OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xursandbek To‘liboyev. Evrilish (hikoya)

Ishdan ketganimga uch kun bo‘ldi. O‘tgan uch kunim menga uch yildek tuyuldi. Shu oraliqda – o‘tgan fursatlarda na ko‘chaga chiqdim, na bir tanishlarga sim qoqdim, na yonma-yon xonada turadigan do‘stlarimni yo‘qladim, umuman o‘sha paytdagi kayfiyatim ko‘pchilikka qo‘shilishga, ular bilan yayrab-yashnashga unamasdi, rozi bo‘lay demasdi ham va bunga o‘zimni tashqariga chiqishga ming turtkilamayin baribir, befoyda! Siqilardim, kechirilmas xato qilibmanu o‘zimni o‘sha bo‘lgan voqeada ayblay boshladim. Aybimga iqror ham bo‘ldim. Bunda mening bir o‘zim aybdor emasdim. Ichimda yana kimdir berkinib olganu men uning nayranglariga o‘ynardim. 
Xonamda o‘ltirib, sotib olinganicha taxlam bo‘lib turgan gazeta jurnallarni varqlay boshladim. Qisqasi, ulardan ham zerikdim. O‘qiganlarim ko‘nglimdagi savollrga javob topib berolmasdi chog‘i, «e, bularning hammasi safsata bir nimarsalar» deya joyiga uloqtirdim. Xonam betartib, buyumlar ayqash-uyqash, saronjomlikdan asar ham yo‘q. Sirtdan kuzatgan odamga bu yashashim uzlatga chekingan, dag‘al dunyoning barcha havaslaridan qo‘lini yuvib, qo‘ltiqqa urgan darveshning hayotini eslatardi… Shu payt Yusuf alayhisalomning istarasi issiq, go‘zal chehrasiga o‘xshash aft-angorim esimga tushib ketdi. Ko‘zgu qaerda edi? Ko‘zguga ham qaramaganimga ancha bo‘lgan. Soch-soqolimni olgayotganimda o‘zimning nigohlarimga unchalik e’tibor bilan qaramasdim-da! U paytlari o‘zimning xayolot dunyomda yashardim. Miyamda zo‘r san’at asarining xamirini qorib, o‘z idealimdagi qahramonlarim bilan shivir-shivir suhbatlar qurardim. Qismatiga bitilgan baxtni va baxtsizlikning asl sabablari nimalarda ekani xususida tillashardim. Mana, hozir esa ko‘zguga qarashga, o‘z yuz-ko‘zlarimga sinch nazar solishga, e’tibor ila kuzatishga botinimda ehtiyoj sezib o‘tiribman. Buning sababini ham tuzukroq bilmayman. Nimgadir baquvvat mushakmlarimni o‘ynoqlatib, kuchim nimalarga qodiru nimalarga ojiz ekanini bilishga ehtiyojmandman. Ko‘zgu ham sinib kuli ko‘kka uchganmi, ishqilib izlay-izlay xonamdan siniq bir bo‘lagini topdim. Irim-sirimga ham botinimda ishonch bor edi. Tag‘in siniq ko‘zguga qarasang baxtsiz bo‘lib qolarkansan. Kim aytgan edi bu gapni? Eslayman, onamdan eshitib edim ilk bor. Endi esa yoshim bir joyga yetib, oqni qoradan, yaxshini-yomondan ajratib, farqiga fahmim yetib turgan gulgun davrimda irim-sirimga ishonib o‘tiribman. E’tiqodimga suyansam ham, ichimdagi nimadir yo‘rig‘idan chiqolmay, bir umr arosat botqog‘ida qolib ketadigandekman. 
