OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xoliyor Safarov. Uyga qaytish (hikoya)

1

Hayot qiziq. Har savolning javobi, olmoqning bermog‘i, sevmoqning sevilmog‘i, bormoqning kelmog‘i bor. Hammasidan yaxshisi, uyga qaytish…

2

Avji bahor, aprelning so‘nggi kunlari. Erta tong. Qir-adirlar, butun borliq yam-yashil. Loysuvoq tomlar ustida lolaqizg‘aldoqlar gulxani yonadi. Atrofga tunda yoqqan yomg‘irning tuproq hidiga qorishiq yoqimli bo‘yi taraladi. Kelinlar uylari derazasini ochib qo‘yibdi, ularda onalar qalbidek oppoq pardalar hilpiraydi…
Bolalar maktabga yo‘l olishgan. Ko‘chalarni to‘ldirib qizlar emas, mayda o‘rilgan sochlar, o‘sma qo‘yilgan qoshlar, lo‘ppi yuzlar, ohu ko‘zlar, qiyqiriq va shodon kulgular ketayapti. Yigitchalarning kayfiyati chog‘. Oyoqlari maktab yo‘lida-yu, o‘y-xayollari osmonda…
Ularning qarshisidan mashina kela boshladi: “Villis”. Bolalar chekkalanib yo‘l berishdi va qiziqsinib unga tikilishdi.
– Soldat kelyapti! – deb yubordi bolalardan bittasi hayajon ichida.
– Kim? Kim ekan? – chuvillashdi boshqalari.
– Tanimay qoldik, moshin tez o‘tib ketdi-da… – dedi yana biri, – bo‘lmasa suyunchi olardik.
“Villis” shitob bilan chapga – qishloq ko‘chasiga qayrildi. Uning ortidan kuzatib qolgan bolalardan biri negadir “E!” deb yubordi-da, qishloq tomonga chopib ketdi.
– Ha, ha qayoqqa?
– Akam... Umid akam keldi, – dedi bolakay hovliqqancha ortiga ham qaramay...     “Villis” qishloq oralab borarkan, ko‘cha ortida to‘xtadi. Mashinadan avval baland bo‘yli, yelkasiga ryukzak osgan harbiy yigit, so‘ng aylana shapkali ikkita ofitser tushdi.
“Melisami?” – chopib kelayotgan bola ajablanib to‘xtadi-da, ammo ryukzak ko‘targanni baribir akasi ekanligiga ishonib yo‘lida davom etdi.
“Melisa”lar askar yigitning ishorasi bilan tepalikka qarab yura boshlashdi. Qir etagida pastqamgina uy ko‘zga tashlandi. Og‘il tomondan ot yetaklab kelayotgan qariya ularni ko‘rdi-yu, taqqa to‘xtadi.
– Ie! – qariya qo‘lidagi otqoziqni bir zarb bilan yerga suqdi va ustidan bir tepdi. Qoziq bor bo‘yiga yerga kirib ketdi. So‘ng qariya yigitlarga qarab yura boshladi, ammo kutilmaganda joyida to‘xtab qoldi. Uy tomonga yuzini burdi: – Kampi-ir! Ho, kampir! Chiq, o‘g‘ling kelayapti!
