OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Uyg‘un Ro‘ziyev. Rayhonli uy (hikoya)

Qishloq chetidagi bu maydon shu paytgacha yantoqlar o‘sib yotgan, bolalar uloq-qo‘zi haydab yuradigan bir yalanglik edi.
Keyin... tuman rahbarlari kelishib qishloq atrofini obdon aylanishdi va shu yalanglikda to‘xtab, nimalarnidir bahslashishdi, tortishishdi va tarqalib ketishdi. Oradan bir necha kun o‘tgach yerning tekisligini chamalaydigan asbob-uskunalarini yelkalagan besh-o‘n kishi keldi bu yerga. Ular asboblarini o‘rnatishib, turli xil rasmlarga tushirib ketishdi, natijalarini yozib-chizishdi. Ko‘p o‘tmay qatorlashib har xil mashinayu traktorlar keldi, quruvchilarning ko‘chma uylari joylashdi. Bir zumda ko‘z ko‘rib-quloq eshitmagan qurilishlar boshlanib ketdi. Qurilishning dovrug‘i Rayhon kampirning ham qulog‘iga yetib bordi. Qo‘ni-qo‘shnilardan yangi uylar qurilayotganini eshitganda unchalik parvo qilmagan edi. “Hammaning uyi bor bo‘lsa, kimga ham kerak ekan bunchalik ko‘p imoratlar”, deb o‘zicha ming‘irlab qo‘ydi.
Shom qorong‘usida o‘g‘li traktorini qiyalikka qo‘yib kirib kelganida kampir eski ko‘rpachalarning uvadalarini titkilab o‘tirgan, kelini esa qizaloqlari bilan o‘choq boshida kuymalanib yurgan edi. O‘g‘lining og‘zi qulog‘idaligini ko‘rib kampir hayron bo‘ldi. “Sigiri egiz tug‘ibdimi buning” dedi ichida. Buni o‘g‘li ham darrov payqadi.
— Yangi qurilayotgan uylardan bittasi bizga tegadigan bo‘ldi, ena, – dedi u kampirni ko‘p ham ilhaq qilmaslik uchun yuz-qo‘llarini yuva-yuva.
Kampir indamadi. U o‘g‘lining gapiga ishonishini ham, ishonmasligini ham bilmadi. Kelinining sevinchdan uchib-qo‘nayotganini ko‘rib kulgisi qistadi. U ham bir paytlar shunday yoshgina juvon edi. Uning ham eri traktorchi edi. Birovlar Toshmurod traktorchi desa, ba’zilar juvozchining o‘g‘li deb chaqirardi. Rayhon Toshmurodga turmushga chiqqanda yaqinlari, qo‘ni-qo‘shnilar hashar qilishib guvaladan mana shu bir dahlizu bir xonali uyni qurib berishdi. Tomi loysuvoq bu uydan hali-hanuz yog‘in-sochinli kunlarda chakka o‘tib, yerning zaxi bezovta qiladi. Shunday kunlarda kampir yerga qavat-qavat qamish bo‘yralarni to‘shab, ustidan kigiz yozadi, shu bilan namgarchilikni yenggan bo‘ladi. Toshmurod bir umr xo‘jalikda traktorchi bo‘lib ishladi. Tong yorishar-yorishmas dalaga otlanib, tun qorong‘usida traktorini tarillatib qaytib kelardi. Qanchalik yuvinmasin, undan doim traktor moyining hidi anqirdi. Rayhonning boshda bunday hidga ko‘nikishi qiyin bo‘ldi. U bilinar-bilinmas burnini jiyirib qo‘yardi.
— Nega yuzingni burishtirasan? — so‘rardi Toshmurod.
— Sizdan moy hidi kelayapti, — derdi Rayhon.
— Sendan esa faqat rayhon hidi keladi, — deb kulib qo‘yardi Toshmurod.
