OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qutb Xorazmiy (XIV asr)

Qutb Xorazmiy (14-asr, Xorazm - ?) — shoir, tarjimon. Hayoti va ijodi haqida ma’lumot beruvchi yagona manba uning «Xusrav va Shirin» dostonidir. Qutb Xorazmiyning ijodiy kamolot yillari Xorazmning Oltin O‘rda davlatiga qaram bo‘lgan davriga to‘g‘ri keladi. Dostonini Sig‘noq shahrida yozgan (1330—40). Faqirlikda yashagan Qutb Xorazmiy «Xusrav va Shirin»dek ko‘p vaqt va mashaqqatni talab qiladigan katta hajmli asarni yozish uchun moddiy yordam so‘rab, Oltin O‘rda xoni Muhammad O‘zbekxonning (1312—40) Oq O‘rdadagi noibi bo‘lmish shahzoda Tinibek huzuriga borgan. Tinibek va uning davlat ishlarida faol ko‘makchisi bo‘lgan xotini Qutb Xorazmiyni iliq kutib olib, uning ijod qilishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berganlar. Shoir o‘z asarida malikani «har ishni tarozida o‘lchab, zehn bilan fikr yurituvchi oqila, komila» ayol sifatida madh etib, uning davlat ishlaridagi faol ishtirokini ko‘rsatgan.
«Xusrav va Shirin» Nizomiy Ganjaviy qalamiga mansub shu nomdagi dostonning erkin tarjimasidir. Ayrim sabablarga ko‘ra, bu asar o‘z davrida keng tarqalmay, shuhrat qozonmagan. Doston amir Qutlu Xo‘janing tavsiyasi bilan 1383—84 yillarda Misrda Berka Faqih ibni Barokaz Edgu Qipchoqiy tomonidan ko‘chirilgan. Bu qo‘lyozma 1914 yilda Parij Milliy kutubxonasidan (inv. 312) topilib, ilmiy muomalaga kiritilgan va sharqshunoslar o‘rtasida shuhrat topgan. 1940 yilda Alisher Navoiyning 500 yillik yubileyini o‘tkazish qo‘mitasi tomonidan uning fotonusxasi olinib, Hodi Zarif tomonidan nashrga tayyorlangan. Doston 91 bobdan iborat. Nizomiy dostoni esa 100 bobdan iborat bo‘lib, 6 mingdan ziyodroq baytni o‘z ichiga oladi. Tarjimon asliyat mazmunini, asar syujetini saqlab qolish bilan birga, uni ancha erkin tarjima qilgan. Jumladan, asar muqaddimasiga «Shahzoda Tinibekxon madhi», «Malika marhuma Xonmalik madhi», «Kitob nazm qilmoqqa sabab bayonin ayur» boblarini qo‘shgan. Ayni paytda, dostonning umumiy mazmuniga aloqasiz hisoblaganidan bo‘lsa kerak, bir qator boblarni qisqartirgan, ayrim boblarni ixchamlashtirib, bir-biriga qo‘shib yuborgan. Shuningdek, Nizomiy dostonidagi 12-asr Ozarbayjon hayotiga oid ayrim lavhalarni tushirib qoldirgan, qisqartirgan va tahrir qilgan, ularning o‘rniga Oltin O‘rda hayotiga doir voqealarni kiritgan, turli xil urf-odatlar tasvirini berib, dostonni o‘z davriga yaqinlashtirgan, unga o‘zbek xalq maqollari va ta’birlarini kiritgan.
Qutb Xorazmiy Nizomiy dostoni asosida o‘zbekcha doston yaratish va uning vositasida o‘zbek tilining boy imkoniyatlarini namoyish qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan va u buni muvaffaqiyat bilan uddalagan. Bu tarjima o‘sha davr o‘zbek tilini o‘rganish uchun muhim manba bo‘libgina qolmay, o‘zbek tili va adabiyotining taraqqiyotida ham katta rol o‘ynagan.
Qutb Xorazmiy tarjimasidagi «Xusrav va Shirin» o‘zbek adabiyotida masnaviyning «Qutadg‘u bilig» va «Hibat ul-haqoyiq» dan keyingi nodir namunasidir. U dostonni o‘z vaznida — hazaji musammani maqsur (mahfuz)da tarjima qilgan. «Xusrav va Shirin» o‘zbek epik she’riyati taraqqiyotida ham, badiiy tarjima rivojida ham alohida o‘rin tutadi.
Ergash Ochilov. 


«XUSRAV VA SHIRIN» DOSTONIDAN

Kitob nazm qilmoqqa sabab bayon ayur

Necha yil bo‘ldi jonim sukor erdi.
Ko‘ngulda ushbu andisha bor erdi.

Netak shoh tobg‘inga bir borg‘aman teb,
Bu ko‘nglum qazg‘usini torg‘aman teb.

Ko‘rub ko‘nglumkim asru rag‘batim bor,
Buyurdikim qatig‘lon emdi, e yor.