– Ota! – dedi askar yigit ryukzagini yerga tashlab. – Assalomu alaykum!
– O‘g‘lim! – qariyaning ajinli chehrasi yorishib ketdi.
– Ota!
Ota-bola quchoqlashib ko‘rishishdi. Askar otasini qucharkan, uning ozg‘in yelkalari titrayotganini tuydi. Ota esa tinmay “O‘g‘lim!.. O‘g‘lim…” der, boshqa so‘z aytolmas, o‘g‘lini qo‘yib yuborgisi kelmasdi.
– Ie-ie, bolajonim kepti-ku! Mening Umidjonim kepti-ku?! – uy tomondan boshiga oq ro‘mol o‘ragan ona yugurgilab kela boshladi.
– Ona! – ota quchog‘idan chiqqan askar bola onasining peshvoziga shoshildi. – Onajon!
– Bolam! – chopqillab kelgan ona o‘g‘lini bag‘riga bosib, yuz-ko‘zlaridan o‘pa ketdi. Yig‘lab ham yubordi.
– Ona, nega yig‘laysiz, mana keldim!
– Bo‘ylaringdan aylanay, bolam. “Keldim” degan tillaringdan aylana-ay… – ona bolasini qo‘yib yuborishni istamas, Umid ham onasining quchog‘idan chiqishni xohlamasdi. Uch yillik harbiy xizmat, chekkan mashaqqatlari, sog‘inchu azoblari bir lahzada onasining quchog‘ida erib ketganday edi. Negadir uning ham yuragi to‘lib, yig‘lagisi kelar, ammo hozir unga onasining quvonch yoshlarini artishdan ortiqroq saodat yo‘q edi…
– Uyga yuringlar! – dedi shoshib qolgan ota o‘g‘lini olib kelgan harbiylarga. – Sizlar ham Umidjon bilan birga xizmatdan qaytdinglarmi?
– Yo‘q, – kuldi yoshi kattaroq, bir yulduzli pagon taqqan harbiy. – Biz tuman harbiy komissariatidanmiz. O‘g‘lingiz xizmatdan kichik leytenant unvoni bilan qaytdi. Bizga Umidni uygacha kuzatib kelish va sizlarni tabriklash buyurilgan!
– Ie, – qariya battar shoshib qoldi. – Yo‘g‘-e! Obbo, Umidjon-e. Leytenant bo‘ptimi-e? Obbo, azamat-e…
Qariya o‘g‘liga qarasa u hamon onasining bag‘rida, orqada esa katta o‘g‘illari, nevaralari ko‘rishgani qatorlashib turishardi.
– Ey, – dedi ota o‘g‘illariga qarab. – Bularga indamanglar, bir mehrlari qonsin. Sizlar keyin ham salomlashaverasizlar, Umidjon endi shu yerda. Boringlar, og‘ildagi qo‘chqorni olib kelinglar. Umidjonning oyog‘i tagiga so‘yamiz!
O‘g‘illar bilan kelinlar, qizlar bir otaga, bir onasining quchog‘ida turgan Umidjonga qarar, iziga qaytishlarini ham, qolishlarini ham bilmasdi…
Dunyoda quyosh taftidan-da issiq, quyosh taftidan-da qudratli kuch bor. Bu – Ona mehri.

