OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ulug‘bek Hamdam. To‘lin oy qissasi

Oyning botini to‘liqib, zohiri to‘lib chiqdi. To‘linganini u atrofdan — quyoshu yulduzlarning sirli-sirli nigohlaridan sezib qoldi. Nigohlar uni jodulab, ich-ichidagi ismsiz hislarini qitiqlab uyg‘otdi. Shundan ko‘ngliga birdan safar qilish istagi tushdi. Toki, nafaqat ko‘kdagi son-sanoqsiz kavokib va yana yakkayu yagona xurshid, ayni damda yerdagi jamiki maxluqot ham uning bu yorug‘ jahonda tengsiz husnu jamolidan bahramand bo‘lishini, unga mahliyo bo‘lib boqishini “ana to‘lin oy, mana to‘lin oy!”, deya entika-entika bir-birlarining quloqlariga shivir-shivir qilishini istab qoldi...
Istakning birinchi tuni. Shunday qilib, oymomo tandirdan endi uzilgan nondek istarali, to‘lin yuzini ko‘z-ko‘z qilgancha, oltinrang sochlarini zamin uzra yoygan ko‘yi ajabtovur sayohatini boshladi. Uning yorqin shu’lasidan olam bir pasda charog‘on bo‘ldi. Shunchalarki, yerda odam yursa, ortidan soyasi ergashib qoldi. Shaharu qishloqlarning oyday oydin yo‘llariga odam sig‘may ketdi. Ular shu’la sochib turgan xush kechadan mamnun -suhbatlashishar, beg‘ubor kulishar, shodon qiyqirishar, hayotning nash’asini his qilib qolishga talpinishardi.
To‘lin oy uylariga kirib ketayotgan odamlarning ortidan judayam olislardan, bulutlar orasidan qarab turdi-da, nihoyat, biroviga yaqinroq borib, uning qalbiga bo‘ylamoqni niyat qildi. Shunday qilib, el qatori ichkarilayotgan bir qariyaning izidan tushdi u... Qariya charchagan ekan shekilli, dam o‘tmay xobxonaga kirib tayyor solingan o‘ringa uzandi. Lekin aksariyat shu yoshdagilar singari u ham qushuyqu bo‘lib, kechasi bilan u yondan-bunisiga ag‘darilib chiqdi. Tong yovuqlashganda esa yuvinib-netib keldi-da, ibodatga toldi. Shunda to‘lin oy bulutlar orasidan asta sirg‘alib, deraza ko‘zidan shundoq qariyaga nigoh tashladi va tuyqus ularning ko‘zlari uchrashib qoldi. Shunda qamar qariyaning ko‘z soqqalarida titrab turgan o‘z suvratini ko‘rdi va botinida unga yanada yaqinroq borish istagini tuydi. Ancha-muncha to‘siqni pisand qilmaydigan shu’lalariga osilib tag‘in biroz pastga endi va qariyaning ko‘zlariga uzoqroq tikildi, tikildiyu shu on... u yerda cho‘kka tushgan ko‘yi sig‘inib o‘tirgan inson qiyofasini ilg‘ab qoldi. Negadir oy cho‘chib ortga tisarildi...
Unga qariyaning oy ruxsorida oyning o‘zini emas, balki o‘z qalbining suvrati — Yaratganga iltijo qilib o‘tirgan xudojo‘y zotni ko‘rib turganligi sira-sira xush kelmagandi...
Birinchi tun shunday kechdi.
Ikkinchi tun. Olis-olislardan bir kuy qulog‘iga chalindi. U shundayin bir ichkin dardga to‘la ediki, qamar qalbini o‘rtab yubordi. To‘lin oy olovrang sochlarini uzun-uzun qilib taradi-da, ularni ovoz kelayotgan yoqlarga elchi o‘laroq yo‘lladi. Aks-sado kelgach esa o‘zi tog‘u toshlar sari yo‘l oldi. Nihoyat, bir manzilga doridi. Bu yerda qo‘ylarini qo‘raga qamab, o‘zi esa oyning yo‘liga ko‘z tikib, qo‘shiq xirgoyi qilib o‘tirgan, hatto kutaverib ko‘zlari to‘rt bo‘lgan cho‘pon yigitga duch keldi. To‘lin oy birdan sevinib ketdi. Axir, kecha guras-guras odamlardan hech biri unga qiyo ham boqib qo‘ymagan, e’tibor qilmagan edi. Ana, boqqani ham alhamdiga yaramadi — ichida ta’masi bor chiqdi. Holbuki, ularning bari oyning shu’lasi tufayli qafasga o‘xshagan uylarini tark etib, oydin ko‘chalarga yopirilib chiqqan, tiriklikning nash’u namosini tuygandi. Lekin... lekin ularning qalb ko‘zlari ko‘r ekanki, faqat o‘zlari bilan band bo‘ldilar. Badr kechasida ham mohitobni yod olmadilar. Badr kechasida-ya!..
