OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xurshid Do‘stmuhammad. Mirkomilboyning qazo bo‘lgan namozi (hikoya)

Izvosh guzardan o‘tib katta ko‘chaga burildi hamki, Yoqubxo‘jadan sado chiqmadi. Boy ikki-uch daf’a hamrohining avzoiga zimdan ko‘z yugurtirdi. Yoqubxo‘janing qaddi unikidan yarim qarich tik, shu bois u o‘tirgan holida ham xiyla salobatli ko‘rinadi. Odamlar, «Yoqubboyning shaxsiy qo‘riqchisi» deb gap tarqatishdi, «Mirkomil uning izmidan chiqmaydi» deganlar ham bo‘ldi. To‘g‘ri, Yoqubxo‘ja ko‘z ochib topgan maslahatgo‘yi bo‘lmasa-da, uncha-bunchani xushlayvermaydigan Mirkomilning ishqi shu odamga tushgan, binobarin, yonida doim uni olib yurishga odatlangan edi. Haqiqatan, uning Yoqubxo‘jadan yashirgan-netgan siri bo‘lmagan.
Surishtirib kelganda, Mirkomil kimdan, nimani sir tutgan, o‘zi!.. Quv yoxud makkor bo‘lganida rahmatli otasining Makka va Madinada takya qurdirish niyatida o‘ttiz ming tillo vasiyat qilib qoldirganini uezd hokimiga aytarmidi?! Soyasidan cho‘chisa, hatto o‘z pushti-kamaridan bo‘lgan o‘g‘il-qizlaridan hadik-xavotirda yashasa yetti yot begona, buning ustiga g‘ayridin Iskandarni* gumashta qilib olarmidi?! Ikki ko‘zning biri yanglig‘ yonidan uzoqlashmaydigan Yoqubxo‘jadan ham gumondor yursa, uni do‘stmi-dushmanmi deya bosh qotirsa… odamning har narsa bo‘lgani yaxshi emasmi!.. Yo‘q, Mirkomil bunday mujmallikka toqati yo‘q — u jini suyganga ham, suymaganga ham dilidagini yamlamay aytgan.
Izvosh ko‘tarmadagi zavod ko‘chasi muyulishiga yetdi, boy «ana yorilar, mana yorilar» degan o‘yda hamrohining quyuq soqoliga qarab qoldi. Shunda:
— To‘xtat, izvoshni!.. — deya hayqirdi boy.
Bir maromda yo‘rg‘alab borayotgan qo‘sh-ot suvlug‘i tuyqus siltab tortilganidan pishqirib, tumshug‘ini to‘shiga bosguday boshini qiyshaytirib to‘xtadi.
Izvoshchi «nima gap» deya ortiga o‘girilib ulgurmay, boy tosh yo‘lga sakrab tushdi. Izvoshchi ham, Yoqubxo‘ja ham boyning muddaosini tushunmay, uning izidan qarab qolishdi.
Mirkomil katta-katta qadamlab, qop orqalagan kishining tepasiga bostirib bordi. Og‘ir yuk ostida ikki bukchaygan kishi boyni ko‘rdi-yu, ko‘sak to‘la qopni «to‘p» etib yerga tashlaganicha tili kalimaga kelmay, qo‘rqqanidan salom berishni ham unutdi.
— Qayoqqa obketyapsan, ko‘rnamak?!—O‘takasi yorilgan kishi duduqlandi. Boy uning javobiga muhtoj emas edi.— Kuppa-kunduzi or qilmadingmi?!
Changga belangan, yag‘iri chiqqan oq yaktagining yengini bilagiga qadar shimargan ishchi quloq-chakkasiga bexos tushgan tarsaki zarbidan chayqalib borib devorga suyanib qoldi...
Izvosh zavod darvozasining ro‘parasiga yetgandagina Yoqubxo‘ja tilga kirdi:
— Chakki qildingiz, aka...
Hali g‘azabi so‘nib ulgurmagan Mirkomil «sen mahmadonalik qilma» degan ma’noda hamrohiga qattiq o‘qraydi. Yoqubxo‘ja esa boyning jahli chapaqay chiqqaniga yarasha bosiqlik bilan bo‘lsa-da, o‘pkaladi:
— Ashi, bir qop ko‘sakni kuppa-kunduzn o‘marib chiqishiga nima majbur qilganini surishtirmadingiz-ku... Jo‘jabirday jondir, hoynahoy...
Izvoshchi otning yag‘riniga tarsillatib qamchin bosdi. Mirkomplboyning o‘ng qoshi tepaga sapchidi.
— Jo‘jabirday jon bo‘lsa oilasini o‘g‘irlik orqasida boqqani ma’qulmi?!
Yoqubxo‘ja darhol javob qaytarmadi, izvosh zavod hovlisiga kirib to‘xtagachgina boyagi o‘pkalapgannamo ohangda muloyimlashib dedi:
— Odamlardi ko‘ngliga qarang-da, aka... Haq gapni aytaman deb... u yoqda Temurhojini izza qipsiz...
