OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zuhra Mamadaliyeva. Ona (hikoya)

Xosiyat momo bu yil ikki kam yuzga chiqadi. Lekin hali bardam, g‘ayratligina. Sahar o‘rnidan turib bomdoddan so‘ng, hovli yuzi – chorvog‘ni aylanadi. Aylana-aylana ichida duo o‘qiydi. Qaddi bukilgan mevali daraxtlarga ayri qo‘yadi. Yo‘lak ostidagi toshmi, kesakkami ko‘zi tushsa, hassasi bilan turtib-turtib,chekkaga opchiqib tashlaydi. Keyin asta uyiga qaytadi. Nevara kelinlarining endi turayotganligini ko‘rib, jahli chiqmaydi: bular yosh-da hali, uyquga to‘ymaydi.
Uyi hovlining burchagidagi kichkina xona. Ichidan zax aralash qalampirmunchoq ichi keladi. To‘rda taxmon, ikki yonida tokcha. Taxmonda kampirning ko‘rpa-yostiqlari yig‘uvlik turadi. Yerda kigiz to‘shalgan. Uning tagi avval xas bo‘lardi. Bultur nevaralari qo‘yarda-qo‘ymay pol qilib berishdi. Poli qurmagur yaxshi-yu, ammo odam sirpanib ketishi bor ekan. Kampir ikki marta sirpanib yiqilishiga oz qolgan. Yaxshiyam ikki martayam kichkina kelin ushlab qoldi.Shu nevara kelini yaxshi chiqdi-da, holidan xabar olib turadi. Baraka topsin.
Taxmon tepasidagi mixda non osig‘lik. Bir tishlangan non. Mahkamboyning nasibasi. Taxmondagi sandiqda onaning bisoti bor – o‘limligi. Chap tomondagi tokchada qand-qurs bor, chevaralari kirsa, baholi qudrat ushatib beradi. Gohida sho‘x chevaralari qutini qoqlab qo‘yishadi. O‘ng tokchadagi qutida esa uchburchak qilib taxlangan, sarg‘ayib ketgan xatlar bor: Mahkamboydan kelgan. Gohida chevaralarni chaqirtirib o‘qitadi. O‘qitib-o‘qitib, yig‘laydi.
Xosiyat ona to‘qqiz farzand ko‘rdi: to‘rt o‘g‘il, besh qiz. O‘g‘illarning uchtasi urushga bordi. Ikkitasi mayib-majruh qaytib keldi. Shunisigayam shukur. Biroq to‘ng‘ichi Mahkamboydan haligacha darak yo‘q...
Xosiyat momo uyiga kirib, biroz dam olar-olmas, kenja kelin Manzuraxon kirdi:
— Buvijon, yuring, choy tayyor.
Ona uzun, keng yoqali, ko‘ylagi ustidan baxmal nimchasini kiydi. Boshiga oq qars yopindi.
— Keling, ayajon, — kelini Ruxsatoy kampirning qo‘ltig‘idan olib supaga chiqardi.
— Shunga bir zinapoya qilish kerak ekan-da, — dedi o‘rtancha nevara Usmonjon.
— Voy, xudoyim-ey,— og‘ir tin oldi kampir. — Qarib qopman, bolalarim... keyin tuyqus ma’yus tortadi. – Mahkamboyim kelguncha ketib qolmasam go‘rga edi.
Choydan so‘ng xamma ish-ishiga ketadi. Ruxsatoy bilan Xosiyat kampir uyda kolishadi. Ha, hozir Manzura kelin xam uyda. Emizikli bolasi bor. 
Manzura kelin ovqat kiladi. Xosiyat ona Ruxsatoy bilan jujuqqa qara-ab o‘tirishadi. Shunda Xosiyat ona zerikadi. Hassasi bilan bir-bir bosib tag‘in chorvoqqa o‘tadi. Mevalardan bitta-yarimta shoxidan uzib olib yeydi. Ruxsatoy bilan Manzura kelingayam ilinadi. Maktabdan qaytgan nevalarini qistaydi:
— Boqqa o‘tib meva yesalaring-chi. Biram pishgan-ki, jonivorlar...
