OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tohir Malik. Yashasin, mo‘ylov! (hajviya)

(Buni o‘qigach, “sho‘rginang qursin, mo‘ylov!” deb yubormasangiz bas.)


Musicha chumchuqning inida tunab qolgan kuni “Mo‘ylovchilikni o‘rganish bilmiy-tekshirmaslik instituti”da Ma’nijon Huzuraliev “Yigirmanchi asrning oltmishinchi yillarida mo‘ylovchilik harakati” degan mavzuda chalanomzodlik dissertatsiyasini o‘rniga qo‘ydi. Bu marosimda mehmon sifatida ishtirok etsamda, “o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas”, deganlaridek, qog‘oz-qalamni qo‘lga olib, muhokamada qimmatli fikr va mulohazalarini bildirgan atoqli mo‘ylovshunos olimlarning so‘zlarini yozib qo‘yibman. Yozilgan narsa tashlab yuborilsa uvol bo‘lar, deb sizga ilindim. Istasangiz, o‘qing, istamasangiz – yo‘q. Xohlasangiz, bu gaplarga ishoning, xohlamasangiz – yo‘q.
Sizga yolg‘on, menga ham chin bo‘lmagan o‘sha muhokamada birinchi gapni mo‘ylovchilik fanlari do‘kto‘ri Shopazim Soqoliev boshlab berdilar. So‘zlarining bayoni budir:
-Aziz o‘rtoqlar, Ma’nijonning dissertatsiyasi menda ulug‘ taassurot uyg‘otdi. Shu paytgacha, o‘rtoqlar, oltmishinchi yillar mo‘ylovchiligi haqida ilmiy ish olib borilmagan edi. Men Ma’nijonning ushbu ishi to‘la ma’noda kandidat degan unvonni berishga loyiq deb topaman. Lekin ukamiz Ma’nijon yo‘l qo‘ygan ayrim juz’iy kamchiliklar haqida ham to‘xtalib o‘tishim lozim. O‘ylayman-ki, Ma’nijon bu kamchiliklarga do‘kto‘rlik ishini yozish paytida ahamiyat beradi. Ho‘-o‘sh... Ma’nijon bizga mo‘ylovchilik haqida gapira turib, asosan mo‘ylovning ikki turi, ya’nikim, birinchi – “Qaldirg‘och mo‘ylov” va ikkinchi – “Shop mo‘ylov” haqida to‘xtaladi. Xo‘sh, bizda mo‘ylovning faqat ikki turi mavjudmi? Yo‘q, o‘rtoqlar, aksincha juda ko‘p. Misol uchun olaylik – “qilichsimon mo‘ylov”. Bu mo‘ylov qadim yunon manbalarida “qilichsimus mo‘ylovsimus” shaklida uchrashiga diqqatingizni tortaman. Xo‘sh, shop mo‘ylovning qilichsimus mo‘ylovsimusdan nimasi ortiq? Aksincha, qilich mo‘ylov ham shop mo‘ylov kabi kishiga husn berib turadi. Ya’nikim, yunoncha aytilganda: kishimus husnimus. Bu o‘rinda Ma’nijon yana bir narsaga e’tibor bermaganlar. Ya’nikim, xo‘-o‘sh... mo‘ylov ranglarini olaylik. Dissertant asosan qora mo‘ylovlar haqida fikr yuritadi. Xo‘sh, malla, ya’ni mallius mo‘ylovlar, sap-sariq, ya’ni sapius sariqus mo‘ylovlar, oq oralagan, ya’ni moshguruchius mo‘ylovlar qaerda qoldi? 
So‘zimning oxirida men yana bir narsaga to‘xtalmoqchiman: ya’nikim, xo‘-o‘sh... Ma’nijon “mo‘ylovchilik” so‘zini ko‘p qaytarganlar. Bu juda qo‘pol va g‘aliz, eng muhimi antiilmiy so‘z, o‘rtoqlar. Atama ilmiy bo‘lishi, jahon standartlariga javob berishi shart. Ya’nikim, dissertant “mo‘ylovchilik” emas, “mo‘ylovizm” deyishlari joiz edi.