Temurhojini izza qilgani rost. Izza qilmaslik uchun haq tapni aytmasligi kerak, aytmasa... axir, Mirkomnlning xusumati yo‘q, talashgan mol-holi yo‘q, uni jin uribdimiki, Temurhojiga dushmanlikni sog‘insa!..
Nima bo‘ldiyu, ellikboshi ko‘cha boshida yo‘liqib, «Taqsir, qozilikka Temurhojini mo‘ljallagandik, siz nima deysiz?» deb so‘radi. Mirkomil ortiq o‘ylab turmadi, «Xoji halol odam, yurtning xizmatini qilsin» dedi-qo‘ydi. Oradan uch-to‘rt kun o‘tmay eshikka yuqlab kelishdi. Boy tashqari hovliga chiqsa, supa yonida ellikboshi bilan yangi qozi — Temurhoji qo‘l qovushtirib turibdi.
— Kelinglar, kelinglar! Qani, ichkariga,— dedi boy mehmonxonaga chorlab.
Mexmonlar oyoq tirab turib olishdi. 
— Birrov kirdik,— dedi o‘ng‘aysizlanib ellikboshi.— Ashi, hojingiz sira qo‘ymadi... Bir niyat qilgan ekan...
Ellikboshi gapini adog‘iga yetkazgunicha qozi tutunning bog‘ichini yechib, zarbof to‘nni qo‘liga oldi. Mirkomilboy keluvchilarning muddaosini tushundi.
— E, barakalla-a!—deb yubordi u boshini chayqab. Mezbon mamnun bo‘ldi, degan o‘yda harakati dadillashgan mehmonlar to‘nni qo‘lga olib ulgurmay boy muddassini oydinlashtirdi:
— Bu ishlaring durust emas... Bnr og‘iz rizoligim evaziga hadya keltiribsizlarmi, undan chiqdi, rizolik bermagan taqdnrimda ortimdan tosh otar ekansiz-da?!
Temurhoji ikki qo‘llab tutib turgan to‘nni tushirib yuborayozdi. Ellikboshi tushunuksiz g‘o‘ldiradi:
— Yo‘g‘-e, taqsir!.. Biz... hojingiz, oq fotiha olay deb...
Mirkomilboy o‘ziga yetgancha qaysar ham edi — u ellikboshining tutilib-bo‘g‘ilib gapirishiga quloq solmay, ko‘nglidagini oxirigacha aytdi:
— Xushomadni bandaga emas, Xudoga qilinglar!..

Yoqubxo‘ja bo‘lsa, «to‘g‘ri gapni aytaman deb dushman orttirasiz» deydi. Haq gapni aytgani uchun dushmani ortadimi?.. Haq gapni aytish dushmanlikmi?.. Axir u kimga, qaysi, hamyurtiga yomonlikni ravo ko‘rdi?!
Fe’l-atvori shunday ekan, nachora, bir yumalab bo‘lak odamga aylanib qololmasa! Haqdan voz kechib har kimning ko‘ngliga qaray olganida bir uy boyvachchaning betiga oyoq qo‘yguday ish qilmas edi. Endi afsuslanish, pushaymonlar qilish oson, lekin... tabiatidagi kajbahslikdan qutulish fursati jon chiqar vaqtiga qoldi...

Ubaydulla junfurush Maylisoydagi zavodiga ikki qur kelib uyiga taklif qilib ketdi. Aytilgan kuni Yoqubxo‘jani ergashtirib borganida bir uy mehmon gurra qo‘zg‘alib Mirkomilning hurmatini bajo keltirishdi. Boy, yonida Yoqubxo‘ja — uyning to‘riga o‘tib joylashib o‘tirib olguncha yig‘ilganlarning qanday odamlar ekanligini, hatto bir-ikkisi o‘zaro ma’noli ko‘z urishtirib olganigacha payqab ulgurdi. Derazaga yaqin o‘tirgan G‘afurjonning tusi gezardi. Berida — G‘afurjonning amakisi Hoshimboy, so‘ng paxta tijoratini endi-endi yo‘lga qo‘yayotgan Nig‘monbek! Ularning hech birida Mirkomilning xusumati yo‘q, xusumat qayda, yig‘ilganlarning hech biri Mirkomil bilan bellashadigan sarmoya jamlamagan, shu ma’noda ham bu davraning posongisi Mirkomilboy uchun xiyla yengillik qilishi ayon edi.
Mirkomil sir boy bermadi. Iliqqina suhbatga goh qo‘shilib, goh so‘zsiz bosh irg‘ab o‘tiraverdi. To‘satdan Hoshimboy gurung mavzuini buzdi:
— Zakot — farz! Zakotdan bo‘yin tovlash benamozlikdan kam bo‘lmagan gunohi kabir!
