OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xoliyor Safarov. Qo‘g‘irchoq (hikoya)

Ona chorpoyada ikki to‘shak o‘rtasidagi tol beshik gumbaziga bir qo‘lini qo‘yganicha maroq bilan tebratar, ikkinchi qo‘li bilan sekin baxmal pardani ko‘tarib, mayin va ichikkan tabassum bilan qarab-qarab qo‘yardi. Beshik yo‘rg‘asi bir maromda «g‘iych-g‘iych» etgan ovoz chiqarib, dastasiga osib qo‘yilgan shaldiroq o‘yinchoqlar go‘dak kulgisi kabi yoqimli shi?irlaydi. U beshik qubbalariga xiyol ko‘z tikkanicha sel bo‘lib alla aytardi.
Alla bolam, do‘ndiqqinam, alla-yo, al-la-a...
Kun yorishib, hovli sathiga quyoshning ona mehridek issiq va sadoqatli nurlari yog‘ila boshladi. Xo‘rozlar qichqirig‘i tinib, daraxtlar usti va tomlar boshida qushlar chug‘uri tutdi. Yorishgan hovlida hayotning bir bo‘lagi ko‘zga tashlandi. Darvozaxonaning qiya ochiq eshigidan kechasi bilan daydigan Olapar kirib keldi. So‘ng oshxona yoniga o‘tib, nimanidir tortqiladi, shekilli, «taqir-tuqur» bo‘lib ketdi. Ona yelka o‘girib qaradi.
- Hah, savil-e. Dadasi, qarang, Olapar nimanidir ag‘darib yubordi...
Ayolning ovozidan beshikning narigi tomonida har oqshom go‘yoki igna ustida yotgandek yuraksiz va ma’yus, qalbi to‘la titroq, butun borlig‘ini javobsiz tugunlar va sabr zanjiri o‘rab olgan ota ari uyasidek g‘uvlab ketgan g‘arib boshini ko‘tardi. Atrofga qaradi: xotini odatdagidek ko‘ksini beshikka bosib o‘tiribdi. U yuragi ombur bilan qisilgandek uh tortib, chuqur nafas oldi va xotiniga yana bir qur nazar soldi. Yana o‘sha ahvol... 
O‘girilib, beshik pardasini ko‘tardi va bo‘g‘ziga tiqilib kelgan giryamonand havoni bu gal ham ichiga yutdi. Keyin ayoliga qaradi. Xotini esa boshini xiyol egib, butun vujudi, o‘y-xayollari bilan beshikka termulganicha go‘yoki arshi a’loda Buqrot otini minib yurardi...
- Umid? – ota xotinining e’tiborini o‘ziga qaratdi (u xotinini shunday ataydi).- Tinchlikmi?
- Ha. Olapar oshxonaning yonida «tasir-tusur» qilayapti, alahsidim. Umidjon, shunga bir qarab keling (xotini ham erini shunday chaqiradi).
- Hozir... - ota chorpoyaning yoriq taxtalarini «g‘ichir-g‘ichir» qilganicha pastga tusharkan, o‘yladi: «Bugun kayfiyati yaxshi... Umidjon, deyishiga qaraganda ancha o‘zini tutib olibdi, lekin baribir...» Uning bundan ortiq o‘y surishga yuragi dov bermaydi. Oyog‘iga shippak ilib, oshxona tomon yurarkan hovlidan oshib, adashgan omadday narigi tomonni - og‘il va hojatxona devorlarini ko‘z-ko‘z etayotgan quyoshga qaradi. So‘ng lablarini ko‘ydirgudek bo‘lib chiqqan suxanini borliqqa sochdi:
- Nachora... Xudoyim, Umidning bor-yo‘g‘i - shu...

