OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xursandbek To‘liboyev. Visolsiz ishq (monolog-qissa)

Ey sen – bahor go‘zalligiga ko‘ngil qo‘ygan yigit, kuzning xazonlari va sovuqlari borligini ham unutma! 
Jaloliddin Rumiy.

Xudo insonni bir umr baxt izlash azobi bilan jazolagan. 
Asqad Muxtor.

Men seni deb savoblarga urdim bosh,
Men seni deb xatolarga qayrildim.
Men seni deb gunoh bo‘ldim, bag‘ritosh,
Men seni deb bu dunyomdan ayrildim.
Usmon Azim. 


Tong! Quyosh bobotog‘ orqasidan ko‘tarilib zaminu falakni nurafshon aylayotgan bir paytda seni o‘ylab, o‘tgan-ketgan uzuq-yuluq xotiralarni eslab o‘tiribman. Miyamni g‘ovlatib, butun borlig‘imni parokanda aylagan tug‘yonni yuragimdan quvib chiqarmoqqa harchand urinmayin befoyda! Har bir lahzaning o‘z in’omlari bor ekan. Menga shu siylovdan faqat azob chekish, o‘z yog‘imga o‘zim qovurilish nasib etganidan goh faxrlansam, goho xijolatman. Axir quvonganim Xudo insonga dard bersa unga ?afqat xam qiladi degan o‘git xotiramda zohir. Mahzunligim esa, qachon men boshqalarga o‘xshab odamlar qatoriga chiqaman, ulardek yayrab-yashnayman? Azizam ana shu savol menga bir nav tinchlik, huzur-xalovat bermaydi. 
Tag‘in o‘y-xayollar ummoniga ko‘nglim-butun borlgiim bilan g‘arq bo‘lganimcha, o‘z-o‘zimni tahlilu taftish etganim-etgan. Sen oydek ruxsoringni ko‘z-ko‘z qilib, notanish chehralar bilan kulib yayrab yurganing alam qiladi menga. Axir o‘zing aytganding-ku? «Men sizsiz xech kachon yashamayman va men sizga turmushga chiqaman. Meni kuting va seving!». Qanchalar aqllisan-a? Qanchalar baxtiyorsan! G’aribgina xonamda o‘ltirib, kitob javonim orasidan suratingni axtaraman. Topgach, unga uzoq tikilgancha suhbatim oshkor. Mana, hozir ham shu ko‘yi yolg‘iz o‘tiribman. Surat va siyrat! Ko‘rinishingdan kuchli va aqlli, iboli va hayoli qizga o‘xshaysan! Hayotda ham shundaysan, lekin seni sevgan insonni, uning qalbini tushunishni istamaysan-da?.. 
Bilasanmi, mening shu kungacha tortgan azoblarim, chekkan zahmatlarim, sening visolingga yetishmoq va jamiyatda, hayotda, umuman yaxshi-yomon odamlar orasida muqim yashamoq uchundir. Va shunday say’-harakatlarimga berilgan in’omni Xudoning siylovi va marhamati deya qabul qilganman, ko‘nikib yashaganman. Ammo, sen bunday hurmatu e’tiborni, ardog‘u muhabbatni ko‘tarib bilmading, bilolmading! Har vaqt suratingga tikilganimda kamondek qoshingga, o‘ychan va ma’yus ko‘zingga termulib, oqibat kimsasiz oroldek huvillagan ko‘ngilga va yolg‘izlikka girftor bo‘lishimni qaydan bilibman?..
Hozir katta shaharning qoq markazida g‘aribgina kulbamda o‘ltirib,  ikkimizning ilk bor tanishgan o‘shal beg‘am, baxtiyor lahzalarni ko‘z oldimdan bir-bir o‘tkazib, xotirlayapman… O’shanda sen menga nima deganingni bir o‘ylab ko‘rganmisan?! «Men sizni hech qachon yolg‘izlatib qo‘ymayman, doim og‘ir va shod kunlaringizda yoningizdan jilmasadan hasratingizga sherik bo‘laman» degan eding. Oqibat, ko‘nglimdagi hammadan qizg‘ongan tuyg‘ularim senga yetib-etmay havoda uchib sob bo‘ldi… «Sevaman» degan birgina so‘zni aytmoq uchun uzoq yillar o‘zimni tayyorladim. Natija kutganimdek bo‘lmadi. Eslagin sen-menga, men-senga suyanardik. Ko‘nglingni to‘ldirgan dardu hasratingni aytmasang ham, yuz-ko‘zlaring aniq ifoda qilib turardi. Hayotda bo‘lsin, do‘stu dushmanlar orasida yurib, har xil xunrezliklarni, xiyonatlarni ko‘rib tursam ham, ko‘nglimga gard, yuragimga dog‘ tushirmadim… Chunki u yerda faqat Sengagina bo‘lgan muhabbatim yashardi… Endi-chi? Endi o‘sha ishq aylagan makonda – BO’SHLIQ hukmron! Shu sabablimi yoki boshqa asrori bormi, qo‘lim ishga bormaydi, boshim aylanadi, aniq fikrlardan chalkashganim-chalkashgan…
Men xuddi o‘rmonda uzoq vaqt yolg‘izlik va telbalikda umrguzonlik qilib, yillar o‘tgach odamlar orasiga kelib qo‘shilgan, ko‘pchilik orasida tamomila begona kimsaga o‘xshayman, xolos! Bularning bari taqdiri azalning peshonamga katta harflar bilan muhrlab ketgan qismat yozug‘iga o‘xshaydi… Har gal qishlog‘imga, sen va men tug‘ilib o‘sgan yurtimga bormoq uchun yo‘lga chiqqanimda, beixtiyor ko‘z oldimda sen paydo bo‘lasan. Otam, onam, aka va ukalarimni, do‘stu birodarlarimning holidan xabar olgani, ularni ziyorat etgani borayotgan bo‘lsam ham, yuragimning tub-tublarida birinchi seni uchratsamu o‘tli nigohlaringga to‘yib-to‘yib boqsam, shamolning allasida uchayotgan uzun sochlaringni silasam degan xayollar butun borlig‘imda charx uradi…
 Va, bunga ism ham topgandekman – ORZU! Bu foniy dunyoda orzusiz inson yo‘kdirki, bir dam yaqinlari diydorini sog‘inmanan bo‘lsin. Har qanday ezgu niyatlarimiz orzular bag‘rida yetiladi, pishadi. Xuddi daraxt tukkan mevasi pishgani kabi… yoki aksincha. 
