OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nizomiy Xo‘qandiy (XVII-XVIII asrlar)

Nizomiy Xo‘qandiy (taxallusi; asl ism-sharifi Nizomiddin Muhammadaminxo‘ja o‘g‘li) (17-asrning oxiri — 18-asr boshi) — shoir. Buxoroda tahsil ko‘rgan. Nizomiy Xo‘qandiydan falsafiy mazmundagi «Majmuat ul-maqosid» («Maqsadlar majmuasi») nomli kitob, 300 ga yaqin g‘azal va muxammaslardan iborat she’rlar to‘plami qolgan. Uning ayrim she’rlari toshbosma usulda bosilgan bayozlarda ham uchraydi. Nizomiy Xo‘qandiy asarlarida o‘z zamonidagi illatlarga nafrat ko‘zi bilan qaraydi, insoniy tuyg‘ularni, muhabbat va sadoqatni ulug‘laydi. She’rlari ravon, sodda tilda yozilgan.

* * *

Bodai laling tilab yutti ko‘ngil xunoblar
Zulfing istab rishtai jonimg‘a tushdi toblar.

Nahli umrimg‘a samumi hajr yetkurgach xazon
Butradi bog‘i hayotimdin gulu yafrog‘lar.

Sansizin gulshanda ra’nog‘a qachon kim boqmadim
Yutmayin ne rang qonlar birla ne zardoblar.

Yig‘la, ey ko‘zkim, manu sandan qilib qan’i nazar
Qochtilar mardum kabi jondin suchuk ashoblar.

Paykarim zahmin yaloshdurlar taloshib rahm ila
Itlaring ya’ni vafo bobida fard ahboblar.

Ta’nlar toshiyu noseh pandi o‘ldurdi mani
Boshladilar sarzanish bu nav’ shayhu shoblar.

Dardim andog‘kim juz o‘lmak daf’ig‘a yo‘qtur sabab
Ey tabib, et emdi tarki soyiri asboblar.

Sharhi dardingdin Nizomiy elga tegdi ko‘p malol
Tezroq o‘l, yo tark qil tafsili faslu boblar.

* * *

Hasratda g‘arib oshiq o‘zini harob aylar
Dardi dili dog‘ ila ko‘zini purob aylar.

Ul sho‘x sitomkorning hol donasini ko‘rgach,
Bul murg‘i ruhim tandin uchmoqqa shitob aylar.

Jonimni fido qilsam, yuz oh ila dod etsam
Achchig‘lanibon dilbar noz ila itob aylar.

Boshimni qayon ursam dardimni kima aytsam
Rahm aylamayin ul yor holimni xarob aylar.

Har lahza chiqib mahvash gulguna qabo dar bar
Mastona kuzi birlan bag‘rimni kabob aylar.

Kim bo‘lsa sanga oshiq, ey sho‘x jafopesha
Iqbol navard doim bechangu rubob aylar.

Vojguna mani baxtim yo‘liqsa banogohe
Oydek yuzini doim dar zeri niqob aylar.

Ket nari debon dilbar ko‘ksungga agar ursa
Oldig‘a yaqin borg‘an albatta qabob aylar.

Bebois o‘shal dilbar ko‘lfat chohina tashlab
Dilxasta Nizomiyni bejurm azob aylar.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.