OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zulfiya Qurolboy qizi. Ikki manzil (hikoya)

– Hammasini sen uchun qildim! Seni deb! Sen bo‘lsang... 
Yuzi dokadek oqargan, titrayotgan erkak bir soat burun xuddi shunday dedi qo‘rqqanidan devorga suyangancha og‘ir kursini o‘ziga qalqon qilib ko‘tarib turgan, zo‘riqqanidan ko‘ra ku-tilmagan vaziyatdan qattiq larzaga tushgan qizga...
Bu bir soat, atigi oltmish daqiqa oldin aytilgan gap. Bir soat, atigi oltmish daqiqa oldin erkak titragan, qaltiragan holda qizning qarshisida turardi. Tirishgan yuziga jon bag‘ishlab turguvchi ko‘zlari ayni damda juda qayg‘uli edi...
Xuddi hayot-mamoti hal bo‘layotgandek qarshisidagi qizga butun vujudi nigohga aylanib, qattiq tikilib qolgandi. 
Darvoqe, shundan keyin haqiqatan ham uning hayot-mamoti hal bo‘lmadimi?
– Demak... demak... siz shuning uchun... – nihoyat tilga kirdi qiz juda ham zaif tovushda. 
– Ha! Endi yashirib o‘tirmayman, – dedi erkak qizga yaqin kelib. – Bunga hojat ham qolmadi. Hamma-hammasini Siz uchun, yolg‘iz Siz uchun qildim. Bilasiz, imkoniyatim kengligini...
– Demak... – qiz birdan ma’yus tortib qoldi. Hatto bir oz bo‘shashganidan qo‘llarida mahkam tutib turgan og‘ir kursi tushib ketayozdi.
– E, namuncha “demak, demak”laysiz! – baqirib yubordi erkak. Qiz cho‘chib tushdi. – Ha, ha, deyapman-ku, – deya andak qahr bilan davom etdi erkak. – Onangizga idora nomidan sovg‘a qilingan uy ham, dala hovli-yu, akangizning universitetga o‘qishga kirishi, hamma-hammasini faqat, azbaroyi sizni... seni sevganimdan... – erkak jimib qoldi. Qarashlari muloyim tortdi. – Siz bo‘lsangiz... Siz bo‘lsangiz umuman befarqsiz, – dedi u birdan o‘zgargan, yumshoq va mayin ovozda.
Qiz unga javoban hech narsa demadi. Ammo... yonoqlariga qizil yugurdi, ko‘zlariga esa adog‘i yo‘q mung cho‘kdi. Uning yuragini dard timdalab yuborilganday edi... 
– To‘g‘ri, biz unchalik ham... unchalik ham badavlat emasmiz... – dedi qiz bir ozdan keyin juda ham dovdiragan, esankiragan holda. – Lekin oyim... bu haqda boshqacha gapirgandilar.
– Nima degandi oyingiz? – erkak qizdan uzoqlashib, xonadagi bo‘sh stullardan biriga o‘tirdi. Aftidan u qizga avvalgidan ham o‘n chandon ortiq qiziqib qolgandi. – Xo‘sh, oyingiz nima degandi o‘shanda?
– Oyimning aytishicha...
– Xo‘sh?
– Oyimning aytishicha, siz katta odam ekansiz. Qo‘lingizdan kelmaydigan ish yo‘q ekan. Aniqrog‘i, qo‘lingizni qaerga uzatsangiz yetarkan. Juda olamshumul ishlar qilsangiz ham qurbingiz yetarkan. Katta-katta idoralarda zo‘r tanishlaringiz bor ekan. Ular bilan har qanday chigal ishni hal qila olarkansiz. Keyin...
– Xo‘sh? – bir oz kulimsiragan holda shunday dedi erkak. Aftidan, u qah-qah urib yuborishdan o‘zini zo‘rg‘a tiyib turardi.
– Keyinmi?.. Keyin... Kallangizga nima kelsa, shuni qilarkansiz. Hech kim bilan maslahatlashmas ekansiz. To‘g‘ri, siz maslahat so‘ragan taqdiringizda ham hech kim sizga maslahat berishga botina olmaydi. Hatto sizdan tepki yeganlar ham oyog‘ingizni o‘pishga tayyormishlar! Shuning uchun... umuman, qaerga borgingiz kelsa, borarkansiz, kechami-kunduzmi, sizga farqi yo‘q, qolaversa, siz uchun yo‘l hamisha ochiq. Keyin... – shu yerga kelganda qiz yer ostidan erkakka qarab qo‘ydi. – Keyin istagan vaqtda istagan odamingizga pul-mul berib yuboraverarkansiz. Hatto ilgaridan tanimagan, bilmagan odamlaringizga ham... Buning hech qanday g‘alati joyi yo‘q emish. Badavlat, obro‘li odam qanday ish qilmasin, g‘alati tuyilmasmish. Shuning uchun biz unchalar ajablanmadik. Qolaversa, dedilar oyim yana, biz sizga juda devor-darmiyon bo‘lmasa-da, harqalay, qo‘shni bo‘lgan ekanmiz yangi uyga ko‘chib o‘tmasimizdan oldin. Shunday ekan, odam xayr-saxovatni eng avval qo‘shnisidan boshlagani ma’qul ekan. Chunki u dunyoda so‘roq qilinayotganda Xudo kimning qanaqa odam bo‘lganligini faqat va faqat qo‘shnisidan so‘rab olarkan. Faqat va faqat qo‘shni rost so‘zlarkan...