Ishdan ketishim menga juda ko‘p muammolarning bolalashiga zamin hozirladi. Chunki ishimni o‘zim yaxshi ko‘rardim. Musahhihlikning miridan-sirigacha bilishga oshiqardim. Qisqasi, o‘z kasbimni sevar edim. Meni moddiy masala - pul-sul unchalik qiziqtirmasdi. Ishlashimga yashrasha haqini berishardi u yerdagilar. Biroq eng achinarlisi va dahshatlisi esa ishdan ketgach hayotimning ma’nisi yo‘qoldi. Menga hayot arzimas bir matoh kabi tuyuldi. Mehribonchiliklarim va sahovatpeshaligim o‘rnini qandaydir kuch o‘ziga asir etdi-yu, shu tobda botinimda lohaslik, hamma narsaga bir boshqacha ko‘z bilan qarash, ko‘z yoshi to‘kib o‘tirgan odamni uchrtasam, shunchaki «yig‘i-sig‘i» deya qabul qilar, shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lgim kelardi. Nima uchun? Savol bersam ham, uchi-keti yo‘q, mulohaza yuritsam ham xos ism topolmay – aniq mantiqni tushunolmay qoldim. Birodar, ko‘rdingizmi bittagina ish sabab, bir inson hayoti vulqon kabi bodrab, ostin-ustun bo‘lib, omonat umr kemasi chayqalib, boshqa bir tomonga na’ra tortgancha suzib keta boshladi. Bir ish shunchalik insonni o‘zgartirib yuborishini o‘sha payt yurak-yurakdan his etib koldim…
Endi nima qilish kerak? Uzlatga chekingan darvesh yoki chilla o‘tirgan taqvodor kabi uydan chiqmay yolg‘iz xonamga qamalib o‘tiraveraymi? Shundagina hayotim o‘z-o‘zidan yana asl holatiga qayta boshlaydimi? Bilmayman. Bilganim esa menga doim pand beradi. Balki shu sababli bilimliligim, haqiqatning yuziga tik boqib, ikkiyuzlamasilik qilmasdan «qanday bo‘lsam, shunday ko‘ringanim uchun» meni ishdan ketishimga sabab bo‘lgandir, deb o‘ylab qolaman. Bo‘lmasa nima bo‘lishi mumkin. Tarozining ikki pallasiga tortib ko‘rsam, barcha ayb o‘zimning haqqirostligimda bo‘lib chiqaveradi. Rahbarga yoqish uchun ikki bukilib ta’zim bajo bergim kelmasdi deng, boshkalar kabi iltifot yuzasidan bo‘lsa ham «arstist»lik qilish san’atini eplolmasdim. Bu ham bir bahona bo‘lib qo‘shilgan bo‘lsa kerak-da? Tag‘in o‘ylanaman: omadli yigit edim-ku? Istaram issiq, ko‘rgan chiroyli ayollar, qizlarning nigohidan menga moyilligini sezib qolardim. Xuddiki, bir yoqimli gap aytsam bo‘ldi, izimga ergashib xonamgacha kelishi aniq. Bunga shubha ham qilmasdim. Sevgan qizim ham ilk bor tanishganimizdayoq ko‘ngli tushib qolganini, bitta nigohim bilan yuragini zabt etganimga iqror bo‘lib aytib bergandi… Endi esa sinik va aftoda, haqir va zabun holimda o‘sha paytlardagi unutilmas xotiralarni eslab, ich-etimni yeb o‘tiribman…