3

Yoz. Ayni saraton chillasi. Asfalt yo‘llardan tandirdan chiqqanday hovur ko‘tariladi.
U bugun ham ertalabdan kelib, universitet binosi oldida professorni kutdi. Professor bugun ham kelmadi. Professor iyul boshidan ta’tilga chiqib ketgan, ammo uch nafar talaba uning fani imtihonidan yiqilgan. Mana, yigirma kundirki, fakultet dekani har kuni domlaga qo‘ng‘iroq qilib, bir kelib ketishini, “yiqilgan” bolalar qayta imtihon topshirishini iltimos qiladi, ammo professor unamaydi. “Vaqtida o‘qishi kerak edi. Menga ularning qarg‘ishi kerak emas, ammo bir ko‘zlari ochilsin. Endi sentyabrda topshirishadi. O‘shandayam topshirolmasa, hammasiga akademik ta’til berib yuboring! Bir yil peshanasini toshga ursa, keyin ta’limni o‘yin qilmaydigan bo‘lishadi” degan.
Professor haq. Fakultet dekani nima qilishini bilmaydi. Unga esa hisobot kerak. Talabalar har kuni eshik oldida.
– Domla bugun kelarkanmi?
– O‘zingiz yordam bering, domla. Axir…
Dekan ba’zan ularni haydab soladi:
– Bor, yo‘qol hammang! Ko‘zimga ko‘rinma! Vaqtida o‘qish kerak edi! Aytdim-ku, endi sentyabrda topshirasanlar!
Talabalar xo‘rlanib, otasi so‘kib uydan haydab chiqargan bolalardek zinadan bir-bir qadam tashlab pastga, bino oldiga tushishadi. Ketishni ham, qolishni ham bilishmaydi.
– Nima qilamiz? – deyishadi bir-biriga termilishib.
– Sentyabrdayam ololmasak, bu oqsoch professor baribir kursdan qoldirib yuboradi, – deydi bittasi.
– Universitet otasidan qolganmi-a, buncha qiynaydi odamni… – to‘ng‘illaydi boshqasi.
Ular bino oldida o‘tirib-o‘tirib, toqatlari toq bo‘lgach yotoqxonaga qaytishadi.
– Ertagayam boraman, kelsa-kelsin, kelmasa uyga chizib yuboraman! E, yiqitsa yiqitar… – dedi ularning biri qo‘l silkib.
Umidjon ham o‘ylab ko‘rdi. “Mana, yigirma kundirki, professor sarson qilib yuribdi. Shuncha kundan beri kelmadimi, demak ertagayam kelmaydi. Uyga ketaverish kerak… Ammo uyga qanday boraman. Otamga nima deyman? Yoki aytmasammi?..”
Bahorda u onasidan ayrilgandi. Kenja farzand emasmi, marhumaning yettisi o‘tganidan keyin ham o‘ziga kelolmadi. Shaharga qaytgach, yuragi sanchadigan odat chiqardi. Ko‘z yumdi deguncha onasi ko‘z oldiga keladi, keyin yuragi simillaydi. O‘tib ketar, o‘tib ketar, dedi, ammo bo‘lmadi. Bir kuni shunchalik nafasi siqdiki, xonadoshlari “Tez yordam” chaqirishdi. U ikki hafta shifoxonada yotdi… Oqibat darslardan qolib ketdi. Professorning ma’ruzalarini qayta o‘zlashtirolmadi. Olimning bir g‘alati odati bor edi. Kim bir para darsga kirmadimi, keyingisiga kelib o‘tirmasa ham bo‘lardi. Baribir kiritmasdi. Sabab yoki bahonalar fanga va unga behurmatlik qilish hisoblanardi.