Rostdan ham Rayhon kelin bo‘lib kelganidan buyon bu hovlidan gulu rayhonlarning hidi arimay qoldi. Rayhon azonlab turib uy yumushlarini qilar, hovlini supurib-sidirar, eshik oldidagi bir parcha yerga ekkan gul va rayhonlariga suv separ, keyin tong yorishayotganda dalaga ketardi. Ular kunduz kunlari deyarli bir-birlarini ko‘rishmasdi. Ikkalasi ham uzzu-kun dalada ishlashar, faqat tunda mana shu guvalali uy ularni visolga yetkazardi. Shu uyda besh qiz, bir o‘g‘il dunyoga keldi. Bolalar qamish bo‘yra ustida bir-birlarining pinjiga tiqilib katta bo‘lishdi. Beshala qiz otalarining oq fotihalarini olib besh qishloqqa kelin bo‘lib ketishdi. Ammo o‘g‘li Botirning boshini ikki qilishga Toshmurod ulgurmadi. Uzoq xastalikdan so‘ng omonatini topshirdi. Kampir huvillagan uyda o‘g‘li bilan yolg‘iz qoldi. Botir ota kasbini egallab, traktorchi bo‘ldi. U ham Toshmurodga o‘xshab yarim kechada daladan qaytishni, gurs-gurs qadam tashlab kirib kelishni, dasturxondagi bug‘doy nonga ishtaha bilan qo‘l uzatishni odat qildi. Undan ham traktor moyining hidi anqiy boshlaganda kampir ancha vaqtdan buyon yo‘qotib qo‘ygan hidini topganday sevinib ketdi. Botir ham atrofni o‘zgacha ishtiyoq bilan hidlardi. Kun bo‘yi solyarka tutunidan nafas olaverganidan bo‘lsa kerak, hovliga kirishi bilan dimog‘iga gupillab urilgan gulu rayhonlarning isini yaqqol sezardi. Ona-bola bir-biriga yupanch bo‘lib yashab yurishdi. Kampir umri poyoniga yetib borayotganini o‘ylab, o‘ttizga o‘tayotgan o‘g‘lini uylantirish yo‘lida jonsarak bo‘lar, o‘g‘il esa uylanib shu birgina xonani ham band qilsam, onam bolishini qaerga qo‘yadi, deb o‘y surardi. Nihoyat u o‘rtoqlarini hasharga chaqirib, guvaladan dahliz yoniga yana bir xona qurdi. Kelinni o‘sha xonaga olib keladigan bo‘lishdi. Kelin ham keldi, birin-ketin nevaralar ham tug‘ildi, kampirning bag‘ri to‘ldi. Lekin bir xonada yolg‘iz o‘zi qolganida ko‘ziga uyqu kelmas, Toshmurod xayolidan ketmasdi. G‘aribgina shu kulbani Toshmurod to‘ldirib turardi.
O‘g‘li, yangi uy oladigan bo‘ldik, deganida kampir o‘zining guvala uyidan boshqacharog‘ini tasavvur qilolmadi. Traktorchining manglayiga shundan ortiq uy bitarmidi, deya o‘ylardi u. Biroq Botir har kuni qurilayotgan uylarni maqtab kelaverganidan keyin kampir ham rostakamiga qiziqa boshladi. Hatto o‘sha uyni bir borib ko‘rishga havasmand bo‘lib qoldi. Ammo bu gapni erta bahorda boshlagan Botir yozning o‘rtalariga kelib ham kampirga yangi uyni ko‘rsatishni paysalga solaverdi. Kampirning avzoyi buzilgach, nihoyat bir kuni ertalab o‘g‘li uni qurilish maydoniga olib bordi. Ular bir chetda to‘xtab qurilishlarni tomosha qilishdi. Kampir kaftini soyabon qilib atrofga nazar tashladi. Keng maydonda juda ko‘plab imoratlar bo‘y ko‘rsatib qolgan, bahaybat mashinalar u yoqdan-bu yoqqa tinimsiz qatnar, ulkan traktorlar vajohat bilan tarillar, quruvchilar yeng shimarib ishlashar, tuproq yo‘llardan quyuq chang osmonga o‘rlardi.
