OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zulfiya Qurolboy qizi. Xoliq amaki (hikoya)

Xoliq amaki...
O‘shi ellik besh-ellik oltilarga borgan; o‘rta bo‘y, bug‘doyrang, qisiq ko‘zlarining atrofini, torgina peshonasini son-sanoqsiz ajinlar qoplagan, yoshligidan nos chekib o‘rgangani boismi yo boshqa sababi bormi, tishlari avvaliga sarg‘aya boshlagan, so‘ng ko‘kimtir tus olgan, yaqindan buyon qorayib ketgan — kulganida juda xunuk ko‘rinadi — egnida yoqasiyu yenglari idrab-suzilib qolgan chorxona ko‘ylak, rangi uniqib ketgan nosvoyrang soldatcha shim, oyog‘ida poshnasi yeyilgan, tumshug‘i yirtilganda tikilaverib “qo‘tir” bo‘lib qolgan etik... Sochlari qorday oqarib ketgan boshida hamisha yap-yangi do‘ppi bo‘lardi.
 Biror sabab bo‘lib Xoliq amakini eslaganimda, u ko‘z oldimda hozir qanday ta’riflagan bo‘lsam, shundayligicha paydo bo‘ladi. Balki uning tuzukroq kiyinib, aytaylik bayramlarda yoki to‘ylarda qomatini g‘oz tutib yurgan kunlari ham bo‘lgandir. Lekin men buni ko‘rmaganman, garchi biz bitta ko‘chada yashasak-da. 
Bir kuni — o‘sha vaqtlarda men institutda o‘qirdim — o‘qishdan qaytayotib, shahar bilan qishloq o‘rtasida qatnaydigan avtobusga chiqdim. Orqa eshikning zinapoyasida ko‘zlari jovdirab turgan Xoliq amakini ko‘rib qoldim. Haydovchi atay avtobus tirband bo‘lib to‘lishini kutib, allaqayoqqa gumdon bo‘lgandi. Kun issiq... O‘rindiqlarning hammasi band. Odamlar biri olib, biri qo‘yib gap sotishar, kimdir pista chaqib, tuflar, yana kimdir burqsitib sigaret tutatar edi. Xoliq amakining shundoq yonginasidagi orqa o‘rindiqda to‘rt-beshta yigitcha qaldirg‘och bolalaridek tizilishib o‘tirishar, amakiga joy berish xayollariga ham kelmasdi. Xuddi shunday bo‘lishi kerakday ko‘zlarini lo‘q qilib, beg‘am o‘tirishardi. Xoliq amaki umid dunyosida ular tomonga bir-ikki qarab qo‘ydi. Chap tarafdagi “nogironlar” o‘rindig‘ida o‘tirgan ko‘zoynakli yigit (aftidan u bizning qishloq yigitlariga o‘xshamasdi) birdan amakini ko‘rib qolgandek shoshib o‘rnidan turdi-da:
 — Keling, bobo, o‘tiring, — dedi.
Shunda... Shunda Xoliq amaki bir lahza ikkilansa, boshqa birov (balki yigitning o‘zi!) egallab oladigandek, shoshib-pishib haligi o‘rindiqqa o‘tirib oldi. To‘rva xaltasini tizzasi ustiga qo‘yarkan ixlos bilan:
 — Rahmat, bolam, rahmat, — dedi. — Baraka top.
 Keyin o‘rindiqqa yastanibroq joylashib olarkan, cheksiz baxtiyor kimsadek atrofga ko‘z tashladi. Nazarimda, yigitning joy berganidan tashqari, hurmat bilan “bobo” degani uni xursand qilib yuborgandi. “Rahmat, bolam, rahmat”, deganida sakson-to‘qsonni urib qo‘ygan chollardek salobat bilan gapirgandi-da. Xursand bo‘lib ketganida qisiq, mitti ko‘zlari yaltirab ketishini o‘shanda ko‘rganman. Keyinchalik, yoshim sal ulg‘aygach, mehrga zor odamgina arzimagan iltifotdan ham o‘zini yo‘qotib qo‘yishini anglab yetdim.