Navbat mo‘ylovchilik fanlari do‘kto‘ri, bilmiy-tekshirmaslik instituti “Mo‘ylov namoyandalari” bo‘limi mudiri Osimali Qariganovga berilganda ul zot jumladan shunday dedilar:
-O‘rtoqlar, hammamiz uchun ustoz sanalgan qadrli Shopazim Soqolievning so‘zlariga yuz foiz qo‘shilgan holda “Ma’nijon agar to‘g‘ridan to‘g‘ri “Mo‘ylovizm va soqolizm” deyaverganlarida xato qilmagan bo‘lar edilar”, degan fikrni o‘rtaga tashlamoqchiman. Ayni choqda bu atama qadim Rim imperiyasi davrida “Mo‘ylovetti va soqoletti” tarzida qo‘llanganini eslatib o‘taman. Keyingi davr arman manbalarida “Mo‘ylovyan va soqolyan”, gruzin manbalarida “Mo‘ylovidze va soqolashvili” tarzida uchrashi diqqatimizdan chetda qolmasligi kerak. Dissertatsiyaga nisbatan mening asosiy pritenziyam quyidagicha: Ma’nijon asosan shop mo‘ylov va uning oltmishinchi yillardagi namoyandalari haqida gapiradi. Mening fikrimcha, u shop mo‘ylov haqida ko‘proq adabiyotlar bo‘lgani uchun shunday qilgan. Holbuki, qaldirg‘och mo‘ylov haqida ham ko‘proq to‘xtalishi shart edi. Chunki qaldirg‘och mo‘ylovizm harakatini baralla turib “yigirmanchi asrning shox asari” deyishimiz mumkin. Oltmishinchi yillarda mo‘ylovchilikning asosini imenno ana shu qaldirg‘och mo‘ylov tashkil qilgan. Masalaning siyosiy tomoniga qarasak, mustabid tuzum yillarida “burunning husnini buzadi”, degan bahonalar bilan siquvga olindi va bu mo‘ylovning gurkirab yashnashiga yo‘l berilmadi. Bu yillar mo‘ylovizmi namoyandalari haqida ham jiddiy pritenziyalarim bor, o‘rtoqlar. Dissertant bu yillarni asosan qariyalarga bog‘lab o‘rgangan. Bu noto‘g‘ri yo‘l fanni antimo‘ylovizmga burib yuborishi mumkin. Masalan, Frantsiyada Odam Atodan oldingi sakkizinchi asrda shunday hol kuzatilgan. Men aniq ishonch bilan ta’kid eta olamanki, oltmishinchi yillar mo‘ylovizmini asosan yoshlar tashkil etgan edi. Shu o‘rinda yoshlar mo‘ylovizmini uch qismga bo‘lib o‘rganish kerak. Birinchi: to‘liq qaldirg‘och mo‘ylovizmchilik; ikkinchi: sabza urgan qaldirg‘och mo‘ylovizmchilik; uchinchi: yakkam-dukkam qaldirg‘och mo‘ylovizmchilik. O‘rtoqlar, men dissertantni siyosiy xatoda yoki siyosiy savodsizlikda ayblamoqchi emasman. Ammo uning xatolaridan ko‘z ham yuma olmayman. Dissertatsiyadan nohaqlik hidi ufurib turganini barcha sezsa kerak, deb o‘ylayman. Hech birimizga sir emaski, ayrim xotinlarda ham mo‘ylov uchrab turadi. Qadimgi Ispan qirolligida bu faktdan ko‘z yumib kelingan. Mo‘ylovli xotinlar tahqirlangan. Xo‘sh, mustabid zamonlar o‘tib ketgan hozirgi ozodlik kunlarida, xotinlarning mo‘ylov qo‘yishlariga keng yo‘l ochib berilganida, bu haqda yozishga Ma’nijonga nima halaqit berdi? Albatta, o‘sha qadimgi Ispan qirolligining bizgacha yetib kelgan salbiy ta’siri! Garchi, vaqti bo‘lmasa-da, aytish lozimki, o‘rtoqlar, mo‘ylovli xotinlarni o‘zimiz bilan bir safga qo‘yish vaqti yetdi. Endi yetar, ko‘p gapirish o‘rniga ko‘proq ishlaylik. Har bir kunimizni mo‘ylovli xotinlarga qayg‘urish bilan boshlaylik. Men institutimiz tashabbusi bilan “Mo‘ylovli xotinlar assotsiatsiyasi”ni tashkil etishni taklif qilaman. Ilmiy ishlar bilan g‘oyat band bo‘lishimga qaramay, mazkur tashkilotga jamoatchilik asosida rais bo‘lishga roziman. Assotsiatsiya o‘z faoliyatini choyxonalarda “mo‘ylovli xotinlar” bo‘limini ochishdan boshlaydi.
