OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Davlatshoh Samarqandiy (1436/37-1495)

Davlatshoh Samarqandiy (to‘liq ismi Davlatshoh ibn Alouddavla Baxtishoh assamarqandiy) (taxminan 1436/37—95) — o‘zbek shoiri, adabiyotshunos va davlat arbobi.

Otasi Shohruxning nufuzli amirlaridan bo‘lgan. Davlatshoh Samarqandiy zamonasining yirik olimi Fazlulloh Samarqandiy qo‘lida tahsil ko‘rgan. 1480 yilgacha saroy xizmatida. Umrining oxirlarida saroy va harbiy xizmatlarni tark etib, ijod bilan shug‘ullangan. Turkiy va forsiyda yozgan.

Davlatshoh Samarqandiyga shuhrat keltirgan yirik asari «Tazkirat ush-shuaro»dir («Shoirlar tazkirasi», 1486 yilda yozib tugallangan). Tazkiralar Alisher Navoiyga bag‘ishlangan bo‘lib, juda ko‘p ilmiy-tarixiy manbalar asosida yaratilgan. Asar muqaddima, yetti bob (tabaqa) va xotimadan tashkil topgan. Muqaddimada asarning yozilish sabablari hamda Labid (7-asr), Mutanabiy (915—965), Abu A’lo al-Maariy (973—1058) kabi 10 nafar mumtoz arab shoiri haqida yozilgan, asosiy boblarda esa 10—15-asrlarda Movarounnahr, Xuroson va qo‘shni mamlakatlarda yashab ijod etgan 150 dan ortiq shoir va olimlar faoliyati tadqiq etilib, ularning tarjimai holi haqida ma’lumot va asarlaridan namunalar keltirilgan. Tazkiraning xotima qismida Davlatshoh Samarqandiy bilan zamondosh bo‘lgan Jomiy, Navoiy, Xoja Afzaliddin Muhammad, Amir Ahmad Suhayliy, Xoja Shahobiddin Abdulla Marvarid hamda Xoja Osafiylar haqida ma’lumot berilgan. Tazkira 10—15-asrlardagi adabiy jarayon, uning namoyandalari hayoti, ijodini hamda madaniy, ilmiy va tarixiy sharoitni o‘rganishda muhim manba.

«Tazkirat ush-shuaro» Hindiston (1887, 1924), Angliya (1901), Tehron (1958, 1960) da to‘liq nashr etilgan. Ayrim qismlari rus, ingliz, frantsuz, nemis, turk, o‘zbek tillariga tarjima qilinib, chop etilgan. Davlatshoh Samarqandiy ijodini o‘rganish 15-asrda Alisher Navoiy tomonidan boshlangan. Keyinroq ingliz (Braun E.), nemis (Xammer), fors (Muhammad Abbosiy, Muhammad Ramazoniy, Ahmad Gulchin Maoniy), rus (E.Ye. Bertels), o‘zbek (N. Mallaev, B. Ahmedov) olimlari Davlatshoh Samarqandiy ijodini o‘rgandilar.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.