OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xoliyor Safarov. Oy botmagan kechalar (hikoya)

Namozshomda sigirini sog‘ib, o‘choq boshiga qaytayotgan Gulshan opa og‘il orti - qir tomondan kelayotgan yigitga e’tibor bermay, har kungidek sutni qozonga soldi. O‘choqqa o‘tin qalab, endi gugurt chaqqandi, ortidan «Gulshan opa? Hov, Gulshan opa!» degan ovoz eshitildi.
- Kelavering, - dedi u og‘il devoriga qo‘l tirab turgan yigitga o‘girilib. So‘ng «Kim bo‘ldiykin-a?» deya yaqinroq yurdi. Yigit ham opa tomon kelavergach, tanidi. – E, Salim? Kelavermaysanmi, nega qaqqayib turibsan?
- Assalomu alaykum, Gulshan opa.
- Vaalaykum, - chehrasi yorishdi opaning. Keyin qo‘l berib salomlasha turib, s?radi: – Qachon kelding, mening ??lim qani?
- E, Baxtilar hali kelmadimi? – yigit onaning savolidan allanechuk bo‘lib ketdi. – Yo‘lga chiqdik, deyishgandi-ku?
- «Deyishgandi», deganing nimasi, Salim? Axir birga ketgan odam, birga qaytmaydimi?
- Hazillashayapsizmi, Gulshan opa? – kuldi u. – Ular allaqachon uyda bo‘lishlari kerak edi. Mana, bir qir nari - Suvon podachining o‘g‘li ham bugun kelibdi. Baxtiyorni uyda bo‘lsa kerak, deb chiqqandim. Hazratqul aka qaerda?
- Ishda. Xayri fermerning yeriga mola bosayapti, bug‘doy ekarkan. Ular salqinda, to yarim kechagacha ishlashadi.
- Xavotir olmang, opa, - dedi Salim xotirjam tortib. – Unda bugun o‘g‘lingiz Hazrat?ul akadan oldin krib kelarkan.
- Shunday de-e, Salimjon, - Gulshan opaning chehrasi yorishdi. – Uyga kir. Sut pishirayapman, hech bo‘lmasa, biror kosa ichib ketasan.
- Mayli, sut bo‘lsa ichamiz, - kuldi Salim chap qo‘lidagi qo‘ng‘iz ko‘zli uzugini xiyol aylantirgan bo‘lib.
Gulshan opa o‘choqqa yana ikki dona tarasha tiqib, uy oldining ko‘rki - to‘rt tup tut tagidagi chorpoyaga gilam soldi. Ko‘rpacha olib chiqish uchun ichkariga kirmoqchi edi, Salim to‘xtatdi.
- Qo‘ying, bitta kosa olib chiqing, o‘choq boshida ichaveraman, - dedi hamqishloqlik samimiyat bilan.
- Yo‘g‘-e, Salim, - Gulshan opa kirib to‘rtta ko‘rpacha olib chiqdi va chorpoyaga «P» shaklida to‘shadi. Yuqoriga ikki qavat soldi. Keyin yigitni chorpoyaga undadi, ammo u o‘choq boshini afzal bildi. Zarang yerga o‘tirib, issiqqina sutni «xo‘r-xo‘r» ichdi, lablarini chapillatib, «bay-bay», dedi.
- E, buning gashti boshqachada, - deya bosh silkidi Salim Gulshan opaga qarab. So‘ng etaklarni o‘ynatib, daladan kelayotgan yigit-qizlarga, o‘troq dehqonlar kabi suv yoqalab joylashgan xonadonlarga, tomorqalarga, orqa tomondagi bepoyon adirlargacha qaradi. – Opa, Baxtiyor kelsa, shu dalaga joy qilib berasiz, bi-ir o‘tiramiz.
- Nasib bo‘lsa, - orzulandi Gulshan opa. – O‘?lim kelsin, otasiga aytib, bir qo‘zi so‘ydiraman-da, jo‘ralariga haq berdiraman.
