OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tohir Malik. Kimlardir to‘qigan latifalar

Ozoda xotin

Oyog‘i terlaydigan erga ozoda xotin uchrasa, dardini kimga aytsin?
Ozoda xotin bu oqshom eri bilan teatru tomoshasiga bormoqlikni ixtiyor etdi va dedi:
-Oyog‘ingizni uch marta yuvib, yaxshilab quritib, keyin yangi paypoqni kiyib oling!
Er buyruqni ado etdi. Teatruga borib o‘tirganlarida ozoda xotinning burniga tanish hid urilib, burnini jiyirdi-da, erining bilagidan chimchiladi:
-Oyog‘ingizni yuvib, yangi paypoq kiying devdim-ku?!
-Aytganingizni oshirib bajardim, xonim. Uch marta emas, besh marta yuvdim.
-Yuvmagansiz! Oyog‘ingizning sassig‘idan dimog‘im yorilib ketay deyapti!
-Ishonmasligingizni biluvdim,-dedi xo‘rsinib er,-shuning uchun eski paypog‘imni cho‘ntagimga solvoluvdim, mana, qarang.

Ozodlik

Er-xotinning turmush qurganlariga ertaga o‘n besh yil to‘ladi. Bu muborak kun arafasida xotin shirin umidlar qanotida uchayotgan edi:
“Ertaga erim menga nima sovg‘a qilar ekanlar? Etik olganlari yaxshimi yo paltomi? Balki ikkalasini olib kelarlar? Zargar o‘rtoqlari anavi kuni tilla zanjir haqida bir nima deyayotgandek bo‘luvdi-ya...”
To‘y kuni erning ham yodida, ammo uning xayoli xotinnikidan o‘zgacharoq edi:
“Agar nikoh kechasi shu badbaxt xotinni bo‘g‘ib o‘ldirganimda o‘n besh yilga qamashardi-yu ertaga ozodlikka chiqib kelgan bo‘lardim...”

Va’da

-To‘ydan oldin qanaqa va’dalar bergan edingiz?-deb nozlanib so‘radi xotin.
Er o‘ylab ham o‘tirmay, dadil javob qaytardi:
-Va’dalarim esimda: osmondagi yulduzlarni olib beraman, Oyni hatto Quyoshni ham olib kaftingga tutqazaman, deganman. Lekin har yili yangi palto olib beraman, demaganman.

Qo‘rqinch

-Shikoyatingizga tushundim,-dedi psixiatr bemorga.-Demak, alaq-chalaq tushlar ko‘rasiz: sizni qandaydir yovuz kuchlar ta’qib qiladi, tutib olib uradi. Bu ham yetmaganday baqirayotganda uyg‘onib ketasiz-u bu dahshatlardan qutulasiz, shundaymi?
-Hamma gap shunda-da, do‘xtir,-dedi bemor yig‘lamsirab,-dahshat to‘xtamaydi, davom etadi. Uyg‘onishim bilan “yalpayib yotavermasdan tursangiz-chi, bolani bog‘chaga olib borishingiz kerak!” degan chinqiriqni eshitaman.

Quvonchdan o‘lgan odam

Ikki marhum bir kunda yonma-yon qabrga qo‘yilibdi. Biri zerikib, ikkinchisinikiga mo‘ralab, tanishibdi. Dilkash suhbat quribdilar.
-Sen nega o‘lding, do‘stim?-deb so‘rabdi biri ikkinchisidan.
-Xursand bo‘lib ketganimdan yuragim yorilib o‘ldim,-debdi ikkinchisi.
-Ie, odam qayg‘udan o‘lardi, seniki qiziq-ku, qani, ochiqroq ayt-chi?-debdi birinchisi.
-O‘rtoqlarim nuqul xotinimni yomonlashardi. Bir kuni “xotining o‘z uyingda o‘ynashi bilan birga”, deb xabar berishdi. G‘azablanib keldim. Xotinim rostanam uyda edi. Hammayoqni qidirib chiqdim: javon ham qolmadi, karavotning tagi ham qolmadi. Hatto qozonning ichini ham qaradim. O‘ynashni topolmay quvonganimdan o‘lib qoldim,-debdi ikkinchisi.
-Ey ahmoq,-debdi birinchisi afsus bilan,- muzlatgichning ichini ham qaraganingda, ikkalamiz tirik qolgan bo‘lardik...

