OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Umid Xolliyev. Tiriklik iztiroblari (qissa)

Ozod ruh
 
Buvimga dunyoning oxiri qaerda? – deb savol berganimda hali maktabga bormasdim. Bolalik tasavvurimda esa quyosh botadigan joy dunyoning oxiridek edi. Uyimizdan ancha uzoqda, kun botish tomonda g‘o‘za barglarini to‘kish uchun dori sepadigan samolyotlarning qo‘nalg‘asi joylashgandi. Mening nazarimda, quyosh shu qo‘nalg‘aning orqa tomoniga borib botadigandek. Ammo men hali u yergacha borib ko‘rmaganman, uydan uzoqqa ketishga ruxsat yo‘q. O‘sha vaqtlarda samolyotni yonginasidan turib tomosha qilish men uchun katta baxt edi-ya. Bir kuni qiziqishlarim ustun kelib o‘zim uchun joriy etilgan qoidalarni buzishga jur’atim yetdi. Samolyotni yaqindan ko‘rish uchun qo‘nalg‘a tomon yayov yolg‘iz o‘zim yo‘lga tushdim. Manzilga yetguncha ancha ter to‘kishga to‘g‘ri keldi. Hozir o‘ylasam, o‘shanda to‘rt kilometrdan ortiqroq yo‘l yurib borgan ekanman u joyga. Samolyotlarni juda yaqindan tomosha qilib ularning kattaligiyu, tuzilishidan hayratlanar ekanman, bu yerda turib o‘zim uchun undan-da hayratlanarliroq yana bir narsani kashf etdim. Bu yangilik shundan iborat ediki, quyosh qo‘nalg‘a orqasiga botmas ekan, undan narida ham xuddi bizniki kabi qishloqlar bor ekan! Uyimdan qaraganda go‘yoki hozir to‘xtagan joyimga botadigandek ko‘rinadigan quyosh bu yerdan qaraganda ham o‘shancha uzoqlikka botadigandek ko‘rinarkan. Bosqichma-bosqich sinfdan-sinfga o‘tib ilm olish kabi umumiy o‘rta ta’lim shaklidagi maktablardan birining o‘quvchisiga aylanganimda olam va odam haqidagi ilk taassurotlarim tubdan o‘zgara boshladi. Endi men qishloqlar jamlanib tumanlarni, tumanlar viloyatlarni, viloyatlar mamlakatlarni va o‘z navbatida, mamlakatlar jamlanib qit’alarni, shu qit’alar esa yer kurrasini tashkil etishini bilib oldim. O‘ylaganimdek, yer tekislikdan iborat emas, yana bu kuzatayotgan olamim yer va osmondangina iborat bo‘lmay, markazida quyosh joylashgan bu tizim xuddiki yer kabi uning atrofida o‘z halqalari bo‘ylab aylanadigan yana shunday sakkizta sayyoradan iborat ekan. Yerdagi o‘lchamiga qaraganda juda uzoq masofalar, murakkab harakatlar go‘yoki o‘ta mohir mexanik tomonidan yasalgan ulkan mexanizmdek. Ammo bu hali koinotning chegarasi emas, Galaktika deb nomlanuvchi koinot hududi bizning olamga o‘xshagan shunday ulkan tizimlarning bir milliardga yaqinini o‘z ichiga olardi. Tasavvur qilishga aql ojiz. Biri ketidan ikkinchisi mo‘ltirab turadigan savollar ham koinotning hududi kabi cheksiz. Koinotning oxiri qaerda? Biz yopiq dunyo ichidamizmi yoki?..
