OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yoqubjon Xo‘jamberdiyev. Hokim muallim (hikoya)

U o‘zini aynan shunday tanishtirdi: «Hakimmas, Hokim!»
To‘g‘risi, bunday tanishuvdan biroz etim tirishdi: Hakim emas, Hokim bo‘lsangiz nima qilay? Choy damlab, osh tashib turaymi? Bu yer, axir, kasalxona bo‘lsa? Shu fikrlar xayolimdan kechib ulgurmagan ediki, u so‘z qotdi:
— Choy ichmoqchi bo‘lsangiz tumbochkada chovgum bor, sizlarda nima deydi uni, «kipitilnikmi?». O‘zingiznikini uyga qaytarib yuboravering...
Bu gapdan keyin sal yumshadim. Hokim akaga sinchiklabroq razm soldim. Bu orada u katga cho‘zildi. Oq sariqdan kelgan, o‘rta bo‘y, dumaloq yuz. Ko‘zlari yumuq yotardi. Uxlayapti, deb o‘yladim. Ammo...
— Shunaqa. Ko‘zimni yumib yotsam, dam olaman. O‘rganib qolganman... U doim shunday yotardi...
— U deganingiz kim? — so‘rayman hamxonamdan.
— Xo‘jayinim... — Hokim aka og‘ir tin oldi.

* * *

— Hey, bola, sen nima qilib qo‘yding? Yuqoriga xat yozishga qanday jur’at etding? Yana nimaymish, kiygani kiyimi yo‘q emish, institutda o‘qishni xohlarmish. Men senga ko‘rsatib qo‘yaman institutda o‘qishni...
Kolxoz raisining bu dag‘dag‘alari endi yosh Hokimning qulog‘iga kirmasdi. Bo‘lar ish bo‘ldi. Xatni tekshirib viloyatning o‘zidan odam keldi: bitta bolani o‘qishga jo‘natolmagan kolxoz kolxozmi? Hammasi tezda hal bo‘ldi: kiyim-bosh, poezdga chipta, qo‘liga ozgina pul ham berishdi.
Alqissa, oqdaryolik Hokim Mahmudov Toshkent Davlat pedagogika institutining talabasiga aylandi. Qishloqda esa onasi va... qalbining bir parchasi qoldi. «Vey, Hokim, der edi u o‘ziga, uni baribir senga berishmaydi. O‘qishga yuqoriga xat yozib kirding. Unga ega bo‘lish uchun endi qaerga yozasan? Umidingni uz!»
Hamma gap ana shu umidda edi. Hokimjon qizdan noumid emasdi. Bu orada birinchi kursni bitirib, qishloqqa keldi. Xayriyat, suygani hali uyda ekan. Sovchi yubordi. Sovchi qaytib kelib onaizorga shunday dedi: «Sichqon sig‘mas iniga, g‘alvir bog‘lar dumiga».
Qiz tomonning javobi shunday bo‘libdi. Hokim umidsizlanmadi. Bu orada taqdirning inoyatimi yoki suyganining jasoratimi, u ham Toshkenti azimga o‘qishga boradigan bo‘lib qoldi. Ular qishloqdan shaharga, shahardan qishloqqa to‘rt yil birga qatnashdi. Ammo, avtobusda yonma-yon o‘tirishmadi. Yakka yolg‘iz uchrashishmadi. Qizning talabi shunday bo‘ldi: agar meni desangiz, chidaysiz.
Institutni tamomlab Hokim Mahmudov yo‘llanma bilan Farg‘onaga ishga bo‘lindi. U o‘zining sevgan kasbi muallimlikni Oltiariqda boshladi. Farg‘ona qaerda-yu, Oqdaryo qayda? Ammo, sevgan qalbga chaqirimlar chikora ekan. Sevgan qalbga to‘sig‘u ta’qiqlar ardona ekan. Kunlarning birida suyganining uyiga yana sovchi oraladi. Javob o‘sha-o‘sha. Garchi qiz tomonning kattalari shunday deyishgan bo‘lsa-da, biroq, bu safar sovchi quruq qaytmadi — uning suygani jasorat ko‘rsatdi — agar erga tegishim kerak bo‘lsa, o‘sha iniga sig‘magan o‘qituvchiga tegaman. Aks holda hech kimga...
To‘y taraddudi imorat qurishdan boshlandi. Bu dunyoda jo‘ralaring bo‘lsin ekan. Hokim muallimga o‘nta sodiq do‘st bo‘lsa o‘ntasini, bitta bo‘lsa o‘sha bittasini nasib qilgan edi. Hokim muallim Oltiariqda bolalarning ortidan dalama-dala kezib, paxta planini to‘ldirish bilan band. Oqdaryoda esa sodiq jo‘ralar imorat qurish bilan. Paxta yig‘im-terimi ham oxirladi-yu, imorat ham bitdi.
Hokim muallim qishloqqa ayni imoratning oxirgi mixi qoqilayotganda kirib keldi. Bu mix chimildiq uchun uy burchagiga qoqilgan edi...
O‘sha kuniyoq to‘y kuni belgilandi. Vey, boyniki o‘ziga, ammo kambag‘alning to‘yini ko‘rmabsiz, dunyoga kelmabsiz. Chunki o‘sha paytlar qishloqda zimdan boyigan to‘rttadir, boring o‘ntadir... Lekin, qishloq ahli Hokim muallim va uning jo‘ralari, jo‘ralarning jo‘ralari, dadalari, aka-ukalari, opa-singillari edi. Hamma teng bo‘lsa qanday yaxshi... Xullas desangiz, yangicha to‘y bo‘ldi. Bunday to‘ylar endi-endi urf bo‘layotgan edi o‘sha yillari... Ikki qalbning bir-birlariga talpinganiga, bir-birlarini taniganiga o‘n yilmas, balki, yigirma yil bo‘lgandir? Balki, ular hali dunyoga kelmaslaridan ilgariroq bir-birlarini bilishgan bo‘lsalar ne ajab. Axir, peshona, taqdir deganlari shu emasmi?! Ammo, hali ruhlari paydo bo‘lmay turib taqdir iplari bog‘langan bu ikki yosh chimildiqqa kirganlaridagina qo‘llari qo‘llariga tegdi. O, qanday sabr-toqatli edi ular.
Hayotning eng qiziq pallalaridan biri chimildiqqacha o‘tadi. Undan keyingi umrni qiziq qilish esa odamning o‘ziga bog‘liq. Hokim muallim va uning sevgilisi — o‘z ta’biricha xo‘jayini o‘z hayotlarini chimildiqdan keyin ham go‘zal, qiziqarli qila oladigan insonlardan edilar. Hokim muallim firqa a’zosi edi. Kelin-kuyov shunday fikrlashishdi: er o‘qituvchi, yana kommunist. Xotin matlubot jamiyatida (ya’ni savdoda) tovaroved! Yo‘q, kelin boshqa ishga o‘tishi kerak.
Shuday to‘xtamga kelingach, Hokim muallim ham (ikkinchi mutaxassislik uchun), kelinposhsha ham Samarqand davlat pedagogika institutiga sirtdan o‘qishga kirishdi. Bola-chaqali bo‘lishdi. Maorif a’lochisi, ustoz darajasiga yetishishdi. Ammo, bir kun... bir kun bu baxtga, bu charog‘on hayotga darz ketdi! Hamma yoq zimistonga aylandi!