— Sen bola meni ermak qilma, — dedi kampir qovog‘i uyulib.— Qishloq uylari bundaychikin bo‘lmaydi. Bu yerda shahar qurilayotganga o‘xshaydi-ku. Traktorchiga shahardan uy tegib qolibdimi. Ha, o‘triging ham bor bo‘lsin-a.
— Ena, rost aytdim, mana shu uylardan bittasi bizniki bo‘ladi.
— Seniki bo‘lsa, qani, ko‘rsat ana shu uyni menga.
— Qurilishlar tugasin, keyin ko‘rasiz. Hozir changga belanish zarilmi sizga?
— Nima bo‘pti, har doimgi o‘zimizning chang-da. Ko‘rsat uyingni.
Botir noiloj, kampirni tuproq yo‘ldan imoratlar orasiga yetakladi. Kampir kalishini qo‘liga olib, qaynoq tuproq ustidan yalangoyoq yurdi.
— Shu uy bizniki, ena, — dedi Botir kampirni o‘rtaroqdagi bir hovliga boshlab kirarkan.
Kampir bir zum to‘xtab, entikib nafas oldi. Hovli devor bilan o‘ralgan, imoratning salobati odamni hayratga solardi. Tomda ustalar ishlashayotgan ekan. Kampir yuqoriga qaragan edi, quyosh nurlari ko‘zini qamashtirdi. Uning qisiq ko‘zlari yanayam qisildi.
— Ullarim-ov, hormanglar, ishlaringga unum bersin, iloyim.
— Bor bo‘ling, momo, yangi uyimni bir ko‘rib ketay, deb kelibsiz-da? — dedi ustaboshi.
— Botirjonimning uyimi shu? — so‘radi kampir go‘yo, begona joyga adashib kelib qolmadimmi, degandek.
— O‘g‘lingizni qo‘yib turing, sizning uyingiz-ku bu.
Kampir xursand bo‘lib jilmaydi. Tabassumga oshiqqan lablari ortidan tishsiz milklari ko‘rindi. Bu milklarning tishdan xoli bo‘lganigayam ancha yillar bo‘lgan. Yoshligida uning tishlari juda chiroyli edi. Dugonalari suqlanib maqtab qo‘yishardi-yu, lekin Toshmurodning maqtovi boshqacha bo‘lardi. “Senga doim dur sovg‘a qilgim keladi-yu, lekin men olib keladigan durlar sening tishlaring oldida oddiy toshga o‘xshab qoladimi deb qo‘rqaman”, derdi u. Shu go‘zal tishlarning ba’zisi paxta o‘sgan dalalarda qolib ketdi.
 O‘shanda Rayhonning to‘ng‘ich qizi tug‘ilgan edi. Chaqaloq rosa injiq edi, ko‘p yig‘lardi. Bir kuni tuni bilan o‘zi ham uxlamadi, Rayhonga ham orom bermadi. Ustiga-ustak Rayhonning tishi og‘rib, ikki kun uzluksiz azob berdi. U og‘riyotgan tishini ombir bilan sug‘urib tashlagisi kelardi, ammo bunga ham jur’at qilolmadi. Paxta terimi avj pallaga kirgan, yetti yoshdan yetmish yoshgacha hamma dalada edi. Rayhon ish bilan ovunib, tish og‘rig‘ini unutaman, deb o‘yladi. Ammo yer zaxlik qildimi, og‘riq battar zo‘raydi. U azoblanib ko‘zlarini qattiq yumdi va shu ko‘yi egatda uxlab qoldi. Kutilmaganda erkak kishining tahdidli baqirig‘idan cho‘chib uyg‘ondi. Shundoqqina tepasida raisning ajdardek pishqirayotganini ko‘rab, sal bo‘lmasa yuragi qinidan chiqib ketayozdi. Rangi quv o‘chib, oyoq-qo‘li qaltirab o‘rnidan turdi. Hov narida, rayon rahbarlaridan bo‘lsa kerak, yana uch-to‘rt chog‘li shlyapa kiygan kishilar turishganini ko‘rib battar uyaldi.
