OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Uyg‘un Ro‘ziyev. Yog‘och otlar (hikoya)

Qishloqlar o‘zgarib ketibdi. Uncha-buncha emas, butunlay o‘zgaribdi. Mashina tekis yo‘ldan shamolday uchib borayapti-yu, yo‘lda emas, dengizda suzib ketayotgandek sezaman o‘zimni. Bu yo‘llardan juda ko‘p yurganman. Ayniqsa, talabalik vaqtimda shahardan Buloqboshiga qatnayverib, qatnayverib shu yo‘llarning mayda toshigacha tanish bo‘lib ketgan edi. Hozir o‘ylasam, o‘sha vaqtda nega buncha ko‘p qatnaganimni hech tushunmayman. Bo‘lmasa shahardan qishloqqacha yo‘l ancha olis. Yo‘lkiraga ham pulim zo‘rg‘a yetardi. Lekin har hafta shanba keldi deguncha oyoqni qo‘lga olib qishloqqa yugurardim.
Yozning jaziramasiyu qishning qahratonida avtobus buzilib qolib, bu yo‘llarda kechasi bilan qolib ketgan paytlarimiz ham ko‘p bo‘lgan. Shunday bo‘lsa ham bir amallab qishloqqa yetib olgandan keyin hammasi bir zumda esdan chiqardi-qo‘yardi. Uyga birrov kirardim-u, darrov ko‘chaga otlanardim. To‘g‘ri Hasanboyning ustaxonasiga borardim. Institutda o‘qib yurgan boshqa o‘rtoqlarimiz ham albatta shu yerga kelishardi. Ustaxona bizning yig‘iladigan joyimiz edi. Hasanboy bizni ko‘rishi bilan ishini to‘xtatib, qora moyga botgan qo‘llarini chala-chulpa artib, quchoq ochib ko‘rishar edi. U ishlarini tugatguncha biz ustaxona yonida hafta bo‘yi yig‘ilib qolgan gaplarimizni gaplashib o‘tirardik. Keyin hammamiz birgalikda yarim kechagacha qishloq ko‘chalarini kezardik.
Biz — olti o‘rtoq bolaligimizdan birga o‘ynab katta bo‘lganmiz. Maktabda ham birga o‘qidik. Hasanboyning otasi duradgor usta edi. Qishloqda deyarli hamma uylarning tomini shiferu tunukalar bilan yopib bergan. Lekin negadir o‘zlarining uyining tomi loysuvoqligicha turar, yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgan paytlarda chakki o‘tib ketardi. Ayvoniga esa har yili ko‘klamda qaldirg‘ochlar kelib in qurardi. Qaldirg‘ochlarning polaponlari tuxum yorib chiqqanida vijir-vijir sayrashardiki, biz ayvondan nari ketolmay qolardik.
Bir kuni otasi Hasanboyga kattaligi qo‘zichoqdek keladigan yog‘och ot yasab beribdi. Buni ko‘rib hammamizning havasimiz keldi. Bizga ham yasab bersin, deb iltimos qildik. Hasanboy otasining oldiga yugurib borib bizga ham xuddi shunday yog‘och ot yasab berishini iltimos qildi. “E, bu ot faqat tomosha qilishga yaraydi, buni minolmaysizlar. Yaxshisi, men sizlarga minadigan ot yasab beraman”, dedi-da, tolga chiqib, uzun shoxlaridan kesib tushdi. Tesha bilan u yoq-bu yog‘ini chopib, binoyiday kallayu quloqlarini chiqarib, hammamizga bittadan cho‘p ot yasab berdi. “Mana, bolalar, bu otlarni bemalol minib yursanglar ham bo‘ladi. Qani, chavandozlarday bir chopib kelinglar-chi”, dedi.
Biz yog‘och otlarimizni minib, soyga qarab chopdik. Chopayapmiz-u, ostimizdagi otlar xuddi rostakamdek tuyulib, ichimizga sig‘may irg‘ishlar edik. Soyda rosa cho‘mildik. Otlarimizni ham yuvdik, cho‘miltirdik. Keyin uy-uyimizga ketayotganimizda: “Otlarimiz bir-biridan ajralmasin, bo‘lmasa begonasirab qoladi”, deb Hasanboylarning ayvonida qoldirdik. Shu zaylda har kuni yog‘och otlarimizni minib o‘ynash uchun Hasanboylarnikiga kelib, kun bo‘yi chavandozlik qiladigan bo‘ldik.