 Paxta terish mavsumi yangi boshlangan kunlar edi. Biz uchun yozgi ta’til tugab, o‘qishlar boshlangan. Qishloqdan qatnab o‘qiganim bois har kuni saharlab avtobus bekatiga chiqaman. O‘sha kuni ham tonggi salqindan etim junjikib, dildirab turgandim, yo‘lning narigi tomonidan yelkasiga qop orqalagancha engashib, pildirab kelayotgan Xoliq amakini ko‘rib qoldim. Qopida olma yo anor bor shekilli, bo‘rtib-bo‘rtib turardi. Mendan to‘rt-besh qadam narida to‘xtab, qopini yerga qo‘ydi. Salom berib ulgurmasimdan “Yaxshimisan, qizim?” deb qo‘ydi horg‘inlik bilan. Xijolat bo‘ldim, ammo foydasiz... Bizdan keyin yana ikkita qiz keldi. To‘rtovlashib yo‘lga termilamiz, qani endi birorta ulov ko‘rina qolsa. Boshqa vaqt bo‘lganida, bekatda odam to‘lib ketardi. Avtobuslar ham zir qatnab yotardi. Raisning buyrug‘iga binoan terim mavsumi tamom bo‘lguncha shaharga qatnash ta’qiqlangan. Shuning uchun bekat huvillab qolgandi. Kolxoz idorasi biz turgan bekatdan yuz-yuz ellik qadam narida. Rais istagan vaqtida kabinetidan chiqib, topshirig‘iga quloq osmay, shaharga otlangan kolxozchilarni bekatdan haydab yuborardi. Bizga o‘xshagan talabalarni quvmasdi-yu, qo‘lini paxsa qilib do‘q urardi: “Qachon senlar ham paxtaga quriysanlar?!”
 Falokat oyoq ostida deganlaridek, o‘sha kuni ham Narziqul rais idorasidan chiqib qolsa bo‘ladimi! Amakining ochiq-oshkora tipirchilashini ko‘ring: ko‘zlari olazarak, goh idora tomonga, goh avtobus yo‘liga qaraydi. Birorta ulov kela qolsa-yu, raisning ko‘zini shamg‘alat qilib jo‘nab ketsa! Hayajonlanganidan qopini goh ko‘tarmoqchi bo‘ladi, goh yerga qo‘yadi.
 Narziqul rais ham anoyilardan emas. Yigirma ikki yildan buyon idorada o‘tirib, kolxozni yeb bitirganlardan. Hovliga chiqqan zahoti bekatga qaragan shekilli, shitob bilan shu tomonga kela boshladi.
 — Ha, Xoliqboy, yo‘l bo‘lsin? — dedi u yaqinlashganida kinoya bilan atay “boy” so‘ziga urg‘u berib.
 — Bozorga.
 — Tunov kuni men nima degan edim senlarga?
 — Bolalarning patinkasi yirtilibdi. Anorlar pishgan ekan, xotin...
 — He, o‘sha xotiningniyam... Anor-panori bilan boshiga tushirmadingmi? Sharoitni tushunmaydigan qanaqa g‘alcha xotin?
 — Ikki soatda qaytaman, rais bova. Bolalar yalangoyoq...
 — Ko‘tar qopingni! Hoziroq dalaga jo‘na!
 — Iltimos...
 — E, yaxshilik yoqmagan!.. — Narziqul rais yoshiga yarashmagan chaqqonlik bilan qopni amakining qo‘lidan yulqib oldi-yu kuch bilan asfalt yo‘lga uloqtirdi. Qopning “bo‘g‘zi” yaxshi bog‘lanmagan ekan, gup etib yerga tushdi-yu, har biri kichikroq kosadek keladigan anorlar atrofga sochilib ketdi. Uchchala qiz qo‘rqqanimizdan bir yerga to‘planib olganmiz. Ikki ko‘zimiz Xoliq amakida...
