OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xurshid Nurullayev. Yig‘ilish ham ish (hajviya)

Ertalab soat to‘qqizda o‘tkaziladigan yig‘ilishiga o‘zi kechikkanidan qabulxonaga shoshib kirgan boshliq xonada kotibadan boshqa hech kim yo‘qligini ko‘rib, hayron qolganini yashirmadi.
- Majlisga aytilganlar qani?
- Sizni rosa bir soat kutishdi, keyin o‘rinbosaringiz hammani turli yig‘ilishlarga jo‘natdi.
- O‘rinbosarning o‘zi qaerda?
- Vazirlikka ketdi, sizning o‘rningizga.
- Bosh muhandis-chi?
- Viloyat kasaba uyushmasi kengashining texnika xavfsizligi bo‘yicha tadbiri bor ekan.
- Kasaba uyushma boshlig‘i qaerda?
- Parashyut sporti federatsiyasiga siz boshliq ekansiz. Shoshilinch majlis o‘tkazilayotgan ekan. O‘rningizga o‘shani yuborishdi.
- Bosh hisobchi shu yerdadir?
- Debitor qarzlar bo‘yicha birlashmada hisobot bor ekan. Sizning shaxsan ishtirok etishingiz tayinlangan. «Rahbar kelmadimi, deb, meni urishadi», deya boshbux yurak hovuchlagancha o‘zi ketdi.
- Nechta yig‘ilishga aytishgan, o‘zi?
- Yettita, o‘rtoq direktor.
- Hammasi bir vaqtdami?
- Ikkitasi 9 da, 5 tasi 10 da.
- Xodimlar ko‘proq o‘z joylarida, o‘z ishlari bilan band bo‘lishlari haqida yig‘ilish o‘tkazmoqchi edim, essiz. Binoga kirishda qorovulni ko‘rmadim. Qaerda u?
- Yig‘ilishda.
- Yig‘ilishda?
- Qorovulimiz o‘z ishi bilan birga, bizda bog‘bonlik vazifasini ham bajaradi. Shuni e’tiboga olib, o‘rinbosar uni tuman tabiatni muhofaza qilish bo‘limida o‘tkaziladigan yig‘ilishga yubordi.
- Bugungi yig‘ilishni erta soat to‘qqizda o‘tkazamiz. Hammaga yetkazing.
- Ertaga soat to‘qqizda sizni uchta yig‘ilishga aytishgan…

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.