OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xoliyor Safarov. Bitta dehqon yetadi (hikoya)

Muxtor aka doim bir narsa haqida o‘ylaydi. Butun bashariyatga xos bu o‘y uning miyasida har kungi ro‘zg‘or tashvishi yoki soyadek ergashib yurguvchi orzular xayoli emas, hayot-mamot masalasi... 
U barcha otalar kabi farzandlari kamolini ko‘rishni, o‘zi yetolmagan orzularga ular yetishini istaydi. Buning uchun u o‘ttiz yil kolxozda ishladi, bir parcha tomorqasida peshanasidan reza-reza ter oqib, ketmon urdi, quyosh bilan uyg‘onib, oy bilan yotdi. U yillar zahmatidan mushtdekkina bo‘lib, chit ko‘ylaklari egniga yopishib turuvchi, tafti issiq qo‘llari mehnatdan qabarib, rezina kovushda yuraverib, tovonlari tars-tars yorilgan, ammo bundan na hasrat, na diydiyo qiladigan, tani-joni, sog‘lig‘i va farzandlari eson-omon o‘sib-ulg‘ayotganidan, shularning kamolini ko‘rib, eri ikkalasi elga to‘ylar berishni doim xudodan tilab yuradigan o‘rta bo‘y, bug‘doyrang yuz, biroz qalin, ammo hech qachon eri va bolalariga xunuk ko‘rinmaydigan qoshlarini xiyol uyib, eri bir vaqtlar besh ketib, bugun bir tutamgina bo‘lib qolgan qo‘ng‘ir sochlari chorsi ro‘moli oldidan chiqib, peshanasiga yopishibgina turuvchi gajaklari bir vaqtlar Muxtor uchun husn, keyinchalik bolalariga ajabtovur ermak, bugun esa odamzod mehnatdan o‘lmasligini namoyon etib, bayroqday hilpirab, gaplaridan shukrona, orzu ufurib turuvchi, eri ichib kelsa yoki kayfiyatsiz bo‘lsa «Otasi, qo‘ying, o‘zingizni yerga urmang. Hali hammasi yaxshi bo‘lib ketadi», deya ham dalda, ham kelajakka ishonch beruvchi xotini bilan yelkama-elka bo‘lib, olti farzandni, ikki o‘g‘il, to‘rt qizni voyaga yetkazdi. 
-Onag‘ardi xotini iching qizga to‘lib ketgan ekanda, -deya «inkubatordek bir xil - ketma-ket qiz tuqqan» xotiniga Muxtor aka bir necha bor iddao qilgan, ammo bugun marhum bo‘lib, qabrlari nurga to‘lgur onajonisining bir og‘izgina «Bolam, xudoga shak keltirma, qizmi, o‘g‘ilmi bari bir-farzand. Farzandning yaxshi-yomoni bo‘lmaydi, ularning tarbiyasi muhim. Xotinim yana qiz tug‘di deb kuyunma. Ko‘nglim sezib turibdi, kelinim bundan keyingisiniyam qiz tug‘adi. Mana, ko‘rasan, endi qatorlashtirib, avval uch qizni tug‘adi, so‘ng, nasib bo‘lsa, navbati bilan o‘g‘il tilayver» deganidan keyin onasi aytgandek uchinchisini ham qiz tuqqan xotiniga churq etmadi. 
Xotini ham xuddi umr bo‘yi qiz tug‘ib o‘tadigandek bo‘ynini yelkasiga qisib oldi. Bunday qobil, o‘zi qolib, eri va farzandlari, oilasi, qaynona-qaynotasiga mehribon ayolga Muxtor aka boshqa burnidan baland gapirishni ep ko‘rmadi. Qunduz yanga ham erining chizig‘idan chiqmadi. Qo‘li kosov, sochi supurgi bo‘lib, Muxtor aka qatori mehnat qildi. Ham ro‘zg‘orni epladi, ham tomorqa ishlariga yordam berdi. U uzun kechalarda, qahraton qishda uch qizi bilan dahlizdagi sandal atrofida qo‘nishibgina o‘tirgan, yoz oqshomlarida uy oldidagi loydan yasalgan chorpoyada katta qizlariga malikalar haqida ertak, kichkinasiga dardini qo‘shib-qo‘shib allalar aytdi. Ishdan horib kelib, uzala tushib uxlab qolgan erining yelkasiga ko‘rpa tortib qo‘yarkan, yonginasida qator bo‘lib, tizilishibgina yotgan qizlarining lo‘ppi, hali tashvish neligini bilmay, g‘am soya tashlamagan yuzlaridan o‘pdi va olis-olis yulduzlarga boqib, emizikli bolasi peshanasini silagancha Tangriga iltijo qildi.