Ko‘zlarim yo‘lingda parishon holat termulganimcha senga maktub yo‘llayapman. Majnun bir umr «sevish» qismatiga duchor bo‘lib va shunday jazolangan ekan, men ham xuddi majnunlar kabi «oh-fig‘on» chekkuvchi oshiqlar xilidanman. «Insonni inson tushunmog‘i kerak» deb bitilgan mukaddas o‘gitlarda. Nega endi sevgi-muhabbatni sovuq hisob-kitoblar orqali hal etishni ma’qul topasan. Axir ko‘ngil misli daryo, borliq Xudoning uyi bo‘lsa, shunday yashashni o‘zingga ep ko‘rsang! Men hozir sendan olis bir yurtda, xonamda o‘tirib, oq qog‘oz yuzini dil izhorim bilan bezamoqdaman. Qo‘limga qalam tutishga birdan-bir sabab – SOG’INCh! Sog‘inch ko‘zga ko‘rinmas, qo‘lga ilinmas botiniy dardki, meni o‘z komiga butunlay asir etdi. Ipsiz bog‘ladi. Shu sababdan to‘lgan yuragimni, og‘riqdan zo‘riqqan qalbimni bo‘shatayaman. Vodarig‘! Yurak, ko‘ngil va borlig‘im, kimsasiz oroldek huvillab yotsa-yu, shuncha so‘z va nidolar buloq yanglig‘ qaydan to‘lib-toshayotgan ekan-a? Ajabo! Hayronman. Yaratganning inoyati ila shunday AROSAT botqog‘iga botib qolgan bo‘lsam, Tangrim o‘zing sabablar sababchisi meni bunday azobdan xalos et! Qilgan gunohim bo‘lsa, o‘zing ma’g‘firat qil!..
Derazadan yoqimli shamol esmoqda. Tashqridagi xayot esa menga unchalik muhim emas. Ichimdagi isyonkor hayotning temir qoliplaridan eson-omon qutilib chiqmoqni istayman faqat. Bu isyon esa o‘z-o‘zimni tahlil va taftish qilishga, muvozanatimni saqlab yurishga qaratilgan bo‘lsa, ming roziman!.. «Har nafas bir imtihon aylaydi Haq» degan ekan Mavlono Rumiy. Har lahza, har bir o‘tayotgan kunimda imtihon etilayotgan inson mening o‘zimdirman, balki? Shunday fikrga kelishimga asos ham topgandekman… bularning barchasi sen va men o‘rtasidagi masofaning uzoqlashuvi, sinishi oqibatidir. Shugina tufayli sendan minglab chaqirib olislarda, judolikda o‘ltirib, qog‘oz yuziga qalb sirlarimini bir-bir to‘kayotgandirman…
Qishloq. Hali-veri tuzalmaydigan dardimning onasi. U yerga borganimdan, bormaganim afzalroqmikin? O’ylanman. Ko‘rimsiz va aftoda holda, xuddi ko‘chadagi tilanchilardek siniq va so‘lg‘in yuz bilan qanday boray? Yaqinlar, menga tanish va notanish kimsalar ko‘rsa nima deb o‘ylamaydi. «Orzulari sarobga aylanibdi, qushning parvozi sinibdi, holiga voy» deya gap-so‘z qilishmaydimi? O’zlarini jamiyat va hayot tartibotlarini sidqidildan bajarayotgan odamdek tutib, falsafa to‘qishmaydimi? Nahotki o‘z tug‘ilib o‘sgan, kindik qoning tomgan yurtingga borishga yuz bo‘lmasa? Bobur Mirzorga o‘xshab, «Hind sori» bosh olib ketmoq kerakmi? 
Men esa javobsiz savollarim mohiyatiga sho‘ng‘ib, taxminlarim to‘g‘ri chiqajagini fahmlagandekman. Har bir bosgan qadamim xatolarning uyasiga o‘xshab tuyuladi. Og‘ir-bosiq qadamlar senga nimalarni hadya etayotganini nahotki bilmasang?..
Esimni tanibmanki, mislsiz azoblar iskanjasida siqilaman. «Azob nima?» degan savollar miyamda g‘ujg‘on aylanadi. Javob esa hech qanday shaklu ko‘rinishga ega emas. Ichimdagi isyon tezroq maydonga chiqishimga chorlaydi, g‘ala-g‘ovur shaharlararo odamlar orasida odamdek yurishga yetaklaydi, ammo natija kutilgandek bo‘lib chiqmaydi… 
Xonamdagi chiroqni yoqaman. Ichkari nur ila yorishadi. Bu yorug‘lik xonadagi buyum va kitoblarni ko‘rsatish uchun bir vosita, xolos. Ko‘nglimni nurafshon aylaydigan, tobora muzga aylanib borayotgan yuragimni qutqaradigan – SYeN yo‘qsan! Faqat birgina surat olislarga tikilgan ko‘zim ovunchog‘i, ko‘nglim yupanchi. Dil suyanchig‘i, uni xursand aylaydigan – SYeN qanisan? Surat va xotiradan bo‘lak hech vaqo yo‘q! «Yolg‘izlik halokatga olib keladi. Zero, inson o‘ziga kerakli narsalarni faqat jamiyat yordamida qo‘lga kiritishi mumkin», - degan Ibn Sinoning vaqida aytib o‘tgan himkatining mag‘zini chaqib va shunday jarlik botqog‘idan xalos bo‘lish chorasini izlaydigan bo‘lsam – qaerdasan?..
Har bir o‘tayotgan kun yolg‘iz boshimga talay muammolarni ko‘ndalang qo‘yadi. Bir-bir odimlayman. Harakatlarim zoe ketmasligi uchun qaddimni adl ko‘taraman. Keng va ozg‘in yelkalarimni kiyim vositasida boshqalardan panalayman. Ko‘chaga bolasini izlab, uydan otilib chiqqan ona kabi chiqarkanman, bugun nima bo‘lishi, kim va qanday chehralarga ro‘baro‘ kelishimni oldindan sezgandekman... Qaniydi seni uchratib kolsam. Tasodifan ro‘y bergan hodisalar ko‘pincha insonga baxt keltirishi ayni haqiqat-ku? Axir ilk bor aytilgan izhoridil tinglovchini – ro‘barangdagi insonning chehrasini oydek yoritgan bo‘lsa, tasodif tufayli qo‘lga kiritlgan boylik ham shular xilidan emasmi?
«Inson o‘z ehtiyojlarining yonida yashaydi» deydi Rumiy. Mening birdan-bir zarur ehtiyojlarimdan eng zaruri – SYeN! Men xayolda uchkur ot kabi, uchmoqni ko‘zlayman. Oqibat birgina shirin so‘zing yolg‘izlik azobida zada bo‘lgan dilimni kelajak sari safarbar etsa, ovutsa deyman. Lahza sayin minglab orzular og‘ushida kezinaman. Goho sevinsam, zum o‘tmasdanoq siqilaman. Huvillab qolgan qalbimni, bo‘shliqdan iborat hayotimning bir maromga tushib olishini sendan bo‘lak kim ham eplardi deysan?.. Hech kim! Hech qachon! Shu ko‘yi dilimga malhami dori izlab kitob titkilayman. She’r avval ichimda, so‘ngra tilimda aylangani-aylangan:

- Sezib tong bo‘yini – qushlar uyg‘ondi,
Ko‘zimga nur tegdi – qushlar uyg‘ondi.
Sensiz tun o‘tgandi, kun kelar sensiz,
Bedor holimda ham tushlar uyg‘ondi.

