OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tohir Malik. Ikki afandi (hajviya)

Hoy, bola, sen kecha choyxonamizga kimlarni boshlab kelding? “Bunlar yozg‘uvchi oshnalarim, hatto hajv ham yozurlar dedingmi? Men hajvchi deganda Julqunboy tog‘amni tanir erdim. Ularing g‘alat-ku? Poyma-poy gaplaridan, hingir-hingir kulishlaridan oyog‘imning qitiqi keldi-da, omma lokigin, saning hurmatingni qilub indamadim. Uchta gaznit berib erdilar, uyga borib Harxasha xolangga o‘qutib, o‘zum eshitdum.Bitta hajvini o‘qub tugatgach, Harxasha xolang “agar siz ham shunaqa hajvchi bo‘lsangiz, javobimni bering, bunaqa valaki-salangga xotun bo‘lishdan isnod qilaman”, degach, o‘qushini bas qildirdum. Kecha o‘sha yozg‘uvchi oshnalaringga meni”hamkasbingiz” deb tanishtirganingda chorak qop semirgan erdim. Keyin bilsam, meni masxara qilg‘on erkonsan.Kechasi uxlamay, senga, yana o‘sha yozg‘uvchi oshnalaringga bir gap aytmasam bo‘lmas degan ahdga keldum. Malol olsang ham aytaman. Eshitgin-u oshnalaringga yetkaz. Xohlasang, gaznitg‘a ham ber. Puli o‘zingga.Faqat aytganlarimni to‘g‘ri ko‘chir, toki, gaplarimni o‘qig‘an o‘qig‘uvchi hajviyot bobinda nochorlig‘imni yuzimg‘a solmay, malomat toshlarini otmasunlar. Shunga rizo bo‘lsang, boshladuk. Qani, olg‘a, bu maydonda kimlar jang qilmag‘anlar, bizlar ham hajviyot yo‘lida shaxid bo‘lsak bo‘libmiz-da. Labbay?

 Hay-hay-hay! Ismu nasablarindan aylanayin: Ehtimol birlari - Dodaxo‘jamikinlar, yana birlari kimsan - Abonosirning shaxsan o‘zlari deymanov. Hay-hay, akang qarag‘ay, larzon-larzon yurishlarindan o‘rgilibla ketayin. Bunlarning hajviyot olamidagi kamolotlari zab bir hilda bo‘lsa-da, shaklu shamoyillari o‘zga va yana o‘zgachadur. Birlari burunlarining ostig‘a soch qo‘yg‘andurlarkim, uni qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, ul zoti muborakning hurmatlari yuzasindin «mo‘ylab» atamoq ham mumkindir. Ta’kid joizkim, mazkur «mo‘ylab» otlig‘ tuklarg‘a ikki mas’ul vazifa yuklang‘ondir. Ya’nikim, erkak sanalmish ul zotg‘a husn berib turmog‘i va yanakim, sho‘rpo ichular damda har biri Olovuddinning g‘orini eslatg‘uvchi burun kataklarini ixota qilmoqluk. Jag‘dagi soqollarg‘a vazifa yuklanmag‘ondur, sababkim, bu nodon soqollar har kishiniki kabi tashqarig‘a o‘smay, bilaks, ichiga qarab o‘sadirkim, Nordon kampirning ko‘zoynaklarisiz ularni ilg‘ash mumkin emasdir. Yana shulkim, hurmatlu zotning muborak qomatlarig‘a ko‘z tushmish har bir nomahram «Bu kishi alpinistmikanlar» deb o‘ylamog‘i tayindur. Farq ulki, alpinistlarning qopchiq-xaltalari