Tasavvurlarimning ibtidosida paydo bo‘lgan bu savollar universitetning falakiyotshunoslik bo‘limini tugatganimdan keyin ham javobsiz qolib ketayotgandi. Ko‘proq o‘rganishga intilganim sayin olam va odam haqidagi turfa qarashlar va taxminlarga duch kelib savollarim safi kengayib boraverardi. Olam haqidagi javobsiz savollarga “dunyoning oxiri qaerda?” – degan jumboq peshqadamlik qilsa, odam haqidagi bahslarning boshida “inson hayotining ma’nosi nima?” – degan savol turardi. Men gunohkorligi tufayli jannatdan haydalgan Odam Ato maskanida uning bir davomchi avlodi sifatida yashab turib bu savollarga javob qidirardim. Agar diniy ta’limotlarga quloq tutadigan bo‘lsak, yer – ma’noga qaytish uchun tanlangan bir mo‘‘tabar, jazo va tavba maskani. Bu qafasda o‘zimni Odam Atoga qismatdosh bo‘lgan tutqun ekanimni anglay boshlayman. Ayni vaqtda, mehr va rahm soyasida ekanimni, bu soya panohidagi umr ham menga ato qilingan bir hadya ekanini his qilaman. Koinotning cheksizligi haqidagi savollarga javob topa olmagan tafakkurim bilan insoniyatga bu qafas ichra tuhfa etilgan hadyalarni titkilay boshlayman. Baribir, ularning eng a’losi ong deyman o‘zimga o‘zim, u – ma’noning boshlanishi. Yerga bog‘langan moddiy vujudda yashab turib tabiatdan tashqaridagi ong bilan bog‘liq hodisalar tahliliga kirishaman. Ulardan faqat Ollohning yagona va behojatligi haqidagi ta’limotni inkor eta olmayman, unga bog‘lanishni istayman. Garchand, buni uddalash ehtiyojlari moddiy dun­yoga bog‘langan vujudda joylashgan ruh uchun oson bo‘lmasa-da. Nazarimda, taraqqiyot bilan bog‘liq narsa va hodisalar vaqt o‘tishi bilan o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Taraqqiyot qanchadan-qancha olimlarning mehnat mahsuli, u sinovning yangidan-yangi usullarini yuzaga keltiraveradi. Ammo unda ham ma’noga ishora qiluvchi va insonni aqldan ozdiruvchi shubhali faraz va taxminlar tiqilib yotibdi. Eng qizig‘i, texnik taraqqiyot ko‘rsatadigan yo‘lning bu cheklangan dunyomizdagi va’da qila oladigan kafolati nolga teng. Negaki, olimlarning qilgan buyuk kashfiyotlari tabiatdan ko‘chirib olingan aniq bir andoza. Taraqqiyotning hamma davrlarida o‘z “ixtiro” va “kashfiyot”larining cheki bo‘lmagan. Lekin ularning ham hech biriga nari borsa, ming yil avvalgi va hozirgi zamon odamining hayotiga bir xilda ma’no baxsh etadigan xususiyatni ato etish baxti nasib etmagan. Qaytanga, u rivojlangan sari o‘z jozibalariga maftun etib, moddiy dunyoga yanada mahkamroq bog‘laydi, xotirani yo‘qotib faqatgina lazzatlanishni bosh maqsadga aylantiradi. Odatda, yolg‘on uchun eng xavfli dushman – xotira. Insoniyatga tegishli xotiralarning eng tubida esa dunyoning yolg‘onligi haqidagi falsafa yotadi. Shunday qilib, ma’noni inson aqli bilan ushlab turilgan taraqqiyotdan qidirish besamar ekanligi ko‘rinib qoladi. Ma’no qidirish baxti meni avliyolarning komillik haqidagi hikmatlari poyiga yetaklaydi. “Bu sinov maydonida ikki nafsni xor tut – ma’no shunday cheklanganlik ichiga yashiringan”. Bu o‘gitning o‘ziga mahliyo qiladigan mukammalligi shundaki, uning amaliylashuvi insonlarning yovuzlikdan kamroq aziyat chekishlarini ta’minlaydi. G‘oyibona amrlarga itoat etib yashash lozim ekanini anglab, o‘zimni xojali quldek his qila boshlayman, taqdirimga fazilatga ergashish bitilgan, deya o‘ylayman.
Bolalik xotiralarimni titkilar ekanman, ma’noning bunday hikmat asosiga qurilgani haqidagi xulosani ancha ilgari ham eshitganimni eslay boshlayman. Esimda: uyga kelgandan keyin maktabda bilib olgan ilm mo‘‘jizalarini buvimga aytib maqtanardim. Buvimning men uchun shunday hayajonli bo‘lgan yangiliklarni beparvo tinglab turib: “Bular barchasi Ollohning qudrati, bolam”, deb qo‘yishlari g‘ashimni keltirardi.
– Bilasizmi, buvi, – derdim men qizishib ketib. – Uyingizning shiftiga qo‘limni ko‘tarsam yetadi. Hozir katta shaharlarda yuz qavatlik uylar qurilayapti.
– Ollohga sodiq qul bo‘lib yashash uchun uyning baland-pastining ahamiyati yo‘q, bolam, – boshimni silardi buvim. – Inson ezgu amallar bilan jannatiy bo‘ladi.
Shunday qilib, men uzoq yillar davomida ilm so‘qmog‘i deb yurib kelgan yo‘lning adog‘ida boshini silab turgan buvimni ko‘rib hayratlanardim. Yonginangda turgan haqiqatni anglash uchun, nahotki, shuncha yo‘l yurish lozim bo‘lsa?
Buvim haqidagi xotiralarga berilaman.