- Oshiqning hayoti tushdir, azizim,
Tushlari bir go‘zal ishdir azizim.
Qalbingdan uzluksiz kushlar yasab tur, 
Sog‘indim – men tomon uchdir, azizim.

Boq quyosh chiqmayin qaytadan botdi,
Qishning oqshomida yuragim qotdi.
Qanotli qalbimining «oh»in eshitdim,
Uni kim yig‘latdi, uni kim otdi.

- Takdirning ovchisi burchdir, yolg‘izim,
Bu hayot beshafqat kuchdir, yolg‘izim.
Bedor chog‘ingda ham tush ko‘rgin, tush ko‘r,
Anglagin muhabbat tushdir, yolg‘izim .

She’rning ilohiy bir mo‘‘jiza ekanligini, seni uchratib, ko‘ngil qo‘ygan kunimdan buyon angladim. Muhabbat ilk bor qo‘limga qalam tutqazganidek, butun borlig‘imni parokanda aylamoqni kasb etdi. Jamiyat va men o‘rtasidagi muvozanatimga putur yetdi. Qalbimdagi jarohatdan sizib oqayotgan qon esa ko‘zlarimga aks urdi. Barchasi sening tufaylidir… barchasi sensizlik oqibatidir. Sensiz yashashga ko‘nikolmay, ming azob ichra eshilib-to‘lg‘onayotgan dilimni parvarish ayla! Mashrabi Oshiq kabi yonib-yashashimni bir ko‘rsang edi…
Har kuni kitob varaqalyman. Ma’noli va ma’nosiz hayotimni kitob vositasida iziga tushurmoq chorasini izlayman. «Yolg‘izning yori Xudo» deya o‘zimga falsafa to‘qiyman. Yolg‘izning yori kitobdir. Bir menmi minglab, millionlab insonlar ichra shunday yashamoq qismati bilan jazolangan odam? Menga o‘xshaganlar juda ko‘pdir. Ular men kabi maktub bitishni, birovga sir aytishni sira-sira istamaydi-da! Toshga aylanib borarkanman, shu kungacha barcha ko‘rguliklarni bir-bir mushohada etgancha, qog‘oz yuziga soyachpman. Birov o‘qisin, qalbiga taskin, dardiga malham topsin uchun qog‘oz qoralayotganim yo‘q. Aslo! Faqatgina to‘lib ketgan yuragimni bo‘shatayaman, xolos!.. Kunlarim shu zaylda o‘taversa, bunday siniq-siniq holim, oftobda nurab ado bo‘lgan tosh kabi sob bo‘ladi-ku? Shuni sezib, his kilib turgan esam-da, baribir bilganimdan qolmayman…
Umring oqarsuvdek o‘tib borishidan anglashimcha men uchun g‘oyat yechilishi qiyinroq bo‘lgan muammolarni oldimga ko‘ndalang qo‘ygandek go‘yo. Bilganim ichimda, tilimga kelgani va qog‘ozga tushgani haqiqatning soysi emas –o‘zidir!.. Umrning o‘tkinchiligini, dunyoning bevafoligini sezib-ko‘rib turgan esam ham, taqdirdan nimadir kutganim-kutgan… Xuddi mening ko‘z yosh to‘kishimga o‘xshab ketadi kun-tun almashinuvi. Barchasi sokinlikda, sukunat quchog‘ida ro‘y beradi… Sukunat doim yolg‘izlikning yonidadir, uning ishongan hamrohidir. Yolg‘izlik sukunatga jim gapiradi. Ular so‘zsiz-sadosiz ham bir-birlarini anglamoq bo‘ladilar. Anglab yetadilar ham. Mohiyatan bir nuqtaga birlashib, yana ko‘zdan g‘oyib bo‘ladilar. Bularning bari bir oniy lahzada o‘tib ketgani bilan izi koladi –QALB jarohati. Keyin turib-turib ko‘ngil nidosiga, hayqirig‘iga aylanadi. Vidoga cho‘mgan xayollarni uyg‘otmoqchi bo‘ladi. Natija kutganingdek bo‘lmaydi. Qaniydi imkoni, yo‘li topilsa, senga eltar yo‘llar ham sudrab boshqa tomonlarga olib boraveradi… Bir inson umri xazon, ayriliq va sog‘inch azobida to‘lg‘anadi, ingranadi, eziladi… Shu ko‘yga tushishimga ham sababchi – SYeNSAN! Sen tufayligina kelajakka maktub bitmoqdaman. Kelajak esa, bugunim va ertamning tamsili. Kelajak hakida o‘ylaganim sayin, goh yuksakka qush kabi uchib, evrilib boraman. Bu oraliqda esa sening yo‘qliging meni yana avval zaminga so‘ngra g‘arib kulbamga qaytaradi. Balki faqat mendirman shundaylar xilidan bittasi? So‘nggi yo‘q, adog‘siz savollar miyamni g‘ovlatgani-g‘ovlatgan. Shular xususida to‘xtovchiz o‘ylanaman… Oqibat yana ko‘nglimga qaytib, u yerda bo‘shliqqa duch kelaman. Balki o‘sha bo‘shliqdir meni to‘xtovchiz ta’qib kelayotgan. Tasavvurimda Sen iboli, hayoli, oqni-qoradan, yaxshini-yomondan ajrata oladigan idealimdagi insonsan. Hayot in’om etgan sinovlar insonni komillik sari boshlashi ayni haqiqt bo‘lsa xam, men mukammallik da’vo etayotganim yo‘q, Tangrim! Faqat ishqiy iztiroblardan o‘zing xalos aylashingni so‘rayman… 
Mushtdekkina vujudning bir paytlardagidek, naq yigirma yoshida nimalarga qodir ekanligini  hozir tasavvur ham etolmayman. Tasavvur etganimda ham, o‘zimdan uyalib ketaman, o‘zimni bo‘ralab haqoratlagim keladi… Mana hozir yigirma olti yoshdaman. Ko‘rinishdan xuddi qirqni qoralagan odamga o‘xshab qolganman… Ishonasizmi, ko‘zguga qarashga ham yurak betlamaydi. Ko‘zguni jahlning zo‘ridan chilparchin qilib otib yuborishim tayin. E, vohki! Xudo bu ezgin va zabun holimni ko‘rib-kuzatib turibdi. Har bir qadamim ta’qib ostidadek go‘yo. Hatto soyam ham ba’zan sinchkov nazoratchiga aylandi. Muvozanatimga darz yetgani uchunmi yoki sening «xayr»siz tashlab ketganing sabablimi, aniq mantiqni topolmay sarson-sargardon kezinaman.. Eh shunchalar ojizmanmi? Bir paytlardagidek «shiddat-la yonib», ko‘chalarni to‘ldirib, u yoqdan bu yoqqa shamoldek yelib yurgan quvvatlarim, kuchu g‘ayratlarim qaylarga uchib sob bo‘ldi?..  
O’zim yaxshi ko‘rgan soham – nafis san’atdan voz kechib, his-tuyg‘ularga asir bo‘layozgan ko‘nglimning jarohatini bitiradigan, o‘ylab siqilmaydigan qaytamga qalbu yuraging orzulariga sira-sira dahl kilmaydigan boshqa bir kasbning jilovini tutsammi deyman. Lekin yozish avvaldan qismatiga muhrlangan ekanmi, bu og‘riqdan tamomila voz kechmoqning ham iloji topilmaydi… Haqir holimga kim ham meni o‘z chorbog‘ida yashashga qo‘yardi. Tiriklik atalmish ehtiyojimni qondirishga ko‘nardi, rag‘bat berardi. Telba-teskari hayotimni ajdarho dunyoning talato‘plarida toblab, chiniqtirib, hali nurli-nurafshon yashpmoqchi bo‘lamanu, ammo kayfiyat zum vaqt o‘tmasidanoq sengina xayolimga kelishing bilan undan asar ham qolmaydi… Fikru yodim senda, she’rda, she’r botinidagi umidda, umid bag‘ridagi tug‘yonlararo kezingani-kezingan… Mana bugun ham tongni yorug‘ yuz bilan qarshi olarkanman, sahargi kayfiyat uchun misralar tilimda aylangani-aylangan. Bu she’r kimniki, kimning botiniy asrori? U yog‘i bilan ko‘pda ham hiziqsinmayman. Faqat she’rgina seni menga, meni-senga ro‘baro‘ qilishga qodir. U bilan suhbatim oshkor bo‘lgani uchungina yurakdan chin hahiqatlarni aytib sirlashamiz, hasratlashamiz. Haqiqat yuz karra yuz ochadi o‘sha paytlar:

Vidoying bo‘g‘zimga hadalgan xanjar,
Bir so‘zga do‘naman muayyan qayg‘u.
Ko‘ksimda yurakmas, muhabbat sanchar – 
Kuyguga aylanib qolgan bir tuyg‘u.

Aytmaslik azobi, aytmoq azobi,
Aro kun ko‘raman arosatlarda.
Qaytmaslik azobi, qaytmok azobi.
Yurakni yemirib boradi qa’rdan.

Bunchalar men senga bog‘lanib koldim,
Azobni she’r qilib tugatolmayman?
Yana ne tadbirni bo‘ynimga oldim:
Ko‘nglimni tolega o‘rgatolmayman.

Bo‘zlarim dunyoni buzib boradi,
mening gunohimga –muhabbatimga
vidomi hayotning – so‘nggi chorasi,
qismat to‘g‘ri kelmas manglay xatiga.

Boshimni musht bilan silaganlarim
Ko‘nglimga so‘z solar – hammasi vido.
Mening kamolimni tilaganlar ham
Sening kelmog‘ingdan bermaydi sado…

Sening kelmog‘ingdan bermaydi sado...  
 
Derazadan karayman. Tun. Shaharning ola-g‘ovur suronlari qaergadir berkinib olgan. Osmonni to‘ldirgan jimir-jimir yulduzlar xayolimning soyasi kabi sochilgan. Shubhasiz Mirzo Ulug‘bekni ham shaydo etgan, tunlari, yillab mahliyo aylagan «O, Yulduzlar, yulduzlar!» menga nega jimlikdan xabar berasiz? Sukunat quchog‘ida kechayotgan umrimdan xabardordek sinch nazar solasizlar. Mening ohu-fig‘onimni sevikli ayolimga shivirlab bermokadmisiz? She’r va sukunat. Dunyoning yolg‘onchi ekanligini bilib-sezib turgan esam ham, sening kelmasligingga nechun ko‘nikolmayapman? Bilmayman. Yana biroz tin olgach qaboqlarimni ochaman…
Tag‘in yulduzlar! Ular ham biz kabi tirikchilik tashvishini yeb jimir-jimir etsa-da, bir-birlarini hech qachon inkor etmaydilar. Inkor faqat va faqat insonning qaltis fe’liga singib ketganga o‘xshaydi… xuddiki ming yillik qadriyat kabi botinimizda javlon uradi. O’zimizni, o‘zligimizni o‘z komiga tortgani-tortgan. Inkor ham balo kabidir. Qaysidir qaltis razilliklar uning bag‘rida yetiladi. Koshki qutilib bo‘lsa! 
Mana inkorning amaliy ifodasi. Uch yilcha vaqt o‘tsa hamki, yana sening rad etishingga yuzlanib turibman. Tunning sokin sukunat quchog‘ida fikrlarim tiniqlashgani o‘rniga alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib, betartib holatga tushadi. Xonamda sochilib yotgan va o‘z egasidan saranjomlikni kutib turgan buyumlarga o‘xshab. Bunday paytda boshim aylanib, miyam g‘ovlaydi. Dilga ingan azobu iztiroblar ko‘zga sira uyquni yo‘latay demaydi… Insonning tug‘ilishi – azob! Yashashi undan besh badtar azob. Sevib yashash esa ana shu ikki oraliqdagi ulkan iztirobli mafsofa kabidir. Hayot va ko‘ngil anglashilmovchiliklari hosilasi. Kishini devona aylaydi. Telbalarcha yashashgargatadi, chorlaydi. Xuddi foniy dunyoning karvonlarida o‘yinchoq kabi surilasan, bemaqsad kezinasan… Yurakni bo‘shliqqa safarbar etadi, shunday yashashga undaydi. Goho buning aksi bo‘lib chiqsa-chi? Umring arosat botqog‘ida qoldi deyavering. Mislsiz og‘riqlar makoniga chirpirak qilib uchiradi. Chidash mumkin bulmagan lahzalarda joningni jabborga berishing tayin. Men ham o‘z-o‘zimni nazorat etish o‘rniga ich-etimni yeb, borlig‘imni parokanda etdim. O’zimga qarab jangga otlandim… Goh yutgan bo‘lsam, goho yutqazdim… Hammasi sensizlik tufaylidir, yolg‘izlik oqibatidir…
Kuz…
Yolg‘izlik…
Bo‘shliq…
Yana o‘z-o‘zimni taftish qilish fasli. Daraxtlar og‘ir silkinadi. Yaproqlari bejon to‘kiladi. Xavoda qush kabi darbadar uchadi. Borliq sariqqa do‘ngan. Kuzning namxush, salqin havosi dimog‘imga uriladi. Bir nimani sezgandek bo‘laman. Mohiyatan o‘zimni kimsasiz orolda yurgandek his etaman. Nima bo‘lgan taqdirda ham sening diydoringni sog‘inaman. Garchi visol yo‘li yopiq ekan, kutib intizoru ilhaklik bilan yashayveraman…
Men uzoq yillardan buyon o‘zimni aldaganim-aldagan. Xayolimda bir dunyo tuzaman. Sening oy kabi ruxsoringni ko‘rmoq ilinjida uzun xayollar og‘ushida kezinaman. Dilim yorishadi. Atrofimda istak va mayllarini qondirmok maqsadida yelib-yugurayotgan insonlar nazdida men juda ojiz, hech kimi yo‘q, musofir odam bo‘lib ko‘rinsam kerak-da! Lekin men undaylar xilidan emasman, o‘zimga yarasha boshponam bor. Tanish-bilish, do‘stu birodarlarim, ustozlardan ham qisgan emas. Ammo sensizlik meni o‘z komida mislsiz iztiroblar bilan siylagani-siylagan… Hali hayot oldinda deyman. Umidim bor… 
Dunyoning asl moxiyatini, tilini, qalbini, borlig‘ini tushunganim sari o‘zimning kim ekanliginimni anglay boshlayman… Nega shunday? Buning ham qay asrori borligini bilmayman. Men – men emasdek go‘yo. Ichimga kimdir berkinib olgan va o‘sha giz* lining nayranglariga o‘ynab yurgandekman.. 
Dunyo ham inson qalbi kabi sirlidir, sehrlidir… umuman sen sirli mavjudot ekanligingdan xabaring bormi o‘zi? Shunday aftoda holimda o‘zimga qarayman – MYeN kim? Sen kimsan? Ey, sabo! Sabolar yanglig‘ saharmardonda kezinaman. Nechun bir bor qalbimni tinglashni va tushunishni istamaysan? Qalbingga in qurgan shuhratmarastlik va boylikdan voz kechmoqni bir o‘ylaganmisan o‘zi? Vatan va oilang, kelajak xususida-chi? Meni ana shunday bejavob savollar qiynaydi, boshimni g‘ovlatadi… 
Sabrning kosasi haqiqatan ham oltin bo‘lganida mening butun borlg‘im oltinga do‘nardi… Dard! Shakl va ranglarni o‘ziga simiradi. U ko‘rianmas bir sirki, botiningni kalamush kabi kemiradi. Tunda uyquga ketgan chog‘ingda ham, tush shaklida tinchingni, oromingni, o‘g‘irlaydi… butun borlig‘ingni nurafshon aylash o‘rniga, saodat sohiliga yetaklash o‘ringa, zulmat quchog‘ida erkalaydi, qayraydi… yillar zahmatidan oqqa do‘ngan sochlaringni yelvizak kabi uchiradi… bir paytlardagidek silliq, g‘ubor inmagan yuzlaringda ajinlar zohir qiladi. Kechagi o‘tgan kunlaringga bir qaytib, barcha og‘ir ko‘rguliklar uning tufayli sodir bo‘lganiga sira shubha qilmaysan! Magar men osiy banda bo‘lsam, gunohsiz kim? Senmi yo men. Sevganmi? Sevilganmi? Bilolmaysan! Sen mayda tashvishlar bilan ko‘p-da, qiziqmaysan. O’z o‘lchoving, hisob-kitoblaring, boylik va manfaating bilan  sarson-sargardon kezinasan. Vaholanki, turmush so‘qmoqlarida ketayotibsan, ammo kun kelib butun borlig‘ing bilan YoLG’IZLIK sohilidan chiqishingni nahotki bilmaysan? Shu sababli miyangni dunyo va olam, inson va jamiyat o‘rtasidagi tenglik rishtalarini o‘ylashdan voz kechmoqqa puxta tayyorlaysan. Koshkiydi ko‘nikib bo‘lsa, shunday yashashga erishgan Xudoning bandasini topib ber menga?! 