Did

Er xastalansa, xotinning mehri daryo bo‘lib toshib ketishi barchaga ma’lum. “Siz kasal bo‘lguncha, shu kasallikni Xudo menga bera qolmaydimi?” deguvchi tanti xotinlar ham uchraydi. Shunaqalardan biri bemor eri yonida diy-diyo qilib, ko‘zlarini yoshlab o‘tirgan edi. Er unga qarab: “Nima deyapti bu esi past! O‘zidagi kasallik turi yetib ortgulik-ku, yana mening dardimni ham olarkanmi? Bo‘lmagan gap! Kasalimni olish o‘rniga o‘zinikini menga qoplab hadya etishlari mumkin”, deb o‘ylandi-da, hazin jilmayib dedi: 
-Xonim, yuzingizga bir oz pardoz berib, eng chiroyli ko‘ylagingizni kiyib chiqing.
Xotin bu amrni bajo keltirib, yana eri yonidan joy oldi-da, “meni nega yasantirdingiz?” deb so‘radi.
-Xonim, ahvolimni ko‘rib turibsiz, agar Azroil hazratlarining kelish vaqtilari yetgan bo‘lsa, o‘zlari ko‘rarlar. Yoshligingizda go‘zalligingiz bilan ko‘pning hushini olardingiz. Bu go‘zalligingizni hali ham yo‘qotmagansiz. Azroil hazratlarida ham did bordir. Kim xunuk, kim go‘zal, bilib olib ketarlar... –dedi bemor er. 

Kimga o‘xshaydi?

Bir polvon odam o‘g‘il ko‘rdi. Tug‘ruqxonaga kelib, baland ovozda xotinini chaqirdi. Xotini derazadan qaragach, kerilib, yanada baland ovozda “Polvoncha qalay, kimga o‘xshaydi?” deb so‘radi. “Xuddi o‘zingizga o‘xshaydi”, degan javobni kutib qaddini g‘oz tutdi. Sodda xotin esa uyalinqirab dedi:
-Voy dadasi, siz u kishini tanimaysiz...

Navbati bilan

Chol bilan kampir seruyqu va g‘oyat yalqov kelinlarini tarbiya qilmoqning yangi usulini o‘ylab topdilar. Ertalab turdilar-da ikkovlari supurgi talasha boshladilar:
-Bugun hovlini men supuraman!-dedi chol zarda bilan.
-Nega siz supurar ekansiz, men supuraman,-deb zorlandi kampir.
Shu tarzda yarim soatcha g‘alva qilishgach, deraza qiya ochilib, kelin ko‘rindi. Uyqusiragan ko‘zlarini arang ochib, ularga norozi qiyofada qaradi-da, bir esnab olib, murosaga keltirdi:
-Voey, yosh bolaga o‘xshaysizlar-a, oyijon, nimaga talashasiz? Bugun adajon supursinlar, ertaga siz supurasiz. Navbatma navbat supurishga ham aqllaringiz yetmaydimi?...