– Shunaqa deng... – dedi erkak qiz gapim tugadi, deganday jim qolib, boshini xam qilgandan keyin. U qizga bir muddat tikilib turdi, chehrasida kulimsirash paydo bo‘ldi, ajinlari yozildi, ko‘z-lari qisildi, basharasi yoyilib ketganday bo‘ldi va u birdan butun gavdasi silkinib... allaqanday asabiy tarzda qah-qaha otdi, uzoq kuldi, kulgining zo‘ridan ikki yuzi lavlagiday qizarib ketdi. Qiz esa hech narsaga tushunmaganday taajjub ichida unga qarab turardi. Bu hol erkakning e’tiboridan chetda qolmagan, lekin u biribir kulishda davom etar, kulganda ham qizning ko‘zlariga qarab, undan nigohini uzmagan holda xo-xolardi.
– Men ketishim kerak! – dedi qiz birdan dadil, lekin zardasi qaynagan holda, ammo shunda ham qo‘lidagi kursini yerga qo‘ymasdan.
– Qayoqqa?! – darhol kulgini bas qilib, gap ohangini o‘zgartirdi erkak.
– Uyga!
Erkak o‘rnidan turishga chog‘landi, lekin birdan fikridan qaytib, stulga yastanibroq joylasharkan:
– Keta olsangiz... mayli, ruxsat, – dedi bamaylixotir.
Qiz kursini yerga qo‘ya solib, eshik oldiga yugurdi. Ammo eshik berk edi! 
– Eshikni oching! – dedi u erkakka g‘azab bilan. – Oching eshikni, bilaman, uni siz qulflab qo‘ygansiz. 
Erkak miq etmadi. Barmoqlarini o‘ynagancha qarshisidagi deraza oynasiga tikildi.
– Hoy, kim bor?! Eshikni ochinglar! – deya qichqirdi yig‘lamsiragan qiz. – Meni qamab qo‘yishdi, yordam beringlar! Yordam... – qiz nozik mushtchalari bilan eshikni mushtlay boshladi. 
Uch-to‘rt daqiqa o‘tdi.
Qizning chorloviga hech qanday javob bo‘lmadi. Shundan so‘ng erkak o‘rnidan turib, qizga yaqin keldi. 
– Mana, ko‘rdingizmi, – dedi u ohista. – Qanchalik baqirmang, eshikni mushtlamang, baribir foydasi yo‘q. Bu hovlida anavi daraxtlardagi qushlardan boshqa hech qanday jonzot yo‘q. 
– Demak, meni aldab olib kelgan ekansiz-da?
Erkak eshitmaslikka oldi.
– Qani mehmonlaringiz? Axir meni xizmatga chaqirgandingiz-ku. Shu yerdan oyimga qo‘ng‘iroq qilib aytib qo‘yarman, deb kelaveribman. Endi nima bo‘ladi? 
– Ana, ana, aqlingiz endi kira boshladi, – erkak birdan jonsaraklik bilan qizning atrofida parvona bo‘lib, uni hashamatli, naqshinkor oromkursilardan biriga o‘tqazmoqchi bo‘lib yelkasiga qo‘lini qo‘ydi. Ammo qiz erkakning qo‘lini siltab tashladi, joyidan jilmadi, eshik tutqichidan mahkam ushladi. – Umuman olganda... – deya davom etdi erkak qizning harakatidan ko‘ngli og‘riganday bo‘lib, – hozirgi vaziyatni hisobga olib... ya’ni, demoqchimanki, sizning fe’li-xo‘-yingizni nazarda tutib... aytadigan bo‘lsam, oyingiz haq! Lekin men har qanday sharoitda ham mavqeimni pisanda qilmayman, deb o‘zimga-o‘zim so‘z bergandim. Vaholanki, bu ahvolda so‘zimning ustidan chiqolmaymanmi, deb qo‘rqaman, – erkak qo‘lini yana qizning yelkasiga qo‘ydi, qiz o‘zini olib qochishga urindi, lekin erkak kuch bilan uni o‘ziga tortib yuziga yuzini yaqin tutib, quloqlariga pichirlay boshladi: – Xo‘p deng, iltimos, sizni dunyodagi eng baxtli ayol qilaman, so‘z beraman, so‘z...
– Yo‘q! Yo‘q! – qiz o‘zini chetga tortdi. Ammo erkak uni qo‘yib yubormadi.
– Mana, ko‘rdingizmi, – dedi erkak ko‘zlari yonib. – Agar istasam, hoziroq, shu yerning o‘zida sizni o‘zimniki qilib olishim mumkin. Dodingizni eshitadigan odam yo‘q bu yerda. Albatta, mendan boshqa! Keyin dardingizni aytolmay yurasiz, garchi bu zo‘ravonlik bo‘lib, siz zo‘ravonlik qurboni bo‘lsangiz-da, hech kimga damingizni chiqara olmaysiz. Chunki bu ishda birinchi navbatda o‘zingizni aybdor qilishadi. Qizbola degan narsa yolg‘iz erkakning dachasida nima qilib yuribdi, deyishadi odamlar. Ha, ha, shunday deyishlari turgan gap. Men bunga ishonaman. Lekin men bunday ifloslik qilmayman, qilmoqchi ham emasman. Xudoga shukr, ko‘ngil roziligi bilan zo‘ravonlikning farqiga yetadigan odamman. Mana ko‘rdingizmi, hamma-hammasini ochiq gapirdim. Menga faqat sizning roziligingiz kerak. To‘y qilib uylanaman. 
Erkak andak bo‘shashdi. Bundan foydalangan qiz uning quchog‘idan sirg‘alib chiqdi va o‘zini deraza tomonga otdi. Xayolida: “Deraza oldiga yetib olsam bas, derazani ochaman-u o‘zimni tashlayman,” degan o‘y charx urardi halidan beri. Biroq! Deraza berk, buning ustiga temir panjaralar bilan qurshalgan edi!
– Nahotki, hammasi puxta o‘ylab qilinganiga fahmingiz yetmayotgan bo‘lsa? – orqa tomondan erkakning ovozi eshitildi. 
Qiz shaxd bilan o‘girildi.
– Ablah odam ekansiz!
– O, yaqin-o‘rtada bunday maqtov eshitmagandim. Buni yaxshilab hazm qilish kerak. 