* * *

— Shunaqa, ko‘zimni yumib yotsam ko‘nglim o‘rniga tushadi, — deb takrorladi hamxonam. — To‘g‘risi, uning ko‘zi ojiz tursa-yu, mening ko‘zim ochiqligidan uyalardim. Xo‘jayinimning ko‘zlari ko‘rmay qolishiga xuddi men aybdordek his qilardim o‘zimni. Bu voqea tuyqusdan yuz berdi. Vrachlar ham ojiz qolishdi.

* * *

Keyingi o‘n ikki yillik umr shunday kechdi: Sadorat katda ko‘zlari ochiq, ammo hech narsani ko‘rmay yotdi. Hokim muallim esa uning yonida ko‘zlarini yumgancha, xo‘jayinining har bir harakatidan voqif, hamma narsani ko‘rib o‘tirdi. Rafiqasining kayfiyatini nafas olishidan biladi. Bir kuni ojiza: «Xo‘jayin, qani endi ikki dona chuchvara bo‘lsa», deb qoldi...
Hokim muallimning qo‘lidan ko‘p ish kelardi. Ammo, qozon-o‘choqqa yaqin emasdi.
— Sadorat, xamirni qanday qorishni aytsang bo‘ldi, darrov yest qilaman, — dedi Hokim muallim xotiniga.
— Yo‘g‘-a, xamirni o‘zim qoraman. Un bilan suv, tuz keltirib bersangiz bas, — deb qo‘llarini paypasladi Sadorat.
Hokim muallim qarshilik qilib o‘tirmadi. Oshxonadan xamir qorishga tog‘ora, un va tuz, suv keltirdi. Sadorat ungacha o‘rnidan turib, yenglarini shimardi, tusmollab katdan tushib gilamga o‘tirdi. Hokim muallim uning oldiga surpani yozib, tog‘oraga un soldi. Sadorat paypaslab tog‘oradagi unni chamaladi.
—    Uningiz qancha!
— Bir paket.
— Ko‘p-ku...
Sadorat tog‘oradagi unni surpaga qayta to‘kib, keyin qo‘llarida hovuchlab ikkita soldi.
— Shu yetadi ikkalamizga. Qani, xo‘jayin, suvingiz.
Hokim muallim suvni xotinining hovuchiga quydi.
— Bo‘ladi. Tashqarida it hurib qoldi, qarang-chi, ungacha men xamirni qorib qo‘yaman, — dedi boshini ko‘tarib.
Hokim muallim hovliga chiqdi. Tinchlik, gap nimadaligini tushundi. Ichidan yig‘iga o‘xshash bir nima keldi.
Muallim xonaga kirganida, surpaning usti suvga to‘lib, un har tomonga yoyilib ketgandi.
— Xo‘jayin, xamir qorishni ham eplay olmadim, nima degan odamman, ayting, — deya zorlandi Sadorat.
— Siqilma, xo‘jayin, xamir qorilibdi-ku. Tuzi joyidami?
— Xamirning tuzi joyida, ammo o‘zimning tuzim...
Sadorat pazanda ayol edi. Xamirni qog‘ozday yupqa qilib yoydi. Axir yarim umri mana shunday yumushlar — xamir qorish, non yopish, ovqat tayyorlash, kir yuvish, bir so‘z bilan aytganda, o‘choq, tandir, tog‘ora boshida o‘tdi-ku. Ertalabdan maktabga boradi, peshindan keyingi qo‘shimchalarini hisoblasa, kun bo‘yi shu yerda bo‘ladi. Keyin esa, aytganimizday, uyning tirikchiligi, mol-xol, mayda-chuyda ishlar, bolalar. Buning ustiga muallimning do‘st-jo‘ralari ko‘p. Erta-kech demay, kelaberishadi. Jo‘ralarga albatta, chuchvara tugish kerak. Sirasini aytganda, boya «ikki dona chuchvara bo‘lsa» deganida ham Sadorat o‘zini emas, xo‘jayinining ko‘nglini o‘ylagandi... Axir nega o‘ylamasin. Muallimdan ko‘p mehr ko‘rdi. O‘ziyam tinib-tinchimas odam-da. Butun umrini maktabga bag‘ishladi. Yoshligida kurashga tushib yurib, jismoniy tarbiya o‘qishini o‘qib o‘qituvchilik qildi. Keyin Samarqand davlat universitetining rus tili va adabiyoti fakultetini, keyin frantsuz tili fakultetini bitirib dars berdi. Maktabni, bolalarni yaxshi ko‘radi. Ularni urishmaydi, ammo birgina nigohi bilan har qanday sho‘x bolani ham joyiga o‘tqazib qo‘yadi. Bir kuni yosh o‘qituvchilardan biri Sadoratga «Muallimning qarashiga tob berish qiyin, apa, siz qanday chidaysiz», deb aytgan. Sadorat bo‘lsa, bu nigohlardan samimiyatdan boshqa hech narsani sezmagan. Tabiatida ozgina insoniylik bo‘lgan odamda quruq vajohat bo‘lmaydi. Attang-a, qani endi ko‘zlari ochilib ketsa-yu, uni deb o‘n ikki yil tortgan zahmati uchun qo‘lini ko‘sov, sochini supurgi qilib xizmatini qilsa...