Telegramma

Xasislikda tengi yo‘q bir odam Moskva sayohatiga otlandi. Samolyot qo‘nishi bilan xotinining iltimosi esiga tushib, telegramma jo‘natish uchun pochtaga kirdi. Xotiniga bo‘lgan mehr-muhabbatini ayon qilib qo‘yish uchun chiroyli qilib yozdi:
“Jonginam, Moskvaga eson-omon, befalokat uchib keldim. Sog‘-salomatman. Seni o‘paman”.
Pochtachi so‘zlarni sanab, hisob-kitob qilib bergan edi, to‘laydigan pulni ko‘rib, kapalagi uchib ketdi. Telegrammadan voz kechay desa, xotiniga va’da bergan. O‘ylay-o‘ylay so‘zlarni qisqartira boshladi.
“Jonginam”, deyishim shartmas. Kechalari ming martalab aytganman”, deb birinchi so‘zni o‘chirdi. “Eson-omon, befalokat uchib kelganimni aytishim shartmas. Falokat bo‘lganida uchib kelib, telegramma bermas edim-ku? Xotinim aqlli, bu yog‘ini o‘zi bilib oladi”, deb bu so‘zlarni ham o‘chirdi. “Uchib keldim”, deyishim shartmi? Samolyotda uchmay eshak aravada kelibmanmi bu yerga?”, deb bu so‘zni ham o‘chirdi. “Sog‘-salomatligim aniq-ku? Uydaligimda soppa-sog‘ edim, nima, to‘rt soatda ayniymanmi?” deb yana o‘chirdi. “Qaysi kalla bilan “seni o‘paman” deb yozdim? Telegrammada ham o‘pish mumkin ekanmi?” dedi-yu buni ham o‘chirdi. Qarasa, telegrammada “Moskva” degan so‘z bilan o‘zining ismi qolibdi. “Moskvaga uchmay Berlinga uchibmanmi, xotinim biladi-ku”, deb buni ham o‘chirdi. Keyin “xotinim ismimni biladi”, deb oxirgi so‘zni ham o‘chirgach, o‘ylandi: “Telegramma yuborish shartmi? Agar falokat bo‘lib, samolyot portlasa, radiodami yo televizordami e’lon qilishardi, xotinim shundan bilardi. Falokat haqida xabar yo‘qmi, demak, yetib kelganim aniq. Bir haftadan keyin qaytib boraman. Eson-omon uchganimni o‘shanda aytaman. Aytaman-u rosmanasiga o‘pib qo‘yaman”.

Kuchli dori

Bir kishi shoshilib kirib xotinini chaqirdi-da, ko‘ylagini ko‘tarib “Belimga tupur”, deb buyurdi. Xotin uning bu amridan ajablandi.
-Bo‘laqol, belim og‘rib, jonimni olyapti. Do‘xtirga borgan edim, ilonning zahrini surting dedi. Dorixonada bunaqasi yo‘q ekan. O‘zing tupurib qo‘ya qol, tilingga tegib chiqqan tupuging o‘nta ilonning zahriga tatiydi.

Jamoa jam

Sayyohlarning kemasi dengiz o‘rtasida halokatga uchrab cho‘ka boshladi. Bir kishi yig‘lab, Allohga munojotni boshladi:
-Ey Xudo, bilaman, gunohlarim ko‘p. Buzuqlik ham qildim, pora ham oldim, g‘iybatdan, fitnadan tiyilmadim. Endi bitta meni deb shuncha odamni cho‘ktirasanmi?
Shu onda unga bir ovoz keldi-ki:
-Ey banda, sen kuyinma, kema faqat sening gunohing uchun cho‘kayotgani yo‘q. Xudo bu kemaga o‘zingga o‘xshaganlarni to‘plagan...

Tayyormisan?

Tabiati buzuq odam gunohlarining jazosidan qo‘rqqan mahalda o‘zicha chalama-chatti ravishda, betahorat bo‘lsa-da, namoz o‘qib qo‘yardi. Navbatdagi qo‘rquv yuragiga oralaganda niyat qilib, quloq qoqdi-da, rukuga bordi. Shunda ko‘z oldida bir sohibjamol paydo bo‘ldi:
-Sen kimsan?- deb so‘radi.
-Men shaytonman, seni yo‘ldan urgani keldim,-dedi sohibjamol tasviri.
-Meni yo‘ldan urishning sirayam hojati yo‘q, o‘zing tayyormisan?

Sig‘mayapti...

Mehmondorchilikda o‘tirgan ota o‘g‘ilning osh oshalashidan hijolat bo‘lib, uni tartibga chaqirmoqchi bo‘ldi:
-O‘g‘lim, uchtadan go‘sht qo‘shib oshalayapsizmi?
-Ha, dada, to‘rttadan olay desam, kaftimga sig‘mayapti.

Yana oling

Mezbon mehmonga iltifot qildi:
-Somsa sovumasin, olsinlar, taqsir.
-Xo‘p ajoyib somsa bo‘libdi. To‘rttasini yeb, to‘yib qoldim.
-Taqsir, beshta yedingiz, yana bitta oling, juft bo‘la qolsin.