* * *

... Ularning oila qurganiga, yoz kelsa, roppa-rosa to‘qqiz yil to‘ladi. To‘qqiz yil... Aytishga oson: og‘izning bir chetidan chiqib ketadi, ammo buni yashab o‘tish... U yigirma to‘rt yoshida uylangandi. Xotini o‘shanda yigirma ikkiga kirgan dilbar qiz edi. Bitta qilib o‘riluvchi sochlari belida ilondek to‘lg‘onib, qishloqning ig‘vogar xotinlari tiliga so‘z, ko‘ngillariga tugilgan mavzu edi. Kelishgan qad-qomati, qayrilma qoshlari hilol misol jozibali bo‘lib, anor yuzi va chaqnab turgich ko‘zlari ohanrabo misoli o‘ziga maftun etardi. U xotinini o‘nlab emas, yuzlab qizlar orasidan tanlagan va minglar ichidan yetishgandi. Ularning hayoti shirin, orzulari ummon qadar cheksiz edi. Kelinchak yukli bo‘lgach esa ikkisining baxtiga sevinch qo‘shildi. Ikkisining peshanasida bir so‘nmas yulduz porlagandek bo‘ldi... Bo‘lajak ota diliga saodat, yuz-ko‘ziga tabassum olib kelgan, bo‘lg‘usi ona qalbiga erka va yoqimli hislar tug‘yonini solgan, vujudiga hayot shavqini baxsh etgan sevinchni kuta boshlashdi.
Kelinchak o‘g‘il ko‘rdi! O‘sha kuni ular qaytadan dunyoga kelgandek bo‘lishdi. Hamma xursand: tabriklar-u tilaklarning chek-chegarasi yo‘q edi. Niyatlar amalga oshgan bu kun katta bayram qilindi. «Chaqaloqning poyqadamiga» deya qo‘y so‘yildi. Uning oti «Haqberdi» bo‘ldi, «boy» bo‘ldi. O‘zi-da o‘zini boy va davlatmand his etdi. Yigirma besh yoshida bo‘yi ham bir qarich o‘sgandek bo‘ldi. 
Ota-onaning orzu-umidlari in’ikosi bo‘lgan go‘dakka Umidjon deb ism qo‘yishdi. Chaqaloq kundan-kunga ulg‘ayib, tuxumdekkina mushtlari kattardi, miltillab turuvchi ko‘zlariga g‘ayrat va hayot nashidasi indi. Vazni ham asta-sekin og‘irlasha bordi. Umidjon bir yoshga to‘lganida bobosi nevara to‘y qilib berdi. Ota o‘g‘liga bilibmi-bilmaymi, soddalik bilan shu kuni onasi ikkisiga ermak, ovunchoq bo‘lsin, deb bo‘yi salkam Umidjondek keladigan qo‘g‘irchoq sovg‘a qildi. Qo‘g‘irchoq bola... 
Nevara to‘y kuni kelinning otasi kuyoviga «Yakshanba kuni nevaramni olib bizlarnikiga boringlar, quda buvani ham aytdim. Bitta kurka boqayapman, oshning tagiga bosib qo‘yaman», degandi. Quda buvaning so‘zi o‘lmasin, deb havoning avzoyi buzuqligiga, qor yog‘ib turgan bo‘lishiga qaramay, ota mototsiklini qizdirdi. Qaynotaning uyi bir qishloq nari. «Mototsikl bilan g‘irra borib kelamiz», deb Umidjonga qalin-qalin kiyimlar kiygizib, yo‘lga tushishdi. Qishloq oralab ketgan yo‘l bilan yurib, anhor yoqasidagi loyko‘chaga chiqib olishdi. Qishloqning bitta-yu bitta yo‘li-shu. Gupillab yog‘ayotgan qor loyko‘chani qoplab, ulardan oldin yurgan ulovlarning izini ko‘mib ketganiga qaramay, telpagini qoshigacha bostirib, choponi ustidan belbog‘ bog‘lab olgan ota ulovini ehtiyotkorlik bilan boshqarar, orqaga mingashgan ona esa o‘g‘lini chap qo‘liga olganicha o‘ng qo‘li bilan erining belbog‘idan mahkam ushlagan, o‘zining yuz-ko‘zini ro‘mol bilan tang‘ib olgandi. 