-Xudoyo xudovanda,  bizning ham yuzimizni yorug‘ qil. Shugina qizlarim ketidan erim ikkalamizni sevintirib, birgina o‘g‘il ato et. Marhamatingni ayama...
Muxtor aka ham doim shunday niyat qildi. Kolxoz ishiga borishdami, kelishdami, tomorqa ishlarini qilayotgandami, yolg‘iz qoldi deguncha xudodan shuni so‘radi. Kechalari uyg‘onib, shiftga termulib yotganida ham shu haqda o‘yladi. 
-E, xudojon, bizniyam yuzimizni yorug‘ qilib, shu bebaho ne’matlaring - uch qizimning yonidan hech bo‘lmasa birgina ukacha ber. Sendan o‘tinchim shul.  Mehnatdan qochmayman, shu kamtar hayotimdan nolimayman. Ammo yuragimning bir cheti kemtik. Mening ham o‘g‘il ko‘tarib yurgim, erkalagim, nasib bo‘lsa, bor-budimni sochib, to‘ylar qilib bergim keladi. Xudoyo, shu niyatlarimga yetkazgin.
Dili pokning-yo‘li yorug‘. Oradan ikki yarim yil o‘tib, Qunduz yanga o‘g‘il ko‘rdi. Otaning yuzi yorishdi, onaning homiladorlik vaqtida malla dog‘ bosgan yuzlari kuldi. Qaynota bilan qaynona o‘zlarini qo‘yarga joy topolmay qolishdi. Chaqaloqni beshikka solayotgan kuni bobosi «Kelinimning beli baquvvat bo‘lsin» deb qo‘y so‘ydi. Momosi suyunchi deya qo‘shnilarga sochqi tarqatdi. Muxtor aka esa xotinining boshida parvona  bo‘lib qoldi. Shunda onasi uni urishdi.
-Hay, nimaga buncha kurk tovuq tuxumini qo‘riqlaganday xotiningdan nari ketolmaysan. Bor endi ishlaringni qilaver, yo emizasanmi?!
Shunda sevinchidan xayoli qochgan Muxtor aka bir haqiqatni angladi: chaqaloqqa xotini qaraydi, qolaversa keksa onasi bor. Ularning boshiga qorovul kerak emas. Bu qilig‘i xotin qiliq. Undan  ko‘ra bolalari baxtli, birovdan kam bo‘lmasligi uchun yaxshi ishlashi, ularning ertasini o‘ylab yashashi kerak. Yo‘qchilik qursin, bolalari uchun bugundan qayg‘urmasa, erta bir kun ikkita oyog‘i bir etikka tiqilib qoladi. 
O‘sha kuni Muxtor aka og‘il yonida yotgan ketmonni qo‘liga olib, tomorqaga borarkan, yo‘l-yo‘lakay niyat qildi:
-Mayli, mehnatdan qo‘llarim qavarib, tovonlarim tilinib ketsin. Sillam qurib, dalada ketmonimga suyanib, o‘tirib qolay, lekin o‘g‘limni o‘qitaman! Menday issiqda yelkasi kuyib, ketmon chopmasin. Dehqonning noni halol, ammo men na yerning tilini biladigan dehqon bo‘ldim, na tuzukroq bir kasbning boshini tutdim... Uning unib-o‘sib, men ko‘rmagan shaharlarni ko‘rishini, men qadam bosolmagan, orzu qilgan yo‘llardan o‘tib, el nazaridagi odam, inson bo‘lishini istayman. Oilamizga bitta dehqon yetadi. Yoshlar dunyoni ko‘rsin...
O‘ttizga kirganingda o‘tin yoradigan o‘g‘ling bo‘lsin, degan ekan qadimgilar. Yigirma ikki yoshida uylangan Muxtor aka o‘ttiz bir yoshida o‘g‘ilga yetdi va shunday niyat qildi. Tomorqada belidagi chorsi belbog‘ni dokaday qilib, do‘ppi girdidan peshanasiga tang‘ib bog‘ladi. So‘ng eski, paxtasi chiqib qolgan choponini yechib, marza ustiga qo‘ydi va kaftlarini namlab, yerga ketmon urdi...