– Eshikni oching! Men ketishim kerak!
– Taklifimga ko‘nasizmi?
– Ovora bo‘lmang!
Erkak bir zum tin olib, so‘ng dedi:
– O’ylab javob qiling. Siz go‘zalsiz, yo‘q, sohibjamolsiz, desam to‘g‘riroq bo‘ladi. Ammo bitta aybingiz bor, hali g‘o‘rsiz, yoshsiz. Hamma-hammasi sizning javobingizga bog‘liq ekanligini o‘ylab ko‘rmayapsiz. 
– Bu bilan nima demoqchisiz? – ensasi qotib so‘radi qiz. 
Erkakning titrab turgan lablari zaharxanda kulgidan yoyilib ketdi. “Hademay o‘zingga kelib qolasan, qizaloq,” deganday qaradi u qizga. So‘ng: 
– O’ylang, kallani ishlating, ko‘proq va ko‘proq o‘ylang, men manavi yerda kutib o‘tiraman, – degancha, boya o‘zi o‘tirgan oromkursi tomon yurdi. 
– Tushunmadim, – dedi qiz erkakning so‘zlariga parvo qilmay. 
– Yoshligingiz, besabrligingiz mana shundan ham ma’lum. 
– Ochiq gapirsangiz-chi.
Qizning ovozidagi yumshoq ohang erkakka boshqacha ta’sir qildi. U nimagadir hayajonlana boshladi. Bu xuddi qarmog‘iga baliq ilinganini his etgan baliqchining hayajoniga o‘xshab ketadigan bir tuyg‘u edi.
– Bilasizmi, qaldirg‘ochim... – deya erkalab so‘zlashga o‘tdi erkak, – haligina, bunga juda ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q, ya’ni mojaro boshlanmasidan siz oyingizning bir narsalarni gapirganini aytgan edingiz. Va men ham o‘zimning nimadandir qo‘rqayotganimni aytgandim. Ya’ni, mavqeimni nazarda tutib. Xullas, shu narsani qanchalik chetlab o‘tishga harakat qilmaylik, baribir gap aylanib yana shunga taqalmoqdaki... – shu yerga kelganda qizning yuragi siqilib ketdi, erkakning yuziga olayib qarab qo‘ydi. – Qaldirg‘ochim, – deya davom etdi erkak, – menga bun-day qaramang, shu qarashingiz adosiman... Xullas, mening oshna-og‘aynim ko‘p. Imkonimdan tashqaridagi ba’zi masalalarni shu og‘aynilarim orqali amalga oshiraman. Sinchkovlikni judayam oshirib yubordingiz, deb ta’na qilmasangiz (o, ta’na qilsangiz ham mayli, minnat qilsangiz ham mayli, hammasi boshim ustiga!) kichkina bir, deylik, angishvonaning ko‘ziday bir sirni, ya’ni sizning oilangiz sirini oshkor etsam...
Qiz umri bino bo‘lib bunday mijg‘ov odamni uchratmagan edi. Asabiylik bilan gapirsang-chi, deganday, turgan yerida depsindi. Erkak esa uning shu harakatidan ham zavqlanib, yeb yuborguday bo‘lib tikilib qolgandi.
– Yaqinda dadangiz haqida eshitib qoldim... – erkak shunday deyishi bilan qizning yuzi shu qadar oqarib ketdiki, bir zumda naq qog‘ozga aylandi-qoldi. – Hoy... Hoy... 
Erkak qizni hushidan ketayapti, deb o‘ylab qo‘rqib ketdi, oldiga yugurib borib qo‘lidan tutdi. 
– Ilon... – pichirladi qiz, – ilon... Shundan ham xabardormisiz hali?..
– Atay surishtirganim yo‘q, Xudo ursin, o‘lay agar, tasodifan eshitib qoldim. Qolaversa, teshik quloq eshitadi-da.
– Pastkash...
– Bu pastkashlik emas, – dedi erkak dili ranjib. – Men aytmoqchi edimki, agar lozim topsangiz, agarki siz shunday qarorga kelsangiz va menga shunday xizmat yuklasangiz, men bundan nihoyatda to‘lqinlangan holda bu topshiriqni amalga oshirsam. Bir hafta ichida dadangiz ozodlikka chiqadi!
Qiz yalt etib qaradi.
– Qanday qilib? – deya past ovozda so‘radi.
– Qani, avval mana bu kursiga o‘tiring-chi, – erkak uni belidan quchib, kursi tomon boshlarkan, ko‘z uchida qizning nozik yelkalariga, qop-qora sochlari to‘lg‘onayotgan oppoq bo‘yniga suqlanib tikildi. Ko‘zini quvnatgan naqsh olmani yegisi kelgan odamdek huzur bilan tamshandi. – Mana bunisiga, bunisiga o‘tiring, qulayroq o‘tirib oling. Ha, ana shunday, – deya mehribonlik qildi erkak, hatto qizning etaklarini to‘g‘rilab qo‘ydi. Qiz ijirg‘andi, ammo indamadi. – Demak, gap bunday, men ertagayoq, yo‘q, siz xohlasangiz hoziroq, shu daqiqaning o‘zidayoq, kerakli odamlarimga qo‘ng‘iroq qilaman. Ular darhol dadangizning ishi bilan shug‘ullanishadi... 
– Bu... mumkinmi?.. – kamoli hayrat bilan so‘radi qiz.
– E, bu dunyoda bitmaydigan muammo yo‘q, o‘limdan boshqa albatta. 
– Axir dadam odam o‘ldirgan, yana mast holda... Dadam atay qilmagan, albatta, bu ishni. Bu tasodifan yuz bergan. Avvallari ozgina kayfi bo‘lsayam rulga o‘tirmasdi hech qachon...
– Buni falokat deydilar, qizaloq. Falokat. Falokat oyoq ostidan chiqadi, deb shunga aytadilar-da.
