OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xurshid Davron. Temurbek va Saroymulkxonim

Ko‘zlar gaplashganda...

Qozonxon qacrda o‘tirib bazmi jamshid qilishdan ot minib ovga chiqish yoki dushman ustiga bostirib borib, qilich chopishni ma’qul ko‘rarkan. Ammo suyukli xotini unga qiz tug‘ib bergan kundan boshlab, bu odatlarini tashlab, kecha-kunduz qizalog‘i bilan ovunishni, u bilan mashg‘ul bo‘lishni hamma narsadan ustun qo‘yadigan bo‘libdi va u kelajakda qizim bir saroy mulki bo‘lsin, deb farzandiga Saroymulkxonim deb ism qo‘yibdi.
Vaqt Qozonxon navqiron chog‘ida yo‘lbarsga qarata uzgan kamon o‘qidek tez uchib, Saroymulkxonim o‘n oltiga to‘libdi. Uning husni-jamolini ko‘rganning hushi boshidan uchib, tili kalimaga kelmay qolarkan. O‘sha davr shoirlaridan biri: “Agar uning husn-jamolini ta’riflamoqchi bo‘lsak, co‘z ojizlik qilib, gunohga botish mumkin, zero qizning latofatini ta’-riflashga qodir so‘zlar dunyoda yo‘qdir”, — deb aytgan ekan. O‘n olti yashar sohibjamol mag‘rur edi, o‘ziga-o‘zi maftun edi. Oyoqlaridagi kumush halqalarni jaranglatib saroy bog‘ida o‘ynab yurar, ne-ne yuraklar bu kumush halqachalar tovushini eshitib hushidan ayrilarkan. Qozonxon suyukli qizining bo‘y yetganini ko‘rib, Micr va Forc, Shomu Iroq, Chinu Mochin, Dashti Qipchog‘u Saqlab, Xurosonu Hindiston tomonlarga karvonlar yo‘llab, eng noyob duru gavharlar, qimmatbaho taqinchoqlar, xos liboslar keltirishga amr etibdi.
Zarbof qabolar, zarrin peshonabog‘lar, ipak kamzullar, dur qadalgan kamarbandlar, sadaf bilan bezatilgan tilla kovushchalar, baxmal, belburma ko‘ylaklar ortilgan savdo karvonlari oshiqib-toshiqib Qozonxon manziliga kela boshlabdi. Genuyaliklar va o‘rislar, qora belbog‘ bog‘lagan armanilar, peshonalariga xol qo‘ndirgan hindlar, bellariga chilvir bog‘lagan juhudlar Qozonxon qasriga birinchi bo‘lib kirish uchun yelib-yugurishar, o‘zaro yoqa bo‘g‘ib janjallashishar, ammo Qozonxon deyarli hamma mollarni sotib olayotganini ko‘rib yana hamdard va hamjihat bo‘lishardi.
Saroymulkxonim o‘n olti yoshga to‘lgan kuni xon qiziga munosib kuyov izlay boshlabdi. Shu maqsadda qirq bir mamlakatga chopar yuborib, shahzodalarni zanjircaroyga chorlabdi. Ammo kelgan shahzodalarning birini qizi yoqtirmas, boshqasini o‘zi yoqtirmay, hammasini rad javob bilan, noumid qaytaribdi.
Kunlarning birida, jasurligi va donoligi bilan mashhur navqiron Temurbek uning saroyiga kirib kelibdi. Bu tashrifdan xon behad kuvonib ketibdi. U qiziga bahosi bir shahar xirojiga teng shohona liboslar kiydirib, bir viloyat xirojiga teng taqinchoqlarni taqdirib Temurbek oldiga olib chiqibdi. Temurbek qizga qarab «yo‘q» degandek bosh chayqabdi. Qozonxon «Temurbekka qizim yoqmadi», — deb o‘ylab, xafa bo‘libdi. Lekin umid uzmabdi. Qizini mamlakatning bir yillik xirojiga teng keladigan, hali ko‘z ko‘rmagan libosu zar-zevarga o‘rab, yana navqiron yigitga ro‘para qilibdi. Temurbek yana «yo‘q» degandek bosh chayqabdi.