- Qara, qishlog‘imizga tulki kelibdi, - dedi u mototsikl ovozidan cho‘chib, anhor yoqalab qochayotgan tulkiga boshi bilan ishora qilib.
- Qani?
- Oldinda. Sen ko‘p bo‘yningni cho‘zmay, Umidga ehtiyot bo‘l. Mototsiklning balloni ham ado bo‘pti-da, toyib ketayapti.
Shu payt xuddi ularni kutib turgandek yo‘l yoqasidagi uydan bir it chopib chiqdi. Ota itlarning tulki isini olib yoki ularning izidan quvlash uchun chiqqanligini ham bilmay qoldi. Yo‘l ustida yashovchi oilalar itlarida bor odat: yo‘ldan nima o‘tishidan qat’iy nazar, xuddi shu yo‘l sohibining mahridek izidan quvlaydi, yetolsa, tortqilaydi. Ba’zan kaltak yeb, «vang-vang» qilganicha dumini qisib, uyiga qaytadi. Bugun ham tulki qolib, mototsiklga qarab chopishdi.
- Voy! - qichqirib yubordi ona.
- Baqirma, - dedi ota. Ammo shu payt yugurib kelgan itlarning biri mototsiklning oldiga chiqib ketdi. Ota tormozni bosdi: ursa mototsikl yiqiladi, orqada bola bor.
Baribir mototsikl haybatli itni urib yubordi. Shunda ota qo‘rquvdanmi, xavotirdanmi, o‘zini yo‘qotdi. Qo‘llari qaltirab, oyog‘i hamon tormozda ekanligini unutdi. Orqa g‘ildiragi toyib ketgan mototsikl yo‘lning anhor labi tomoniga siltanib ketdi, so‘ng yiqildi.
- Ay-y! - ona qo‘rqqanidan baqirib yubordi va qo‘lidagi jigarbandini qanday qo‘yib yubordi, o‘zi-da sezmadi. Bolakay esa chinqirganicha anhor yoqasiga otildi va qor-loy aralash sohildan sirg‘alib, suvga tushib ketdi. 
Hammasi ko‘z ochib yumguncha ro‘y berdi. It «ang-ang» qilganicha maymoqlanib uyiga qochdi.
- Voy sho‘ri-imm! - o‘zining yiqilgani ko‘ziga ko‘rinmagan ona boshini k?tarib, o‘g‘lining suvga tushib ketganini ko‘rdi-yu, chinqirib yubordi. – Umidjo-on! Bola-amm!
Anhor suvi sokin oqar, chuqurligi chamasi bir-bir yarim metr kelardi. Bola o‘z vazni hisobiga bir pastga sho‘ng‘idi-yu, zum o‘tmay qaytib, yuzaga chiqdi. Ammo ovoz chiqarmadi.
- Umidjo-on?! Umi-id!.. - ona anhor yoqalab to‘rt-besh qadam bosdi. Jigarbandi suvda oqayapti! Boshqa chora yo‘qligidan o‘zini suvga urdi. Suv muzdek edi, jon-jahoni yaxlab ketdi. Ayol suv kechib bordi-da, chayqalib ketayotgan bolasini ko‘tarib oldi-yu, birdan sovuqdan va qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrayotgan bag‘riga bosdi. Vujudi muzlab ketdi. Bola atigi bir marta eshitilar-eshitilmas ingrandi. G?dakning shalabbo bo‘lib ketgan kiyimlaridan sharillab suv oqdi, ona esa tanasining ho‘l bo‘lib borayotganiga ham qaramay bolasini bag‘riga bosganicha suv kechardi. U hozir suvning minus falon daraja sovuqligini emas, jigarbandining omon qolishini o‘ylar, sohilga talpinar, ammo oyoqlari majolsiz edi. U borlig‘ini sovuq qamrab olganini, tomirlari tortishib qolganini his etmasdi. Bolasini ko‘ksiga bosganicha «dag‘-dag‘» titrar, izillab yig‘lardi.
