OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Uyg‘un Ro‘ziev. To‘lqinsiz oq dengiz (hikoya)

Sovuq boshlanayotganidan bo‘lsa kerak, choyxonada har doimgidan ham odam gavjum. Doimiy tanda qurganlardan tashqari, endi issiq kunlarda dala-dashtda ish bilan andarmon bo‘lib yurganlar ham yumushlarini tugatib, uyda zerikkanlaridan esnab-esnab ko‘chaga chiqishadi-da, birin-ketin choyxonaga kirib kelaverishadi. Ular dastlab ichkaridagi tutun va bug‘dan nafas olishga biroz qiynalib turishadi-yu, keyin ko‘nikib, allamahalgacha suhbatlashib o‘tirishadi. Deraza yonida o‘tirganlar dam-badam oynaga o‘rnashgan bug‘ni artib, ko‘chadan o‘tgan-ketganni tomosha qilishadi.
— Anavini qaranglar, Mergan Dovon-ku, — dedi ulardan biri ikki barmog‘iga qistirgan sigareta bilan ko‘chaga ishora qilib.
Ko‘chada ot aravani zo‘rg‘a tortib borayotganga o‘xshaydi. Arava ham ot bilan o‘chakishganday dam-badam loyga botadi. Ot yurishga battar qiynaladi. Mergan Dovon otini qiynab qo‘ymaslik uchun aravadan tushib, uni piyoda yetaklab ketayotgan edi. Ularni ko‘rgan ermaktalablarga gap topildi:
— O‘larday munkillab qolibdi...
— Ha, nimasini aytasan, oyoq sudrashini qara...
Bunda kim otni, kim cholni nazarda tutayapti, bilib bo‘lmaydi. Choyxonachining shumligi bilan choynaklardagi ko‘k va qora choylar aralashib ketganiday, gapu hangomalar ham shunga yarasha. Mergan Dovon choyxona tomonga bir-ikki nazar tashladi-yu, lekin to‘xtamadi. Biri tund, biri xushvaqt qiyofalar uni tomosha qilib turganidan cholning kayfiyati buzildi. Ana shu qiyofalardan uning yuragi bezillaydi. Naqadar badnigoh, naqadar masxaromuz. Qishdan darak berib kelib, yuzni chimchilayotgan sovuqdan ham sovuq. Chol yuz yillik qadrdon etigini sudrab, ming yillik qadrdon otini yetaklab yo‘lida davom etadi. Odamlar esa u haqida biri olib-biri qo‘yib gapirishardi.
— Aravasini qara, bironta buqachani ortsa ko‘tararmikin?
— Buqachang nimasi, bir paytlar chol shu aravasida tonnalab bug‘doy tashigan.
— Hoy, kimni aytayapsizlar?
— Anavi, Panji boyvachchaning qaynotasini...
Ana xolos. Shu gaplarning orasida Panjiga balo bormi? Shu bola odamlarning og‘zidan tushmaydi. Choyxonada ham Panji, to‘y-ma’rakada ham Panji. To‘rtta odam to‘plansa bo‘ldi, gaplari tugab qolgudek bo‘lsa, albatta Panjidan gapirishadi. Bu Mergan Dovonga sira xush yoqmaydi. Kim bo‘pti u, zumrasha. Kelib-kelib endi Panji odam bo‘lib qoldimi? Bir umr odamlarning nonini tashigan Merganning ishlarini eslashmaydi-yu, hali ona suti og‘zidan ketmagan Panjini og‘izlari ko‘pirib maqtashgani-maqtashgan. Aslida o‘sha “ishbilarmon” nima karomat ko‘rsatgan o‘zi, deb savol tashlab qo‘ysangiz, hech kim biror jo‘yali javob aytolmay qoladi. Lekin negadir bunday savolni hech kim bermaydi-da. Xuddi hammalari o‘zlaricha Panjini yaqindan biladigandek, unga qarindoshligi, hech bo‘lmasa jo‘ra-sirdoshligi bordek pinjiga suqulishadi.
O‘sha bola kechagina maktabni zo‘rg‘a bitirib, takasaltanglar qatoriga, qo‘shilgan, keyin bekorchilik joniga tegib, to‘ylarda qo‘shiq aytuvchi artistlarning doiralarini qizdirish uchun tog‘orachada cho‘g‘ tashib yurgan bir mishiqi yigit edi. Ashulachilar shu ishi uchun unga choy-chaqa berib turishar edi. So‘ngra, bu yerda bir umr cho‘g‘ tashib yursam ham birim ikki bo‘lmaydiganga o‘xshaydi, deb qaysi yili yozda bir-ikkita shahar ko‘rgan yigitlarga ergashib, Toshkentga ketdi. U yoqlarda katta artistlarga kattaroq tog‘orada cho‘g‘ tashigan shekilli, Panjining “biri ikki bo‘lgani” haqida gaplar qishloqqa yetib kela boshladi. Yarim yil o‘tar-o‘tmas, “Panji qora bozorda o‘zimizning pulni chet el pullariga almashtiradigan bo‘libdi, ishi avj, changali to‘la pul”, degan gap el oraladi. Bir yilcha o‘tib, uning “Chilonzor” bozorida do‘kon ochgani ovoza bo‘ldi. Vaqt o‘tgani sayin uning bir do‘koni ikki, ikki do‘koni to‘rt bo‘lgani haqida odamlar havasu hasadga to‘lib gapirib yurishdi. Panjining ismiga “boyvachcha” degan so‘zni qo‘shib aytadigan bo‘lishdi.
