OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zulfiya Qurolboy qizi. Ayol (hikoya)

Devorlari oppoq xona.
Deraza oynasidan to‘kilayotgan oppoq nur ayolning yuzida jilva qildi, yumuq qovoqlarini qizartirdi, barmoqlaridagi uzukning olmos ko‘zchalarida aks etdi.
Ayol ko‘zlarini ochdi. Shu’la endi uning qorachiqlarida akslandi.
“Qanday yoqimli... Tiriklikning yana bir tongi otdi, — ayol ko‘zlarini yumib, quyosh nurlarini simirdi, keyin yana ohista pichirladi: — Seni qanchalik yaxshi ko‘raman, quyosh!..”
Quyosh nurlarini mo‘l-ko‘l to‘kdi. Ayol oftob nuriga butkul g‘arq bo‘ldi...

* * *

Keyingi hafta surunkasiga Nazokatning harorati ko‘tarilib, tushib turdi...
Davolovchi shifokor Shavkatni xonasiga chaqirdi.
— Nazokatning ahvoli yaxshi emas. Hozirligingizni ko‘ravering.
Shavkat boshini changallab qoldi.
— Og‘ir bo‘ling. Hali u ko‘p azob tortishi mumkin, — do‘xtir jimib qoldi.
Shavkat ilkis boshini ko‘tardi.
— Nahotki... Shuncha qiynalgani yetmaydimi?..
— Ko‘p azob turibdi oldinda, — dedi do‘xtir mahzunlik bilan.
Shavkat kasalxona hovlisida ancha vaqt aylanib yurib keyin palataga kirdi. Nazokat uxlab yotardi. U juda ozib ketgandi. Qovoqlari ichga botib, yonoq suyaklari turtib chiqqan, chekka tomirlari ko‘m-ko‘k bo‘lib bo‘rtib turardi.
Dunyodagi barcha kasalliklarga la’nat o‘qidi Shavkat.
Nazokat tikilib turgan nigohlarni his etdi shekilli, asta ko‘zini ochdi.
— Yaxshimisan?..
— Tuzuk, — o‘rnidan qo‘zg‘aldi Nazokat, — hovliga chiqib kelsammi, devdim.
Shavkat unga qo‘lini uzatdi.
— Hali kuchim bor, o‘zim yura olaman, — dedi Nazokat g‘alati qarab.
Shavkat beixtiyor chuqur xo‘rsindi.
Ular hovliga chiqishdi.
—Do‘xtir sizga bir balolarni vaysagan shekilli, — dedi Nazokat tashqariga chiqqanlaridan keyin erining qovoqlari salqigan, kayfiyatsiz yuziga zimdan tikilgancha. — Lekin ular yanglishyaptilar. Aft-angorimga qarang, yaxshilab qarang, men yaqin-o‘rtada o‘ladigan odamga o‘xshaymanmi? O‘zimni har qachongidan yaxshiroq his etyapman. Yashash uchun bundan ortiq yana nima bo‘lishi kerak? — Ayol yurishdan to‘xtadi. Havo sovugan, osmonda uvada bulutlar kezinar, quyosh xiragina nur sochar, qorning hidi kelardi. — Men oynaga boqib, qayta-qayta tikildim o‘zimga, o‘ladigan odamning yuzi bunaqa bo‘lmaydi. Siz ham eshitganmisiz shu gapni?
— Ha, eshitganman, — dedi Shavkat shubhaga o‘rin qoldirmaydigan ohangda.
— Ana, ko‘rdingizmi, — Nazokatning allaqanday ichki nurdan yuzi yorishdi. U nariroq borib kungay yerda turdi, ayolning qorachiqlarida olov akslandi. — Haliyam havo bulut, — dedi u, — yorug‘lik tiniq emas. Bu havo odamning rangini ochmaydi, bo‘g‘ib qo‘yadi!
Haqiqatan ham ochiq havoda uning yuzida kasallik nuqsi sezilmas, egniga to‘kilgan upa g‘ubori, havoga taralayotgan yoqimli hid uning o‘ziga oro berganini bildirib turardi.
Birdan kutilmagan hol yuz berdi. Nazokat yugurib kelib Shavkatning quchog‘iga o‘zini otdi. Avvallari hech ham bunday qilmasdi.
— Biz faqat er-xotin emas, undan ham yaqinroq bo‘lib ketganmiz, a, dadasi? — dedi u erining ko‘ksiga yuzini bosib.
Shavkat kuchli haroratni va ko‘z yoshlarni tuydi. U qimir etolmay qoldi, nimadir deyishni, xotinining ko‘nglini ko‘tarishni istadi, ammo tili aylanmadi. Ko‘ksidan beixtiyor yana og‘ir xo‘rsiniq otilib chiqdi.
Nazokat erining yuzidan o‘pdi, avaylab, nazokat bilan o‘pdi. Shavkatning tanasiga titroq kirdi. Xotinining qovjiragan lablari issiq edi. Yuzi issiq edi. Nafasi issiq edi. Yuziga tegib turgan sochlaridan-da hovur sachrayotgandek edi.
— Senga nima bo‘ldi?.. — deya oldi Shavkat.
Nazokat jilmaydi. Bir vaqtlardagiday... Ammo bu kulgu emas, og‘riq, armon to‘la shodmonlik edi.
Shavkat uni bag‘riga bosdi, nigohlarini yashirdi. Nazokatning yuziga qarashga ortiq bardoshi yetmadi.
— Mana ko‘rasiz, ikki-uch kun o‘tsin, yana avvalgiday bo‘lib ketaman. Shunday bo‘lishini ko‘nglim sezib turibdi, — shivirladi Nazokat.
Shavkatning ko‘ziga dunyo qorong‘u bo‘lib ketdi.