Muxtor aka o‘n sakkiz yil shu tarzda: ham tomorqasida, ham kolxozda ishladi. Unga orzulari hamroh, maqsadi quvvat bo‘ldi. Bu orada xotini yana bir o‘g‘il, bir qiz tug‘di. Xuddi onasining qornida kelishib olgandek ketma-ket ikki yosh oraliq bilan tug‘ilgan qizlari, maktabni bitirishi bilan yana kelishgandek galma-galdan to‘y bo‘lib ketdi. Ammo «qiz bola birovning xasmi» tamoyiliga amal qiluvchi ota-onaning barcha umidi Mahmudjondan bo‘ldi. Ikkalasi jon-jaxdlari bilan o‘g‘illarining yaxshi bilim olib, a’lo o‘qishiga sharoit yaratib berishdi. Buning uchun Muxtor aka kechani kecha, kunduzni kunduz demadi. Qunduz yanga ham uch qizni ketma-ket to‘y qilib, o‘zi o‘n sakkiz yoshar qizday uy ishlarini o‘zi qilib yurdi. Ular uchun Mahmudjon go‘yo dengiz tubidan topilgan gavhar misol ardoqli, erishilmagan maqsad kabi umidli edi...  
Mahmudjon yetuklik guvohnomasini qo‘lga olishi bilan Muxtor aka uni Toshkentga yetaklab bordi. Ana shunda u yana bir haqiqatni angladi: o‘n sakkiz yil o‘g‘lining kamolini o‘ylabdi-yu, uning kelajakda kim bo‘lmoqchi ekanligi, orzu-umidlari bilan hisoblashmabdi. To‘g‘ri, bir-ikki marta «Katta bo‘lsang kim bo‘lasan?» deb so‘ragan, ammo yoshligida «Samolyot haydayman» degan javobni olgan bo‘lsa, ulg‘ayganidan so‘ng «Bilmasam, vaqti-soati kelaversin-chi» degan chuchmal javoblar bilan kifoyalanib qolibdi. Orzular ro‘yobi tomon eltuvchi chorrahaga kelib qolgan ota-bola universitet qabul komissiyasiga kirib, qaysi yo‘nalishga hujjat topshirishni bilmay qoldi.
-Qaysiga kirasan, ulim?- dedi boshi qotgan Muxtor aka.
Mahmudjon yana bir bor chumoli uyasiga eltadigan yo‘lni eslatuvchi, ota-onalar, yigit-qizlar u yoqdan – bu yoqqa g‘imirlab yurgan uzun koridorga ko‘z yugurtirdi-da boshini qashlab tashqariga chiqdi. Daraxt soyasiga o‘tib, asabi buzilganidan o‘zini bir nima qilib qo‘yishdan qo‘rqibmi yoki birov gapirmasmikan degan xayol bilanmi atrofiga qarab-qarab, og‘ziga nos tashlab olgan otasi dedi:
-Ota, bitta oshnam yuridicheskiyga topshiraman, degandi. Menam shunga kirsam-chi, nasib bo‘lsa, prokuror bo‘laydim...
-Nima? -Muxtor aka o‘g‘lining gapidan og‘zidagi nosini yutib yuboray dedi. –Kallang joyidami? Prokuror bo‘ladigan o‘qishga kirish uchun qancha ho‘kiz kerak? Kallang xumday bo‘may, yaxshilab o‘yla! Ko‘rpaga qarab oyoq uzatgan yaxshi. Hayla, fizika, matematika, tarix, o‘zbek filologiyasi... Hammasini yozib qo‘yishibdi. Shularning birortasiga kirsang ham kam bo‘lmaysan. Ana, Qodir malim, birovdan kam joyi yo‘q...
-Malim bo‘mayman, ota.-Mahmud o‘zini orqaga oldi.
-Bo‘lmasa, tanla, o‘zing ayt,- dedi u hurpayib turgan o‘g‘liga.
-Unda do‘xtir bo‘laman.
Muxtor aka o‘g‘lining olayib turgan ko‘zlariga o‘kinib qaradi-da, bilagidan tutib, yana-da chakkaroqqa sudradi. 