Cho‘pon-chi? U — tamomila boshqa. U oyni kutyapti. Hamda shunchaki kutgani yo‘q, balki tashrifiga ilhaq bo‘lib o‘tiribdi. To‘lin oy buni yigitning ko‘zlariga qaragani hamon sezdi va o‘zida yo‘q shodlanib ketdi. Endi shu yerda qolsam ham bo‘ladi, deb o‘yladi. Bir umr, toki hayot ekan!..
To‘lin oy sekin-asta inib, cho‘pon yigitning yonginasiga kelib cho‘kdi. Yigit undan ehtirosli ko‘zlarini uzmas, oy izlaganimni topdim, deb o‘ylardi. Shu asno yigit oyga qarab kuylab yubordi:
Yop-yorug‘ kechalarda tonggacha qolgum kelur,
Oymomo, nurlaringda cho‘milib olgum kelur.
Atrofimga termulib, zavq olaman chiroydan,
Uzolmasdan ko‘zimni o‘tinaman sen oydan...
To‘lin oy o‘zini qo‘shiqning ixtiyoriga topshirdi va baxtu iqboldan mumdek eridi. Eridiyu, bu hol ko‘pga cho‘zilmadi, ki, shu chog‘ boshqa misralar havoda yangrab qoldi:
Xabar bergil, ul “oy”chi, ul “oy” nima qilmoqda?
Balki dog‘li ko‘nglimni yuzlaringdan bilmoqda...
To‘lin oyning xo‘rligi kelib ho‘ngrab yig‘lab yubordi va shartta turib, u yerdan ham jo‘nab qoldi. Axir... axir, bunga chidab bo‘larkanmi?..
To‘lin oy shoshib boshpanasiga ketayotgan edi, yo‘lda e’tiborini nogoh bir tanish chehra tortdi. “Tavba, qayda ko‘rgan ekanman uni?”, deya o‘ylagancha shu yaqin o‘rtadagi qishloqqa tushib bordi oy hamda hovlida, uzum ishkomi ostida shivirlab o‘tirgan kelinchakka ro‘baro‘ keldi. Kelinchakning yuzidagi dog‘larni ko‘rishi bilan to‘lin oy cho‘pon yigitni esladi. Biroq yigitdan farq qilib, kelinchakning tashvishi o‘zga edi: u negadir xiyol do‘mpayib qolgan qornini silar va tinmay pichirlab o‘zi bilan o‘zi gaplashardi. To‘lin oy kelinchakning atrofida shu girgitton bo‘ldiyamki, xomilador ayol e’tiborini qozonolmadi. Kelinchak unga bir nigoh tashlab qo‘yardiyu to‘lin oyni ko‘rmasdi, payqamasdi. Aksincha, xuddi osmondagi oy yanglig‘ to‘lishib borayotgan dumaloq qornini avaylab silagani silagandi. Ammo ularning — oy va kelinchakning yuzlari naqadar bir-biriga o‘xshaydi-ya! Xuddi bir onadan talashib tushgan opa-singil deysan! Dard o‘zga bo‘lsa, opa-singillik ham, ikki tomchi suvdek o‘xshashlik ham sariq chaqa turmas ekan-da...
To‘lin oy yuzi o‘zinikiga juda-juda o‘xshab ketadigan kelinchakka so‘nggi bor boqdiyu asta ortga chekindi...
