OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Uyg‘un Ro‘ziyev. Tongda qaytgan kaptarlar (hikoya)

– Kamol, anavilarni qara, zo‘r-a?
– Kaptarlarmi, ha, zo‘r.
– Uchishini qara, uchishini, bir gala bo‘lib uchishadi-ya.
– Ha, haqiqatanam chiroyli.
– Anavi qizili bilan chipor rangdagisini kuzatgin. Uchaturib o‘mbaloq oshib-oshib oladi. Eh, qaniydi o‘sha kaptarlar meniki bo‘lsa.
– Har doim shuni orzu qilasan. Undan ko‘ra, ana, bozordan sotib ol.
– Esing joyidami, qachon bizning bozorda kaptar sotilganini ko‘rgansan?
– O’zimizda-ku sotilmaydi-ya, lekin shaharga borsang bozorlarda bo‘larkan.
– E, bozordan bunaqa kaptarlarni topib bo‘lmaydi.
Ikki do‘st har kuni darsdan qaytar chog‘ shu yo‘sin gaplashib kelishadi. Maktab anchagina olis bo‘lganligi uchun paxta paykalini qoq kesib o‘tgan tuproq yo‘ldan yurishga to‘g‘ri kelardi. Yog‘ingarchilik paytlarida bu yo‘llardan yurish juda azob. Etiklarga botmon-botmon loy ilashar, keyin maktab yonidagi ko‘lmakka yetganlarida naq chorak soat etiklarini yuvish bilan ovora bo‘lishardi. Ayniqsa, ayozli kunlarda qo‘llari sovuqdan yorilib, yig‘lagudek bo‘lishar, shuning uchun ana shu yo‘ldan onda-sonda bironta traktor o‘tib qolgudek bo‘lsa, ular darrov uning tirkamasiga osilib olishardi-da, maktab yaqinida sakrab tushib qolishardi. Dala o‘rtasidagi tashlandiq shiypon ularning ko‘pincha qo‘nib o‘tadigan joyi edi. Bir paytlar, bu shiypon kolxozchilar dam oladigan joy bo‘lgan. Kolxozlar tugatilib ketganidan keyin bu shiypon ham hech kimga kerak bo‘lmay qolgan chamasi, endilikda biron kimsa qadam qo‘ymaydigan xarobaga aylangan edi. Mana bu ikkala bolakay uchun esa bu najot qal’asidek bir gap edi. Ular atrofida bironta daraxt ko‘rinmaydigan shu biyday dala yo‘lidan yurishganida issiq kunlari quyoshning taftidan hansirab qolishar, shunda shiypon soyasida biroz nafaslarini rostlab olishar, sovuq kunlarda esa shiypon ichiga kirib, kichikroq gulxan yoqib isinib olishar, sumkalarida nonmi, mayizmi, nima bo‘lsa o‘shani yeb, keyin yana yo‘lga tushishar edi.
Ular odatlariga ko‘ra yo‘l-yo‘lakay yana o‘sha shiyponga kirishdi. Bahor kelgan bo‘lsa ham, lekin hali qishning zahri butkul ketmagan, ayniqsa, mana shu yaydoq dalada sovuqqina shabada esardi. Ikkovlon ichkariga kirishi bilan sumkalarini bir chetga qo‘yib, gulxan yoqishga kirishib ketishdi. Eski yashiklarning yog‘ochlarini o‘rtaga qalashdi.
– Kamol, qog‘oz olib kel, – dedi Turdi sumkasidan gugurt olarkan. 
Kamol ichkaridagi boshqa xonadan qog‘oz olib chiqdi. Bu yerda bir paytlar kolxozchilar uchun mo‘‘jazgina kutubxona tashkil qilingan bo‘lib, shu xonaga uch-to‘rtta javon joylashtirilgan, javonlarga to‘ldirib kitoblar taxlab qo‘yilgan edi. Kitoblarning ko‘pi o‘rischa yozilgan, deyarli hammasi partiya g‘oyalari haqida edi. Shuning uchun ularning endi hech kimga keragi ham yo‘q, chang bosib sochilib yotar, oynalari sinib bitgan derazadan kirgan shamol qog‘ozlarni uchirib o‘ynardi.
Gulxan «chirs-chirs» ovoz chiqarib yondi. Bolalar gulxan atrofida qo‘llarini ishqalab, isinib olishdi.