— Hamma kechani-kecha, kunduzni-kunduz demay oq oltinni misqollab terayotganda sen muttaham kuppa-kunduzi yalpayib uxlab yotibsanmi? — deya o‘shqirdi rais.
— Tishim og‘riganidan bilmasdan uxlab qolibman, — dedi Rayhon uyatdan yerga kirgudek bo‘lib.
— Qaysi tishing seni ishlashga qo‘ymayapti?
Rayhon og‘riyotgan tishini labi ustidan silab ko‘rsatdi. Rais hech ikkilanib o‘tirmasdan, o‘sha joyga qo‘lidagi tayoq bilan bir tushirdi. Rayhonning ko‘zlaridan olov sachrab ketdi. Og‘riyotgan tish egatga uchib tushdi. Lekin bu qitmir tish yonidagi ikkita soppa-sog‘ tishni ham yetaklab ketdi.
— Mana, endi ham shu la’nati tish senga xalaqit qilib ko‘rsin-chi, — dedi rais.
Rayhon kafti bilan qon sizayotgan og‘zini bekitib, rahbarlarning uzoqlashishini kutib turdi. Ular nari ketgach, egat boshiga yugurib borib, ariqdagi suvdan og‘zini chaydi. Laxta-laxta qon tufladi. Rais to‘g‘ri aytgan ekan, Rayhon tish og‘rig‘idan butunlay qutuldi. U shundan xursand bo‘ldi. Faqat sog‘ tishlarining ham sinib tushganiyu labining biroz yirtilib chandig‘i ko‘rinib qolganidan bir necha kun xijolat bo‘lib yurdi. Keyinchalik bular ham unutildi. Keksayib, yuzlarini ajin qoplagach, o‘sha chandiq sezilmay ketdi. Oyday jamoliga zeb berib turgan dur kabi tishlari esa umr o‘tishi bilan jilosini yo‘qotib, sohibasini tark etdi.
Kampir hovlini erinmasdan aylanib ko‘rdi. Qurilayotgan imoratning har bir xonasiga bosh suqdi. U avval quloqlariga ishonmagan bo‘lsa, endi ko‘zlariga ishongisi kelmayotgan edi. “Ko‘rayapsizmi, juvozchining uli, Botirjonimgayam ko‘rkam imorat bitibdi. Shunday kunlarga yetmadingiz-da, hay esizgina-ya”, deb ichida gapirardi va ko‘zlarini namlagan quvonch yoshlarini astagina artib qo‘yardi. U kunda-kunora shu hovliga qatnaydigan bo‘lib qoldi. Nabiralari ba’zan uning qayoqqa ketganini bilmay qidirib qolishardi. Kampir tuproq kechib yangi hovliga borar, jadal ishlayotgan ustalarga: “Ullarim-ov, hormanglar, Botirjonimning uyi bitay deb qoldimi?” derdi-da, nabiralarining kichkina ketmonchasi bilan hovli burchagidagi bir parcha yerni yumshatib, nimalarnidar ekib yurardi. Saksondan sakragan enasining hali qurilishi bitmagan hovlida ekin-tikin qilib ivirsib yurishi Botirga malol keldi.
— Shu ishlar sizga zarilmi, ena, uyda o‘tirsangiz bo‘lmaydimi, odamni xijolat qilmay. Sizga birov yer choping deyaptimi? — dedi u nihoyat bir kuni.
— Ol-e, chopmasam chopmabman-da yeringni, baxilning tuvgani, — dedi kampir ham zarda bilan.
Hammasini ko‘rib turgan ustaboshi Botirning gapini kesdi:
— Enang tilla ayol ekan, ukaginam, agar shu ayol mening enam bo‘lganida har kuni kaftidan suv ichardim. Bu uyda momo o‘zining qancha yashashini bilmaydi-yu, lekin sen va sening bolalaring uzoq vaqt yashashini yaxshi biladi.
Baribir Rayhon kampir to havo sovib, loygarchilik boshlanguncha ikki hovli o‘rtasida o‘z bilganicha qatnab yurdi. Yog‘in-sochinli kunlarda ham u yerga borgisi keldi-yu, Botir yo‘lini to‘sdi.
