OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Rasul Mirzo (1840-1922)

Mirzo taxallusli shoir Muhammad Rasul Xarazmning mashhur shoiri va kompozitori Komil Xorazmiyning o‘g‘li bo‘lib, 1840 yilda tug‘ildi. Mirzo o‘z zamonasidagi maktab va madrasalarda o‘qish bilan birga, adabiyot va muzika sohasida ko‘p narsani otasidan o‘rgandi. Mirzo adabiyot va san’atga havas qo‘yib, arab, fors tillarini, o‘tmishdagi klassik adabiyotni chuqur o‘rganish natijasida zamonasining san’atshunos olimi va shoiri bo‘lib yetishdi.
Yosh shoir Mirzo saroyga mirzolik xizmatiga chaqiriladi, otasi Komil o‘lgandan so‘ng uning o‘rniga mirzoboshi vazifasiga tayinlanadi, lekin Mirzoni mansabdan ko‘ra ijodiy ish qiziqtirar edi. U klassik kuylarni notaga olish yo‘lidagi otasining ishini davom ettiradi. Shash-maqom va boshqa klassik kuylarni nota-chiziqlarga oladi. U juda yaxshi xattot ham edi, undan ko‘pgina yoshlar husnixat o‘rganib, xattot bo‘lib yetishganlar. Mirzo ko‘p vaqtini ijadiy ishga — she’r yozishga, shu bilan birga, yosh shoirlarni tarbiyalashga va adabiy-axloqiy asarlarni tarjima qilishga sarf qilar edi.
Muhammad Rasul Mirzo 1922 yilda vafot etdi.
Mirzoning ko‘p g‘azallari o‘z davrida qo‘lyozma va bosma bayoz va to‘plamlarga kidgan. Uning she’rlari alohida devon holida ham Xorazmda toshbosmada bosilgandir.

G‘AZALLAR

Orazing ustidin olg‘il emdi, ey dilbar, niqob,
Qilmasam nazzora husningni bo‘lur holim xarob.

Tushkusidur donai xoling tassavvur aylasam
Dog‘lar bag‘rimg‘a ishq o‘ti ani aylab kabob.

Gar hilol oso qoshingni ko‘rsalar rag‘bat bila
Sajda aylarlar anga jonu dil ila shayxu shob.

Bir tun o‘lsang kulbama mehmonim, aylarman fido
Yo‘qu borimni sening yo‘lingda, ey oliy janob.

Har qachon chiqsang niqobing yuzdin olib, ey pari
Abr aro pinhon o‘lur ko‘rgach yuzingni oftob.

Gar takallum aylasang shirin labingning sharbati
Aylar ushshoq ahlini mahsharg‘a tegru masti xob.

Ey pari, lutf aylabon Mirzoni doim mast qil
Bazm aro zarrin qadah birla tutub gulgun sharob.

* * *

Xursheddek yuz ochding, ey dilrabo, muborak,
Ushshoq eli ko‘ziga berding safo muborak.

Gulzori husn ichra bordur iki yuzing gul,
Ul gulki doim o‘lg‘oy rangi liqo muborak.

G‘uncha dahoning ichra har bir tishing erur dur,
Bo‘lg‘ay hamul duringg‘a qadru baho muborak.

Komi muroding o‘lsun haq lutfi birla hosil,
Naxli qadingg‘a bo‘lg‘ay nash’u namo muborak.

Hech dilrabo emasdur sharmu hayoda sandek,
Bo‘lg‘ay sanga ilohi sharmu hayo muborak.

Mehru vafolar aylab berding farah ko‘ngulg‘a,
Sen dilrabog‘a bo‘lg‘ay mehru vafo muborak.

Mirzo turub saharlar umring duosin aylar,
Ushbu duosin etkil, yo rabbano, muborak.

* * *

Yordin yetgan jafo ayshi farovondin laziz,
Harnakim bordur laziz, uldur manga ondin laziz.

Hajr anduhi o‘ti do‘zax o‘tidan tez erur,
Vasli jomi sharbatidur obi hayvondin laziz.

Parvarish topg‘usidur la’li mayidin ruhlar,
Dardi ishqi xasta jong‘a keldi darmondin laziz.

