OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yoqutxon Akramova. Nurli kunlar soyasi (hikoya)

Faqat yorug‘dagina soya ko‘rinadi...

Nurli kunlar edi unda. Ikkovi bir-birini yeru ko‘kka ishonishmasdi. Ajib ohanglar sarchashmasi bo‘lmish bolaligi o‘z o‘rnini o‘smirlikka bo‘shatish arafasida edi. Bilmaydi, ne sabab faqat uni ko‘rgisi, faqat uni degisi keladi. Kecha-kunduz uni o‘ylaydi. Shu ajib tarovatli, farahbaxsh hissiyotga aldandi-yu, bolaligidan ayrildi...
Nurli kunlar edi unda. Dorilfunun xiyobonidan ikkovi sirlashib o‘tishar ekan, ular gapiga sarmast terak yaproqlari bahoriy qo‘shiq aytardilar. Shivir-shivir... Shivir-shivir...
Nurli kunlar edi unda, sevgilisining kuyovlik libosidan yanada ochilgan yuzini, qop-qora qoshlarini titroq qo‘llari bilan ilk bora asta silaganda... Hovlida esa yomg‘irning yaproqlarga dardi ochiladi. Osmonu yer yomg‘ir tomchilari-la tutashadi shunda. Shivir-shivir... Shivir-shivir...
Nurli kunlar edi unda. Go‘dak qichqirig‘ini eshitganda, og‘ir darddan forig‘ bo‘lgandek entikishlari... Uning go‘dagi dunyoga o‘z tavalludi haqida jar solmoqchi bo‘lgandek qip-qizil, jajji yuzidagi kattakon og‘zini ochgancha qichqirganini ko‘rganda, nurli kunlar edi...
U o‘rnidan turdi. Kalta qilib kestirilgan sochlarini qo‘li bilan to‘zitib, xayollarini quvmoqqa urindi.
— Bo‘ldi! Bas! Yetar!.. Bemorlikni ham eplolmayapman-a? — dedi yonidagi karavotda yotgan dumaloq xotinga qarab. Dumaloq xotin indamadi. Unga termulgancha yotaverdi. Demak, tushunmabdi. Mayli, ayol kishining fahmi hamma narsaga yetavermagani ham tuzuk.

* * *

— Xotin aka, — deya eri uni chaqirganini eshitsa-da, indamadi. — Xotin aka, — eri oshxonada paydo bo‘ldi. — Nima ovqat bo‘lyapti?
— Osh dedingiz-ku, — zarda qildi u.
Eri uning belidan tutdi.
— Voy, ko‘rib qolishadi.
— Ko‘rishsa nima? — dedi eri, lekin qo‘yvordi. — Men sizni hammaning oldida quchgim keladi. Agar bilsangiz... Mayli, oshni yeb olib, bir dardlashamiz-a?
— Oshni damlayman-u, o‘zinglar suzasizlar.
— Qayoqqa yana?
— O‘ynagani, — yana asabiylashib dedi u. — Qaro terga botib kitob titishni o‘ynab kelish, deysizlar-ku...
— Olib kelsangiz bo‘lmaydimi uyga, — dedi eri derazaga qarab.
— Birinchidan, — biqillab qaynayotgan guruchga yog‘och qoshiqni jahl bilan botirar ekan dedi u, — bu kitoblar uyga berilmaydi. Ikkinchidan esa, uyga olib kelgan taqdirimda ham biror marta o‘tirib o‘qiy olganmanmi? Cho‘rilikdan bo‘shamayman-ku. Hali u, hali bu... Men ham odamlarga o‘xshab...
— Gap gapirib bo‘lmay qolibdi. Kechiradilar. — Doim vazmin erini u tanimay qoldi. — Xo‘sh, nima deysan? Ovqatni men qilaymi? Kirni kim yuvsin? Uyni-chi, hovlini-chi? Taqsimlab beraqol hammamizga. Kelinjonimiz kandidat bo‘lib olmagunlaricha ishlayveramiz, — endi tutoqish navbati eriga o‘tgandi. — Koshki...
— Eplolsang, demoqchisiz-a? Aytavering rostini. Qo‘lingdan kelmaydi demoqchimisiz?
— E, bor-e. Bilganingni qilmaysanmi? — Eri oshxona eshigini zarb bilan ochgandi, devorlar zirillab ketdi. — Lekin bilib ol, ishingning alamini bizdan olma! — Qars etib eshik bekildi.
U eridagi bu kayfiyatni ilk bora ko‘rgani sababmi, qo‘rqib ketdi. U o‘zicha tinmay takrorlardi: «Yo hozir, yo hech qachon...»