Hasanboyning otasi bevaqt vafot etdi. U avvaliga oddiy boltayu randalar bilan ustalik qilib yurgan edi. Bir kuni qayoqdandir elektr stanok olib kelibdi-yu, o‘sha stanokning simini simyog‘ochning simiga ulamoqchi bo‘lganida tok urib ketibdi. Biz o‘shanda endigina birinchi sinfni tamomlayotgan edik. Hasanboy buni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan ekan, qattiq qo‘rqibdi. Keyin ancha vaqtgacha o‘ziga kelolmay yurdi. Hasanboyning onasi juda mehribon ayol edi, bizni jonidan ortiq ko‘rardi. Hasanboyning xomush yurganini ko‘rib, ba’zan birga o‘ynagani ularnikiga chiqmay qo‘ysak, onasi bizlarni soydanmi, ko‘chadanmi chaqirib kelib, yog‘och otlarimizni qo‘llarimizga tutqazardi. “Ullarim, otlaringni mininglar, Hasanjonim bilan birga o‘ynanglar, jo‘ralaring bir o‘zi mung‘ayib o‘tirmasin”, der edi va so‘ng bir bo‘lakdan ustiga sariyog‘ surilgan non yoki bir siqimdan turshak berardi. Biz xursand bo‘lib, otlarimizni choptirar edik. Hasanboyning oti sekinroq chopardi, ammo biz ko‘plashib uni tezroq chopishga undardik. Shundan so‘ng ko‘p o‘tmay Hasanboyning ham oti tez chopadigan bo‘ldi.
Yoz boshlanishi bilan Hasanboylarning hovlisidagi katta tut daraxtiga maymunday chiqib ketardik.
— Ullarim, to‘ygunlaringcha tut yenglar. Sizlarning qo‘llaring, oyoqlaring tekkan shoxlarga baraka tegadi, — deb javrardi Hasanboyning onasi.
Biz shoxdan-shoxga osilib, qornimiz yorilay deguncha tut yer edik. Qishloqning ko‘p xotinlari ham har kuni tut yeyish bahonasida shu yerga kelishar, tutning soyasida o‘tirib chaqchaqlashishardi. Biz shoxlarni silkitardik, xotinlar duv to‘kilgan tutlarni terishardi. Boshqa hovlilarda ham tutlar bor edi, lekin u hovlilarga hamma ham boravermas, xotinlar faqat shu yerga kelishardi. Hatto pillachilar qishloqdagi hamma tutlarni kesib ketishganda ham Hasanboylarnikiga tegishmasdi.
Hasanboyning onasi nega bizni bunchalik yaxshi ko‘rardi? Xotinlar nima uchun shu hovliga kelaverishardi? O‘sha vaqtlarda bularni o‘ylab ko‘rmaganman, bu xayolimga ham kelmagan. Endi bilsam, xotinlar bu hovliga faqat tut yeyish uchun emas, savob uchun kelishgan. Aslida ham odamni meva emas, istara to‘ydiradi, odam odamning yuzidan, ko‘nglidan oziq oladi. Musichaday beozor Hasanboyning onasi yakkayu yolg‘iz o‘g‘lining yolg‘izlanib qolmasligi uchun kuyib-pishgan. Yolg‘izlik odamni yo yovvoyi, yo o‘ta qo‘rs, hatto yovuz qilib qo‘yishi mumkin. Hasanboy esa otasiga o‘xshagan oqko‘ngil, onasiga o‘xshagan mehrli yigit bo‘ldi.
Biz maktabni tamomlab, institutga o‘qishga kirish uchun shaharga otlanganimizda onasi Hasanboyni ham bizga qo‘shdi.
— Ullarim, mening Hasanjonimniyam birga olib ketinglar. Bu ham sizlar bilan birga o‘qisin, katta odam bo‘lsin, — dedi hammamizga oq yo‘l tilab.
Hasanboy qaysi tomonga qadam bosishini bilmay o‘ylanib qoldi. Uyda qolay desa, bir kun ham ajralmagan do‘stlaridan ayrilib qoladi, biz bilan shaharga ketay desa, bu yerda onasini yolg‘iz tashlab ketishga ko‘zi qiymaydi.
— Men shaharga ketsam siz bir o‘zingiz qolasiz-ku, aya, — dedi u xomush tortib.
— Hecham bir o‘zim qolmayman. Qo‘ni-qo‘shnilar shu yerda, hammamiz bir elmiz, bir-birimizga suyanamiz. Sen jo‘ralaringning qatoridan qolmasang bo‘ldi, bolam.
Shundan keyin Hasanboy orqasiga qaray-qaray biz bilan yo‘lga tushdi. Shaharda bir uyni ijaraga olib, o‘qishga tayyorlanishni boshlab yubordik. Beton uyga o‘rganishimiz chunonam qiyin bo‘ldi-ki. Ammo na iloj, ko‘nikishga harakat qildik. Issiqda yarim yalang‘och bo‘lib kitob o‘qiymiz. Hasanboy shunday jaziramada ham egnidagi ko‘ylagini, yo‘lga chiqayotganimizda onasi kiygizib qo‘ygan do‘ppisini yechmaydi.