orqada bo‘lg‘ay, bu zotniki esa oldindadir va o‘zbak lisoninda «qorin» deb sharaflanur. Yana bir burodarimizni tanib olmoq va uzoq vaqt eslab yurmoqlik uchun muborak boshlarig‘a nazar tashlashlik kifoyadur. Xoin bo‘lmish sochlar boshni tark etqonlarig‘a ko‘p yillar bo‘lg‘onkim, hisobini o‘zlari bilg‘aylar. Ajabkim, qochub qutulishg‘a ulgurolmay qolg‘on orqadag‘i sochlarni o‘sturib oldinni berkitish uslubi keyinchalik ish bermay qolg‘oni tufayli, «Harna foyda-da», degan mulohaza ila bosh pashshalarg‘a ijarag‘a berilmish erdi. Pashshadrom qurmoqg‘a azmu qaror qilg‘on pashshalarg‘a bu yumushni amalg‘a oshirmoq mumkin bo‘lmadi. Sababki, bosh g‘oyat silliq bo‘lganidan va sirpanish onida ushlab, jon saqlarg‘a loyiq biron mo‘y qolmag‘anidan ko‘p pashshalarning oyoqlari sinibdur va Moshtabibning tashvishlarig‘a tashvish qo‘shilibdur. Shundaykim, bu bosh ayni damlarda bo‘shkim, ehtimol, qo‘ng‘izlarg‘a ijarag‘a berilur bo‘lsa, ular bir nima qilarlar. Bu aziz burodarimizg‘a soch xiyonat qilg‘on esa-da, soqol g‘oyat sodiqdur. Yuzning chiqmaydurg‘on yerlarini ham egallab olg‘ondur. Soqol jonivor har ikki soatda qirtishlanur va har ikki soatda «assalomu alaykum» deb chiqib turur. Agarchi qirtishlanmasa, ikki fojiali hol yuz berur: birlamchi - bu «yuz» deb atalmish maydonda og‘iz, burun, ko‘z va qosh bo‘lgan yoxud bo‘lmag‘onlig‘ini aniqlash mushkul bo‘lur, ikkilamchi va eng muhimi Dodaxo‘ja rais afandilari bilan o‘pishib ko‘rishar chog‘larida u zotning qitiqlarini keltirib qo‘ymoqlari ehtimoli bor.
 Burodarlarimizning yurishlarig‘a ko‘pda e’tibor berilmasun, zotankim, qadam tashlashlari zalvorli bo‘lmasa-da, mayda ham emas, raqqos yigitlarnikidan sal nariroq, chapani yigitlarnikidan sal beriroqdur. 
 Kasblari ham birdir - qalamkashdirlar (Zinhor «qalamqosh» bilan adashtirilmasun). o‘zlarining «afandi» jamoalari bo‘lg‘anlig‘indan firqalardin naridirlar. Yemoqlari yog‘liq qo‘y go‘shtidin palovxonto‘radir, ammo tashlashlari oshiq emasdir. Agar sizni uchratib, «palov pishirishning ustasi bizdirmiz», desalar, inonib. ishtaha saqlamangizkim, ular damlagan palovdan shavla ham uyalib yuz ko‘rmas bo‘lib ketadir. Dodaxo‘ja afandining oshlarini o‘ruslarning «Kasha s risom» degan taomlari o‘rnida, (agar tomoqdan o‘tishga qurbi yetsa) yemoq mumkindir, ammo Abonosir afandini ko‘rmoq istagida bo‘lsangiz, qorinni to‘qlab boringkim, bu zot choyga suv qaynatmog‘ istagida olov yoqsalar, suvni ham tagiga oldurub, kuydirib yuboradurlar.
 Tanishmoqni shu o‘rinda muxtasar qilib, muddaog‘a o‘tmoq fursati yetdi.