Bilmiy-tekshirmaslik instituti “Mo‘ylovchilikni hayotga tadbiq etilishi” bo‘limi mudirining muovini O‘tbosar Burunboevga uchinchi bo‘lib so‘z berildi. Muovinning so‘zlari bir necha marta qarsaklar bilan bo‘linib turganini ta’kid etgan holda bayonni boshlaymiz:
-Aziz va muhtaram ustozlar, men dissertatsiya haqida gapirishdan oldin qadrli ustozimiz Osimalijon akamizning takliflarini qo‘llamoqchiman. Shunday assotsiatsiya hozir bizga kerakmi? Kerak! Ming martalab kerak! Chunki ustozimizning otalari ko‘sa bo‘lganlari bilan muhtarama volidai muhtaramalarida mo‘ylov bo‘lganini tarixiy dalillar ta’kidlaydi. Yana tarixiy dalillar shuni bildiradiki, Momo Havvodan oldingi uchinchi asrda yashagan ayrim buvilarida ham mo‘ylov uchrab turgan. Demoqchimanki, bu an’ana o‘zining tarixiy ildizlariga ega. Yangi assotsiatsiya raisi aynan shunday ma’naviy huquqqa ega bo‘lishi adolat yuzasidan g‘oyat to‘g‘ridir. Agar assotsiatsiyaga avlodida bitta ham mo‘ylovli xotin uchramaydigan odam rais bo‘lib qolsa, tashkilotni rasvo qiladi. Endi dissertatsiya xususiga kelsak, aziz do‘stimiz misollarni chizmalar yordamida yaxshi tushuntirdilar. Lekin aytish zarurki, chizmalar hayot bilan uzviy bog‘lanmagan. Qo‘lda chizilgan rasm emas, mo‘ylov egasi bo‘lgan shaxslarning fotosuratlari ko‘rsatilganda yaxshiroq bo‘lardi. Dissertatsiyada mo‘ylovchilik protsessi va o‘sish protsenti va diagrammasi taxminan aytildi. Holbuki sartaroshxonalar bilan aloqa bog‘lab, mo‘ylovkashlarning soni aniq darajada ko‘rsatilishi kerak edi. Bu juz’iy kamchiliklardan tashqari dissertant “Kishi salmoqdorligini oshirishda mo‘ylovizmning roli”, “Mo‘ylovizmning keng taraqqiy etishida sartaroshlar tomonidan olib borilishi lozim bo‘lgan agitatsiya va propaganda ishlarining o‘rni”, “Mo‘ylovizm va soqolizmning qardoshlik aloqalari”, “Mo‘ylovizm va kolonializm”, “Qo‘ltiqsoqolning o‘tmishda kamsitilib, qirib tashlashga hukm qilinishi” kabi masalalarga yaxshi e’tibor bermagan. Shuningdek, bugungi kunda ayrim ayollarning mo‘ylovizm va soqolizmga qarshi kurashiga jiddiy zarba berilmagan. Xotini ruxsat bermagani tufayli soqol-mo‘ylov qo‘yolmay xorlanishlarining oldini olish yo‘llari ilmiy asosda ko‘rsatib berilishi kerak edi. Xotinlarning “soqol va mo‘ylov o‘pishayotganda halaqit beradi”, degan da’volarining puchligi jonli misollar orqali rad etilishi shart edi. Erning soqol va mo‘ylovidan huzurlanuvchi ayollarga dissertatsiyada alohida bob ajratilishi negadir unutilgan. Mo‘ylovizm va soqolizmga ayollarning ta’sirini chetlab o‘tish mutlaqo mumkin emas. Qo‘ltiqsoqol masalasidagi ilmiy tortishuvlarda ayollarning ishtirokini hali unutganimiz yo‘q. Aynan ularning yordami tufayli “qo‘ltiq juni” deb kamsitilishiga chek qo‘yilib, soqolizm oilasining teng huquqli a’zosi sifatida “qo‘ltiqsoqol” deb sharaflandi. Endi ko‘krak juni masalasida ham ayollarning qo‘llab-quvvatlashiga suyanishimiz vaqti yetdi o‘rtoqlar. Ko‘krak juni shunchaki mo‘y emas, soqolizm oilasiga mansub ekanini isbot eta olmas ekanmiz, tarix bizni kechirmaydi.