- Shunaqa deng. Bir maza qilarkanmiz-da...- kerishdi Salim. Keyin kosani boshiga kiygudek ko‘tarib, sutni oxirigacha ichdi. – Rahmat, opa. Toza maza qildim.
- Osh bo‘lsin.
- Endi boray. Baxti kelsa, xabar qilarsiz, - Salim kosani o‘choq boshiga qo‘ydi-da, engashib yuziga fotiha tortdi. – Aytgancha, Baxtiga mening kelganimni aytib qo‘ying, xo‘pmi?
- Xo‘p, aytaman, - dedi onaizor yigitning gaplariga unchalik e’tibor ham qilmasdan. Hozir Salimning xayoli «Men sizlarni ishga olib keldim, endi bu yog‘iga o‘zlaring aravalaringni tortasizlar...» deya bir-ikkita yigitni boshsiz qoldirib kelganligida bo‘lsa, onaning o‘y-xayoli o‘g‘lida edi.
O‘tgan yili Berdimurod savdogarning ikki o‘g‘li chetga borib ishlab keldi-yu, bitta mashina olgach, qishloqdagi bolalarning paytavasiga qurt tushdi. Har ikki yigitning biri ular bilan ishga borish payiga tushib qoldi. Katta o‘g‘il «Mashina oldim, bo‘ldi, endi men nima qilaman», degach, o‘z-o‘zidan savdogarning kenjasi Salimga oy tug‘di. U erta bahorda «aka»lariga sim qoqib, ish bor-yo‘qligini bilgach, o‘ntacha yigitni olib, safarga ketdi. Ular orasida Baxtiyor ham bor edi. Mana, kuz oyoqlashi bilan yigitlar birin-ketin uylariga qaytishayapti. Nasib bo‘lsa, bugun Baxtiyorjon ham keladi...
Gulshan opa qozondagi sutni alyumin tovoqlarga bo‘shatib, oshxonaga kiritib qo‘ydi va to‘rdagi kichik yerto‘ladan simga osig‘liq bir son go‘shtdan chamalab, bir kilocha kesib chiqdi. Qozonni yuvib, yog‘ soldi va qiziguncha oshxona chetidagi o‘radan sabzi oldi. Keyin chasirlab turgan yog‘ga besh-olti bo‘lakka ajratilgan go‘shtni tashladi. Go‘sht qovrilguncha sabzi to‘g‘rashga ham ulgurgan ona o‘choq boshiga guruch olib keldi. Toshlarini terib, hali katagiga kirmay atrofda kuymalanib yurgan tovuqlariga otib-otib yubordi. Daladan qaytgan qizlarining «Ha, ena, tinchlikmi?» degan savoliga «Bugun mening ??lim keladi, shunga osh qilayapman!» deya javob berdi ko‘zlari chaqnab. So‘ng etagini tut shoxiga ilgan katta qizi Kamolani chaqirdi:
- Malika ikkalang darrov mehmonxonaning gilamini qoqib sol. 
- Ena, kechqurun uy supirmaydi, derdingiz-ku?
- E, xudoning ko‘zi o‘ng bo‘lsin, supiraver.
Qizlar ishga tushishlari bilan qorong‘i tushdi. Gulshan opaning qo‘li ishda bo‘lsa-da, ko‘zlari yo‘lda bo‘ldi. Goh adir tomonga qaradi, goh «Baribir qir oshib kelmaydi-ku?» deb toshko‘chaga termildi. Uyga kirdi, qaytib o‘choq boshiga bordi. Oshni ko‘rdi, «Yaxshilab pishsin, ??lim maza qilib yeydi» deya yana laganni tog‘ qilib uyulgan guruch ustidan yopdi. Kichkinasi Malikaga oftobaga suv solib, eshikka sochiq qistirib qo‘yishni tayinladi. Oshxonaga o‘tib, lab tishlaganicha bir zumga tek turib qoldi. O‘g‘liga yana biror nima tayyorlagisi keldi, ammo avval bir diydorini ko‘rishni, bo‘yiga to‘yishni istab, yana tashqariladi. Oy yorug‘ida uy aylandi. Atrofda keraksiz narsalar sochilib yotmasin, Baxtiyorjon bunaqa pala-partishlikni yoqtirmaydi. Ko‘rsa, «Hammayoqni ins-jins bosib ketibdi?» deb aytadi, deya uy atrofini ko‘zdan kechirdi. Hech narsa topmagach, «Baraka topsin, baxtimga qizlarim bor...» deya qizlarini ham alqab qo‘ydi. Shu payt adir osha qo‘y-echkilarini haydab, kenjasi Ixtiyor keldi.