- Dadasi? Dadasi?!!
Bu vaqtda ota mototsikl tagida qolib ketgan oyog‘ini chiqarib ololmay halak edi. U xotinining zorli, butun qishloqni titratgudek ovozini eshitgach, yotgan joyida bor kuchi bilan tarillay-tarillay o‘chib qolgan mototsiklni xiyol ko‘tarib, oyog‘ini tortib oldi. Turmoqchi bo‘ldi, ammo oyog‘ini bosolmadi. Oyoq tizzadan chiqqandi. U yig‘lab yubordi, og‘ziga kirib ketgan qorlarni alam bilan tupurib tashladi. Yana turmoqchi bo‘ldi, ammo oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmadi...
- Ih-hh! Ii-i! - ingradi u.
Ona bor kuchi bilan suvdan chiqishga urinar, biroq goh beliga, goh ko‘kragiga urilib oqayotgan suvdan yuzaga, yo‘l ustiga chiqib ketolmasdi. Bir qo‘lda bolasi, ikkinchi qo‘li bilan nimadan ushlashini ham bilmasdi. Anhor cheti loy. U sayozroq joy izladi. Bunday vaqtda uzalib bolani yerga qo‘yish, so‘ng suvdan chiqish xayolga kelarmidi? Baxtiga shu vaqt bozordan qaytayotgan qo‘shni - Mardi qassob kelib qoldi. U traktor kabinasidan sakrab tushdi-da, qo‘shnisiga, keyin suv ichida chirqirayotgan kelinga qaradi. Yugurib borib, ayolning qo‘lidan bolani oldi. So‘ng o‘zini tortdi. Ona dir-dir qaltiraganicha, bir Mardi qassobga, bir mototsikl yonida «voy-voy»lab yotgan eriga, bir qo‘lidagi beun, nafas olgan-olmayotgani ham bilinmayotgan dilbandiga qaradi. Iz-iz yig‘ladi.
- Nima bo‘ldi? - dedi Mardi qassob. Keyin birdan hushini yig‘ib, yana ayolning qo‘lidan bolasini olmoqchi bo‘ldi, biroq ona bolasini berishni istamadi. Shunda Mardi qassob bolani ayolning qo‘lidan siltab oldi-da, shu ko‘targan kuyi uning boshini yerga qaratdi.
- Nima qilayapsiz? - baqirib yubordi ona.
Bola bir o‘qchidi-da, bir talay suv qayt qildi. Suv qorni eritib, yerga yoyilib ketdi. Mardi qassob bolani yana silkidi, ammo bola bu safar o‘qchimadi, behol ingradi.
- Kelin? - dedi qassob traktor yog‘i tegaverib, dag‘al bo‘lib ketgan choponini yechib. - Ma, bolani o‘ra!
Ona o‘g‘lini choponga o‘radi.
- Aylanay sendan... Umidjon...
Onaning etaklaridan nov suvidek sharillab suv oqardi.
- Kelin, sen telejkaga chiq! Men hozir... - Mardi qassob go‘yoki bu ishlarni o‘zi qilib qo‘ygandek boshini sarak-sarak qilar, tinmay hansirab, atrofga najotkorona alanglardi. - Hey, yordam beringlar! Yordam... - deb baqirdi u. Atrofda hech kim yo‘q. Umidbaxsh sado bo‘lmagach, qo‘shnisining tepasiga keldi. 
- Mardi aka, keliningizni olib keting. Oyog‘im... Aka... - og‘riqdan tishini-tishiga bosib, ingrab yotgan erkakning boshqa gapirishga madori yo‘q edi. 