Chuchvara dasturxonga tortilganida, darvoza taqilladi.
— To‘lqin keldi, xo‘jayin, — dedi xotini.
— Qaydam, Akbar oshnam kelgandir, chuchvarani yaxshi ko‘rardi. Nasibasi chaqirganmi... — shunday deb muallim darvozani ochgani chiqdi. Tashqariga chiqqan edi hamki «dada» degan ovoz keldi. Muallimning ko‘ngli yumshadi. Ona-da, biladi. Nafasi nari tursin, oyoq zarbidan sezadi.
Sadorat Hokim muallimga besh farzand tug‘ib berdi — to‘rt qiz, bir o‘g‘il. Qizlar hammasi, Allohga shukur, o‘zlaridan tingan. Bu dunyoda qiz bola tinsin ekan. Aks holda ota-onaning tinchi o‘zida bo‘lmay qoladi. Ana, yaqin og‘aynisi Ashirmatning bitta qizi qaytib keldi. To‘g‘ri, hayot bir tekis kechmaydi. Lekin, baribir, qiz bola borgan joyida toshdek qotmasa qiyin. Xudoga shukur, qizlari bola-chaqali bo‘lib o‘tirishibdi. Faqat kenja qizidan xavotirda. Noboproq joyga tushib qoldi, shekilli. Oxiri baxayr bo‘lsin. O‘g‘li, harqalay, yomon bola emas. Qobil yigit. Ota-onasiga mehribon. Bir necha bor: «Yakka o‘g‘ilman, sizlarni yolg‘iz tashlab qo‘ya olmayman, ko‘chib kelay, birga yashaylik», dedi. Muallim rozi bo‘lmadi. «Toshkandi azimday joyni, ma’qul ishingni tashlab kelishga hojat yo‘q. Onang xasta bo‘lsa, otang sog‘. Xo‘p, kelding ham deylik. Nima ish qilasan? Erkaklar tashlab ketayotgan maktabga borasanmi? Chidolmaysan. Maktabning nonini yeyish uchun sabr-toqatli bo‘lish kerak. Xudoga shukr, topganingni olib kelyapsan. Kelin hafta-o‘n kunlab qolib xizmatimizni qilyapti. Bu yoqda opa-singillaring ham bizni tashlab qo‘yishgani yo‘q. Bolam, sen o‘zingni o‘yla. Bola-chaqa o‘stiryapsan. Hokim muallimning o‘g‘lisan, til uchida gapirmaysan...
Hokim muallim darvozaga qarab borarkan, xayolidan ana shu fikrlar kechdi.
— Dada, uzoqib ketdingiz-ku, enam tuzukmi?
— Darvozani ochmasimdan enangni so‘raysan-a. Dadangni ham so‘ra, — hazillashdi muallim o‘g‘liga quchoq ochar ekan.
Hokim muallim kelin bilan salomlashib, nabiralarini bag‘riga oldi. Xonaga bir to‘p bo‘lib kirib kelishganda Sadorat urinib-surinib katga chiqib olgan, bir ahvolda edi. Qo‘llarini havoda muallaq tutib:
— Keldingmi bolam, nabiralarim ham kelishibdi-da. O‘qish-chi? Maktab nima bo‘ladi? – dedi.
— Sizni ko‘ramiz deb qo‘yishmadi, ena, — deb To‘lqin onasining qo‘llaridan tutib, yuziga bosdi.
Sadorat nabiralarini bir-bir quchoqlab, ularning yuz-ko‘zlarini siladi va dedi:
— Qani endi, sizlarni bir martagina ko‘ra olsam, keyin armonim yo‘q edi. Kimga o‘xshaysizlar, jujuqlarim?
— Sizga, sizga o‘xshaymiz, enajon! — deyishdi bolalar baravariga.
— Menga o‘xshasanglar, bobonglarga yaxshi qaranglar. Ko‘ngillarini og‘ritmanglar. To‘lqin bolam, bolalarni olib chiqib dam oldir. Yo‘lda charchashgan... Bolam, men ham charchadim... Dadangni tashlab qo‘yma...
Hokim muallim tovoq to‘la chuchvarani ko‘targancha xotinining boshida turib unsiz yig‘lardi.

