OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Vosit Ahmad. Aqllilik balosi (hajviya)

Ota-onasi xizmati va mehnati bilan Xushnud tengdoshlariga nisbatan barvaqtroq ulg‘aydi: ko‘p kitob o‘qigani uchun bilimliroq bo‘lib o‘sdi. Lekin uni ishlatishda hali me’yorni bilmagani sababli aziyatlar ham cheka boshladi. Bu butun hayotida odat tusiga aylandi.
Har qalay bahslarda qatnashib, kaltak ostida qolgan Suqrotning achinarli holati boshiga tushmagan bo‘lsa-da, u ham bu borada ko‘p ko‘rgiliklarni kechirdi. Noxushliklar maktab yoshidayoq yuz berdi.
Beshinchi sinfda o‘qiyotgan bolakay yosh o‘qituvchiga uch marta tanbeh berdi.
– Opa, Navoiy bilan Boburni almashtirib yuboryapsiz.
Uchinchi tanbehdan keyin toqati toq bo‘lgan o‘qituvchi qulog‘idan cho‘zib tashqariga olib chiqdi. U yoq-bu yoqqa qarab olgach so‘radi:
– Xo‘sh, qaerida adashdim?!
– Hamma yerida, ayniqsa, tug‘ilgan va vafoti sanalarida...
– To‘g‘risi qanday?
Xushnud aytib berdi. O‘qituvchi hozirgina cho‘zgan quloqlarini silab qo‘ydi.
– Endi, Xushnidjon, programma katta. Adashib ketarkansan-da. Lekin buni sekin, sinfdan tashqarida, darsdan keyin aytsang ham bo‘ladi-ku. Bolalar oldida...
Yo‘q, u bunday qilmadi. Chunki u tengqurlari noto‘g‘ri bilimga ega bo‘lishini hohlamasdi. Quloqlari ham ko‘p cho‘zilaverganidan kattayib borardi, lekin shartakilik qilishni qo‘ymas edi. 
Maktabni tamomlab muhandislik oliygohida o‘qiyotganda ota-onasi uylantirish payiga tushdi. Bunda ham u ko‘p g‘avg‘olarni keltirib chiqardi. Avvaliga bechora oila peshvolari “o‘zimiz pishirgan osh...” deya, qo‘l qovushtirib turishdi. Ammo Xushnud tobora quyushqondan chiqib borardi. Aqlli o‘g‘il har gal qiz ko‘rgani chiqqanda yo o‘zi hurpayib qaytar, yo kelin bo‘lg‘uvchi qochib ketgan bo‘lardi. Ammalari ham undan obdon zerikishdi.
Bir kuni Xushnud uchrashuvga chiqqan qizni maktabga yetaklab qoldi. Odatda yigitlar qizlarni bog‘larga, muzqaymoqxonalarga boshlaguvchi edi. Ammalar hayratda qarab qoldilar. Qiz ham “Bu jinni bo‘lganmi” degandek, ortidan xushlamaygina ergashdi. U qizni geografiya xonasiga olib kirib:
– Qani, Mahliyoxon, O‘zbekistonni ko‘rsatib yuboring, – dedi xaritaga ishora qilib. 
Ham esankirab, ham jahllangan qiz maktabdan qochib chiqdi. Xushnud hukm chiqardi: O‘zbekistonni ko‘rsatib berolmagan qiz menga munosib emas.
Boshqa bir qizdan:
– “O‘tkan kunlar”ni o‘qiganmisiz? – deya so‘rab qoldi.
Qiz o‘qimagan ekan, u ham kun tartibidan tushdi. Yana bir kuni yangi “nomzod”dan “Amir Temurni bilasizmi?”, deb so‘radi. Bilmas ekan – u ham xotinlikka noloyiq topildi. Noloyiq topildigina emas, tutqazilgan gul ham undan tortib olindi.
Bunday chegarasi yo‘q mashmashalardan to‘ygan ona oxiri yorildi:
– Hoy, sen xaridor kiyovmisan yo ishga o‘qituvchi olayotgan maktab direktori?
– Oyi, oddiy savollarimga javob berolmagan qiz bilan qanday qilib bir umr yashayman? 
– Voy o‘lmagur, qiz kir yuvish, ovqat qilishu non yopishni bilsa bo‘ldi-da. U sening o‘quvchingmiki, har kuni savol-javob qilib o‘tirsang...
Hartugul uning ham munosibi topildi. Bu borada u Xushnuddan ham o‘tib ketdi. O‘quv yurtlarida ta’lim olmagan esa-da, shunday g‘azallar o‘qidiki, Xushnud mahliyo bo‘ldi-qoldi. Uchrashuv so‘nggida hatto chetlariga Sa’diy hikmatlari bitilgan ro‘molcha ham hadya etdi. O‘sha qiz umr yo‘ldoshi bo‘ldi.
Xushnuddan hamkasblari ham bezor edi. U tuyqusdan savol berib qolishidan yoki oldida qovun tushirib qo‘yishdan cho‘chib o‘zlarini olib qochib yurishardi. Ayniqsa, u “Texnik xodimga adabiyot-san’at-u, tarix nega kerak?”, deganlarni talab tashlardi. Bir kuni tushlik paytida hamxonasi bilan kino san’ati borasida suhbatlashib qoldi. Gap aylanib avvalroq vafot etgan mashhur o‘zbek artisti to‘g‘risida ketganda sherigi xol qo‘ydi.