Urushdan sa-al burun, olma pishig‘ida eri dunyodan o‘tdi. Xosiyatoy to‘qqiz bola bilan chirqillab qolaverdi. Boshga tushganni ko‘z ko‘rar ekan. Xosiyatoy kolxozda ishladi. G‘o‘za chopdi. Paxta terdi. Bug‘doy o‘rdi. Kechalari birovga kamzul tikdi, birovga nimcha. Bolalarining yetimligini bildirmadi. Qizlarni joy-joyiga qo‘ydi. O‘g‘illarni uyladi. Biroq, Mahkamboydan darak bo‘lmadi. O‘shanda bir-ikki kayvoni qarindosh «aza ochaylik», deganday qilishdi. Xosiyatoy asti rozi bulmadi. Ko‘zidagi yoshini artib tashladi. «Soppa-sog‘ jo‘natgan bolamga qanday aza ochaman», dedi. «Bolaginam tirik, bir kuni keladi», dedi. 
Nevaralar tug‘ildi. Katta bo‘ldi. Ular harbiyga ketsa, Xosiyat xola yuragini hovuchlab turdi. Xayriyat, hammasi sog‘-omon qaytdi. Lekin... Mahkamboydan darak yuk... O‘shanda... huv, urush paytida bir bo‘lak qog‘oz keluvdi «bedarak yo‘qoldi» degan. Shu-shu boshqa xabar yo‘¦q. 
Kenjasini uylantirgan yili bolalar gap topib keldi. O‘rda xiyobonida urushga qatnashganlarning nomi o‘yib yozilgan devor tiklanibdi. Devorning tagida yerdan olov chiqarmish. O‘sha olov hech o‘chmasmish. O‘sha devor ichida... Mahkamboyniyam oti bormish. 
Xosiyat momo egniga kamzulini kiyib yulga tushdi. O‘rdaga bordi. Aytganlari chin ekan. Toshdan ishlangan uch haykalning o‘ng yonboshida uzu-un, tik devor. Unda juda ko‘p nimalardir yozilgan. Yerda esa besh yulduzni ichidan olov chikayapti. Hech kim yo‘¦q. Xiyobon ichi sukutga cho‘mgan. Xosiyat momo yerga o‘tirdi. Yig‘ladi. Aytib-aytib yig‘ladi:
— Ayaginang o‘lsin, Mahkamboy! Qaerlarda yuribsan, bolaginam?! Diydoringni bir ko‘rarmikinman, yo armonda ketarmikinman, bolajonim...
Yillar o‘tdi. Besh qizning ikkitasi qazo qildi. Taqdir ekan. Bir o‘g‘il ham dunyoga sig‘madi. Xosiyat momo bolalariga ko‘p kuydi. Biroq, tez orada o‘zini tutib oldi. 
— Mahkamboyni bir ko‘rmay, qanday ketaman,— dedi o‘ziga o‘zi. 
Xosiyat momoning ko‘zi hali ravshangina. Kelini Ruxsatoy tikish qilsa, ipini o‘tkazib turadi. 
Uyida sim radio bor. Kampir o‘shani eshitishni yaxshi ko‘radi. «Mahkamboy haqida hech nima demasmikin?» deb quloq soladi. Momo televizorni yomon ko‘radi. Nuqul o‘rischa gapiradi. Sochi sariq qizlar etagi qirqilgan ko‘ylak kiyib, yaxda sirpanishadimi-ey, bir to‘da bolalar to‘pning orqasidan yugurashidimi-ey... Boshqa qiladigan ishlari yo‘qday. Gohida qizlari onani uylariga opketishadi. Ona baribir ularnikida bir kechayam yotolmaydi. Buning ikkita sababi bor. Avvalo, Mahkamboy kelib qolsa, bolalar yaxshi kutib olarmikin, degan andisha bo‘lsa, ikkinchisi televizor. Bir kuni o‘rtancha qizinikida ona-bola gaplashib o‘tirishgandi. Birdan chiroq o‘chib qoldi. 