- Ena, ena, qashqa sovliq tuvdi. Qo‘chqor! Mana! - u og‘ilga yaqinlashishi bilan mavsumning birinchi tulini yelkasi barobar ko‘tarib, onasiga ko‘rsatdi.
- Qamab, bir kosa arpa ber. Jonivor o‘zini oldirib qo‘ymasin.
- Mayli, - dedi Ixtiyor. So‘ng chakana suruvni qamab, qo‘lidagi qop-qora, zorlanib ma’rayotgan qo‘zichoqni ham qo‘raga olib kirdi. Ona sovliq eshik oldida u yoqdan bu yoqqa ma’rab chopdi. So‘ng ovoz ichkaridan kelayotganini, egasining «pufay-pufay»layotganini eshitgach, quloqlarini ding qilib, atrofga bir alangladi-da, o‘zini eshikka urdi.
- Ena, - dedi Ixtiyor qo‘ra eshigini zanjirlab, yem olish uchun oshxona tomon kelayotganda, - shu qo‘zini menga berasiz-a?
- Yo‘q. Bugun akang kelayapti. Akangga beramiz. Atab qo‘yaylik, nasib bo‘lsa, kelasi yil o‘qishga kirishi bilan do‘stlarini chaqirib, bayram qilib beramiz.
- Akam keldimi? – entikdi bola ham.
- Yo‘lda ekan, hademay kelib qoladi. Sen tez-tez bo‘l, Sariboyga borib kelasan.
Ixtiyor sovliqqa yemini berib kelgach, onasi bergan pulni olib yo‘lga tushdi. To‘rt-besh qadam yurgach, taqqa to‘xtadi:
- Ena, akam kelayotgan bo‘lsa, otamga manavindan ham olib kelaymi? – dedi tomog‘iga chertib.
- Ha, jigit o‘lgur, - kuldi Gulshan opa, - uyda bor undan. Sen aytganlarimni olib kel.
O‘g‘li ketgach, Gulshan opa oshdan bir xabar olib, uyga kirdi. Mehmonxonaga ko‘rpacha to‘shatdi. To‘rga ikkita yostiq qo‘ydirdi. «Yonboshlab o‘tiradi», dedi o‘zicha. So‘ngra hammasi joyida ekanligini bilgach, sabrsizlanib, tashqariga chiqdi. Yo‘lga qaradi, ichikkanidan oshxona - uy oralig‘ida bo‘zchining mokisidek qatnadi. Biroz holsizlanganini his etgach, o‘choqdagi cho‘g‘ni tortib qo‘ydi-da, cho‘kkalab o‘tirib oldi. Uning bu holi jigarbandining urushdan qaytishini kutayotgan mushtipar  onani eslatardi. U uyasida oftob tafti qaytishini kutayotgan beozor musicha kabi ancha vaqt o‘tirdi. «Osh ham tagiga olib ketdi-yov» dedi. Katta qizini chaqirib, vaqtni so‘radi.
- O‘n birdan o‘tibdi, - dedi Kamola bir qo‘lida oyna bilan tashqarilab. – Ena, bugun ovqat yemaymizmi?
- Muncha besabr bo‘lmasang, akang kelsin, hammamiz birga ovqatlanamiz. Ungacha otang ham kelib qoladi.
Onaning gapi tugar-tugamas og‘il yonidan Ixtiyor ko‘rindi. Bola kela solib, ikki yelimxaltani onasi yoniga qo‘yarkan, nafasini rostlab dedi:
- Ena, ena, akam bilan ketganlarning bari Sariboyda ichib o‘tiribdi. Mast. Suvon podachining uli «Baxti hali kelmasa kerak» dedi.