Dissertantning yana bir kamchiligi: ayrim hayvonlarda uchraydigan mo‘ylovlarni mutlaqo e’tibordan chetda qoldirgan. Misol uchun aytsak, erkak mushukdagi mo‘ylovning urg‘ochi mushukka ta’siri o‘rganilmagan. Mushuklar mov bo‘lgan davrda eski mahallalar tomida bir necha kun ilmiy izlanish olib borilganida, bu kamchilikka yo‘l qo‘yilmagan bo‘lardi. Umuman mushuklardagi mo‘ylovizm ongli ravishda taraqqiy etadimi yo ongsiz ravishdami, bu savolga kim javob berishi kerak?
 Ilm oshkoralikni yaxshi ko‘radi, men ham nuqtai nazarimni yashirmayman: shu o‘rinda ustoz Osimalijon akamizning bir fikrlariga qo‘shila olmayman. U kishi o‘tgan asrning oltmishinchi yillarida asosan qaldirg‘och mo‘ylovlar taraqqiy etdi, dedilar. Axir bu masalaga bir tomonlama yondoshish emasmi? Xo‘sh, nomi xunuk bo‘lsa ham o‘zi ba’zi kishilarga chiroy beruvchi “qo‘ng‘iz mo‘ylov” to‘g‘risida nima uchun gapirmaymiz? Shu masalada men bitta taklifni o‘rtaga tashlamoqchiman: keyingi yillarda qo‘ng‘iz mo‘ylovizm harakatining ancha sustlashgani qayd etilmoqda. Shu munosabat bilan institutimiiz tashabbusi bilan “Qo‘ng‘iz mo‘ylovizmni asrash qo‘mitasi” tuzishni taklif etaman. Buning uchun chet ellik mutahassislarini ham jalb etish lozim bo‘ladi. Balki institutimiz qoshida germaniyalik mutahassislar bilan birgalikda “Qo‘ng‘iz mo‘ylov” degan qo‘shma korxona ochish maqsadga muvofiq bo‘lar? Men bir kamtarin mo‘ylovist olim sifatida bu choralarni zaruriy deb hisoblayman.

Xotima o‘rnida

 
Ma’lumingiz bo‘lsinkim, dissertatsiya muhokamasida aytilgan barcha fikrlarni qog‘ozga tushirishday og‘ir ish yo‘q. Men aytilgan fikrlarning qaymog‘inigina sizga yetkazishga harakat qildim. Mazkur muhokamada yana ikki mo‘ylovist fan do‘kto‘ri, to‘rtta nomzod, yana bir qancha aspirantlar so‘zga chiqishdi. Ular “Burun oqqan mahalda mo‘ylovning holati”, “Mo‘ylov va zilzila”, “Kamchatkada uyg‘ongan vulqonning O‘zbekistondagi mo‘ylovizmga ta’siri” kabi muhim masalalarda dissertantga maslahatlar berdilar. Shuningdek, mo‘ylovchilikni rivojlantirishni ko‘zda tutuvchi yana uchta jamiyat, beshta assotsiatsiya, o‘n ikkita qo‘mita tuzishga kelishib olindi. Kamina ham e’tibordan chetda qolgani yo‘q. “Yomg‘irda ho‘l bo‘lgan mo‘ylovni quritish printsiplari” deb atalmish qo‘mitaga a’zo qilib saylandimkim, a, ha... o‘zlaringga ham muborak bo‘lsin, tabriklaringizni bajonidil qabul eturman.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.