OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tohir Malik. Marhabo, talantlar! (hajviya)

(Lof uchrab qolsa, ma’zur tutg‘aysiz)


 Avvalgi asrda Yo‘qqulobodda emas, o‘zimizning televidenieda «Marhabo, talantlar» degan ko‘rsatuv bo‘lardi. Unda turli tuman ashulakashlaru raqqosalar kashf qilinardi. Garchi u ko‘rsatuv allaqachonlar yo‘q bo‘lib ketgan bo‘lsa-da, bizda emas, Yo‘qqulobodda uning ish usulidan foydalanish davom etayotgan ekan. Kim Sherlok Xolms haqidagi asarni o‘qigan bo‘lsa, tasodifan yo‘qolgan artistni topish voqeasini eslasin. Esladingizmi? Ha, barakalla. O‘sha artistga teatrda gado rolini o‘ynash topshirilgan ekan. U gadolar hayotini chuqur o‘rganish uchun grim qilib, ya’ni o‘zini gado qiyofasiga solib, ko‘chaga chiqib o‘tiradi. Hayotni o‘rganish shu bilan tugaydi-ki, uning kundalik tushumi teatrdagi maoshidan ko‘p bo‘lgani uchun, gadolik qiyofasidan chiqmay, tilanchilik bilan kun kechiraveradi.
 Hozirgi kunda Yo‘qqulobod tomonlarda ham ana shunday talantlar paydo bo‘lib qolgan.Ularning baxtiga tunda yomon tush ko‘ruvchilar ko‘p, yomon tush ko‘rganda keyin u-bu atash kerak. Bu talantlar sadaqa bergisi kelganlarning mushkulini oson qilishadi. Metro yoki avtobusning gavjum bekatlarida, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘zlarining «shtab»larini ochishadi. «Shtab» deganimizga ajablanmang. Bu shtabning boshlig‘i bor, askarlari bor, kuzatuvchilari ham bor. Yolg‘iz tilanchilik qilib kun ko‘rish zamonlari o‘tib ketgan. Har bir bekatning o‘z xo‘jayini bor. Masalan, biron nogironning qo‘liga gitarami yo childirmami berib qo‘yiladi. Ertalab ketishingizda gitarachini ko‘rasiz. Peshinda childirmachi tilanib turgan bo‘ladi. O‘ylaysizki, gitarachi insofli ekan, bir-ikki soatda kundalik tirikchiligini qilib ketibdi. Agar diqqat qilib kuzatiladigan bo‘linsa, har ikki-uch soatda bu talantli tilanchilar joyi almashtiriladi. Siz bu tilanchiga rahm qilib, sadaqa berasiz-u tiqin avtobusda ketasiz. «Bechora» tilanchini esa yangi ish joyiga kamida «Neksiya»da olib borib qo‘yishadi. Peshin paytida siz arzonroq taom qidirasiz. U «bechora»ga esa shohona bo‘lmasa ham, shunga yaqin dasturxon tayyor turadi. Axir talantlarni och qoldirib bo‘lmaydi-da! Butun san’atlarini ishga solish uchun ularga ham kuch-quvvat kerak. Ayniqsa, nogiron rolini o‘ynashning o‘zi bo‘ladimi? Bir kun emas, bir soatgina ko‘zi ojiz odam qiyofasida turib ko‘ring-chi, yoki oyog‘ingizni qiyshaytirib yura olasizmi? San’at tilida gapirsak, bularni o‘rgatuvchi va yo‘naltirib turuvchi «rejisser»lari ham bor. Hozir chorrahalarda nogironlar rolini ijro etuvchi talantlar ko‘rigi bo‘lyapti. Kechagi kuni rejisserning aybi bilan ishning rasvosi chiqay dedi-yu tilanchining talanti tufayli Xudo bir asradi. Katta chorrahada tilanib turgan tug‘ma cho‘loqni bir haydovchi tanib qoldi. «Kecha boshqa chorrahada ko‘zing ko‘r bo‘lib turuvding, bugun cho‘loqmisan?» deb qolsami? Ammo gapi to‘g‘ri edi. Kecha u so‘qir rolini ijro etgandi. Bugun rejisserning aybi bilan roli almashib ketibdi. Har qanaqa rolni qoyillatib tashlayverganidan bu yog‘iga ahamiyat bermagan ekan. Lekin javobni topdi: «Kecha siz ko‘rganingiz ukam Husan, men esam Hasanman, birimiz ko‘r, birimiz cho‘loq bo‘lib tug‘ilganmiz»,-dedi. Haydovchi yana bir nima demoqchi bo‘ldi-yu svetofor chirog‘i yonib qoldi.
 Shtabning o‘sha kungi yig‘ilishida bu masala keskin muhokama qilinib, rollarni almashtirib yuborgan rejisser kunlik ulushdan mahrum qilindi. «Shtab» majlisida ishtirok etolmagan Tangatopdiqul Pulsanarqulov bilan Chaqaboyqul Kumushtoyqulovlarning tilla tish qo‘ydirayotganlari inobatga olinib, uch kunga ta’til berildi. Shuningdek, «Oilaviy talantlar»ni qo‘llab-quvvatlash loyihasiga alohida e’tibor qaratildi. Er - ko‘r, xotin - soqov, bolalardan biri shol, yana biri merov rollarini qoyilmaqom ijro etgan Yakanqul Tiyinbekqulovlar oilasi moddiy rag‘batlantirildi. Ular mahoratlarini oshira borsalar, yil oxiriga borib yengil avtomashina bilan taqdirlanadigan bo‘lishdi. O‘sha yig‘ilishda tilanchilarning havfsizligini ta’minlash uchun shaxsiy qo‘riqchi joriy etish taklifi «bunaqada ashulachilardan farqimiz qolmaydi» degan mulohaza bilan rad etildi. Aksariyat talantlarning aksari “karate”ga qatnashi inobatga olinib, bu vazifa ularning o‘zlariga yuklandi. Shuningdek, yig‘ilishda tilanchilikning yangi ko‘rinishlaridan oqilona foydalanish masalalari ham ko‘rildi. Tomoshalarda bir hillikka barham berish uchun yosh juvonlarni yaxshi kiyintirib, uyma-uy yurishga va hayotning og‘irligidan nolishga o‘rgatishdi. Bu rolni zimmasiga olgan juvon uyida tayyorgarlik ko‘rayotib, o‘zini shunday hokisor qilib ko‘rsatdiki, «Mersedes» avtomashinasini artayotgan eri ham chidolmasdan, yig‘lab yuboray dedi.
 Yo‘qquloboddan xabar berishlaricha, tilanchilik vazifasiga yaroqli iste’dod egalarini tanlash davom etyapti. Tilanchilikning yangi-yangi usullari kashf etilsa, ne ajab?

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.