Tamom esankirab qolgan Qozonxon xizmatkorlariga bor taqinchoqlarni shu yerning o‘ziga olib kelishni buyuribdi, o‘zi bo‘lsa qizi taqqan taqinchoqlarni yulib ola boshlabdi. Saroymulkxonim birpasda oddiy oq ko‘ylagi bilangina qolibdi. Shunda Temurbek «ma’qul!» degandek mamnun bosh irg‘abdi. Qozonxon esa hayron emish. Shunda navqiron Temurbek yengil bir ta’zim qilibdi-da:
— Xon, go‘zallikka taqinchoqlar yarashmaydi! — debdi.
Bu so‘zlar ma’nosini anglagan oqila qiz boshini ko‘tarib birinchi bor Temurbekka qarabdi. Ikki ko‘z suhbati boshlanibdi. Qizning ko‘zi debdi: «Men shu yigitni bir ko‘rishda sevib qoldim. U qaerga borsa, men ham birga ketaman. U kimni suysa, uni suyaman, kimni yomon ko‘rsa, shuni yomon ko‘raman. U qayg‘ursa, qayg‘urib, kulsa, kulaman. U meni qilichi bilan himoya etsa, men uni muhabbatim bilan asrayman».
Yigitning ko‘zi debdi: «Sen sahro gulidek dilrabosan, oyjamol. Bahor yomg‘irlari yuvgan gul yaprog‘idek yuzlaringda zarra dog‘ yo‘q, oyoqlaringdagi kumush halqachalar tovushini yuragim qo‘shig‘iga jo‘rovoz qilay, oyjamol. Ko‘zlaring tubida jimirlab turgan cho‘g‘ni olovga aylantiray, oyjamol. Seni tulporimga mindirib olib ketay, oyjamol».
Qizning ko‘zi debdi: «Sening tulporing — uchqur, qiliching — keskir, qalqoning — o‘q o‘tmas, yuraging — ochiq, ammo otingni muhabbatim quvib yetgay, qiliching senga bog‘langan ko‘nglim iplarini qirqolmas, ishqim o‘qi sovutingni teshib o‘tgay, yuragingga kiray, begim. Unda necha bahorlar sadosi bo‘lsa, meniki bo‘lsin, necha qishlarning sovug‘i bo‘lsa, ularni isitay, necha kuzlarning hasrati bo‘lsa, ko‘nglimga olay, necha yozlarning tashnaligi bo‘lsa, ko‘zyoshlarimni ichiray... Meni bu yerdan olib ket, begim. Men uchun kaloming bolday shirin bo‘lsin, qo‘lingdagi taft ko‘ksimdagi qo‘rquvni eritsin, hadikni quvsin».
Yigitning ko‘zi debdi: «Sen sahro o‘rtasidagi gulzorsan, oyjamol. Shu gulzor tikanlari meniki. Ko‘zlaring bir juft charosdek, lablaring gul bargidek, qomating shamshoddek... Kaloming — totli, raftoring — latofatli. Olovlar ichida yashagan bir yigitman, bo‘ronlar qo‘ynida adashgan yo‘lchiman, dunyolar ichida yashagan mitti zarraman. Endi sen olov bo‘l, bo‘ron bo‘l, dunyo bo‘l, oyjamol».
Qizning ko‘zi debdi: «Sening tovushingni eshitib dunyoga kelgandayman. Sen yoqib qo‘ygan chiroqni ko‘rib yo‘l topgandayman. Sen aytgan so‘zni izlab yurgandayman... Tovushingni eshitib keldim, endi qanday ketay. Sen yoqqan chiroqni topdim, endi qayga ketay. Sen aytgan so‘zni eshitdim, seni qandoq unutay, begim?»
Ko‘zlar gaplashganda so‘zlar ojiz qoladilar.
Ko‘zlar gaplashganda muhabbat tilmochlik qiladi.
Ko‘zlar gaplashganda dunyoni sukunat bosadi.
Dil dengiz bo‘lsa, ko‘z shu dengizning suvini yorug‘ dunyoga in’om etayotgan chashmadir.
Ko‘zlar so‘zlashganda, ular dillarni ham osmonga ko‘tarib uchadilar: yerdagi dasht yovshanlari islari ham, qasrga kirish uchun navbat talashayotgan savdogarlarning janjal-suroni ham, qasr ortidagi yaylovda bir-biri bilan o‘ynashayotgan arg‘umoqlarning sarmast kishnashlari ham, Qozonxonning hayron nazari ham ularga begona edi.
