OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Vosit Ahmad. Raqobat (hajviya)

Bizning xotin bilan raqobatimizning tarixi uzun. Ikkalamizning o‘rtamizdagi bu kurash maktabdayoq boshlangan.
Kunlarning birida qoniqarsiz javobim uchun matematikadan jingalak “ikki” oldim. Ajoyib javob uchun Halimaxon (hozirda kaminaga umr yo‘ldosh) a’lo baho oldi. Partalar oralab o‘tib ketar ekanlar, menga yaqin kelganda chimirilib, ko‘z tashlab qo‘ydilar. Tomog‘ini ham bir qirib qo‘ydilar shekilli.
“Senimi, shoshmay tur”, deb qo‘ydim o‘zimcha. Keyingi dars biologiyaga qattiq tayyorlandim. Mavzuni u yog‘idan kirib, bu yog‘idan chiqib ketdim. O‘quvchilar tugul, o‘qituvchimizni ham angraytirib qo‘ydim. O‘tirar ekanman: “O‘qish kerak, o‘qiganda ham biologiyani o‘qish kerak”, deb qo‘ydim.
Shundan keyin sinfimizda ikkita davra paydo bo‘ldi. Men o‘g‘il bolalarni to‘plab olaman-da, biologiya fanidan gap ochaman. Qo‘yingki, biologiyani osmonu-falakka chiqarib qo‘yaman.
Halimaxon esa qizlarni yig‘ib oladi-da, biologiyani pastga urib, matematikani osmonga chiqarib qo‘yadi.
— Biologiya bu — hayot, bu — butun mavjudodning onasi, — derdim jo‘shib ketib.
— O‘sha biologiyaning kaliti ham matematikadir, — derdi Halimaxon bo‘sh kelmay.
U matematika bo‘yicha viloyat maktablari birinchiligida g‘olib bo‘ldi. “Yonib” ketdim-u, bildirmadim. Xayriyat, menga ham imkon tug‘ildi. Biologiya o‘qituvchimiz respublika maktablari o‘rtasida o‘tkaziladigan musobaqaga yubordi. Ikkinchi o‘rinni egallab qaytdim. Sinfdoshlar olqishlashdi. Halimaxon ham dimog‘ida “Tabriklaymiz” deb qo‘ydi.
Shu yo‘sinda maktabni ham bitirib qo‘yibmiz. Ikkimiz ham universitetga tayyorlana boshladik. Mening butun fikru zikrim biologiya bo‘lib qoldi. Dugonalarining aytishiga qaraganda, Halimaxon suv o‘rniga ham allambalo formulayu teoremalarini simirayotganmish.
Nihoyat, imtihonlardan o‘tib, u matematika, men biologiya yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilindik. Bizning raqobatimiz universitetda avjga chiqdi. Talabalik davrimiz ham oxirladi. Endi ikki tomonga ketamiz deganimizda... Bu qismat qurmag‘ur fanlarimizni birlashtirmadi-yu, o‘zimizni hech ajrashmaydigan qilib bog‘lab qo‘ydi.
Er-xotin bo‘lganimizdan keyin raqobatimiz yanada kuchaydi. Institutda u matematikadan, men biologiyadan dars berardik.
— Jonginam, nima qilasiz bosh qotirib, sonlarni-sonlarga urishtirib, kerakmas bu faningiz. Odam degan hayotsevar bo‘lishi kerak. — derdim g‘ashiga tegish uchun.
— Yo‘q, azizim, — derdi u ham o‘z navbatida, — hatto magazindan bir so‘mlik xarajat qilish uchun ham matematika kerak, hayotni sevish uchun ham hisob-kitob lozim.
Yozuv stolimiz bitta bo‘lgani uchun doimo talashib qolardik. Keyinchalik kelishib, u yozganda men yotadigan bo‘ldim. Men yozganda xonim dam olardi. So‘nggi kunlarda xonim stolni kam bo‘shatadigan bo‘lib qoldi. Buning sababi keyin ma’lum bo‘ldi. Bir kuni ishga jo‘naymiz deb tursak:
— O‘rtoq biolog, dissertatsiyaga gul olishni unutmang! — deb qolsa bo‘ladimi.
— Qanaqa dissertatsiya? — so‘radim hayratim oshib,
— Shu, kichkina narsa tayyorlagandik, himoya qilaymi degandim.
Kamtarligini qarang. Lekin, to‘g‘risini aytsam, nomzodlikni maromiga yetkazib yoqladi. “Zo‘rsiz, zo‘rsiz” deb qo‘ydim-u, ichimdan bir narsa uzilgandek bo‘ldi. O‘z-o‘zimdan qovog‘im osiladi, deng. Ammo men ham buyog‘ini pishitib qo‘ygandim. Yozuv stolimga muk tushib qayta ko‘rib chiqdim-da, yoqlashga tayyorlandim.
— Ayyorsiz, — dedi xotinim. — Ammo, baribir, kechikdingiz-ku.
— Ha endi, yaxshi ot keyin choparkan. Chopganda ham...
Buni qarang bilib-bilmay bashorat qilgan ekanman. Ilmiy ishim mavzusi bu qadar muhimligini bilmagandim-da. Hay’at a’zolari ilmiy ishimga bir yo‘la doktorlik darajasini berib yuborsa deng.
— Qalay, xonim, yaxshi ot ekanmizmi? — deyman. Biroq bu shodligim uzoqqa cho‘zilmadi. Xonim ikkalasini teng tayyorlaganmi, ikki yil o‘tmasdanoq doktorlikni ham yoqlab yubordi.
U matematika, men biologiya fakultetiga dekan bo‘lib qoldik.
Raqobatimiz uyda ham juda qizirdi. U uy ichi-tashqarisini chinniday tozalab qo‘yar, og‘izda erib ketadigan nonlar yopardi. Sir boy bermay deyman-u, ammo lablarim chalpillashidan ovqatlar yoqqanligi bilinib qolardi.
Men ham ish qidirib hovli aylanib qolardim. Katta to‘nkalarni topib olib, mayda-chuyda qilib yorib tashlardim. Hech ish topilmaganda, kerak bo‘lmasa ham loy qilib guvala quyardim. Tavba, uning ishchanligini ko‘rib beixtiyor lab-lunjim osilaveradi, deng.
Lekin ishda... Xonim institutga prorektor bo‘lib qoldi. Endi bu institutda ishlash men uchun azob edi. Uning ruxsatisiz hech qayoqqa jila olmasdim. Yig‘ilishlarda hamma qatori uning va’zlariga quloq tutishim, ma’qullab turmog‘im lozim edi.
Bu azoblardan meni yana taqdir qutqardi. Vazirlikka ko‘tarilib ketdim: rahbarim “shogirdlar o‘ssin” deydiganlar xilidan-da. Endi boshqalar tugul xonim ham kaminaning kabinetiga bosh urib kelardi.
“Xonim, choping, choping erjoningiz ortidan”, deyman o‘zimcha. Nazarimda, malikamiz keyingi kunlarda biroz bo‘shashganday, menga erkalanganday bo‘lib qoldilar. Ha, erkalanmaysan-a, deyman mag‘rur turib. Gap boshqa yoqda ekan. Bir yil o‘tmay oilamizda Hasan-Husan tug‘ildi. Tug‘ruqxonadan olib keldim. Xursandmiz. Xonim menga ma’noli boqdi. Uning bu qarashi go‘yo “Bizning shunaqa hunarimiz ham bor”, deganday bo‘laverdi. Suyunish o‘rniga qandaydir g‘ashlik paydo bo‘la boshladi.
Xotinim aqlli-da, ahvolimni angladi chog‘i:
— Dadasi bolalaringizni erkalatmaysiz ham. Axir, bular ikkovimizniki-ku, deb qoldilar.
Yelkamdan tog‘ ag‘darilganday yengil tortib, go‘daklarga talpindim...

 “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 25-son

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.