OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xurshid Nurullayev. Olib-sotar ayolning gapi (hajviya)

Keb qoling. Eronning hinosiga, Bog‘izag‘onning vinosiga. Nari ket mo‘ltoni, hali savdo qilganim yo‘q, barakani uchirasan. Ket deyapman, keyin kelasan. Keling amaki. Mumiyomi? Bor. Pomirnikiyam bor. Olishingiz aniq bo‘lsa, topiladi. Ming so‘m qoldirib, bir soatdan keyin keling.
Hotam qanisan? Hotam. Hah, uying kuygur. Qayga yo‘qoldi? Keling uka. Ruchkami, ana, har xilidan bor. Hotam. Qayda yuribsan. Xayriyat onang cho‘loq tuqqan. Ma, besh yuz so‘mni ol. Dorixonaga borsang, xitoy mumiyosidan bor. Uka olasizmi? Yozadi. O‘yinchoqning karobkasiga yozib ko‘ring. Yozadi dedimku. Yuz so‘m. Qo‘lingiz yengilmi?
Hotam, ma bu pulni, hamma narsalarga urib chiq. Kuf, deb ure, yaramas. Keling boboy. Nima? Nosmi? Hozir. Hotam, boboyga bir otim nosingdan ber. Nima, uyga olib ketishgami? Tugab qopti otaxon, erta kelasiz. Hotam, asartamentga qara degandimku. Bozorga kirib o‘nta ellik so‘mlik nos keltirib qo‘y. Dorixonaga bordingmi? Hoy bola, nega qaqqayib turibsan, bor maktabingga. Bu sen oladigan narsa emas. Qanaqa qalpoq? Qanaqa egizaklarning qalpog‘i. Onangning qalpog‘i bu, bildingmi. Bore, uyatsiz. Oh, yana keldi. Hali savdo qilganim yo‘q. Mo‘ltoni emas, gadolarning sultoni ekansan. Puflama, isirig‘ingni yo‘qot, konfetlarga isi uradi.
Keling uka. Qanaqa hujjat. Semichka sotish uchun ham hujjatmi? Qanaqasiga katta do‘kon. Attorlik buyumlar-ku, uka. Beva xotinga azob bermang. Sakkizta bolani boqish o‘zi bo‘lmaydi. Bu kostyumlar o‘g‘limniki, to‘yini qilmoqchi edik, avariyaga uchrab o‘ldi, bechora. Erta yilini beramiz. Qo‘ying uka, qiynamang. Keyin kelsangiz ham hujjat yo‘q.
Hotam, ko‘rdingmi uni. Yangi soliqchi ekan. Qarong uchgur. Hali aroqlarni olib kelmadingmi? Yasamapti? Ertalabgacha yasasa o‘ladimi? Olib kelsang, ko‘rinmaydigan joyga qo‘y. Mumiyoni olib keldingmi. Salafan xaltachasidan olib, birorta qog‘ozga o‘rab qo‘y. Ana oyog‘ing ostida yotibdi. Kirligiga nima ishing bor.
Keling xola. Yo‘q, paypoq kerak emas. Ana bir xaltasi yotibdi. Yo‘q xolajon bo‘lmaydi. To‘rttasi yuz so‘mga ham to‘g‘ri kelmaydi. Qani bittasini ko‘rsatingchi. Bir bog‘lamida o‘ntami. Hotam. Qarasangchi, langi. Bog‘lamiga ikki yuz so‘mdan hisobla. Yuz bog‘lami yigirma ming so‘m bo‘ladimi. Qaerdan bilasan? O‘rguldim senday akademikdan. Kalkulyatorda hisobla. Xola, yarim pulini kelasi hafta olasiz. Hotam, bir bog‘lamini chiqarib qo‘y. Keb koling. Hotam, nega bugun odam kam? Erta bozorning ichiga ko‘chmasak bo‘lmaydi.