Taom dardi

Og‘zida bironta ham tishi yo‘q qariya bilan o‘spirin birgalida ovqatlanib o‘tirishardi. Ikkovi baravariga yig‘lab yuborishdi.
-Nega yig‘layapsiz? –deb so‘rashdi qariyadan.
-Og‘zimda tishim yo‘q, to men yamlab yutgunimcha bu yigitcha ovqatni paqqos tushirib , men och qolaman.
-Sen nega yig‘layapsan?-deb so‘rashdi o‘spirindan.
-Bu cholning tishlari yo‘q, men to chaynab yutgunimcha u chaynamay yutib, ovqatning barakasini uchirib yuboradi...

Yigirmata qo‘y

Bir masjid qorovuli imom-xatibning yangi sallasiga hushi ketib, bir kiyib ko‘rmoqchi bo‘ldi. Sallani boshga qo‘ndirgan mahalda bir odam masjidga kirib kelib, uni imom deb o‘yladi-yu, qayg‘usini bildirdi. U kishi sallali odam ulug‘ bo‘ladi, degan o‘yda, dardini ochiq aytdi:
-Mening farzandim yo‘q. Lekin bir itim bor edi. Yigirma yil boqdim, o‘z farzandimday bo‘lib qolgan edi. Bugun o‘lib qoldi. Shuni odamga o‘xshatib ko‘mmoqchiman. Uyimga borib, itimga janoza o‘qib qo‘ysangiz.
Qorovul itga janoza o‘qilganini eshitmagan edi. Shu bois “Qanday bo‘larkin?” deb mujmal javob berdi.
-Faqat mumkinmas, demang, men sizga yigirmata qo‘y atab qo‘yganman,-dedi u kishi yalinib.
Yigirmata qo‘yning daragini eshitgan qorovulning esi og‘ib qoldi. Janoza o‘qishni mutlaqo bilmasligini ham unutib, u kishiga ergashdi. Itning jasadi oq choyshabga o‘ralib, hovlida go‘r ham qazib qo‘yilgan edi. Sallali qorovul jasad yonidan joy olib, quloq qoqib, qo‘l bog‘ladi. O‘qiladigan duolarni bilmagani uchun o‘zining kasbini qila qoldi. U o‘ttiz yil badalida kolxozda hisobchi bo‘lib ishlagan edi. Uch-to‘rt nafasning ichida yigirmata qo‘yning bozor narxida necha pul bo‘lishini hisoblab chiqdi. Mutavalli sezib qolguday bo‘lsa, unga qanchasini berishni chamalagach, duoga qo‘l ochdi.
Ertasiga uning bu qilmishi mutavalliga yetdi. “Alif”ni kaltak deydigan, ikkita kichik surani yigirma yilda arang o‘rganib olgan mutavalli itga janoza o‘qish mumkin yo mumkinmasligini aniq bilmasa-da, tavakkaliga o‘dag‘aylashni boshladi, eshakka teskari mindirib, sazoyi qildiraman, deb po‘pisa ham qildi. Qorovul hisobchi bo‘lib ishlab yurgan paytlarida tekshiruvchilar kelib “qamataman”, deganda ham u chorasini topardi. Bu safar ham mute holda qo‘l qovushtirganicha dedi:
-Taqsirim, itga janoza o‘qish mumkinmasligini bilaman. Gunohi menga. Lekin itning egasi yigirmata qo‘y bermoqchi edi. Yo‘q, deya olmadim. Qo‘ylarning o‘n beshtasini sizga ajratib qo‘ydim.
-Rostdanam yigirmata qo‘y berdimi?-dedi chala mutavalli shashtidan tushib.
-Ha, atab qo‘ygan ekan,-dedi qorovul.
-Unda darrov tur, -dedi mutavalli shoshilib,-fotihaga borib kelaylik.
Bordilar. Fotiha o‘qib, it egasining ko‘nglini chog‘ qildilar. Qaytayotganlarida mutavalli to‘xtab, peshonasiga bir shapati urdi:
-Obbo, esdan chiqibdi-ku?-dedi.
-Nima?-deb qiziqdi qorovul.
-Yigirma oshi qachon bo‘lishini so‘ramabmiz-ku, bor, bilib kel.