- Nima? Nimaga unday deydi? – tok urgandek sapchib o‘rnidan turdi Gulshan opa. – Nega hali kelmas ekan? O‘zi salomatmikan?
- Yaxshi ekanu... - Ixtiyor podachining o‘g‘li mujmal gap qilganligi uchun onasiga hech narsa deyolmadi. – Ishqilib, qachon kelishini noma’lum ekan-da.
Gulshan opa yoqasini tutganicha o‘tirib qoldi. Boyagina chaqnab, kulib turgan ko‘zlariga beixtiyor milt-milt yosh keldi. Izillab yig‘lab yubordi. «Nega hamma keladi-yu, mening bolam kelmaydi? Birga ketganlar birga qaytishmaydimi-a?»
- Ena,  - dedi Ixtiyor onasining yig‘layotganini ko‘rib, - men sizga ularning aytgan gaplarini aytdim. Nima qilay?
- O‘zi boshidan qarshi edim, «Bormasin, shu yerda ham ish ko‘p», degandim. Dadang tiqilinch qildi. Bir og‘iz «Qo‘y, borma!» deganda ketmasdi, - Gulshan opa etagini qayirib, ko‘z yoshlarini artdi. – Endi bu nima ko‘rgilik? Bor, otangni chaqirib kel!
Maktabdan kelishi bilan belbog‘iga yarimta non va «Kola» idishida suv olib qo‘yga ketgan bola, qorni ochligini ham aytolmay, otasi mola bosayotgan Xayri fermerning yeriga ketdi. Hazratqul aka bir soatlar deganda keldi. Chorpoya ustida muk tushib o‘tirgan xotinini ko‘rgach, chang yopishgan qalpog‘ini yechib, kaftiga urib qoqdi-da, Gulshan opaning boshini ko‘tardi.
- Tinchlikmi, Ixtiyorni choptirib yuboribsan? 
- Tinchlik emas, - dedi Gulshan opa ko‘zlari jovdirab, - ishga ketganlarning hammasi kecha, bugun kelibdi, Baxtiyor kelmadi.
- I, buni kimdan eshitding? – taajjublanib so‘radi Hazratqul aka chorpoya chetiga oyoq osiltirib o‘tirgach.
- Boyna Salim keldi. U menga Baxti bugun keladi, degandi. Shunga, qarang, osh qilib qo‘ydim. Qizlarga uylarni tozalattim. Keyin Ixtini do‘konga yubordim. U Sariboyda hamma ishga borgan yigitlar ichib o‘tirganini ko‘ribdi. Suvon podachining uli «Akang hali kelmasa kerak», debdi.
- Voy, enag‘ar-e, shunaqa debdimi? – dedi Hazratqul aka qaytadan do‘ppisini kiyib.
- Ular Baxtining qachon kelishini bilmas ekan.
- Nega bilmaydi? Bitta joyda ishlayapmiz deyishgandi-ku?
- Bu yog‘idan xabarim yo‘q. Otasi, ichim kuyib ketayapti. Bir borib, bilib keling.
- To‘g‘ri aytasan lekin. Borish kerak, - Hazratqul aka chorpoyadan tushgach, avval «tap-tup»  qilib yer tepgancha etigi changini qoqdi, so‘ng yo‘lga tushdi. Og‘il yonidagi burilishga yetganda, yelka osha xotiniga qaradi. – Ay, ko‘pam ichingni yemay tur lekin. Hozir, bir pasda bilib kelaman.
«Bir pasda bilib kelaman» degan Hazratqul aka tungi soat bir-ikkilarda chayqalib, og‘il tomondan uyga chiqib keldi. Hamon chorpoyada muk tushib o‘tirgan xotinini ko‘rib, bir seskanib ketdi. «Kutib o‘tirgan ekan-da, ukkag‘ardi xotini! Lekin gap yo‘q!» dedi oxirgi gapini nega aytganligini o‘zi ham bilmasdan. So‘ng chorpoyaga o‘tirarkan, xotiniga qarab hazilnamo tirjaydi.