Mirkomil umr bo‘yi loyning ichidan chiqmagan kulolday rangi zahil Hoshimboyning aftiga chimirilib qaradi. Yoqubxo‘ja quyuq qora soqolini qo‘l uchida siypaladi.
Gapga gap ulandi, suhbatga g‘iybat, fisqi fasod aralashdi. Kim og‘iz ochsa, aytganiga Mirkomildan tasdiq ishorasini kutar, boyning avzoidan esa na e’tirof, na-da e’tiroz ma’nosinn uqib bo‘lardi. Nig‘monbek ham gurungga qo‘shildi:
— Zakot to‘lash niyatidagi odamning ko‘ngli toza bo‘lmog‘i lozim, — dedn u xotinchalish ovoziga zo‘raki salobatli tus berishga urinib.— Bizlar-ku, mayda... davlatmandlikni havas qiluvchilar, xolos... errayma** boylar orasida ham zakotga xiyonatkorlar bor ekan...
Mirkomilning tishiga og‘riq turganday ko‘zini bir zum yumib-ochdi-yu, sir boy bermaslikka urinib, ikki barmog‘i bilan iyagini chimdib oldi.
— Nig‘monbek!..
Kelishganidan beri ilk bor ovozini baralla qo‘yib murojaat qilgan Yoqubxo‘janing salobati hammani jim qilib qo‘ydi. Odatda, Yoqubxo‘ja gapni boshlab qo‘yib, xiyla fursat sukut saqlar, aksari hollarda, shunday sukutining o‘ziyoq buzuq niyatli suhbatdoshni ancha sarosimaga solib qo‘yar edi. Bu safar ham u xuddi gap boshlamagan odamday jim, labini qimtib ko‘zoynagi ostidan Nig‘monbekka qadalib qaradi. U qaytib tilga kirgunicha Nig‘monbek necha qizarib-necha bo‘zardi. Nihoyat, Yoqubxo‘ja sukut bilan azoblash «mashqi»ni maromiga yetkazgach, so‘radi:
— Bu, kichkintoyni kulala qildilarmi? Nig‘monbekning badanidan sovuq ter chiqib ketdi.
«Yomon chikitti-ku,*** ablah!» deb so‘kindi ichida.
Mirkomil yengil tortganini sezdirib qo‘yish ma’nosida bir qo‘zg‘aldi. Nig‘monbek o‘tgan yilning jadyi kunlari o‘g‘il ko‘rgan, boyning hurmati uchun unga «Komiljon» deb ism qo‘ygan edi. Endi Mirkomilga piching qilib, uni yomonotliqqa chiqarmoqchi... Mirkomil esa...— «o‘sha hurmati chinmi, manavi pastkashligimi?» deb mana, oradan besh yil o‘tgach, mulohaza posangisiga qo‘yib-olib, olib-qo‘yib ko‘rayapti... Og‘ziga kuchi yetmaganlar, «Mirkomil ayrim daromadlaridan zakot to‘lamaydi» deb ovoza qilgani boyning qulog‘iga yetgan, shuni esladi-yu, o‘sha mashvaratning nishabi qay tomonga og‘ganini o‘sha paytda qisman va hozir to‘la-to‘kis payqab yetdi. To‘kin dasturxon tevaragida o‘tirganlar pinhona ko‘zlagan muddao amalga ko‘chayotgandek baravariga boyning og‘ziga tikildi. Mirkomil hech bir davrada so‘zini yo‘qotmas, umuman, tili qisiqlik nima ekanini bilmas edi.
— Zakotdan bahs ketdi-i. Yaxshi... Ashnaqa munozaralar boshlaganda...— dedi u hafsalasizlik bilan beparvo ohangda va «tortishib o‘tirishga arzimaysanlar» degandek, to‘satdan gapning dumini yuldi:
— Zakot-ku, farz, illo zakotning oldida nima bor?..— Boy savoli javobsiz qolishinn aniqlashtirib oladigan fursat jim bo‘ldi-da, o‘tirganlarning jon-jonidan uzib oldi:—Ashnaqa-da, zakotdan avval ushr bor... Zakot to‘lovi xususida erraymalik qilishdan burun ushrni tushunib qo‘ysinlar...
Tijorat so‘qmog‘ida endi atak-chechak qilayotgan hamyurtlari, dindoshlari bu borada katta-katta ko‘chalar ochib ulgurgan Mirkomilning oyog‘iga osilishlari ne uchun kerak bo‘ldi?.. Axir boy ularning mushugini «pisht» demadi, aksincha, qaddini rostlab olsin degan murodda nechtasiga qarz berdi... faqat G‘afurjon omonatga xiyonat qildi, ish qozigacha yetdi...