Har kishi so‘rsa labining sharbati shirinlig‘in,
Desa bo‘lg‘ay lazzat ichra sharbati jondin laziz.

O‘lgan elga jon berur garchi masih anfosi, lek
Jonfizo nutqi aning yuz qatladur ondin laziz.

Qoshlari mehrobidur huru parig‘a sajdagoh,
Yuzlari gulzor, ammo bog‘i rizvondin laziz.

Gar karam qilsa hazin Mirzog‘a jomi jur’asin,
Bordurur bechorag‘a qilg‘an ehsondin laziz.

* * *

Dilso‘z ohimg‘a sabab gar so‘rsangiz, ey yorlar,
Hijron o‘ti urg‘usidur ko‘nglum aro dildorlar.

Sargashtadurman ishqining sahrosi ichra topmay,
Atrofi olamda necha gom ursalar sayyorlar.

Hech demangiz, ey do‘stlar, jonu ko‘nglini naylading,
Afsunlar aylab oldilar men zordin makkorlar.

Mumkin emasdur topmog‘i men zor yanglig‘ kimsani,
Garchi erur ul ko‘y aro bisyor yotg‘an zorlar.

Yakbor mendin uzdi ul mehru vafoning rishtasin,
Javru jafosidin aning jonim berurman yorlar.

Bir g‘am yetushgach el bori g‘amxor o‘lur erdi manga,
Yuz g‘am yetarda yo‘q erur emdi manga g‘amxorlar.

Men kofiri ishq o‘lmisham, zinhor keltur, mug‘bacha,
Dinimni naqdin olg‘ali ul turrasi tarrorlar.

Xatdurmu bo‘lmish oshkor ul la’li maygun ustida,
Yo gulni bargi uzra bosh chekmushmudurlar xorlar.

Uyrulsa har dam boshidin sargashta Mirzo, yo‘q ajob
Uyrulganidek nuqtaning atrofidin pargorlar.

* * *

Ul oy gar bo‘lsa erdi bir kecha kulbamg‘a mehmonim,
O‘luk jismimg‘a kirgay erdi ul dam qaytadin jonim.

Qolib ul dilrabo hijronida yilar meni mahzun,
Bo‘lur joriy ko‘zimdin yig‘lasam ashk o‘rnig‘a qonim.

Guli husning tilab faryodu afg‘on aylaram tinmay,
Falak uzra suud aylab falakni o‘rtar afg‘onim.

Erurman dard hijroni bila bemor andoqkim,
Chiqorg‘a iztirob aylar tanimdin bu hazin jonim.

Jarohatvor jismim uzra marham sud qilavermas,
Erur ko‘nglimda mundan ham fuzunroq zammi pinhonim.

Tanim g‘am toshlarining ostida andoq ushalmushdur,
G‘ubor aylar gumon har kimki ko‘rsa jismi uryonim.

Netay ul nozanin dilbar qoshida bo‘lmasa bovar,
Gar etsam sharh sar tosar anga holi parishonim.

Qadah xurshedi nuridan ziyo yetkurgil, ey soqiy,
Hujumi g‘amdin o‘lmish tiyra, bilgil, shomi hijronim.

Agar kelsa buzuq kulbamg‘a, ey Mirzo, parizodim,
Qudumig‘a nisor aylarman ul dam javhari jonim.

* * *

Jon mulkiga torojlar solg‘usi xayli g‘am bukun,
Bu vajh ila tutg‘umdurur o‘z holima motam bukun.

Ro‘zimg‘a andog‘ tiyralik zo‘r aylamishdur, topmag‘ay
Ravshanlig‘ ochsa yuz agar nayyiri a’zam ham bukun.

Ey do‘stlar, o‘tlug‘ damim yoqqusi olam ahlini,
Darkor ersa joningiz bo‘lmang manga hamdam bukun.

Bo‘lmish erurman gulshani ko‘yidin masofa yiroq,
Gulzori jannatdin uzoq bo‘lg‘an kibi odam bukun.

Aylab ihota yer yuzin ul oy gardun zaylini,
Chashmim oqizg‘ach ashkning o‘rnig‘a xunin nam bukun.

Za’fim shadid o‘lg‘ach muhib ohim umidin naylayin,
Jismim o‘tidin jon qushi qilg‘udek o‘ldi ram bukun.

