OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tohir Malik. Satira teatri, qaydasan? (hajviya)

(Bu hangomaga ishonganlarga besh ketmadim)

 
 Betqul Tilqul bilan bahslashib qoldi. Betqul hech qachon osmondan olib gapirmaydi. Ko‘rganini yo eshitganini gapiradi. Tilqul esa, juda-a eshshakday bo‘lmasa ham, sal qaysarroq. «Ishonmayman» deb turaveradi. Mana, kechagi gap: Betqul «Kengqosh shahrida satira teatri bor», desa Tilqul «Yo‘q»,-deydi. Betqul «Kengqoshga borib kelganlardan o‘z qulog‘im bilan eshitganman», desa ham «Ishonmayman»,-deydi. Yana aytadiki: «Satira nima degani? «Hajv qilish, biror nimani tanqid qilish», deganimi? Bizning Yo‘qqulobodimizda nimani tanqid qiladi? Kimni hajv qiladi? Hayotimiz go‘zal bo‘lsa, hamma yoq «o‘yna yor, o‘yna» bo‘lsa!» Betqul Tilqulning bu gapiga ham qo‘shiladi. Lekin satira teatri borligini eshita turib, qanday qilib «yo‘q» desin? Hullas, bahs garovga aylandi. Xulosa shu bo‘ldiki: Betqul Kengqoshga boradi, o‘sha teatrni topadi, teatrning afishasi yonida biror artisti bilan suratga tushib qaytadi. Ana shunda Tilqul bitta mastava qilib beradi. Betqul palov talab qiluvdi, Tilqul yutqizishdan cho‘chidimi, har holda «bitta teatrning bor yoki yo‘qligi palovga arzimaydi», deb uning shashtini qaytardi. Betqulning xotini esa «esingiz joyidami, bitta mastava deb Kengqoshga borib kelasizmi?» deganicha javrab qolaverdi.
 Betqul surishtirishni poezddayoq boshladi. Tushgan bekatida davom ettirdi. Birov bilaman, demaydi-ya! Hayriyatki, ikki kishi qachondir shunaqa teatr borligini eshitgan ekan. Shu iqrorning o‘zi Betqulning ko‘ngliga chiroq yoqdi. Surishtirishdan charchamadi, uchinchi kuni kalavaning uchini topdi. Kengqoshday shahri azim bo‘ladi-yu ikki million odamning ichida satira teatri borligini biladigani topilmaydimi? Topildi! Hatto tarixini ham sal-pal bilarkan. Aytishicha, satira teatriningg tashkil bo‘lganiga yigirma yil bo‘libdiyov! O‘sha baraka topgur manzilni aytuvdi, qidirib topdi. Shundaygina kungirador bahaybat kinoxonaning ro‘parasida, biqinida restoran ham bor ekan. Ammo binoning peshonasiga «Satira teatri» deb emas. «Yo‘qqulobod muxbirlari markazi» deb yozib qo‘yilibdi. Betqul ancha kalovlandi. Oxiri «Ehtimol tomoshaxonanang nomini shunaqa deb o‘zgartirishgandir» degan xayolda ichkariga qadam qo‘ydi. Qarasa, ellik yoki yuz chog‘li odam aylana stol atrofida o‘tirib, biri olib, biri qo‘yib gapiryapti. Betqul bular artistlarmi, desa ba’zan chapak chalishadi. Tamoshabinlarmi, desa gaplari sal g‘alatiroq. Ammo bir-ikkitasini televizorda ko‘rgan edi. Ularning gapiga nima uchun tushunish qiyin desa, artist ekan-da, a? Betqulning «ba ayni teatru ekan-u lekin nima uchun pulsiz, tekinga tamosha ko‘rasatisharkan?» deb angrayib turganini ko‘rgan bir odam «nima qilib turibsiz?» deb so‘radi. Betqul maqsadini aytuvdi, u odam hafsalasini pir qildi: bu yer satira tomoshaxonasi emas, gapxona ekan. Satira teatri boshqa joyga ko‘chibdi. Betqul ishonmovdi devordagi e’lonni ko‘rsatdi. Betqul hali unga e’tibor bermagan ekan, hijjalab o‘qidi: «Bor narsani yo‘q deyishda mahmadanalarning roli». Betqul «roli»degan so‘z teatrda bo‘lguvchi edi, desa ham, haligi odam uni chiqarib yubordi. Betqul yarim yo‘lda ortga qaytib, bitta mastavaga tushadigan ahmoqlardan emas. Satira teatrining yangi joyini qidirdi. Oxiri topdi! Satira teatri bolalar bog‘chasiga joylashgan ekan. Betqul avvaliga ishonmadi. Bog‘cha ahvolining o‘zi hajviy tomosha bo‘lsa kerak, deb o‘yladi-yu Tilqulning «Bizda tanqid qiladigan yomon ahvolning o‘zi yo‘q», degan gapini eslab, fikridan qaytdi. Bog‘chadagilardan surishtirsa, chindanam teatr shu yerda ekan. Bir-ikki artistlari ham bormish, direktori ham bormish. Mana shunisi zo‘r bo‘ldi! Direktor bo‘lgandan keyin muhr bo‘ladi, muhr bo‘lgandan keyin teatr bo‘ladi-da! Teatrning tomosha ko‘rsatadigan binosi, sahnasi bo‘lmasa nima qilibdi! Yigirma yilda bitta tomosha ko‘rsatmaganni childirma chalib, ovoza qilish shartmi! Hajv qilishga arzirli gap yo‘qdir-ki, tamosha ko‘rsatishmagandir.
 Betqul bita-yarimta artisti kelib qolsa, shu bog‘chada bo‘lsa ham suratga tusharman, deb ikki kun kutdi, bo‘lmadi. Tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib qaytdi. Ammo yutqizganini tan olmadi. Tilqul ancha surishtirdi oxiri: «Xo‘p, o‘sha satira teatri bor bo‘lsa, oti nima ekan?»- deb so‘radi. Betqul bu savolsiz ham to‘lib turgan edi, tiliga kelganini qaytarmadi: «Bedaning uyi yo‘q, qayga borsa pidpildiq!»-deb qo‘ya qoldi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.