Ana o‘sha “boyvachcha”ning ishqi Mergan Dovonning kenja qiziga tushdi. Odamlar Panji biron boyroq odamga kuyov bo‘lsa kerak, deb yurishgan edi. Lekin Merganning qizi har qanday boy xonadonning qizini ham ortda qoldiradigan darajada chiroyli edi-da. Panjining ko‘zi o‘ynab, mushtday boshiga katta gapirib, dimog‘dorlik qilishi Mergan Dovonga yoqmadi, qizi o‘ldirsangiz ham shu yigitga tegaman, deb turib olgach, noiloj, rozi bo‘ldi. Bundan avval ikkala katta qizi ham, feodallik zamonlari o‘tib ketgan, o‘zimiz xohlagan odamga turmushga chiqamiz, deb, kelgan sovchilarni obdon chertib ko‘rib, tanlaganlariga tegishdi. Ota ko‘ngilbo‘shlik qildi, qizlarining ra’yini qaytarmadi, mayli, baxtli bo‘lishsin, dedi. Lekin oqibat nima bo‘ldi? Katta qizi besh bolaning tashvishiga o‘ralib-chirmalib qoldi. Eri har kuni aroq ichib, yer shoxlashdan boshqa narsani bilmaydi. O‘rtancha qiziga eri, agar menga tegsang shaharda yashaymiz, deb va’da berib qo‘ygan ekan. To‘ydan keyin qiz o‘sha va’dani mahkam ushlab olib, erini holi-joniga qo‘ymagan. So‘ng shaharga ko‘chib ketishdi. Qaerda yashayapti, qanday kun kechirayapti, hech kim bilmaydi. Ular qishloqni, ota uyni butkul unutishdi. Faqat onasi o‘lganda yil oshiga bir kelib ketishdi. Kenjasini uzatganidan keyin esa kampiri hamma tashvishimdan qutuldim, degandek dunyodan ko‘zini yumdi-ketdi. Mergan chol bir kunda boru yo‘g‘idan ayrilgan mushtipardek huvillagan hovlida yakka o‘zi qoldi. Uni shunday tashlab ketgan kampiridan o‘pkaladi. Yaxshiyam oti bor ekan, dardini unga aytib ovundi.
Mergan Dovon kenja qizining to‘lishib, chehrasi gul-gul ochilib yurganini ko‘rib, avvaliga kuyovining ishbilarmonligidan xursand ham bo‘lib yurdi. Ammo bir gal Yoqub cho‘loqning to‘yiga birga borishdi-yu, yana avvalgi fe’li qo‘zidi. Yoqub cho‘loq deganlari bir paytlar xo‘jalik idorasining qorovuli bo‘lgan. Bolalari ko‘pligidan yeyarga non topolmay, yig‘lagani-yig‘lagan edi. Mergan Dovon rahmi kelib, kunda-kunora bitta-yarimta non orttirib, yo‘liga chiqib turadigan ana shu odamga berib turardi. Endi esa uning o‘g‘illari toparmon-tutarmon bo‘lib, Yoqub cho‘loqning burniga xoda yetmay qolgan. Uning cho‘loqligi ham esidan chiqib, go‘yo to‘rtta oyog‘i bordek katta-kichik idoralarning eshigini tepib kiradigan bo‘lgan. O‘sha cho‘loq to‘y qilib, to‘yiga kazo-kazolarni, albatta, Panji boyvachchani ham taklif qildi. Shularning qatorida “savob uchun” qishloqning “mayda-chuyda” odamlarini ham bir og‘iz ayttirdi. Chol to‘yga borish uchun otini shaylayotganida eshigi oldiga yap-yangi mashina kelib to‘xtadi. Chiqib qarasa, mashinadan Panji tushayapti. U ko‘zidan qora ko‘zoynagini ham olmasdan qaynotasi bilan ko‘rishdi. Chol qizini ko‘rib quvondi. U yanayam yashnab ketgan, poytaxt havosi unga naqadar yoqib tushganligi sezilib turardi. Mashinadan taralayotganmidi yoki mana bu olifta kuyovi bilan qizidanmi, ko‘chani xushbo‘y atir islari tutib ketdi. Chol ichkariga taklif qildi, lekin ular unashmadi.
— Tezroq mashinaga o‘tiring, ota, — dedi Panji avval o‘zi o‘tirib olib. — To‘yga birga boramiz. Qolgan gaplarni o‘sha yerda gaplashamiz.
Mergan Dovonning hozirgina ochilgan bahri dilini yana bir zumda quyun bosdi. “Jirkanishdi, — degan o‘y o‘tdi cholning xayolidan, — bu g‘arib kulbaga kirishga ijirg‘anishdi. Bu uy ularga begona. Bular hech kimni eslashmaydi ham, sog‘inishmaydi ham”.
— Sizlar boraveringlar, men o‘zim yetib olaman, — dedi u.
— E, qo‘ysangiz-chi, sizning shaloq aravangizda borishingiz mening obro‘yimga to‘g‘ri kelmaydi. Mashinaga chiqing-da, ataylab kelgandan keyin, — dedi Panji mashinasini o‘t oldirib.
Chol ikkilanib, qiziga qaradi. Qizi ham allaqachon mashina o‘rindig‘iga suyanib, otasining o‘tirishini kutayotgan edi. Chol noiloj mashinaga o‘tirdi.