Keyingi juma

O‘sha mutavalli bir yig‘inda ko‘p so‘zladi. Birovlardan eshitganlarini yarimta-yurimta qilib gapiraverdi. Oxirida juma kuni o‘lishning ulug‘ ne’mat ekanini ham aytdi. Namozni boshlab, rukuga egilishi bilan yuragi o‘ynab, bezovta bo‘la boshladi. Namozni ham unutib, darhol Xudoga iltijo qildi:
-Ey Xudoyim, faqat bu juma emas-da, faqat bu juma emas-da...

Osmondagi mojaro

Turklarning odati bo‘yicha, mayitni yuvish, kafanlash uchun g‘assolning uyiga olib boriladi. Tog‘ etagidagi soy bo‘yida yashovchi g‘assol yalqovroq edi. Pastdan suv tashib chiqishga erinib, mayitni ko‘tarib, soyga olib tushdi. Ittifoqo mayit qo‘lidan chiqib, soyning tezoqar suvi oqizib ketdi. G‘assol hech nima bo‘lmaganday kulbasiga chiqib o‘tiraverdi. Mayitning egalari kelganda “O‘liklaring hajga ketdi”, dedi. Ular hayron bo‘lishgan edi, tushuntirdi:
-O‘likni yuvib, kafanlashni boshlaganimda osmondan farishtalar tushishdi-yu “bu bandani Alloh sevardi, uning joyi hajda”, deb olib chiqib ketishdi.
Mayitning egalari bu xushxabardan quvonib, izlariga qaytishdi. Ertasiga mayit soyning sayozroq joyida ko‘rinib qoldi. Mayit egalari g‘assolga tahdid qila boshladilar. Shunda u dediki:
-Men kafanlayotganimda farishtalar uni osmonga olib chiqib ketishgan edi. Osmonda nima gap bo‘lganini men qayoqdan bilay?

Suyukli xotin


Ruslarning “General bo‘lishni orzu qilmagan askar askar emas”, degan iborasini “Ikki xotin olishni orzu qilmagan er-er emas”, deb o‘zgartirsak bo‘lar. Ikki xotinning borligi yaxshi-yu, ammo ikki xarxashasi mavjudligi yomon. Chidaganga chiqargan-da! Bir kishi ikki xotin xarxashasiga chidab yashardi. Ikkoviga ham adolat qilardi. Biriga zirak olsa, ikkinchisiga ham ayni shunday sovg‘a olardi. Hatto tunni ham teng ikkiga bo‘lardi. Ittifoqo, ikkala xotini ham bir soatda jon berdi. Odatga ko‘ra, mayit derazadan olib chiqilishi kerak. Uyning bittagina derazasi bor edi. Derazadan avval qaysi xotinni olib chiqsam ekan, deb ko‘p o‘ylandi. Oxiri adolat qilish maqsadida yana bitta deraza ochdirib, ikkala o‘likni bir vaqtda ikki derazadan olib chiqartirdi. O‘zining adolatidan ko‘ngli ravshanlashdi. Biroq, oradan yetti kun o‘tgach, katta xotini tushiga kirdi. Qarasa, xotin xafa emish. Nuqul “Siz baribir kichik xotiningizni yaxshiroq ko‘rardingiz”, dermish.
-Ikkovingni bir hilda yaxshi ko‘rardim,-debdi er.
-Yo‘q, kichik xotiningizni yaxshiroq ko‘rardingiz, shuning uchun ham uning o‘ligini yangi derazadan olib chiqartirdingiz...

Shahid

Bir kishi xotinini sinamoq maqsadida uyiga yig‘lab kirib keldi.
-Dadasi, nima bo‘ldi?-deb cho‘chib tushdi xotin.
-Podsho farmon chiqaribdi. Ikkita xotini borlar uyida o‘tirar ekan, bitta xotini borlar urushga ketar ekan,-dedi er.
Bu xabarni eshitib, xotin ham yig‘lay boshladi.
-Sen nega yig‘layapsan?-deb ajablandi er.
-Dadasi mayli, urushga boravering, o‘lsangiz, shahid ketarsiz,-dedi xotin.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.