* * *

— Yangi kasal kim? — Palata eshigidan farrosh xola ko‘rindi. — Kimni bugun «Tez yordam»da olib kelishdi.
— Bular.
— Mana, burchakdagi yotgan xotin.
— Men, — dedi u o‘rnidan sakrab turib. Qachon yotishga ulguribdi. Xayol bilan yana yotvolibdi-da.
— Sizga kelishdi... Yurasizmi o‘zi?
— Albatta.
U shoshgancha xalatini egniga tashlab yugurib borayotgan edi, eshikda hamshira qizga urilib ketdi.
— Qaerga ketyapsiz? — so‘radi hamshira.
— Kelishibdi... — dedi u eshik tomon oshiqib.
— Sizga yurish mumkinmas. Joyingizga yoting.
— Yo‘g‘-e, axir.
— Tuzukka o‘xshayverasiz-da, — dedi o‘jar hamshira. — Kardiogrammangizdan keyin shu qarorga kelindi, qimirlamay yotishingiz kerak.
— Voy, o‘lay! — go‘yo yuragi chakkalariga chiqib ketdi shunda. — Yotolmayman axir!
— Qani, yoting-chi, — qichqirdi ingichka ovozli hamshira. — Iya, bu yer sizga bog‘chami? Kap-katta, tushungan xotinsiz.
U yotishga majbur bo‘ldi. Hamshira yosh bo‘lishiga qaramay, g‘ayri tabiiy ravishda vaysardi:
— Kirgizishadi hozir. O‘zlari kirishadi hozir. Yot degandan keyin yotish kerakda. Qimirlamay yotish kerak... — Hamshira tinmay javrab, dori tarqatishga tushdi.
«Kim keldi ekan-a? — o‘yladi u. — Nahotki, eri kelgan bo‘lsa. Yo‘q. Endi hech qachon kelolmaydi.»