– Kamol, – dedi Turdi ko‘zlari porlab, – biz o‘sha kaptarlarni o‘zimizniki qilib olishimiz kerak.
– Qanday qilib?
– Aytishlaricha, Masha xola kaptarlarini hech kimga sotmas ekan. O’zimizdan bir-ikki sinf yuqorida o‘qiydigan bolalar borib og‘iz solib ko‘rishgan ekan, unamabdi. O’lsam meni shu kaptarlar ko‘madi, sotsam ularga xiyonat qilgan bo‘laman, debdi.
– Unday bo‘lsa rostdan ham hech kimga sotmaydi, Masha xola qaysar kampir.
– Sotish-sotmasligiga qarab o‘tiramizmi.
– Bo‘lmasa nima qilmoqchisan?
– Shartta o‘g‘irlaymiz-qo‘yamiz.
– Yo‘q, bu yaxshi ish bo‘lmaydi.
– Nega endi, bundan oson ish yo‘q. Kampir yolg‘iz yashaydi. Salgina qorong‘i tushsa hech narsani ko‘rmaydi ham. Nafsilamrini aytganda, o‘zi endi unga kaptarlarning nima keragi bor? Sharti ketib parti qolgan. Hademay o‘lsa kaptarlar egasiz qoladi.
– Ana o‘shanda olaqol ularni.
– Yo‘q, kaptarlar aqlli jonivorlar. Egasi o‘lganini bilganidan keyin hech kimga tutqich bermaydi. Hammasi har yoqqa uchib ketib, yovvoyi kaptarlarga aylanadi.
– E, baribir bo‘lmaydi.
– Ha, sen bilan hech narsa qilib bo‘lmaydi. Sening onang juda yaxshi ko‘radi o‘sha kampirni, – dedi Turdi va pasayib qolgan olovni tepkilab-tepkilab o‘chirdi-da, yo‘lga tushdi.
Ular yo‘lda indamay ketishdi. Kamol kampir haqida o‘ylab borardi. Haqiqatan ham uning onasi o‘sha kampirni yaxshi ko‘radi. Ko‘pincha non yopganida tandirdan uzilgan issiq nondan bir juftini unga ilinardi. Ba’zan o‘zi olib borib berar, gohida Kamolni jo‘natib olardi. Masha xolani nega buncha yaxshi ko‘rasiz, deb Kamol onasidan so‘rab ham ko‘rgan. «Seni tuqqanimda o‘sha ayol doyalik qilgan, – degan edi onasi. – Sal bo‘lmasa sendan ayrilib qolayozgan edim. U seni ham, meni ham o‘limdan qutqarib qolgan. Keyinchalik senga qon quyish kerak bo‘lganida uning o‘zi qon bergan edi. Shunaqa, u odamlardan qonini ham, jonini ham ayamaydigan do‘xtir edi». Kamol azbaroyi qiziqib, asli o‘zbek bo‘lmagan bu ayolning bu yerlarga qanday kelib qolganligini ham so‘ragan edi. U asli Odessada yashagan. Gitlerchilar urush boshlaganida u hali yoshgina qizaloq bo‘lgan. Ularning uyi urush alangasi ichida qolgan. Ota-onasi va yaqinlari ana shu vayronalar ostida qolib halok bo‘lishgan. Shundan so‘ng u evakuatsiya qilinganlar qatorida Toshkentga kelib qolgan, urushdan so‘ng tibbiyot texnikumida o‘qigan va Bayram degan o‘zbek yigitga turmushga chiqqan edi. «Bayram buva ham sodda, oqko‘ngil odam edi,– dedi onasi Kamolga ular haqida hikoya qilib berarkan. – Masha xolani yuqoridagilar yo‘llanma bilan bizning qishlog‘imizga jo‘natishgan. O’shanda qishlog‘imizda endigina kasalxona qurilgan edi. U bilan birga Bayram buva ham kelib, maktabda harbiydan dars bera boshlagan. Ularning o‘g‘li Rustam shu yerda tug‘ilgan. Lekin Bayram buva ko‘p yashamadi. Urushdan yarador bo‘lib kelgan ekan, shu yarasi unga ko‘pdan-ko‘p azob berdi. Shu jarohat tufayli hayotdan ko‘z yumdi». «O’g‘li-chi, o‘g‘li, u qanday qilib o‘lgan?» – qiziqib so‘rardi Kamol. «U ham urushda o‘lgan», – gapni lo‘nda qilib qo‘yaqolardi onasi. Kamol baribir holi-joniga qo‘ymay so‘rayverardi: «Qanaqasiga, axir, urush paytida Rustam aka tug‘ilmagan-ku?» «E, bolam, yaqin o‘tmishda ham urush bo‘lgan. Afg‘onistonda bo‘lgan. Rustam akang askar bo‘lib ana o‘sha urushga borgan, u yerdan esa tirik qaytish unga nasib etmadi. Bechora o‘g‘lon, kampirning yakkayu yolg‘iz bolasi edi».