Men endi o‘shanday ishni qaerdan topaman? Bir ketgan joyingga yana g‘urur va nomusingni yig‘ishtirib, asl yuzingni pardalar ortiga yashirib, mug‘ombirlarcha iltifot ko‘rsatib borish kerakmi?! «-Yo‘q», deydi ichimdagi o‘sha gizli. Bunday paytlarda o‘sha ichimdagi «allakim» yo‘ldan qaytaradi. «Borma, u yerda insonlik martabang baribir bir pulga aylanadi. Sen kim eding! Kim bo‘lding?» deydi ikkinchi allakim. Shuncha yil ishlaganim bir yon bo‘ldiyu, ishsiz yashay boshlaganim bir taraf. Qishloq olis emasmi, qaniydi oyimning yillar zahmatidan ajin oralagan yuzlariga to‘yib-to‘yib qarasam, dillashsam, hasratlashsam edi. Bu borada ham imkonsizman. Masofa – ming chaqirim! Bir yarim kun yo‘l bosish kerak poezdda. Telefonda ikki-uch daqiqadan naryog‘iga o‘tmaydi suhbatimiz. Ustiga-ustak ishdaligim paytida vaqt ham topolmasdim. Endi-chi, umuman hech kim bilan gaplashgim kelmay qoldi... Ko‘rdingizmi do‘stim, sizning oldingizda botinimdagi sirlarni ro‘y-rost aytayapman. Aslida insonlikning asl chehrasi o‘sha nuqtada ayon bo‘lar, kim bilsin? Negadir menga shunday tuyulmoqda…
Tashqariga chiqay desam – kuz. Havo salqin. Darxtlar shir yalang‘och. Qaydan zavq olishimni ham bilmay karaxtman. Osmon qat-qat bulut. Ikki kunda bir yomg‘ir sevalaydi. Xonamga kamalib o‘tirdim. Zavqimning esa kun-kundan pushti kuyib boryapti. Hech narsaga dil chopmaydi. Ishtaha ham yo‘q. Bir burda nonni botirib bir piyola choy ichaman. Qornim to‘ygach, suratlarni tomosha qilaman. Bekorchilikning ham adog‘i yo‘q ekanki, nima qilaringni bilmay qiynalaverasan ekan. Ishdan ketishim bilanoq, miyamda pishitib yurgan asar ham qaergadir uchib sob bo‘ldi. Xayollar, xayollar uni olis-olislarga sudrab ketdi. Bo‘m-bo‘sh qo‘l va yurakning «oh»ini tinglaydingan bironta mard yo‘q!
Nihoyat uchinchi kun. Quyosh o‘z uyiga ravona bo‘lgan lahzalar edi. Tumba ichini kavlashtirdim. Non ham tugabdi. Derazadan sekin mo‘raladim, go‘yoki bu nigohimni birov sezib qoladigandek. Tashqari – kuzning namxush havosi dimog‘imga urildi. Shu alfozda qaerga borish kerak? Do‘kon ham turar joyimga bir chaqirim narida. Ko‘chaga chiqishim bilan hayotimga ma’ni kirarmidi. Yoki olis yulduzlarni tomosha qilib, qismatdan nolish aylagan nigohimni ko‘k gumbazning yuziga qadashim kerakmi? Shu lahzada miyamga bir fikr chatnab keldi. «Ey, nolon bo‘lmasang-chi? Ichkarida o‘z yogingga, o‘zing qovurilib shu alfozda – darveshona o‘tiraverasanmi? Tur o‘rningdan, tashqariga chiq. O‘zingni salqin kuzning bag‘riga tashla. Toki botiningni qitiqlayotgan, bir dam orom bermasdan tinchingni o‘g‘irlayotgan bezovtayu behollikka o‘rin qolmasin. Tur!», – dedi ichimda kimdir.