Uchinchi tun. To‘lin oy yana shahar uzra paydo bo‘ldi. Yana olomon ko‘chalarga otilib chiqdi. Lekin oy ham anoyi emas — o‘ziga e’tibor qilmagan to‘dani mensimadi, ularga ko‘z qirini ham ravo ko‘rmadi. Bil’aks, zarrin kokillarini parishon aylagancha, ko‘chalar bo‘ylab ko‘nglidagini qidira ketdi. Shunda nigohi birdan juldur kiyimli kimsaga tushdi. U shahar chetidagi eski, nuragan devorga suyanganicha ko‘kka qarab qo‘llarini duoga ochgan ko‘yi o‘zicha nimalarnidir pichirlab o‘tirardi. Qamar shu’lalarini tilanchiga yanada yaqin yo‘lladi. Tilanchi nihoyatda abgor, qarovsiz va munglig‘ alfozda edi. Oyning unga rahmi keldi. Zora shu benavoning ko‘nglidan istaganimni topsam, deb o‘yladi. “Axir, u shunchalar bechorayu miskin bo‘lgani holda mendek malikani — kechalar va ko‘chalar charog‘boni bo‘lmish mohitobning ko‘ksidan itarishga botinmas”, deya pichirladi o‘ziga o‘zi ichki mamnuniyat ila... Bu kecha niyatiga qovushishiga shubha qilmagan to‘lin oy badanga xush yoqadigan shu’lalari bilan tilanchining atrofini qurshab oldi. Biroq shoshilgan ekan: qo‘llarida bir necha chaqa, ko‘zsoqqalarida oyning suvrati bo‘lgan tilanchining lablarida oyning istagiga tamomila ters bir iltijo yangrab qoldi: “Ey Tangrim, ko‘kdagi ana shu oltin tangangni uzib bersangu men ham sarson-sargardonlikdan birato‘la qutulsam — oila qurib, bola-chaqa orttirsam, odamlardek umrguzaronlik qilsam...”
Oy... oyning bo‘lari bo‘ldi, shoshib sochlarini turmakladi-da tilanchining qoshidan ura solib qochdi. Qochib ketarkan, ko‘nglining bir cheti ushatilib tushganini his qildi...
To‘rtinchi tun. Yangi tunda to‘lin oy yangi umid bilan yangi safarga chiqdi. Bu gal u boyning oldiga borishga ahd qildi. Axir, kambag‘alning misi chiqdi — oyni oltin tangaga aylantirib jig‘ildoniga urish ekan, mo‘min-qobil ko‘ringan tilanchi duosining bor-yo‘q sharhi. “Qanchalik jirkanch!” nafratlanib o‘yladi to‘lin oy. Shuning uchun ham u endi yer yuzidagi eng badavlat odamni izlab topadi. Bir pasda topdi ham. Axir, tepadan turib bir ko‘z solganingdayoq butun olam sirg‘alib kaftingga tushsa, buning nimasi qiyin?.. Xullas, boy! Bu odam na ko‘chadagi olomonga, na sig‘inib o‘tirgan qariyayu na qirdagi cho‘ponu uning o‘zi bilan o‘zi andarmon xotini — kelinchakka va na ko‘chalarda xor bo‘lib sudralib yurgan haligi gadoga mengzardi. Badavlat zot o‘z xayollariga shunchalar g‘arq bo‘lgandiki, avvaliga oyning xafsalasi pir bo‘ldi bu e’tiborsizlikdan: kim bu o‘zi? Nega jim? Nega hech kimga qo‘shilmaydi, o‘ynab kulmaydi, odamlar bilan gaplashmaydi, kayfu safo qilmaydi? Nega u saroyning bir kunjida allaqanday raqamlar yozilgan qog‘ozlar ummoniga ko‘milib olgancha yorug‘ olamdan g‘ofil o‘tmoqda? Hatto xotiniyu bolalari bilan ham ishi yo‘q?