- Haliyam yotmadingmi, boyqush?
Gulshan opa miq etmadi. Eri ichib keldi, demak, nimadir bo‘lgan!
- Nima deyishdi? Baxtiyor nega kelmabdi?
Er xotini uni nega do‘konga yuborgani endi esiga tushgandek bir qalqidi, ichidan bo‘g‘ib kelgan achchiq kekirikni yutib, javob berdi:
- Ular Baxtining qachon kelishini aytolmadi-yu, lekin bir-ikki kunda aniq kelaykan. – Hazratqul aka shunday deya kamzulini yechib, chorpoya to‘riga otdi-da, xotini ro‘parasidan poygakka cho‘zildi. – Gulshan, suv olib kel, ichim yonib ketayapti.
Bunday hollarda darrov suv olib kelinardi, ammo bugun Gulshan opaning joyidan ham qimirlagisi kelmadi. Erining nimanidir yashirayotganini bildi. «Balki shuning uchun bo‘kib ichgandir. Gaplari ham alpoq-chalpoq» dedi. Hozir buni aniqlashning ayni mavridi ekanligini uchun yorildi.
- Sizga aroq bo‘lsa bo‘ldi! Mening o‘lganim bilan ishingiz yo‘q! Bitta gapni bilish uchun odam ikki soat ketadimi? Yo‘lga qarab, nima dardda o‘tirganimni siz qaerdan bilardingiz? Hammaning bolasi keldi, Baxtiyorjon qani? Ayting, nega gapirmaysiz? Yoriling, menam eshitay! Gulshan opa siljib, eri yoniga keldi. – Gapiring, nima bo‘ldi?
- Aytdim-ku, bir-ikki kunda kelaykan. Xotin, ko‘p savol berma, bilganim shu lekin.
- Mendan yashirayapsiz. Ayting!
- Yana nima dey?! – o‘shqirdi Hazratqul aka. Keyin chorpoyadan tushib, negadir qir tomonga ketdi. Allanimalar deb g‘o‘ldiradi. Ot kabi depsindi. Qirning tepasiga chiqayozganda «gup» etib yerga yiqildi va uvvos tortib yig‘lab yubordi. Bu holni ko‘rib turgan Gulshan opaning bo‘lari bo‘ldi. Oyog‘iga kovush ham ilmasdan yalangoyoq chopib ketdi. Halloslab borib, yuztuban yotgan erining boshini ko‘tardi va tizzasiga oldi.
- Sizga nima bo‘ldi?
- Men ahmoqman! – yig‘ladi Hazratqul aka. So‘ng xotinidan yuzini yashirib oldi.
- Nima bo‘ldi? Gapirsangiz-chi? – erini silkilab tashladi Gulshan opa.
- Baxtiyorlar katta ob’ektni bitirib, qaytishayotganda yo‘lto‘sarlarga tushib qolibdi. Uning hozir qaerdaligini yigitlar ham bilishmas ekan.
- Nima?! – chinqirib yubordi ona. - Voy, bola-amm!!!
Ona vujudini yemirib chiqqan faryod kuzgi oqshom shabadasida qirdan soyga endi va adirlar yonbag‘rini nolakor siypab, ko‘kka o‘rladi. Yantoq tagida yotgan bo‘zto‘rg‘aylar pitir-pitir qilib qoldi. Sokin tun bag‘rini o‘tkir qilich damiday tilib ketgan bu achchiq nidodan behuzurlanib, «g‘iyq-g‘iyq» qildi. Bir-birini yaqinroqqa chorladi. Onaizor bo‘lsa, «Bolam, seni ishga yubormay men o‘lay!» deganicha yer mushtladi. Boshidagi ro‘moli sirg‘alib, bo‘yniga tushdi, chuqur-chuqur ihrandi. Hazratqul aka esa majolsiz tanasini ko‘tarib, ayolining yelkasidan quchdi-da:
- Tinchlan, ulimiz albatta keladi. Yur, uyga kiraylik,- dedi.