Kuz faslining birinchi oyi, kun tikkadan oqqan. Maktabdan qaytib choy ichib bo‘lganimdan keyin buvimning shinamgina uyida uxlab qolibman. Tashrif buyurgan mehmonlarning g‘ivir-g‘iviridan uyg‘onib ketsam-da, sezdirmasdan ularning suhbatini tinglab yotaverdim. Buvimning yangasi udumlarimizga amal qilib, yangi tushgan nevara kelinini biznikiga boshlab kelibdi. Toza kelin katta hayotni ibratli keksa ayollardan o‘rganishi kerak. Udum shunday mantiqqa asoslangan. Ular ancha suhbatlashdilar, yosh kelinchakka ko‘pchilikning kamchilikka ta’sir ko‘rsatish usulidan foydalanib halol yashash uchun kerakli bo‘lgan pand-nasihatlarni qildilar. Keyin buvimning yangasi keliniga “sen endi uyga qaytib kechki ovqat taraddudini qilaver, men keyinroq qaytaman”, – deb javob berib yubordi.
Eshik yopilib, kelini uzoqlashganiga ishonch hosil qilgach, ovozini pasaytirgancha sharoit tangligidan ayta olmay ichiga yutib turgan voqeani buvimga so‘zlab bera boshladi. Suhbat past ovozda kattalarga xos qochiriqlar bilan o‘tayotgani uchun men deyarli hech narsa tushunayotganim yo‘q edi. Anglaganim, suhbat eridan taloq tekkan bir juvon haqida borardi. “Nafs qursin, nafs, – bosh chayqadi buvim, – u insonni xor qiladi”.

To‘rt unsur

To‘rt-besh yoshlar atrofida edim. Qishlog‘imizga lezgin millatiga mansub hunarmand o‘z buyumlarini sotishga keldi. Asosan, oshxona jihozlari – qo‘lbola kapkir, cho‘lpi, elak, pichoq va yana shunga o‘xshash narsalar. U hovlima-hovli yurib o‘z buyumlarini namoyish etar, rosa maqtab, odamlarni o‘zidan nimadir sotib olishga undardi. Ba’zan esa eski choynak, chelak, samovar kabi idishlarni tuzatib ham berardi. U ko‘pincha bizga bobomeros bo‘lgan tashqari hovlining darvozaxonasida namat ustiga o‘tirib olib ish boshlardi. Chol asboblarini yoyib ishga kirishgan vaqtda tengqur o‘rtoqlarim bilan uning atrofini o‘rab olardik. Bizning diqqatimizni tortadigan narsa shu ediki, bu hunarmand chol tunuka qoldiqlaridan biz uchun ajoyib ko‘rinadigan hushtaklar yasardi. Hushtaklarni esa ba’zida o‘sha vaqtning puli bilan o‘n tiyinga sotardi yoki bir dona bo‘shagan shisha idishga almashtirardi. Lezgin chol o‘z tirikchiligi bilan yurgan bo‘lsa-da, buvim uni mehmon hisoblab, har safar oldiga choy, non va ovqat chiqartirardi. Shunday bo‘lsa ham, u hech qachon shu o‘n tiyinlik hushtakni bizlarga tekin, shunchaki savobga bermasdi. U har safar kelganda men o‘n tiyin olish uchun buvimning oldiga yugurardim. Bir safar buvim menga hushtak olib berish bilan bir qatorda ro‘zg‘or uchun yog‘och dastali pichoq ham sotib oldi.
Oradan bir necha kun o‘tib oshxonamizda o‘sha pichoqni qo‘lida ushlagancha xunob bo‘lib o‘tirganini ko‘rdim. Buvim piyoz archayotgandi. Har safar piyozdan yangi bo‘lak kesganida bo‘lakning pichoq tekkan tomoniga qora yuqib qolar, buvim bir pichoqqa, bir piyozga qarab nima qilarini bilmay: “Nonu tuz bergan odamni ham shunday ahmoq etadilarmi”, – deb jig‘ibiyron bo‘lardi.
O‘shanda men buvimdan pichoq nima uchun qorayib qolayotganini so‘ragandim. “Zang­laydigan oddiy temirdan yasagan-da”, – degandi buvim. “O‘sha chol kelganda pichog‘ini qaytarib bering-da, pulingizni qaytib oling”, deb maslahat bergandim men.
Buvim indamasdan qo‘limga pichoqni berib buni ariq yoqasiga borib pokiza tuproqqa suqib olaver, toza bo‘ladi degandi.
Men chopqillagancha buvim topshirgan vazifani bajarishga kirishdim. Ne ajabki, toza tuproqqa bir necha bor suqib olganimdan keyin pichoq xuddi sotib olingan vaqtidagidek yaraqlay boshladi. Men hayotda o‘zim uchun kattalarning tajribasi orqali o‘tadigan bitta saboq olgandim. Qiziqishlarim yuzasidan buvimga savollar bera boshladim.
– Buvi, tuproq hamma narsani tozalay oladimi?
– Yo‘q, bolam, tozalovchilar safida suv ham bor.
– Suv va tuproq hamma narsani top-toza qiladimi?
– Ular tozalay olmaydigan narsalar ham bor, bolam, sen hali yoshsan, ularni tushunmaysan.
Hovlimiz bir, men buvim bilan birga edim, buvimning amallarini kuzatib ulg‘ayardim. Tinmay savol berardim. Savollarim esa sodda va bolalarga xos.
