OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xoliyor Safarov. Sir (hikoya)

Qish kunlarining birida sportchi talabalar mashg‘ulotlarini tugatib, zaldan chiqib ketishayotganida Abdujalil bosh kiyimini kiya turib, bexosdan yonidagi Sheroz ismli yigitni turtib yubordi. So‘ng darrov kechirim so‘radi.
— Ko‘zingga qarab yursang bo‘lmaydimi, qishloqi! — dedi Sheroz unga o‘qrayib.
— Nima? – Abdujalilning qoni gupirib ketdi. — Ey, kim bo‘lsang ham og‘zingga qarab gapir! Uzr so‘radim-ku, axir.
— Uzringga tupurdim!
Qoni qaynab turgan Abdujalil shart o‘girilib, Sherozning naq ikki ko‘kragi orasiga musht tushirgan edi, u ikki-uch qadam orqaga tisarilib ketdi. Shu vaqt Abdujalilni yonidagilar ushlab qolishdi. Boshi aylanib, bukchayib turib-turib, o‘zini o‘nglab olgan Sheroz unga tashlanmoqchi edi, kursdoshlari qo‘yishmadi.
— Kimga qo‘l ko‘targaningni bilasanmi? – ingrandi Sheroz. — Sen bilan hali boshqacha gaplashaman!
— Xohlagan vaqtingda gaplashaveraman! – dedi Abdujalil ham.
Sheroz erka o‘g‘il edi. U «O‘zim xon – ko‘lankam maydon!», deydiganlardan edi, biroq bugun «Lasetti»sini o‘zi haydab ketolmadi. Qolganlarning esa birdan Abdujalilga e’tibori o‘zgardi.
— G‘irt tentak ekansiz-ku, — dedi kursdoshlarining biri. – Uning otasi kimligini bilasizmi?
— Otasi bilan nima ishim bor? – dedi qoni qaynab turgan Abdujalil. – Sportchi otasiga emas, o‘ziga ishonmaydimi?!
— Lekin senga qoyil qoldik! – dedi yana boshqa kursdoshi.
Zaldan to talabalar turar joyiga yetguncha ular Sheroz haqida gaplashib kelishdi. Eshik oldida esa so‘rashdi:
— Ikki soatdan keyin o‘nta bolani ergashtirib, «Jalil tentak, bu yoqqa chiq!», deb kelsa, nima qilasiz?
— Bir o‘zim chiqaman! — dedi u. Keyin ularning «Jalil tentak» deganiga qishloqdagi laqabi esiga tushib kulib qo‘ydi. – Qo‘rqadigan joyim yo‘q!
Talabalar unga qarab-qarab, o‘z xonalariga burilib ketishdi. O‘sha kuni Abdujalil keyingi «jang»ga, qolganlar «tekin tomosha»ga tayyor edilar, biroq alamzada Sherozdan darak bo‘lmadi.
«Ota... — dedi o‘sha kuni yarim kechagacha uyqusi kelmay shiftga tikilib, xayol surib yotgan Abdujalil o‘ziga-o‘zi, – o‘g‘lim, erkak kishi uchun hayotda eng qiyini oriyat, degandingiz. Rost ekan. Bugun men oriyat talashib, bir ish qildim, ammo afsusda emasman! O‘zingiz aytgandek, lafzim halol, so‘zim to‘g‘ri, g‘ururim baland! O‘zimni birovga xo‘rlatib qo‘ymayman!»
Abdujalil Panji cho‘ponning to‘ng‘ich o‘g‘li. Baland bo‘yli, qorachadan kelgan, yelkalari keng, ikki qoshi orasida no‘xatdek tugunchasi bor. Sinfdoshlari «Ayiq», deb laqab qo‘yishgan. Shunchalar gavdaliki, yonbosh bo‘lib uxlaganda go‘yo uy o‘rtasiga katta bir kunda yotqizib qo‘yilgandek tuyuladi. Har tong tog‘ tomonga qarab yugurar, shu yugurganicha etakdagi cho‘qqiga chiqib mashq qila-qila qishloqqa nazar solardi. Ilon izi asfalt yo‘l, bo‘ychan chinorlar, buloqlardan hosil bo‘luvchi daryo va uyg‘onayotgan farahbaxsh kunni boshlayotgan odamlar...
