OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tohir Malik. Ilmli bozor (hajviya)

(Hech qaerda sodir bo‘lmagan hangoma)

 
 Nafasingdan aylanay, bu Yo‘qqulobod degan joyda ne-ne ajoyibotlar bo‘lmaydi. Mana, bozor deganda biz qanday manzarani ko‘z oldimizga keltiramiz? Bir moshin qovunni tushirgach, eski choponini buklab, tagiga yakandoz qilib olib, nosni otvolib, savdo qiluvchi dehqonnimi? Sadag‘ang ketay, Yo‘qqulobodda boshqacharoq, u tomonlarda bozor ilmiylashib ketgan. Shunaqasini eshitmaganman, deysizmi? Menam eshitmaganman, lekin Yo‘qquloboddan bir hangoma kelib qolgan edi, ishonishdan o‘zga choram qolmadi. Keling, menga begona emassiz, siz ham eshitib ko‘ring: biz o‘zimizning bozorda «bozorko‘m» degan martabali odam bo‘lishini bilamiz. Yo‘qquloboddagi bozorko‘m maktabni arang bitirgan, o‘nta barmog‘ini bir amallab sanay oladiganlardan emas. Aksincha, naq filologiya fanlari nomzodi! Sal oshirvordikmi? Mayli, unda omadi chopmagan oliy ma’lumotli shoirlardan biridir. Yo‘qqulobodda boshqacha bo‘lishi mumkinmas, chunki bozorga gapdon, so‘zamol odam kerak. Bir kuni Yo‘qquloboddagi katta bozorga qo‘shni sayyoradan mehmonlar keldi. Bozorko‘m ularni aylantirib yuribdi. Yaxshiki, mehmonlar «Siz qanday qilib bu martabani egalladingiz?» deb so‘rashmadi. So‘rab qolishsami,nomzodi bozorko‘mlik ro‘yxatida turgan ikkita iqtisodchi, uchta biologni dog‘da qoldirganini aytishga majbur bo‘larmidi? Shunda ham kindigi yuqori martabali bir odamning kindigi bilan ulanganligini aytmay, suvab ketardi. Aslini olganda mehmonlarga buning qizig‘i ham yo‘q. Xullas, bozorko‘m o‘ziga tobe saltanatini qoyilmaqom qilib tanishtirdi:
 - Mana go‘sht bozorining salohiyati bilan tanishing: kalla go‘shti sotayotgan yigit to‘rt yil rayon kasalxonasida nevropatolog bo‘lib ishlagan. Kallaga doir barcha ilmlarga ega. Anavi mol oyoqlarini sotayotgan singlimiz ikki yil davomida meditsina institutida travmotologiya bo‘limida o‘qiganlar. Nasib bo‘lsa, bu yil o‘qishni kontrakt asosida tiklab, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ilm olishni davom ettiradilar. Endi bu tomonga qaranglar: ro‘mol sotayotgan birodarimizni ko‘ryapsizmi? Bu kishi kimyo fanlari nomzodi bo‘ladilar. Har qanday matodagi tabiiy ip bilan sun’iy kimyoviy tolalarni bir pasda ajratib beradilar. Bu kishining zavjai muhtaramalari ham kimyogar bo‘ladilar. Bu xonim shirin ichimliklar sotuvi bilan bandlar. Ammo bugun kelmaganlar, ammalarinikida beshik to‘yi ekan. Endi elektr bo‘limiga o‘taylik: sim o‘lchayotgan kishiga e’tiboringizni tortamiz: bu kishi naq yigirma yil maktabda yosh avlodga fizikadan dars berganlar. Elektr buyumlarining sarasini hamma shu kishidan oladi. Radio buyumlari bilan savdo qilayotgan do‘stimiz bozorimizning faxri. U Yo‘qqulobod chempionlarini ham yutib tashlaydigan shaxmatchi robot yasaganlardan. Choynak-piyola sotayotgan singlimiz geologiya sohasida dissertatsiya yoqlamoqchi bo‘lganida ozgina bilimi yetishmay qolgan ekan. Biz bozor ahli nomidan bu singlimizga topshiriq berganmiz. Bu yil qanday qilib bo‘lsa ham dissertatsiya yoqlashlari kerak. Biz bozorimizdagi fan nomzodlari sonini ko‘paytirishga harakat qilishimiz shart. Chunki qo‘shni viloyat bozoridagilar bu sohada bizdan ancha ilgarilab ketishgan. Ammo biz yuk tashuvchilar orasida oliy ma’lumotlilar ko‘pligi bo‘yicha ulardan oldindamiz. Bu ham bizning faxrli ko‘rsatgichimizdir.
 Bozorko‘m shunday ilhom bilan tanishtirayotganida yonlaridan eski paxtalik kiyib olgan pattachi yigit o‘tib qolsami? U pattachini tanimaydiganday teskari qarab oldi. Agar mehmonlar «bu kim?» deb so‘rashsa, nima derdi? «Yettinchi sinfning yarmidan keyin maktab nimaligini bilmay yurgan bola bu» dermidi? Ilmli bozor degan nomga bu to‘g‘ri keladimi? Aslida, bozorko‘m bu pattachining bahridan o‘tsa bo‘lardi. Matematik qo‘shnisi bu ishga anchadan beri xaridor. Picha xamir uchidan patir ham berib qo‘ygan. Ammo nima qilsin, noiloj bu bechora. Agar shu pattachi o‘zining kuyovi bo‘lmaganida, allaqachon bu savodsizning bahridan o‘tib yuborgan bo‘lardi-ya! 
 Ana shunaqa, Yo‘qquloboddan yuborilgan hangomaning qisqa bayoni bilan tanishib ham oldingiz. Bir pasda qanday ajoyibotlarga guvoh bo‘ldik-a? Endi sadag‘ang ketaylar, bu gaplar oramizda qola qolsin. Tasavvurimiz darvozalarini yopib qo‘ya qolaylik. A, labbay?

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.