OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tursunboy Boymirov. Bilaman, yaxshi bilaman (hajviya)

– Kecha tug‘ilgan kuningiz ziyofatiga qarashish bilan butun kunim o‘tdi, – axborot berdi Ismat bosh­li­g‘iga. – Sizlarni jo‘natganimizdan so‘ng devlar ketib, sulaymonlar qutulgandek bo‘ldik.
– Bilaman, juda yaxshi bilaman, – Ismatning so‘­zini bo‘ldi boshliq, – yayrab o‘tirib, rosa ichgansizlar. Lekin, sen Ismatboy, bu gaplarni qo‘yatur. Ziyofat o‘z yo‘lida. Yordamchi xo‘jalikdagi chorvaning oylik hi­so­boti haqida gapir. Taxladingmi? Natijalaridan axborot ber.
Hisobchi Ismatboy bunday so‘rovlarning ustasi bo‘lib ketganidan gap nima haqda ketayotganini darrov angladi. Boshliqdan egilib kechirim so‘radi-da, gapini davom ettirdi.
– Beshta qo‘chqorni ajratib olib, boqayot­ga­ni­miz­dan xabaringiz bor. Shu qo‘chqorlardan bittasi yetilib qoldi. Yetmish kilolar go‘shti bor. Bu yuk bilan qo‘ylarga nasllik qilolmaydi. Kecha shuni so‘ydirib, ziyofatingizga o‘n kilosini ajratib, qol­ganini buzdirmay uyingizga eltib berdim.
Boshliq ko‘rsatkich barmog‘ini labiga tikka bosdi.
– Sekinroq, tomda ham quloq bor, deydilar. Chechang xursand bo‘lgandir?
– Uyga butun bir qo‘chqor go‘shti kelgandan so‘ng xursand bo‘ladilar-da. Bolalaringizning quvonganini ayt­maysizmi...
– Sekinroq gapir-e! Past ovozda imo-ishora bilan tushuntir. Keyin-chi? O‘tirishlaring xushvaqtlik bilan tugadimi?
– Yashirmayman, ko‘p ichdik. O‘g‘lingiz kosagul edi­lar-da, qo‘llarini qaytarolmadik. Haligi, mehmon­lar­dan biri oliftalik qilib “ichmayman!” deb tixirlik qildi. Lekin, yomon ish bo‘ldi-da.
– Bilaman, – dedi boshliq beparvolik bilan, – nima ish qilganliklaringni juda yaxshi bilaman. Bir-birlaring bilan gap talashib ham olgansizlar. Balkim mushtlashgandirsizlar?
– Ha-da! Bilganday gapirasiz-e, boshliq. Xuddi shunday bo‘ldi, – aytmoqchi bo‘lgan gapiga imkoniyat bo‘lganidan quvonib gapirdi Ismat. – O‘g‘lingizga juda havasim keladi-da. O‘zlari tengilar bir ursa, ikki karra qaytim beradilar. Zarb bilan urishga usta.
– Bilaman, – dedi boshliq gerdayib. – Boks to‘­ga­ragiga qatnashib, aniq mo‘ljalga urishni o‘rgangan-da. Jarohat olganlar ham bo‘lgandir?
– Ha! Yo‘g‘-e, – qurmalib qoldi Ismat. – Bu galgi jarohat... Nima desam ekan...
– Men bilaman-da, – dedi boshliq bilag‘onlik qilib, – bir musht bilan esdan ketkizgandir. Balkim seni. Mehmonlar xafa qilmadimi?
– Siz aytgandan ham yomon bo‘ldi, – deb chaynalardi Ismat. – Ikki kurak tishlari sinib tushdi. Og‘iz­laridan qon kelib, esidan ketdilar. Uzoq vaqt o‘zlariga kelmadilar. Boshlarida turdik.
– Ana, – dedi boshliq zavqlanib, – bilaman-da men. Kim ekan u sen “siz”lab gapirayotgan sho‘ring qur­gur? Muovinning o‘sha latta o‘g‘li emasmi? Bechoraga rahmim keladi. Yana ikki-uch kun ginaxonlik ekan-da?!
– Esankiratgan zarb kayfga qorishma bo‘lib, ikki soatlardan so‘ng ko‘zlarini ochib, suv so‘radilar. Sizni bezovta qilmadik.
Boshliq gavdasini stolga tashlab, ko‘zoynagini qo‘­liga olarkan, Ismatga shubhali qaradi.
– Bilaman, yaxshi bilaman... Kim haqida gapirayapsan? Bilsam bo‘ladimi?
– O‘g‘lingizni Foziljon akamning o‘g‘li G‘ani bir urishda ag‘darib tashladi. Kesilgan daraxtday qula­dilar. Ezilib ketdim. Kechirasiz, aytib qo‘yganim uchun.
– O‘g‘lim?!
Boshliq o‘rnidan sapchib turdi. Lekin, shu zahotiyoq shalpayib o‘rniga o‘tirib qoldi. Hushidan ketib, endi o‘ziga kelayotgan odam qiyofasida egilib turganicha, g‘udrandi.
– E-e... Foziljon akamning shunday chapdast o‘g‘il­lari bor ekanmi? O‘g‘il bo‘lgandan so‘ng shunday bo‘lsin-da. Mayli ursin, xijolat bo‘lma! Bizning o‘g‘il urishni o‘rgansin-da. Kim bilan muomala qilishni tushunib oladi.
– Xo‘p desangiz, o‘sha zo‘ravon gapini bir urishda... – kerildi Ismat boshlig‘ining ahvoliga achinib.
– Bilaman, – boshliq yeb qo‘ygudek Ismatga tikildi, – juda yaxshi bilaman. Seni ham bir kalla qilib og‘zi-burningni qonga bo‘yashini bilaman. Chiq, ko‘zimdan yo‘qol!
Ismat boshlig‘idan kechirim so‘rab, egilib-bukilganicha xonadan chiqdi. Chuqur nafas olib, o‘zicha g‘o‘l­diradi:
– Boshliqning shunday deyishini men ham yaxshi bilaman. Axir, zo‘ravon G‘ani boshliqning boshlig‘ining o‘g‘li-da. Buni esa hamma yaxshi biladi.

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 9-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.