Ko‘zni yumgil, ko‘zga aylansin ko‘ngil...

Oqila malika

Amir Temur dovul singari o‘zga mamlakatlar tuprog‘iga kirib borib, jangu jadal bilan band bo‘lgan chog‘larida Bibixonim Samarqand saltanatini boshqarar ekan. Mana shunday paytlarda Temur poytaxtida osoyishtalik, adolatu haqparvarlik barqaror bo‘lar, malika yangi qurilishlar boshlab shahar husn-jamolini yana go‘zal etuvchi hashamatli binolar, ilmu fan ahliga homiylik qilib madrasalar, din ravnaqi uchun masjidlar tiklar ekan.
Oqila malika o‘z panohidagi fuqarolarning dilida yashirin yotgan siru asrorni bilmoq, odamlarning quvonchu alamidan voqif bo‘lmoq maqsadida kechalari erkakcha libos kiyib shahar aylanar ekan. U avval bozor maydoniga borib, uyiga shoshilayotgan bozorchilar gap-so‘zini, keyin mozorga borib o‘sha kun kimlar yerga topshirilganini bilib olar ekan, azador oilalarga saroy xazinasidan ul-bul narsa berdirib yuborar ekan.
Har biri naqsh olmadek keladigan yulduzlar falak sahnini yoritgan savr tunlarining birida Bibixonim o‘zi qurdirgan madrasa talabalari yurish-turishidan, ahvolidan xabar olish uchun g‘arq pishgan marvartak tutining hidi anqib turgan madrasa hovlisiga kiribdi.
Hovlini aylanib yurib, hujralarning birida o‘tirgan uch mullavachcha suhbatini eshitib qolibdi. Mullavachchalar kitobu qalamlarini bir chetga qo‘yib, bir-birlariga eng yashirin sirlarini ochayotgan ekan. Suhbat Bibixonim diqqatini tortibdi.
Talabalarning biri — uzoq tog‘ qishloqlaridan kelib o‘qiyotgani va faqir oila farzandi ekanligi bilinib turgan, husni qizlarni tushiga kiradigan darajada ko‘rkam mullavachcha yigit ichki bir armon va havas bilan:
— Eh, qaniydi bir marta bo‘lsayam Bo‘stonsaroy dasturxonida qo‘yiladigan nozu ne’matlardan totib ko‘rsaydim, o‘lsam armonim qolmasdi, — debdi.
Ikkinchi talaba — kelishgan qomatli, o‘qishdan ko‘ra, ko‘proq o‘ziga e’tibor berishga moyilligi ko‘rinib turgan, xushsurat mullavachcha esa, zavqi kelganidan ko‘zlarini yumib aytibdi:
— Eh, qaniydi, Bibixonimdek sohibjamol malika mening ma’shuqam bo‘lib qolsaydi, dunyodan bearmon o‘tardim!
U shu so‘zni aytib, ko‘zlarini ochibdi-da, birinchi sherigi bilan uning siru asrorini indamay eshitib o‘tirgan uchinchi mullavachchaga tikilib kolibdi. Uchinchi talaba — saboq olishdan ko‘ra qilich chopishga havasdorligi ko‘zlarida chaqnayotgan o‘tdan sezilib turgan yigit esa do‘stlariga «Eh, senlarni qara-ya!» degandek bir oz tikilib turibdi-da:
— Shuyam orzu bo‘ptimi? Men Amir Temurdek buyuk Sohibqiron bo‘lishni orzu qilaman! — debdi. So‘ngra, do‘stlari og‘iz ochib qolishganini ko‘rib, miyig‘ida kulibdi-da:
— Ana shunda, — debdi birinchi do‘stiga qarab, — sen orzu qilgan nozu ne’matlar ham va sen... — u ikkinchi do‘stiga qarabdi, — ha, sen orzu qilgan Bibixonim ham meniki bo‘lardi.
U shunday debdi-yu, do‘stlarini qoyil qoldirganini ko‘rib, zavq ila kulib yuboribdi.
Talabalar so‘zini eshitgan Bibixonim bir dam o‘ylanib qolibdi-da, indamay madrasadan chiqib ketibdi. Tong otib, Samarqand minoralarining zarhal naqshlarida quyosh nurlari jilolanib turgan bir paytda qovoqlaridan qor yog‘ilib turgan uch navkar madrasaga kirib kelib, kechasi bir-biri bilan sirlashgan uch mullavachchani Bo‘stonsaroyga olib ketibdi. Gap nimadaligidan bexabar uch yigit yuraklari taka-puka, bir-biriga «Nima gap?», degandek tashvishla qarab turganlarida ularni Bibixonim huzuriga olib kirishibdi.