Ravon, ey Qutb, tarkin kech bo‘lur bil,
Ne bilgaylar seni so‘zlatmasang til.

Nizomiy nazmi yanglig‘ tuz so‘zungni,
Anin bilgut xoningg‘a bu o‘zungni.

Xonim birla malika otinga bir
Kitobe qilg‘ug‘a qil, tedi tadbir.

Bo‘yum shahringa ko‘nglum erdi sulton,
Jonim andin qabul qildi bu farmon.

Ko‘ngul farmonini jon birla tuttum,
Azin soqinchni bir yo‘li unuttum.

Qazontek qaynab ush savdo pishurdum,
Nizomiy bolidin halvo pishurdum.

Xonim otinga ushbu porsi tilni,
Chevurdum, tuzdum, ush nazm uzra qilni.

Chiqordim xush yizig‘liq suv bu ko‘ldin,
Ko‘ngullar qonsu teb bu sofiy suvdin.

Qilib xon davlati bu qulg‘a yoriy,
Ketordi tangri tab’imnung g‘ubori.

Tuzub til bulbuli bu nazm uza soz,
Bu parda ichra kelturdum xushovoz.

Murodim erdi ulkim, bu qabug‘da,
Kelib yo‘l tobsaman teb bu tabug‘da.

Safar ranjin ko‘rum o‘zum qoch ayyom,
Tabug‘qa yettim emdi ush saranjom.

Nechakim keldim ersa man valekin,
Tugal keldim, tugallik yaxshi ush chin.

Ne xush aydi (kim) ul bir pir komil,
Yetizgil necha kech kelsang, ey oqil.

Bu kelmaklikda maqsud erdi bukim,
Yeturgay haq tiyu munda tilakim.

Bihamdilloh tilakka haq yeturdi,
Tilak ilgi o‘minj yosini qurdi.

Bu ko‘nglumnung qushikim, tobti xush bog‘,
Kerak bulbul o‘qub, ursun kerak zog‘.

Yana ko‘nglum, so‘z oro qildi ovoz,
Kim, ey bulbul, ochildi gul, kelib yoz.

Jahon bo‘stoni qayda bo‘ldi xurram,
Bor ersa ishqing emdi so‘zla san ham.

Ush andin bu oshiqlarning so‘zini,
Tuzub muntek bezadim so‘z yuzini.

Kishiningkim ko‘ngulda ishqi bo‘lsa,
Netong bulbul mengizlik ul zori qilsa.

Falak mihrobi ishq ermish xush ongla,
Oshiqlarning so‘zin ishq birla tingla.

Kishikim oshiq ermaz joni yo‘q bil,
Ulukni bormu ter ojunda oqil?

Agar it ko‘nglinga haq ishqi kirsa,
Kelur ul tilga ketmaz ursa, sursa.

Agar bo‘lmasa oshiq charxi bazrom,
Ne sargardon yurir, qilg‘a erdi orom.

Oshiq bo‘lmasa ushbu yetti qat yer,
Nedin muncha xaloyiq zaxmini yer?

Tengizlar oshiq ermaz ersa bir so‘r,
Nedin qaynar, ne g‘urrushlar qilur ko‘r?

Qayuningkim bir olam ichra ko‘rdum,
Nedin muntek tiyu aqlimg‘a so‘rdum.

Ayur: ishq birla tirik ushbu olam,
Agar ishq bo‘lmasa bo‘lmaz erdi odam.

Jonim ishqdin farah tobti esa bildim,
Ko‘ngul berdim, yeringa ishq oldim.

Bu ishqim birla boshlab dostonni,
Salo teb ishqqa undadim jahonni.


Xusrav-Shirin hikoyatining avvali

Munungtek aymish ul bir piri oqil,
Kim ul ermish qamug‘ nav’ ichra komil.

Tutuldi ersa Nushervonning oyi,
Qo‘nub Hurmiz uza davlat humoyi.

Ato taxtin bilib ul dod qildi,
Adl birla jahon obod qildi.

Tutar erdi atosining to‘rosin,
Aning rasmincha folin ham yo‘rosin.

Ukush qurbon qilib, ul shoh o‘g‘ondin,
Tiladi bir o‘g‘il yigrak bu jondin.

Izi dargohinga qildisa zori,
O‘g‘ul berdi anga gavhardin ori.

Ug‘anning baxshishi daryosidin dur,
Aning sham’inga bermish fazlidin nur.

Muborak tolei davlat makoni,
Yuzunda belguluk shohliq nishoni.

Yetiz xusravliqin ko‘rdi atosi,
Ush ondin o‘tru Parviz bo‘ldi oti.

Zarifluq ichra komil erdi zoti,
Bu yo‘ldin o‘tru Xusrav Parviz, bo‘ldi oti

Yangoqi kun mengiz, ko‘z boqsa bo‘lmas,
Yuzin ko‘rgan ko‘ngilda qazg‘u qolmaz.