To‘y bo‘layotgan hovliga yetib borishlari bilan Yoqub cho‘loq ularning istiqboliga chiqdi. Panji boyvachchani quchoq ochib kutib oldi-da, “nozik” mehmonlar uchun dasturxon tuzalgan mehmonxonaga yetaklab ketdi. Mergan Dovonni ko‘rsa ham ko‘rmaslikka oldi. Dovon xijolat bo‘lib yo‘lakda qolib ketdi. Keyin boshqa “mayda-chuyda” odamlarga qo‘shilib ichkariga kirib, poygakkinaga o‘rnatilgan chorpoyaga o‘tirdi. Choy-poy tashib yurgan yosh-yalanglar ularning oldiga choy, bir kosadan sho‘rva keltirishdi. Mergan chol sho‘rvadan bir ho‘plagan edi, ilmiliq ekanidan ta’bi tirriq bo‘ldi. Shu payt mehmonxonadan kimdir bo‘ynini cho‘zib: “Hoy, yigitlar, Panjiboyning qaynotasi ham kelgan ekan, ovqat-povqat berdinglarmi?”, deb baqirib qoldi. Chol shunchasiga chidab turgan edi, endi bu yog‘i ortiqchalik qildi. U kosani o‘zidan nari surib qo‘yib, odamlarning hay-haylashlariga ham qaramay, uyiga poyi-piyoda ketib qoldi. O‘shandan beri u Panjining mashinasiga minmaydi. Undan ko‘ra o‘zining qadrdon otaravasi ming chandon yaxshi — beminnat, mavqeiga mos.
Otini otameros desa ham bo‘ladi. Otasidan bir biya meros qolgan edi. Hozirgi oti o‘shaning zurriyodi. Bu otning tuyog‘idan o‘t chaqnagan paytlarida xaridorlari ko‘paygandan-ko‘paydi. Mergan Dovon esa: “Ot mening tanamning yarmi-ku, qanday qilib uni birovga berishim mumkin?”, deb ularning hovurlarini bosib qo‘ydi. Yangi otga yangigina aravani qo‘shdi. Avvaliga xo‘jalikning g‘allasi bormi, paxtasi bormi, yeng shimarib tashib yurdi. Keyin ovqatlanish idorasi ochilgach, uni ishga chaqirishdi. Oshxonalarga, daladagi ishchilarga novvoyxonadan non, ombordan sabzavotlarni tashib yetkazib beradigan bo‘ldi.
Ishlar avjida, Merganning qo‘li qo‘liga tegmaydi. Oti ham charchadim demaydi. Lekin kundan-kunga texnikalar ko‘payib, Merganning ot-aravasi idora rahbarlariga yoqmay boraverdi. “Endi bu eskilik sarqitini ko‘zdan yo‘qoting, mana, yangi mototsiklni oling, yuklarni mana shunda tashiysiz”, dedi bir kuni direktor. Mergan Dovon xo‘jayinning ra’yini qaytarolmadi. “Muravey” degan aravachali mototsiklni berishgach, bir kunda haydashni o‘rganib oldi. Ot esa shu kundan boshlab qoziq bilan dardlashib kun o‘tkazadigan bo‘ldi. Mergan otiga yemish tashlar ekan, uning xafa ekanini avzoyidan sezib turardi. Ammo iloj qancha. Xo‘jayinlarga buni tushuntirib bo‘lmasa.
Lekin aslida bunday yumushlarga ot chidab yurgan ekan, “Muravey” dosh berolmadi. Hali u yeri-hali bu yeri buzilaverib, bir yilning nari-berisida shalog‘i chiqdi. Oxiri Mergan ham, xo‘jayinlar ham taqdirga tan berdi. “Muravey” bir uyum temir-tersakka aylandi. Omilkor Mergan “Muravey”ning yukxonasini eski arava ustiga o‘rnatib, eskilik bilan yangilikni uyg‘unlashtirdi. Shu-shu ot yana gijinglab xizmatga otlandi.
Odatdagi ishidan tashqari paytlarda ham Mergan Dovonni ot-aravasidan ayro uchratish qiyin edi. Odamlar mashina-yu avtobuslar bilan boradigan joylarga ham u ana shu qadrdonlari bilan borardi. Qirq chaqirim olisdagi tuman markaziga ham ot-aravada borib kelgan. Dovon degan laqabni ham o‘sha yo‘lda orttirgan. Tuman markaziga uncha katta bo‘lmagan dovon oshib boriladi. Qaysidir yili qahraton qish pallasida dovonga yetganida bo‘ron quturgan, yo‘llarni qor ko‘mib qo‘ygan, odamlar bilan liq to‘la avtobus va bir yengil mashina qorga tiqilib qolgan edi. Sarosimaga tushgan odamlarni ko‘rib, Mergan avtobus oldida to‘xtadi. Yengil mashinada bir ayol to‘lg‘oq tutib qiynalayotgan ekan. Odamlar tashvishlanib, ayolni tezroq tug‘ruqxonaga yetkazish zarurligini aytishdi. Mergan shosha-pisha aravani hozirladi. Ayolni aravaga yotqizishdi. Ot qiynalmay dovonni oshib o‘tdi. Mergan otni choptirgancha ayolni eson-omon tug‘ruqxonaga yetkazdi. Shundan keyin odamlar Merganning ismiga Dovon nomini qo‘shib aytadigan bo‘lishdi.
Endi esa o‘zlari dovon tugul beli baravar devordan ham oshib o‘tolmaydigan mijg‘ov odamlar choyxonaga biqinib olib, uning ustidan kulib o‘tirishibdi. Ularning gap-so‘zlari cholga eshitilmasa ham, lekin nima deb aljirayotganlari unga kunday ravshan. Shuni o‘ylab, cholning avzoyi battar buzildi. Bir ko‘ngli hozir uyga kirgach, pechkaga o‘tin qalab, issiq ko‘rpaga burkanib, hamma narsani unutib yotgisi keldi. Ammo bugun Boyto‘ra fermernikida to‘y borligi esiga tushib, shashtidan qaytdi. Boyto‘ra Hamdam to‘yiga atoqlab ayttirmagan bo‘lsa ham, lekin Mergan Dovon uning rahmatli otasi bilan qadrdon edi. Dovon kenja qizini uzatayotganida Boyto‘ra bir qop guruchni to‘yona qilgan. Endi chol tushdan keyin borib, belbog‘iga tugib yurgan uch-to‘rt so‘m pulni to‘yona qilib kelmasa, uyat bo‘ladi. Bu ham bir qarz-da. Bo‘lmasa, odamlar yana masxaralab kulib yurishadi. Ammo aravani zo‘rg‘a tortib borayotgan oti holdan toygan ko‘rinadi.