Boshqa tomondan esa xursand bo‘lib ketdi: axir, ko‘rganlarining orasidan bitta shu badavlat zotgina ta’madan xoliga o‘xshar, bir chetda o‘z ishi bilan sas-sadosiz kuymalanib o‘tirardi. Ammo boyning zarari tegmaganidek, foydasi ham yo‘qdek tuyuldi unga. Shunchalarki, hatto zerikib o‘lish mumkin u bilan... To‘lin oyning bir ko‘ngli ketgisi keldi, sochlarini yig‘ishtirib, ko‘ngil murodini qidirgan ko‘yi yana olam kezmoqqa talpindi. Bir ko‘ngli esa, shuncha yo‘l bosib keldim, yaqinroq boray-chi, buning ham bir siri bordir, deya qiziqdi. So‘ng qal’a derazasidan shu’la bo‘lib kirib, stol ustida sochilib yotgan qog‘ozlarga engashib o‘tirgan puldorning naq boshi uzra to‘xtab, andak tin oldi. Oy shu turgancha to tonggacha, quyosh janoblari chiqib, uni o‘z yotog‘iga kuzatib qo‘ygungacha ham poktiynat bu insondan biron yomonlik chiqmasligi haqida o‘ylab ketdi. Shunda ko‘nglida subhidamgacha qimir etmay xonada nur taratib turish istagi paydo bo‘ldi. “Axir, farishtadek bu odamlarga xizmat qilmasang, kimga qilasan?” deb o‘yladi u. Faqat... xiyol o‘tmay, shu’ladan yorishgan qog‘ozlar boyning sirini oshkor aylab qo‘ydi-ku: qog‘ozning ust qismiga “Shartnoma” deb yozilgandi. “Shartnoma”ning oxirgi bandlaridan birida esa“...kelishilgan miqdordagi pul bosqichma-bosqich to‘lab boriladi va 2100 yil, 1 yanvardan e’tiboran yer yo‘ldoshi oy muhtaram janob “X.X.X.”ning nomiga rasmiylashtiriladi hamda uning shaxsiy tomorqasi hisoblanadi”, degan yozuv bor edi...
To‘lin oyning bag‘ri birdan faryodga to‘ldi, biroq u shunchalar katta ediki, o‘kirib yig‘lagan bilan chiqib ketmasdi. U na sochlarini yig‘ib, ufqqa bosh qo‘yishiniyu va na boshqa biron tadbir olishini bilar, turgan joyida haykaldek qotib qolgandi.
Beshinchi tun. Achchiq tajribalarga qaramay, to‘lin oy umidni uzmagan edi. Olam uzra tun pardasi yopilganda, maskanidan istamaygina bosh chiqargan mohitob hech kutilmaganda, hu-uv tubanlardagi bir panjaraga ko‘zi tushib qoldiyu o‘sha yoqqa ravona bo‘ldi. Kelib qarasa, shahardan olisda, ittopmas bir joyda, chor atrofi temir chovralar bilan o‘ralgan, toshdan yasalgan qo‘rqinch bino bor ekan. Uning atrofini son-sanoqsiz qo‘riqchilar qurshab olishib, toshqasr girdida tinmay aylanishar, ichkariga pashshani qo‘yishmas, ayni paytda, undan chivinning ham uchib chiqishiga imkon berishmasdi. Lekin bu himoyalar to‘lin oyni zarracha tashvishga solmasligiga ko‘ra u to‘g‘ridan-to‘g‘ri maqsadga o‘ta qoldi: o‘zini ko‘k yuzidan shu qora makonga, xarobazorga yetaklagan panjarani qidirib topdi-da asta ichkari mo‘raladi. U yerda bir juft ko‘z unga ilhaqu zor bo‘lib turardi. Oh!.. Nahotki, bu tun, nihoyat, uni murodiga qovushtirsa?!..