Rustamni Turdi ham, Kamol ham yaqindan ko‘rmagan. Rustam armiyaga ketganida ular ham kichkina bola edi. Lekin maktabda uning askarlikda tushgan kattagina suratini har kuni ko‘rishadi. Surat yoniga u haqdagi ko‘p yaxshi gaplar yozilgan. Odamlar ham Rustam to‘g‘risida ko‘p gapirishadi. Turdini qiziqtirgan gap shuki, Rustam bolaligidan kaptarlarga ishqiboz bo‘lgan. Avvaliga uning to‘rt dona kaptari bo‘lgan, so‘ng o‘sha kaptarlar o‘z-o‘zidan ko‘payib, hozir o‘ttiztagacha yetgan.
– Menga qara, Turdi, – dedi Kamol nihoyat qishloqqa yetishganida. – Balki hozir borib Masha xoladan kaptarlarni bizga sotishini iltimos qilib ko‘rarmiz-a?
– Foydasi yo‘q dedim-ku senga, – dedi Turdi burnini tortib.
– Ko‘nglim sezayapti, xo‘p deydi, yuraqolgin endi.
– Qo‘ymading-qo‘ymading-da, mayli.
Ular to‘g‘ri o‘sha tomiga kaptarlar qo‘nib turgan uyga borishdi. Hovlida nimalardir qilib ivirsib yurgan kampir bolalarni ko‘rishi bilan munkayib qolgan qomatini biroz ko‘tarib, kaftini peshonasiga soyabon qilib qarab turdi. Bolalarning salomiga boshini irg‘ab alik oldi.
– Masha xola, biz, haligi.. – chaynaldi Kamol, – kaptar sotib olmoqchi edik...
Kampirning yuzi burishdi. U kuldimi yoki ijirg‘andimi, bolalar buni anglay olishmadi. Keyin bir og‘iz ham gapirmay uyga kirib ketdi.
– Aytgandim-ku senga, – dedi Turdi norozi bo‘lib. 
U tom ustiga qo‘nib turgan kaptarlarga suqlanib qaradi. Qaniydi hozir hovli burchagida yotgan anavi narvonni qo‘yib tomga chiqsa-yu, kaptarlarni bitta-bitta ushlab olsa... Turdi barmoqlarini og‘ziga solib cho‘zib-cho‘zib hushtak chaldi. Kaptarlar avvaliga bir narsani eslagandek bo‘yinlarini cho‘zib bir-birlariga alangladi, bezovtalandi, keyin boshqa toqat qilolmay, potirlab qanotlarini qoqqancha osmonga ko‘tarildi. Ular hushtak chalingan sayin zavqlanib uchishardi. Turdi alam bilan cho‘zib-cho‘zib hushtak chaldi-da, qo‘lini siltab, to uyiga yetib olguncha osmonga qaramadi.
Ular kampirdan xafa bo‘lib yurishdi. Oradan bir hafta o‘tgach, maktabdan qaytaturib yana o‘sha shiyponga kirganlarida Turdi atrofga sirli alanglab, shivirladi:
– Kamol, senga bir narsa ko‘rsataymi?
Kamol unga hayron bo‘lib qaradi. Chamasi Turdi unga judayam sirli nimanidir aytmoqchidek, go‘yo hozir kiprik qoqib yuborsa aytmay qo‘yadigandek tuyildi.
– Bu yoqqa yur, – dedi Turdi va yerto‘laning qopqasini ehtiyotkorlik bilan ochdi.