Ha, sizmi, assalom. Keling. O‘g‘lingiz sabzavot bozorida, sabzi sotayapti. Biror narsa kerakmi. Ha, sog‘indingizmi? Ha, shukur. Nima ham qilardim. Xudo bizni tirnoqqa zor qilmaganda, men ham boshqa ayollarga o‘xshab bolalarimning keltirganiga qanoat qilib yashardim. Yotishga qolasizmi. Mayli, ovsinimni so‘rang.
Hotam, gap sotma. Qara, shimni so‘rayapti. Olib ber. Pardaning orqasiga o‘tib, kiyib ko‘ring. Hotam, yugur, pochchangni uzoqdan kuzat. Oldiga alvasti ketdi. Qarab turgin. Onasiga pul beradimi-yo‘qmi, aniqla. Keling qo‘shni. Do‘konni ochmabsiz. Damas kira qildilaringmi? Odam boshi o‘ttiz ming. Qimmatku. Yo‘q, bormayman. Menga Urgut bozori ham bo‘ladi. Nimaga? Birga-bir qoladi. Paypoqmi, yuz so‘mdan. Oling uka. Yo‘q, o‘zimiz saksondan olganmiz. Mayli oling, o‘g‘limga o‘xshagan talaba ekansiz. Savob ham kerak. Bir, ikki, uch. Besh yuz so‘mga oling, sakkizta beraman. Yo‘g‘mi? Mana qaytimi, uch yuz so‘m. Yo‘q. Erta bormoqchiman bozorga. Buni bittasi tashlab ketdi. Uchtasi yuz so‘mdan. Sizga yubormoqchi edim, yo‘q edingiz. Chiqmaganingiz ham yaxshi bo‘libdi. Ertalab soliq bosdi. Bazo‘r o‘ttiz ming so‘mga ko‘ndirdim. Naskini pulini to‘lamaganimda berardim. Tushdan so‘ng keladi. Uyda ham besh mingta naski bor. Bekor qildim olib. Olasizmi. Mayli, Hotam etib beradi.Qaysi go‘rga ketdi u. Opamning o‘g‘li bo‘lgani uchun saqlab yuribmanda. Sanalganmi. Xo‘p, yaxshi borib kelinglar.
Hotam, qaysi ochiq mozorda eding. Ha, nima qildi. Pul bermadimi? Ko‘rmay qolgandirsan. So‘mkadagi paypoqning to‘qqiz boylamini olib qo‘y. Qolganini, qo‘shni do‘kondagi opa borku, o‘shaning uyiga eltib ber. Qaytishda mana bu o‘ttiz mingni ko‘kiga almashtir. Nima. Oh, xudo urdi. Tanib qolmadingmi. Esiz shim. Buyurmasin ilohim. Buyoqqa berchi. Jinsi deysanmi? Uvadasi chiqib ketganku. Qanaqa moda. Shuya. Mayli, ola qol, yuvib kiyarsan. O‘rniga tashlab ketganiga ham shukur. Keb qoling. Boboylarning sallasiga, ulama sochning mallasiga. Nima? Eks, eks, el bu sizning razmeringiz. Donasi ming so‘m. Nima deyapsiz, uka, Chernyavkadan to‘qqiz yuzdan olganman. Pachkasida uchta. Keling, ikki ming olti yuz bering. Pachkasi bilan olganingiz uchun. Ikki yarim o‘zining puli. Mayli olaqoling.
Ha, sabzi tugadimi. Hozir Hotam keladi. Kechagi piyozni ham olib chiqinglar. Keldingizmi, amaki. Mana mumiyongiz. Yana ikki yuz so‘m. Qimmat bo‘libdi. Duo qiling bo‘lmasa. Bo‘ldi, ko‘p cho‘zmang. Omin. Onangiz nima derkan. Yana pulmi. Nima bo‘rzayasiz? Mendan yoshirib bergandirsiz? Aldasangiz, go‘ringizda tik turasiz, bildingizmi. Yana keldingmi. Pufla qani, tutuni chiqsin. Shoshma, pasga tut, etagimni ko‘taray. Nega so‘ppayib turibsiz, sholchani ko‘taring, bitta yirtiq o‘n so‘mlik bor, sadqai sar qilib bering. Keb qoling. Buxoracha kovush-mahsi, afrikaning ananasi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.