- E, oyoqni sob qipsan-ku! - qassob uning oyog‘iga qaradi. Darrov bilganicha, uning dod-voyiga qaramasdan qizig‘ida oyog‘ini to‘g‘riladi va o‘ziga tortdi. Tizzadan «qirs» etgan ovoz chiqdi. - Xayriyat, bir oz joyiga tushgandek bo‘ldi, - dedi u belidan belbog‘ini yechib, qo‘shnisining oyog‘iga bog‘larkan. Keyin atrofga alangladi-da, traktorga qarab chopdi va kabinadan ikkita kalit hamda moyga botgan eski pijamasini olib keldi. Oyog‘ining ikki tomondan kalitni qo‘yib, ustidan pijama bilan o‘radi. Qo‘shnining ham belbog‘ini yechib oldi-da, ustidan bog‘lab tashladi. So‘ng uni dast ko‘tarib, telejkaga olib kelib yotqizdi. Shunda otaning vujudi qizidi, lekin dam o‘tmay birdan muzlab ketdi. Og‘riqni ham unutib, xotini bilan bolasining ahvolidan xo‘rligi keldi, ammo ilojsizligidan labini tishladi.
Mardi qassob telejkada diydirab turgan kelinga bir qarab oldi-da, erining belbog‘siz shalvirab turgan choponini yechib, uning yelkasiga yopdi. Ayol hamon dag‘-dag‘ titrar, qo‘lidagi majolsiz yotgan go‘dagiga qarab «Bolam, bolajonim...» deganicha yum-yum yig‘lar, bolaning muzlab qolgan qo‘llarini kaftiga olib, «kuh-kuh»lab isitishga urinardi. Qassob bolani yana kelinning qo‘lidan oldi va onasining «hay-hay»lashiga ham qaramasdan kabinaga chiqdi. Go‘dakni bir oz bo‘lsa-da, taftli bo‘lgan o‘z bag‘riga oldi. 
Traktorning tarilloq ovozi butun qishloqni tutib ketdi. Qassob uyga necha daqiqada kelganini bilmaydi. Umri bino bo‘lib, bugun traktorni shunday tez haydadiki, orqada besh-o‘nta qo‘y, eng muhimi, bir omadsiz er-xotin borligini ham unutdi. Fikri quchog‘idagi hissiz bolakayda edi. Mardi qassob traktorni eshik oldida to‘xtatishi bilan ayol telejkadan yerga sakradi. Qassobning qo‘lidan bolasini olib uyiga kirdi. Kirdi-yu, ikki qadam tashlar-tashlamas iziga qaytdi. Ta’bir joiz bo‘lsa, oyog‘ini qo‘liga olib, qassobning uyiga qarab chopdi. 
Mardi akaning keksa onasi bor edi. Momo hansirab turgan ayolning qo‘lidan behush bolani olarkan, yig‘lamsiradi.
- Hah, uying kuygurlar-a! Uying kuygurlar-a! Nima bo‘ldi, sovuqdan qotib qopti-ku, bu?
Momo bolaning kiyimlarini tortqilab-tortqilab yechib tashladi. So‘ng tagiga to‘shab o‘tirgan tuyajun kigiz ko‘rpachaga o‘radi va ko‘rpasini ko‘tarib issiq sandalga tiqdi. Issiqqina qadoq qo‘llarini bolaning yuziga, ko‘ksiga bosib ko‘rdi. Quloqlarini ushlab turdi... Sovuq! Bola nafas olmayapti. Og‘ziga issiq choy tomizdi. Bola tamshanmadi... 
- Hah, qirilib ketgurlar-a! - Momo ayolni qarg‘ay ketdi. - Uying kuysin sening.
- Momo? Momojon... - ayol momoning etagiga yopishib yig‘ladi. - Bir nima qiling, jon momo...  
Momo «bir nima» qilishning o‘rniga bir oz go‘dakka tikilib turdi. Allanimalarnidir pichirladi va bolaning iyagini tang‘idi...
Go‘dak boshida chirqirab turgan onaizor momoning bu harakatidan so‘ng barchasini tushundi... 
- Momo-o-oo!!!
- Kelin og‘ir bo‘l, endi...
- Umidjo-on-n! Bola-aa-amm! - ona sovuqdan qotay-qotay deb turgan tanasini jigarining yoniga tashladi. - U... B... Im-mm...