— Do‘pping tilladan yasalgan bo‘lsayam yechib qo‘y, birov o‘g‘irlab ketadimi? — deymiz unga.
— Ay, qo‘ysanglar-chi, shaharning quyoshi begona, soyada ham boshingdan oftob o‘tib ketishi hech gap emas, — deydi u ham hazilkashlik qilib.
Boshimiz yorilay deganda miyaga dam berish uchun biroz vaqt yaqin atroflarni aylanib kelamiz. Hovurimizni bosish uchun gohida muzqaymoq yeymiz, gazli suv ichamiz. Hasanboy esa muzqaymoq ham yemaydi, gazli suv ham ichmaydi. U ijara uyimizning oshxonasidagi jo‘mrakdan oqadigan suvni hovuchiga olib ichishni xush ko‘rardi.
U paytlarda o‘qishga yozma va og‘zaki imtihonlar topshirib kirilar edi. Biz, besh o‘rtoq institutga qabul qilindik. Biroq Hasanboy kirolmadi. U imtihonlardan yiqilmadi, ammo ozgina bali yetmagani uchun mandat komissiyasidan qaytdi. O‘zimizdan xursand edig-u, lekin unga juda achindik. Hasanboy esa g‘am-g‘ussaga botish o‘rniga, aksincha, o‘zida yo‘q shod edi.
— Balki “zavushniyga” urinib ko‘rarsan? — deyman unga dalda berib.
— Ey, shahar deganlaring bizga to‘g‘ri kelmas ekan, jo‘ra. Qishlaqdi bolasiga keng dala-dasht, qir-adirlar yaxshi. Hamma shaharga ketaversa Buloqboshida kim qoladi? Sizlar o‘qib, olim bo‘lsanglar bo‘ldi. Men sizlardi qishlaqda kutib o‘tiraman. Bilib qo‘yinglar, har safar borganlaringda biznikida to‘planamiz. Men sizlardi qishlaqdagi kamandirlaring bo‘laman, — dedi Hasanboy.
Chindan ham uning aytganiday bo‘ldi. Har haftaning oxirida qishloqqa borganimizda, albatta, Hasanboylarning uyida yig‘ilishamiz. Keyin Hasanboy usta bo‘lib ish boshladi. Yo‘q, otasiga o‘xshagan duradgor bo‘lmadi. Stanokni deb otasini tok urganidan keyin bu ishdan uning ko‘ngli sovigan ekan. Qishlog‘imizda Qulmat amaki degan mashinalarni tuzatadigan usta bor edi. Hasanboy o‘sha odamga shogird tushdi. Aynan o‘sha ustaxona bizning uchrashuv markazimizga ham aylandi. Qulmat amaki olamdan o‘tgach, ustaxona Hasanboyning o‘ziga qoldi.
— Ay, jo‘ralar, qaniydi tezroq temir tulporlarda kelsanglar-da, men shu tulporlardi yap-yangi gaykalarini burab yursam, tulporlaringga meni mindirsanglar, — der edi Hasanboy ustaxonadagi eski mashinalarni tuzataturib.
Hasanboyning onasi ustaxonaga ovqat ko‘tarib kelganida bizlarni ko‘rib ich-ichiga sig‘may quvonardi.
— Ullarim, Hasanjonimning to‘yidayam yonboshida bo‘linglar-da. Kuyovjo‘ra bo‘lib to‘yni qizdirasizlar, — der edi onasi orzularini to‘kib-sochib.
Hasanboy uylanib, bola-chaqali bo‘lganidan keyin onasi ancha taskin topdi. Nabiralari unga ovunchoq bo‘ldi. O‘sha ovunchoqlarning boshlarini silay-silay olamdan o‘tdi.
Biz ham o‘qishni tugatib, har qaysimiz har joyga ishga ketdik: birimiz Samarqandga, birimiz Toshkentga, birimiz Farg‘onaga, yana kimdir chet elga... Endi avvalgiday har haftaning oxirida to‘planish, ko‘rishish yo‘q. Men qishloqqa oyda-yilda bir boraman, unda ham biror to‘y yoki ma’raka sabab bo‘lsa. Boshqalar ham shu. Hasanboy bo‘lsa bizlarni kutgani-kutgan.
— Mendan kamandir chiqmas ekan. Hech sizlardi bir joyga to‘play olmayman-da, jo‘ra, — deydi Hasanboy har gal qishloqqa borganimda. — Yakkam-dukkam kelasizlar. Qaniydi hammalaringiz bir kunda kelsanglar-u, bizdi uyda jamul-jam bo‘lsak. “Oltovlon ola bo‘lsa og‘zidagini oldirar”, deydi mashayixlar. Biz, oltovlon tugal bo‘lishimiz kerak. Sizlar bilan avvalgiday birgalashib shig‘il pishgan tutdi shoxlariga chiqqim, yog‘och otlarimizdi minib, ko‘chalardi changitib chopgim keladi. Ishonsang, ana shu yog‘och otlarimizdi haliyam asrab qo‘yganman, ayvonda turibdi. Esdalik-da.
