OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Turg‘un Po‘lat. Ayollar isyoni (hikoya)

Sarlavhani ko‘rib, obbo, hammayoqni ag‘dar-to‘ntar qilib yuborgan biron tarixiy voqea xususida ilmiy risola yozmoqchi bo‘libdi-da, deb cho‘chigandirsiz. Yo‘q, unaqa emas. Bunday jiddiy narsalarni qalamga olishga toqat qayoqda deysiz! Toqat topilganda ham, ilm bobida, haligidek, bir oz no‘noqroqmiz... Shuning uchun...
Keling, o‘zimizning idorada bo‘lib o‘tgan bir hodisani bilganimcha hikoya qilib bera qolay.
O‘tgan yili idoramizdagi hamma erkaklar pul yig‘ishib, G‘alaba bayramini bahamjihat o‘tkazadigan bo‘ldik. Surishtirib ko‘rsak, o‘zimiz ham yigirmatacha bor ekanmiz. Kishi boshiga uch so‘mdan soliq soldik. Butun kerakli masalliqni, ichimlik, qozon-tovoqni, gilam-ko‘rpachalarni boshliqning mashinasiga ortib, dalaga chiqib ketdik. Shaharda yuraverib, ancha zang bosib qolgan ekanmiz deng, qirlarda ochilgan lolalardek gulgun yashnab qaytdik.
Ammo-lekin boshda bir ishni xom qilib qo‘ygan ekanmiz-da. G‘alaba bayramini nishonlaymiz, deganda nuqul erkaklarni o‘ylab, familiyasi «v» harfi bilan tugaydigan odamlarni surishtirmay-netmay ro‘yxatga tirkayveribmizu, idoramizdagi xotin-qizlar paqqos esimizdan ko‘tarilib qolibdi. Shu yerga kelganda, og‘zingizning tanobi qochib, «...boy-feodallarcha munosabat», deb yuborishingizga sal qolayotganini sezib turibman. Bunaqa gaplar bizga sirachlab qo‘ysangiz ham yopishmaydi. Hech bir yerda xotin-qizlar bizning idoradagiday izzat-ikromda emas. Boshlig‘imizning «o‘ng qo‘li» kim? Nafisaxon. Biz boshliq bilan hafta o‘tib yo ko‘rishamiz, ko‘rishmaymizu Nafisaxon bo‘lsa, uning oldiga kuniga yuz marta, boringki, ming marta kirib-chiqadi. Boshliq u yil bilan bu yilning o‘rtasida bizning qo‘limizdan bir piyola choy ichib qo‘ysa, xuddi qizi ToshMIga kirgan odamday boshimiz osmonga yetib yuradi. Vaholanki, u Nafisaxonning qo‘lidan har kuni o‘n bor choy ichsa ham, qizi tushmagurning parvoyi falak. Xo‘sh, idoramizning daromad-buromadi kimning ixtiyorida?— Xotin-qizlarning. Nega desangiz, bosh hisobchi Ahmad akani qo‘shmaganda, hisobchilarimizning hammasi xotin-qizlardan. Ahmad aka ularga shunaqayam ishonadi, ularni shunaqayam hurmatlaydiki, hujjatlarga imzo chekishdan boshqa hamma ishni shularning o‘ziga topshirib qo‘ygan. Mestkomning ishini yo‘lga solayotgan kim?— muhtaram Qumri opamiz. Olimjon nomigagina mestkomga rais, xolos. Aslida butun ish Qumri opada. A’zolik badalini yig‘adigan ham, kasaba soyuz biletlariga marka yopishtiradigan ham, stantsiyadagi ombordan ko‘mir, kolxozdan kartoshka, obkom soyuzdan yo‘llanma undirib keladigan ham Qumri opaning o‘zi!
Qolaversa, kutubxonaday bilim xazinasining kalitini ham Nuri opaning qo‘llariga berib qo‘yganmiz. Aytgancha, Nuri opani sizga tanishtirmadim-a? U kishi idoramizning ustunlaridan. Idora tashkil bo‘lishi bilanoq ishga kirishganlar. O‘zlari gap orasida: «Shu bilan yigirma sakkizta boshliq ko‘rdim», deydilarki, bunga ishonmasdan bo‘lmaydi. Nuri opaning tahsinga loyiq fazilatlari inchunin ziyoda. O‘z tasarruflaridagi kitoblarning barini o‘qib, ichidagi gaplarni kichkinagina kallalariga jo qilib olganlar desak, lof emas. Biron xodim biron masalada qiynalib, biron kitobni topmoqchi bo‘lsa, tokchalarni titib ovora bo‘lmaydi. Nuri opaga aytsa, u kishining o‘zlari yo yuqori, yoki past tokchadan kerakli kitobni bir zumda topib beradilar.