Ani shoh tabug‘inga ketrurlar erdi,
El elga gul mengiz ko‘trurlar erdi.

Harirga chulg‘atilmish kin yiportek.
Tamom durr donani kezlab tutortek.

Netakkim chiqti beshikdin jahonqa.
Sevukluk urg‘un ekti barcha jonqa.

Yil oshmishcha izi orturdi davlat,
Bilik ta’lim olib o‘grandi izzat.

Tamom besh yoshg‘a yetti ersa onglab,
Ko‘rub ko‘b nongin ibrat oldi tonglab.

Qachon kim olti yoshqa yetti ul shoh,
Qamug‘ yo‘llarni anglab, bo‘ldi ogoh.

Yeti yoshqa yetib ul sarvi qomat
Gul uzra mushk sochmoq qildi odat.

Aningtek ko‘rki bo‘ldi elda mashhur,
Yuzin ko‘rgan bu Yusuf teyu saqnur.

Atosi qildi bir ustod tartib,
Aning ro‘zgori zoyi’ kechmasun teb.

Bu so‘z aymishda so‘ng kechti bir ancha,
Hunarlik bo‘ldi Xusrav o‘z holincha.

Bilik, so‘z ichra andog‘ bo‘ldi fozil,
Maoni bahrinda bir durri komil.

Fasihikim ravon so‘z so‘zlar erdi,
So‘zin andin uyolib kezlar erdi.

Biliklik ham ko‘rishi yinchka qiltek,
So‘z ichra qil yorar erdi o‘shul bek.

To‘quz yoshinda so‘ng o‘yunni soldi,
Bahodirluq qilichin ilka oldi..

Yetib o‘n yoshqa kish bog‘landi belga,
Ukush dushman boshini berdi yelga.

Aning xavfindin arslon titrar erdi,
Qilichindin yog‘iylar qo‘rqar erdi.

Sheshar erdi o‘qi qildin tugunni,
So‘ngi birla yozar erdi bu kunni.

Agar dushmanqa kezlab bir o‘q otsa,
Qayu qalqon tuzarkim qarshi tutsa.

Kishi kim o‘n yo bircha tortsa oson,
Aning yosin ko‘turmaz erdi yerdan.

Kamandindin qutulmaz erdi dushman,
Yorar erdi o‘ti kim tesa to‘shman.

Nogoh bir yildirimtek gukrar ersa,
Sungusin toshdin o‘trur erdi ursa.

Tamomkim umri o‘n to‘rt yoshqa yetti,
Bilik semurg‘i tan Qofini tutti.

Nazar kezlanchi justluqlarg‘a qildi,
Ne ezgu, ne yomon borchani bildi.

Bor erdi bir Buzurg Ummid otlig‘,
Ulug‘ bilga, yuzi suvlug‘, uyotlig‘.

Bo‘lub kezlanchi rozlarni bilib chin,
Falak ganjlarining tobmish kilidin.

Ozoqi yer yuzini barcha kezmish,
Falak aning ishin royincha tuzmish.

Ani xilvatqa undab shohzoda,
Kelib ruh yerga qo‘ydi shoh piyoda.

Ilm daryosidin izlab javohir,
Topub, tutti etagin, bo‘ldi shokir.

Bilib ta’lim olib, ko‘nglin yorutti,
Ukush hikmat bilib, qursoqda tutti.

Qamug‘ nav’ ichra ul shahzoda cholok —
Bo‘lub moh angladi barcha sirri aflok.

Bu oz umrinda ul bir durri maknun,
Bu yanglig‘ ilm ichinda bo‘ldi zufnun.

Chiqib g‘aflatdin ogohliqqa tegdi,
Qamug‘ ardam uza shohliqqa tegdi.

Torildi ersa andin jahl susi,
Anga bilgurdi sirlar jaysusi.

Qamug‘din o‘zrub ul xizmat jahonin,
Kechurmaz erdi xizmatsiz zamonin.

Atosi sevdi jahonindin ortuq,
Jahon xud ne bo‘lg‘ay jonindin ortuq.

Aning yoshi uzun bo‘lsun teyu shoh,
Zulmdin yig‘di elni, qildi ogoh.

Chaqirtti bilsu teb rustovu shahri,
Tegar kuch qilg‘uchiqa shoh qahri.

Kishi kirmasu bog‘chilar bog‘ing‘a,
Tavar surmasunlar ham tarlog‘laring‘a.

Qayukim boqsa nomahram yuzinga,
Qiyqirtti voy teb aning ul yuzinga.

Siyosatni yuritgayman teyu shoh,
Bu so‘z uzra talim ont ichti nogoh.

Shoh o‘z adli uza turdisa doyim,
Jig‘oy boy birla nard o‘ynadi qoyim.

Xarobliq al ko‘tardi barcha yondin,
Zulm qamchisi ketti ersa aldin.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.