Bulbul chamanzonrini qanchalik sevsa, men ham o‘z Vatanimni shunchalik sevaman. Mening vatanim ham orom va taskin beruvchi Sening qalbing va yuragingdadir! Vatan men uchun o‘sha nuqtadan boshlanadi… Bir og‘iz shirin so‘zingni, bir paytlardagidek siniq jilmayishingni eshitsam, ko‘rib, kuzatsam edi… Borliq va yo‘qlik xususida o‘ylayverib ezilib ketgan yuragimni oq qog‘ozga emas, o‘ychan ko‘zlaringga qarab aytolsam edi… Dilimdagi hech kimni qiziqtirmaydigan, o‘ylab-o‘ylantirmaydigan «oh-fig‘onlar» kimga ham kerak? Men faqat yozish azobidan qutulmokdaman. Taskin va shifo ham, yolg‘iz kunimda hamrohim, ham tabibim, ham najot farishtamdir. Qo‘limga qalam olarkanman, bir ipga marjondek tizilgan so‘zlar o‘z-o‘zidan buloqdek quyulib kelaveradi! To‘kilganing bilan sira-sira tugamaydi ekan! 
Qachonki, ruh tanni tark etadi, o‘sha payt vujudning botinidan o‘zga bir xilqatga bosh uradi… Balki u ko‘rinmasdir. Qalbimiz va ongimiz ila shuni sezishimiz va shu sezgiga asir bo‘lishimiz mumkin… Yana tashqariga bir-bir razm solaman. Oltinrang tovlanayotgan kuzning jamolini ko‘rishni, ko‘rib kuzatishni Tangrim menga nasib ayladi. Kuzga yetmoqlik tantanasining naqadar orombaxsh ekanligini uzoq o‘lkalarga «xayr-xo‘sh» kuyini chalib, goho pastlab, goho yuksaklarda parvoz aylayotgan turnalarni tomoshalab his etdim. Ularni nima va qanday hayot o‘ziga maftun etsa, bizni ham shunday hayot o‘z chiroyiga chorlasa edi… Afsus, ming afsus! Kim bilsin balki ular sening endi umuman kaytib kelmasliging xususida pichirlayotgandir?! Yoki meni umuman qiynalib yashashimni bas qilmoqqa chorlayotgandir, kim bilsin? Dunyoning o‘zgarmas qonuniyati – o‘tkinchi ekanligimizni, mehmonligimizni o‘rgatayotgandir? Kim bilsin? Ey sabo! Yo‘qsa, nechun bu mahzun kuyni doim chalgani-chalgan… Shunday ekan, sening menga bo‘lgan muhabbating, avvalgidek ishonching qayda?.. To‘g‘ri sening istak va orzuing boylik va shuhratparstlikdan o‘zga narsa emas! Har bir qadamni pul bilan o‘lchaysan, idroklaysan. Shuni bilib, ko‘rib tursam ham nega senga yana ishim tushaveradi… Bu dunyoning yarmini bosib olib, hovuchiga bir siqim tuproq olib ketolmagan Iskandar o‘z o‘limi oldidan hammasiga iqror bo‘lmadimi? Tavba! Men sen bilan boylik talashayapmanmi? Axir moddiyat va ma’rifat muvozanati butunligi uchun kurashayotgan esam ham nega sen bilan hokimiyat talashayapman, ey dil? Tushuntirib ber menga? Men nega seni sevib shunday xo‘rlangan, aftoda holda yashayapman. O’z aybim, nuqsonim ko‘zimga ko‘rinmas bo‘lsa, sengagina bilinar, faqat sen mening nuqsonlarimni bilguvchisan ey dil?.. Yana boshqa bir jihati: umid osmoniga parvoz etishga chorlagan ham ilk bor o‘zingsan-ku? O’sha kuni tasodif falokat bo‘lmaganida, balki menga yana kutmoq va sevib yashamoq fursatini taqdim etgan bo‘larmiding?! Ayt farishta! Nega jimsan?.. O’shandan keyin boshim og‘rib, tez-tez betob bo‘lib qoladiganimdan keyin shu kisqa, ayriliq, yo‘lini tanladingmi? Ko‘ngil xazinasining sirli-sehrli javhari MUHABBATning tug‘ilishdan to so‘nggi ketar jafosigacha bo‘lgan masofadagi yolg‘iz hamrohimiz ekanligini nahotki unutgan bo‘lsang?!
   … Oylar, yillar, daqiqalar o‘tdi… Hamon yolg‘izman. Har doimgidek bugunimda bir mo‘‘jizadan umidvor bo‘lganimcha, qaboqlarimni ochdim. Miyamda kechagi tushimning tafsillari aylanadi. Ko‘zlarim yoshlandi… Falokat! Qandaydir jarlik oldida turganmishman. Zulmat! Zulmatni parchalab olisdan nur oqib kelarmish. O’sha nur bilan men tomonga harakatlanayotgan SYeN emishsan. Meni bosib kelayotgan falokat – jarlik botqog‘idan qutqarmoq maqsadida nozik qo‘llaringni uzatarmishsan. Men shu ko‘yi ko‘zlarimni yumganimcha minglab, millionlab odamlar orasidan senga talpinarmishman. Ikkala kaft bir-biriga tegishi hamono meni tubsiz jarlik oldidan tortib olganmishsan… Bu mudhish tasodif oniy bir lahzada ro‘y berganmish… Tushlarimda… faqat tushimda umidvorlik bilan yashayotgan ko‘zimga nur, qalbimga, borlig‘imga yashash saodatini baxsh etding… Men o‘ng va tush aro AROSAT botqog‘ida qoldim. Qaniydi o‘sha tush o‘ngidan kelsa… Afsus, ming afsus!..
Tag‘in tush aro uyg‘ondim. Tag‘in ayqash-uyqash, narsalar xususida ekan ko‘rgan tushim. Ko‘zimni ocharkanman, har doimgidek meni yillar osha ta’qib etib kelayotgan «vaznsizlik» telbanamo xayollar ichra xayolot dunyomga sho‘ng‘iyman. Tag‘in – SENSIZLIK! Tag‘in – YOLG’IZLIK! Ruhim esa nimalarnidir o‘ziga og‘ir olaveradi… yana men nimalardandir voz kechmoq maqsadida kezinaman. Xuddi tush ichra ko‘zguga tikilgandekman. Maksad – o‘zni ovutish! Qalbu yuragimga xotirjamlik baxshida etish… adog‘i yo‘q ismsiz iztiroblardan voz kechish. Senga bu yozganlarim barchasi oddiy hisob raqamlari kabi tuyulishi mumkin. Juda mayda yumush bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Ammo mening hayotimda, borlig‘imda bularning siru asrori juda katta mavqe kasb etadi. Xotiralarimda olis osmondagi yulduz yanglig‘ jimirlaydi…
Ko‘nglimning istaklarini bajarish maylidan tamomila voz kechib ketmoq uchun necha bor urindim. Befoyda! Xonamga qandaydir nafislik, ko‘rk bag‘ishlab turgan kitoblarni varaqlayman. Xayolimda shoir nidolari yangray boshlaydi. Turib-turib butun borlig‘imni egallagan qismatdoshim hayqirig‘ini baralla ovoz chiqarib ayta boshlayman:

Olovrang
barglarning saltanatida
yaproqday qovjirab yonganda bag‘rim,
fazo jimligiday kuz ta’latidan 
mehrga aylandi hattoki qahrim.
Dilimda nola yo‘q,
chashmimda – jola,
sokin ishq otashi yoqar jismimni.
Xayolim shu qadar ketdi havolab,
hattoki unutib qo‘ydim ismimni.
Ismim nimaydi deb, kundan so‘radim,
porlab so‘ylab ketdi endi isming yo‘q.
Shamol gulxanlari ko‘kka o‘rladi:
biz kabi ruhing bor,
ammo jisming yo‘q.
Ruhimni dunyoga qo‘shib o‘stirdim,
endi tabiatning dono toshiman.
Qalandar shamol ham suygan do‘stimdir,
har bir chumolining qarindoshiman.
Zaminga sanchilgan bir terak kabi
o‘yimda titraydi moziy – xotira
Agarda qo‘zg‘olsam,
og‘ochlar safi
ildizin qo‘porib kelar ortimdan.
Olovrang 
barglarning jim davrasida
naqadar yuksalib ketdim o‘limdan,
bag‘rim kuyib ketdi jozib sasidan
baxtiyor bo‘lganda samo yo‘lida.
Oniy jamolidan ko‘zim qamashdi,
lahzada qorayib qoldi qorliklar.
Yildirim singari o‘tkir qarashdan
zaminga quladim baxtiyorlikdan.

