OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tohir Malik. O‘zimizning futbol (hajviya)

Hah! Sen bola “ustoz ekanman”, deb o‘zingdan ketavurma. O‘zimam u-bu narsani eplayturg‘on bo‘lub qoldum, akovsi jonidan! Ashula bozoridan riportaj aytgonimdin so‘ng futbolning idorasidan bir amaldor kelub, “bizlarni ham bir maxtab yozsangiz-chi”, deb yalindi. “Nimangni maxtayman, bachalaring futbol o‘ynashni bilmasa, to‘pni to‘xtatib tepish o‘rniga “ustimdan o‘tib keta qolsin”, deb shart yotib olsa. Darvozaboning “Ey Xudo manim darvozamni to‘plarga to‘ldirib yubor”, deb to‘qson daqiqa nola qilib tursa...” degan erdim, yig‘lab yuborib “aqlingizdan aylanay akaxon, unda bizga bir yangilik yasab bering, qanday qilsak dunyoning chimpioni bo‘lamiz?” dedi.
 Yangilik yasash oson emas, lekin men yasadim. Ensang qotmasin, eshit.
 Dunyoning chimpioni bo‘lish uchun dunyo o‘ynayotgandan boshqacharoq futbol o‘ynash kerak. Inglising o‘ylab topgan bu o‘yini o‘ziga buyursin, bizlarga sirayam to‘g‘ri kelmaydur. Amerikada boshqachami? Eshitganman, “Amerikacha futbol” deyilar erkon. Xitoyliklar boks degan mushtlashuvni ham o‘zicha o‘zgartirib olibdurlar. Qo‘li yetmagan joyga oyoq bilan ham tushirib qolarkan, azamat. Xo‘sh, hammaniki o‘zicha ekan, biz “O‘zbekcha futbol”ni yasasak nima bo‘libdi? Shoshilma, qanaqaligini tushuntirib beraman. O‘yinchilarning boshiga do‘ppi kiyg‘ozib, beliga belbog‘ bog‘laganing birlan “o‘zbekcha futbol” bo‘lib qolmaydur. Hozirgi to‘pteparlaringning belida belbog‘ turmayturg‘on bo‘p qog‘on. Men bu o‘yinning qanaqa bo‘larini ipidan ignasigacha o‘ylab, topdim. Hozir trenir degan xo‘jayinlari “Juma kuni o‘yin, soat o‘n birda stadionda bo‘llaring”, desa hammasi o‘n ikkiga qolmay yetib keladimi? Yangicha futbolda bunaqasi bo‘lmaydi. Shuning uchun bunaqasini “g‘alatfutbol” deb atasak-da yarashur. Trenir o‘yindan ikki kun oldin to‘ptepar bachalariga tilpon qilib chiqadur. Masalan, bunaqa deydi:
 - Akovsi bo‘yidan, futbol fitrasiyasi mandan bemaslahat bir ish qilib qo‘yibdi. “To‘rteshar” qo‘mondasi birlan o‘yin juma kuni bo‘lar ermish. Vaxtingiz bo‘larmikin?
 Yangicha futbolchi peshonasini tirishtirib, keyin bosh chayqaydi:
 - Juma kunimi? Yo‘q, bratan, payshanbaning ertasiga to‘p tepishga holim bo‘lmaydi.
 Gapi to‘g‘ri-da! Qaysi erkak payshanbaning ertasiga hakillab yuguradi? Erkak ham odam, dam olishga haqi bor. Trenir aqlli odam-da, bachalarining ahvolini bilib, fitrasiyaga iltimos qilib, o‘yinni shanba kuniga ko‘chiradi. Yana tilpon qiladi. Gal darvozabonga kelganda yana ishkal chiqadi. “Kuyov chaqirdi”ga bormasa bo‘lmas ekan. Yakshanbada himoyachining tog‘asi xatna to‘y qilayotgan erkon, dushanbada yarim himoyachining xotini tug‘ib qolishi ehtimoli bor erkon. Seshanbada chap qanot hujumchining qaynonasi “gap” berarkan. Chorshanbada o‘ng qanot hujumchining xolasi uchinchi eridin ajrashib, to‘rtinchisiga nikohlanarkan. O‘yin payshanbaga belgilanganini eshitib, markaziy hujumchining chapaqay jahli chiqib ketdi. “Akaxon to‘qson minut itday yugurib, charchab uyga boramanmi? Xotinimning ko‘ziga qanday qarayman?” Shunaqa qilib, o‘yin o‘n kundan keyinga belgilanadi. Hoy, Abdumalik akaning o‘g‘li, gapimni eshityapsanmi, namuncha anqayasan?! Ana endi tasavvur qil: bir tomonda “To‘rteshar”ning qorin qo‘yg‘on azamat yigitlari. Ikkinchi tomonda o‘zimizning “Yumalabtepar” qo‘mondasi. Hakamboyvachcha ularning jo‘raboshilarini chaqirib “Agar ruhsat bersangiz, xushtakni chalsam-u o‘yinni boshlab yubora qolsak”, deb iltimos qiladi. “Voh!-deydi “Yumalabtepar”ning jo‘raboshisi.-Betoqat xotinga o‘xshab namuncha shoshasan? Bir yildan beri bu og‘aynim bilan endi uchrashib turibmiz. O‘yindan keyingi osh-poshning maslahatini qilib olaylik”. Hakam sal tarangliq qiladi-yu palovxonto‘radan o‘ziga ham nasiba tegishini bilgach, sal nari ketadi. Jo‘raboshilar bir chekimdan nos otib olishgach, “Pachoqto‘p” choyxonasida oshxo‘rlik qilib olishga kelishib olishadi. “Yumalabtepar” o‘yinda yutqizib berishga, “To‘rteshar” esa oshning harajatini ko‘tarishga kelishadilar. Homiylar tomonidin “Yumalabtepar”ning har bir o‘yinchisiga maydaqaviq chopon, ikkita aroq, ikkita kon’yak, yigirmata “Koka-kola”, ikki kilo son go‘shti, uch kilo biqin go‘shti, bir kilodan jigar tayyorlab qo‘yilgani eslatilgach, 4 : 1 hisobida to‘xtalishdi. “Yumalabtepar” bachalarining kayfiyatlari sal pachoqroq bo‘lib turgani uchun ular urishlari lozim bo‘lgan to‘pni ham “To‘rteshar” himoyachisi o‘z darvozasiga kiritadurg‘on bo‘ladir.