Nahotki, shu dushmanlik bo‘lsa?! Kimsan, Mirkomilboy shuncha davlat, shuncha izzat-obro‘yni nahotki o‘z xalqiga dushmanlik nnyatida to‘plagan bo‘lsa?.. Agar u o‘z humshaharlariga g‘ayirlik qilsa, Ubaydulla junfurushnikida yig‘ilganlarga: «Bir farangi boyning zavo‘dini Anjanga ko‘chirib keltirmoqchiman. Ashining maslahatiga boraman», deb aytarmidi!.. Axir o‘sha paytlarda barcha boylar topganini xorijga sotish bilan band, zavod qurish hech kimning yetti uxlab tushiga kirmagan, behisob daromad keltiradigan bunday niyatni hech bir boy oshkor etmas edi. Lekin Mirkomil shunday qilmadi. Aytdi. «Bilsa bilsin, uddasidan chiqqanlar harakatga tushsin», dedi... Dediyu o‘ziga do‘st emas, g‘anim orttirganini, u g‘animlar o‘zga yurtlardan kelib yurtni, diyorni bosib turgan o‘rislar emas, o‘zining o‘zbeklari ekanini... juda-juda kech bildi.
Ko‘pni ko‘rgan Mirkomildek uddaburon inson ham omadi kulib boqqan odamni begonalar emas, avvalbosh o‘z yaqinlari ko‘rolmasligini juda-juda kech angladi. Anglaguniga qadar... hamyurtlari joniga ora kirish, ularni o‘ris istibdodidan himoyalash yo‘llarini izlab, sa’y-harakatlardan tolmadi. Kultepaga masjid, madrasa, musofirxona, kasalxona, hammom qurishni rejalashtirganida o‘zining manfaatini ko‘zlamadi, aksincha halovatidan ayrildi: shahar hokimiyati viloyat hokimiyatiga, viloyat hokimiyati o‘lka gubernatrrligiga ruxsat so‘rab noma yo‘lladi. Yig‘inu muhokamaning adog‘i ko‘rinmasa ko‘rinmadiki, ish joyidan siljimadi. Uezd mahkamasidagi yig‘inga boyning o‘zini taklif etishdi.
— E-e, Mirkomnl Mirmo‘minbaev o‘zlyarimi?— ko‘zoynagining tepasidan mo‘ralab savol qotdi hashamdor stol yuqorisida o‘tirgan semiz yuzli, harbiycha engil-boshli kishi. Bu bepisand gap boyga og‘ir botdi. Harbiycha libosli kishi savolini davom ettirdi:—Ta-aks, bu, straitelstvaga tsel nema? Sel-l?!
Mirkomil haybatli, uncha-buncha inson zoti yaqinlasha olmaydigan bunday mahkamalarda shu qadar sayoz, bema’ni savollar berilishi mumkinligini tasavvuriga sig‘dira olmas edi. U hayratidan yoqa tutib turganida, boshliq tatarbashara kishi tomonga shox tashlab so‘radi:
— Selni nima aytamiz?
— Maqsad, muddao,—javob qildi tatarbashara kishi.
— Aytmoqchiman... Maqsad, muddao‘ nima qurishdan?.. Avtoritet...— tatarbashara kishi, «obro‘» deb ilova qildi. Boshliq takrorladi: — Abru kerakmi-i?..
Endi Mirkomil ko‘zlariga ishonmadi. Tushuntiray desa, boshliqning stoli ustidagi semiz qog‘oz taxlamida ko‘zlagan barcha niyatu maqsadlari qayta-qayta bayon etilgan. Tushuntirmay desa, so‘lqillagan lunjini osiltirib o‘tirgan boshliq merovroqmi?..
Boy o‘yini o‘ylagunicha o‘zini atayin dovdirtabiat qilib ko‘rsatayotgan boshliq, qog‘oz taxlamini varaqlay-varaqlay, chekkasiga ikki qat qalin chiziq tortilgan sahifasini ochib, Mirkomilga sinchkov bo‘zraydi. Yuzi, lunji taranglashib qizardi va labini qimtib, lunjini shishirib tatarbashara kishiga nimadir deb po‘ng‘illadi. Tatarbashara kishi bir qo‘zg‘olib olgach, chala-chulpa o‘zbekchaladi:
— Bu qurayotgan uchrejdinlar faqat sartlarg‘a xizmet qilamish ikan, kasalxonada tolko sartlar lechit qilar imish, hammomg‘a paqat yerlik aholi polzovatsya itarmish. Bu qanday gap bo‘lay?!