– Buvi, bizning uyimiz nega dadamlarnikidan past?
– Shu uyda ham jannatiy bo‘lib yashasa bo‘ladi, bolam. Dadanglarni uyi keyinroq qurilgan. Hozir hamma shunday baland qilib quryapti.
– Buvi, jannat nima?
– Jannat gunoh qilmaydigan odamlarning oxiratda borar joyi. Sen ham odobli bola bo‘l, kattalarning gapiga quloq sol, mehnatdan qochma.
Bu o‘gitlar deyarli har kuni mavridi bilan takrorlanaverardi, mening savollarimning ham cheki yo‘q edi. Tevarak-atrofimiz paxtazor, har yili yig‘im-terim oldidan defoliatsiya qilish uchun samolyot keladi. Ular tevarak-atrofimizdan kuchli hidli kimyoviy moddalarni purkab o‘tadi. Bola bo‘lsam ham bilaman, samolyotlar dori sepgan daladagi g‘o‘zapoyalarning bargi to‘kilib oppoq paxta qoladi. Ammo samolyot qanday uchadi, nima uchun yuqorida u juda kichkina ko‘rinadi? Bu savollarga buvim ham tayinli bir javob qaytara olmasdi.

Manzil

U ulug‘ va go‘zal. Uning do‘sti dunyoning go‘zal odami.
Eslab yo‘l yuraman. Koinot – bitta ishq dostoni.
(M. Karim)
 
Xohish-istaklarining cheki yo‘q inson bolasi shunday achchiq qismat egasiki, uning oxir-oqibat boradigan manzili va unga eltadigan yo‘li oldindan tayin qilib qo‘yilgan. Yana bir hidoyatni qarangki, bu yo‘lda har bir inson o‘zining shaxsiy yo‘lboshlovchisiga ega ekan. Bu aql deb atalmish, insonga his-tuyg‘ulari beradigan taassurotlarni mulohaza qilib umumlashgan xulosa hosil qiladigan yo‘l ko‘rsatkich. Insoniyat buni allaqachon unutgan bo‘lsa ham, manzildan adashmaslik uchun aql deb belgilangan chegaradan chetga chiqmaslikka mahkum.
Bu xulosalar bir qarashda juda jo‘n va takroriy qaytariqlarga o‘xshab ko‘rinadi. Notabiiylik va me’yor buzilishlarining katta-kichik ko‘rinishlari yashash uchun kurash tamoyiliga aylanib borayotgan bu dunyoda yashash battar iztirobli bo‘lib, dunyoning porloq kelajagi haqidagi ishonchni susaytiradi.
Men aqlliman, deydi G‘arb. Sharq esa uni inkor etib, o‘z donoligi va iymonini ko‘z-ko‘z etadi. O‘zlarini aqlli hisoblaganlar bor ilmlarini ko‘proq qirg‘in keltira oladigan yangi qurollar yaratishga qaratadilar. Maqsadlari sodda va aniq: boshqalar ustidan hukmronlik qilish, ular hisobiga yashash. Agar yer taqdiri to‘g‘risida insonlar to‘qiyotgan bashoratlar to‘g‘ri chiqsa, o‘z avlodlari yashab qolishlari uchun imkon qadar ko‘proq sharoit yaratish. Ularning iztiroblarini o‘zlari aqlsiz hisoblaydigan xalqlar farzandlarining qabrlari hisobiga kamaytirish. Go‘yoki olam zo‘rlar uchun yaratilganu ular boshqalarning quvonchini tortib olishga haqlidek. Buni oqlaydigan iborani ham topib qo‘yganlar: “Changalzor qonuni”.
Hayvonlarga ato etilgan qonunlar asosida yashasak, aqlning ezgu maqsadi qani? Nahotki, aqlimiz ongsiz jonzotlardan andoza olishdan boshqasiga yaramasa? Aslida ham uchish yoki suzish texnikasi yaratayotgan olim ulardagi nigohini qushlar yoki dengiz jonzotlariga qaratishi kundek ravshan-ku! Aqlning vazifasi faqat nafs ehtiyojlariga xizmat qilishdangina iboratmikan? Bunday og‘ir xayollardan keyin g‘ijinib savol beraman o‘zimga-o‘zim. Nyutoncha mexanika qonunlari mavjud emasmidi yoki qaysi bir olim bir tomchi suv yarata oldi? Nahotki, bunday sharmandali ojizlik bizni yovuzlikdan saqlay olmasa? Inson faqat yovuzlik yaratishga qodir va shu yaratuvchiligini u aql deb ataydimi?