 E’tiboringizni tortqandur, burodarlarimizni tanitishda «afandi» lafzini ishlatduk. Tengri-taoloning marhamati ila «Afandi» gazniti chop etila boshlag‘ach, burodalarimiz hajviyot sohasinda o‘zlarinda ulug‘ rag‘bat sezdilar va bu maydonda ot surmoqqa azmu qaror etdilar. Ammokim, ot topolmag‘anlari tufaylimikin, osh bo‘lmasa - atala, deganlaridek, eshak mina qoldilar. Bundan ko‘ngullari zarrachada og‘rinmadi. Bilaks, shukronaliq kelturub, bu xursandchiliq evazig‘a tilanchiga bermoq uchun yetti tangadan atamishlar. Bu voqeag‘a ko‘p fursat bo‘lgan esa-da, atalmish yetti tanga hali tilanchiga yetib borg‘oni yo‘qdur. Hamon u cho‘ntakdin bu cho‘ntakka safar qilib, yorug‘ jahonni ko‘rmoqdan bezillab turadur emish. (Alloh ul zindonband tangalarg‘a sabr berib, cho‘ntakda shahid bo‘lmoqlikdan asrasin.) Voqean, eshakka yetishganlaridan quvonchlari uldirkim, katta bobo-tog‘alariga qarindoshligi ehtimoli bo‘lmish Nasriddinxo‘ja Afandi ham eshak minib mashhurlikg‘a yetganlari barchaga ma’lumdur. Nasriddinxo‘ja Afandimizdan bu zamonaviy afandilarimizning farqlari shundakim, Nasriddinxo‘ja afandimiz eshakni el qatori to‘g‘ri minganlar. Burodar afandilarimizg‘a esa qorin otliq ortiqcha dahmaza halal berdimi, yoinkim boshqa sababmi, har nechuk eshakka teskari o‘tirub qolmish erkonlar. Zotan, bu ham ayb emasdur, hajviyot olamig‘a eshakka teskari o‘tirg‘on holatda kirib kelmoqlikning o‘zi bir sharafdur va bu har bir kimsaga nasib etmasdur. Agar kimdir birov bu holatqa ajablanib desaki: «Afandilar, nechun eshakka teskari mindingizlar?» javob olurkim: «E, nodon, sen ko‘rmaysanmiki, biz atayin shunday o‘ltirubmiz. Eshakning dumi ostini kana bosg‘an ekan, savob topayliq deb tozalamoqdamiz». Alhol bu javob o‘runlidur va bahsg‘a hojat qoldirmag‘ay. Faqatkim, Dodaxo‘ja rais afandimizg‘a dum ostidag‘i kanani tozalamoq sharafi nasib etsa-da, Abonosir afandimizg‘a qari erkak eshak duch kelg‘ani sabablidan dumni ko‘tarmoq mas’alasi ko‘ndalang bo‘lg‘ondir va ko‘p fursatdan beri burodarimiz mazkurni hal etolmay halakdurlar. Shu boisdanmikin, gaznitda kamroq ko‘rinadurlar.
 Eshakka teskari minub yozg‘anlari uchunmikin, alarning yozg‘anlarini o‘qub tushungung‘a qadar kishining esi teskari bo‘lub ketur. Kishi «Yozilg‘anlarni o‘qig‘ach kulib, rohat qilarman» degan umidda pulg‘a gaznit sotib olib burodarlarimiz ijodi bilan tanishadi-yu qaerda kulmoqlik lozimlig‘ini bilolmay garang bo‘lib yuraveradi. Kishi oilali bo‘lsa durust, afandi burodarlarimizning yozg‘anlarini o‘qig‘ach, xotinini chaqirib: «Kel xotin, qitiqlab yubora qol, bir hajv o‘qidimki, kulmasam insofdan bo‘lmas», demog‘i tayin. «Puli kuyg‘an qalampir chaynabdi», deganlari shu bo‘lsa ehtimol. Qiyin bo‘lg‘onda bo‘ydoqlarg‘a qiyin, ular kimga qitiqlatishni bilmasdan halaklar. Eshitganimiz rost bo‘lsin, iloyim, demishlarkim, afandilarimiz himmat kamarini bog‘lab, kula olmaydurg‘on bo‘ydoqlarga bepul xizmat ko‘rsatmoqni niyat qilmish erkonlar. Ajab