– Lekin biribir dadamni qamab qo‘yishdi, tag‘in eng og‘ir ayblov bilan... – qiz umidsiz holda boshini changalladi, aftidan u boshlariga tushgan ko‘rgulik haqida juda ko‘p o‘ylagan, o‘ylab o‘yining oxiriga yetolmagan, mana hozir, ayni daqiqada dardi yangilanib, nihoyatda xafa bo‘lib ketganidan o‘zining qaerda ekanligini ham unutgandi. 
– Siz qayg‘urmang, sirayam qayg‘urmang, bunga hojat yo‘q, – dedi erkak birdan yana to‘lqinlangan holda, u hozir o‘zini afsonalardagi xaloskor pahlavonday, qizni esa... nozik-nihol, dovyurak, ammo yordamga muhtoj sohibjamolday his etayotgandi; ayni shu daqiqaga dovur qiz oldida ko‘nglini bir oz xijil qilib turgan narsa – azadorligi, xotini og‘ir va uzoq davom etgan xastalikdan qiynalib yotib, nihoyat bu yilgi ko‘klamning boshlarida qattiq uyquga ketib, uyg‘onmasdan olamdan o‘tgan bo‘lsa-da, butunlay yolg‘iz emasligi: na enagaga, na pulu, na ota mehriga muhtoj to‘rt o‘g‘li, kelin-nabiralari borligi va nihoyat... eng ayanchlisi – o‘zining yoshi o‘tib qolganligi haqidagi xijolatli o‘ylar xayolidan ko‘tarilgan, bir necha fursat bo‘lsa-da, o‘zini o‘tda yonmas, suvda cho‘kmas bahodirday his qilardi... Yo‘q, bu yerda faqat muhabbat emas... yo‘q... faqat muhabbatning o‘zi erkak uchun kamlik qiladi, u o‘zini kimgadir kerakligini, yonida bo‘lganida o‘sha odam o‘zini baxtiyor his qilishini istardi chog‘i, axir erkak har qanday yoshda ham azbaroyi boshqa odamni deb yashashga o‘zida kuch topishga qodir! Ammo.. buni manavi qizga qanday tushuntirsin? Ikkalasi yuzma-yuz, ammo ikki manzilda turishgan bo‘lsa! – Hali aytdim-ku, bu dunyoda bitmaydigan ish yo‘q, – dedi erkak bir oz boyagi shashtidan tushib so‘zini davom ettirarkan. – Hatto dor ostidan ham qutqarib qolishning iloji bor. “O’n uchdan uch olib tashlansin”, deyilsa kifoya. Faqat, boya aytganimday, siz... rozi bo‘lsangiz bas...
– Qonun buziladi-ku... – pichirladi qiz.
– Qonun buzish uchun yaratiladi-da!
Erkak qizning yelkasiga qo‘lini qo‘yib, sekin silay boshladi. Silay turib qaltisroq harakat qilib yubordi, shekilli, qiz seskanib tushdi, hatto beixtiyor o‘rnidan turib ketdi. Yana eshik oldiga borib, tutqichdan ushlagancha kuchi boricha siltalab ochishga urinarkan, erkakka yovvoyi bir nazar tashlab qo‘ydi. 
– Iltimos, menga bunday qaramang... – dedi erkak past ovozda, u birdan boyagi shaxdidan yanada past tushgan, juda-juda ma’yus tortib qolgandi.
– Oching eshikni, men ketishim kerak! – qichqirdi qiz hamon tutqichni siltalashdan to‘xtamasdan.
– Eshik ochilmaydi, hech qachon ochilmaydi, – dedi erkak bir zum o‘y surib turgach vazminlik bilan kursilardan biriga o‘zini tashlarkan.
– Qo‘rqmaysizmi?.. – so‘radi qiz kutilmaganda tutqichni siltalashni bas qilib, eshikka suyanarkan.
– Nimadan? – bamaylixotirlik bilan so‘radi erkak birinchi marta ko‘rayotgandek barmoqlariga sinchkovlik bilan tikilarkan.
– Axir meni uydagilar qidirib qolishlari mumkin... Eh, nimalar deyapman o‘zi, mumkin emish... Soat beshgacha uyga bormasam qidirib qolishlari, hatto milisaga xabar berishlari turgan gap. Bu aniq. Unda holingiz nima kechadi?
– Men bilan ekanligingizni bilsa, oyingizning baxtiyorlikdan boshi osmonga yetadi. Men buni allaqachon payqaganman.
– Yo‘q! Yo‘q! – qiz chidolmasdan baqirib yubordi. – Oyimni haqorat qilishingizga yo‘l qo‘ymayman!
– O’z onangiz emas-ku, namuncha?..
– U yog‘i bilan ishingiz bo‘lmasin!
– Bilasizmi nima, – dedi erkak boyagiday xotirjamlik bilan, ammo ko‘zlari boshqacha, judayam boshqacha boqarkan. Qizning nazarida u shu turishida daqiqa sayin rangini o‘zgartirib turadigan maxluqqa o‘xshab ketdi. – Aslida bu haqda gapirmasam bo‘lardi. Bu haddan tashqari odob doirasidan chiqib ketish ekanligini bilib turibman. Lekin azbaroyi sizni sevganimdan, sizga yaxshiligu ezgulikdan boshqa narsani tilay olmasligimdan, shu narsaga qo‘l uryapman... – erkak jim bo‘lib qoldi. Qiz joni hiqildog‘iga tiqilguday bo‘lib unga qarab turardi. Nihoyat: – Mana shunday ishtibohlardan so‘ng, – deya so‘zini davom ettirdi erkak, – sizga shuni ma’lum qilamanki, men boya sizga taklif qilgan narsani bundan bir muncha fursat burun onangiz menga sha’ma qilganday bo‘luvdi.
– O, yo‘q, yo‘q! – deya shivirladi juda ham dahshatga tushgan qiz rangi bo‘zday oqarib. – Bo‘lishi mumkin emas! Mumkin emas!..