* * *

Kechasi Nazokatning yana issig‘i ko‘tarildi. Alahsiradi. Bolalarini so‘radi.
Shavkat navbatchi vrachni chaqirdi. Ukoldan keyin Nazokat tinchlanib uxlab qoldi.
Ertalab odatdagiday vaqtli uyg‘ondi.
— Qattiq uxlab qopman-a? — deb so‘radi u allanarsadan hadiksiragandek bo‘lib.
— Charchagansan, — dedi Shavkat.
— Radioni nimaga o‘chirib qo‘ydingiz?
— Senga tinchlik kerak. Do‘xtir aytdi.
— Men atay radioni yoqib qo‘ygandim. G‘ing‘illab tursa qattiq uxlab qolmayman...
— Bugun ham havo juda yaxshi, hovliga chiqasanmi? Yozga ham, kuzga ham o‘xshamaydi sira, — dedi Shavkat.
— Chiqaman, albatta. Ertalabki toza havoni yaxshi ko‘raman.
Nazokat adyolni ustidan olib tashlab, oyoqlarini karavotdan pastga tushirdi. Birdan oyoqlariga ko‘zi tushgan ayolning yuzi o‘zgarib ketdi. Ikkala oyog‘i ham shishib, po‘rsillab turardi. Bir kechada-ya...
— Keyinroq chiqarman... — Nazokat bo‘shashgancha o‘ringa cho‘zildi. Oyoqlari ustiga adyolni tashladi.
— Nonushtani shu yerga olib kela qolay. Ikkalamiz o‘tirib choy ichamiz, keyin bolalardan, ishdan xabar olaman, — dedi Shavkat xotinining birdan avzoyi o‘zgarganidan taajjublanganini sezdirmay.
— Mayli...
Shavkat g‘ildirakli stolda nonushta olib keldi. Nazokat oyoqlarini adyol bilan o‘rab o‘tirib choy ichdi...
Kechga borib Nazokat boldirlari ham shishib, ko‘pchib turganini ko‘rdi. Uning hafsalasi pir bo‘lib ketdi. Kechasi yana isitma tutdi.
Ertasiga sahar uyg‘onganida qorin qismida allaqanday g‘ashni keltiruvchi og‘irlikni tuydi. Qoqsuyak qo‘lini qorni ustiga qo‘ydi-yu, shu zahoti tortib oldi. Shish endi qoringa o‘tgan, u oshgan xamirday ko‘pchib turardi.
— Do‘xtir! — qichqirib yubordi Nazokat. Lekin buni o‘zi sezmadi.
Salobatli keksa do‘xtir, uning ketidan ozg‘in hamshira ichkariga kirishdi.
— Qalaysiz, qizim, isitma bezovta qilmayaptimi endi? — taburetkaga o‘tirdi do‘xtir.
Nazokat mahzun jilmaydi, ko‘zlarining ostida ajin g‘ujumi paydo bo‘ldi.
— Yaxshiman.
— Haroratini o‘lchang, — dedi do‘xtir hamshiraga qarab. Keyin yana Nazokatga yuzlandi. — Menda gapingiz bor ekan. Eshitaman, qizim.
— Shish masalasida... — Nazokat gapirolmay qoldi.
— Xo‘sh.
—Qornimda yana suv to‘plangan shekilli? Qarang... Shu suyuqlikning hammasini birdan oldirsam, shish qaytadimi?.. — Nazokatning ko‘zlari g‘iltilladi.
— Shish qaytadi, — dedi do‘xtir vazminlik bilan. — Lekin menimcha... Sizga do‘xtir sifatida emas, oddiy bir odam, otangiz qatori bir odam sifatida aytadigan bo‘lsam... buni maslahat bermayman.
— Nega?
— Endi... shunisi ma’qul... — Do‘xtir nigohlarini qaerga yashirishni bilmasdi.
— Bu gal judayam qiyin bo‘lsa kerak-a? Qattiq azob tortsam kerak. Qaysidir palatada bir ayol kechadan beri chinqirib yotibdiyu, shunga o‘xshab. Lekin buni qarang, qornim soat sayin kattalashib ketyapti. Hademay do‘mbiraday bo‘lib qolsa kerak. Men bunday xunuk alfozda... — Nazokat yuzini devor tomonga burdi. Yostiq nam tortdi.
Tog‘day do‘xtir birdan kichrayib qolgandek his etdi o‘zini.
— Tushunib turibman... — dedi bir ozdan keyin ovozi xirillab. — Biz keragini oldik suyuqlikning... Ammo ortiqcha azobning nima keragi bor?
— Mayli, men chidayman... — dedi Nazokat ters qarab yotgan ko‘yi. — Hammasiga chidayman.
Do‘xtir o‘rnidan turdi. Nazokat jon holatda do‘xtirning qo‘lidan ushladi.
— Bilaman, oz qolganini bilaman. Lekin bunday xunuk alfozda o‘lishni istamayman. Istamayman!..
Do‘xtir qo‘lini avaylab tortib olib, xonadan chiqdi...