To‘lin oy bir juft ko‘zga boqib, uning o‘ta og‘ir jinoyati uchun ming yilga qamalgan mahbus ekanligini uqib oldi. Ammo bu ham oyni tashvishga solmas edi. Chunki eng muhimi, mahbus oyni kutgan, uning uchun har nimaga tayyor edi! To‘lin oy shuni o‘ylar, mahbusning o‘ziga tikilib turgan ma’nodor ko‘zlaridan nigoh uzmas, qidirganini topgandek sekin-asta bu ko‘zlar qa’ridagi o‘ziga tegishli o‘sha sehrli olamga tortilib, o‘zini istalgan, kutilgan his qilar, bundan olam-olam baxt tuyar edi. To‘lin oy qancha ilgarilagan sari o‘zini shuncha masrur sezar, yana bu olamda mangu kezsam derdi. Botin sari ichkarilay-ichkarilay, axiyri, u mahbus bilan go‘yo bir tanu bir jonga aylandi. Shunda... shunda bir lahzada hammasi zeru zabar bo‘ldi! Ungacha hammasi risoladagidek ketayotgandi. To‘lin oy o‘zini mahbus bilan yagona vujud, yagona qalb deb his qila boshlagan ondan boshlab esa ichkarida, juda ham chuqur bir joyda, mavjudiyat borlig‘ining eng tubida to‘lin oy tuyqusdan boshqa bir ehtiyojga duch kelib qoldi. U ham bo‘lsa, mahbusgagina oid ehtiyoj bo‘lib, u kattakon tuynuk ko‘rinishiga ega edi! Tuynukki, mahbusni ming yillik qamoq jazosidan xalos etadigan!.. Ya’ni, mahbus ko‘kka qarab, zim-ziyo tunda oyni ko‘rib, uning siymosida o‘zining najot farishtasini topgan ekan. Uning uchun ming yillik qamoq jazosi va umuman, bu zulmkor olam go‘yo bir ulkan qafasu to‘lin oy shu qafasdan chiqib qutilishning birdan bir chorasi, tirqishi ekan! Agar, mahbus qalbidagi ehtiyojni she’rga ko‘chirish mumkin bo‘lsa, bir shoir yozganidek, u taxminan shunday shaklda jaranglardi:
Yor, yuzingga o‘xshagan dum-dumaloq anov oy
U dunyoga o‘tguvchi tuynukmasmi, hoynahoy!
To‘lin oy buni o‘z qalbida ko‘rdimi yo mahbusnikida, ajratib ololmadi. Zotan, bu vaqtga kelib, ularning boru yo‘q istagu ehtiyojlari qo‘shilib, bir-birlarida g‘arq bo‘lgan edi. Binobarin, tuynukning qaerda, kimning qalbida ko‘ringani endi unchalik ahamiyatga molik emasdi. Muhim bo‘lgan narsa shuki, tuynuk bor edi! Oyning yoki mahbusning mavjudligi yanglig‘ tuynuk ham mavjud edi! E voh, mahbus ham el qatori oydan oyni kutmagan, undan najot kutgan bo‘lib chiqdi...
To‘lin oy mahbusning botinidan sidirilib ajraldi, so‘ng qamoqxona panjaralariga chirmashgan nurlarini yig‘ishtirib, ko‘k toqidagi o‘z go‘shasiga o‘zidan aziz bir parchani qaydadir tushirib qoldirgan ko‘yi yetib kelganda yurak-bag‘ri qonga to‘lgandi. Birdan osmon betida qop-qora bulutlar paydo bo‘lib, zamin uzra sharros yomg‘ir quya boshladi...
Oltinchi tun. To‘lin oyning jamiki odam zotidan hafsalasi pir bo‘lgandi. Endi uning bu qavmdan yiroqroq yurgisi keldi. Qorong‘i tushishi bilan ko‘k qo‘ynida paydo bo‘ldiyu tabiat quchog‘iga kirib, negadir o‘zi ham bilmaydigan nenidir qidira ketdi. Ammo nimani qidirganini o‘zi bilmasdi shu tobda. Axir, qidirib topganlari nima karomatlar ko‘rsatdi?.. Shunga qaramay, allaqanday savqitabiiy ichki bir ehtiyoj ostida qolib faqat qidirardi. Nihoyat, ko‘zlari giryon bo‘ldi va... va topdi. It suv ichmoqchi bo‘lib soyga yaqin kelmoqchi bo‘lishga urinardi. To‘lin oy shoshdi. Odamlardan topolmaganini hayvondan umid etdi. It bo‘lsa, bu vaqtda tumshug‘ini soyga tiqib “chalop-chalop” etib suvni yalab ichmoqqa tutingandi. Oy unga tepadan judayam yovuq keldi. Shunda uning aksi suvda ko‘rindi. It birdaniga suv ichishni to‘xtatib, boshini xiyol ko‘tardi va g‘alati bir alfozga tushib, diqqatini soy tubida paydo bo‘lgan nonga o‘xshagan g‘aroyibotga qaratdi va hayallamay qo‘lga kiritish ilinjida suvdagi oyga tashlandi... Oyning aksi suvda, qalbi esa ko‘kyuzida chil-chil sindi: sho‘rlik it och ekan, oyni oy deb emas, balki non deb qabul qilgandi...
Oyning yana bir parchasi suvda qolib ketdi...