O‘sha kuni Umidjonni erta otlangan manziliga ikki quda bilan Mardi qassob qo‘yib keldi. 
Keyin otaning chiqqan oyog‘ini tabibga ko‘rsatdi, jonliq sadaqa berdi. Ota ko‘rmagandek bo‘lib ketdi, ammo onaizor taqdirga tan berolmay kuyib, adoyi tamom bo‘ldi. Bir oy viloyat shifoxonasida davolanib chiqdi. Jismi sog‘aydi, ammo ruhi yaradorligicha qoldi. U otasini hatto «Oshingiz boshingizdan qolsin!» deb qarg‘ashgacha bordi. «Siz chaqirmaganingizda uyginada o‘tirgan bo‘lardim. Bunday bo‘lmasdi...» dedi. Otasi esa «Men shunday bo‘lsin debmanmi, qizim!?» dedi va labini tishlab, ovoz chiqarmay unsiz-unsiz yig‘ladi. Onasi ham. Shunda... jigari kuygan ona erini erta so‘ngan yulduz - chehrasidagi tabassumni, qalbidagi hayot ishtiyoqini, ko‘zlaridagi umidni olib, borlig‘ini titratib, ichini bo‘m-bo‘sh qilib ketgan jigarbandining nomi bilan chaqirdi.
- Umidjon?..
Ota «Ha» deyishga tili bormay, uydan hovliga chiqib, yiroq osmonga va qattiq yerga qaradi, yig‘lamoqqa ko‘zlariga yosh kelmay, tishini tishiga bosdi. Ko‘zlarini chirt yumganicha bosh egib, gardanini ikki kafti orasiga tirab o‘tirdi. Uzoq o‘tirdi. Yarim kecha bo‘lganda oshxona devoriga suyab qo‘yilgan mototsiklni hovlidan chiqardi-da, anhor bo‘yigacha yetaklab bordi (mototsikl o‘sha kuni Mardi qassob anhordan minib kelib, oshxonaga suyagandan beri minilmagan edi). Loyko‘chaga chiqqanida mototsiklni yetaklab chopdi. 
- Palakat! - so‘kindi u. So‘ngra shu yetaklab chopishda uni loyko‘chadan anhorga itarib yubordi. Mototsikl ustida birov borday to‘g‘ri yurib, suvga kirib ketdi. Shunda mototsiklga qo‘shilib otaning armonlari, g‘am-anduhlari ham ko‘milgandek, shu anhorda oqib ketgandek bo‘ldi...
Ota biroz yengil tortib uyga qaytdi. Ichkari uyga kirdi-yu, tarashadek qotib qoldi: qarasa xotini Umidning beshigini tebratganicha sel bo‘lib alla aytayapti.
Alla bolam, do‘ndiqqinam, alla-yo, alla...
Ota berilib alla aytayotgan xotiniga lom-mim demasdan, dard-hasratini ichiga yutganicha beshik pardasini ko‘tardi. Ko‘tardi-yu, baqa bo‘lib qoldi.
- Umid?
Ona uning savolli nazariga javob bermadi, o‘zini beshikka tutdi. Beshik o‘yinchoqlarini shildiratdi: 
- Ma, ma... Ma-yo, ma-yo...
Boshiga gurzi bilan urilgandek miyasi g‘uvlab ketgan erkak beshikning narigi tomoniga solingan to‘shakka holsiz cho‘zildi. «Bunga nima bo‘ldi-ya? Yo, xudoyim...»