* * *

Tun.
Shavkat tezda uxlab qoldi. Ammo Nazokat yota olmadi. U oyoqlariga ilashgan yengil ko‘rpani nari surib, qiyinchilik bilan tizzalarini quchoqlagancha to‘shak ustida o‘tirmoqchi bo‘ldi, ammo bu noqulay edi. To‘g‘rirog‘i juda o‘ng‘aysiz edi. Xipcha belida osilib turgan yoqimsiz og‘irlik o‘tirishga xalaqit berardi. Ayol o‘rnidan turib deraza oldiga keldi. Uning uyqusi o‘chgan, butun olamni nigohlari bilan qamrab, unga joylab olmoqchidek, ochiq derazadan unsiz osmonga tikilar, hayratomuz manzaradan dong qotardi. Zero bu vaqtda had-hududsiz osmon nurafshon, tillarang yog‘duga g‘arq bo‘lib yotardi. Ufq tepasida osilib turgan oy, jimir-jimir qilayotgan yulduzlar yaqinlashib kelayotgan tongga o‘rin bermaslikka, asta-sekin xira tortib, so‘nib yo‘q bo‘lib ketmaslikka tirishayotganday yanada yorqinroq jilva qilishardi.
Tun va tong o‘rtasida keskin kurash ketayotgan bir vaqtda borliqda teran sukunat hukm surardi. Ayol butun jismu joni quloqqa aylanib allaqanday eshitilmas tovushlarga, sirli ohanglarga g‘arq bo‘ldi, oy nurida yaltirayotgan yaproqlarning sehrli titrog‘ini his etdi... Keyin chuqur nafas olib o‘pkasini toza havo bilan to‘ldirdi. Lablarini qattiq qimtib, nafas chiqarmay turdi.
Asta-sekin borliqqa kumushrang nur oqimi yoyildi. Qushlar chah-chahlab yubordi...
Nazokat chuqur xo‘rsindi. Ko‘zlari yoshlandi.
Shavkat bezovtalanib, qimirlab qo‘ydi.
Nazokat o‘ringa cho‘zildi. Boshini ko‘rpa bilan burkab oldi. Zum o‘tmay adyol silkina boshladi.
Ayol yig‘lardi, unsiz yig‘lardi...