Gulshan opa unamadi. Ular ancha vaqtgacha adir tepasida qolib ketdi. Bir-birining ko‘zlariga qaray olmay unsiz yig‘ladi. Yig‘idan ko‘zlari shishib ketgan onaizor qaqroq yerda yuztuban yotgan erining ahvoliga qarashga botinolmay ko‘kka boqdi. Ham nido qildi, ham duo qildi. «Xudojon, ulimni o‘z panohingda asra!» deya tangriga yolvordi. Beixtiyor ko‘zlari mag‘rib tomon og‘ayotgan oyga yo‘ldosh bo‘ldi. Oy bilan kezdi, oy bilan suzdi, oy bilan so‘zlashdi. «Bolamning yo‘llarini yorug‘ qil, oymomo».
Tongga yaqin ular azadan qaytayotgandek mung‘ayishib uyga endi. Hazratqul aka xotini izidan holsiz sudralib kelarkan, eshik oldida uning bilagidan tutdi.
- Gulshan, buni bolalar bilmasin.
U shu gapni aytdi-yu, o‘zini chorpoyaga otib, mayda gulli chit yostiqni yuziga bosdi.

* * *

Kecha kuta-kuta uxlab qolishgani uchun sahar turishib, akasining kelgan-kelmaganligini surishtirgan bolalariga Hazratqul aka ham, Gulshan opa ham bir xil javob berdi:
- Baxtining yana ozroq chala ishi bor ekan. Hafta-o‘n kun ichida kelarmish.
«Bugun kelarmish»dan boshlangan umidvorlik «hafta-o‘n kun ichida» ham qolib, «bir-ikki oy»ga ko‘chdi. Bu vaqt oralig‘ida ichidagi dardni qarindosh-urug‘larga ham, qo‘ni-qo‘shnilarga ham sezdirmaslikka harakat qilgan Gulshan opa qoqsuyak bo‘lib qoldi. Qora sochlariga g‘am-g‘ussalar ramzi bo‘lib, oq oraladi. Yoshiga mos istarali chehrasi bandi kesilgan gul kabi so‘ldi. Mehribon boquvchi ko‘zlar gavhariga g‘am saltanati makon qurgandek ma’yus tortdi. Umidvor ko‘ngli egalari ko‘chib ketgach, atrofini chang va o‘rgimchak uyasi ?oplagan, boyo‘g‘lilar in qurib, har kech, har tongda vahm va zulmat kuyi taralib turuvchi kimsasiz xarobaga aylandi-qoldi.
- Gulshan, o‘zingni qo‘lga ol. Hali hammasi iziga tushib ketadi, - derdi Hazratqul aka xotinining chiroq yoqsa yorishmaydigan ko‘ngliga taskin bermoqchi bo‘lib. – Bir kuni, albatta, Baxti quchoq ochib kirib keladi.
- Qachon? A, bugunmi, ertami yo indinmi?
- Siqilma, keladi lekin...- Hazratqul aka o‘pkasi to‘lib, bo‘g‘ziga tiqilgan hasratni ichga yutadi. – Ko‘z yoshlaringni yaxshi kunlarga asrab qo‘y, xotin. Ana u yer, mana bu yer bo‘lsa ekan, borib, topib kelsam. U hozir qaerda? Bu faqat Xudoyim taoloning o‘ziga ayon!