Chol otni aravadan xalos etib, oldiga pichan tashlarkan, uning rang-ro‘yini ko‘rib, ko‘ngli buzildi. Otning pichan yeyishi ham avvalgiday emas — ishtahasi ham, madori ham havas qilgulikka o‘xshamaydi. “Nima balo bo‘ldi ekan? — deya xavotirlandi Mergan Dovon. — Charchadimikan? Yo‘llar ham loygarchin bo‘lib ketibdi-da. Ishqilib, biron dard tekkan bo‘lmasin. Mayli, dam olsin. To‘yga o‘zim borib kela qolaman”.
Boyto‘ra Hamdamning uyigacha anchagina yo‘l. Mergan Dovon yetib borguncha etigiyu choponining etagi jiqqa loy bo‘ldi. Qo‘llari sovuqdan muzladi. To‘yga ko‘pdan-ko‘p odam kelgan, albatta, Panji ham shu yerda edi. Katta qozon atrofida qiyqirishayotganlar orasida Panjining xushchaqchaq ovozi boshqalardan balandroq eshitiladi. Boyto‘raning: “Barakalla, Panjiboy, hammadan o‘zing zo‘rsan”, degan gapi uni yana bir qop semirtirib yuboradi.
— Men qaynotamga aytdim, boboy, shu eski zamondan qolgan ot-aravangizni axlatga tashlab yuboring, men sizga yap-yangi mashina olib beray, mazza qilib minib yuring, dedim. Qani endi ko‘nsa. O‘zi-ku, mayli, lekin mening obro‘yimga soya tashlab yurishi yaxshi emas-da. Halizamon bu yerga ham o‘sha “Limuzin”ida kelib qolsa kerak.
Panji kerilib-kerilib gapirishdan charchamaydi. Boshqalar uning gapini tinglab, olqishlab qo‘yishadi.
Mergan Dovon to‘y bo‘layotgan hovliga yetay deganida yonidan bir mashina loy sachratib o‘tib ketib, to‘yxona darvozasi oldida to‘xtadi. Mashinaning orqa eshigi ochilib, Yoqub cho‘loq tusha boshladi. Boyto‘ra Hamdam otasini ko‘rgandek chopib borib, Yoqub cho‘loq bilan salomlashdi. So‘ng chaqqonlik bilan uning mashinadan tushishiga yordamlashib yubordi.
— Muborak bo‘lsin, oqsoqol, uzoq safarlarga borib kelibdi, deb eshitdik, — dedi Boyto‘ra Hamdam ta’zim qilib.
— Ha, borib keldim, — dedi Yoqub cho‘loq battar shishib. — Qora dengizda dam olib keldim. Tushga ham kirmaydigan joylar ekan, rosa miriqdim. Suv degani shovullab yotibdi. Katta-kichik kemalar g‘ozday kerilib suzib yuribdi. Eh, nimasini aytasan. Sen ham dala—tashvishlaringdan qutulib olgan bo‘lsang kerak? Bir borib dam olib kelsang bo‘larkan-da. Albatta, borgin. Dengizni ko‘rmagan odam odammi?
— Qulluq, oqsoqol, sizga qiziqib biz ham borishni niyat qilib qo‘ydik. O‘zlari yana bormaydilarmi, mabodo?
— U yerdagilarga yana kelaman, deb keldim. Lekin sal keyinroq. Hozir boshqa bir muborak safarni mo‘ljal qilib turibman, bo‘tam. Hajga bormoqchiman. Makkatilloni bir ziyorat qilib qo‘ymasak, uyat bo‘lar deyman.
— Juda oqilona niyat, muborak bo‘lsin.
Chaqqonlar Yoqub cho‘loqni tavoze bilan mehmonxonaga olib kirib ketishdi. Keyin Mergan Dovon darvoza oldiga yaqinlashib, mehmonlarni kutib olayotgan Boyto‘ra Hamdam bilan ko‘rishib, to‘y bilan qutladi. Boyto‘ra bosh qimirlatib, alik oldi. Mergan Dovon sovqotgan qo‘llari qaltiray-qaltiray qo‘ynidan to‘yonani chiqarib, unga uzatdi. Boyto‘ra to‘yonani qo‘li bilan olmadi. To‘yonalarni yig‘ib yurgan shotirlaridan biriga imo qilgan edi, u yugurib kelib, cholning qo‘lidan pulni oldi-da, daftarga yozib qo‘ydi. So‘ng uni ichkariga boshladi. “Bu qurg‘urlarning hammasining loyi bir joydan olingan”, dedi chol xafa bo‘lganidan o‘zicha pichirlab. O‘choqboshida esa Panji hamon odamlarni og‘ziga qaratmoqda edi.
— O‘sha qirchang‘i oti bilan chirik aravasi, — dedi u oshpaz uzatgan bir piyola aroqni oxirigacha simirib, — boboy uchun har qanday mashinadan avlo. Bilmadim, oti bilan gaplashib yotadimi-ey. Hatto men bilan o‘shanchalik gaplashmaydi.