 — Moshina bosib, anorlaringni majaqlab ketsin! Hoziroq dalaga jo‘na! Anorlaringni terib oladigan bo‘lsang, mendan yaxshilik kutma! Silar nimaga bo‘zrayib turibsilar? — Rais endi biz tomonga qaradi. — O‘qiydigan bo‘lsang, betonkaga chiqib, moshina kut. Yo‘qol!
 Biz raisning so‘ziga bo‘la, sekin o‘rnimizdan jila boshladik. Xoliq amaki esa... Rangi quv o‘chib, lablari gezarib ketgan amakining ikki ko‘zi anorlarida... Nimadir demoqchi bo‘lib, og‘iz juftladi, ammo raisning qahridan cho‘chidi shekilli, bir-ikki jovdirab qarab qo‘ydi-da boshini xam qilgancha sekin-asta bekatdan uzoqlashdi.
Yorilib ezilgan anorlar yotgan yerda qizil dog‘lar paydo bo‘lgandi.
 Narziqul rais muhim topshiriqni ado etgandek, qo‘llarini orqaga qilgancha, butini kerib, viqor bilan qarab turardi. Otasini o‘ldirgan yovga qasd qilgandek ko‘zlari g‘azab va nafrat bilan boqardi. So‘nggi vaqtlarda uning tajang, gap ko‘tarmas, qaysar bo‘lib qolganini qishloq ahli yaxshi bilardi. Ehtimol, rais erta-indin nafaqaga ketishini o‘ylab shu ko‘yga tushgandir. Keyin kimga buyruq beraman, degan savol uni qiynayotgandir. Harqalay yigirma ikki yil raislik kursisida o‘tirgan, odamlarni “gah” desa qo‘liga qo‘ndirgan odam birdan, taqdirning taqozosi bilan hech kimga aylanib qolsa... Vahimaga tushmay bo‘ladimi?
 Ammo o‘sha ko‘ngilsiz voqeadan keyin Narziqul raisni bir umrga yomon ko‘rib qoldim. Shundan so‘ng Xoliq amakini bekatda turganini yo bozor-o‘char qilib yurganini ko‘rmadim. Har zamonda zarurat yuzasidan ko‘chaga chiqib qolganimda uni barkashdek ketmonini yelkasiga qo‘yib, goh uyi tomonga, goh dalaga shoshib o‘tib ketayotganini ko‘rib qolardim. Keyinchalik o‘qish-imtihonlar bilan bo‘lib, Xoliq amakini birmuncha fursat unutdim. Biroq ba’zi-ba’zida goh onamdan, goh otamdan amaki haqida ul-bul xabarlarni eshitib yurdim. Ota-onamning azbaroyi Xoliq amakiga xayrixohliklaridan, unga qaysidir ma’noda qayg‘urayotganlaridan emas, juda befarqlik bilan, shunchaki qishloqdagi “yangilik” sifatida gapirayotganliklari ovozlaridan sezilib turardi. Ularning bu qilig‘i negadir mening nafsoniyatimga tegardi. Xafa bo‘lib ketardim.
 Onamning aytishicha, bir kuni Xoliq amaki Norto‘xta degan qo‘shnisi bilan suv talashib qopti. O‘sha kuni amaki ham, qo‘shnisi ham tomorqasini sug‘orayotgan ekan. Norto‘xtaning hay-haylashiga qaramasdan, Xoliq amaki suvni o‘zi tomonga burib olaveribdi. Navbat uniki ekan-da. Jahli chiqib ketgan Norto‘xta ketmon dastasi bilan amakining naq yelkasiga tushiribdi. Xoliq amaki “ih” debdi-yu ariq ichiga cho‘kkalab qopti. “Qachondan buyon tiling chiqib qoldi?” deb baqiribdi haligi qo‘shni. Vaholanki, Xoliq amaki lom-mim demagan ekan.
