OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Uchqun Nazarov. Yangi choyxona (qatra)

Qahhor aka bu choyxonaga qirq yil qatnadi, qish-yoz, issiq-sovuq demadi, bu yerga kelish uning uchun allaqanday burchga aylandi. Avvallari peshinlikni choyxonada o‘tkazardi, pensiyaga chiqqach, ertadan kechgacha shu joyni obod qildi, bir ulfati ketsa, ikkinchisi keladi. Hammalarining o‘tiradigan joylari bor. Yetti kishi galma-gal osh qilishadi. Birov o‘tin yorsa, birov guruch teradi, yana birov sabzi to‘g‘raydi. Qahhor akaning ishi o‘choqqa unnash, qo‘li shirin-da. To‘y-azaga, hasharga birga borishadi, mahalla maslahati bularsiz o‘tmaydi. Har ishda tashabbuskor Qahhor aka.
Choyxonaga xuddi xizmatga qatnagandek chiqadi. Uydagilari Qahhor akani qidirishmaydi, chunki xo‘roz qichqirmay turib, choyxonaga jo‘navorgan, kechasi uyga qaytganida esa hamma uyquda bo‘ladi. Qidirganlar akani choyxonadan topishadi.
Nevaralari ko‘p, nomlarini adashtiradi. Sarvi xola: “Qosimjon maktabga boribdi”, desa, Qahhor aka nevarasini tanimay: “Kim u?” degan. Sarvi xola qizi Saltanat bilan sovchilikka borishini aytganida, Qahhor aka ko‘zini pirpiratgan — nevaralari hali yosh-ku. Bilsa, Murod yigirmaga kiripti, texnikumni bitirib, ishlayotgan emish.
Qahhor aka qaysi kuni bir ayoldan “qo‘lbola” asal sotib olib, o‘sha atrofda o‘ynab yurgan bolaning qo‘liga berib, uyining nomerini aytdi.
— Bilaman, — dedi bola Qahhor akaning qo‘lidan asal solingan shisha bonkani ola turib. Qahhor aka ajablanib bolaga tikildi.
— Toyirmisan? — dedi Qahhor aka nevaralaridan birini eslagan bo‘lib.
— Yo‘q, Sardorman, — dedi bola.
Eski choyxona yo‘lga tushib qoldi. Buzib tashlashdi. Hozir u yerdan asfalt yo‘l o‘tgan. Qahhor aka eshagini yo‘qotgan kishidek, atrofga alanglab, eski choyxonani qo‘msaydi, termosda choy olib borib, yo‘l chetidagi chinor tagida choy ichadi, ba’zan eski qadrdonlaridan biri unga hamroh bo‘ladi. Bunday paytlari yangi choyxona qurilishidan gap ochiladi. Avvalgisi shinamgina, buning ustiga machitga edi
— Yangi choyxona qurilmas emish, — dedi bir kuni Yusuf aka.
Bu gap Qahhor akaga qattiq botdi, u kursichasi bilan termosini ko‘tarib, uyiga qaytdi. Charchadimi, hafsalasi pir bo‘ldimi, xonasiga kirib yotdi, uch kun o‘rnidan tura olmadi. O‘ziga kelgach, yana choyxona tomon yo‘rg‘aladi. Ulfatlari har xil o‘yga borishlari mumkin. Davrada besh kishi qolishgan, ikkitasi bir yilda dunyodan o‘tishdi. Keyingisi Qahhorvoy bo‘lsa kerak, deb o‘ylashuvdi, xayriyat, termosini ko‘tarib kelib qoldi. Sheriklari xursand bo‘lib ketishdi.
— Ko‘rgani bormoqchi bo‘lib turuvdik, — dedi ulfatlaridan biri, — xayriyat, o‘z oyog‘ing bilan kelding. Bardammisan?
— Choyxona qurilmagunicha o‘ladigan anoyi yo‘q, — dedi Qahhor aka. — Turlaring, mahalla raisiga boramiz — joy ajratsin, hashar qilamiz, choyxona quramiz...
Chollarning shashtini ko‘rgan mahalla raisi ehtiyotlandi.
— Pensiya pulimizni sarflaymiz, bitta-yarimta savob talab ham topilib qolar, — dedi Qahhor aka. — Samovor, choynak-piyola, sholchalar choyxonachinikida, o‘zini qo‘yamiz.
— Juda soz, — dedi mahalla raisi, — biz ham qarab turmasmiz, bir tomonini ko‘taramiz, g‘iybatxona bo‘lmasa bas.
— Odam bor joyda g‘iybat ham bo‘ladi-da, — dedi Qahhor aka.
Bir oyga yetar-etmas yangi choyxona ko‘zga ko‘rinib qoldi. Qahhor aka sheriklari bilan qurilishdan nari ketmas, hasharchilarga ovqat piishirar, choy tashir, ba’zan chala choyxonada tunab qolar, erta sahardan biror yumushga unnar, kun o‘tganini bilmas edi.
Ikki hafta burun choyxona tomiga tunuka qoqildi. O‘sha kuni tongda Qahhor aka bandalikni bajo keltirdi. Janoza yangi choyxonada o‘qildi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.