Bozor darsligi (hajviya)

(Pattachining sandig‘idagi hangoma)

 
 Sanqul qishlog‘ida tinchgina yuruvdi. Qaysi shayton yuragiga g‘ulg‘ula soldi-yu shaharda ishlashga oshiqib qoldi. Xotini «mol do‘xtiriga shaharda nima bor?» deb diydiyo qilsa, «shaharda mol yo‘q deb o‘ylaysanmi, menga atalgan biron ish bordir», deganicha jo‘navordi. Shahardan qo‘nim topgan hamqishloqlari uni kutib olishib, ish tanlay boshlashdi. Oxiri: «kasbing tabobatga yaqin, bozorda ishlaysan», degan to‘xtamga kelishdi.
 - Mol bozoridami?-dedi suyunib Sanqul.
 - Yo‘q, mol bozoridagi o‘rin band. U yerda ishi yurishmagan shoir oshnamiz ishlayapti. Mollarning dumidan ancha-muncha ilhom olarkan, unga tegib bo‘lmaydi. Sen dehqon bozorida ishlaysan.
 - U yerda nima qilaman, pattachilikmi?-deb so‘radi Sanqul.
 - Shu ilming bilan seni pattachilikka qo‘ysak, isnodga qolmaymizmi? «San-epid nazorati» degan kasbni eshitgandirsan?
 - Ha, oz-moz o‘qiganman, ayni men bop ish,-dedi Sanqul quvonib.
 - O‘qigan bo‘lsang, o‘qigandirsan. Lekin o‘qiganlaring kitobingda tura tursin. Bu bozorning kitobi boshqa. Ularning o‘zlari seni avval yaxshilab o‘qitishadi. Ular chizgan chiziqdan chiqmasang, bo‘lgani,-deb qattiq tayinlashdi.
 Sanqul bu nasihatni qulog‘iga olib, ishga bordi. Qiladigan ishining kitobini ham o‘qitishdi. O‘qish jarayoni bunday bo‘ldi:
 - Dehqon tong chog‘i bozorga qovun-tarvuz olib kelganda, siz nima qilasiz?-deb so‘rashdi.
 - Tarkibini tekshiraman, kimyoviy moddalar darajasini aniqlayman,-dedi Sanqul donolik bilan.
 - Darajasi ortiq bo‘lsa-chi?-deb so‘rashdi.
 - Sotishga ruxsat bermayman,-dedi Sanqul dadillik bilan.
 - Nega?
 - Kitobda shunaqa yozilgan.
 - Kitobingizga amal qilsangiz, bozorni yopishga to‘g‘ri keladi. Siz u kitobni tamoman unuting. Bizning kitobdagi qoida bo‘yicha siz ko‘zingizni chirt yumasiz-u sotishga ruxsatnoma berasiz.
 Soddalik qursin-a, Sanqul: «unaqada odamlar kasal bo‘lib qolishadi-ku?» deb donolik qilib ishdan ayrilishiga salgina qoldi. Uni tavsiya qilgan do‘stlarining hurmati bor ekan, haydashmadi, aksincha sabot bilan tushuntirishdi:
 - Kim qovun yeb kasal bo‘lsa yana yaxshi. Do‘xtirga boradi. Bahonada do‘xtirning ham tirikchiligi bitadi. Do‘xtir dori yozib beradi. Dorixonaning ham tirikchiligi o‘tadi. Ko‘rdingizmi, qancha odamga foyda?
 Sanqul «bu yoqda go‘rkovning ham tirikchiligi bor», deb luqma tashlamoqchi bo‘ldi-yu «Menga nima? Muhimi - o‘zimning tirikchiligim», deb tilini tiydi. Undan yana so‘radilar:
 - Go‘sht bozoriga o‘tganda nima qilasiz?
 - Go‘shtlarning toza-pokizaligini tekshiraman,-dedi Sanqul yana soddalik bilan.
 - Bunaqa qilishingiz hecham shart emas,-deyishdi ular achchiqlanib. Keyin dona-dona qilib tushuntirishdi:-Go‘sht bo‘limiga o‘tganingizda ko‘zingizni yumasiz, burningizni berkitasiz. Eskirib ketgan go‘shtlarga qaramaysiz. Badbo‘yini xidlamaysiz, kir-chir aravalarda tashilayotgan go‘shtlarga ham qaramaysiz-u «yarim soat oldin so‘yilgan toza go‘sht», deb sotishga ruxsat berasiz. Harom o‘lgan jonivorlarning go‘shtlariga ham u-bu deb o‘tirmang. Kolbasachilar bor, somsachilar bor, pinhona olib ketishadi, isi chiqmaydi. Bilib qo‘ying: har bir ko‘z yumushingizning, burun berkitishingizning o‘ziga yarasha narxi bor. Siz shu narsani adashtirib yubormasangiz bo‘lgani. Tabiblar bilan kinnachilar «qo‘l haqqi» olishadi. Sizniki «ko‘z haqqi» bo‘ladi.
 Sanqul bozorning yangi qoida kitobini tez kunda o‘zlashtirib oldi. Faqat bir ish sal g‘alatiroq bo‘ldi. Sanqulning cho‘ntagi pul ko‘rgach, uyiga borib keldi. Qishlog‘iga kirishi bilan odamlar unga qarab ajablanishdi. Ajablanmasinlarmi, yaqindagina shaharga ketayotganida ko‘zlari ochiq edi. Endi yumib yuribdi. Odamning puli ko‘paysa, burni ko‘tarilardi, buning ko‘zlari yumilib qolibdi. Shahardagi ishlardan bexabar hamqishloqlari «tarki odat -amri mahol» degan gapni unutishgani uchun ham har hil taxminlar qilishdi.
 Biz ham Sanqulning ko‘zlarini yumib yurganini ko‘rdik. «Balki qilgan ishlaridan uyalib, hamqishloqlari ko‘zlariga qarashga botinolmayotgandir?» deb o‘yladik. Yana Xudo biladi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.