 Oradan ancha yillar o‘tib, mana bugun Xoliq amakini eslarkanman, ko‘nglim buzilib ketdi. Shuning barobarida, yodimga tushsa hali-hanuz yurak-bag‘rimni ezib yuboradigan yoqimsiz bir voqea xayolimda jonlandi...
 O‘z kunlarining biri edi. Kechki payt, aniqrog‘i, g‘ira-shira qorong‘ulik tushib qolgandi. Ko‘cha tomonda g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovoz eshitildi. Azbaroyi qiziqqanimdan (odamzodning fe’li shunaqa), qilayotgan ishimni tashlab, ko‘cha eshik oldiga chiqdim. Qarasam, katta yo‘lning o‘rtasida, aynan bizning darvozamizning ro‘parasida Xoliq amaki turibdi. Daladan qaytayapti shekilli, yelkasida ketmoni... Ikki yonida ikkita yigit turibdi. Amaki yigitlarning goh unisiga, goh bunisiga jovdirab tikilgancha, nimalarnidir kuyib-pishib tushuntirishga urinardi.
 — Yo‘q, siz gapni burmang, chalg‘itaman demang, — derdi yigitlardan biri dag‘al ovozda. — Bizdi qaerda ko‘rdingiz?
 — Ko‘rdim-da, senlarga aytishim shartmi, — dedi amaki bosiqlik bilan. Lekin ovozi negadir titrab chiqardi.
 — Nega shart emas ekan? Qiziq ekansiz-ku, — dedi ikkinchi yigit va sekin amakining tirsagidan tutdi. — Biz isbot talab qilib keldik. Bekordan bekorga begunoh odamlarni aybdor qilmang-da.
 — Urrini urri deydi-da. Nima...
Xoliq amakining gapi chala qoldi. Hech kutilmaganda, yigitlardan biri uning yuziga tarsaki tushirdi.
 — Katta enangni urri deysan!
 Xoliq amaki gandiraklab ketdi. Men qo‘rqqanimdan qichqirib yubordim. Qo‘ni-qo‘shnilar eshik-derazalardan mo‘ralashayotganini ko‘rgan yigitlar juftakni rostlashdi. Amakini-ku qo‘yavering, o‘sha vaqtda men ham juda yomon ahvolga tushib qolgandim. Holatimni tasvirlab berishim qiyin, judayam qiyin. O‘g‘il bola bo‘lib tug‘ilmaganim rosa alam qilgan. Alam bo‘lsayam, naryoq-beryog‘i yo‘q. O‘g‘il bola bo‘lganimda o‘sha yigitlarni bir boplardim, deya armon qilganlarim hali-hanuz yodimda. Men Xoliq amakining haqligiga ishonardim. Chunki anovi yigitlar haqida turli mish-mishlarni eshitib yurardim. Ko‘p o‘tmasdan ularning o‘g‘rilik ustida qo‘lga tushib, qamalib ketishlari bu fikrimning isboti edi. Qolaversa, keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, o‘sha yigitlarni “o‘g‘ri” deb atagan kimsa Narziqul rais ekan. U Orol omborchining nahorgi oshida atay hammaga eshitarli qilib gapirgan ekan. Tabiiyki, bu gapni poygada o‘tirgan Xoliq amaki ham eshitgan. Va shunchaki yangilik sifatida bu xabarni u Safar degan qo‘shnisiga shipshigan. Narziqul raisning bir uy odam eshitgan gapi qumga tushgan tomchidek singib, yo‘q bo‘lib ketgan-u, Xoliq amakining qo‘shnisiga xufiya aytgan so‘zi “bolalab” ketgan...