Umidjon dekanat orqali professorga davolangani to‘g‘risida ma’lumotnomani taqdim etgan bo‘lsa-da, mana shu “printsip” qurboniga aylangan edi…
“Onasi vafot etganda bir hafta darsga kelmadi, tushundim. Ammo bunisini tushunmayman. Bahona!”, degan edi professor.
…Umidjon shomga yaqin qishloqqa kirib keldi. Oq ko‘ylak, qora shim kiygan. Bo‘ynida bo‘yinbog‘, yelkasida sumka. U avtobusdan tushdi-yu, negadir oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmayotganini his etdi. Avvallari shanba kunlari onasi uni kutib, uy yoniga chiqib o‘tirardi. Endi hech kim uni bunday kutib olmaydi. Hammaning o‘z tashvishi bor.
Umidjon negadir o‘zini ojiz va yolg‘iz his etdi. Onasi vafotidan so‘ng uydagi ko‘p narsalar unga soxta va yuzaki, hatto begona tuyula boshlagan edi. Bugun ham u otasining “Keldingmi, Umid?” deya kutib olishi, akalari va yangalarining hol so‘rashlarini ko‘z oldiga keltirdi va yana onasini qo‘msadi.
Onasi hayot bo‘lsaydi… Shundoq bag‘riga bosib, “Qo‘y, bolam, hali hammasi joyiga tushib ketadi. Boshing omon bo‘lsin!” derdi. Ha, faqat onalargina bola g‘amidan boshqasini tashvish, qayg‘uni qayg‘u hisoblashmaydi…
Umidjon sumkasini u qo‘lidan-bu qo‘liga olib, uyga chiqib bordi. Kutganidek hech kim uni qarshi olmadi. Boz ustiga:
– Boshqalarning o‘qishdan kelganiga qancha bo‘ldi? Sen endi kelayapsan… – dedi akasi.
U nima deyishni bilmay qoldi.
– Imtihonlarim bor edi. Shunga…
– Topshirdingmi? – so‘radi kampiri vafotidan so‘ng battar cho‘kib qolgan otasi.
– Ha…
– Kayfiyating yo‘q. Shu qizitaloqni topshirolmadingmi deyman, – dedi otasi uning yoniga kelib.
– Topshirdim…
Ota o‘g‘liga tikilib turdi-da, yana dedi:
– E, o‘g‘lim, kayfiyatingni buzma. Yiqilgan bo‘lsang, yana topshirasan. Shuyam muammomi? Boshing omon bo‘lsin, bolam. Tani joning sog‘ bo‘lsa, hammasi iziga tushib ketadi.
Umidjon otasiga tikilib turdi. Negadir yuragi ezildi, otasining so‘zlarida, ko‘zlarida onasini, ona mehrini ko‘rgandek bo‘ldi. U otasini quchoqlab olishni, yelkalariga bosh qo‘yishni istadi, ammo bir kuch uni tutib qoldi. Bu yigitlik g‘ururimi, uyatmi, irodami bilolmadi… Ayni damda bir fikr miyasi qatlarini chaqmoq kabi yoritib yubordi:
Dunyoda tog‘laru qoyalar, chinorlardan-da qudratli kuch, suyanch bor. Bu Ota va uning tirikligi…