— Ana uni yoqib qo‘y, To‘xtaoy,— dedi ona qiziga.— O‘lsin, o‘rischa gapirsayam yorug‘ida o‘tiramiz. 
Shunda nevaralar rosa kulishdi. Kula-kula televizor deganlari chiroq bo‘lmasa ishlamasligini, oddiy bir qutiga aylanib qolishini tushuntirishdi. 
Keyingi paytda darvozani taqqillatib, narsa sotib yuruvchilar ko‘paydi. Choynak–piyola, paypoq-saypoq sotishadi. Yashash qiyin bo‘layotganligidan, maoshlari yetishmasligidan nolishadi. Ona ularga choy tutadi. Choy bahona nasihat qiladi. Shukur qilishning xosiyati haqida, burungi kunlar haqida gapiradi. Gohida ulardan mayda-chuyda buyum oladi. Paypoq, mayka deganlariday. Ularni sandig‘iga solib qo‘yadi. «Mahkamboy kelganida beraman», deydi. 
Olmalar g‘ujg‘on gulga kirgan avji ko‘klam pallasi edi. Radioda ovoza tarqaldi: g‘alabaga oltmish yil bo‘libdi. 
— Shuncha yil o‘tipti-ya,— o‘yladi Xosiyat kampir. — Xuddi kuni kechagiday. Yigitlar kelishdi gurras–gurras. Shaharu qishloqlar to‘lib qoldi. Biroq sog‘idan bemori ko‘p. Birovining qo‘li, birovining oyog‘i yo‘q. Lekin hech biri nogironligini pesh qilmadi. Barisi ter to‘kib ishladi. Qolgan umrimiz foydaga qoldi, deb ishladi ular. Xudoga shukur qilib ishladi. Esida, ikki qo‘li yo‘q bir qo‘shnisi bozorqo‘m bo‘lib, qancha mehnat qildi. Chayqovchilarni bozorga yaqin yo‘latmadi. Shungayam oltmish yil bo‘pti-ya...
Xosiyat ona Manzura kelinning kichkinasi Shodmonjonning beshigini tebratib o‘tirar, uyda qaynona-kelin manti qilishayotgandi. Eshik taqqillab qoldi. Xosiyat ona boshidagi qarsini to‘g‘rilab, o‘rnidan turgunicha, oshxonadan chopqillab kelgan Manzura kelin eshikni ochdi. 
Darvozadan past bo‘ylik, havo issiq bo‘lsa ham qop-qora kostyum-shim kiygan rangi zaxil kishi kirdi. Manzura kelin salom berdi.
— Xi, tak... volaykum... Xosiyat onaning uyi shumi?— so‘radi u ostonada tik turganicha qo‘lidagi daftarini bir ochib ko‘rib.
— Ha, ha, keling. Mana shu kishi bizning buvimiz Xosiyat ona bo‘ladilar. 
Mehmon yuzidagi ajinlari qavat-qavat, sochlarining qorasidan oqi ko‘p bo‘lsa ham, nimasi bilandir yosh bolaga o‘xshardi. U supaning chetiga omonatgina o‘tirdi. So‘ng yana so‘radi:
— Xosiyat ona siz bo‘lasizmi?
— Ha, aylanay... – kampir mehmon bilan so‘rashdi. Ota-onasi , bola-chakasi, hovli-joyini so‘radi. Mehmon «rahmat, rahmat» deb o‘tirdi. Keyin kissasini kavlab, xizmat guvohnomasini chikardi.
— Men viloyat gazetasidanman. Tegizboy Eshonberdiev.— Keyin birdan kampirning savodi yo‘qligini eslab qoldi shekilli, qizil guvohnomani Manzura kelinga ko‘rsatdi. Manzura kelin boshini qimirlatib qo‘ydi. 
— Keling, aylanay,— dedi Xosiyat kampir. – Siz, bolam, darrov, choy... 
Manzura kelin oshxona tomon yo‘naldi. 
— Ikkinchi jahon urushi tugaganiga 60 yil bo‘ldi. 