— Ena, bir kami endi loy kechib yurishingiz qoluvdi. Bahorda ko‘chib o‘tamiz, shungacha issiq uyda dam olib turing, — dedi u jahli chiqqanini yashirmay.
Kampir butun qish bo‘yi ostona hatlamadi. Lekin bahor eshik qoqishi bilan yana hech kimga aytib ham o‘tirmasdan yangi uyga yo‘l oldi. Qatorasiga qurilib, ko‘rkini ko‘z-ko‘z qilayotgan uylarni ko‘rib yuragi hapriqdi. Hamma uylar bir-biridan chiroyli. Tuproq ko‘chalarni asfalt qilishni boshlashibdi. Kampir o‘sha uyni chamalab borardi-yu, adashib ketmayapmanmi, deb atrofga alanglardi.
— Ullarim-ov, Botirjonimning uyi shumi? — so‘radi u so‘nggi yumushlarni bajarayotgan ustalardan.
Ustalar kampirni darrov tanib, hovliga yo‘l ko‘rsatishdi. U hovlida yana odatdagi yumushlarini boshlab yubordi. Uyning salobatiyu tarovatiga qarab to‘ymasdi. “Botirjonimning uyi. Qanday ko‘rkam uy. Umrimiz qaysi zamonlarda o‘tib ketibdi-ya, hay attang-a. Mayli, berganingga, yetkazganingga shukur”, derdi u o‘zicha ming‘irlab.
Ko‘klam sabolari esib turgan kunlarda ular yangi uyga ko‘chib kelishdi. Botir yaqinlarni, do‘stlariyu qo‘ni-qo‘shnilarni chorlab hovli to‘yi qildi. Rayhon kampirning quvonchi ichiga sig‘masdi. “Botirjonimning uyi, Botirjonimning hovlisi”, degan so‘zni og‘zidan qo‘ymasdi u. Ba’zan haddan ziyod shodlikni ko‘tarish uchun ham odamzodga kuch-quvvat kerak ekan. To‘ydan so‘ng kampir ancha charchoqni sezdi. Beshikdan tushganidan keksayganiga qadar zax dalalarda usti yupun, oyog‘ida yirtiq kalish bilan yurganlari baralla kuchini ko‘rsatdi. U to‘shakka oyoq uzatdi.
— Botirjon, uying qutlug‘ bo‘lsin, — dedi u zo‘rg‘a og‘iz juftlab. — Qaerda bo‘lsang ham otang yoqqan chiroqni o‘chirma, bolam.
Keyin uch kun biror so‘z demadi, tuz ham totmadi. Nihoyat uchinchi kuni bir qultum suv ichdi.
— Endi mendan rozi bo‘linglar, — dedi kampir shivirlab va ko‘zlarini ohista yumdi.
Kampir qanchalik ezmadek tuyulmasin, Botir unga o‘rganib qolganini payqadi. Bir umr yonida yurib qadri bilinmagan momo bir kunda hammani sog‘intirdi. Botir uyga kirsa ham, hovliga chiqsa ham bir narsasini yo‘qotgan odamdek gangib yurdi. Nihoyat bir kuni sahar chog‘i hovliga chiqib, yuz-qo‘lini yuvayotganida xuddi onasi yonidan o‘tib ketgandek, uning isini tuydi. U yarq etib atrofga alangladi, kampir yo‘q, ammo hamon isi kezib yuribdi. U to‘rt tomonga javdirab qaradi, bahor naysonlari tiniqlashtirib ketgan havodan to‘yib nafas oldi va shunda mana bu hid hovli etagidagi rayhonlardan taralayotganini topdi. U o‘sha yerga borib, bir zum xayol surib qoldi. Keyin bir nechta rayhonlarni kaftiga olib, yuziga bosdi va sassiz yig‘ladi. Botir shu tobda onasining tizzasiga bosh qo‘yib yig‘layotganini his etardi. Go‘yo Rayhon kampir boqiy dunyoga bir zum ketgan-u, keyin rayhonlarga aylanib qaytib kelganga o‘xshardi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 29-son

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.