OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tohir Malik. Salomat bo‘lsinlar, doktor! (hajviya)

(Bu o‘limtuk mish-mish jon taslim qilmay turib tanishib olayluk)

 
 Yo‘qqulobodning qadim tarixida boshi og‘rigan odam shifo umidida tabibga borsa, tabibi bilan hisob-kitob qilganidan keyin yurak og‘rig‘ini ham orttirib chiqarkan. Bu bir mish-mish deysizmi? Unda yana bir mish-mishni eshiting. Yo‘qqulobodning shimoli-sharqida joylashgan Teskariobod tomonda Toshbaqaobod degan qishloq joylashgan. Ana o‘sha yerda yashovchi Bevoshqul otaning kasalxona bosh vrachini tavbasiga tayantirganini birov eshitgan, boshqa birov esa bexabar. Aslida Bevoshqul ota soppa-sog‘ edi. Shu yoshga kirguniga qadar do‘xtir deganiga ishi tushmagan. Shu qish ikkki marta aksirgan edi, katta o‘g‘li tushmagurning mehri jo‘shib ketdimi, «ota, siz ham boshqalarga o‘xshab yoti-ib bir davolaning», dedi. Bevoshqul ota: «Kasalxonaga yotmasam odam qatoridan chiqaman shekilli, bolalarim yana «otasini kasalxonaga yotqiza olmayapti ekan», degan malomatga qolishmasin», deb, ko‘na qoldi. Ammo o‘g‘li tushmagur hadeganda yo‘llanmani olavermadi. Bevoshqul ota bu yo‘ldagi sarsongarchilikni qaerdan bilsin? Sarsongarchilik nimaligini Yo‘qqulobdodda juda ko‘pchilik bilmaydi. Sarsongarchilik – yo‘qqulobodliklar tili bilan aytganda, bu yo‘lda ozgina chiqim qilish. Chiqimsiz mushuk ham oftobga chiqmaydigan bo‘lib qolganini bilmaydigan odam uyida turshak shimib, na’matakning qaynatmasini ichib o‘tiravergani durust-da. Katta o‘g‘il ham uyatchan-da, «ota, uch oylik maoshimni olsam, kasalxonaga yo‘llanma ham unib qolardi. Ungacha ko‘rpacha qatiga yashirgan pensa pullaringizni chiqarib turing», demadi. Bevoshqul ota tushunardi, asli mard emasmi, «sen uch oylik maoshingni kutayotgan bo‘lsang, menam ikki oylik pensamdan hali umidimni uzganim yo‘q», deb o‘tirmasdan, nosdan orttirgan pullaridan shart chiqarib berardi. Oxiri shunday bo‘ldi ham, katta o‘g‘il aytdi, ko‘rpacha qatidagi pul chiqarildi Yo‘llanma qo‘lga tegdi. Bevoshqul ota ham odam qatoriga qo‘shilib, kasalxonaga yotqizildi. Do‘xturlar birin-sirin kirib, otaning hurmatini joyiga qo‘yib: «Nima kasalingiz bor?»- deb so‘rashdi. Bevoshqul ota «nima kasalim borligini o‘zing topmaysanmi?»-deb o‘tirmay, «To‘rt yil oldin o‘lib bergan kampirimni sog‘inishdan boshqa kasalim yo‘q»,-deb qo‘ya qoldi. Shu-shu do‘xtirlar Bevoshqul otaga yo‘lamay qo‘yishdi. Ota «Bu do‘xtirlarda kampirni sog‘inish kasaliga dori yo‘q ekan-da?»-deb yotaverdi. Keyin ziyraklik bilan kuzatib qarasa-ki, do‘xtirlar kirib, quyuq salom berishganda, u quruq alik olgan ekan. Bilsa-ki, tuzalishni istagan kasal do‘xtirning salomiga boshqacha alik olishi zarur ekan. Astoydil duo qilish, yurakdan chiqarib rahmat aytish hisobga o‘tmas ekan. Rahmat deganlari cho‘ntakdan chiqishi shart ekan. Do‘xtirlarning bilgani bilgan. Agar ular bozorga borib: «Bevoshqul bobo menga bir tonna rahmat aytdilar, deyishsa, birov bir misqol go‘sht berarmidi?» Bevoshqul ota ziqna emas. Aqli kirgandan keyin u ham rahmatni cho‘ntakdan chiqarib, aytib turdi. Dorining hilma-hilini yozib berishdi-yu «bunaqa dori kasalxonamizda yo‘q, o‘g‘lingizga ayting, topib kelsin», deyishdi. Baraka topgurlar, kasalxonaning shunday biqinida dorixona ochib qo‘yishgan ekan, o‘g‘li qidirib, sarson bo‘lmadi. Yana baraka topishsin, ilgarilari kasalxonaga yotgan odamni yigirma to‘rt kun davolashardi. Hozir ikki haftada mixday qilib yuborishyapti. Shunisi ham durust. Yigirma to‘rt kun yotgan odam rahmat aytaverib, oxiri o‘limligiga asrab yurganini ham shu yerga tashlab ketarmidi... Ikki hafta deganda Bevoshqul ota ham uyiga ketadigan bo‘ldi. Narsalarini tugib, o‘g‘liga «uydagi aravani olib kel», deb tayinladi. Keyin o‘zi yotgan karavotini ko‘tartirib, aravaga ortayotgan edi, bosh vrach hay-haylab kelib qoldi. 
 -Kasalxonangga yotg‘izish uchun o‘g‘lim pul to‘lagan ekan. «Bitta koyka falon so‘m»,- degan ekansanlar. O‘sha pulni to‘laganman. Endi shu koykang meniki bo‘ladi,-dedi Bevoshqul ota o‘jarlik bilan. Bosh vrach yalingan edi Bevoshqul ota: «Mening bu yerda yotishim ham, dori-darmon ham tekinligini bilasanmi?»- deb so‘radi. So‘ng hisob-kitobni boshladi: barmoqdan qon olishga hamshirangga shuncha rahmat puli, tomirdan qon olishga muncha, dumbaga igna sanchishiga yana buncha, klizma degan palakating bor ekan, unga ham shuncha, hojatxonangga ko‘p to‘lamay deb ikki kunda bir kiradigan bo‘lib qoldim... yaxshiyam kasalxonangda o‘lib bermadim, jag‘imni bog‘lashga pulim yetmasa, og‘zimni lang ochib, chiqib ketaverardim. Yanayam baraka toplaring, kampirlarga bir qarab olish tekin ekan, ko‘zlarim rosa mazza qildi. 
 Endi mish-mishning oxiri nima bilan tugashini bilmoqchimisiz? Bosh vrach Bevoshqul otaning hamma chiqimlarini to‘lab, karavotni olib qoldi. Bechoraga javr bo‘libdi, deb achinyapsizmi? Achinmang. O‘sha kuni Hapqul otaning katta o‘g‘li bu koyka uchun ozgina chiqim qildi, deb eshitdik. Yanayam Xudo bilguvchiroqdir. Balki bu ham bir mish-mishdir?

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.