 Men Xoliq amakini kim qayoqqa yetaklasa ketaveradigan, xoksor odam deb bilardim. Uning yorug‘ dunyo haqida fikrlari qanday? Uni pisand qilmaydigan, kerak bo‘lsa (zo‘rligini ko‘rsatib qo‘yish uchun!) ketmondasta bilan yelkasiga tushiradigan odamlar, xususan, Narziqul rais va boshqa-boshqalar haqida nimalarni o‘ylaydi? Ularning past nazar bilan yo‘g‘rilgan munosabatini qanday qabul qilishi haqida ochig‘i hech vaqo bilmasdim.
 Egiz qo‘zilardek bir-biriga o‘xshash kunlar shitob bilan o‘tib borardi. Odatdagidek, amakini ko‘chada, ishga ketayotib yo ishdan qaytayotib ko‘rib qolardim. So‘nggi vaqtlarda u juda qarib ketgandi. Avvalgidan salgina egik qaddi yanada egilgan, yelkasi gudraygan, qorayib ketgan tishlari to‘kilib, og‘zi “o‘ra”dek bo‘lib qolgandi. Nazarimda, u yil sayin, oy sayin emas, kun sayin, soat sayin yemirilib, kichrayib borayotgandek edi. Yuzidagi har bir chiziq “charchadim” deyayotgandek...
 Kuz kunlarining birida mudhish xabar eshitdim.
 Xoliq amaki o‘lim to‘shagida yotganmish!
Hovli to‘la odam... Hammasining yuzida allaqanday tashvish, xavotir, nimadandir norozilik alomatlari zuhur etgandi. Vag‘ur-vug‘ur qilishgancha nimanidir muhokama qilishar, hovliga kim keldi, kim ketdi, hech kimning ishi yo‘q. It egasiga boqmasdi. Hozir... Hozir dod-faryod boshlansa kerak deb o‘ylagandim. Keyin bilsam, yanglishgan ekanman. Xoliq amaki hali tirik ekan. Biroq... Biroq... Oyoq-qo‘llari allaqachon muzlab, qotib qolgan, qorachiqlari tepaga tortilib, ko‘zlari yumilgan, ammo ko‘krak qafasi bilinar-bilinmas ko‘tarilib-tushib, amakining hali tirik ekanini bildirib turardi. O‘sha yerdagilarning aytishicha, amaki tildan qolmasdan burun bo‘y qizlarini birma-bir quchoqlab, yum-yum yig‘labdi.
 — Ajalim yetib, o‘lib qolsam kuyib-yonib yurmanglar, — debdi hansirab. — Olib chiqib ketishguncha, bir-ikki soat “otamlab” tursalaring bo‘ldi. Men-ku, boshimni olib ketaman, o‘zlaringga qiyin bo‘ladi. Qayg‘urmanglar, o‘lmasa o‘ran so‘qsin, denglar. Sen beshovingni uyli qilolmaganim yomon bo‘ldi-da. Silarning taqdirlaring u dunyoda meni ilon-chayon bo‘lib chaqib yotadi.
 Shundan keyin bir og‘iz ham gapirmabdi. Xotini, qarindoshlari rozi-rizolik so‘rashganida, lom-mim demabdi. Ko‘zlarini chaqchaytirib, bir-ikki tikilibdi-da, yuzini teskari buribdi. Hech kim bilan rozi-rizochilik so‘rashishni istamabdi.
 Biri kirib, biri chiqayotgan odamlarga turtinib-surtinib ichkariga kirganimda... Xoliq amaki xona o‘rtasida nimdoshgina ikki qavat ko‘rpacha ustida xuddi uxlayotgandek, hamon yuzini ters burib yotardi! 
Xoliq amakining “shakkokligi” boisini tushungandek bo‘ldim. Shu vaqtga dovur u kimlardandir andisha qilib, kimlardandir, ta’bir joiz bo‘lsa, qo‘rqib yashagan edi. So‘nggi daqiqada esa... hammasiga qo‘l siltagan, hammasidan yuz o‘girgan edi.