* * *

U ishdan kelishi bilan darvozaxonani supurayotgan qaynonasini ko‘rdi. Xijolat bo‘ldi.
— Voy, oyi, qo‘ying.
— Menga fizkultura, bolam, — dedi qaynonasi supurgini bermay.
— Oyijon, bo‘ldi endi. Shuncha qiynalganingiz yetar. Endi hamma yumushlarni o‘zim qilaman.
Qaynonasi belini ushlab unga tikilib qoldi.
— Ha, oyijon, bo‘ldi, — u endi sevinchini ichiga sig‘dirolmadi. — Tamom, ishimni yozib tugatdim.
— Voy, o‘rgilay, — qaynonasi tishsiz og‘zini ochib kulardi. —Voy, xudoga shukur-a, bolam. Menga-ku, shu ishingizning keragi yo‘g‘-a, lekin o‘zingizni qiynaganingizni ko‘rib chidayolmasdim, Kechasi ham uyqu yo‘q, o‘qi-yoz, o‘qi-yoz! Yolg‘izgina o‘g‘lim ham siqilib qoldi-da, bolam. Voy, aytgancha, kira qoling. Mazasi yo‘q. Yotvolgan juda...
U uchib bordi. Eri yotgan xona tamaki hidiga to‘lgan edi.
— Adasi, tinchlikmi? — dedi u yotgan erining peshonasidan tutib. — Voy, isitmangiz baland-ku.
Eri indamay shipga boqib yana sigaret tutatardi. Bunday «sovuq urush» munosabatiga xotini allaqachanoq ko‘nikkanini bilardi.
Isitmasini o‘lchashdi. Juda baland. Otash bo‘lib yonayotgandi eri.
Qattiq qo‘rqdi. «Tez yordam» kelib erini kasalxonaga olib ketdi. O‘zini kasalxonaga kirgizishmadi. Do‘xtirlarga qancha yalinmasin, erining yoniga qo‘yishmadi. Uyga qaytdi. O‘g‘li, qaynonasi bilan ancha mahalgacha o‘tirishdi. O‘ylab qarasa, qancha vaqtdan beri shunday o‘tirmagan ekan.
Ertalab azonda turdi. Qaynonasi boshlab qo‘ygan qaynatmani pishirib olib, kasalxonaga jo‘nadi. Bora-borguncha erini o‘yladi. O‘zaro munosabatlarini o‘yladi. Bir-birining mehrisiz yashashga o‘rganib qolishganini anglab, qo‘rqdi. O‘zining aybdorligini bildi. Hozir borib albatta eridan uzr so‘raydi. «Sizga qaramay qo‘yganim uchun kechiring» deydi. Mayli, endi eri tuzalib olsa, xuddi avvalgidek bo‘lishsinki, ularga hammaning havasi kelsin.
Kasalxona bo‘limi juda yorug‘ edi. Tong otganiga qaramay, kunduzgi ulkan qandillar o‘chirilmagani uchun hamma narsa kaftdagidek aniq ko‘rinardi. U shoshgancha uydan olgan xalatini yelkasiga ildi-yu, ruxsat so‘rashga odam kutmay, «lip» etib to‘rt raqamli palataga o‘zini urdi. Kiraverishda o‘ng burchakdagi bemor oldida bir ayol bosh egib o‘tirardi.
«Shunday mehribon xotinlar ham bor, — dedi o‘ziga o‘zi. — Kechasi bilan qolgan bo‘lsa ajab emas.» Yana o‘zidan xijolat bo‘ldi. Yo‘q, endi shunday bo‘lsinki... ammo yotgan kasallar ichida erini topolmay yuragi gursullay boshladi. Tashqariga chiqdi. Hamshira juvonni ko‘rib, sekin imladi.
— Kecha erimni zotiljam bilan olib kelishgandi...
— Voy! — dedi hamshira. — Bu yerga kirish mumkin emas!
— Shovqin solmang, aylanay, — dedi u va hamshiraning kissasiga uch so‘mlikni solib qo‘ydi. Hamshira o‘zgardi qoldi. Buni qarang, kecha shunday qilish xayoliga kelmabdi-ya.
Hamshira endi mehribonlar tilida (sun’iy bo‘lsa-da) gapirardi:
— Kecha to‘rtinchiga olib kelishganmi?
— Ha.
— Familiyalari? Abdu...
— Abdumalikov.
— Ha... Yotibdilar-ku, kiravering. Burchakda yotibdilar. Xotinlari ham kelgan.
U so‘nggi jumlani avval anglamadi. Faqat palata eshigiga yetgandagina «Nima?» dedi qayrilib. Hamshira boshqa palataga kirib ketgandi.
Yana o‘sha xonaga kirdi. Yana shu xotinga ko‘zi tushdi. «Ie, xotinning qo‘li erining peshonasida?..»
Qaqqaygancha turib qoldi. Begona ayol unga qayrilib qaradi. So‘ng birdan o‘ziga kelganday seskandi-yu, o‘rnidan dast ko‘tarildi. Eri ko‘zini ochdi.
— Mayli, — dedi begona xotin. — Men boray.
— Mayli... — Erining tovushi hayajonli edi.
— Yo‘q, to‘xtang, — dedi u begona xotinning qo‘lidan tutgancha. U hozir imkon qadar o‘zini ushlashga tirishardi. — Tanishaylik. Men... xotinlari bo‘laman. Siz-chi?
Eri hayajonlana boshladi. So‘ng to‘ng‘illagancha dedi:
— Qo‘yvor uni. Men aytaman uning kimligini.
— Ayting. Keyin qo‘yvoraman, — dedi u o‘z ovozini tanimay. — Ismingiz nima?
— Otimni nima qilasiz? — surlarcha qaradi begona ayol.
Palatadagilar hayratda kuzatishardi. Kasal eri ham tuzalgandek bo‘ldi. Karavotida o‘tirib oldi:
— Qo‘yvor uni. O‘zim aytaman kimligini.
— Oti nima? — u endi o‘zini ushlolmadi.
— Oti... — Eri ko‘zlari olaygancha o‘shqirdi: — Muhabbat oti...
— Muhabbat otim, — dedi begona ayol.
Madori ketdi. Necha oy-yillardan beri tinmay o‘qish bilan band bo‘lgan ko‘zlardan, ayolligini unutib, ko‘zguga boqmay qo‘ygan o‘sha ko‘zlardan yosh sizdi.
Begona ayol qochib ketdi. Eri ko‘z yoshdan eridi shekilli, nimalardir deya ovutdi. Ovutdimi yo o‘zini Oqladimi? O‘zini oqladi, chamasi...
U olib borgan ovqatni majolsizgina olib qo‘ydi.
— Mayli, — dedi ovozi titrab, — mayli, tuzalib qoling.
Asta xonadan chiqdi. Tezroq ketish kerak. Tezroq! Ko‘z yoshini ko‘rishmasin...
Ustiga shunchaki tashlab olgan xalati yo‘lda tushib qolaverdi. U holsiz yurib zina tomonga qayrildi. Endi zinalardan tushib olish qolgandi. Zinalar... Ulardan allaqachon tushib bo‘lgan ekan-ku. Cho‘qqiday tuyulgan ekan pastga eltuvchi zina pog‘onalari...
Qaynonasining gapini esladi: «Oshni damlagan odam suzadi...»
Mana, eri yotgan kasalxonaning yop-yorug‘ bo‘limidan chiqdi. Tashqari hali juda yorug‘mas. Endi chidash kerak.