shuki, afandi burodarlarimizning biri ikkinchisining xo‘rozi qanday tuxum qilg‘onini madh etsa, boshqasi bul burodarining oq ishtonini bayroq qilib, maydonda eshak suradur. Kishi desaki, «hoy afandilar, yozilmish hazillaring‘iz faqat o‘zlaring‘izg‘a xos ekan, bu hazillaring‘iz ommaga tushunuksiz va erish tuyular, hajv ila masxarabozliq orasinda ancha farq bordur. Bir-biring‘izni masxara etmag‘oning‘iz durustmi ekan?» javob olarkim: «Sizda yumor xissi yo‘qtur, biz yozamiz - kulamiz, o‘qiymiz - kulamiz.» Shunda kishi desakim, «Julqunboy hazratlari «Yaxshi bilish kerakkim, qalam o‘qlog‘i va matbuot ketmon bozori emas», deb kimlarg‘a xitob qilg‘an ekanlar. Yozg‘anlari o‘zlarig‘a yoqar ekan, «Afandi»ni mulzam qilmay «Ikki afandi-plyus» deb nomlanmish devoriy gaznit tashkil qilsalar-da, choyxonamizning tahoratxonasiga osib qo‘yilsa, durust bo‘larmi ekan. Bun taklifg‘a jur’at etmoqlikning boisi: tahoratxonada oyoq bosmoqliqg‘a toza joy topmoqlik azobidan bo‘g‘ilg‘an kimsa bir azob cheksa, devoriy gaznitda o‘qig‘anlarini anglamay ming mashaqqat chekadur va oxir oqibat tahoratxonadan chiqg‘ach ikki balodan qutg‘arg‘an Tangriga shukurlar qilib, toza havodan miriqib-miriqib nafas oladur. Choyxonachiga bir vazifa yuklanmog‘i joizkim, bu chiqaverishg‘a ikki odam tayin qilsun va bu ikki odam devoriy gaznit azobidan qutulib qiqqan kishini qitiqlab kuldursin va azobni rohatg‘a aylantursin. Alqissa shulkim, mazkur satrlar hajv maydonida ikki afandi burodarimiz ko‘ring‘ach, tug‘ildi. Umid ulkim, burodarlarimiz yaqin kunlar ichi eshakka to‘g‘ri o‘lturib olurlar va hajv maydonida kulki bo‘lmoqdan o‘zlarini tiymoqlikni kasb eturlar. Bu maydonda uchrashmaslik maqsadida qolamiz, ishlaringiz xayrli bo‘lsin, afandi burodarlarim.

Siz, azizmonlarg‘a tosh otg‘uvchi:
JO‘RJ, ya’nikim, Julqunboyning O‘gay Ramaqijon Jiyani deb bilg‘aysizlar. 
 
Hangomani qog‘ozga tushirib, tahririyatga olib borish zahmatsiz kechdi. Ammo gazetada chiqqach, ikki oshnamizning ko‘nglini ovlash qiyin bo‘ldi. “Jo‘rj tog‘amiz almoy-aljoyi bir odam, og‘ziga kelganini qaytarmaydi, maktabda o‘n beshta harfni o‘rganguncha o‘qigan”, desam ham ranjiyverishdi. Hayriyatki, tahririyat hangomaga qalam haqi berdi. Jo‘rj tog‘amiz “haqi o‘zingga” deganlari uchun pulni oldim-u birodarlarni tushlikka taklif etdim. Olingan qalam haqi cho‘ntagimdagi yana necha ming so‘mni o‘zi bilan ergashtirib ketganini aytib afg‘on qilmay. Dardim ichimda. Muhimi, afandilar Jo‘rj tog‘amizni sudga bermaydigan bo‘lishdi. Biroq, yana bir shart qo‘yishdi: yana ikki kun tushlik payti xizmatlarida bo‘lar ekanman. Qo‘lim kalta, Jo‘rj tog‘aga aytgan bilan foydasi yo‘q. Balki sizlar qarashib yuborarsizlar?1867 yilda molbozor bo‘lgan joyda hozir “To‘qqorin” oshxonasi qurilgan. Afandilarimizni o‘sha yerdan topasiz. Dasturxon atrofida birga o‘tirishingiz shart emas, taom haqini to‘lab qo‘ysangiz bas.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.