-Mahmud,- dedi qo‘liga «Papka dlya bumag» deb yozilgan jild ushlab turgan o‘g‘liga. -Menga qara, menga shunaqa papkalarga pasportimni solib yurish ham nasib qilgani yo‘q. Seni o‘qitaman deb sochim oqardi. Yoshim ellikni qoralab qo‘ydi,- so‘ng allaqanday iltijoli boqdi. –Meniyam tushungin-da, ulim. O‘zing bir bo‘ladigan, to‘g‘ri keladigan kasbni tanlagin-da...
-...
-Kel munday qilamiz. Malim bo‘lasan. Ana, qo‘lingdagini birortasiga topshir. 
Mahmud maktabda matematikadan yaxshi o‘qigan edi. Ota-bola gapni bir joyga qo‘yib, «matfak»ka hujjat topshirdi. Biroq o‘n sakkiz yil davomida ota-onasining erkasi, orzu-umidi bo‘lib kelgan Mahmudjonga omad kulib boqmadi. Avgustning ikkinchi haftasida imtihon natijalarini bilish uchun kelgan yigit pati yulingan tovuqdek bo‘lib, uyga qaytib bordi. «Nima bo‘ldi?» deb so‘ragan otasiga kelishgan, basavlat, jag‘lari turtib turuvchi, qalin qoshlari tagidan qirg‘iy ko‘zlari alayib-alayib boquvchi yigitcha yapasqi burnini torta-torta dedi:
-Kirolmabman...
-Nega?- bo‘shashib ketdi ota. –Qanday qilib?!
-Bilmayman. Bilimim yetmabdi…
Muxtor aka o‘g‘liga tikilib-tikilib, o‘kinib-o‘kinib qaradi. Paxmoq sochlari taram-taram bo‘lib turgan boshiga, xo‘mrayib, osilib qolgan lablariga tikildi, so‘ngra alam bilan dedi:
-He, kallang qursin! Xumparday bo‘may o‘qigin edi-da!
-Men nima qildim?! -Mahmudjon shunday deya uyga kirib ketdi. Shundan ikki kun uydan chiqmadi. Chiqqan bo‘lsa ham birov ko‘rmadi. Yozning issiq kunida ham, tunida ham uyda dimiqib yotdi. Mahmud aka ham o‘zini qo‘yarga joy topolmadi. Kun bo‘yi daladan beri kelmadi. Goh paxtada, goh tomorqada yurdi. Tunlari esa xotini yonida to‘lg‘onib chiqdi. O‘z-o‘ziga savol berdi: 
«Nega mening bolam hamma kiradigan o‘qishga kirolmadi? Nima uchun?».
Muxtor aka ikki kun dalada, ikki kecha loydan qilingan chorpoya ustida faqat o‘g‘li haqida o‘yladi va bir qarorga keldi. Azonlab, uxlaganiniyam uxlamaganiniyam bilmay o‘rnidan turganida ichkarida dimiqib, alamidan tashqariga chiqmay, otasi bor vaqti ovqatini ham yemay o‘tirgan o‘g‘lini sudrab chiqish uchun uyga kirdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, ko‘zlari kirtayib yig‘idan bo‘lsa kerak, qovoqlari shishib ketgan Mahmudjon yerga uzala tushgan ko‘yi, bir yostiqni ko‘kragiga bosib kitob o‘qib yotibdi. Muxtor aka eshikka suyanib qoldi. O‘g‘li uning kuzatib turganini sezmadi, ammo ikki-uch daqiqa o‘tgach, egik boshini ko‘tardi-yu, eshikda otasi turganini ko‘rib, birdan o‘mganini ko‘tardi-da, salom berdi. 
-Yasha... - dedi otasi eshikda turib. –Aqling kechroq bo‘lsayam kiribdi, shunisiga shukr. Shu ishingni bir yil oldin boshlaganingda hozir Toshkentda kerilib yurgan bo‘larding…
Mahmudjon otasiga allaqanday iltijoli qarash qildi-da, burnini tortib qo‘ydi.
-Endi o‘qiyman.
-Mayli o‘qi. Mag‘zini chaqib-chaqib o‘qi. Tushunmasang, ana, qishlog‘imizda o‘qib kelgan o‘qituvchilar bor, shulardan borib so‘ra. Lekin kelgusi yil ham shunday qiyshayib qaytib keladigan bo‘lsang, o‘zingdan ko‘r. Uylantirib taylayman, o‘lasan...