* * *

Palata eshigida farrosh xola ko‘rindi:
— Juda kutib qoldingiz-a? Hozir. Xalat o‘lgur kam-da. Narigi palatadagi amakiga uch kishi kelibdi. Ketishsin, bittasini olib beraman.
«Kim ekan-a?» deb o‘yladi.
— Kelgan kim ekan-a? — so‘radi so‘ng.
— Erkak kishi, o‘rgilay, — dedi farrosh xola negadir kulib. — Bugun yotsangiz, bugun qidirib keladigan kim axir? Eringiz-da...
«Nahotki, — o‘yladi u. — Nima deyman? O‘zimni qanday tutaman? Nega keldi? Ancha o‘rgangan edim usiz yashashga...»
Hech tinchlana olmadi. Begona ayolning yuzini eslashga qancha tirishmasin, hech bo‘lmadi. Faqat birovning eriga mehrli nigohigina yodida qolibdi. Ko‘tarolmadi. Hayajondanmi? Nafratdanmi? Muhabbatdanmi? Rashkdanmi? Ko‘tarolmadi. Dissertatsiyasi himoyasi kunlarida «Tez yordam»ga muhtoj bo‘lib qoldi. Mana, yotibdi. Hozir yoniga kimdir keladi. Kim?..

* * *

Beg‘ubor bolaligini ehtirosli muhabbatga, muhabbatni ilmga almashgan ayol, ko‘zlari nursiz va zaif, jussasi yanada kichiklashgan ayol, turay desa turolmaydigan ayol, hali himoya qilinmagan ilmiy ishning himoyasiz qurboni ayol Muhabbat so‘zini bir umrga yomon ko‘rdi endi. Begona ayol ismi ekan u...

* * *

Xonaga yana farrosh xola kirdi.
— Voy, o‘rgilay, ko‘zingiz to‘rt bo‘lib ketdi. Berib yubordim xalatni. Huv dahliz boshidan kelguncha...
Qirqiga chidadingiz, qirq biriga ham chidang...
Qadam tovushlari eshitildi. Qadamlar sadosi yuragining urishiga aks sado edi. U devorga qarab o‘girilib oldi. Juda yorug‘ joyda uchrashishmasa bo‘lardi. Yerug‘ bo‘lsa, soya ko‘rinadi...

“Sharq yulduzi” jurnali, 1990 yil, 3-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.