Men uning farmoniga quloq tutib egnimga jemperimni ildim. Marmar zinani bir-bir odimlab tashqari chiqarkanman, cho‘ntagimga qo‘l suqdim. Bir qisim pul g‘ijimlangan qog‘oz kabi o‘rog‘liq turardi. Erinmay yo‘l-yo‘lakay sanab bordim. Do‘kon tomon ketarkanman, olis-olisdagi jimir-jimir yulduzlar nigohimni o‘ziga maftun etdi. Esladim. Bir paytlar bundan roppa-rosa o‘n yil ilgari birinchi va so‘nggi muhabbatim bilan tanishganimda ham shu ko‘k gumbaz uzra jimirlayotgan yulduzlarga qarab izhori dil qilgandim. U esa meni jim tinglardi chog‘i, yumshoq oppoq bilagidan ushlab bag‘rimga bosganimda ham miq etmadi. Bir nima degisi kelardiyu mening sal gapdan xafa bo‘lib, sirkam suv ko‘tarmasligimni bilgani uchunmi qarshilik ko‘rsatmadi. Olis osmon – minglab, milliyonlab yulduzlar o‘sha kuzning o‘rtalarida noyabr oyining to‘rtinchi sanasida uchrashgan paytimga guvohi shohid edi. Bugun negadir sevgilimni eslab qoldim. Yo‘l yurardim vaqt o‘tmaydi emas, o‘tardi. Men boryotgan manzilim qaer va nima ish bilan ketayotganimni unutib qo‘yibman. Shu ko‘yi ancha yo‘l bosib qo‘yibman. Tabiatning yumshoq qo‘ynida ulg‘aygan qishloq bolasi emasmanmi, borlig‘imda ikki hol: vujudning shavqi hamda ko‘ngilning istagi ortgandan-ortib, meni o‘z izmida sudrab ketardi…
Olis osmonga qarab yana baqirgim kelardi. O‘tkinchi oshiq-mash’uklarni ko‘rib, tilimni tishlab qolardim. Ichimga shavqu zavq bag‘ishlagan lahzalar men uchun oltindan ham qimmatdek bo‘lib ketdi. Yana qornim ochiqqanini unutibman, non olish qaerda kandaydir istirohat bog‘ining oldidan chiqib qoldim. Odamlar gavjum edi. Har kim o‘z-o‘zi bilan ovora. Men esa yolg‘iz bir o‘zim -  zavqimning izmida devonavash edim. Keyin bir paytlar anchayin toliqqanimni xis etdim. Ishdan ketganim va bir necha kunlik uzlatda yashaganim, keyin yana tashqari chiqib, Xudoning ishidan hayratlanib sevinganim hayotimga ma’ni bag‘ishladi. Xotiramning qa’r-qa’riga singib ketgan unitilmas tarix – ilk tanishuv va uchrashuvdan keyingi aytilgan izhoridil butun borlig‘imda hazin kuy yanglig‘ chalinardi. Men o‘sha kuyning quchog‘ida erkalanrdim. Qaytishda do‘konga birrov kirib, bir bo‘lka non va qaymoq xarid qilib olgach, yana yo‘lda olis osmonga ko‘z tikdim. Endi esa har bitta yulduz o‘sha paytdagi, ya’ni bundan o‘n yil ilgari M.ga aytilgan izhori dilni ovoz chiqarib shivirlayotgandek edi. Xonamga kirarkanman, M.ning o‘ychan va ma’s chehrasi, oppoq yumshoq qo‘li, qovun tilimidek lablari ko‘z oldimdan o‘tardi. Uni xayollarim bilan erkalardim chog‘i, ishdan ketdim nima qayta kirdim nima? Ikkisi ham menga hech-da qizig‘i yo‘qdek tuyular, meni bunday so‘lg‘inlik a yolg‘izlikdan qutqargan ko‘cha va bog‘, osmon to‘la yulduzlarga ta’zim qilib, «iltifotimni qabul et», deya kuymalanadim…
Yana bir hol: xonam derazasini ikki qanotini ham kengroq ochdim. Tashqarida kuz. Daraxtlarning omonat shovullashi. Osmonda yulduzlar jimiri hammasi shu lahzadagi kayfiyatimga juda-juda mos edi. Ichimdagi lohaslik va behollikdan asar ham qolmagan, qaytamga sevgilimning yoniga tezroq qush kabi uchsamu uning birinchi tanishuv kechadagi kabi tilim-tilim lablaridan to‘yib-to‘yib o‘pgim va yana bag‘rimga bosib uzun sochlarini silagancha erkalagim kelardi…  

05.11.2011.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.