Mirkomilning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi — musulmonlar kasalxonasining talablarini, musulmonu kofir bir hammomda yuvinishi oddiy insoniy odobga xilofligini tushuntirmoqchi edi, birdan niyatidan qaytdi — u ko‘nglida tug‘ilgan toza niyati ne sababdan besh-olti yildan buyon cho‘zilayotganini, harchand urinmasin, rahmatli otasining vasiyatini ro‘yobga chiqara olmagani boisini to‘satdan — favqulodda anglab yetdi. Endi o‘ylab ko‘rsa, harbiycha kiyingan boshliq ilonning yog‘ini yalagan ekan. U tarvuzsimon yumaloq kallasini sarak-sarak qilib kulib-tirjaydi va:
— Vot, bunda,— dedi stol javoniga imo qilib.— Ku-up sevedenilar kitirganlar. Tak chto... shutka ketmaydi, bay! Davay, drujno, a to!.. .
Mirkomil o‘rischani chala-yarim gapirar, uncha-buncha tushunsa-da, o‘zini bu tildan mutlaqo bexabardek tutar, shu «hiylasi» ayrim o‘rinlarda ish berib qolar edi. O‘sha safar uezd mahkamasidan chiqib ketdi hamki, bir necha kunga dovur qulog‘ining tagidan, tilining uchidan «drujno» degan so‘z arimadi. «Drujno, drujno... do‘stona, ittifoq, birlik... har kim uddasidan chiqqan yaxshiligini ayamasa, savobni ko‘zlasa, shum niyat bo‘lmasa... Shu-da, do‘stona yashash!.. Savob istasang-da, savobing boshqalarga gunohdek botsa, u holda kim do‘st-kim dushman?! Sevedeniesi ko‘p emish. «Ku-up sevedenilar kitirganlar» dedi. Hay, istibdod maqsadida kelgan o‘sha harbiy boshliq toifasidagi qorni, miyasi to‘la g‘araz odamlardan ginasi yo‘q, lekin unga kim sevedeni keltirgan?.. Mirkomilboy haqida ko‘plab sevedenilarni kim unga yetkazishi mumkin?.. Iskandardan shubhasi yo‘q, uning atrofida aylanishadigan boshqa g‘ayridin bo‘lmasa, u holda kim uni sotadi, kim?..» Turli davralarda yig‘iladigan barcha tanish basharalarni birma-bir ko‘z o‘ngidan o‘tkazdi — boshi qattiq qotdi.
Mirkomilboy ko‘nglining bir chekkasida aylanishayotgan shubhani ilg‘adiyu, ilg‘agani tiliga ko‘chishidan qo‘rqib, o‘zini chalg‘itishga tutindn. Tutinsa-da, «Nahotki?!» deb takrorlayverdi.
Rotmistr Rozalion qalin muqova orasidan tepasiga «Chaquvlar» deb yozilgan varaqni olib, uni daxani ingichka polkovnikning stoliga qo‘ydi. Xona sohibi varaqqa erinib ko‘z yugurtirdi.
— Ishonchlimi?..— homuza tortib so‘radi u.
— Har xabariga mo‘may-mo‘may olayapti, janobi oliylari!
Polkovnik «chaquvchi» degan yozuv to‘g‘risidagi ismni o‘zicha shivirladi:
— Kel-di...— o‘qib bir zum o‘yga cho‘mdi-da, barmog‘ini nuqib turib so‘radi: — Manavining o‘zi nazoratdami?
— Xuddi shunday, janobi...
Polkovnik «bas» deganday kaftini qulog‘iga bosdi. Gapi bo‘g‘zida qolgan rotmistr tisarilib tashqariladi. Eshik yopilar-yopilmas polkovnikka jon kirdi — u o‘tirgan joyidan enkayib javondan qog‘oz tiqilaverganidan semirgan papkani oldi, ochdi va oxirgi varaqlarga ko‘z yugurtirdi. Shoshib, yutoqib undagi so‘zlarni hijjalab, yangi keltirilgan varaqdagi yozuvlarga solishtirdi:
— Ta-aks... Qori chakki emas... Komilboyni Toshkangacha qo‘shni kupeda kuzatib borgan... Boy Toshkanda Olimjonboev ismli kupes bilan uchrashgan... Ta-aks... Olimjonboev haqida... Mana, Sodiq keltirgan... To‘xtaboy Olimjonboev!.. U bilan ham alohida shug‘ullanamiz! Ta-aks, boyning sarf-harajati, bankdagi davlati Keldining nazoratida... Ta-aks, yaxshi!..
Polkovnik yangi keltirilgan varaqni qayta boshdan nazardan o‘tkazayotib bosh chayqadi. «Bundan xabarimiz bor», dedi shivirlab. Shu payt telefon jiringladi. Polkovnik zo‘r bir mamnuniyat bilan telefon dastagini qulog‘iga bosayotib, qomatini rostladi.
— Polkovnik Soshalskiy eshitadi!