Yerto‘la deyarli qorong‘i, faqat oynali tuynukdan tushayotgan yorug‘lik bu yerni g‘ira-shira yoritib turardi. Ular qiyshayib qolgan yog‘och narvonga oyoq qo‘yib sekin yerto‘laga tushishdi. Dimog‘iga urilgan achimsiq zax hididan Kamolning ko‘ngli aynidi. Lekin shu zahoti potirlab uchgan kaptarlarni ko‘rib ko‘ngli ayniganini ham unutib yubordi.
– O’g‘irladingmi? – dedi Kamol ajablanib.
– Ha, shanba kuni kechqurun tomga chiqib inlariga qo‘l tiqsam, hammasi dong qotib uxlab yotgan ekan. Mana bu qopga hammasini joyladim-da, juftakni rostladim, – dedi Turdi bir chetda yotgan eski qopni ko‘rsatib.
– Bekor qilibsan. Endi kampir bilib qolsa nima bo‘ladi?
– Bilmaydi. Bu yerni iskovich it ham topolmaydi.
– Har doim shu yerda saqlamoqchimisan?
– Ular to mening qo‘limga o‘rganguncha shu yerda saqlamasam bo‘lmaydi. Hozir uyga olib borsam, tashqariga chiqarishim bilan kampirning uyiga uchib ketadi, o‘sha yoqqa o‘rganib qolgan. Keyin, uydagilarga ham biron jo‘yaliroq bahona topib qo‘yishim kerak. O’g‘irlaganimni sezib qolishsa sog‘ qo‘yishmaydi.
Kaptarlar o‘zlarini yorug‘lik tushayotgan tuynukka urishardi. Shunda Turdi ulardan birini osongina ushlab olib, Kamolga ko‘rsatdi. Kamol ham uni avaylabgina ushlab ko‘rdi. Kaptar haqiqatan ham go‘zal jonivor edi. Bolalar uning patlarini silashdi, qanotlarini yozib ko‘rishdi, benihoya zavqlanishdi. 

* * *

Kampir tongda hovliga chiqdi. Noodatiy jimjitlikdan xavotirga tushdi. Ayvondagi chelakdan bir kosacha don oldi-da, hovliga sochdi. Har gal duv yog‘ilib tushadigan kaptarlar bugun ko‘rinmadi. Kampir hayron bo‘lib atrofga, keyin tom ustiga qaradi. Qir ortidan endigina ko‘tarilgan quyosh nuridan uning ko‘zlari qamashdi. So‘ngra u kaftini soyabon qilib yana tomga qaradi. Kaptarlar esa hech qaerda ko‘rinmas, sas-sado ham bermas edi. Kampir a’zoyi-badani jimirlab, bir zum o‘ylanib qoldi. Qo‘llari shalvirab, kosa yerga taraqlab tushdi. Uning ko‘zlariga yosh qalqidi. Quloqlari shang‘illab, g‘alati shovqinlar, ayollar va bolalar chinqirig‘i, bombalarning dahshatli portlashlari eshitila boshladi. Kampirning nursiz ko‘zlari qo‘rquvdan katta-katta ochilib, chor-atrofga alangladi. Keyin kaftlari bilan quloqlarini bekitib, uyga deyarli chopib kirdi va yostiqqa yuzini bosib uzoq yotdi. Quloqlaridagi shang‘illash ancha vaqtgacha tinmadi. Ko‘p yillardan beri bunday shovqin va dahshatlar uni bezovta qilmay qo‘ygan edi aslida. Uning quloqlariga kaptarlarning «ququr-ququr» ovozi eshitilib turar, kampir hovliga don sochganida kaptarlarning birvarakayiga uchib tushib, «tik-tik» ovoz chiqarib don cho‘qishlari uni yayratib yuborar edi. Bugun ular uchib tushmadi, o‘sha «tik-tik» ovozlar eshitilmadi. Allaqachon quyosh charaqlab ketgan bo‘lsa-da, atrofda qo‘rqinchli sukunat hukm surardi.
Kampir o‘ziga ishonqiramay yana hovliga chiqdi. Baribir kaptarlar ko‘rinmadi. Yerga sochilgan donlarni esa chumchuqlar va musichalar cho‘qimoqda edi. «Kaptarlar meni tashlab ketishibdi, – deya o‘yladi u. – Endi shu farishtamonand jonivorlarga ham keragim bo‘lmay qolibdi».