Kallamga kelgan xulosadan o‘zim cho‘chib ketaman. Ilmiy tahlillarga o‘xshab ketadigan bunday xayollar muttasil meni azoblaydi. Dunyoning yuki sening yelkangga tushganmi? – degan savol bilan loqayd bo‘lishga urinaman. Kelajakka beparvo odamlardek chalg‘ishga urinaman. Dunyo jozibasi quchoq ochib meni o‘z bag‘riga olishga tayyor. Sharti ham oddiy. Cho‘ntaging quruq bo‘lmasin. Og‘ir xayollardan qutulish uchun ulfatlar davrasiga qo‘shilishga o‘zimni majbur etarkanman, bu mavjud hayot-ku, unda ham qandaydir hikmat bor, deya taskin beraman o‘zimga-o‘zim. Do‘stlarim katta odam bo‘lib qolganimizni eslatib ichkilik to‘la qadah uzatadilar. Men rad etaman va ulardan “abadiy yashamoqchimisan”, degan ta’nani eshitaman. Davra avjiga chiqqanda ularning suhbatiga qo‘shila olmay o‘zimni begonadek his eta boshlayman. O‘y-xayollardan qochib kelganim “shodlik” dunyosiga ham sig‘may qolaman. Ko‘nglim yana yolg‘izlik tusay boshlaydi. Tushkun kayfiyat bilan uyga qaytar ekanman, nahotki hayot tuturiqsizliklardan iborat bo‘lsa, deyman. Ammo haqiqat dag‘al va xunuk bo‘lishini eslab, bu shubhamga ishonmay qo‘yaman. Sabr kerak insonga, xotirjamlik uning ortiga yashiringan. Sabr yetishmay qolganda hayotning yolg‘onligini payqash qiyinlashadi. Hayot, aslida, rostni ifodalaydigan mukammal yolg‘on, deya o‘ylayman. Negaki, tabiatdagi narsalar, voqea-hodisalar insonga tegishli hodisalardek benuqson emas. Inson tabiatidagi nuqsonlarni esa asosan hissiyotlar, yanayam aniq formulaga ega lazzatlanish hissiyotlari keltirib chiqaradi. Davr talvasasini kuzatib shunga amin bo‘lamanki, hissiyotlar o‘z sifatlari bilan inson ongida moddiy dunyo haqidagi tasavvurlarni bo‘rttirib chin dunyodan chalg‘itadi. Toqat yetmasa, ko‘zni yummasdan haqni anglashning imkoni yo‘q. Taraqqiyot esa aql ko‘zi degan tushunchani o‘tmishda qolgan urfga aylantirib bo‘lgan. Zamonada qisqa muddatli lazzatlarga egalik huquqini qo‘lga kiritish kayfiyati hukmron. Go‘yoki oxirat makoni sifatida tilga olinadigan jannat va do‘zax degan so‘zlar o‘tmish ertaklarining sarlavhasiga aylanib, Lut va Muso qavmining shakkokliklari takrorlanayotgandek.
– Jannat ham, do‘zax ham shu dunyoda, narigi dunyo bir cho‘pchak, – deydi do‘stim o‘z fikrini bayon etib. Va o‘z gapini isbotlash uchun ta’rif qilaverib meni o‘sha “jannat”lardan biriga borishga ko‘ndiradi.
Sanatoriydagi sharoitlar bilan meni tanishtirar ekan, takror-takror:
– Jannat bundan ortiq bo‘ladimi? – deb qo‘yadi.
– Ha, – deyman men. – Faqat jannatingni tanlov sharti pul bo‘lgani yomon-da.
– Shu arzimas qog‘oz hisobiga umring uzayadi, salomatliging tiklanadi, – gapidan qolmaydi u ham.
– Inson hissiyotlar amri bo‘lgan shu qisqa muddatli lazzatlar uchun imkon qadar uzoq yashashga intilishi kerakmi?
– Ozroq sabr qil, senga inson hissiyotlar quli ekanini isbotlab beraman, – deydi meni olib kelganidan pushaymon ekanini yashirmay.
Sog‘ligimdan shikoyatim bo‘lmasa-da, uzoq yashash ilinji hamda qiziquvchanligim vajidan markazdagi shu nomdor sanatoriyda qolishga rozi bo‘laman. Do‘stimning barcha tanishlari shu yerga yig‘iladi. Ular oddiy odamlar emas. Biri nomdor shifokor, biri omadli savdogar, yana birisi dasti uzun amaldor.
– Siz foydalanadigan tibbiyot asboblarining fizikasi, ishlash printsipi, bahosini yaxshi bilaman, ozroq elektr energiya va mutaxassisning kasbiy mahoratini e’tiborga olmaganda boshqa yana nima sarflaysizlarki, bemorga tashhis qo‘yish narxlari bu qadar qimmat? – savol tashlayman shifokorga.
U menga o‘tmish sarqitiga qaragandek tikiladi, ammo savolimga javob bergisi kelmaydi. Davradagilar besaranjomlana boshlaydi. Ular o‘z xotirjamligiga raxna soladigan savol-javoblarga ko‘nikmagan. O‘rtaga noqulay jimlik cho‘kadi.