U tinimsiz bosh irg‘ab nimalarnidir tez-tez qog‘ozga qayd qildi. Nihoyat, ko‘rsatmalar tugadi shekilli, to‘satdan ovozini ko‘tarib: «Bor, janobi oliylari!» dedi topishmoq topgan boladay qariyb hayqirib, so‘ng oromqursining qirg‘og‘iga ketini ilintirib o‘tirdi-da, yangi ma’lumotni cho‘qib-cho‘qib hijjaladi:
— Anjanning uchinchi qismida yashovchi Madrayimhojinikida... yig‘in bo‘ldi. Mirkomilboy raislik qildi... Mazmuni — sart o‘g‘lonlarni soldatlikka jo‘natmaslik maslahat... Da’vat... ha-ha, yozma da’vat tayyorlangan!..
Polkovnik jim bo‘ldi. Bir ozdan so‘ng yana gapirdi:
— Ha-ha, ertasiga... mana, bor-bor, saharlab Mirmo‘minboev poezdga minib Skobelevga jo‘nagan. Farg‘ona gubernatorini qo‘lga olishga uringan... Nima dedingiz?.. Ma’lumot keltiruvchilarmi... Xa-xa-xa-a!.. E-e, janobi oliylari, bu sartlarga-chi, to‘rt tanga bersangiz Mirkomil degan boy ekanu, o‘zining otasini sotadi!.. Hi-hi-hi!.. O‘zimizning xufiyalarga ish qoldirmaydi bular!.. Rozalionning bir o‘zi, ha, balo u, bir o‘ziga yigirmatasi tinimsiz ma’lumot yetkazib turadi. Ha-ha, hammasi bir-birining ketidan qo‘yilgan... Xotirjam bo‘ling, janobi oliylari!..

* * *

Mirkomil tonggi g‘ira-shirada yuk vokzali yaqinidagi tepalik yonbag‘ridan xandaq qaziyotib Madraimhojinikidagi yig‘inni, uning ertasiga Skobelevga borganini ham esladi. Harbiy hokimning eshigida uzoq sarg‘ayib o‘tirdi, alhol, uni hokimning muovini qabul qildi.
— Anjandan qancha mardikor olasiz? — so‘radi u gapni cho‘zmay.
— Nima edi? — o‘smoqchiladi muovin.
— Barining haqini to‘laymiz! Bizning yigitlar Rassini o‘rmonlarida jon saqlab yasholmaydi. Sovuq!..
Muovinning rangi gezardi.
— O‘-o‘!.. Davlatingiz shunchalik ziyodami?..— deb yubordi entikib.
— Borini beraman... To‘laymiz, lekin bironta farzandimizni jo‘natmaymiz!..
Mirkomil zimdan ish bitiradigan quv tabiatli odam bo‘lganida harbiy hokimga kelib bor niyatini to‘kib socharmidi! Shunday odam bo‘lgani uchun ham Sodiq, Qori, Keldi... ismli yurtdoshlari, dindoshlari ketida ilashib yurishi, bosgan qadami, aytgan so‘zini oqizmay-tomizmay peshma-pesh yetkazib turishi mumkinligini sira-sira tasavvuriga sig‘dirolmas, bu shubhasinn hatto hozir hazm qilolmayotgan edi. Lekin, mana, o‘ylaydigan payti keldi, hayot shunday ekan-da, vo ajab! Hatto eng ezgu, savobli orzu-niyatingga yetishmoq uchun ham hiylakorroq, makkorroq bo‘lishga majbur ekansan. Aks holda, tubanlik va makkorlik pardasi bilan himoyalanmagan eng toza va halol niyatlaringga hayotning o‘zi muttasil tupurib, ularni oyoq ostida toptab, tuproqqa qorishtirib o‘tar ekan.
Ehtimol, Mirkomil shu achchiq haqiqatga rioya qilganida surgunma-surgun, qamoqma-qamoq sarson-sargardon bo‘lmas edimi!.. Atrofida laycha itdek gir-gir aylanib, do‘q-po‘pisa qilayotgan askarchaning izmiga bo‘ysunib shu saharmardonda loy aralash tuproq kavlamayotgan bo‘larmidi?! E-eh, falak!..
Loaqal Istanbulda Anvar poshshoning maslahatiga quloq solganida...
— Turkistondan umidni qo‘poring, Mirkomil sayim, bizim yurdda qolabilursingiz,— degan edi Anvar poshsho.
— Men bu yerda qolsam, bolalar-chi, oilamning ahvoli ne kechadi?—deb e’tiroz bildirdi Mirkomil.
— Jujuqlardin, nasllardin-da qayg‘urmang, sayim. Inshaalloh, ularni-da, bu yerda go‘tarajakmnz. Ota yurdimiz huriyat edana qadar bizim Istanbulda yashaya biluringiz.
Mirkomil go‘yo Anvar poshshoning taklifiga rozilik bergandek bo‘ldi-yu, ichida nimadir uzilib ketdi, qo‘l-oyog‘idan mador qochdi.
— Jujiqlarni, nasllarni ko‘chirib kelarmiz, poshsho hazratlari,— dedi Mirkomil qahratonda qolgan odamday sovuqqotib.— Lekin vatanni qanday opkelamiz?.. Vatanni ko‘chirib bo‘lmaydi-ku!..