Nuri opaning yana bir fazilatlari — saylash va saylanishni yaxshi ko‘radilar. U kishiga osh bermang, non bermang, mestkomgami, DOSAAFgami, sport jamiyatigami — ishqilib, idoraga daxli bo‘lgan yoki bo‘lmagan har qanday tashkilotga saylab qo‘ysangiz, bas. Idoradagi hech bir katta-kichik marosim, majlis, ma’raka opamizning ishtirokisiz o‘tmaydi.
«Idoradagi erkaklar pul yig‘ishib, G‘alaba kunini qirda bayram qilishipti», degan xabar qayoqdandir Nuri opaning quloqlariga yetib qolibdi-da! Ana shunda bo‘ldi tomosha, bo‘ldi tomosha! Majlis ustiga majlis. Tekshirish ustiga tekshirish! Yozuvxonaga kirsangiz, mashinistkalar labini teskari buradi. Hisobchi qizlarga salom berishga zorsiz, bari qoshini chimirib o‘tadi. Hamma g‘alvani Nuri opa boshladilar: «Xo‘sh, nega endi G‘alaba bayrami faqat erkaklarniki bo‘lar ekan? Biz ayollar g‘alabaga hissa qo‘shmabmizmi? Fidokorona mehnatimiz bilan front orqasini mustahkamlamabmizmi? Yo‘q, buning tagida boshqa qaltis gap bor. Bu masalani shundoq qo‘yish yaramaydi» deb, bizning boshimizga rosa malomat yog‘dirdilar. Xotin-qizlarimizning har biriga yakka-yakka uchrab ham, kollektiv majlisida ham tavba-tazarru qilib ko‘rdik, bo‘lmadi. Nuri opa «aybdorlarga jazo berilsin!» deb turib oldilar. Oxiri mestkom majlisida shu marosim tashkilotchisi bo‘lmish kaminaga bir dona qurtdek hayfsan berildi-yu, ayollarimizning ko‘ngli sal taskin topganday bo‘ldi. Lekin Nuri opa taskin topganlari yo‘q. «Shu sarqit yigitni haydash kerak edi!» deb ovoz berishda betaraf qoldilar...
Bahorda kurtak yozgan yaproklar kuz kelib xazon bo‘ldi, qor yog‘ib, izlar bosildi, mana mart oyi ham yetib keldi. Bir kuni kechga yaqin idoramizdagi ayollar hammalari kutubxonani ichidan bekitib olishdi. «O‘zi nima gap? Boshimizda chaqilmagan danakdan yana qolgan ekanmi?»— deb hammamizning yuragimiz taka-puka...
Kutubxonadagi «maxfiy kengash»ning tafsilotini ertasiga shofyorimiz Valixondan eshitdik. Valixon Zamira ismli laborant qizga ko‘ngil qo‘ygan. Shu bahorgacha to‘ylari bo‘ladigan. O‘sha kuni ikkovlari kinoga tushishgan ekan. Oshiq-ma’shuqlar o‘rtasida sir yotmaydi, degandek, Zamira Nuri opaning zinhorlab tayinlagan so‘zlarini unutib, kengashda bo‘lgan butun gapni Valixonga maqtanib aytib qo‘yibdi.
Maslahat mana bunday bo‘lgan ekan: ayollar bir yoqadan bosh chiqarib 8 Mart bayramini qizil burchakda o‘tkazishadi. Muzika, raqs, o‘yin-kulgi, vino, shampanskiy xaminqadar bo‘ladi-yu, lekin erkak zoti bu tantanaga aralashtirilmaydi. Osh ustida mehr ketishi qanaqa bo‘lishini ular ham bir bilib qo‘ysin!..
Shunday qilib deng, biz tang ahvolda qoldik. 8 Martni shunaqayam do‘ndirib bayram qilaylikki, bulturgi lola saylining alamini xotin-qizlarimizning yuragidan tamom chiqarib yuboraylik, deb azm-qaror qilib qo‘ygan edik. Endi bu yog‘i nima bo‘ladi?
— Iloji topiladi,— dedi Ahmad aka quvlik bilan ko‘z qisib. «Shu odamdan bir gap chiqsa kerak», deb ishdan keyin barimiz uning xonasiga to‘plandik...