...Ayol shundan keyin farzand ko‘rmadi. Er uni taniqli shifokorlarga ko‘rsatdi, kuchli tabiblarga olib bordi, foydasi bo‘lmadi. Ular kelin o‘zini sovuqqa oldirib qo‘ygan, ham ruhan ezilgan, degan gapni aytishardi. Malakali mutaxassislar bunga qarshi amaldagi choralarni ko‘rishdi, ammo u erini marhum jigarbandining nomi bilan chaqirishni va tol beshikka bag‘rini berganicha alla aytishni qo‘ymadi... To‘qqiz yil shu tarzda anhor suvi misol oqib o‘tdi. Bu orada ular anhor yoqalab zinhor yurishmadi, ayolning ota-onasi uyiga ham borishga ko‘ngli bo‘lmadi. Otasinikiga, deb yo‘lga chiqsa, anhor suvidan norasida go‘dagining yuzi ko‘rinib turgandek, yana bir nima bo‘ladigandek tuyulaverardi. Ular sabrni oila ustuni deb yashayverishdi. Odamlar «Hali yoshsizlar, hammasi yaxshi bo‘lib ketadi. Etaklaring to‘la bola bo‘ladi...» deyishardi. Bunday paytlar er mavzuning ortiq cho‘zilishini istamay «Nasib bo‘lsa...» degandek bosh irg‘ab qo‘yar, xotini ham goh unga qo‘shilib, bosh chayqasa, ba’zida «Mening o‘g‘lim bor... U hozir beshikda... Uxlayapti...» derdi. Ota bunday paytlarida yana tishini tishiga bosar, «Tavba, xotinim aljirayaptimi?» der, ammo har tong va har kech xotini beshik boshida alla aytishiga qarshilik qilmasdi. Ochig‘i, bunga jur’ati ham yetmasdi. Ayol sel bo‘lib alla aytganda uning ham qalbi qandaydir taskin topgandek, vujudini, yuragining chok-choklarini illatdek ezib yuborgan dardni bir zum bo‘lsa-da, unutgandek bo‘lardi. Ayol esa bundan zavq olar, vujudini beshikka tutganida ko‘zlarini yumib, olis-olislarga uchib ketgandek, uzoq-uzoqlarda qo‘shiq kuylab, Umidjon bilan sayr qilib yurgandek bo‘lardi... Shuning uchun er bunday hollarda xotiniga xalal bermasdi. Mana, bugun ham indamay oshxona tomon yurdi. «E, uyi kuysin!» Kecha Mardi qassob uzatgan kalla-pochani xotini ichkari issiq deb, oshxona yonidagi daraxt shoxiga ilgan ekan. «Olapar shunga sakrab tasir-tusur qilgan ekan-da...»
- Bechora Mardi aka, - u negadir qassobni «bechora» dedi, - baraka topsin. Insofi bor odam. Ikkita-uchta qo‘y so‘ysa, albatta bitta kalla-pochani bizga ilinadi. Keyin Olaparning kalla-pochani ololmaganiga ishonch hosil qilgach, og‘il tomon yurdi. Og‘iz ochib esnadi.
- Umid! - xotinini chaqirdi u. - Kel, sigirni sog‘. Bir kosa issiqqina xom sut ichay, keyin to‘yga ketaman.
- Kimning to‘yiga? - ona beshikdan o‘girilib, eriga savol nazari bilan qaradi.
- Qulqishloqdagi Tursun nosfurush o‘g‘liga sunnat to‘y qilayotgan ekan.
- Ha... Borasizmi?
- Boramiz. U odam yorilmagan tarvuz. Zo‘r haq beradi.
- Shunaqa deng, - dedi ona. So‘ng o‘yladi: «Tursun akani onasi to‘rt bolasini yerga qo‘yib, keyin tuqqan, deyishadi. Yer to‘ymas ekan-da... Mana, shu odamlar ham bolasiga to‘y qilayapti...»
- Umidjon? – dedi xotini beshikdan boshini ko‘tarib.
- Nima deysan?
- Biz qachon to‘y qilamiz?
- Qilamiz hali... Nasib bo‘lsa, qilamiz...
- Ka-atta to‘y qilamiz-a?
- Nasib b?lsa... - ota xotinining gapidan so‘ng yig‘lab yuborishdan o‘zini tiyish uchun orqaga o‘girildi-da, sigirga yemish solish bahona o‘zini chalg‘itdi. «Ey, xudoyim, o‘zing yuzimni yorug‘ qil...»