– Hech birimizning ixtiyorimiz o‘z qo‘limizda emas, bizdan ham yuqoridagilar bor, – vaziyatni xaspo‘shlashga urinadi amaldor.
Nazarimda, u o‘zini barchadan dono hisoblaydi. Shifokor o‘zini tig‘ ustida o‘tirgandek his eta boshlaydi. Xayriyatki, amaldorning dalda bo‘lguvchi bunday “samimiyati” shifokorni sal ruhlantiradi.
– To‘g‘risini aytganda, siz haqsiz, – deydi ming‘irlab. – Lekin...
– Bu yerga befoyda narsalarni muhokama qilishga yig‘ilganmizmi, boshqa mavzu qurib qolibdimi? – luqma tashlaydi do‘stim umumiy kayfiyatni buzmaslik uchun.
U haddan ortiq maishatparast, o‘ziga xos fikrlaydigan yigit. Uning taklifidan keyin yumshoqlik bilan mavzudan chetlanish boshlanadi. Ular o‘z qilmishlarini oqlashga ishontiradigan dalillar topib bo‘yab-bejab suhbatni davom ettiradilar. Xuddiki, bor pulini tashhis qo‘ydirishga sarflab dori-darmonga puli qolmagan bemorning ahvolidan o‘sha shifokorning ahvoli og‘irdek.
Aslida, ular qiyinchilik deb aytayotganlari boshqalar cho‘ntagidan botil yo‘l bilan o‘zlashtirilgan pulning tashvishlaridan boshqa narsa emas. Hissiyotlar aqlni xiralashtirib, iztiroblar sari yetaklaydi. U olib boradigan manzilda najot eshiklari yopilgan.
– Ko‘rdingmi? – deydi do‘stim yakka qolishimiz bilan. – Lazzat istagan odam o‘z hissiyotlari izmida qanchalik jasoratli bo‘lishi kerak. Yana senga bir sirni ochay, bunday toifa odamlar juda oson til topishadilar. Ular o‘zaro manfaatdor bo‘lib turganlarida insoniy fazilatlarini shunday yuksak darajada namoyon etadilarki, beixtiyor dunyo manfaat ustiga qurilgan deb yuborasan.
– Ha, – deyman men. – Manfaat nafs ehtiyojlaridan kelib chiqqanini unutmaslik kerak faqat.
– Sen bunaqa be’mani fikrlaring bilan davraga sovuqlik solmay jim tura olsang, qanchalik nohaq ekaningni anglaysan.
Men yolg‘izlanib qolishim mumkinligini o‘ylab, rozilik bildiraman.
Ertasiga do‘stim va sheriklari tushlik vaqtiga ziyofat uyushtiradilar. Bu yerda barcha sharoit muhayyo. Sanatoriy sohiblari daromadni ko‘paytirish uchun inson mayllarini ham nazardan qochirmaganlar. Davraga shaharlik go‘zal xonimlar tashrif buyuradi. Dasturxon yetti iqlimdan keltirilgan noz-ne’matlarga liq to‘ldirilgan. Ichkilik suhbatni qizitadi. Erkaklar og‘izlaridan chiqayotgan kalomlariga puldan g‘ilof kiydirib nar qushlar kabi keriladilar. Ayollar esa erkaklardan taralayotgan so‘zlarning g‘ilofiga ishva bilan tuzoq to‘qiydi. Barchasi qo‘lini mehnatga urmagan tannoz xonimlar.
Davrani tark etaman. Sababi ko‘rinmayotgan narsa emas, ko‘rinmayotgan haqiqatdan qo‘rqmaymiz, ko‘rinayotgan oniy lahzaning ixtiyoriy quliga aylanish oson.
– Nega qochib ketding? – deydi kechqurun do‘stim. – Senga ham atalgani bor edi.
– Men bunaqa o‘tirishlarni yoqtirmayman, – javob qaytaraman kibr bilan va botinimda darhol o‘zimni so‘roq qilaman. Haqiqatda shundaymi? Yo‘q, sen zinodan emas, oralaringda qarama-qarshilik paydo bo‘lgan odamlarga axloqsiz bo‘lib ko‘rinishdan qochding! Bu tarbiyalangan nafsning zinodan hazar qilishi emas.
Kechki ovqat vaqtida suhbat yana o‘z-o‘zidan o‘sha ayollar mavzusiga ko‘chadi.
– Men uning nomiga uy olib qo‘yganman, – keriladi savdogar. – Shaharga tez-tez qatnayman, menga kerak-da bu.
– To‘g‘ri, – deb uning gapini ma’qullaydi amaldor. – Lekin uyni uning nomiga rasmiylashtirib xato qilibsan. Ayollarga ishonch yo‘q, ularning farishtaman deganiga ham ishonib bo‘lmaydi.