4

Kech kuz. Noyabrning oxirlari. Qibladan esayotgan shamol yalang‘och daraxtlarning shoxlarini silkib, allaqanday hazin bir kuy chaladi. Simyog‘ochlar ayriliq alamini tortayotgan oshiq karavotidek g‘ichirlagan sado beradi, elektr simlari shamolda chayqalib bemor ovozidek ingroq nola qiladi. Bahorda ko‘m-ko‘k libosga o‘ralgan adirlar ajin toshgan yuzdek taassurot uyg‘otadi. Hosili yig‘ib olingan va mol oralab yurgan paxta dalalari xarob va lashkarlar tark etgan janggohga o‘xshaydi. Ahyon-ahyonda daraxtlar tagida va dalalar boshida mol qaytarayotgan, nimalardir deb so‘kinayotgan bolakaylarning asabiy ovozlari eshitiladi…
Mana, shahardan qaytayotgan avtobus katta yo‘l yoqasiga kelib to‘xtadi. Undan sumka qo‘ltiqlagan, bola ko‘targan, do‘ppisi changini qoqayotgan, oyoqlari chalishib, boshlari gangib tushayotgan odamlar ko‘rindi. Ular orasida kostyum-shim kiygan, bir qarashda ziyoli, bir qarashda olifta, bir qarashda miskin, boshiga do‘ppi kiygan Umidjon va uning bola opichlagan, qishloqdagilarning tili bilan aytganda, go‘zal, ammo beton uylar malohatini olib qo‘ygan “rangi sur” xotini ham tushdi.
Umidjon ota hovlisiga yaqinlasharkan, bir ko‘ngli orziqib ketdi, yana bir ko‘ngli o‘ksidi. Avvallari uni uy yonida onasi kutib olar, “Keldingmi, Umidjon!” deya yuzidan o‘pib, sochlarini silar, bag‘riga bosardi. Endi ona qayda?.. U onasiz yashashga-da ko‘nikdi. “Otam bor-ku!” der, qandaydir mezon bo‘lib turgan mana shu ko‘prikdan o‘tishi bilan boshida soya, yonida qoya borligini his etar va uyga talpinardi. O‘tkinchi dunyoda o‘lim haq ekan. Yaqindagina otasi ham ularni tashlab, boqiy dunyoga rihlat qildi…
Ertaga otasining qirqini berishi kerak edi. Umidjon uyga chiqib borar ekan, xuddi begona bir makonga ketayotgandek o‘ksinib ketdi. Otasiz uy – shifersiz uy. Onasiz uy – derazasiz uy. Onasiz odam atrofga yayrab boqolmaydi, otasiz yigit qish kelishidan qo‘rqadi…
– Mayli, o‘g‘lim, kelinni olib, shaharga ko‘chib ketaver. O‘zing yoqtirgan ishing, o‘zingga yarasha obro‘ying bor. Odamlar menga “O‘g‘lingiz o‘qib, shaharda ishlab qolibdi-ya?” deydi. Bundan sevinaman. Sen hali, nasib bo‘lsa, professor bo‘lasan. Mayli, vaqtincha ijara uyda turarsan. Xudo xohlasa, hali o‘z uying ham bo‘ladi! – derdi otasi.
Umidjon, katta shahardagi kichik ijara uyda xotini, o‘g‘ilchasi va ikki nafar jiyani bilan uchni birga, o‘ttizni beshga urib yashaydigan Umidjon ota orzularini amalga oshirish, o‘z niyatlariga yetish uchun ham tishini-tishiga bosib chiranar, og‘zi qonga to‘lsa, dushman oldida tuflamay yurardi…
– Umidjon, keldingmi? – dedi uni kutib olgan katta akasi.
– Assalomu alaykum, – Umidjon beixtiyor akasining quchog‘iga otildi. Aka-uka to‘sh berib salomlashib, bir-birlariga hamdardlik bildirishar ekan, ular bir-birlarining yelkasidan ota bo‘yini his etgandek, ota siymosini ko‘rgandek bo‘lishdi.
– Borlaringa shukur, – dedi aka. So‘ng Umidjonni quchog‘idan qo‘yib, nevarasini qo‘lga oldi. – Kel qani, otam!..
Shu vaqt ularning atrofini qolgan akalari, opalari, yangalari o‘rab olishdi. Umidjonning bo‘g‘ziga nimadir kelib tiqildi va birdan chehrasi yorishib ketdi.
“Otam o‘ldi, endi nima qilaman, degandim. Axir mening shunday akamlar, opamlar, yangamlar bor-ku?!” – u quyilib kelgan ko‘zyoshlarini yashirdi.
Tangri hech bandasini yolg‘izlatib qo‘ymaydi…