Mergan Dovonni temir stol ustiga tuzalgan dasturxon yoniga o‘tqizishdi. O‘rindiqlar ham temirdan ekan, ustiga-ustak ko‘rpacha ham to‘shashmabdi. Chol o‘tirishi hamonoq sovuqdan battar qaltirab ketdi. Lekin uni shu tobda o‘rindiqning sovuqligi emas, Qora dengizning qanaqaligi ko‘proq qiziqtirib qo‘ygan edi. Uni ko‘rib, Panji hangomasini to‘xtatdi-da, yoniga kelib, salomlashdi.
— O‘zingiz kelibsiz-da, ota, — dedi Panji sigareta tutatib. — Mashinamda olib kelmoqchi edim, uyingizga borsam, yo‘q ekansiz. — U atrofga alanglab qaradi. — “Limuzin”ingiz ko‘rinmaydi?
— Piyoda keldim, — dedi chol avzoyi battar buzilib. — Obro‘yingizga putur yetmasin dedim-da, o‘g‘lim.
Sovuq jonidan o‘tdi, Mergan Dovon ortiq toqat qilolmadi. Hech kim bilan xayr-xo‘shlashib ham o‘tirmasdan, uyiga qaytdi. Panji obro‘li mehmonlardan xabar olish uchun mehmonxonaga kirib ketgan edi. Cholni hech kim kuzatib chiqmadi.
Mergan Dovon otxonaga kirib, hamon otining shashti yo‘qligini ko‘rib, o‘ksindi. Boya tashlagan yemishini ham yolchitib yemabdi. Ko‘ngliga xavotir oraladi.
— Unday qilma. Iloji bo‘lsa unday qilma, — dedi u dir-dir titrab.
Keyin u uyga kirib, pechkaning qopqasini ochdi. Ertalabki o‘tning cho‘g‘i hali o‘chmagan, pechka issiq edi. Tarasha tashlashi bilan yana olov gurilladi. Termosdagi qaynoq choydan bir piyola quyib ichdi. Lekin qaltirog‘i hadeganda bosilavermadi. Yog‘ bosgan dasturxonni yozib, suvi qochay deb qolgan nondan bir-ikki bo‘lagini issiq choyga botirib yedi. “Senlarning noz-ne’matga to‘la ochil dasturxonlaringdan o‘zimning quroq dasturxonim ming marta yaxshi, qornimni to‘ydiradi. Omonat uchun bordim-da. Mayli, har tugul qarzdan qutuldim. Hech kimga og‘irliging tushmay yashaganing yaxshi. Hatto hovuzga tushsang suv ham seni ko‘tara olsin — yuking og‘irlik qilib oyog‘ing botmasin”, dedi u kavshanib. Pechkaga yaqin o‘tirgani bois choponi quriy boshladi. Ammo badanidagi qaltiroq hali ham to‘xtamayotgan edi. U pechkaga yana ham yaqinroq surilib, ko‘rpaga burkanib yotdi. Tashqarida shamol g‘uvillaydi. Pechkadagi olovning gurillashi unga jo‘r bo‘ladi. “Buncha vahima qilmasa bu shamol?”, deya o‘yladi chol. Boya osmonni bulut qoplab, qor yog‘adiganga o‘xshab turgan edi. Chol shuni o‘ylab, otidan xavotir oldi. Yana bir borib xabar olsammikin, degan xayol bilan o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi, lekin majoli yetmadi. Muzday ko‘rpa-to‘shagi endi ancha isib qolgan, cholni jiqqa ter bosgan edi. U nimalardir deb alahsiradi. Shamollab qolganini endi tan oldi. “Hechqisi yo‘q, o‘tib ketadi. Chidayman, bundan battarlariga ham chidaganman”, deb pichirladi.
Avvallari bunday paytlarda kampiri uning boshida girdikapalak bo‘lardi. Ustiga ko‘rpa yopib, isiriqlar tutatardi. Issiq-issiq choy damlab uzatardi. Qizlari esa chug‘urlashib onasiga yordam berishardi. Mergan Dovon ularni juda-juda ko‘rgisi keldi. Ko‘zlarini uqalab, atrofga razm soldi. Yo tavba, ana, kampiri har doimgidek hovlida ivirsib yuribdi. Bu hovlida bironta ish yo‘q, lekin kampirining qo‘li ishdan bo‘shamaydi. “Ey, etikdo‘zning qizi, to‘xtat yumushlaringni. Kel bu yoqqa, bir piyola choy quy. Bir pas gaplashib o‘tir men bilan”, deya o‘dag‘ayladi chol. Kampiri esa ishlarini to‘xtatgisi kelmay, timirskilanib yuraverdi. Jajji qizaloqlari esa hovlini boshlariga ko‘tarib qiyqirishgancha quvlashmachoq o‘ynashmoqda edi. Mergan Dovonning dili yayrab ketdi. “Qizaloqlarim, qo‘g‘irchoqlarim”, deb ularni chaqirdi. Qizlar uni eshitishmadi shekilli, parvo qilmay o‘ynayverishdi. Cholning o‘zi ularning oldiga borib, birga qo‘shilib o‘ynamoqchi, shirin-shakar qizlarining jajji qo‘lchalaridan o‘pib qo‘ymoqchi bo‘lib, ular tomon talpindi. “Ie, boya bo‘ron boshlangan edi, qizaloqlarim shamollab qolishadi-ku”, deya chol qo‘rqib ketib, derazaga qaradi. Bekor qaradi. Ana shu qarashi bilan bir zumda hammasi ro‘yoga aylandi. Uy ichi zim-zimiston bo‘lib qolgan, derazadan ham yorug‘lik ko‘rinmas, pechkadagi olovning ham hovuri pasaygan, har zamonda “chirs-chirs” degan ovoz chiqar, tashqarida bo‘ron tinib, qor yog‘ayotganini bildiruvchi shivirlar sezilar-sezilmas eshitilar edi. Mergan chol ko‘zlarini yumib, yana qizaloqlarini ko‘rgisi keldi. Ammo uning xiralashayotgan ko‘zlariga qorong‘ulikdan boshqa hech narsa ko‘rinmadi. Zim-ziyo uy, huvillagan hovli... Tirik jondan asar yo‘q. “Qani ular? — dedi u yig‘laguday bo‘lib. — Qani mening qizaloqlarim, asaljonlarim? Nega buncha tez qanot chiqarib uchib ketishdi mening polaponlarim? Nega buncha shoshilishdi? Hali hovlini to‘ldirib o‘ynab yurishsa bo‘lmasmidi?”. Mergan dovon o‘rtandi. Nafasi siqilib, g‘am-anduhga botdi. Qizaloqlarini ko‘rish ilinjida yana atrofga nazar soldi. Biroq endi uning qarshisida mutlaqo boshqa manzara paydo bo‘ldi. Keng maydonga ko‘pdan-ko‘p odam to‘plangan. O‘rtada to‘kin dasturxon. Hammalari bazm qilishyapti. Davraning to‘rida Yoqub cho‘loq, o‘rtaroqda Panji boyvachcha, poygakda Boyto‘ra Hamdam, qolganlari ham kazo-kazo odamlar. Yoqub cho‘loq Qora dengizda qanday cho‘milganini viqor bilan gapirib beryapti. O‘tirganlar uni olqishlab, qadah ko‘tarishadi. Yoqub cho‘loq izzatda: birov unga choy uzatgan, yana birovi oldiga lazzatli taom keltirgan, boshqasi chilim tayyorlab bergan... Shu payt ulardan biri Mergan Dovonni ko‘rib qoldi.