* * *

— Sadorat olamdan o‘tgandan keyin endi yashamasam kerak, deb o‘ylagan edim, — deydi hamxonam ko‘zlarini yumgan holda. — Ammo inson har qanday judolikka bardoshli bo‘larkan. Xotinimning ko‘zlari ojiz bo‘lib yotgan o‘n ikki yil men uchun ham qorong‘i yillar edi. Gap-so‘zlarim ham, xatti-harakatlarim ham beixtiyor yuzaga kelardi. Kimga nima deb, nima ish qilayotganimni o‘zim bilmasdim... Xayolimda faqat yorug‘ uyda qorong‘ulikka chulg‘anib yotgan xo‘jayinim turardi, xolos.
Keyin... E, uka, men ham odam bo‘ldimmi... Mana, yashab yuribman. Yashash ham gapmi... Uylandim! Yangi turmushimdan Sadoratning fazilatlarini qidiraman, topaman, topganday bo‘laman... Hech yo‘g‘i, o‘zimni shunday ko‘rsataman. Nima bu? Hayot shirin, deganlari shumikan? Uni shirin ko‘rsatgan qanday kuch? Qanday tuyg‘u? O‘z-o‘zimga ana shunday savollarni beraturib, bexos xayolimdan «ayol» degan fikr o‘tganini sezib qolaman va kunduz kuni qo‘lga tushgan o‘g‘ri boladay qizarib ketaman... Farzandlar, el-yurt, shogirdlar-chi? Albatta, bular ham. Ammo... Atrofga alanglab, ho‘, o‘choq boshida kuymalanib yurgan ayolni ko‘rib, Allohga shukur, deyman.
Hamxonam ko‘zlarini yumgancha chap yonboshiga o‘girilib oldi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.