– Mening ma’shuqam juda sadoqatli, – amaldorning fikriga qarshi turadi shifokor. Va uning fan nomzodi bo‘lishiga o‘zi sabab ekanini aytib qomati va go‘zalligini ta’riflay boshlaydi.
Bunday bema’ni suhbatlardan keyin orom olish uchun yana o‘z xonalarimizga tarqalamiz. Xayolan sadoqat degan so‘zning ma’noda qolish chegaralarini qidiraman. Nahotki, o‘sha ayolning yoshi ancha joyga borgan ilmiy rahbariga bo‘lgan hirsiy munosabatini sadoqat deb bo‘lsa.
– Nafs shunday go‘zal qilib ko‘rsata oladi yolg‘onni, – suhbat boshlaydi do‘stim o‘ziga yotish uchun joy hozirlar ekan. – Inson qalbi azaliy gipnoz ta’sirida yolg‘on va illatlarga moyil qilib qo‘yilgan.
– Manzil sari yo‘lga otlangan inson bu foniy dunyoni imkon qadar ezgu amallar bilan tark etishi kerak emasmi?
– Inson eng zo‘r taqlidchi, bu ham azaliy gipnozning bir ta’siri, – deydi do‘stim.
– Ha, – deya uning gapini ma’qullayman, – nafs o‘z virusini eng tez tarqatadigan kasallik.
– Nafs inson xulq-atvorida illat hosil qiladigan unsur.
Xayolimni yer sayyorasi va unda hech qachon bu qadar ko‘payib ketmagan insonlar taqdiri egallaydi.
– Biz manzildan adashmadikmikan?
– ...
 Do‘stimning oldiga savolni boshqacha shaklda qo‘yaman.
– Yaratganning borligiga ishonasanmi?
– Hech shubhasiz, – javob qaytaradi u. – Ammo u ko‘rsatganidek yashay olmayapman.
– Bu azaliy sabrsizlikning davomi emasmi?
– Xuddi shunday.
– Axir, sabrli bo‘lishimiz uchun bizlarga qancha payg‘ambarlar yuborilib, qancha ilohiy kitoblar tushirilmadi.
– Oxirgi payg‘ambarning dunyodan o‘tganiga o‘n to‘rt asrdan oshdi. Hayot jozibasi naqd, Yaratganning va’dasi esa nasiya.
– Demak, hali Olloh haqidagi ilmlarimiz yetarli emas ekan-da?
– Yo‘q. Unday emas, masala har bir ilmning Ollohni anglashga qaratilmaganida.
– Qo‘ysang-chi, – deyman men. – Hind vedalaridan to hozirgi zamongacha Ollohni anglash uchun qanday ta’limotlar yaratilmadi. Yana nima kerak odamzodga?
– Shaytonga xizmat qiladigan hayot jozibalari ham undan kam emas, – deydi u.
– Ha, – deyman men. – Ammo jazosiz qolgan itoatsizlik ham yo‘q.
– Gunoh evaziga jazo, savob uchun mukofot. Vasvasa va sinov maydoni. Ezgulik makonida kutadigan Olloh. Bu menga barcha ustunlik teskari qutbda bo‘lgan mavhum o‘yinni eslatadi. Ya’ni Odam Ato bilan boshlangan e’tirozlarni e’tiroflarga aylantirish o‘yini.
– Ruhni ozod qilishga intilayotgan jonning iztiroblari emasmi bu? Tiriklik iztiroblari qanaqasiga o‘yin bo‘lsin?
– Bilsang, bu yerga o‘sha jon uchun qayg‘urishga kelganmiz, – deydi do‘stim va tumbochka ustida turgan konyakdan bir necha qultum yutib yuboradi.
 Yana savolga tutaman.
– Menga insonni hissiyotlar boshqarishini isbotlayapsanmi?
– Ertalab suhbatlashayotgan ayoling kim edi? – savolimga savol qaytaradi u.
– Bir jurnalist ekan. Qaerdan ko‘zing tusha qoldi?
– Ko‘rmaslikning iloji bo‘lmadi, lekin o‘ziyam ketvorgan ayol ekan-da.
– U yuksak ma’naviyatli, iymonli ayol, yana adabiyotshunos olima, – do‘stimning ta’riflarini to‘ldiraman men.
– U Bovari xonimning  o‘zginasi, – deydi do‘stim dabdurustdan. – Sinab ko‘rishing mumkin. Esingdan chiqarma, ayollar maqtov va ehtiroslar quli. Sen uning his-tuyg‘ulari bilan bir o‘ynashib ko‘r, gaplarim to‘g‘riligiga o‘zing ishonch hosil qilasan.