Gulshan opa eri yana bir og‘iz gapirsa, yig‘lab yuborishdan o‘zini tiyib, beixtiyor boshi sig‘mayotgan uyda siqilmaslik, ichikib, o‘zini yeb qo‘ymaslik uchun chorpoyaga ham chiqmay, eshik oldiga echki terisidan qilingan po‘stakni tashlab, ma’yus o‘tiradi. Bu ham bo‘lmagach, adir tomon oyoq iladi. To qir ustigacha barmoqlarini birin-ketin qisirlatib, ko‘zlarida bir pushmon chizig‘ini tortib boradi. «Nega yubordik o‘zi?» deya qir ustidan turib, olis osmonga, poyonsiz kengliklarga boqadi. Dunyoning naqadar keng va naqadar tor ekanligini his etadi. Turmush qurganlaridan keyingi, farzandlari tug‘ilgandagi quvonchli va umidli kechgan, ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketgan yigirma ikki yil, keyingi, go‘yoki to‘xtab qolgan ikki oy qarshisida hechdek bo‘lib tuyuladi. Vaqt – oqar daryo, vaqt – daraxtning eng baland shoxida kutilayotgan umid kabi omonat turgan kuzgi yaproq. Kutilganda tong-da otmaydi. Tunlar uzun. Gulshan opa qir ustida tizzasini quchganicha uzoq o‘yga cho‘madi. Jigarbandining sog‘inchli siymosini ko‘z oldiga keltiradi. Unga tavallolar aytadi.
«Baxtiyorjon, o‘tmagan kun bormi-a? Nega seni u joylarga yubordik? Otangning miyasi aynigan. «A, borsin, odamlarning bolasi pul topib kelayapti. Yaxshi ishlab kelsa, bu yil o‘qishga kiradi», dedi. Nafsi qursin, bolam. Uyi kuysin pulning! Qachon qarama, pul, pul, pul. Shu o‘lgurni deb sendan, sarkor bolamdan ayrilsam kimga ziyon? Menga! Ha, menga! Onani yaratmasin, bolam. Senga bir gap bo‘lsa, men o‘zimni kechirmayman».
Odatdagidek, hadeganda xotini uyga qaytavermagach, Hazratqul aka ham adir tepasiga chiqib keladi. O‘g‘lining ketishiga, bunday arosatda qoldirishiga o‘zini aybdor his etgan ota tilsiz bo‘lib ayoli yoniga cho‘kkalaydi. Qarshisida yastanib yotgan qishloqqa nazar tashlaydi, ayvon chiroqlari miltillab turgan uylarga razm soladi. Sokinlik. Butun qishloq uyquda, faqat ular ikkalasi bedor. o‘arib boshlari keng uylariga sig‘may, adir ustini – ona tabiat qo‘ynini ixtiyor etgan.
- Yur, uyga kiramiz, - deydi Hazratqul aka ancha vaqt mushtdekkina bo‘lib turgan xotini yonida o‘tirgach, uning yelkasidan sekingina turtib. – Vaqt allamahal bo‘ldi.
Go‘yoki hozir paxtazor tomondagi tosh ko‘chada bir mashina to‘xtaydi-yu, o‘g‘li tushib keladigandek Gulshan opa yana ancha vaqt umidvor termulib turadi, so‘ng chuqur xo‘rsinib joyidan qo‘zg‘aladi.

* * *

Kuz oxirlab, qish keldi. Dekabr oyi o‘rtalarida qalin qor yog‘ib, yer-suv muzladi. Kuzgi ishlar allaqachon tugab, uyda o‘tirib qolgan Hazratqul akani endi battar vahima bosdi. «Qish keldi, ulimning holi ne kechdiykin?» dedi uyga boshi sig‘may.
- Xotin, - dedi u bir kuni tong sahar turib, - bugun borib Salimning kekirdagidan olaman lekin. Shu olib ketmaganda, ulim uyda bo‘lardi. Sen bilan men ham ichimizni yeb, motam tutib o‘tirmasdik.
- Ulim keladi, - erini shashtidan qaytarmoqchi bo‘ldimi yoki odatdagidek o‘zini o‘zi avradimi, Gulshan opa qandaydir ishonchli gap boshladi. – Shu desangiz, bugun tush ko‘ribman. Tushimda Baxtiyorjon qir ustida oq ot minib yuribdi. Uning ko‘zlari o‘tkir, shijoati baland edi. Men uni chaqirdim, u esa adirlar osha ot choptirib ketdi. Juda yomon bo‘lib ketdim. Bir payt qarasam, oshxona eshigi oldida ustiga bir qop tegirmon uni ortilgan o‘zimizning qora hangi turibdi. Bilmadim, keyin uyg‘onib ketibman...