— A... ha, urush to‘xtaganigami ... shuncha vaqt o‘tibdi, bolam,— dedi kampir muxbirning gaplariga zo‘rg‘a tushunib. Keyin o‘yladi: «Haliyam radiyol eshitganim. Bo‘lmasa buning nima deganini tushunmasdim.»
— Ha, — dedi muxbir ijirg‘ilanganday, keyin daftarini yana bir ochib ko‘rdi. – Shu urush yillari haqida gapirib bersangiz... Gazetamizga yozamiz. 
— Urushni nimasini gapiraman... Nomi o‘chgur urushga bormagan bo‘lsam...
Bu orada Manzura kelin keldi. Dasturxon yozdi. Choy – non, shirinlik qo‘ydi. 
— Hoy, bolam, Siz o‘tiring,— dedi kampir nevara keliniga. Keyin muxbirga yuzlandi:— Yaqinroq o‘tiring, o‘g‘lim. Nonga qarang.
Muxbir zo‘rg‘a bir ho‘plam choy ichdi. Ona uni dasturxonga qistay-qistay urush yillaridagi voqealarni aytib berdi:
— Erkaklar urushga ketgan, bolam. O‘zimiz qo‘sh xaydab, ekin ekardik. Mola bosardik.
Muxbir gaplarni noroziday eshitdi. Birortasiniyam daftariga yozib olmadi. Oxiri : 
— Endi...— dedi— onaxon, uch o‘g‘lingizdan bittasi urushdan qaytmagan ekan. Ikkitasiyam nogiron bo‘lib kepti. 
Kampir indamadi. Muxbir davom etdi:
— Nogironiyam, mayli... qaytmaganini ayting. Masalaga davrimiz ko‘zi bilan qaraydigan bo‘lsak, ular xato g‘oya, xato mafkura qurboni bo‘lgan-da, to‘g‘rimi? 
— A?— ona tushunmaganidanmi, yo hayratdanmi, angrayib turar, yuzidagi ajinlar ham tekislanib ketganday edi. 
Manzura kelin bir buvisiga, bir muxbirga qarardi.
— Mana, tushunmayapsiz-da, onaxon,— muxbir qo‘lidagi daftarni yoniga qo‘ydi. Supaga yaxshi joylashib olib, jon kuydirganicha tushuntira ketdi:— Gitler bizning yurtimiga bostirib kelmagan edi-ku. Bizning mustamlakachilarimiz bilan urushayotgan edi-ku. Qo‘yavermaymizmi, bir-birini yemaydimi, ular? Bizning gumanistligimiz boshimizga balo. Qilichday yigitlarimizni qurbon qilganimiz yetmaganday, yetimlarini boqqanmizmi-ey?... «Sen yetim emassan», deb she’r yozganmizmiey?... Ey, o‘sha paytda bizning xalqqa ong yetishmagan-da, ong. —Muxbir shunday deb qo‘lini siltadi. Keyin yana onaga qaradi: — Bu fikrga Siz nima deysiz, onaxon? O‘tmishning emas, bugunning kishisi, mustaqil yurtning fuqarosi sifatida nima deysiz? Farzandini behuda qurbon bergan ona sifatida qanday munosabat bildirasiz?
Xosiyat ona boshini egdi. Chuqur xo‘rsindi. Keyin muxbirga qaradi. Uning ko‘zlari yoshdan xira tortib ketgan edi.
— Gaplaringizga tushunmadim, bolam. Nimalar deyapsiz, mening Mahkamboyim hali o‘lgani yo‘q. Erta-indin kelib qoladi, ko‘rasiz.
Momo ortiq gapirolmay, o‘pkasi to‘lib jimib qoldi. So‘ng asta-sekin o‘rnidan qo‘zg‘alib, Manzura kelini yordamida ichkari kirib ketdi.
Muxbir uning ortidan hangu-mang qarab turar edi: «Ob-bo-o, kampirning esi ham kirarli-chiqarli bo‘b qolibdi-yu...»
Xosiyat momo uch kun to‘shakka mixlanib qoldi. Bola-chaqalarini yig‘ib, rizolashgan bo‘ldi. So‘ng kechga yaqin tepasida osig‘liq turgan nonga – Mahkamboyning nasibasiga termulib jon berdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.