U vaqti kelib, shu tog‘lar orasidagi qishloqning faxriga aylanishni istar, buning uchun mashq qilishdan, har tong yugurib, o‘sha cho‘qqiga chiqishdan charchamaydi. Ayrim «tili suyaksiz» qishloqdoshlari «Cho‘ponning bolasi cho‘qqiga yugurib chiqqani bilan burgut bo‘larmidi?», deyishar, Abdujalil esa unga past nazar bilan qaraganlarga «Hali ko‘prik ustida gaplashamiz!» deb qo‘yar, ammo nega bunday deyayotganini birov tushunsa, birov tushunmay, «Issiqda otasi bilan qo‘yning izidan yuraverib, miyasi aynibdi, shekilli», deyishardi.
Abdujalil bilimli edi, ammo kimdir o‘zini baland tutsa, boshqalarga bepisandlik qilsa, jim qarab turmasdi.
— Bo‘ldi qil! – derdi avvaliga. Bu gap kor qilmasa, keyin mushtga o‘tardi... Shu sabab bolalar unga laqab qo‘yib olishgan. Abdujalil to‘ylarda kurash ham tushar, tengqurlarini qoq yerning ko‘ziga ko‘tarib urardi. Shuning uchunmi, qishloq odamlari to‘ylarga chetdan polvonlar kelishsa, davraga eng birinchi Abdujalilni chiqarishar, u jon-jahdi bilan kurashib, qishloqning oriyatini saqlab qolar, o‘zga polvonlardan yiqilishni o‘lim bilan teng bilardi... Uning bunday jasoratidan quvonganlar vaqti kelib, undan katta polvon chiqishiga umid bog‘lar, ayrimlar esa o‘sha yerda ham «Cho‘ponning bolasi polvon bo‘lganda ham qaergacha borardi», deyishardi. Panji cho‘pon hech kimga hech narsa demasdan tayog‘ini sudragancha qo‘y izidan toqqa qarab ketar, xarsang tosh ustida o‘tirib, ko‘kka boqqancha Yaratganga iltijo qilardi:
— Men-ku hammasiga chidayman, bunga o‘rganib ham qoldim, ammo bolalarimning yuzini yerga qaratmagin, ey Yaratgan egam!..
Abdujalil maktabni bitirgach, Jismoniy tarbiya institutida o‘qish uchun otasidan oq fotiha oldi. Musofirning yo‘lini Xudo o‘nglaydi. U talabalik baxtiga muyassar bo‘ldi. So‘ng hayotning qator sinovlariga duch keldi. Savlatingga yarasha davlating bo‘lmasa ham qiyin ekan. Talabalar turar joyida yashaydigan polvon yigitning endi ko‘p narsalarga qo‘li kaltalik qila boshladi. Har narsadan o‘zini tortib, qisinib yurardi. Ammo mashg‘ulot uchun ketadigan xarajatlarga saxiy edi. Ertalab institut stadionida, kechqurun esa zaldagi mashg‘ulotlarda qatnashar, yakshanba kunlari «Qarindoshlarimnikiga borib kelay», deb ish axtarardi.
— Jalil, nega bolalarga ko‘p qo‘shilmaysiz? Nima, biror muammongiz bormi?
— Hech qanday muammo yo‘q. Hammasi joyida.
— Ota-onangiz bormi?
— Xudoga shukr!
— Bolalarga qo‘shilib, bayramlarga, ziyofatlarga bormaysiz. Qizlar bilan ham gaplashmaysiz.
— Bu yog‘i endi mening ishim-da, o‘rtoq. Juda bilgingiz kelsa, hali ko‘prik ustida gaplashamiz...
— Tentakmisiz? Bu nima deganingiz?
— Hammasini vaqti kelganda bilib olasizlar...