Endi o‘ylasa, o‘shanda Mirkomil ichidan yomon zil ketgan ekan, ko‘ksining allaqaerida «chirt» etnb uzilgan narsa endi butuk vujudiga tarqagandek bemador-bemajol... o‘y-xayolga g‘arq, qo‘li ongsiz, shuursiz tuproq qazir edi, xolos... To‘ylarda g‘archli bachkana etik kiyib xotinchalish raqsga tushadigan bachchalardek girdikapalak bo‘layotgan askarcha mahbus qaziyotgan chuqurcha odamning beliga kelish-kelmasligini chamaladi-da, dam chuqurga dam chor-atrofga alang-jalanglab olgach «Bo‘ldi, yetadi!» dedi.
— Endi kuningiz bitdi, boy,— dedi u to‘satdan o‘dag‘aylab.
Mirkomil qulog‘iga ishonmay askarchaga o‘girildi. O‘girildiyu, qoshi chimirilib, yuragida sanchiq qo‘zg‘adi. G‘udranib, so‘kindi.
— Qomiljon aka, shoshiling, qochishdan bo‘lak iloj qolmadi! — dedi qo‘lga olingan kunga o‘tar kechasi uyiga yashirincha kelgan do‘stlaridan biri.
— Tinchlikmi?—bamaylixotir so‘radi Mirkomil.
— Ertaminan sizni hibs etishga buyruq bor. Bolshovoylarning niyati buzildi.
— Niyati buzilsa menga nima?.. Mening niyatim buzuq emas-ku! Hibsga necha qayta oldi, tag‘in chiqib kelaveraman-da!..
— Gapni cho‘zmang, aka, tong otmay Anjandan chiqib ketasiz. Zudlik bilan Afg‘onga yoxud Turkiyaga jo‘naysiz. Xo‘p, deng!..
Mirkomil qaysar edi — xavotirni his etmay miyig‘ida kuldi.
— Afg‘onminan Turkiyada Xudo boshqami?.. Hamma yerda Xudo bir, peshonada borini har yerda-da, ko‘raveramiz...
Do‘sti yig‘lab yubordi, saharda — kun g‘ira-shira yorishmay esa — boyni olib ketishdi hamki, mana, uch oy o‘tayapti: na so‘roq bor, na javob! Mana endi mishiqi askarcha bola «kuningiz bitdi» deb miltiq o‘qtalib turibdi.
— Yo, rahmdil egam,—deb yubordi Mirkomilboy,— kimlarning qo‘liga topshirding qulingni?!
— Inqilobiy tribunal qo‘liga!— bidirladi askarcha. Mirkomil hibsxonadan olib chiqishganidan buyon ketida kelib xandaq qazigunicha besh-olti odim narida «churq» etmay bosim tamaki tutatib turgan o‘rta yoshlardagi ko‘zlari moviy soqchiga ma’nosiz tikildi. U hamon jim edi, o‘zbek bola yana bidirladi:— Hukm bor, hozir, ashetta bajo keltiriladi!..
— O‘ylab gapirayapsanmi? Valdirayvermay, otingni ayt, bola?
— Menga do‘q urmang, Mirmo‘minboev! Askarni haqoratlash — inqilobni haqoratlashdir!..
— Otangdi otini bilasanmi?
— Otamdi otini nima qilasiz surishtirib, baribir otilasiz!..
Sahar epkini esdiyu, Mirkomilning dimog‘ini yangi qazilgan tuproqning yoqimli isi qitiqlab o‘tdi. Boy yuzini xandaq tomon burdi. Askarcha hamon nimalardir deya bidirlayverdi.
— Menga suv keltir, tahorat olay!—cho‘rt kesdi uning gapini boy.
Askarcha bir zum vaysashdan to‘xtadiyu, ovozini baralla qo‘yib xaxolab yubordi. Zum o‘tmay qo‘qqnsdan kulgini bas qildi, birdan jiddiy tortdi. Turqi gezarib, jussasi inqilobiy tus oldi.
— Nimalar deyapsiz, boy! Buyruq qiladigan davringiz o‘tdi. Endi po‘pisangiz ketmaydi!
Mirkomil og‘ir burilib, askar va askarcha tomon o‘girildi, uning mosh-gurunch mo‘ylabi asabiy titrar edi. Afsus-nadomat o‘rnini adoqsiz va og‘ir o‘ychanlik egallayotgan nigohini ko‘tarib askarchani bosh-oyoq kuzatdi. Mahbusdagi bunday o‘zgarishni ko‘rib hayratini yashirolmagan moviy ko‘z soqchi, nihoyat, askarchaga qarab do‘rilladi:
— Nima deyapti?