– Nega endi? Bu dunyoda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Yaramas odamzod xayoliga kelgan har qanday ablah fikrni amalga oshirishni istab qoladi gohida, – erkak shunday dedi-da, cho‘ntagidan jimitday qaychisini olib, tirnoqlarini qirtishlay boshladi. U anchayin sokin ko‘ringani bilan, aslida nimanidir, o‘zida yo‘g‘-u, qizda mavjud bir narsani sindirishga qasd qilgan va bunga qisman erishdim, deb o‘ylaganidan ko‘ksi yoqimli hislarga to‘lib borayotgan, lekin buni qizga sezdirmaslik uchun kutilmaganda, o‘rni bo‘lmasa-da, tirnog‘ini qirtishlashga tushib ketgandi.
– Siz ablahsiz! – deb yubordi qiz kutilmaganda.
– Ablahlik odamzodning qonida bor. Lekin aqlli odamlar buni sezdirmaydilar, – javob qildi erkak sira ham jahli chiqmasdan.
– Oyimni... Onamni... shunday... haligi boyagi gapni sha’ma qilganini qanday isbotlaysiz?
Erkak kulimsiradi, ammo darrov javob berishga shoshilmadi, avval qaychini cho‘ntagiga soldi, o‘rnidan turdi, bir-bir bosib qizga yaqin keldi, shundan so‘nggina gapirdi:
– Oyingiz mendan tez-tez pul qarz olib turadi, shuni bilasizmi?
Qizning ko‘zlari chaqchayib ketdi, lablari dir-dir titradi, ammo lom-mim deya olmadi.
– Men bir narsaga hayronman, – gapida davom etdi erkak. – Yo‘q, aniqrog‘i, tushuna olmayapman sirayam. Siz menimcha ko‘p ham o‘ylab ko‘rmasdan oyoq tirayapsiz. Shunaqami? Aks holda... Bu haqiqatga tik qaray bilmaganingizdan bo‘lsa kerak. Har holda... uff... yana shu so‘z! Jin ursin shu so‘zni! Har holda, o‘zimni oqlamoqchi emasman-u, lekin bir og‘iz aytib o‘tishim lozim, deb o‘ylayman, har holda men sizga nisbatan judayam noinsoflik qilganim yo‘q. Mana, ixtiyoringizga qarab, qarshingizda bosh egib turibman. Siz andak o‘ylash, fikr yuritish o‘rniga...
– Nimani o‘ylashim kerak?
– Axir dadangiz qamoqda, kim biladi, hozir ne ko‘ylarga tushgan ekan? Bilasizmi, u yerda odam o‘ldirganlarni ne ko‘yga solishlarini... Uyda onangiz, o‘gay bo‘lsa-da va sizga nisbatan ko‘ngli u qadar toza bo‘lmasa-da, siz u kishini yaxshi ko‘rar ekansiz, hurmat qilarkansiz, hatto havasim kelayapti sizga: odamlardan nafratlanmasdan yashash qanday yaxshi, ammo baribir, nima bo‘lganda ham haqiqatga tik qarashimiz kerak, chunki u h a q i q a t! Haqiqat shunday narsaki... ha, mayli, bu haqda boshqa vaqt... Xullas, otangiz qamoqda, onangizning qo‘lida hech qanday hujjati yo‘q biron joyga ishga kirish uchun. Yaqinda folbinlik qilmoqchi bo‘libdi-yu, lekin eplolmabdi, shundaymi? Qo‘ldagi, yuzdagi chiziqlar haqida ma’lumot beruvchi kitoblarni topolmabdi-da bechora. Aksiga olib mendayam bunday kitob yo‘q edi, lekin keyinchalik topib berishim mumkin, bu dunyoda topilmaydigan narsaning o‘zi yo‘q, mabodo folbinlikni xobbi qilish niyatlari bo‘lsa, chunki qarindosh bo‘lib qolsak, tirikchilik tashvishlaridan qutilib, bir umr izzat-ikromda yashaydilar u kishi, garchi... Yanglishmasam, hozirgi folbinlarning ko‘pchiligi shunaqa kitoblarni yodlab, suv qilib ichib yuborib, keyin karomatgo‘ylik qilayapti, shekilli. To‘rt-besh so‘m topish ilinjida-da, albatta, buni tushunaman. Shunday qilib, onangizning bu borada ham omadi kelmadi. Akangiz esa yaqinda o‘qishdan haydaladi shu ketishi bo‘lsa. Ichkilikka berilib ketganmishmi, institutga kirar-kirmas? Mehnatsiz erishilgan narsaning qadri bo‘lmaydi-da o‘zi! – erkak shoshilmasdan, ohista, har bir so‘zini chertib-chertib, mo‘ljalga aniq tegadigan qilib so‘zlagani sayin qiz tobora kichrayib borayotgandek, o‘zini ojiz va notavon his etar, yuziga nochor bir ifoda qalqib chiqayotgandi. – Hademay, mana ko‘rasiz, meni aytdi dersiz, akangiz ichib olib, bitta-yarimtani pichoqlab qo‘yishdan ham tap tortmaydi. Uyda esa sizdan keyin yana oltita ukangiz bormi? Ha, oltita! Yo beshtami? Yo‘-o‘q, oltita, ha, aniq oltita. Ularning ahvoli ne kechadi? Kelajagi nima bo‘ladi? Yetimxonaga oborib tashlaysizmi? Shusiz ham hozir yetimxonalar to‘lib ketdi. Ha, aytganday, yana bir taxmin ko‘nglimni alag‘da qilib turibdi...
– Bas qiling. Bo‘ldi, gapirmang!.. – qiz yuzini kaftlari bilan to‘sgancha o‘tirib qoldi. 