Uning bu gaplaridan kursdoshlari hayron bo‘lishar, «tog‘lik bolaning sal tomi ketganga o‘xshaydi», degandek bir-biriga ajabsinib qarab qo‘yishardi. Mashg‘ulot paytlari ham u birovga burnidan baland gapirmasdi. Ammo bugungi voqea barchani hayron qoldirdi. Kursdoshlar nazarida tuproqdan olov chiqdi.
Ertasi kuni o‘qishga borsa, Sheroz eshik yonida turibdi. Indamay o‘tib ketayotgan edi, chaqirdi.
— Jalil!
Abdujalil yalt etib qaradi. Uning ko‘zlarida «Nima deysan?» degan savol zohir edi.
— Jalil, — dedi Sheroz uning yoniga kelib.– Bir daqiqaga bu yoqqa yuring-da?
Yo‘lak chetiga o‘tishdi.
— Nima deysan?
— Jalil, — dedi Sheroz. Ammo negadir ko‘zlarini olib qochdi. – Jalil, kecha men no-to‘g‘ri gapirib yuboribman. Buning uchun uzr so‘rayman.
Abdujalilning bo‘yin tomirlari shishib, burun kataklari kengayib ketdi.
— Keling, qadrdon do‘st bo‘lamiz! – dedi Sheroz qo‘l uzatib. – Urishib do‘stlashganlar juda qalin bo‘lishadi.
Egilgan boshni qilich kesmas. Abdujalil ham qo‘l uzatdi. Ikkalasi o‘sha yerda quchoqlashib, do‘st tutindi.
— Rahmat, — dedi Abdujalil. – Unday bo‘lsa, o‘tgan ishlarni unuting.
— Siz ham.
Ular yonma-yon auditoriyaga kirib borishganida kursdoshlar tushunolmay qolishdi.
— Biz endi do‘stmiz! – dedi kursdoshlar nigohidagi savolni anglagan Sheroz.
— Ha, biz do‘stmiz! – Abdujalil Sherozni bo‘sh turgan partaga chorladi. – Keling, shu yerda o‘tiramiz.
Hamma hayron edi.
— Jalil tentak, — dedi haddi baland kursdoshlarning biri. —Sen hammaga «hali ko‘prikning ustida gaplashamiz», derding-ku?
— Vaqti keladi, hamma ko‘prikning ustida gaplashadi.
— Jalilning shu gapiga hech tushunolmadim-da, — dedi yana bir kursdoshi. –Balki endi tushuntirarsan, polvon?
— Ko‘prikning ustiga borganingda o‘zing tushunib olasan!
Bu gapga tushunmagan Sheroz unga ma’noli qarab qo‘ydi...

* * *
Oradan to‘rt yil to‘rt kundek o‘tib ketdi. Bu vaqt orasida kimdir nimadir qilishga ulgurdi, kimdir esa yo‘q. Sportda ham, hayotda ham oriyat talashgan Abdujalil milliy kurash bo‘yicha chempion bo‘ldi, xorijdan ikki marta oltin medal bilan qaytdi, olimpiadalarda mamlakat bayrog‘ini baland ko‘tardi...
Institutni bitirgan sportchilarga tantanali diplom topshirish marosimida Abdujalilga so‘z berildi.
— Azizlar, — dedi u mikrofonni qo‘liga olib, — men chiroyli gapirolmayman, ammo bir narsaga qat’iy ishonaman. Biz hayotimiz davomida ko‘p dovonlardan, ko‘priklardan o‘tamiz. Har bir sinov, har bir jarayonni men ko‘prikka o‘xshataman. Hatto umrimizni ham! Mana shu to‘rt yillik ta’lim ham biz uchun bir ko‘prikdan o‘tishday gap edi. Ammo ko‘prikdan hamma har xil o‘tadi... Men barchaga hayot yo‘llarida uchragan ko‘priklardan, dovonlardan mag‘rur va yorug‘ yuz bilan o‘tish baxtini tilayman!
U so‘zini tugatishi bilan kursdoshlar bir-biriga qarab qolishdi. Ular uchun endi sir ochilgandek edi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 51-son

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.