-Ota, -Mahmud gapining davomini aytolmadi, chamasi. U «Menga imkon bering, ishonchingizni oqlayman» demoqchi edi. Shu yil uyaltirib qo‘ygani uchunmi tili bormadi. Muxtor aka esa ostonada turgan ko‘yi ikki sutkada butunlay boshqaga aylangan o‘g‘liga umidvor nigohlar bilan qaradi va dedi:
-Sendan aslida shuni kutgandim, ulim. O‘qi, o‘qigan kam bo‘maydi. Lekin ro‘zg‘orning ishiga ham yordaming tegib tursin...
Mahmudjon, avvallari kitobni ko‘rsa uyqusi keladigan yigit, qobilgina bosh chayqadi. Shu kundan boshlab butunlay o‘zgardi. Tong azonda, otasidan oldin turib, dars qilar, matematikadan misol, masalalar  yechar, kun choshgohga kelgach miyasini dam oldirish uchun tomorqaga tushib, bir-ikki soat ishlar, shu ishlash jarayonida o‘rganganlarini  qayta-qayta takrorlar, yana kirib o‘qir, yana chiqib uy ishlariga yordamlashar, ammo baribir yarim kechaga borib, kitobi yuziga yopilib yoki boshi kitob ustida bo‘lib uxlab qolardi. U shu tarzda kuz, qishi bilan o‘qidi. Qishning ayozli kunlarida sandalda yotib, pechka yonida o‘tirib o‘qidi. Har qishda to‘da-to‘da bo‘lib, navbati bilan mehmondorchilikda yuradigan, bekorchilikdan nardami, qartami o‘ynab, to yarim kechagacha hiringlashib yuradigan jo‘ralariga ham qo‘shilmadi. Qo‘li kitobda, ko‘zi kitobda, o‘y-xayoli kitobda bo‘ldi. O‘ziga yarasha savlati bor emasmi, uyqusizlik va toliqishdan ozib-to‘zib qoldi. Shunda, Qunduz yanga yarim kecha elektr o‘chib, moychiroq yorug‘ida masala yechib o‘tirgan o‘g‘lining yoniga keldi-da, uning tipratikan ninasidek tikraygan sochlarini siladi.
-Ulim, dam ham olgin. O‘qish ham o‘lsin, menga sening sog‘lig‘ing kerak, - dedi kirtayib, chiroq yorug‘ida yiltillab turgan ko‘zlariga achinib qarab.
-Ena, menga indamang. O‘qiy…
Qunduz yanga o‘g‘liga tikilib-tikilib, qaradi-da, indamay, har dardi ichida bo‘lib chiqib ketdi. Ichkari uyga kirib, erining yonidan solingan to‘shakka beholgina cho‘zilar ekan, Yaratganga iltijo qildi.
-Xudojon, bir umr daladan beri kelmaydigan otasining niyatlari amalga oshib,  bolaginam o‘qishlarga kirsin. Shuginalar «ustident» degan otti olib, kulib uyga kelganini ko‘raylik...
Bahor o‘tib, yoz boshlandi. O‘quv yili tugab, bitiruvchilarning yetuklik guvohnomasini oladigan davri keldi. Shunda Muxtor aka yana o‘g‘lini olib, Toshkentga yo‘l oldi. Biroq ular bu gal «matfak»ka  hujjat topshirishmadi. O‘g‘lining imkoniyatlarini chamalab ko‘rdimi yo «kirish osonroq» deb o‘yladimi «selxoz»ni bitirsa, o‘zimizda, kolxozda ishlayveradi, dedimi o‘g‘lining hujjatlarini qishloq xo‘jalik institutiga, agronomiya fakultetiga topshirtirdi. Mahmudjon ham bu gal fakultet tanlamadi, otasining bir og‘iz «ke, ulim, nima ko‘p, kolxozda ish ko‘p. Shu, agranum bo‘laqol» deganiga rozi bo‘ldi. Imtihon kunigacha shaharda o‘qiydigan bir do‘stinining ijarasida yashab turadigan, birdaniga imtihon natijalarini hal qilib boradigan bo‘ldi.
-Mayli, ulim, Xudoyim  qo‘llasin...
Qo‘li kalta ota o‘g‘lini do‘stiga, qalbini xudoga topshirib uyiga qaytib keldi va xotini ikkalasi yaratgandan o‘g‘liga omad va yorug‘ yuz tilab o‘tirdi. Televizordan «Ertaga yurtimizdagi barcha oliy o‘quv yurtlarida bo‘lajak talabalar uchun davlat test sinovi o‘tkaziladi» degan xabarni eshitgan kechada tuni bilan chaqirtikan ustida yotgandek to‘lg‘onib chiqdi... 