…Ey qiz,
quyosh yanglig‘ botarman endi,
quyoshday yog‘dular to‘karsan, ey qiz.
Ey qiz,
tuproq bo‘lib yotarman endi,
osmonda osmonday o‘tarsan, ey qiz . 
   
20.. yil. Uch yildirki, hamon o‘sha-o‘sha men. Sendan na bir sado keladi, na bir xat-xabar. Hamon o‘sha arosat olamida yashayotganimni bilmaydigan ko‘rinasan. Botinimda sengagina bo‘lgan buyuk muhabbat hukmron! Men uning kechayu-kunduz ibodatini qilib, mehribon Allohga yolvorganim-yolvorgan… Xumori tutgan nashavanddek alahsirab kezinman. Dunyoning shakl va ranglari tobora kichrayib borayotganiga hayron bo‘lardim. Mayda tashvishlar ham o‘zimga. Katta muammolar ham o‘zimga… Oila qurish, boshqalar katori biz ham yashaydigan vaqt kelgandir. Ammo sensiz, sening mehringsiz men kim edim va kim bo‘lardim!..
Umr bo‘yi izlaganim ko‘ngilning istagi va orzusi – muhabbatim bilan birga bo‘lishlik, uning vasliga erishish edi. Na chora! Na bir imkon bor bunga. Balki sen o‘z xatoingni tushunib yil, kun o‘tib qaytib kelarsan, balki umuman kelmassan? Shunday bo‘lsa ham meni bu dunyoga aniqrog‘i zaminga bog‘lab turgan birdan-bir vosita nimaligini bilishga ming urinmayin, unga munosib ism ham topolmayman… Qiynalaman. Kechagina tuproq ko‘chaning changini osmonga chiqarib, chirparak qilib yurgan hali pishmagan – g‘o‘r bola edim… Bugun esa holimga maymunlar yig‘laydigan zabunman! Inson dunyoga bir marta, bir martagina kelar ekan, nega endi o‘z istak va ehtiyojlariga erishmas ekan, men sendan ko‘p narsa so‘rayotganim yo‘q, faqatgina jindek mehr va muhabbatingni, chimdim shirin kalomingni istayman, xolos! 
 Bugun o‘zimning hayotimni kundalikka yozib qo‘ymoqqa ilk bor jur’at etdim. Kundalik – ko‘ngildan estalik. Boshqalarga emas, aynan senga. Men umr bo‘yi, naq yigirma olti yoshimgacha seni baxtli qilish orzusi bilan yashadim. Bundan keyin nima bo‘lishi birgina - Yaratganga ayon! Axir baxtli bo‘lish edi-ku orzu? Shunday ekan, shiddat bilan turlanib-tuslanib borayotgan tamaddun dunyoda men nimalar qilib yuribman. Daho ruhshunos yozuvchi Dostoevskiyga o‘z rafikasi qanchalik mehribon va rahmdil bo‘lganligini bilasanmi o‘zi? Dunyoda yor diydoridan, uning visoliga erishmoqdan o‘zga yuksak orzu bo‘lishi mumkinmi, ayting?! Mumkin bo‘lsa, nima ekan u? Xos bir ism topib berolarmiding? Aslo! Senga bu yozgan narsalarim ham qiziq tuyulmasa kerak-a? Shundaymi? Mohiyat – inson go‘zallikka shaydo va o‘ch bo‘ladi degan gapga iqror bo‘ldim. Go‘zallik deganda tashqi ko‘rinishingni nazarda tutayotganim yo‘q. Men uchun birlamchi go‘zallik – QALB! Yuzingda dog‘ing  bormi, demak oysan! Bo‘lmasa kimsan? Qalbingda muhabbat bormi – INSONSAN! Bo‘lmasa-chi? Aytishga uyalib ketaman, uyalib…
O’z kundaligimning birinchi sahifasini     yozib tugatdimu boshimni qog‘ozdan ilkis ko‘tardim. Qo‘llarim shunday qaltirar ediki, tilimga kelgan nimaiki bo‘lsa baqirib aytardim. Ming la’ant o‘qidim…qismatimga. Yozganlarimdan bir parcha o‘qib beraymi? Umuman birovning dil nolasini eshitishni istaysanmi? Mayli, istasang o‘qiganim bo‘lsin: 
Ey, dil! To‘kildim, nuradim, borlig‘im adoi tamom bo‘ldi. Ey gul! Ko‘zlaring shunchalar o‘ychan va ma’yuski, ruxsoring shunchalar tiniq va chiroyliki, ko‘rgan ko‘zimga uyat! Xuddi senga boshqa bir begona nigoh to‘yganicha termulgani kabi men ham qarashga jur’at etdim. Aslida ko‘rish ko‘ngilning taskin va shifosi ekanligini bilib turgan bo‘lsam ham, nega senga qaramay, axir! Umrimda ilk bor topganim va ilk bor yo‘qotganim, visolingga erisholmaganim ham Sen! Senga bir achchiq haqiqatni aytmasam bo‘lmas, men Navoiy kabi nola chekib o‘tsam ham sendan o‘zgasiga hech qachon uylanmayman! O’zga bir ko‘nglining bo‘liq siynasiga bosh urmayman hech qachon! O’zga bir ko‘ngilga dil izhorimni aytmayman, unga uzoq tikilmayman, qalbiga orom, yuragiga tasalli bermayman. O’zga bir inson bilan yostiqdosh bo‘lmayman, tushunyapsansmi?! Mayli meni «devona» desin, «ko‘chadagi gadoga»  chiqarsin, «telbalik kasaliga mubtalo bo‘libdi» desin, ammo nima uchun birovlarning nazar-xotiri uchun o‘z istak va mayllarimdan voz kechib yashashning etagini tutishim kerak? Mumkin emas, bunday bo‘lishi. Men bir narsaga qaror qildimki, umr bo‘yi kutib, kutib va KUTIB yashayman. Shundan menga taskin va tasalli keladi. Shundan menga hayotga ishonch paydo bo‘ladi. Irodamni turmushning achchiqma-achchiq ziddiyatlarida toblay boraman. «Charxning men ko‘rmagan jabru jafosi qolmagunicha» azob va azob bilan yashayman. Qalbim va yuragimga tasalli inadi. Nimadan? Sen menga qoldirgan surat va siyratingdan. Butun borlig‘ingdan. Sen xis tuyg‘u nimaligini bilasanmi? Bilganingda meni biron marta, yo‘q umuman umring bo‘yi tushunarding. Kimning so‘ziga kirdingu bilmadim, ammo senga so‘z o‘rgatgan shapaloqdek tilini kesiblar tashlagim keladi. Inson yolg‘iz dunyoga keladi. Yolg‘iz ko‘ngilning buyruq va amriga bo‘ysunib yashaydi. Yolg‘iz bitta inson bilan yostiqdosh bo‘ladi. Oqibat dunyodan ham yolg‘iz ketadi. Shunday ekan, sen nega o‘z ko‘ngligga, qalbingga, yuragingga quloq solmading? Nechun biron marta o‘z bilganingni qilishga kirishmading? Nechun?!
Yana kimsasiz orolda qolganimdek huvvillab qolgan ko‘ngilga qaytaman u yerda Navoiyning ko‘z yoshlaridan bino bo‘lgan, yo‘q yurak qonlaridan yaralgan dostonidagi ishq satrlari, ISYoNKOR satrlar yordamga qo‘l cho‘zadi. Balki mendirman uni izlab kelgan. «Ishq ichra meni yo‘q ayla yo Rab!» deya Majnunning tilidan nola chekadi. Ojiz va aftoda holga tushadi. Men-chi? Men?..