Mirzoyi mahzun holig‘a rahm aylabon, ermas ajab,
Dildor bazmi vaslig‘a qilsa ani mahram bukun.

* * *

Ul quyosh ochg‘och jamol avjida raxshon orazin,
Mahjabinlar anjum oso qildi pinhon orazin.

Ul quyoshning orazidin o‘zga yuzga boqmag‘um,
Sho‘xlar arz aylar ersa necha chandon orazin.

Bog‘ aro sarv ila gulni naylayin, dildorning
Voladurman ko‘rgali qaddini hayron orazin.

Hosil etmish tiyralik chashmi umidim hajr aro,
Ochmasa bo‘lmas yorug‘liq anga imkon orazin.

Ketdi kelgach yuz ochib ko‘nglim o‘tidin tiyraliq,
Yorug‘ondek kecha ochg‘och mohi tobon orazin.

Ishq aro mavjud bo‘lmishdur qizil yuzlik manga,
Ashki gulgun birla qilmish demangiz qon orazin.

Chiqmish erdi zor Mirzo jismidin jon hajr aro,
Ko‘rgali jismig‘a kirdi qaytadin jon orazin.


MUXAMMAS

Yoqut lab, simin zaqan, xo‘rshed ruxsoring kelur,
Bazming uyin yorutg‘ali sham’i puranvoring kelur,
Javru sitam tarkin tutub, ul chashmi bemoring kelur,
Shod o‘lg‘il, ey mahzun ko‘ngul, bu kecha dildoring kelur,
Shirin takallum gulbadan la’li shakarboring kelur.

Tark ayla rohat xobini, vasl ista, to‘k ko‘z obini,
Husn avjining noyobini yod et qoshi mehrobini,
Man’ et vara’ arbobini, jam’ ayla bazm asbobini,
Soz ayla aysh asbobini, ochg‘il tarab abvobini,
Ruxsori olamtobini ochib sevar yoring kelur.

Hajri qilib bag‘ringni qon, noshod erding ko‘p zamon,
Emdi bukun topting nishon vasl ichra bo‘lg‘il shodmon,
Nutqin qilib shakkar fishon ushshoqki aylab imtihon,
La’lin qilib mo‘‘jiz bayon bermakka umri jovidon,
Yuz nav’ mehr aylab ayon jonbaxsh guftoring kelur.

Soz aylagil subhu maso gah rost chertib, goh navo,
Dugohu segohu sabo har birisidur g‘amzudo,
Rahm etmayin ul dilrabo aylar edi nozu ado,
Hijroni ichra borho tortar eding ranju ano,
Bu dam tutub rasmi vafo sho‘xi sitamgoring kelur.

Chiqdi kiyib gulnorini, gulgun qilib ruxsorini,
Sayr aylabon gulzorini, mast ayladi hushyorini,
Qo‘lg‘a olib setorini, shirin qilib guftorini,
Mahzun qilib ag‘yorini shod etgali sen zorini,
Tark aylabon ozorini, yori vafodoring kelur.

Ul mahjabinu lab shakar ko‘yi aro aylab guzar,
Keltursa har kim xush xabar bergung edi ko‘p simu zar,
Holingga qilmay bir nazar bo‘lmish eding xuni jigar,
Ko‘nglig‘a nolang har sahar ta’sir qilmishdur magar,
Shirin dudog‘u simbar farxunda diydoring kelur.

Ne had edi, ey hush kalom, aylarga nazming intizom,
Ul podshohi loyanom altofidin qildim tamom,
Yuz ajz ila Mirzo g‘ulom aylar duo subh ila shom,
Firuz baxt o‘lg‘il mudom, et no‘sh ishrat birla jom,
Andoqqi sarxushu xirom ozoda raftoring kelur.


MASNAVIY

Ko‘tardim boshim g‘aflat uyqusidin,
Xalos o‘lmadim dahr qayg‘usidin.

Chu bedor bo‘ldim meni mustamand,
Farosat livosini qildim baland.

Boqib subh ma’murasi sarig‘a,
Nazar ayladim hikmat osorig‘a.

Emas maykada yanglig‘ hech bir makon,
Dag‘i hech murshid chu piri mug‘on.

Gila qildim ul pirg‘a davrdin,
Dedim forig‘ etmas meni javrdin.