— «Suv keltir» emish! Tahorat qilarmishlar! Tahoratni ashiyoqda qiladi, endi!..
Moviy ko‘z soqchi tutaqib ketdi.
— Odamning bolasimisan, mol?! O‘zingning sarting bo‘lsa, musulmon bo‘lsalaring, oxirgi iltimosini bajarsang o‘lib qolasanmi, enag‘ar!..
Askarcha qo‘rqqanidan yerga o‘tirib qolayozdi. Tizzasi qaltirab, enkayib soqchining yoniga miltig‘ini qo‘ydi-da, qoqilib-suqilib qamoqxona binosi tomon g‘izilladi. Mirkomil moviy ko‘z soqchidan apdisha qilganidan unga ortiq qarab turolmadi — shahar tomon o‘girilib olis-olislarga ko‘z tashladi. «Nahotki?..» dedi beixtiyor pichirlab.
Oradan ko‘p o‘tmay askarcha shoshilib qaytib keldi-da, Mirkomilning oyog‘i ostiga obdasta qo‘ydi. Boy ikki-uch qadam chetlab o‘tib cho‘nqaydi, tahorat olishga kirishdi. Yuz-ko‘zlarini yuvdi. Yaktagining etagiga, yengiga artindi. So‘ng chakmonini xandaq yoqasiga o‘girib to‘shadi-da, ortiga o‘girildi.
— Menga qara, bola,— dedi juda mayin-vazmin ohangda,— ikki rakaat bomdodni o‘qib olay. So‘ng qad rostlab, «Allohu akbar!» duya qo‘l ko‘targanimda otsa otaversin, tushuntirib ayt, xo‘pmi?
Mirkomilboy «Muqarrar moviy ko‘z soqchi otadi!» degan fikrda edi. Askar bola jim bo‘lib qoldi. Xiyol fursat o‘tib, «Yaxshi» dedi bosh irg‘ab.
Mirkomil yalang oyog‘i bilan kamzulining etagida qad rostlab na qo‘l, na ko‘z yetmas Makkatillo yoqqa uzoq tikilib toshdek qotdi. Shu alfoz xiyla fursat hayalladi, ikki rakaat sunnat namozini o‘qimoqqa niyat qildi, qo‘llarini quloqlari maqomiga ko‘tarib, «Allohu akbarr!» dedi baralla. Subhi sodiq sukunatida uning ovozi gurillab chiqdi, ovozining favqulodda mahobatli eshitilganidan ich-ichidan g‘ururlandi. Shu o‘yda yana bir karra «Allohu akbarr!» degisi, shu kalomning sehrli jarangiga uzoq tin olib quloq tutgisi keldi-yu, o‘yi oxiriga yetmay qattiq siltanib ketdi. Shoshilib, «Allohu akbar!» deb yubordiyu, ushbu kalom sehrini yana bir bor vujudiga singdirish umidida irodasini jamladi. Ikki kuragining qoq o‘rtasidan yana bir qattiq zarb yedi — qanday bo‘lmasin, muvozanatni saqlashga tutindi — xayollari yanayam sokinlashdi: u namozni boshlash uchun niyat qilib ulgurdi, xolos... Parvardigorning buyuklik sifatini zikr etdi, ha, baralla yod etdi... Endi sunnatni, so‘ng farzni ado etadi... Mirkomil yelkasi, beli aralash ustma-ust sanchilayotgan, a’zoi badanini o‘pirib-qo‘porib o‘tayotgan qo‘rg‘oshin sochmasining go‘yo o‘ziga daxli yo‘qdek bomdod namozini ado etish niyatida tinimsiz «Allohu akbarr!» der, basharti, bir soniya ortiga o‘girilsa, keyingi kunlarda tilidan tushmay qolgan «Nahotki?» degan qattol savolga javob topar — zero, moviy ko‘z soqchi boyagi-boyagi chekkada turganicha tamaki tutatayotgan, bosar-tusarini yo‘qotgan o‘zbek askarcha esa talvasada ustma-ust tepki bosayotgan edi... ammo-lekin Mirkomil uchun o‘zidan chiqqan va butun umr ta’qib etgan dushmanini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish orzusi ham nihoyatda arzimas nimarsaga aylangan — uning uchun bu yorug‘ dunyoda xolis niyat-la boshlagan so‘nggi ibodatini ado etishdan muqaddasroq maqsad-muddao qolmagan edi, biroq aqlsiz o‘q uzilaverdi-uzilaverdi...
Mirkomilning tilka-pora bo‘lgan jasadi o‘zi qazigan xandaqqa gursillab ag‘darildi...

____________________
* Aleksandr Timofeev Orskdan kelib qolgan. 1909—1911 yillarda Mirkomilboyga gumashtalik qilgan. Boy unga Iskandar deb laqab qo‘ygan.
** Errayma — kekkaygan
*** Chikitti — tagdor kinoya qildi-ku, demoqchi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.