— Anavi shumshayib qarab turgan odam Dovonmi? Bu yoqqa chaqirsakmikan? — dedi u.
— Qo‘ysanglar-chi, u umrida Qora dengizni ko‘rmagan. Dengiz ko‘rmagan odam odammi?, — dedi Yoqub cho‘loq kerilib.
Mergan Dovonning jahli chiqdi. Otxonaga kirib, otining avzoyiga razm soldi. Oti qo‘yib bersang uchaman, deb turibdi. U otni tashqariga olib chiqib, obdon yasantirdi. Tuyoqlariga birma-bir qarab, taqalarini choponining yengi bilan artib yaltiratdi. Otning yollari oltinday tovlanib, tuyog‘idan o‘t chaqnadi. Mergan Dovon bir sakrab otga mindi. Ot qayoqqa boramiz, deganday kallasini sarak-sarak qildi. “Anavilar Qora dengizga borgan emish, — dedi Mergan Dovon, — mayli, ular o‘sha dengizga boraverishsin. Qora dengizni berdik ularga. Biz esa Oq dengizga boramiz, tulporim, Oq dengizga. Dovondan oshib o‘tamiz. Keyin yana qancha dovon bo‘lsa oshib boraveramiz. Qarabsanki, Oq dengizga yetib boramiz. Oq dengiz bizniki, unga faqat biz boramiz. Ularning hech biri bizning dengizimizga bora olishmaydi. Chunki ularning senday vafodor otlari yo‘q. Men umr bo‘yi yuk ko‘tardim, sen umr bo‘yi arava tortding — ikkovimiz bir umr mehnat qildik. Endi bor-yo‘g‘i bir kun orom olsak nima qipti? Biz Oq dengizda cho‘milamiz, dengiz qirg‘og‘idagi oppoq qumlar ustida chopamiz. Dengiz shamollari bilan quvlashamiz. Qaytib kelib, Oq dengizda bo‘lganimizni odamlarga aytib beramiz. Qani, shundan keyin ham bizni odam qatoriga qo‘shmay ko‘rishsin-chi...”. Mergan Dovon otini niqtadi. Ot ham shuni kutib turgan ekanmi, shamoldek uchdi. Maishat qilib o‘tirgan Yoqub cho‘loqlar ortda qolib ketdi. Qora dengiz hangomalari ham, osmondagi qora bulutlar ham ming chaqirim narida qoldi. Ular dovonlarni oshib o‘taverishdi. Osmon tiniqlashib boraverdi. So‘nggi dovonni zabt etganlarida ko‘z oldida oppoq dengiz namoyon bo‘ldi. Oq dengiz mavjlanib shovullaydi. Oq to‘lqinlar qirg‘oqqa uriladi. Oppoq qumlar oftob nurida ko‘zni qamashtirib jimirlaydi. Mergan Dovon o‘zini dengizga otdi. Oti esa oppoq qumlar ustida yugurdi. Uning yollari oltindek tovlanardi. Dengiz shovullaydi. To‘lqinlar qirg‘oqni yuvadi. Mergan Dovon qirg‘oqdan qaytayotgan to‘lqinlarni quvib chopadi. Hov narida sochlariga jamalak taqqan qizaloqlari qumdan uy qurib o‘ynashayotganiga ko‘zi tushdi. Yuragi hapriqib, ularning oldiga borishga shoshildi. Biroq qizaloqlar bir lahzada ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi. Mergan atrofga alanglab, yolg‘iz oti yugurayotganini ko‘rdi. Ot qirg‘oq bo‘ylab yuguradi, yuguradi, tinmay yuguradi. Keyin chopishdan charchab, o‘zini dengizga urdi. Ko‘pirgan to‘lqinlar uni dengizga tortib ketdi. “Qayt, tulporim, qayt. Unday qilma”, deb baqirdi Mergan Dovon. So‘ngra o‘zi ham otini qutqarish uchun dengizga sho‘ng‘idi.