– Yo‘q, endi gapimni oxiriga yetkazishga ijozat etadilar, – dedi erkak qizning abgor holiga bir qur nazar tashlab, birdan ovozini o‘zgartirarkan. – Bu taxmin mana hozir, shu daqiqaning o‘zida xayolimga kelib qoldi. Xudo ko‘rsatmasin, hali-veri bunday bo‘lmaydi-ku, lekin baribir, odam aytib bo‘lmaydi, mabodo menga bir gap bo‘lsa, o‘limimdan keyin farzandlarim sizlarga sovg‘a qilingan uyga da’vo qilib qolishsa-chi?! Onangiz mahalladagi eski uylaringizni allaqachon sotib yuborgan, shundaymi? Odam bunchalik shoshqaloq bo‘lmasligi kerak-da. Ya’ni, ha, mayli...
Qizning yuztuban yiqilishiga bir bahya qoldi. Erkak uni tutib qoldi va dast ko‘tarib deraza oldidagi kursiga o‘tqazdi-da, shosha-pisha derazaning bir tabaqasini ochib yubordi. Xonaga toza va salqin havo yopirildi.
Qiz ko‘zlarini ochdi. 
– Odamni juda qo‘rqitib yubordingiz-ku, – dedi erkak yengil tortib. – Shunchalik ham nozikmisiz? Bir og‘iz gapni ko‘tara olmasdan hushdan ketib o‘tiribsiz-a? 
Qiz indamadi, erkakka befarqlik bilan qarab qo‘ydi. 
– Qo‘lingiz muzlab qopti... – erkak qizning barmoqlarini avval kaftlari orasiga olib isitdi, so‘ng botinib-botinmay, hayiqqanday bo‘lib, jur’atsizlik bilan labiga bosdi.
Qiz uyqudan uyg‘ongandek cho‘chib tushdi. Irg‘ib o‘rnidan turdi. Turishga turdi-yu, ammo qayoqqa yurishini, nima qilishini bilmasdan bir dam haykaldek qotib qoldi. 
– Azizam, o‘zingizni bunchalik qiynamang, – dedi erkak juda ham yuragi kuyib ketayotgandek iltijoli ohangda. – Yuzingizga qarab, yuragim ezilib ketayapti. Mabodo sizni sevmaganimda, chin yurakdan sevmay, sizsiz yashay olganimda, allaqachon sizni bu yerdan chiqarib yuborgan bo‘lardim. Aslo, bir daqiqa ham tutib turmasdim. Lekin hozir ilojim yo‘q. Tushuning va menga bir narsa deng. Hatto, mayli, yolg‘ondan bo‘lsayam, umidvor qiling meni, keyin hech qachon va’dangizda turmasangiz va hatto va’da berganingizni tan olmasangiz ham mayli. Xo‘pmi? Xo‘p deng, iltimos...
Qiz bosh chayqadi.
– Axir baxtingiz kulgani shu emasmi?
– Baxt!.. Yo‘q, bu xo‘rlik...
– E, Xudoyim, Xudoyim! – xona ichida u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi erkak. – Bu ne ko‘rgulik, a? Kelib-kelib sizday bag‘ri toshga ishqim tushgani-chi! Agar sizning o‘rningizda boshqa qiz bo‘lganida, hatto u o‘n to‘rt yashar go‘zal bo‘lsayam, hech ikkilanmasdan taklifimga rozi bo‘lardi!
– O’sha qizning oldiga boraqoling...
– E, Xudoyim, qanaqa qizsiz-a? Miyangiz faqat o‘zingizga ma’qul fikrlar bilan to‘lib ketgan! Umrim bino bo‘lib, sizga o‘xshagan qizga birinchi marta duch kelishim. 
– Siz o‘ylaysizki...
– Men o‘ylamayman, istagan narsamga erishaman. Shu choqqacha shunday bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi!
– Katta ketmang...
– Mana hozir ham, o‘zingiz ayting, haq gapni ayting, oshig‘im olchi turmayaptimi? Axir siz ixtiyorimdasiz, istagan ishimni qilishim mumkin, ayniqsa, boya hushdan ketib qolganingizda! Oh-vohingizni kim ham eshitardi? Behush holingizda oh-voh qila olmasdingiz ham. Lekin men bu imkoniyatdan foydalanmadim. Foydalansam bo‘lardi. Hozir men emas, siz atrofimda poyi-patak bo‘lardingiz. Ha, ha, xuddi shunday, poyi-patak! Biroq menga bunday baxtning keragi yo‘q. Men... bilasizmi... men nimani istayman?.. Haligi... bir gap bor-u... “Bag‘ringga yaproq kabi to‘kildim...” deb aytishadi-ku... yo kuylashadimi, ishqilib shu-da... – erkakning yuziga qizil yugurib, uyalib ketganday birdan jim bo‘lib qoldi.
Qizning yuziga ojiz, juda ham kuchsiz zaharxanda kulgi yugurdi.
– Qo‘tir ko‘ngil... nimalarni tusamaydi...
Erkakning tepa sochi tikrayib ketdi. Qizga shunday o‘qrayib qaradiki, haliga dovur u hech qachon qizga bunday nigoh tashlamagan edi. Bunday narsani o‘ylamagan ham edi. Lekin zum o‘tib uning nigohlari yana yuvvosh tortdi.
Nihoyat, xonada u yoqdan-bu yoqqa yurishni bas qilib, qizning qarshisida to‘xtadi. Bir necha daqiqa uning qonsiz, murdanikidek oppoq yuziga tikilib qoldi. Boshqa odam bo‘lganida qizning ahvolini ko‘ra turib, bu mojaroga chek qo‘ygan, jilla qursa, boshqa kuni davom ettirgan bo‘lardi, ammo erkak bunday qilishni xayoliga ham keltirmadi.
– Parishonxotirligim qursin... bir narsani so‘rashni... ya’ni aniqlashtirib olishni unutibmanu... – erkak bir zum tin oldi-da, keyin ikkilanibroq gapini davom ettirdi: – Balki... ko‘nglingiz boshqa birovdadir? Ya’ni birorta yoshroq yigit boshingizni aylantirib...