... O‘sha kuni ota nosfurushning to‘yidan mast bo‘lib keldi. U odatda bunday ichmaydi: faqat to‘ylarda... Bugun ham shunday bo‘lgan: hamma to‘ybolani, to‘ybolaga qo‘shib o‘zining bolalarini maqtagan. Bu kishi bo‘lsa odatdagidek avvaliga og‘ziga talqon solib o‘tirgan. Keyin aroqqa zo‘r bergan. Bor gap ham, achchiq haqiqat ham-shu!
U to‘ydan kelsa, xotini har doimgidek beshikka bag‘rini berib o‘tiribdi. Ota vujudini qamrab kelgan ko‘rgulikdan kuyib ketgan emasmi, tutaqdi. Shartta bordi-da, beshik bog‘ichlarini yechib, xotinining qo‘liga zor qaqshab tarmashishiga ham qaramasdan «bola»ni beshikdan sug‘urib oldi va otib yubordi. Onaning bor-yo‘g‘i - Umidjonning tug‘ilgan kunida olib kelingan qo‘g‘irchoq hovli ichidagi kaftdek polizga kelib tushdi. Buni sezgan Olapar chopib keldi-da, uning belidan tishlab ko‘tardi. So‘ng u yoqdan bu yoqqa silkiladi. Oyoqlari orasiga oldi.
- Nega bunday qilasiz?! - yig‘lab yubordi ona. 
Ota lom-mim demasdan, lo‘qillab og‘riyotgan boshini belbog‘i bilan mahkam siqib bog‘ladi va chorpoyaga solingan to‘shakka yotib oldi. Ona chorpoyadan tushib, hovlidan tayoq izladi, topolmagach, oshxona eshigi oldidagi olma daraxtining shoxini sindirib oldi-da, qulochkashlab Olaparning belidan urdi. Olapar qo‘g‘irchoqni tashlab, «ang-ang» qilganicha og‘il tomonga, iniga qarab qochdi. Ona yerda ag‘darilib yotgan qo‘g‘irchoqni olib bag‘riga bosdi, erkaladi, ammo birdan shuncha yildan beri beshikka belab, alla aytib kelayotgan qo‘g‘irchoqqa nisbatan qalbida nafrat uyg‘onib, negadir zarda bilan polizga qaratib otdi. Keyin kelib joyiga yotdi-da, boshini ko‘rpaga o‘rab oldi. Allamahalgacha jim yotdi. Uning uxlayotgani ham, hatto nafas olishi ham sezilmasdi. Bir mahal u sapchib joyidan turdi-da, chorpoyadan tushib, oshxona tomonga qarab chopdi. Taqqa to‘xtadi, yerga egilib o‘qchidi...
- Yo, xudoyim-e! Yarim kecha-ya...
Tapir-tupurdan uyg‘onib ketgan ota sapchib o‘rnidan turib, oyog‘iga shippagini ildi-yu, borib darvozaxona chirog‘ini yoqdi. Atrofga qaradi. Oshxona oldida yerga cho‘kkalaganicha o‘qchiyotgan xotinini ko‘rib, holsizlanganicha devorga suyanib qoldi. Shu payt Olapar yugurib keldi-da, sohibasi otib yuborgan qo‘g‘irchoqni uning oyog‘i tagiga tashladi. Ota bir Olaparga, bir yerda yotgan qo‘g‘irchoqqa qaradi. Keyin borib xotinining boshini ko‘tardi.
- Umid?
Ayol eriga o‘girilib qaradi, nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, o‘pkasi to‘lib, yig‘lab yubordi. 
Ota hammasini tushundi va beixtiyor kafti bilan xotinining sevinch ko‘z yoshlarini artdi. «O‘zingga shukr!» So‘ng shart ortiga burildi, chorpoyaga chiqib, to‘zg‘ib yotgan bog‘ichlarni yig‘ishtirgan bo‘ldi.  Keyin beshikning ikki qubbasidan avaylagancha ko‘tardi-da, uyga kiritib qo‘ydi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.