 — Ikki kundan buyon ahvol shu, — dedi qarindoshlardan biri sekingina. — O‘sha bir parcha joydan jon sira chiqib ketmayapti-da.
 — Mulla Doniyorni olib kelish kerak, — dedi kimdir. Yalt etib o‘sha tomonga qaradim. Gap qotgan odam amakining qo‘shnisi Norto‘xta edi. — Nimadir qilish kerak-da. Axir, ikki kundan beri shu yerdamiz. Hammamiz ham ishli, tashvishli odammiz. Qo‘shnichilik, ketib qolsak, uyat bo‘lar deb...
 Xuddi shu payt Xoliq amakining xotini og‘zini ro‘moli bilan to‘sgancha, uv tortib yig‘lab yubordi. Unga qizlari qo‘shildi. Ular amakining bosh tomonida o‘tirishardi.
 — Bo‘ldimi, uzildimi? — deb so‘radi kimdir shoshib.
 Ayol “Yo‘q” degandek bosh chayqadi. Yana yig‘i boshladi.
 — Eh, — dedi Norto‘xta tizzasiga mushtlab. — Hozir o‘zim borib mullani olib kelmasam, bugun ham...
 Norto‘xtaga yana bir kishi qo‘shildi.
 Yarim soatdan keyin miqtigina mulla Doniyorni dikonglatib olib kelishdi. Mulla sal nafasini rostlab olgach, g‘arib va benavo bo‘lib yotgan amakining yoniga cho‘kdi. Tirikligida salom berishga yaramagan odamlar hayrat bilan “tirik murda”ga tikilishar, qiziqsinib, yanada yaqinroq borib ko‘rishga oshiqishardi.
 Mulla Doniyor ehtiyotlik bilan Xoliq amakining ko‘kragiga qulog‘ini qo‘yib, yuragi urish-urmasligini eshitdi. Ko‘rsatgich barmog‘ini uning burniga yaqin keltirib, nafas olish-olmasligini tekshirib ko‘rdi-da:
 — Bir nafaslik joni borga o‘xshaydi. Bola-chaqasi shu yerdami? Olisda ilhaq bo‘lib kutayotgan kishisi yo‘qmi? — deb so‘radi.
 — Hammasi shu yerda, — dedi qarindoshlardan biri.
 Mulla Doniyor “tirik murda”ga bir necha soniya achinish bilan tikilib turdi-da, so‘ng bosh chayqadi:
 — Bu dunyoni tashlab ketgisi kelmayapti-yov, sho‘rlikning. Boshini to‘g‘rilab qo‘ymabsilar, bo‘yni qotib qopti, — dedi u past ovozda va ters o‘girilib yotgan amakining bo‘ynini sekin-sekin uqalay boshladi. Birozdan so‘ng yorug‘ dunyodan ko‘ngil uzolmayotgan amakini “sovutish” uchunmi safsata so‘qa boshladi:
 — Bu dunyoga hammamiz ham mehmonmiz, Xoliqboy. Ertami-kechmi, bir kuni ketamiz-boramiz. O‘lim buyuk mo‘‘jiza! Shu paytgacha hech kim unga bas kelolmagan. Kelolmaydiyam. Umuman olganda, uzoq yashashdan ne foyda? Yeyish-ichish, o‘lib-tirilib ishlash, farzandlar taqdirini o‘ylab kuyib-yonish — oxir-oqibat odamni zeriktiradi. Dunyoning qizligini yoshligingizda olib bo‘lgansiz, Xoliqboy. Xudoning irodasi bilan yuz yildan, hattoki, ming yildan keyin tirilib kelgan taqdiringizda ham ahvol o‘sha-o‘sha. Qorin g‘amida yeysiz-ichasiz, ishlaysiz, farzand orttirasiz... Bizni bu azobdan faqat o‘limgina qutqara oladi. O‘zingizni bo‘sh qo‘ying, Xoliqboy. Bo‘sh qo‘ying... Qarang, tegrangizni yetti farishta o‘rab turibdi. O‘zingizni farishtalar ixtiyoriga topshiring. Siz u dunyoda shu farishtalar og‘ushida bo‘lasiz...