Yettinchi tun. Oyning murodi, ko‘ngil istagi nima edi? Nega u qo‘nim topmay izlanadi, mudom kimnidir kutadi, nimaningdir yo‘llariga mahtal boqadi, umidlanadi, umidsizlikka tushadi, o‘rtanadi, parchalanadi, lekin izlashdan voz kechmaydi... Kim u, nima u?... Qani endi o‘zi ham shuni bilsa? Hech qursa, biron bilganni topib olsa! Yo‘qsa, hammasiga, butun iztiroblariga chek qo‘yib yashasa, nima bo‘ladi? Peshona yozug‘i — zimmasiga tushgan vazifa — olamni charog‘on etishini bilib, jimgina falak kezib umrguzaronlik qilsa, nima qiladi?.. Oh, qani endi bu oson bo‘lsa?.. Hamma gap shunda-da. Axir, ichida kimdir, nimadir borki, mudom unga tinchlik bermaydi, mudom o‘ziga chorlab halovatini o‘g‘irlaydi, zulmatga chulg‘angan tunda ko‘k yuzida besamar tentiratib, zor va xor aylaydi... Nima u, kim u?..
U g‘ayritabiiy makon qidirib, bittagina, kattagina ko‘zi bilan zaminga umidvor boqdi, uzoq boqdi. Biroq na qirdayu na tog‘da, na cho‘ldayu na vodiyda, na qishloqdayu va na shaharda, na odamizod va na hayvonot olamida qo‘nim topdi. U kutilmagan bir uchrashuv kutardi. Shundayki, uchrashuvdan so‘ng o‘sha yerda muqim qolsa, joyidan jilmay har tun bir o‘sha maskandan paydo bo‘lsa, bir-birlarining dardiga darmon bo‘lib topildig‘i bilan qo‘sha qarisa...
Umid va umidsizlik, xayol va hayot orasida mokkidek borib kelarkan, to‘lin oyning ko‘zi birdan ummon ichra, ummonning tub-tubida o‘ziga qarab turgan yana bitta ko‘zni, ko‘zki ichida xazinalar ko‘milgan g‘orning og‘zini ko‘rib qoldiyu birdan hushyor tortib, butun diqqat-e’tiborini o‘shanga qaratgancha yo‘lga tushdi. Shiddat bilan yo‘l bosib borarkan, yetti qavat yerning ostiga kirmaguncha xazinaga yetib borolmasligi haqida o‘ylab ketdi. Xotirasini titib, butun kechmishini varaqlab chiqdi — hech nima, hech qanday boshqa yo‘l — najot topmadi u yerdan. “Nachora... Yer osti bo‘lsa, yer ostiga tushamiz, toki o‘sha gizli xazina loaqol bir bora bo‘lsa-da arzanda yuzini ko‘rsatsin, kim ekan, ne ekan u?.. So‘ng o‘sha qa’rda qolib o‘lsam ham roziman!..”, deb xitob qildi u o‘ziga o‘zi va ummon tubidagi g‘orga qarab yeldi.
Birinchi qavatga kirish qiyin kechdi. Chunki judayam uzoq yo‘l bosishga to‘g‘ri keldi. Ustiga ustak, yo‘l o‘ta mashaqatli bo‘lib, umid va umidsizlik to‘lin oyni nari oborib beri opkelardi. Lekin ortga qaytish yo‘qligi kundek ravshan. Shuning uchun ham to‘lin oy chekinmadi, ertaklarda aytilganidek, “yo‘l yurdi, yo‘l yursa ham mo‘l yurdi”. Nihoyat ilk qavatni ishg‘ol qildi.