* * *

Kechga borib Nazokatning nafasi qisa boshladi. Boshi yostiqqa tegishi hamon havo yetishmay qolgandek bo‘lardi. Qorni yana bir oz kattalashgandek edi.
Vrach Nazokatga yostiqqa suyanib o‘tirgan ko‘yi uxlashni tavsiya qildi. Yotgan paytida qorin bo‘shlig‘ida paydo bo‘lgan suyuqlik o‘pkani siqib qo‘yardi, shuning uchun Nazokat nafas olishga qiynalayotgan edi...
Palataga hamshira kirdi.
— Erim kelsa ichkariga kiritmang, iltimos, — dedi Nazokat unga.
— Nega? Do‘xtir kechasi yoningizda odam bo‘lishini tayinlagan, — dedi hamshira.
— Vaqtincha kiritmay turing, iltimos.
— Lekin u xavotirlanadi...
— Biror bahona o‘ylab toparsiz! — Nazokat hamshiraning cho‘ntagiga pul soldi.
Hamshira ikkilangancha chiqib ketdi.
Nazokat derazaga tikildi. Uning ko‘z oldida o‘g‘illari paydo bo‘ldi.
Ayol o‘kirib yubormaslik uchun labini qattiq tishladi...
Shavkat ishdan chiqib to‘g‘ri kasalxonaga keldi. Lekin uni palataga kiritishmadi.
— Mumkin emas! — dedi hamshira darchaga engashib.
— Ahvoli og‘irlashib qoldimi?!. — dahshat ichida so‘radi Shavkat. Birdan uning yuzi ko‘karib ketdi.
— Ahvoli yomonmas, lekin...
— Vrach bilan gaplashsam bo‘ladimi?
— Vrach kechki obxodda!
Shavkatning yuragi xavotirli uvishdi. Nazarida atay vrachlar uni ichkariga kiritishmayotganday tuyuldi. Allaqanday qora xayollar birdan bostirib keldi va u o‘zini bosa olmay qoldi.
— Eshikni oching! Oching, deyapman! — deya qichqirdi u eshikni mushtlab. — Vrach bilan gaplashishim kerak! Xotinimni ko‘rishim kerak!
Ichkaridan javob bo‘lmadi.
Shavkatning xavotiri kuchaydi. Dunyo ko‘ziga qorong‘i bo‘lib ketdi.
— Eshikni oching! Oching! — deya qichqirdi u joni bo‘g‘ziga tiqilguday bo‘lib. Keyin bir-ikki tepdi ham.
— Nima gap, tinchlikmi? Nega to‘polon qilyapsiz? – dedi bir mahal keksa navbatchi vrach eshik oldida paydo bo‘lib.
— Do‘xtir, xotinimni ko‘rishim kerak... Ko‘rishim kerak... Lekin ular meni ichkariga kiritishmayapti! — dedi Shavkat hovliqib.
Eshik ochildi.
— Ortimdan yuring, — dedi keksa do‘xtir.
Shavkat unga ergashdi.
Vrach uni Nazokat yotgan palataga boshlab bordi. Lekin ichkariga kirishga ruxsat bermadi.
— Ana, xotiningiz uxlayapti, endi ko‘nglingiz tinchidimi? Shavkat qiya ochilgan eshikdan ichkariga bosh suqdi. Ha, haqiqatan ham deraza ostidagi karavotda Nazokat uxlab yotardi. Quyuq qora sochlari oppoq yostiq ustida parishon sochilgan... Ko‘rpadan bir oz chiqib turgan yelkasida oy nuri jilva qilardi. Shavkat sal xotirjam tortdi. Ammo dilidagi g‘ashlik va qo‘rquv tarqamadi.
— Nega meni ichkariga qo‘ymayapsiz? — deb so‘radi u keksa vrachdan. — Axir o‘zingiz aytgandingiz-ku, kechasi oldida odam bo‘lishi kerak, deb.
— To‘g‘ri, o‘zim shunday degandim. Lekin bu bemorga yoqmayapti. U tinchlikni istayapti chog‘i. Mayli, ko‘ngliga qaraymiz.
— Men nima qilay unda?
— Siz? Istasangiz uyingizga borib, bolalaringizdan xabar olib keling. Darvoqe, ularni ertaga olib kelsangiz ham bo‘ladi. Faqat deraza ortidan gaplashishadi, xo‘pmi?
— Xo‘p...
Shavkat kasalxona hovlisida ancha vaqt turib qoldi. Uning ketgisi kelmayotgandi. Birdan uning xayoliga deraza tomondan borsam-chi, degan o‘y keldi. Keyin kasalxonani aylanib o‘tib, Nazokat yotgan palata derazasi tagiga keldi. Ammo ichkarini ko‘rib bo‘lmasdi. Deraza oynalari yarmigacha to‘sib qo‘yilgandi.
Shavkat yerga cho‘k tushdi. Keyin bu yerdan bir qadam ham jilmadi...