Xiradmand piri pisandida roy
Ul ishda manga bo‘ldi mushkilkushoy.

Ishingg‘a girih tushsa gar javrdin,
Erur aqldin, ko‘rmagil davrdin.

Xayoloti behuda aylar xirad,
Qazou qadr aylagay oni rad.

Xirad ilgida borcha tortar alam,
Bu daf’ o‘lsa yetmas sanga hech g‘am.

Mug‘on dayrig‘a bosh yetur borho,
Bu g‘aflatni qil boda birla davo.

Muti’ etgusi elni davri qadah,
Qadah davridin doim ista farah.

Nishon yetmasun ko‘nglingga dog‘din,
Gulu jom yetir bu yeti yog‘din.

Ayirmay kavokib seni komdin,
Mayi kom ich bu yeti jomdin.

Agar nuql darkor bo‘lsa sango,
Kavokibdin etgil ani iltijo.

Keturgil bu ishda falakka panoh,
Ki bergay sanga sindirib qursi moh.

Qilib jahd Atorudni etshl nadim,
Bitarga tavorixhoyi qadim.

Havas aylasang soz ohangini,
Olib Zuhra qo‘lg‘a chalur changini.

Agar topmasang mayni olurg‘a zar,
Berur sindurub mehr qursi qamar.

Sanga zohid ar man’ig‘a ochsa til,
Sen imdod Mirrixdin istagil...


SETOR BILAN MUNOZARA BAYONIDA

Bo‘lub bazm bir kecha qildim namoz,
Qilib haqg‘a har damda ifshoyi roz.

Qiyom aylar edim gahi, gah quud,
Ruku’ aylabon goh, gohi sujud.

Qilur chog‘da toat meni beqaror,
Qulog‘img‘a yetti sadoyi setor.

Olib dildin andishai toatim,
Havas yirtdi chun pardai ismatim.

Dedim anga ul damda aylab nido,
Erursan o‘zing manshai har sado.

Kel emdi quloq tut so‘zima bukun,
O‘zing kufr o‘tig‘a bo‘lma o‘tun.

Nega keldi gumrohliq xohishing,
Qiyomat ishidin tihidur boshing.

Kalidi dari ganji talbis san,
Hiyal bobida misli iblis san.

Bu rishtaki ilkingdadur keldi dom,
Dili xalqni sayd aylar mudom.

Qilib fosh bel bog‘lamoq korini,
Olib qo‘ymag‘ung toat osorini.

Gar etsang birov sinasida makon,
Yo‘q etkung ani toatin begumon.

Kelu men kibi o‘tdin andisha qil,
Tutub tavba yo‘lin vara’ pesha qil.

Dedi bo‘yla tanburi sohib xabar,
Esang pardador o‘lmag‘il pardadar.

Xayol etma o‘zingga aybim hunar,
Dema yuzima aybim o‘lsa egar.

Qilib qat’ ayb olamin sarbasar,
Huzuri olam ichra qildim guzar.

Bari hamnishinim edi ahli roz,
Alardin manga yetmadi e’tiroz.

Mening sinama qo‘ymag‘il dasti rad,
Sen emdi manga bermas ersang madad.

Bila olmag‘ungdur jahon korini,
Qim iqbol olur, kimlar idborini.

Nega bahri ehsoni parvardigor,
Menu sen kibilardin olg‘ay g‘ubor.

Mug‘anniy, bu dam boqmayin so‘lu sog‘,
Olib qo‘lg‘a tanburing et tar dimog‘.

Tuzub nag‘ma cholmokg‘a omoda bo‘l,
Ko‘ngullarg‘a och rag‘bat aylarga yo‘l.

Kelib bazm ahli to‘lub bu bisot,
Tong otg‘uncha qilsunlar ayshu nishot.

Na yaxshidur ul kas kechib sabrdin,
O‘zin o‘tg‘a ursa turub qabrdin.

Tamug‘ uchquni anga vaqti azob,
Ko‘runsa ko‘zi ollida chun sharob.

Olib kechalar Mirzo qo‘lg‘a qalam,
Beshinchi hikoyatni qildi raqam.

Qilib sabt tanbur hangomasin,
Yana yo‘ndi qonun uchun xomasin.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.