– Ishingiz bo‘lmasin! – shu zahotiyoq javob qaytardi qiz.
Erkak g‘alati bo‘lib ketdi. Zum o‘tmay yuzi bo‘g‘riqib, ko‘zlarining oqi qizara boshladi.
– Bilasizmi, hozirgi yigitlar qanaqa, – deya gapirdi u allaqanday alamzada ohangda. – Hozirgi yigitlar... umuman, hozirgi yoshlar muhabbat nimaligini bilishmaydi! Ular xat yozishmaydi! Orziqib javob xati kutishmaydi! Pochtachining yo‘liga intizor bo‘lib ko‘z tutishmaydi! Shundoq... internetda tanishib, internetda gaplashib, yana internet orqali ajralishib ketaverishadi!
Qizning yuziga kinoyali tabassum yugurdi. Keyin:
– Kattalar hamisha yoshlardan nolishgan, – dedi u kulimsiragan holda. 
– Asos bordirki... nolishadi, – dedi erkak yoqtirmayroq, bir lahza jimib qoldi, lekin keyin birdan qoni qaynab ketganday zarda bilan gapini davom ettirdi: – Bilasizmi, hozirgi yoshlar, ayniqsa yigitlar juda bachkana! Xomxayol! Tarrallabedod qilib yurishdan boshqasiga yaramaydi!
– Ja unchalikmasdir... Bilimdon...
– Bilimdon yoshlar, – qizning gapini shart kesdi erkak, – kuchini va bilimini qaerga sarflashni bilmay, har xil nazariyalardan boshlari g‘ovlab, ko‘chada sargardon yurishibdi! Ba’zilari chet elga ketib, boyib qaytish kabi havoyi orzular bilan ko‘kragiga urib yurishibdi. Ular uchun muqaddas bo‘lgan aqidalar qolmagan! Sizga o‘xshagan qizaloqlarni esa... mehribon onalari...
– Bas qiling! – xun bo‘lib qichqirdi qiz. – Agar hoziroq meni bu yerdan chiqarib yubormasangiz, nima bo‘lishidan qat’iy nazar, sizni sudga beraman! 
Erkakning bir tuki ham qilt etmadi. Qizning so‘zlarini eshitmagandek yon-veriga alanglab, ikki qadam narida turgan kursiga o‘zini tashladi. Holdan toyganday chuqur so‘lish oldi. Kursi suyanchig‘iga tirsaklarini, kaftiga iyagini tirab, o‘yga toldi. Bir necha daqiqa shu zaylda o‘tdi. Shu bir necha soniya ichida uning ko‘z oldidan butun hayoti kinolentaday lip-lip o‘tdi. Bu lentalarda uning zafarlarga to‘la shavkatli hayoti aks etgandi. O’zining hozirgi ahvoli esa ni-hoyatda zabun va mash’um muvaffaqiyatsizlikning muqaddimasidek tuyildi. Bunday zabunlikni ko‘tarish tugul, his etishning o‘ziyoq erkak uchun dahshatli bir hol edi. Bunga u ko‘nikmagan edi. 
– Eshikni ochasizmi, yo‘qmi? 
Erkak qizga tirilgan murdaga qaraganday hayrat va taajjub bilan nazar tashladi: Bu qachon yuz berdi?! Ammo yana miq etmadi. Qiz rostdan ham “tirilgan” edi. U o‘zini tutib olgan, erkakka favqulodda qat’iyat bilan tikilib turardi.
Qiz qarab turdi-turdi-da, birdan, kutilmaganda juda ham ma’yus va shikasta ovozda dedi: 
– Hamma balo shundaki, sizni sevmayman. Shunday ekan, bu mojaroni davom ettirishdan foyda yo‘q. Shundaymi?
Erkak qizning so‘zlarini tuzuk-quruq anglamay turib, asta bosh irg‘adi. 
Keyin sekin, juda ham past ovozda, shivirlaguday bo‘lib dedi:
– Nahotki...sevmasdan... yashashning iloji bo‘lmasa?..
– Iltimos, eshikni oching.
– Eshik ochilmaydi, – dedi erkak qizga esdan oqqanday g‘alati nigoh tashlarkan. – Avval meni o‘ldirib, keyin bu yerdan chiqib ketasiz!
Qiz hayratdan dong qotdi. Ammo o‘zini o‘nglab kinoyali kulimsiradi. 
– Sizni-ya? Qanday qilib? Ya’ni, nima bilan... Axir qo‘limda na qurol bor, na zahar... Jilla qursa, oshpichoq bo‘lgandayam... bir amallasam bo‘lardi, – so‘nggi jumla oxiriga yetar-etmas qiz baralla, xandon otib kulib yubordi. 
Erkak juda g‘alati qilib, xuddi havasi kelganday bo‘lib qizga qaradi, u kulishdan to‘xtaguncha kutib turdi, so‘ng ohista: 
– U yer-bu yerni qarab ko‘ring, jilla qursa, oshpichoq topilib qolar, – dedi nima uchundir oxirgi jumlaga urg‘u berib.
– Hazillashyapsizmi? Ustimdan kulmoqchimisiz?
– Nega endi? Qarab ko‘ring-chi, mabodo, oshpichoq topilmasa, keyin ketaverasiz.
– So‘z berasiz-a?
– Ha.
“Bu bir o‘yin, – deb o‘yladi qiz. – Atay qilyapti!”
Qiz darhol ishga kirishdi. U avval xonani ko‘zdan kechirdi. Xona keng va katta edi. Zamonaviy uslubda ta’mirlangan, jihozlari ham allambalo. Shiftda osilib turgan qandilning o‘ziyoq har qanday ayolning aqlu hushini o‘g‘irlaydi. Ammo qiz bunga, bunday narsalarga e’tibor bermaslikka urindi. “Nima bo‘pti... Oddiy qandil... oddiy divan... anavi stol kattagina ekan-u, lekin u ham oddiy narsa-da!..” 