Avgustning ikkinchi haftasida o‘g‘li yana o‘tgan galdagidek kitobga to‘la azot xaltasidan qilingan sumkasini ko‘tarib, o‘ychan kirib keldi. Ammo ko‘zlarida qandaydir quvonch, qandaydir hadik bor edi.
-Nima bo‘ldi, ulim? – dedi o‘g‘liga peshvoz chiqqan ota. –Bo‘rimi?
-Chiyabo‘ri... -shahar ko‘rib, ancha-muncha o‘zini tutgan, sipogina bo‘lib, tikka sochlarini silliq taragan o‘g‘li otasiga qarab siniqqina jilmaydi. –Kontrakt bo‘pman.
-Kontak? –Mahmud akaning qovog‘i uyildi. –Bu nima deganing?
-Kontrakt. To‘lov shartnomasi asosida o‘qishim mumkin ekan.
-O‘qishing uchun pul to‘lash kerak ekanmi?
-Ha.
Muxtor aka bir yillik to‘lovning qancha bo‘lishini eshitib, birdan to‘rt yilligini hisoblab yubordimi aftlari burishib ketdi. Qoshlari orasida tuguncha hosil bo‘ldi. Bir o‘g‘liga, bir unga tikilgan kuyi bo‘sag‘ada mung‘ayibgina turgan xotiniga qaradi va yuragi achishdi. Beixtiyor qo‘llari musht bo‘ldi, og‘ir xo‘rsindi. So‘ng boshini baland ko‘tarib, o‘g‘lining yonidan keldi va yelkasiga qo‘lini qo‘ydi.
-Mayli, ulim, o‘qiysan. O‘sha puldi beraman. Odam mehnatdan o‘libdimi, ishlaymiz. Jon eson bo‘lsa, mol topiladi. Kelayotgan bozor anuv, o‘zi senga atalgan ikkita ho‘kizni sotaman. Kelgusi yilga ham xudo bir nima degandir-da...
Qunduz yanga titrab, Mahmudjonning etlari jimirlab ketdi.
-Kampir, - dedi Muxtor aka xotiniga qarab. -Anuv xo‘rozdi so‘y. Bugun bir osh qilinglar. Hamsoyalarni chaqiramiz, tog‘alari keladi. –Gapining oxirini esa hazilga burib yubordi. -Bizarding ko‘chadayam bayram bo‘laykan-ku?!
O‘sha kuni qo‘shnilar, qarindoshlar, Muxtor aka aytgandek, Mahmudjonning tog‘alari ham kelishdi, jiyanini tabriklashdi.
-O‘zimning jiyanim-da,- dedi kechagina unga «Bu turishingda sen odam bo‘maysan» deb yuradigan katta tog‘asi. Qo‘shnilarining birovi havas qilgan bo‘lsa, birisi hasad qildi. «Muxtor o‘g‘lini bitiga o‘qitarkanmi? Ikkita tirriq qo‘yidan boshqa nimasi bor uning» dedi, biroq qarindosh-urug‘lar Mahmudjonning o‘qishga kirganiga astoydil quvonishdi.
-Baraka topsin. Yigitti ishini qipti, – deyishdi.
Muxtor akaning katta akasi bilan opasi nima iloj bo‘lsayam Mahmudjonning o‘qishini, o‘qimishli yigit bo‘lishini so‘radi, hatto buning uchun qo‘ldan kelgancha yordam berishlariniyam aytishdi.
-Ulimdi o‘qitaman,- dedi Muxtor aka. -Enasi ikkovimiz shuncha yildan beri shulardi deb ishladik. Yo‘qchilik qursin, bolalardi deb, ustimga bir yangi kiyim olmadim. Boshim mehnatdan chiqmadi, ammo o‘g‘illarimning menday kun kechirishini istamayman...
Ota so‘zida turdi. O‘tgan yilgi o‘qishga nasib etmagan ho‘kiz bilan ikkala qo‘chqorni sotib,  ikkita ho‘kiz, to‘rtta qo‘chqor qilib  qo‘ygandi. Bir ho‘kizning yoniga ikkita qo‘chqorni qo‘shib, bozorga haydadi, o‘g‘lining kontraktini to‘-g‘irlab berdi.  O‘sha bozordan Mahmudjonga yangi kostyum-shim xarid qildi va kiygizib ko‘rdi. Loppa-loyiq. O‘g‘li er yetib qolibdi, kostyum-shim biram yarashdiki... Muxtor aka quvonchini yashirolmay bozorning ichida o‘g‘lini bir ko‘tarib oldi.
