OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tohir Malik. Yangi xarita (hajviya)

(ishonish uncha shart bo‘lmagan hangoma)


Jahon xaritasiga o‘zgartish kiritishning qanday yo‘llari bor, bilasizmi? Ha, to‘g‘ri, bir mahallar buning uchun urushlar qilingan, qonlar to‘kilgan. Lekin hozir unday zamon emas. Xaritaga o‘zgartish kirituvchi bolaning otasi baquvvat bo‘lsa bas. Tushunib turgandirsiz, «baquvvat» deganda biz cho‘ntakni nazarda tutyapmiz. Bu jihatdan Bo‘taqulga gap yo‘q. O‘g‘lining aqliga esa tan bermasdan iloj yo‘q. Endi ozgina o‘tmishga nazar solaylik. 
Bo‘taqulning pul sanashni o‘rganishi uchun maktabda o‘n yil o‘qitishning sira ham hojati yo‘q edi. Shunday bo‘lsa ham zo‘rlab o‘qitdilar. «Odamlar gap-so‘z qilishmasin», deyishdi-da. Undan tashqari u zamonlar odamlar maktabda o‘qimagan bolaga qiz bermay qo‘yishgan edi. U zamonlar «test» degan dahmazalar yo‘q edi. Imtihon oluvchiga birgina ishora kifoya. Bo‘taqul o‘sha ishoradan keyin imtihon oluvchi bilan yuzma-yuz o‘tirgan edi. Unga qo‘yiladigan baho avvaldan ma’lum bo‘lsa-da, imtihon oluvchi irimi uchun unga savol berdi: «Nyuton qonuni haqida nimalar bilasiz?» dedi. Bo‘taqulga Nyuton degan odamning nomi sal tanish tuyuldi-yu, ammo qarindoshlari ichida bu odam kim bo‘lishi mumkinligini eslolmadi. Shunda imtihon oluvchi unga turtki bo‘lar, degan umidda «Olma-chi, olmani eslang» dedi. Bo‘taqul shunda esladi. «Rossiyaga olma sotish qonunini chiqargan maskovlik xo‘jayin», deb javob berdi. Imtihon oluvchi «fizika faniga Rossiyaga olma olib borib sotishning nima dahli bor?» deb o‘tirmay, o‘zicha «bu bolaga qolsa O‘zbekistonda uzilgan olma Rossiyaga borib Nyutonning boshiga tushgandir», deb qo‘ya qoldi. Ikkinchi savolni osonroq qildi. «Beruniy kimu Bellini kim?» deb so‘radi. Bo‘taqul «Beruniy - sharq allomasi, Bellini Yevropa kompozitori» desa olam guliston edi. Ammo bola tushmagur o‘ylab o‘tirmay, «bular ikkovi amakivachcha» deb qo‘ya qoldi. Imtihon oluvchi ichida «peshonamning sho‘ri!» deb qo‘ydi, savol bergan tilini chaynab tashlamoqchi edi, hali uchinchi savol ham borligini eslab, bundan o‘zini tiydi-da: «karra jadvalni yodlab bering», deb iltimos qildi. Bo‘taqul «uch karra to‘qqiz o‘ttiz sakkiz» degunicha chidab o‘tirdi-da, va’da qilingan bahoni qo‘yib yengil nafas oldi va qutilganiga shukur qildi.Tag‘in ham Bo‘taqul gapdon bola edi, savollarga dovdiramadi. Boshqalarga o‘xshab og‘zini ocholmay turganida u sho‘ring qurg‘ur imtihon oluvchi nima qilardi! Bo‘taqul shu tarzda o‘qishga kirib, yana huddi shu tarzda o‘qib, oliy ma’lumot oldi.
O‘g‘li Toyloq maktabni bitirib, uni ham oliy ma’lumotli qilish fikriga tushdi. Test degani sal osonroqdir desa, cho‘ntakni zirillatib yuborar ekan. Nima qilsin, farzand aziz, o‘qishi undan aziz, dedi-yu harajatlariga chidadi.
Toyloq ham gapdongina bola edi. Ammo bu imtihonlarda gapdonlikning sirayam hojati yo‘q. Toyloqqa qiyin savollar tushmadi. Birinchisi: «Frantsiyaning poytaxtini aniqlang. Javoblar: Moskva, Pekin, Parij.» Toyloq «birinchi javob hamisha to‘g‘ri bo‘ladi», deb eshitgan edi. Shu javobni tanladi va Moskva o‘n ming dollar evaziga Frantsiyaning poytaxtiga aylandi. Napoleon dod deganicha qolaverdi. Ishning shunaqa oson hal bo‘lishini bilganida ahmoq bo‘lib urush qilib yurarmidi! Ikkinchi savol «Uganda qaysi qit’ada joylashgan: Yevropa, Afrika, Osiyo.» Toyloqning marhamati bilan Uganda Afrikani tark etib, shu zaylda Yevropaga ko‘chdi. Yaxshiki birov uning qo‘liga yozuvsiz (ya’ni kontur) xarita berib, Ugandani shu Yevropaga joyla, demaydi. Degandami, Frantsiyami yo Germaniyami xaritadan uchib ketgan bo‘larmidi. Toyloq Hindistonning poytaxtini Amerika deb belgilagach, Afrikani Qrim yarim oroliga joylashtirdi-da, imtihonlardan a’lo baholar bilan o‘tdi. Bu bilimlar evaziga to‘g‘ridan to‘g‘ri diplom diplom talab etilsa ham bo‘lardi-ku, ammo kamtarlik yuzasidan o‘qishni lozim ko‘rildi.
Bu o‘tgan yilgi voqea. Bir yil davomida Toyloq o‘qishda katta yutuqlarga erishdi. Hatto tarixiy shaxslar tarjimai holiga aniqliklar kiritdi. Uning olib borgan ilmiy izlanishlari natijasida Kolumb 1917 yilda Buxoroda tug‘ilgani va Samarqandni kashf etgani ma’lum bo‘ldi. Jahon xaritasini to‘la o‘zgartirishga esa ulgurmadi. Hozircha Avstraliya, Shvetsiya, Albaniya o‘z joyida turibdi. Hali yana to‘rt yillik o‘qish bor, hafsala qilinsa, yo‘q, aniqrog‘i cho‘ntak ko‘tarsa magistratura degan o‘qish ham bor. Ungacha xarita ko‘radiganini ko‘rar, balki ungacha Angliyaning poytaxti Braziliya degan mavzuda dissertatsiya ham tayyor bo‘lib qolar. Ayrim mamlakatlarni esa Mars xaritasidan izlab toparmiz. O‘n ming dollar hisobiga shuncha o‘zgarishlar qilinsa yaxshi-ku, deysizmi? Shoshilmang, o‘n ming birinchi imtihon uchun, ya’ni xamir uchidan patir edi. Keyingilarini biz bilmaymiz.
Azizlar, ko‘rganingizdek, Jahon xaritasiga o‘zgatirishlar kiritish uncha qiyin ish bo‘lmay qolgan. Agar sizning ko‘nglingizda ham shunday istak bo‘lsa, iymanib chetda turmang. Cho‘ntakni qappaytiring-u otni suring. Qani, olg‘a!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.