– Haqiqatdan zo‘r artist-da, yangi kinolari chiqmay qoldi-ya.
Miriqib suhbatlashayotgan Xushnud tomog‘iga bir narsa tiqilgandek yutindi.
– U endi o‘ynolmaydi...
Bir kuni ishxonaga lektor kelib Amir Temur haqida ma’ruza qildi. Bir soatli nutqda Amir Temur so‘zi o‘ttiz yetti marta takrorlandi. U har gal Amir Temir der, Xushnud Amir Temur deya tuzatardi. Lektor, qayta-qayta tanbeh eshitgach, ancha to‘g‘ri talaffuz eta boshladi.
Xushnud oddiy muhandis bo‘lishiga qaramay, har sohadan yaxshigina ma’lumotga ega edi. Ayniqsa, milliy qadriyatlar, madaniyatga oid sohalarda ancha zukko edi. Shuning uchun atrofidagilar uni Daho, Mavlono deb atashardi. Binolar peshtoqi, yo‘l bo‘ylaridagi noto‘g‘ri yozuvlar ham nigohidan qochib qutilmasdi. O‘sha yozuvlar o‘nglanmaguncha mutasaddilarni tinchitmasdi. Bir olim uni shunday deya alqagandi:
– Yaxshiyam shundaylar bor-a. U sanitar, atrofdagi illatu kirlarni tozalab yuradi...
Lekin yoshi ulg‘aygan sari, qolaversa, atrofida jini suymaydiganlar ko‘pligi bois asablari qaqshab, tez-tez xastalanadigan bo‘lib qoldi.
Qaysi kuni bir hamkasbi nogahon tashlandi.
– O‘lchovni o‘z darajangizda qo‘yavermang, o‘z ishimizni puxta bilsak bo‘ladi-da, – dediyu baloga qoldi.
– Avvalo, o‘z ishingizni ham yaxshi bilmaysiz. Ikkinchidan, esingizga solib qo‘yay. Fudboldan yiroq bo‘lganingiz bois, ashaddiy ishqiboz bo‘lmish boshliq mashinasidan o‘sal holda tushirib yuborilganingizdan so‘ng o‘lib-tirilib shu sport turini o‘rgandingiz-ku. Nega endi hech bo‘lmasa har bir fuqaro bilishi kerak bo‘lgan, o‘zga millatlar oldida xijolatchiligi o‘lim bilan barobar bo‘lgan oddiy qadriyatlarimizni, adabiyotimiz va san’atimizni bilishdan, o‘rganishdan qochasiz?
Xushnud aka ta’sirida atrofidagilar – qarindosh-urug‘lar, xususan, hamkasblari u-bu narsalarni o‘rganib qo‘yishga tirishishar, uning tig‘iga uchrashdan, to‘g‘risi, qattiq cho‘chishar edi.
Oilada xotini ancha maslakdosh bo‘lsa-da, ba’zida u ham eri “qilmish”laridan dodlab yuborishiga sal qolardi. Ayniqsa, qiziga xaridor bo‘lgan yigitlarni ming chig‘iriqdan o‘tkazishlari joniga tegdi. Kuyovlikka nomzodlardan biri fizika o‘qituvchisi ekan. Uni xo‘p taftish qilgach, bir necha qonunni bilmaganligi uchun, “Chala o‘qituvchi kuyovum bo‘la olmaydi” dedi. Yana bir bo‘lg‘usi kuyov odam anatomiyasini bilmagani uchun, peshonasiga “yo‘q” muhrini bosib to‘ng‘illadi.
– “Kuyovingiz jarrohmi yoki qassob?” deyishlarini xohlamayman. 
Shunday hollarda tobi tobora yomonlashardi. Har qancha o‘zini ehtiyotlasa ham o‘chakishgandek noxushlik ro‘parasidan chiqib qolardi. 
Uzoqroq tanishlaridan birinikidagi ziyofatda kitob javonidagi turfa xil chiroyli muqovali badiiy adabiyotlarni ko‘rib ko‘zi quvnadi. So‘ng Teodor Drayzerning “Amerika fojiasi” romanini ko‘rsatib:
– Buni o‘qiganmisiz? – deya so‘radi.
– Yo‘q, – dedi uy egasi.
– Manovu, Jek Londonni-chi?
Xushnud aka fe’lidan bexabar uy sohibi dangalini aytib qo‘ya qoldi:
– Qayoqda? Hech birini o‘qimaganman. Bu abadiy kitoblar uyni bezash uchun-da...
Adabiy so‘zi bilan abadiy so‘zining farqiga bormagan katta kitob javoni egasining loqaydligi Xushnud akaga qimmatga tushdi. U bir yo‘la yotib qoldi. Endi xotiniga qiyin bo‘ldi-da. Hol so‘rovchi kaslarni zimdan tergab, qovun tushiruvchi dumbullardan bemorni ehtiyotlardi. Ammo... Tanishlaridan biri ko‘rgani keldi. Kelmasayam bo‘larkan, u shoshayotgani, bir yozuvchi yubileyiga borishi kerakligini gap orasiga qistirdi.
– She’rlarini o‘qimaganman. So‘z berib qolishmasmikin?!
– U shoir emas, nosir.
– Yo‘q, Nosirjon emas, Kamoljonni yubileyi.
O‘xx! 
Xushnud aka yuragini changallagancha eshikni ko‘rsatdi-yu, o‘zi...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.