Mening ishongim kelmaydi. Aniqrog‘i, shu ayolni do‘stim aytganidek bo‘lib chiqishini xohlamayman. Shunday bo‘lsa ham, ertasiga uning ehtiroslari bilan o‘ynasha boshlayman. Xavotirlanganimdek, u meni jerkib tashlamaydi, aksincha, nozu karashma va ohangrabo lutfi bilan meni o‘ziga yanada qattiqroq bog‘lab olishga urinadi. Tunni uning xonasida o‘tkazishga kelishamiz. Boshqalar ham shunday qilyapti-ku, taskin beraman o‘zimga. Do‘stimga bu tunda mehmonga ketishimni aytib, uning barcha takliflarini rad etaman.
– Men yutqazdimmi? – yolg‘onga imkon qoldirmaslik uchun ko‘zimga tikka qaraydi do‘stim.
– Sen haqsan, – deyman shalvirab.
O‘z g‘alabasidan xursand do‘stim:
– Gunohkor bo‘lish juda oson, – degancha xonani tark eta boshlaydi.
– Bu borada sen mendan beshbattarsan...
Ta’rif qilib bo‘lmas darajada tahsinga sazovor sabr, cheksiz mehr va rahm. Bu dalillarni eslash fikrimni tamoman o‘zgartiradi. Do‘stimga xonani tark etishdan oldin bir gapni ayta olmaganimdan afsuslanaman. Va endi u xonada bo‘lmasa-da, go‘yoki unga murojaat qilgandek: “Insonning gunohkorligidan Olloh hech narsa yutqazmaydi, yutqazsa faqat inson yutqazadi”, – deyman past va alamli ovoz bilan.
Hayotda vaqtga o‘z jilovini tutqazmaydigan yagona narsa – xayol. Xayollar bilan vaqt o‘tganini sezmay qolaman. Ikki soat oldin kech tushishini intiqlik bilan kutayotgan bo‘lsam, endi sarosimaga tusha boshlayman. Nafs va iymon o‘rtasida kurash boshlanadi. Ammo haliyam tanamdagi nafsga moyillik mendagi qat’iyatdan ustunlik qilyapti. Qo‘l telefonim jiringlaydi.
– Kutyapman.
– Hozir, – deyman shoshib va eshik oldiga chiqaman.
Xona eshigini qulflayotgan vaqtimda yana telefonim jiringlaydi. Bu endi boshqa ovoz. U orombaxsh va osoyishta.
– Allo, yaxshi dam olyapsizmi, dadasi, sog‘-salomatmisiz... Bolalar siz bilan gaplashmoqchi.
 Go‘shak bolalarga tegishi bilan ularning biri qo‘yib, biri olib chug‘urlasha boshlaydilar. Katta qizim men ta’tilda matematikani o‘rganayapman, desa, kenjatoyim menga nima olib kelasiz, deb so‘raydi. Suhbat yakunlanishi bilan shafqatsiz bir savolga ro‘para bo‘laman. Intilayotgan narsang nima o‘zi, baxtmi? Hayot ortga tepmas qurol. Hozir maylingga quloq solib gunohga botsang, keyin avvalgi xotirjamligingni qayta topa olasanmi?
Ko‘z oldimdan hayotda chekkan iztiroblarim, vaqt o‘tishi bilan javobsiz qoldirilmagan xatolarim, sabrim ortidan yetgan xursandchilik va xotirjamliklarim o‘ta boshlaydi. Buvimning dasturxon ustida bizlarga qarata: “Bolalarim, bu o‘tkinchi dunyoda sabrli bo‘linglar, Olloh sabrli insonlarni sevadi”, – deya nasihat qilganini eslayman. Avliyolar o‘z axloqlari bilan dunyoning go‘zal odamlariga aylanganlar. Mening ham go‘zal odamlar safida bo‘lgim keladi. Ahdimdan tamoman qaytib shirin entikib ketaman. O‘ylayman, buvim meni hayotga tayyorlay boshlaganda hali go‘dak bola edim, yoshim ulg‘ayib hayotdan zavq olib yashash uchun kurashar ekanman, har qadamda turfa ko‘rinishda nafs qurbonlariga aylangan “voris”larga duch kelardim. Bu ko‘rganlarim tufayli har qanday yomon amal va yovuzlik pirovardda halokatga mahkum ekanini ang­lab yetganimda esa men komil inson sifatlari haqida qayg‘ura boshlagandim. Bu uchun ko‘proq buvimdan minnatdor bo‘lardim. Buni oradan ancha yillar o‘tib anglab yetganimda esa endi afsuslanishdan boshqa choram yo‘qligi alam qilardi.
Xonamga qamalib olib o‘tmish xotiralariga berilar ekanman, keyinchalik yana afsuslanib qolmasligim uchun tezda bolalar oldiga qaytishim shart, degan qarorga keldim.
Ertasiga do‘stim va sheriklarining xursandchiligi hamda "Bovari xonim"ning nafrat bilan boqayotgan ko‘zlariga parvo ham qilmay, jilla qursa, manzil sari bir qadam tashlaganimdan xursand bo‘lganimcha xotirjam holda uyga, bolalarim oldiga qaytdim.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 6-son

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.