-Doim yaxshi kunlarga kiygin, ulim...
Shu lahzada Muxtor aka yana bir achchiq haqiqatni angladi. Uylanganida rahmatlik otasi yangi kostyum-shim olib bergandi, u shundan boshqa kostyum-shim kiymabdi, bunga hojat ham bo‘lmabdi. O‘sha shim allaqachon ado bo‘lib ketgan, kostyumi esa lattasi chiqib qolgach, eshakka jobuv qilib yuborilgan ekan... Muxtor akaning ich-ichidan yong‘oqdek bir narsa kelib, bo‘g‘ziga tiqilib qolgandek bo‘ldi, ammo g‘ussasini o‘g‘liga sezdirmadi. Bozordan ko‘zlari kulib, yuragi kuyib qaytdi. Oradan hafta o‘tib, er-xotin oq fotiha bilan o‘g‘lini o‘qishga yubordi. Ana shunda Muxtor akaning bo‘g‘imlari bo‘shab ketdi. 
-Yigit pirlaring qo‘llasin,- dedi boshidan rangi o‘niqib ketgan do‘ppisini qo‘liga olib. So‘ng ugirilib xotiniga qaradi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, u ham katta yo‘lga chiqib ketayotgan o‘g‘lining ketidan termulganicha yig‘lab turibdi. -Kampir,- dedi u xotinining bilagidan tutib,- yig‘lama. Xudoyim yuzimizni yorug‘ qildi. Yig‘lama.
Bu paytda otasi bilan onasiga ajabsinib-ajabsinib qarayotgan ikkinchi o‘g‘il Muslimbek kostyum-shimda oq sumka ko‘tarib, Toshkentga yo‘l olgan akasining ketidan orzulanib-orzulanib qarab qo‘yar, ich-ichidan bir to‘lqin toshib-toshib kelardi.
«Nasib bo‘lsa, menam akamday ustident bo‘laman!»
Muxtor aka bilan Qunduz yangaga o‘g‘lini o‘qitish oson kechmadi. Ikkinchi kursi uchun to‘lov kontraktini qolgan ho‘kiz bilan qo‘chqorlarni sotib qutilgan otaning og‘ilida bir sog‘in sigir bilan to‘rtta, atigi to‘rtta sovliq qoldi. Shunda Muxtor aka bo‘shashib ketdi, «Bolasi o‘lsin, uyda hech balo qolmayapti-ku, kelasi yilga nima qilarkanman?» dedi, ammo xotini dalda berdi.
-Otasi bosh eson bo‘lsa, do‘ppi topiladi. O‘mganingizni ko‘taring. Nasib bo‘lsa, ana, ulimiz o‘qiyapti, vaqti keladi, o‘rnini to‘ldiradi-da...
Muxtor akaning yuzi yorishdi. 
-To‘g‘ri aytasan-ay?- dedi ko‘ngli tog‘day ko‘tarilib. –A, maqsadimiz shulardi o‘qitish edi-ku?
O‘sha o‘quv yilida Muslimbek maktabni bitirishi kerak edi. Ikki yildan beri Toshkentda yurib, ancha yo‘l-yo‘riqni tushunib qolgan Mahmudjon bir ish qildi. Ukasi Muslimbek yetuklik guvohnomasini olishi bilan yoniga olib ketdi-da, bir domlaning qo‘liga berib bir yarim oy, to imtihon kunigacha o‘qittirdi. Buning nomi repetitorlik bo‘ldi. O‘zi esa repetitor pulini to‘lash uchun yigirma kun domlaning uydagi ishlarini qilib berdi.
Akasiga havas qilgan Muslimbek o‘sha yili omadi chopdimi, yo avvaldan yaxshi o‘qib yurgani qo‘l keldimi, tarix fakultetiga davlat granti asosida o‘qishga kirdi. O‘g‘illarining bu muvaffaqiyatidan Muxtor aka bilan Qunduz yanganing boshi osmonga yetdi, shu bilan birga otaning miyasiga «Ikki o‘g‘ilga qanday pul topib beraman?» degan o‘y ham tuman kabi bostirib keldi, biroq boshi qotgan otaga aka-ukalari, o‘g‘illarining tog‘alari bag‘rikenglik qildi. «O‘zimning jiyanim» deya ko‘kragiga uruvchi katta tog‘asi Mahmudjonning bir yillik kontraktini to‘lab berdi.