«Ul tengr oti bila bu noma,
Kim ishq elidin ko‘tardi xoma.

Fardiki yo‘q avval ibtidosi
Hayyiki yo‘q oxir intihosi.

Tog‘ balchig‘i izra jola urgan,
Qum tufrog‘i uzra mola urg‘an.

Har kimniki aylabon pariro‘y,
Ta’n aylagan anga odatu xo‘y.

Hajr emgakini qattig‘ yaratqan,
G’am sharbatini achchig‘ yaratqan.

Ishq o‘tida kimni kuydurib chum,
Ma’shuqig‘a bermagan tarahhum.

Qilg‘an necha oshiq o‘lsa noshod,
Ma’shuqlig‘ iqtizosi bedod.

Oshiq ichi yuz ming o‘lsa parkand,
Ma’shuqni qilmay anga xursand.

Ma’shuqqakim esib nasimi,
Oshiq ichiga solib jahimi!»

Chun bo‘yla bo‘lub fasona pardoz,
Andin so‘ng etib bu nukta og‘oz –

Kim: «Ushb g‘amu alam bayoni,
Jon safxasida bag‘ir nishoni.

Mendinki ichim g‘amingda qondur,
Sangaki  g‘aming tanimda jondur.

Ya’ni: bu junun fasonasidin,
Rasvoliq o‘ti zabonasidin.

Gulruhlar arosida parig‘a,
Anjum aro mehri xovarig‘a,

Ne haddim ila duo degaymen,
Yuz madh bila sano degaymen?

…Bir so‘z bila dardima davo ber,
Nomang bor esa, chiqar menga ber! 

Men shu ko‘yi xotiramning qa’r-qa’riga singib ketgan ishq tarixini titkilayman. O’zimga mos va xos jihatlaridan ovozim boricha baqirib, she’r o‘qiyman. She’r – sen ilohsan! Sen qudratli dengiz kabi toshasan. Goho uchqur ot kabi pishqirasan, olamga jar solasan! Birgina yurakdan chiqadigan ovozing – she’r bo‘lsa voajab? Tangrim qudratingga tasanno! Boshimni egib, ming tashvish va alam ichra to‘lg‘onib yashasam ham DARD sari talpinaman. Undan ayro yashasam xuddiki eng kerakli buyumimni yo‘qotib qo‘ygandek tipirchilayman… Men eng go‘zal tuyg‘ular maskani ko‘ngil xotirjamligi uchun kurashsam ham baribir befoyda! Shoshqaloqlik qilsang ham, sekin yursang ham qismating shu bo‘lsa ne naf! Ne tadbir va tadorig qilmagin,baribir orzuing sarob ekanligini bilib qolasan… Shunga monand harakat qilsang bo‘lmaydimi, deguvchi bir banda yo‘q? Bor, balki o‘zimdirman eng ishonchli habib. O’z qo‘llarim bilan yaratgan taqdir qanday bo‘lardi… Tangrim shunday bo‘l dedi menga! Men shunday bo‘ldim ham shunday ko‘rindim ham…

***

Ey, dil! Kundaligim ham, ko‘nglimdagi sendan darig‘ tutgan izhorlarimni ochik yozishga urinib ko‘rdim… bilmadim qay bir o‘rinda to‘g‘ri qildim, qay bir o‘rinda xatoga yuz tutdim, hammasini bilib-ko‘rib turguvchi zot  - Tangrimdan xijolatliman! Men borlig‘imni dasturxon qilib, nimaga erishdim. Yursam ham, tursam ham sening xayoling bilan yashasam. Shuning o‘zi menga katta boylik va sog‘liq emasmi?! Yaxshimi-yomonmi sevib yashayotgan insonlarning bittasi ekanmidan faxrlanaman. Ammo manzil adog‘ida afsus va pushaymonlik sohilidan chikajagingni bilib tursang ham unga monand qadam tashlay olmas ekansan! Na, chora! Na iloj! Bir kam dunyo! Biri kamidan butun umring xazon va ayriliq olamida o‘tajagini bilib yashayverasan ekan! Emishki, insoni moddiy va ma’naviy dunyo sarhadlarida juda ko‘plab muammolar kutib turarkan… men o‘z izhorimni goh mahzun, goh zabun holimda Senga to‘kib soldim. Mening borlig‘im sochilib ketgan qog‘ozdagi gaplardan sira-sira afsuslanmayman. Qaytamga men o‘zimga bir dunyo tuzdim. Bunga xos ism ham topgandekman – Visolsiz dunyo! Mening dunyom bilan yashamoqchi bo‘lsang mana bo‘shliqdan iborat ko‘nglimga kelishing mumkin. Faqat kuzning achchiq nolalari kechayu kunduz yangragani – yangragan. Xazonlar davrasida faqir holimda faqat va faqat she’rim bilan suhbat quraman: 

Umr ham o‘tganday… 
go‘yo bir kunda
nastarin guliday ochilib so‘ldik,
go‘yo bir nafaslik ravshan quyunda
qalbi so‘qirlarga afsona bo‘ldik,
qushlarni yig‘latgan qora buyuqda
soyamiz qo‘shilib devona bo‘ldik.

… Umr ham o‘tganday…
nahot bir kunda
nastarin guliday ochilib so‘ldik?
bir nafis gul ko‘rdik yovuz jununda,
orzulab ismini armona qo‘ydik,
ismi jismiga mos armona bo‘ldi,
bu gulga tikilib vayrona bo‘ldik…  

Samarqand-Toshkent,  
2009-2011 yillar.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.