Hasanboy bizni ana shunday sog‘inardi. Biz ham Hasanboyni yaxshi ko‘rardik. Buloqboshi deganda eng avval ko‘z oldimizga Hasanboy kelardi. Endi, mana, o‘sha hech kimga qattiq gapirolmaydigan, oqko‘ngil “kamandir”imizdan ayrildik. Qishloqqa bormaganimga ham ancha bo‘libdi. Uning bir yildan buyon xastalanib yurganini ham bilmabman. Endi esa uning vafot etganini eshitib, qishloqqa shoshildim. Yo‘l-yo‘lakay qancha manzaralarni kuzatib keldim. Hamma yoqda o‘zgarish, yangi binolar paydo bo‘libdi, yangi-yangi imoratlar qurilyapti... Lekin Hasanboyning ayvonidan qaldirg‘ochlar arimaydigan uyi hamon o‘sha-o‘sha. Hovliga kirishing bilan bolalikni esga soladi. U uyini, hovlidagi har bir narsani ataylab mana shu holatida saqlagandek, nazarimda. Faqat endi bu hovlida bizni eski do‘ppisini boshidan tushirmaydigan bolalik qadrdonimiz kutib olmaydi. Ammo hovliga qadam qo‘yishim bilan boshqa bir manzarani ko‘rib, ko‘zlarimga yosh qalqidi: uy oldida bizni boshiga ko‘tarib katta qilgan momo tut marvaridday mevalarini ko‘z-ko‘z qilgancha quchoq ochib kutib olayotganga o‘xshardi.
Biz — besh o‘rtoq Hasanboylarning hovlisiga jam bo‘ldik. Bu yerga hammamiz o‘zimizning temir tulporlarimizda keldik. Lekin bu tulporlarga minish Hasanboyga nasib qilmadi. Biz uni “yog‘och ot”ga mindirib, yelkamizda ko‘tarib, so‘nggi manzilga kuzatib qo‘ydik.
Qabristondan qaytgach, yana Hasanboylarning hovlisiga kirib, tut soyasiga to‘shalgan sholchaga o‘tirib, birga o‘tgan damlarimizni esladik. Issiqdan chanqagan odamlar choy ichib suhbatlashishardi. “Bechora, qo‘li yengil usta edi. Ishni deb o‘zini esdan chiqargan-da. Kasali o‘tib ketsa ham bilmay yuravergan. Jigar nimjon narsa, ehtiyot bo‘lmasa qiyin. Kattaroq do‘xtirlarga ko‘rinsa, balki biron davosi topilib qolarmidi. Lekin yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan yaqinlari bo‘lmaganidan keyin... Kimga ham suyanardi sho‘rlik”, deyishardi ular.
— Amaki, sizlarga tut terib keldik, — dedi yonimga kelgan bir o‘smir. Qarasam, bolalar beshta kosada tut ko‘tarib turishibdi. — Otam jo‘ralarim kelsa tut terib beringlar, yeyishsin, degan edi.
Obbo, Hasanboygina-ey, oxirgi nafasini olayotganida ham o‘rtoqlarini o‘ylaganini qarang. Biz kosadagi tutni bir-bir cho‘qigandek bo‘ldik. Qolganini oqsoqollarga olib boringlar, dedim-da, sog‘inch bilan soy tomonga o‘girildim. Nariroqda bir to‘da bolakaylarga ko‘zim tushdi. Biri hoynahoy Hasanboyning kenjasi bo‘lsa kerak, quyib qo‘ygandek o‘zginasi: yuz-ko‘zlari, quloqlari, hatto boshidagi eskigina do‘ppisini qiyshaytirib kiyib yurishi ham. Hasanboyning bo‘yi cho‘zilib qolgan boshqa o‘g‘il-qizlari aza kiyimida, motamsaro qiyofada. Bu bolakay esa uylarida nima bo‘layotganini ham bilmaydi, o‘rtoqlari bilan chopqillab o‘ynab yuribdi. Ular yog‘och otlarini minib, u yoqdan-bu yoqqa chopishadi. Ana shu otlarni ham tanigandekman. Adashmasam, bu o‘sha — bizning bolalik qadrdonlarimiz, yillar o‘tib, zamonlar o‘zgarsa ham bir-biridan ayrilmagan, makonini tark etmagan, sadoqatni unutmagan uchqur yog‘och -otlarimiz bo‘lsa kerak.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 24-son

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.