 Mulla gapirishdan to‘xtab, bir zum Xoliq amakining yuziga tikilib qoldi. E’tibor bilan, sinchiklab tikildi. Vo ajab, haligina Xoliq amakining ko‘tarilib-tushib turgan ko‘kragi birdan tinchib qoldi. Mulla Doniyor shoshilinch yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdi.
 Bir metr oq surpni to‘rt kishi to‘rt tomonidan ushlab, Xoliq amakining bosh tarafida tutib turishdi. Mulla Doniyor ko‘zlarini yumgancha ixlos bilan allaqanday duoni o‘qiy boshladi. Xonaga pashsha uchsa eshitilgudek jimlik cho‘kdi. Amakining qizlari turgan tomondan yig‘lamsiragan ovoz eshitilgandi, erkaklardan biri ularni tashqariga chiqarib yubordi. Mulla duo o‘qish barobarida qo‘l ishorasi qilgan edi, haligi kishilar surpni goh ko‘tarib, gohida amakining yuziga tekkudek qilib tushirib turishdi.
 Ikki soatdan keyin mulla Doniyor duolarni o‘qib bo‘lib, imo qilgan edi, yordamchilari surpni sekin-sekinlik bilan pastga tushira-tushira, so‘ng amakining yuziga yopib qo‘yishdi.
 — Bo‘ldi, uzildi, — dedi mulla yuziga fotiha tortib. Va ishonch hosil qilish uchun ehtiyotkorlik bilan surpning bir chetini avaylab ko‘tarib qaradi. Qaradi-yu birdan yuzi dokadek oqarib ketdi: hali ham o‘sha bir parcha joy bilinar-bilinmas ko‘tarilib-tushib turardi!
 — Mening qo‘limdan kelgani shu. Endi do‘xtirga olib boringlar, — dedi rang-quti o‘chgan mulla ovozi titrab va shitob bilan uydan chiqib ketdi.
 — Do‘xtirga olib borish kerak, — dedi erkaklardan biri. — Tuzukroq ko‘rpachami, adyolmi topib bering.
 Xoliq amakining xotini imo qilgan edi, qizlaridan biri shipillagancha qo‘shni xonaga kirib ketdi. O‘n daqiqa o‘tar-o‘tmas to‘rt kishi Xoliq amakini ko‘rpacha bilan birga ko‘tarishgancha, avaylab mashinaga olib chiqishdi. Erkaklardan ikki kishi, ulardan biri Norto‘xta edi, amaki bilan kasalxonaga ketishdi. Kechagina, yelkasini qisib bo‘lsa-da, o‘z oyog‘i bilan yurgan odam bugun kimlarningdir yordamiga muhtoj ekanligi, qo‘lma-qo‘l bo‘layotganligi odamga boshqacha ta’sir qilarkan.
Xoliq amakini olib ketishgandan keyin uy to‘la odam bo‘lsa-da, hamma yoq huvillab qolgandek tuyuldi menga.
Ko‘nglim g‘ash, chiroq yoqsa yorishmasdi. Vujudimni qamragan qo‘rquv tuyg‘usi borgan sayin yuragimga vahima solar, ich-ichimdan titroq turib, o‘zimni yomon his etardim. Ketay deyman-u, ketolmayman. Qolay deyman-u, qololmayman. Nima bo‘lganda ham amakining kasalxonadan qaytishini kutish kerak deyman-u... 
 O‘zimni chalg‘itish niyatida, nima qilishlarini bilmay, tengsalib yurgan qarindoshlarga razm soldim. Nazarimda, hammasining yuz-ko‘zida amakining g‘alati ahvoliga qayg‘urish yoki uning yetimchalariga achinish hissidan ko‘ra o‘z uylariga, o‘z ishlariga alag‘dalik alomatlari zuhur etgandek.