U telbasifat gandirakladi. Yana ichkariga kirib, o‘rniga cho‘zildi. Eridan ham, o‘g‘lidan ham ayrilgach, ana o‘sha kaptarlar kampirning suyanchig‘i bo‘lib qolgan, u o‘sha qushlar bilan tillashib, hasratlashib kun o‘tkazib kelayotgan edi. Ular bilan gaplashganda go‘yo ro‘parasida shunchaki qush emas, o‘g‘li turgandek tuyulaverardi. Rustam shu kaptarlarni jon-dilidan yaxshi ko‘rar, ularga atab inlar yasagan edi. «Kaptarlar tinchlik bor joyda uchadi, bolam, kaptarlaringning boriga shukur», – der edi kampir ularning uchishini ko‘rganda.
Kampir endi butunlay yolg‘izlanib qolganini ich-ichidan his etar, taqdir unga taqdim etgan barcha mushkulliklarni xayolidan o‘tkazib, yum-yum yig‘lardi. Quloqlari tinmay shang‘illadi. Uch kun davomida uni biron tirik jon yo‘qlamadi. U bir chimdim tuz totmadi, bir qultum suv ichish ham esiga kelmadi. Telbasifat bo‘lib hovliga chiqar, uyga kirar, chelakdan don olib yerga sochar, chamasi, nima qilayotganini o‘zi anglay olmayotgan edi. Keyin u yostiqdan butunlay bosh ko‘tarmay qo‘ydi.
Turdi bilan Kamol esa shu uch kun mobaynida har kuni ertalab hech kimga bildirmay sumkalariga bir hovuchdan don solib chiqadigan, maktabdan qaytishida kechgacha shiypon yerto‘lasida qolib ketadigan bo‘lishdi. Uchinchi kuni esa Kamolning onasi hali hovliga kirar-kirmas qo‘liga bir juft issiq nonni tutqazib, kampirnikiga jo‘natdi. Kamol kampirning uyiga ikkilanib-ikkilanib bordi. U avval kampirni chaqirdi, javob bo‘lmagach, sekin ichkariga mo‘raladi. Kampir to‘shagida dong qotib yotardi. Kamol bir lahza kampirga tikilib turdi-da, keyin qo‘rqib ketib, ortiga tisarildi. Qo‘lidagi nonni xontaxta ustiga qo‘yib, yugurgancha ortiga qaytdi. «Masha xola o‘lib qolibdi, – deya o‘yladi u. – Agar kaptarlari o‘g‘irlangani alamiga o‘lib qolgan bo‘lsa-chi? U holda uni biz o‘ldirgan bo‘lib chiqamiz. Nima qilib qo‘ydi-ya bu landovur Turdi». U hoziroq shiyponga qarab yugurmoqchi bo‘ldi-yu, lekin yuragi dov bermadi. Qorong‘ilik cho‘ka boshlagan, bunday kezlarda huvillagan daladagi xarobaga borish qo‘rqinchli edi. U kechki ovqatni ham bezovtalik bilan yedi. Kechasi deyarli uxlamadi. Ko‘zlarini yumishi bilan kampirning qotib qolgan murdasi ko‘rinaverdi. «Kaptarlarni joyiga qaytarish kerak, – o‘yladi u, – yo‘qsa ertaga Masha xolani qo‘mishga olib ketayotganlarida kaptarlari yo‘qligini bilib qolishsa, hamma qidirishga tushadi. Keyin kallam ketdi deyaver».
Nihoyat u tong g‘ira-shirasida shiyponga qarab chopdi. Yerto‘laga tushganida kaptarlar hali mudrayotgan edi. Ularni osongina ushlab, qopga soldi-da, ortiga qaytdi.
Kampir qancha yotganini bilmadi. Derazadan tong shu’lasi tusha boshlaganda qulog‘iga tanish ovozlar eshitildi. Bu kaptarlarning «ququr-ququr» ovozi edi. Shunda kampirning jonsiz barmoqlari ohista qimirladi. Badani bilinar-bilinmas jimirlab, so‘lg‘in yuziga qon yugurdi. Uning allaqachon murdaga aylanayotgan tanasiga jon kirdi. U sekin-asta yostiqdan boshini ko‘tarib, derazadan hovliga qaradi. Kaptarlar don axtarib, yerga «tik-tik» tumshuq urishayotgan edi. Kampirning yuziga tabassum o‘rmaladi. U sog‘inib qolgan kaptarlariga don sochmoq uchun ayvonga chiqdi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.