 Ha, aytmoqchi, “g‘alatfutbol”ning asosiy talabini aytmabman-ku? Talabga ko‘ra, har bir futbolchi bachada alohida-alohida qo‘l telponi bo‘lishi shart. Chunki o‘yin paytida to‘pni kimga oshirsam ekan, deb bosh qotirib o‘tirmaydi. Masalan, darvozabon to‘pni qo‘liga olib, maydonga ko‘z tashlaydi. Qarasa, chap qanotdagi yarim himoyachi bo‘shroq turibdi. “Yo‘q, unga oshirmayman, kechagi oshda mening oldimdagi ustixonni urib ketgan edi”, deb o‘ylaydi. O‘ng tomondagi yarim himoyachiga qarasa, bechoraning ahvoli nochorroq ko‘rinadur. Chunki kecha qovunning ustidan “Fanta” otliq sariq shirin suv ichgon erdi, har nechuk, nafsining bu o‘yuni endi qorin ichinda samara berayotgandur? Shunday to‘xtamga kelmish darvozabon o‘zidan hiyla uzoqroqda bo‘lmish markaziy hujumchiga telpon qiladi:
 “Akaxon, qalaysiz, charchamadingizmi? To‘pni sizga oshirsam qabul qilib olasizmi?”-deb so‘raydir.
 “Mendan boshqa o‘yinchi qurib ketibdimi? Ana, trenirning jiyaniga uzat, doim tayyor oshga bakovul bo‘lib turadi. Umuman, menga boshqa tilpon qilma. Menga hozir xotinim telpon qilishi kerak”, deb javob beradir hujumchi. Darvozabon chap qanot hujumchiga telpon qiladir. Telpon tushmagurdan bir jononning “Abonent hozir odamgarchilik doirasidan tashqarida”, degan juvobni eshitgach, achchig‘i chiqib, to‘pni shart yerga qo‘yadir va ustiga o‘lturib oladir. Tilining tagiga nos tashlab, beburd oshnalarini so‘kadir.
 “Nos qayoqdan keldi?” deysanmi? “G‘alatfutbol”ning talabidan ikkinchisi shu-da. Darvozaning ortida bir xalta nos turmasa, hisobmas. Hakamning basharasiga nos tupurib yubormaslik uchun to‘p tepayotganida nos otmasa bas, boshqa payt og‘zini to‘ldirib olsa ham, birov birnima demaydi.
 Darvozabon to‘pning ustiga o‘tirib olgach, hakam “boyaqishlar charchabdi, mayli bir dam olvolishsin”, deb “Yumalabtepar”ning jo‘raboshisidan ikki chekim nos olib, otvoladi. Shu payt jo‘raboshining telponi jiringlab qoladi. Qulog‘iga tutib “alyo”, desa o‘zining oshnasi - “To‘rteshar”ning jo‘raboshisi.
 “Nimaga g‘o‘ddayib turibsan? Darvozaboningga ayt, to‘pni tepsin. Besh minutdan keyin o‘yin tugaydi, biz hali senlarga yana ikkita urishimiz kerak”, -deydi jig‘ibiyron bo‘lib.
 “Hovliqma, hakam akamizdan iltimos qilamiz, o‘n minut qo‘shib beradilar”, deydi bunisi.
 “Esing joyidami? Vaqtni cho‘zsang, u yoqda osh lanj bo‘lib ketadi. Ikki minutda ikkitani uraylig-u akang hushtagini chalib, o‘yinni tugataversin”, deydi unisi.
 Shunga kelishadilar-da, bunisi darvozaboniga telpon qiladi:
 “Vey, hebbim, tuxum bosmay, tur o‘rningdan, yana ikkita o‘tkazib yuborishing kerak. Anqayma!”
 Jo‘raboshi hakamga ham telpon qilib qo‘yg‘onida, hakam hushtak chalib, darvozabonni ogohlantirmoqchi bo‘ladir. Lokigin, og‘zidagi nos hushtak teshigini berkitib qo‘yib, qo‘li bilan ishora qilib qo‘ya qoladir.
 “G‘alatfutbol” o‘yinidin so‘ng qanday voqealar sodir bo‘lg‘onin sen so‘rama, men aytmayin. Sen bir narsani bilib olsang yetarli: “G‘alatfutbol” mavsumida “Yumalabtepar” qo‘mondasi hozirgi qo‘mondalarg‘a o‘xshab ovora bo‘lub, daydub, hasratlar chekub, o‘ttiz o‘yun o‘ynamaydurlar. Ularg‘a uch yoinkim to‘rt o‘yun kifoya erur.
 Sen bu gaplarimni qog‘ozga tushurub, gaznitga eltma. Buni qo‘llanma qilib yozasan. Futbol fetrasiyasidagi amaldorlar manim bu kashfiyotimni eshitib, yig‘lab yubordilar. “Bizarning ham ko‘kragimizga oftob tegaturg‘on kun kelarkan-ku!” deb shodlanmishlar. Sen qo‘llanmani yoz, men tasdiqlab beraman. Tushundingmu?

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.