 — Sigirim bugun-erta tug‘adigan edi, — dedi bir mahal yonimda turgan ayol pichirlab. Uning aft-angori qaysidir jihatlari bilan amakiga o‘xshab ketardi. — Bolalar eplab tug‘dira olisharmikan?
 — Xabar olib kelsangiz bo‘larkan, — dedim atay, g‘ashim kelganini sezdirmaslik uchun beixtiyor nigohimni olib qochdim.
 — Yo‘g‘-ey, uyat bo‘lar-ov, — dedi ayol alang-jalang qilib. — Bunday bo‘lishini kim o‘ylabdi, deysiz? O‘ birrovga borib kelsammikan? Qorin ham ochib ketdi.
 Ayol menga jovdirab tikildi. Bora qoling, desam yugurib ketadigan shashti bor. Atay indamadim. Gaplarini eshitmagandek teskari qaradim. Ayol javob kutib, bir necha soniya tikilib turdi-da, so‘ng nari ketdi.
 Tushga yaqin ko‘cha eshik oldiga yengil mashina kelib to‘xtagani eshitildi. Hamma gur etib o‘sha tomonga oshiqdi.
 — Ko‘mib yuboraveringlar, dedi do‘xtirlar. Ba’zilarda shunaqasi ham uchrab turarkan, — dedi Norto‘xta keskinlik bilan hammaga birma-bir qarab chiqarkan. — O‘lib bo‘lgan ekan. Allaqachon o‘lgan ekan...
 Shosha-pisha tayyorgarlik ko‘rildi. Erkaklar bu yoqqa kelish oldidan tugunlarga tugib kelgan chopon-belbog‘larini olib, kiyishdi va birin-ketin darvoza oldiga chiqa boshlashdi. Xotinlar “uv” tortib, ovoz chiqarishdi. Yaqinlari Xoliq amakini juda ehtiyotkorlik bilan ko‘tarishib (odam o‘lganida shunchalik azizmi?), uyga olib kirishdi. 
 Taqdir taqozosini qarang, Narziqul rais qarib, yuvg‘ichlar safiga qo‘shilib qolgan ekan. So‘nggi daqiqada ham Xoliq amakining Narziqul rais bilan duch kelganiga nima deysiz?! Narziqul rais amakidan ancha yosh katta, bola-chaqasidan tingan, nevaralarini uylantirib, chevara ham ko‘rgandi. Raisligida yig‘ib qo‘yganlarini maydalab chaynab, huzur-halovatda yashayotgan piri badavlat edi. Xoliq amaki esa unga nisbatan yosh, buning ustiga uy ko‘rmagan beshta qizi bo‘y cho‘zib turardi. Menga bir narsa alam qilib ketayotgan edi. Agar azroilga jon kerak bo‘lsa, nega Narziqul raisning jonini olmadi. Nega kelib-kelib bir bechorani tanladi? Bitta Xoliq amaki bilan yalmog‘iz yer to‘yib qolmagandir?! Uning bitmagan ishlari ko‘p edi-ku hali? Umr bo‘yi qora mehnatdan boshi chiqmagan odam... Huzur-halovot neligini bilmagan odam... Chumchuqqa ham ozor bermagan odam...
Amakining o‘limidan uch oy o‘tar-o‘tmas qishloqda ivir-shivir gap paydo bo‘ldi. Emishki, o‘sha kuni Xoliq amakini kasalxonaga olib borishganida do‘xtirlar Norto‘xta aytganidek «ko‘mib yuboraveringlar» demagan ekan. Norto‘xta boshliq qarindoshlar o‘zaro: «Bir kun oldin o‘ldi nima-yu, bir kun keyin nima, baribir o‘ladi-ku» degan fikrga kelishibdi-da, har xil bahonalar bilan do‘xtirlardan amakining allaqachon o‘lganligi haqida spravka olishgan ekan...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.