...Qizil burchak xonasida kamalakning hamma ranglari jo bo‘lganday edi. O‘rtada ustiga dasturxon yozilgan uzun stol. Undagi noz-ne’matlarni ko‘rib, ishtahangiz xurujga keladi. Lekin bu qanaqasi? Ziyofatga to‘planganlarning qovog‘i soliqroqmi? Bir-birlariga nega xo‘mrayib qarashadi? Faqat Nuri opaning chehralari namozshomgulday ochilib ketgan. Rejalari benuqson amalga oshayotganidan tanalariga sig‘maydilar. Stol atrofida girgitton bo‘lib, ko‘zlariga bejo ko‘ringan likoplarni hali u yoqqa, hali bu yoqa surib qo‘yyaptilar. Nihoyat, soat o‘n ikki ham bo‘ldi.
— Qani, qizlar! Dasturxon atrofiga marhamat! Nuri opa stol to‘ridagi yakka stulni egallab, majlisga tartib kiritish uchun vilkani tarelkaga urgan edilar. hamki, eshik ochilib, kattagina bir quti ko‘targan Ahmad aka paydo bo‘ldi.
— Bayram qutlug‘ bo‘lsin!— deb xonaning o‘rtasiga keldi-da, qutini bo‘sh o‘rindiqqa qo‘yib, belidagi kanopni yecha boshladi.
Hamma hang-mang bo‘lib, avval bir-biriga, keyin Nuri opaga qaradi. U kishining ranglaridan qon qochgan, vilka ushlagan qo‘llari dag‘-dag‘ titrab, gulko‘zaga urilarkan, «jarang-jurung» sado chiqardi. Majlis ahli to o‘ziga kelguncha, Ahmad aka qutining qopqog‘ini olib, ichidagi sovg‘ani dasturxonga qo‘ydi. Bu — ustiga «Bayram muborak! 8 Mart» deb yozilgan ajoyib tort edi.
— Yashang, yashang, Ahmad aka! — deb qarsak chalib yuborishdi hisobchi qizlar.
Bosh hisobchini shogirdlari darrov yonlariga olishdi. Nuri opa nima bo‘lganiga aqllari yetmay, angrayib qoldilar. Hayajonlarini zo‘rg‘a bosib, vilkani yana stakanga urgan edilar, biz — Valixon, men, rejalashtirish bo‘limining boshlig‘i To‘raxonov, xo‘jalik mudiri Munavvarov va yana bir necha kishi guldastalar bilan kirib keldik-da, xonimlar qo‘liga bitta-bittadan tutqazdik. «Bergan xudoga yoqibdi», deydilar! Qani, endi bizni Nuri opa tugul, militsioner ham bu yerdan haydab chiqarsin-chi!
Ayollarimizning o‘zlari bunga yo‘l qo‘ymaslar. Tag‘in har bir guldastaning ichida egasining nomi zarhal harflar bilan yozilgan otkritka bo‘lsa!
Nuri opaning bir ko‘zlari eshikda, bir ko‘zlari odamlarda bo‘lib, vilkani stakanga urgan edilar, bu gal katta doshqozonning ikki qulog‘ini ikki yoqdan ko‘targan holda, qorovulimiz Hasan aka bilan montyor Shodiboy kirib kelishdi. Gurillab kulgi ko‘tarilgan edi, xuddi zilzila paytidagidek shift ham qasirlab ketdi. Nuri opa ham o‘zlarini tutib tura olmadilar.
— O‘rtoqlar!— deb gap boshladilar Nuri opa qozondagi palov laganlarga suzilib, dasturxonga qo‘yilgach,— o‘rtoqlar! Biz bugun xotin-qizlar bayramini yakka o‘zimiz bayram qilmoqchi edik. Lekin oramizdan sotqin chiqib, butun o‘ylaganlarimiz barbod bo‘ldi...
Shu gapdan keyin g‘ala-g‘ovur ko‘tarildi. Ayollar qo‘llarini bigiz qilib, baravariga gapira boshladilar. «Obbo, tantana tag‘in o‘sha sotqinni topib, muhokama qilishga aylanib ketadigan bo‘ldi-ku», deb yuragimizni hovuchlab qoldik.
— Jim! Gap bundoq,— deb davom etdilar Nuri opa,— mayli, shunday bo‘lgani ham yaxshi!
— Ura, ura! Yashasin, Nuri opa!— degan hayqiriqlar yangradi atrofdan.
— Xotinlar bilan erkaklar bir mag‘izning ikki pallasi. Mana shuni idoramizdagi ba’zi bir kaltabin yigitlar (shu gapda men tarafga qarab qo‘ydilar) tushunib olishgan bo‘lsa, tuzuk. Endi xotin-qizlar bilan erkaklarning salomatligi uchun qadah ko‘taraylik! Qani, olinglar!..

* * *

Idoramizdagi «ayollar isyoni» ana shunday tugadi. Endi hech kim bizga «boy-feodallarcha munosabat» degan aybni sirachlab ham yopishtira olmaydi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.