OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xurshid Nurullayev. Men boshliqman (hajviya)

Mendan qanaqa boshliq chiqishi mumkin? Yo‘q, jamoa ichida sharmanda bo‘lishni xohlamayman. Biror kimsaga ovozimni ko‘tarib gapirolmasam, kimnidir haqorat qilishimni-ku tasavvur ham qilish qiyin, umrimda hatto pashshaga ozor yetkazmagan bo‘lsam, nega endi men boshliq bo‘lishim kerak?
— Sen mutaxassissan. — deya ilgari katta lavozimlarda ishlab, endi korxonamizda kadrlar bo‘limini boshqarayotgan, o‘zining so‘zi bilan aytganda, nafaqaga chiqquncha bir-ikki yil ermak uchun ishlayotgan tajribali xodim menga dalda berdi. — Bundan tashqari, boshqa nomzodlardan farqing bor, diplomlisan.
— Yigirma yildan buyon diplomim bor, nega ilgari e’tibor bermadilaring?
— Barcha oliy ma’lumotlilar o‘zlarini tijoratga urishgan. Sen esa kasbiga sodiqsan. Korxonadan ketmading.
— Baribir bo‘lmaydi. Men ishchi-xizmatchilarga qattiq gapirolmayman.
— Gapirasan. Yuqoridagi rahbarlar senga qattiq gapirganda sen ham qo‘l ostingdagi xodimlaringga qattiq gapirishga majbur bo‘lasan.
— Xodimlar aytganimni bajarmay, gapimga javob qaytarishsa-chi?
— Nima deyapsan. Rahbarga, agar u nohaq bo‘lgan taqdirda ham gap qaytarish mumkin emas.
— Axir, men juda beozorman.
— Rahbar bo‘luncha hamma beozor bo‘lgan. Boshliq bo‘lib bir oz ishlasang qarshingda fil chiqsa uni cho‘molini bogandek, ezg‘ilab tashlaysan.
Xullas, boshliq qilib tayinlashdi.
Bir kunda men o‘zgarmagan bo‘lsam kerak, lekin bir kun ichida atrofimdagi odamlarning o‘zgarib qolganiga ishongisi kelmaydi kishining. Meni hayron qoldirgani boshliq bo‘lib ish boshlashimning birinchi kunidanoq ishchi-xizmatchilarning menga nisbatan tubdan o‘zgargan munosabati bo‘ldi. Ilgari hamkasblar bilan salomlashsam birortasi yonimdan indamay o‘tib ketgan taqdirda ham unga e’tibor berib o‘tirmasdim. Endi esa hamma menga salom berib o‘tadi. Ularning salomiga gohida javob qaytarmasam ham, har birining qanday salom berishigacha e’tibor qaratadigan bo‘ldim. Boshliq bo‘lishimdan oldin hamkasblarim bilan biror masalada kelishmasak, darrov bahs-munozara avj olardi. Endi hech kim mening fikrimga e’tiroz bildirmasdi. Oldiniga ajablandim. Ularni ilgarigidek bahsga chorladim. Qayda. Qarshimda mum tishlagandek sukut saqlashdan nariga o‘tishmadi. Keyin to‘g‘ri fikr aytayotgan bo‘lsam kerak, degan xayolga bordim. Yana bir oz o‘tib esa, albatta bu qo‘l ostimdagi hab bir xodimning gapimni tasdiqlab turishidan bo‘lsa kerak, har qanday aytgan gapim mutlaq to‘g‘ri degan xulosaga keldim.
Kayfiyatim bo‘lmagan vaqtlar kimga, nima uchunligining farqi yo‘q, to‘g‘ri kelgan xodimimga qattiq gapiradigan, hatto ularni haqoratlaydigan bo‘ldim. Hayron qolaman, qani birortasi miq etsa. Oldiniga, agar gap qaytaradigan bo‘lishsa ularga nima deb javob berishni o‘ylardim. Lekin xodimlarning mudom bosh egib, jim turishlari kelgusida xavotirga hech qanday o‘rin yo‘qligini ko‘rsatdi. Chunki boshliq va xodim o‘rtasida odat shunaqa ekan. Men boshliqmanmi menga gap qaytarish mumkin emas ekan. Boshliq hamisha haq ekan.
Gohida o‘ylab qolaman, nega men ilgari boshliq bo‘lmaganman? Rahbarlik tajribasiga ega bo‘lgan kadrlar bo‘limi boshlig‘i endi men bilan o‘ta ehtiyotkorlik bilan so‘hbatlashsa-da, uning, to‘g‘risi men ichidan sug‘irib olgudek bo‘lgan gaplariga quloq tutaman.
— Bizda boshliqlikka o‘qitishmaydi, — deydi u faqat ikkimiz bo‘lishimizga qaramay negadir ovozini pasaytirib. — Rahbarlikka tayyorlashmaydi. Ko‘pincha buning uchun omad qo‘l keladi.
Demak menga omad kulib boqqan.
Shunday bo‘lsa-da, men kadrlar bo‘limi boshlig‘ining qachonlardir, men boshliq bo‘lishdan bosh tortgan vaqtlar aytgan gaplarini esimdan chiqarmayman.
«Sen boshliq bo‘lganing bilan ma’lum ish jarayonida bir vositachisan, xolos. Yuqoridan kelgan topshiriqni jamoaga yetkazasan. Jamoa bajargan topshiriqni yuqoriga yetkazasan. Faqat hech narsaga aralashmasang, o‘zboshimchalik qilmasang bo‘ldi. Aks holda...»
Aksi bo‘lishi mumkinmas. Men hech narsaga aralashmayman, o‘zboshimchalik qilmayman. Yuqoridan berilgan topshiriqni so‘zsiz bajaraman. Chunki men boshliqman.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.