Qarasa, yer yuzi kabi keng bir qavatga tushib qopti. Hayron bo‘lib atrofga olazarak boqdi... G‘imirlagan zog‘ yo‘q-a! Nima qilarini bilmay serrayib turdi-da, beixtiyor oldinga yurdi. Shunda yurgan yo‘lida, oyoq ostida bittagina tandir non yotganini ko‘rib ajablandi. Nonni kokillari yordamida ko‘tarib qiziqsinib qaragan edi, u birdan tuynukka evrildiyu to‘lin oyni qa’riga tortib ketdi. Sho‘ng‘ib, bir qavatdan ikkinchisiga o‘tib borarkan, oyning ko‘ziga -tomorqa, oltin tanga, so‘ng yor ko‘rindi. To‘lin oyning, ayniqsa, shu qavatda qolgisi keldi. Lekin gardanidagi vazifa va botindagi orzu uning sochlaridan tortib oldinga sudroqlab ketdi. Yo‘lda, do‘mpayib chiqqan qornini silagan ko‘yi o‘z xayollariga g‘arq bo‘lgangancha ishkom ostida o‘tirgan o‘sha — yuzi oynikidek dog‘li kelinchakka yuzma yuz kepqoldi. Lekin to‘xtab bo‘lmasdi. Uni o‘ziga tortgan xazina oldinda, bas, yurish, yurish va yana yurish kerak edi! Oy kelinchakning yonidan shuvillab uchib, navbatdagi qavatning bag‘rini yorib kirdi va ulkan bir sayhonlikda sig‘inib o‘tirgan bittagina odamga ro‘baro‘ keldi. Vo ajab, to‘lin oy qariyani tanidi va bir zumgina uning qoshida tin oldi. Shunda u yer ustida ko‘rganlarining barchasi yer ostida teskari bir tartibda yuz berayotganini fahmlab qolib, bundan bag‘oyat taajjublandi. Lekin fursat oz edi: hademay falakka quyosh chiqadi-da oyga ajratilgan muddat sob bo‘ladi. Oy shoshib o‘zini yana yo‘lning bag‘riga otdi. Nihoyat, mana u — yettinchi qavat! Oyning qiziqish va hayajoniga cheku chegara yo‘q edi. Xo‘sh, nima bo‘lishi mumkin bu sirli qatda, so‘nggi qavatda?!..
Yaqinlashib borarkan, ko‘z o‘ngidan yana har xil suratlar lip-lip etib o‘tib turdi. To‘lin oyning bo‘lari bo‘ldi. U bunday jumboqning siriga yetolmay, ayni damda, nima qilarini bilmay garang, holsiz va qarorsiz qoldi. Shunda hammasidan charchaganini, hammasidan bir yo‘la va bir umrga qutilish, ozod bo‘lish istagi to‘shida yurak kabi dukillab urayotganini his qildi, shu hamona ummon tubidagi g‘orning so‘nggi qavati uni o‘ziga — dafinalar yashirilgan oxirgi dovoniga chorladi. Shubha yo‘qki, najot shu yerda! To‘lin oy o‘zini yana tuynukka qarab otdi!.. Tuynuk unga bir chohga o‘xshab tuyuldi. U qachonlardir osmonning yettinchi qavatida mastu mustag‘riq holda kezib yurardi, endi bo‘lsa, qismatning dastidan yerning yettinchi qa’riga cho‘kib bormoqda! Ammo to‘lin oyga endi baribir edi: u tole yozig‘ini bo‘yniga ilib, tavakkal qilgancha o‘zini g‘orning og‘zi — tuynukning qa’riga otgandi: nima bo‘lsa, tezroq bo‘lsin va hammasi bitsin!.. U go‘zal va kattakon ko‘zini yumib g‘orning eng oxirgi qavatiga sho‘ng‘idi, shu barobari yuragi ham shuv etib ketdi, nazarida u g‘orning tubiga yetgandek bo‘ldi va u yerga ko‘milgan xazinani ko‘rish umidida ko‘zini katta ochib qaradi: yo qudratingdan, tushmi bu yo o‘ng? To‘lin oy qarshisida o‘ziga quyib qo‘ygandek o‘xshash — yana bitta oy turardi! Jilmaysa jilmayar, xo‘mraysa xo‘mrayardi. “Tavba, bor yo‘g‘i shumi, u qidirgan, yetti qavat yerning ostiga ko‘milgan xazina shuginami?”, o‘yladi u. Ammo vaqt o‘tgan sayin botinida tug‘ilgan favqulodda kuchli va yoqimli hisni tuyib, xotirjam torta boshladi.
Ertasi tunda, osmonu falakda, yuzi kemtila-kemtila o‘rog‘dek bo‘lgan, lekin ko‘ngli to‘lib chiqqan hilolning botinida o‘z vazifasini ado etishdan, ya’ni olamni charog‘on aylashdan o‘zga ehtiyoj yo‘q edi...

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 3-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.