Saltanat taxtida o‘tirgan Bibixonimni ko‘rgan talabalar ta’zim bajo qilishibdi. So‘ng «buyog‘i nima bo‘larkin?» degan savol ichlarini kemirib, qo‘llarini qovushtirib turishaveribdi. Bibixonim taxtda o‘tirgancha:
— Orzularing bo‘lsa, menga so‘ylanglar, qo‘limdan kelsa, bajo aylayman, — debdi.
To‘satdan berilgan bu savoldan bir oz talmovsirab qolgan talabalar xayoliga barobar bir o‘y kelibdi: tungi suhbatimizni saroy xufiyalari eshitib, Malikaga yetkazibdi-da! — mullavachchalar endi tamom bo‘ldik, deb dag‘-dag‘ titrashga tushishibdi.
Ular jonlaridan umidlarini uzib turganlarida, malika taxtdan tushib kelibdi. Bo‘stonsaroy dasturxoni nozu ne’matlarini orzu qilgan birinchi talabaga qarab:
— Sening orzungga yetmog‘ing mushkul emas, buning uchun seni saroy oshpazining qiziga uylantirib qo‘yaman. Umring oxirigacha saroy taomlaridan bahramand bo‘lish huquqini ham beraman, — debdi.
Malika ohista qarsak chalgan ekan, oldindan tayyorlab, rozi-rizoligi olingan saroy oshpazi va uning qizini hamda mullani boshlab kirishibdi. O‘sha zahoti nikoh o‘qitilibdi.
So‘ng malika: «Bibixonimday sohibjamol xotinim bo‘lsaydi», — deb orzu qilgan yigitga qarab bunday debdi:
— Men buyuk sohibqiron Amir Temurning jufti haloliman. Biroq, go‘zal bir kanizagim bor, husnda Movarounnahru Xurosondagina emas, Shomu Iroqdayam tengi yo‘q. O‘sha sohibjamol sening haloling bo‘lsin.
Bibixonim ohista qarsak chalgan ekan, husni ko‘r ko‘zni ochishga, ochiq ko‘zni ko‘r qilishga qodir bir go‘zal qiz kirib kelibdi. Uni ko‘rgan yigitning esi og‘ib qolishiga oz qolibdi. Mulla kanizakni talaba yigitga nikohlab qo‘yibdi.
— Sizlarga Konigildagi bog‘imni in’om qilaman, — debdi malika kelin bilan kuyovga. — Bugun oqshom o‘sha bog‘da to‘y bazmini qilg‘aymiz.
Shundan keyin baxtdan mast bo‘lib turgan do‘stlariga takabburona qarab turgan, Temurdek buyuk Sohibqiron bo‘lishni orzu qilgan uchinchi yigitga qarab, Bibixonim shunday debdi:
— Sening ishing bularnikidan osonroq... — Malika bu so‘zni aytib biroz sukut qilibdi-da, yana so‘zlabdi. — Balki og‘irroqdir.
Bibixonim uchinchi bor qarsak urgan ekan, xos navkarlarning biri qilich bilan sovut olib kiribdi. Malika yigitga qarab:
— Amir Temurni sohibi saltanat qilgan mana shu qilich bilan sovuti hamda yuragidagi olov. Men senga qilich bilan sovutni in’om qilurman, yuragingda o‘t bo‘lsa, u yog‘i o‘zingga bog‘liq, — debdi.
Tez orada saroyda bo‘lib o‘tgan bu g‘alati voqea butun saltanatga yoyilibdi. Yetti kun deganda qirq kunlik masofada turgan Amir Temur qulog‘iga ham yetib boribdi. Malika va uch mullavachcha haqidagi gaplarni eshitgan jahongir xotinining oqilaligiga yana bir bor tahsin o‘qibdi. Quvonchini yashirolmay tabaccum qilibdi — Camarqanddan chiqqandan beri Amir Temur tishini oqini ko‘rmagan boyonlar bu cirning cababini bilmay boshlari qotibdi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 15-sonidan olindi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.