Qiz u yer-bu yerlarni ko‘rgan, ko‘zdan kechirgan bo‘ldi-da, erkakka qarab:
– Qidirdim, lekin hatto oshpichoq ham topolmadim, – dedi kulib.
– Stol g‘aladonini ko‘rmadingiz, – deya eslatdi erkak.
– Ie, ha, to‘g‘ri, g‘aladon esimga kelmabdi.
Qiz shunday dedi-da, juda ham beparvolik bilan stol g‘aladonini tortdi, tortdi-yu shu zahoti haykal bo‘lib qoldi: g‘aladonda yap-yangi oshpichoq yotardi!
– Nega o‘ylanib qoldingiz? – erkak xotirjam ko‘rinsa-da, nima uchundir yonoq suyaklari sezilar-sezilmas pir-pir uchardi.
Qiz hadeganda o‘ziga kelavermadi. U oshpichoqqa tikilib qolgan, erkak tomonga qaray demasdi.
– Qo‘rqyapsizmi? – butun vujudi nigohga aylanib so‘radi erkak.
Qiz ilkis nazar tashladi erkakka. Kulmoqchi bo‘ldi, lekin eplolmadi, lablari jiyrildi, xolos.
– Qo‘rqyapsizmi? – nima uchundir yana shu so‘zni takrorladi erkak. Keyin qizga yanada qattiq tikildi, go‘yo o‘zi tan olishni istamagan allaqanday noma’lum narsalarni aniqlashtirib olishga ahd qilganday. 
– Yo‘q, nimaga endi... – deya g‘udrandi qiz. – O’zingiz talab qilganingizdan keyin... Ie, agar men rostdan ham... shunday qilsam, keyin sizning o‘limingizda meni aybdor qilishadi-ku! Eh-ha, gap bu yoqda deng! – allaqanday fitnani fahmlab qolganday qizning ovozi kutilmaganda zaharxanda, achchiq kinoya ohangi bilan yangradi. 
Erkak indamadi. Qizdan ko‘z uzmay o‘tirdi. 
– Shuncha xo‘rlik, mazax yetmaganmidi... – birdan yig‘lamsirab gapirdi qiz. – Endi bu tomondan... O, siz qanchalar yaramas, ablah, pastkash odamsiz! Razilsiz!
Erkak o‘rnidan turdi. Stolga yaqin kelib, qizni sekin, juda ham ehtiyotkorlik bilan nari surib, o‘sha g‘aladondan qog‘oz-qalam oldi. So‘ng o‘tirib, qog‘ozga shoshilgancha allanimalarni yoza boshladi.
– Mana bu tilxat, – dedi u yozib bo‘lib qog‘ozni qizga uzatarkan. – Mening o‘limimda hech kimning aybi yo‘q, degan ma’noda...
Qiz dovdiragan, esankiragan holda bir qog‘ozdagi mayda yozuvlarga, bir erkakka qarar, ich-ichidan qaltirar, isitmasi ko‘tarilib, yiqilib tushadigandek bir ahvolga tushgandi.
Erkak boyagi o‘tirgan kursisi tomon yurayotib, yana... juda ham nafis narsaga ozor berib qo‘yishdan cho‘chigandek ehtiyotlik bilan qizning yonidan o‘tdi. 
– Endi nimadan cho‘chiyapsiz?
Qiz asta-sekin o‘ziga kela boshladi. Axiyri o‘zini tutib oldi. “Shu yo‘l bilan meni mot qilmoqchi, – degan o‘y keldi xayoliga. – Ovora bo‘lasiz!” 
– Agar, – dedi u kutilmagan dadillik bilan erkakka tik qararkan. – Agar men hozir aytganingizni bajarsam, siz yarador bo‘lasiz yo... Unda men qanday qilib xonadan chiqib ketaman? Siz avval, marhamat qilib, eshikni ochib qo‘ying!
– Kalit ham o‘sha g‘aladonda turibdi-yu, ko‘rmadingizmi? – xiyol kulimsirab dedi erkak. 
– U boshqa qulfning kaliti bo‘lishi mumkin. Yaxshisi o‘z qo‘lingiz bilan oching eshikni... 
– Unda siz ham pichoqni qo‘lingizga oling. 
Qizning nafasi ichiga tushib ketdi. Ammo u baribar pichoqni qo‘liga oldi.
– Pichoq ishlatishni bilasizmi o‘zi?
– Ha...
Erkak eshikni ochdi. Va ostonada turib qoldi. 
Qiz bunday bo‘lishini kutmagandi. U sal boshqacharoq o‘ylagandi. 
– Qani, boshlang.
Qizning qo‘llari qaltiradi. Shu qaltiroq qo‘llari bilan pichoqni qo‘shqo‘llab tutdi-da, yuqori ko‘tardi. Ammo mo‘ljalga olishga ulgurmadi. 
Birdan ko‘zlari dahshatli ravishda olayib ketgan erkak gup etib quladi... 
Qo‘rqib ketgan qiz pichoqni otib yubordi. Va shoshilgancha eshik tomon yurdi. Polda cho‘zilib yotgan erkakka bir necha soniya dahshat ichida tikilib turdi-da, so‘ng hech ikkilanmasdan uning gavdasi ustidan sakrab o‘tib, dahlizga otildi. 
Besaranjom qadam tovushlari ancha uzoqlashib ketgandan keyin erkak asta o‘rnidan turdi. Yo‘q, u o‘limdan qattiq qo‘rqib ketganidan hushidan ketmadi. Yo‘q va yana bir karra yo‘q! 
U... pichoq tutgan qizning nigohlaridagi adoqsiz nafrat va shu ishga qodir shafqatsizlikni ko‘rib, yiqilib tushganini sezmay qolgandi. 

2011 yil.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.