Mergan Dovonning tomog‘i qaqrab ketdi. Shunda yana hammasi ko‘zdan yo‘qoldi. Derazadan g‘ira-shira yorug‘lik tushayotgani tong yorishib kelayotganidan darak berardi. Chol termosdan choy quyib ichdi. Pechka sovib qolgan, hamma yoq suv quyganday jim-jit. Tashqaridan ham biror sado eshitilmaydi. Oti esiga tushib, shosha-pisha o‘rnidan turdi. Hovlini qalin qor qoplabdi. Chol qorni g‘arch-g‘urch bosib otxonaga bordi. Otxonaga kirdi-yu, ayanchli manzaradan bir zum o‘zini yo‘qotib qo‘yayozdi. Ot oyoqlari uzalib, qimir etmay yotardi. Mergan Dovonning ko‘ziga yosh quyilib keldi. U oxurga suyanib o‘tirib qoldi. Otining ochiq qolgan ko‘ziga tikilib, ko‘p xotiralarni xayolidan o‘tkazdi. “Unday qilma degandim-ku senga, — dedi u alam bilan. — Endi butunlay oyoqsiz qoldim. — U chuqur xo‘rsindi. — Mayli, taqdir bitigi shunday ekan-da. Ehtimol shu ishing to‘g‘ri ham bo‘lgandir. Mendan keyin ketsang, seni kim ko‘mar edi? Go‘shtingni laxta-laxta qilishlariga ham mening ruhim chidab turolmasdi. — Mergan Dovon g‘am-g‘ussaga botib, otining yollarini siladi. Endi bu yollar oltinday tovlanmaydi, endi ularda tiriklik nishonalari yo‘q. Otning tanasi butunlay sovib bo‘lgan, endi u faqat eng so‘nggi bir harakatni — yer bag‘riga kirishni kutib turibdi, xolos. Bu esa hamma otlarga ham nasib qilavermaydi — go‘yo jonivorlar go‘shtxo‘rlaru o‘laksaxo‘rlarga yem bo‘lish uchun dunyoga kelgandek. — Bu dunyoda hech kim menga senchalik sadoqatli bo‘lmagan, tulporim, — dedi chol taqdirga tan berib, o‘rnidan turarkan. — Hech kim meni sendayin tushunmagan, sen kabi sirdoshu darddosh bo‘lmagan...”
Qor tingan, ammo hamon osmonning qovog‘i soliq edi. Mergan Dovon otxona atrofida ancha ivirsidi. Avvaliga bir o‘zi otning gavdasini aravaga yuklashiga ko‘zi yetmadi. Lekin o‘zga iloji ham yo‘q. Chol yuz xil tadbir o‘yladi. Goh otning, goh aravaning atrofida kuymalandi. Oxiri chora topdi. Hatto ilohiy kuchlar ham unga madad berayotgandek bo‘ldi. U otxona oldida qiya chuqurlik kavlab, aravani tushirdi va... ming bir azobda qiynala-qiynala otning jasadini ortdi-da, aravani sudrab yo‘lga tushdi. U qishloq chekkasidagi tepalikni mo‘ljallab ketaverdi. Bir zum ham to‘xtamadi, bir dam bo‘lsin ortiga qaramadi. Hamma yoqni tizza bo‘yi qor bosgan, chol o‘zi bir umr yurgan eski yo‘llarni chamalab o‘tirmasdan, yaydoq dala bo‘ylab yo‘l soldi. Qalin qor qoplagan bu dalada na bir daraxt, na biron chayla ko‘zga chalinadi. Keng dala cholning ko‘ziga go‘yoki Oq dengiz bo‘lib ko‘rindi. U xayolida Oq dengizni kechib borar, shunchaki kechib emas, ulkan bir kemani tortib borardi. “Mana, Oq dengiz, mening dengizim, — deya o‘yladi u. — Lekin nega u shovullamayapti? Nega mavjlanmayapti? Uning to‘lqinlari qani? Yo mening dengizim muzlab qoldimikan, muzlab borayotganmikan? Ha, shundayga o‘xshaydi. Muzlab borayotgan bo‘lsa kerak. Yo‘qsa, men kemani tortishga bunchalik qiynalmagan bo‘lardim”. Uning yuziga dengiz shabadalari urilardi. Lekin dengiz shabadalarining bunchalar sovuq bo‘lib, yuzni chimchilab-chimchilab olishini o‘ylab ko‘rmagan ekan. Shu esiga tushib miyig‘ida kuldi.
Tepalikka qiyalab chiqib olgach, Mergan Dovon to‘xtab nafas rostladi. Ortiga o‘girilib, qishloqqa nazar tashladi. Bir-ikkita uylarning mo‘rilaridan tutun o‘rlayotganini aytmasa, hali qimir etgan jon ko‘rinmaydi. Hamma sahar uyqusida. “Odamlar uxlayapti, — dedi chol xo‘rsinib. — Mayli, uxlashsin. Axir, ular hayotlarini davom ettirishlari kerak. Yashash uchun kuch yig‘ishlari kerak”.
Mergan Dovonni kechga yaqin qidirib qolishdi. Panji Boyto‘ra Hamdamnikida yotib qolgan edi. Peshindan keyin tetiklashib, xayr-xo‘shlashib chiqdi. Shaharga qaytish oldidan yo‘l-yo‘lakay qaynotasinikiga ham birrov kirib o‘tmoqchi bo‘ldi. Qarasa, chol ham, otu arava ham yo‘q. Har doimgiday yana biron joyda uloqib yurgandir-da, deb o‘yladi. Lekin hamma eshiklar, hatto darvoza ham lang ochiq qolganidan ko‘ngliga shubha oraladi. Qo‘ni-qo‘shnilardan surishtirdi. Panji qidirganidan keyin boshqalar qarab turisharmidi? Hamma Mergan Dovonni axtarishga tushdi. Bir payt biyday dalaning o‘rtasidan tepalikka tomon ketgan yakka odam va aravaning izini ko‘rib qolishdi. Ertalabki shamol darrov tingan, izlar ko‘milmay, aniq-tiniq ko‘rinib turardi. o‘ala-g‘ovur boshlandi. Har kim o‘zicha to‘qib-bichdi.