5

Qish. Yerda oppoq qor. Daraxtlar shoxida va uylar tarnovida sumalaklar osilib turibdi. Qaerga ko‘z tashlama, oppoq manzaraga, qor bosgan nimarsalarga ko‘zing tushadi. Bugun shunchalar sovuqki, tuflagan tupuging yerga tushmay muzlab qolayotgandek. Beton uylar orasidan chiyabo‘ridek shamol uvlaydi. Izg‘irin asfalt ko‘chalar qorini atrofga sochadi. Faqatgina serqatnov yo‘llarda qor erigan, yo‘laklar esa katta-kichik o‘lchamli izlardan ajabtovur manzaralar hosil qilgan...
Mana, mashinalar oqimida kelayotgan oppoq “Neksiya” katta yo‘ldan burildi. Tor ko‘cha qiya va sirpanchiq edi. Umidjon mashinani ehtiyotkorlik bilan boshqarar, nima bo‘lsa-da, uygacha sog‘-salomat yetib borishni o‘ylardi. Necha kunki yerdagi qor erigani yo‘q. Tunda battar muzlaydi. Ertalab ishga ketayotganida mashina sirpanib ketdi-yu, ikki marta aylanib, yana yo‘lga to‘g‘ri bo‘lib qoldi.
– O‘zingga shukur! – dedi Umidjon. – Bir asrading…
Hozir ham u mashinani sekin haydab borayotgan edi, qarshisidan yana bir mashina ko‘rindi-yu, rulni sal o‘ngga oldi. Shu payt mashina toyib ketdi va hammasi ko‘z ochib yumguncha sodir bo‘ldi. U o‘zini yo‘qotdi. Tormoz bosganini ham, bosmaganini ham bilmaydi, “Neksiya” bir aylanib oldi-da, oldi oyog‘i yo‘l chetidagi ariqchaga tushib ketdi.
– O‘zingga shukur… – dedi Umidjon. – Ag‘darilib ketganda nima bo‘lardi? Bir asrading…
Yo‘lovchi mashina besh-o‘n qadam o‘tib to‘xtadi. Uning ballonida zanjirli qoplama bor edi. Haydovchi baquvvat kishi ekan, mashinasidan tushib, uning yoniga keldi.
– Orqaga oling, men moshinaning oldidan ko‘taraman!
Umidjon qizib turgan mashinani o‘t oldirdi va orqaga haydadi. Yo‘q, birdan chiqolmadi. Keyingi urinishda esa “Neksiya” ballonini ariqdan xalos etishdi.
– Rahmat! – dedi Umidjon yo‘lovchiga. So‘ng yana ehtiyotkorlik bilan uyiga qarab kela boshladi.
U mashinasini uydan qariyb ikki yuz metrcha uzoqdagi garajga qo‘yib, piyodalab kelarkan, ko‘z oldidan bugun ikki marta mashina aylanib ketgani o‘tdi.
– Haliyam xudo asradi… – dedi u o‘ziga-o‘zi. – Endi to qor eriguncha ishga avtobusda boraman-e. Falokat oyoq ostida…
U garajdan uyga kelgancha ko‘p narsalarni xayolidan o‘tkazdi: bir joyga yo‘l olsa, “Bolam, ehtiyotgina bo‘lib borib kelsin” deya yozg‘irib qoluvchi onasini, “Bizdan uzoqdasan, o‘zingga, oilanga ehtiyot bo‘l…” deguvchi otasini, akalarining “Bizlar bir joyga ketsak, otam bilan onam diqqilab o‘tirardi, uxlamasdi ham. Ularning nega bunday diqqinafas bo‘lishlarini bolalar tug‘ilgach, ota-ona bo‘lgach bildik…” deganlarini esladi.
Umidjon izg‘irin odamning ustidagi kiyimni yechib ketay degandek zabtiga olgan sovuqda uyga kelgunicha muzlab qoldi. Pod’ezddan yugurib ichkari kirarkan hali uyga yetmasdan turib, allaqanday xotirjamlik sezdi. Uchinchi qavatga chiqib, o‘z uyi eshigini chertdi.
– Ki-im? – dedi ichkaridan bir ovoz halimlik bilan.
– Men, eshikni och!
Eshik ochildi.
– Assalomu alaykum! Yaxshi keldizmi, dadasi? Kun bunday sovug‘-ey?!
– Ey, aytma. Dahshat! – Umidjon tuflisini yechib, paltosini qo‘l uzatgan ayoliga berarkan, beixtiyor atrofga alangladi. – Bolalar qani?
Umidjonning gapi tugar-tugamas, ichkari uy eshigi ochildi-yu, avval katta o‘g‘li ko‘rindi.
– Dada, assalomu alaykum.
Izidan chiqqan qizchasi yugurib keldi.
– Dadajon?!
Umidjon quchog‘iga otilgan qizini opichlab olarkan, sovqotganini ham, charchog‘ini ham, hatto bugun ikki marta mashinasi aylanib ketganini ham unutdi.
– Voy, onajonim-e?! – u qizini qo‘yib yuborishni istamas, qizcha-da dadasidan ayrilgisi kelmasdi…
Ayol esa bir eriga, bir bolalariga qarar va beixtiyor jilmayardi.
Inson avvaliga umidli bo‘ladi va mehr ko‘radi, keyin esa umid beradi hamda mehr ulashadi…

6

Uyga qaytish. Naqadar yoqimli va naqadar latif. Ardog‘ingdagilar, azizlaring seni kutishadi, sog‘inishadi, sen esa ularni…

“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 3-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.