Ikkala o‘g‘li o‘qib, Muxtor akaga kun tug‘di. Shanba yaqinlashaversa, yuragi jizillayveradi. Chunki shanbada o‘g‘illari keladi. To‘lib-toshib. U yakshanba kuni tishi kovagida gavharday asrab o‘tirgan, doim «Oxiri shu, keyin nima qilaykanman. Ey, xudojon» deya olib o‘tiradigan pulini ikki o‘g‘liga bo‘lib beradi. O‘g‘illarini o‘qishga kuzatayotganda esa yuraklari to‘lib-to‘lib ketadi. Goh g‘ururdan, goh sururdan...
Muxtor aka oxirgi paytlari qishloqdoshlarning uyida mardikorlik ham qila boshladi. Odamlar «Bunga nima zaril, ikki bolasini birdan o‘qitaman deb. Qulog‘i qopti-ku o‘zi...» deyishdi, ammo u parvo qilmadi. Bir kun tomorqasida ishlasa, ikki kun mardikorlik qildi. Bir hafta kolxozda ishlasa, to‘rt kun mardikorlik qildi, ammo shanba kuniga «Ullarim keladi» deb pul tayyorlab turdi. Bundan nomus qilgan og‘a-inilar, kuyovlari qaynukalar uchun navbatiga pul ham berib turdi. Muxtor aka bunday paytda Mahmudjonning keyingi  kontrakti uchun pul yig‘di. Og‘ilga mol bog‘ladi. 
Kunlar shu tarzda o‘tar, Muxtor aka mehnatidan, hatto birovlarning, o‘z ta’biri bilan aytgancha «sassiq gaplari»dan ham og‘rinmadi. Quloqlarini kar, ko‘zlarini ko‘r qildi.
-Ularga nima? – dedi jahli chiqqanda. -O‘g‘irlik qilayotgan bo‘lmasam? Nima qilsam, ullarim uchun qilayapman! Ular o‘qishayapti. Bor umidim shulardan...
Mahmudjon uchinchi, Muslimbek birinchi kurs vaqti. Bahorning ilik uzildi pallasi. Muxtor aka ish yo‘qligidan «Ullarimga qanday qilib pul topib beraman», deb ichikib o‘tirgan hafta oxirida, uyga birdaniga yovday bo‘lib ikkala o‘g‘li ham bostirib kelib qolishdi. 
«O‘ldim, ikkoviniyam puli tugagan!» 
Birdan otaning miyasidan shu o‘y kechdi, ammo o‘g‘illari negadir shod edi. Er-xotin o‘g‘illariga ajablanib-ajablanib qaradi. Shunda Mahmudjon oq xalta o‘rniga o‘tgan yili stipendiyasidan sotib olgan «Adidas» yozuvli sumkani ochib, ichidan otasiga ko‘ylak, onasiga bir ko‘ylakli mato chiqardi. Er-xotin sovg‘alarni qo‘liga olarkan, avvaliga o‘g‘illariga hayratlanib-hayratlanib qarashdi, so‘ng bir-birlariga mo‘ltirabgina termulishdi-yu, beixtiyor ko‘zlariga yosh keldi. 
-Ulim... -dedi Muxtor aka lablari titrab, - bularni qaerdan olding?..
Shunda Mahmudjon yoshlik qilib, sumkasidan pul ham chiqardi-da, otasining oldiga qo‘ydi.
-Bu nima? - ota qo‘rqib ketdi.
-Ishga kirdim, ota, - dedi Mahmudjon yukinib. -Endi ishlasam ham bo‘ladi. Sizam qiynalib ketdingiz. Hammasidan xabarim bor...
Muxtor aka bir o‘g‘liga, bir ko‘rpacha ustida turgan pulga qaradi. So‘ng o‘zini tutib turolmadi, pulni o‘g‘li tomon surib qo‘ydi-da, uning yelkasidan quchib, hiqillab yig‘lab yubordi.
Bu otaning quvonchga belangan armonli ko‘z yoshlari edi. Bu otaning armonga belangan sevinch ko‘z yoshlari edi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.