* * *

Azob edi...
Yota olmasdi. O‘tirish ham ancha noqulay. Ikki-uch qadam yurmasdan harsillab qolardi. Holdan toygan vujudi ortiqcha yukni ko‘tarolmay qiynalardi.
Kechga borib Nazokatni hiqichoq tutdi. Ikki-uch marta “hiq-hiq” etdi-yu, birdan ichidan qandaydir suyuqlik otilib chiqdi...
— Hamshira! — xirqiroq ovozda qichqirdi Nazokat.
Zum o‘tmay vrach yetib keldi.
— Endi suvni olmaslikning iloji yo‘q, a? — dedi Nazokat vrachga qarab.
Vrach javob bermadi.
— Do‘xtir... — Nazokat barmog‘idagi tilla uzugini vrachning cho‘ntagiga soldi. — Suvni oling, iltimos. Faqat oxirigacha!
Vrach yana javob bermadi. Hatto qarab ham qo‘ymadi. Ayolning qo‘li cho‘ntagiga kirib chiqqanidan keyin ham yuziga qaramadi. Biroq:
– Hamshira! — deya chaqirdi yo‘lakka qarab.
Nazokat jilmaydi. Keyin yostig‘i ostidan upa-elikni oldi...

* * *

Tun chekindi.
Deraza oynasiga kumushrang yog‘du yopirildi.
Keyin ufq qizarib, asta quyosh bosh ko‘tardi. Quyosh nurlari xira va kuchsiz edi, ammo u tez ko‘tarildi. Har yer-har yerda uni uvada pardalardek kulrang bulutlar to‘sdi, lekin quyosh yurishini to‘xtatmadi va birdan ko‘zni qamashtiradigan darajada oppoq bo‘lib porlab bepoyon osmonni yoritdi, so‘ng yurishini sekinlatib kasalxona tepasiga kelganida bor shu’lasini derazasi ochiq xonaga tushirdi, shu’la shu lahza karavotda yotgan xushbichim va go‘zal ayol yuzida jilva qildi, qovoqlarini qizartirmoqchi bo‘ldi, lekin tosh qotgan qovoqlar qilt etmadi, shu’la o‘ziga qadrdon qorachiqlarda akslanmoqni istadi, ammo ularni topa olmadi, u faqat ayolning barmoqlarida paydo bo‘lib qolgan uzukning olmos ko‘zchalaridagina aks eta oldi.
Bu kun quyosh qanchalar porloq va nurafshon bo‘lmasin, unga hech kim muhabbat izhor qilmadi, muloyim nurlarini simirmadi...
Baribir quyoshning bu yerdan uzoqlashgisi kelmadi, u saxiylik bilan nurlarini mo‘l-ko‘l to‘kdi, jimgina yotgan ayol vujudi ko‘zni qamashtirib, yarqirayotgan oppoq nurlarga omuxta bo‘lib ketdi...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.