- Yaxshilikka bo‘lsin. Oq ot ham, ustiga un ortilgan ulov ham yaxshilik alomati lekin. Ammo shu paytgacha sezdirmay yurgandim, negadir endi o‘zimni bosolmayapman. Salimni bir nima qilmasam ko‘nglim tinchimaydi...
- To‘g‘ri aytasiz, aslida hammasiga o‘sha shumqadam sabab! - dedi Gulshan opa Salimni qarg‘ab.
- Bu bola juda o‘zidan ketdi lekin. Borib bir ta’zirini bermasam bo‘lmaydi. Unga ko‘rsatib qo‘yaman! – dedi Hazrat?ul aka va shart uydan chiqib ketdi. Salimni uyidan topolmagach, Sariboyga bordi. Do‘konchi bugun uni ko‘rmaganini aytgach, ta’bi yana-da tirriq bo‘ldi. Uyga qaytishga oyog‘i tortmadi. «U bilan bir hisob-kitob qilib olmasam bo‘lmaydi, lekin. «Hazratqul aka, xavotir olmang, o‘g‘lingizga o‘zim qarayman, tovoniga tikan kirmaydi», degandi. Tikan kirish qanday bo‘lishini bir ko‘rsatib qo‘yaman!»
U kun bo‘yi qishloqning o‘nqir-cho‘nqir ko‘chalarida yurdi. Salimnikiga bordi, topolmagach, Sariboyga kirdi, sovuqni va g‘azabini yengish uchun har yo‘li tushganda yuz grammdan ichdi. Kun botarda yana Salimnikiga yo‘l oldi. Xotini uning qaergadir chiqib ketganligini yana eslatgach, achchiq qilib, ta?in Sariboyga keldi. Bir aroqni ochib, do‘konchini sherik qildi-da, shishasini suvog‘i ko‘chib, guvala g‘ishti ko‘rinib qolgan devor orasiga tiqib, uyga jo‘nadi. Oshxonaga yetgandi, shundoqqina yonginasidan bir mashina kelib to‘xtadi va eshik ochilib Salim tushdi.
- Ha, Hazratqul aka, ayozda nima qilib yuribsiz?
- Enangdi mahrini so‘rab yuribman, - dedi-yu Hazratqul aka orqasiga burilish barobarida uning basharasiga musht tushirdi. Salim «ihq» dedi-da, qor ustiga yuztuban bo‘lib yiqildi.
- Bu ham senga kam! – tishlarini g‘ijirlatdi Hazratqul aka. - Kekirdagingni yulib olaman!
Shu payt mashinaning orqa eshigi ochilib, o‘g‘li Baxtiyorning yuzi ko‘rindi.
- Ota?
Hazratqul aka bir o‘g‘liga, bir yerda tumshug‘ini ushlab yotgan Salimga qaradi. So‘ng taslim bo‘lgan askardek ikki qo‘lini ko‘tardi.
- Salimjon, kechirasan lekin, - dedi u Salimni o‘rnidan turg‘azib. – Jahlim chiqib turgandi. Shunga....
Bu vaqt oralig‘ida Gulshan opa yugurib kelib, o‘g‘lini quchog‘iga oldi. Yuz-ko‘zlaridan o‘pdi, sochlarini siladi, aylanib-o‘rgildi, ko‘zlariga to‘tiyo qildi. Baxtiyor nega kech kelganini aytmoqqa og‘iz juftlagandi, onasi uning lablariga kaftini qo‘ydi.
- Mayli, aytma, bolam. Mana, kelding, shunisi kifoya.
Hazratqul aka ham o‘g‘lini bag‘riga bosib ko‘rishdi, uning uzatgan kichik sumkachasiga ham qaramay, qadoq qo‘llari bilan yelkalariga urib-urib qo‘ydi. So‘ng xotiniga va Salimga eshitilar-eshitilmas qilib, o‘g‘lini yandi: 
- He, jigit o‘lgur, odamni juda ovora qilding-da lekin...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.