— Bu qanaqasi, — dedi shov-shuvni eshitib yetib kelgan Yoqub cho‘loq, — mana bu aravaning izimi? Nima balo, aravani Merganning o‘zi sudraganmikin?
— Bu miyasi aynigan chol, otimga og‘irligim tushmasin, deb ot-aravasini yetaklab ketgan, — deb gap tashladi kimdir.
— E, otning izi yo‘q-ku, faqat odam bilan aravaning izi bor.
— Unda uning oti qayoqqa g‘oyib bo‘ldi?
— Oti qanot chiqarib uchib ketgan bo‘lsa kerak.
— E, o‘sha qirchang‘isi uchish u yoqda tursin, oyog‘iniyam zo‘rg‘a sudrab bosadigan bo‘lib qolgan edi-ku.
Hammalari qordagi iz bo‘ylab tepalikka tomon ketishdi. Tepalikdan oshib o‘tishlari bilan yangi va kattagina bir qabrga duch kelishdi. Haligi iz shu qabr oldida to‘xtagan edi. Bo‘ldi, naryog‘i bepoyon dala, oppoq qor yastanib yotibdi, bironta iz ko‘rinmaydi. Xaloyiqning boshi qotdi.
— Bu ahmoq chol o‘zini o‘zi ko‘mganmi deyman, — dedi Yoqub cho‘loq.
Odamlar bir ovozdan shu gapga qo‘shilmoqchi bo‘lishdi.
— Yo‘g‘-e, bo‘lishi mumkin emas, — deb siltab tashladi Panji. — U holda ot bilan arava qayoqqa ketgan? Biron joyda otning izini ko‘rdingizmi? Sizday aqli noqislar bilan kengashib odam baraka topmaydi.
— Balki Dovonning oti o‘lgandir-u, chol bu yerga otini ko‘mib qaytgandir? — dedi kimdir.
— Xo‘p, otini ko‘mgan ham deylik. Lekin chol bilan arava qayoqqa g‘oyib bo‘lgan? Bu yoqqa kelgan iz bor, ammo qaytgan iz yo‘q-ku, — xunobi oshdi Panjining. — Boboy odamni tozayam uyatga qo‘ydi-da. Obro‘ degan narsaning misqollab yig‘ilishini qayoqdanam bilsin. Yosh bolaga o‘xshab indamay-netmay uydan chiqib ketganini qarang. Bu qo‘lansa gap qanot yozib, shaharga ham yetib bormasa go‘rga edi.
— Biron kimsa xafa qilgan bo‘lsa bizga aytmaydimi, biz o‘sha zo‘ravonning tanobini tortib qo‘ymaymizmi, — dedi hammadan oxiri yetib kelgan Boyto‘ra Hamdam. — Kecha biznikiga to‘yga ham borganga o‘xshadi, chamamda. Yo ko‘zimga ko‘ringanday bo‘ldimi, ishqilib qaerdadir loyga belanib yurganiga ko‘zim tushganday.
— Ko‘nglingizga kelmasinu, Panjiboy, qaynotangiz xo‘p g‘alati odam-da, — deb kibrli iljaydi Yoqub cho‘loq, — uyida osh-noni yo‘qligidan arazlab ketib qolmaganmikin, nima balo? Agar shunday bo‘lsa, mana, bizga aytmaydimi, uyini go‘shtu nonga to‘ldirib tashlamaymizmi. Har holda bir umr savobni tabarruk bilib yurgan odammiz. Savob uchun bir ochni to‘ydirishga jazm qila olamiz.
Panjining afti burishdi:
— Unaqa savoblarni o‘zimiz ham qila olamiz, Yoqub buva. Boboy hech qachon och qolgani yo‘q. U kishining, kerak bo‘lsa, siz bilan meni to‘ydirishga ham qurbi yetardi.
— Yo‘g‘-e?
Ularning gapini Boyto‘ra Hamdam bo‘ldi:
— Chol topilsa, savobli ishlaringizni qilish qochmas. Hozir muhimi boshqa masala — Mergan Dovon qayoqqa yo‘qoldi?
Kech bo‘lib qolgan edi. Odamlar shu jumboqni o‘ylay-o‘ylay qishloqqa qaytishdi.
— Mergan Dovon tirik, qaerlardadir aravasini sudrab yurgan bo‘lishi kerak. Daragi chiqsa senga xabar yetkazamiz, — deya Panjining ko‘nglini xotirjam qilib, shaharga kuzatib yuborishdi.
Tuni bilan butun qishloq shu jumboqni o‘ylab deyarli uxlamay chiqdi. Oz-moz uxlaganlar ham tushlarida faqat tepalikdagi qabrgacha borgan izlarnigina ko‘rishdi. Boshqa iz yo‘q. Tepalikdan naryog‘ida esa muz qotgan dengizni eslatuvchi oppoq kenglikni ko‘rishdi. Ertasiga ham, indiniga ham qanchalik mulohaza qilishmasin, cholning izini topadigan bironta gap aytisholmadi. Lekin Mergan Dovon qush emas-ki, osmonga uchib ketsa, suv emas-ki, yerga singib ketsa. U — odam. Arava esa — ko‘p yillardan beri shag‘irlab yuraverib, odamlarga tanish bo‘lib qolgan buyum. Balki rost-dan ham, odamlar aytganiday, chol o‘zining bor-yo‘qligini sezdirmay qaerlardadir yurgandir... oq, oppoq dengizni axtarib.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.