OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sayyodiy (XVII asr)

Sayyodiy, Sayyodiy o‘g‘li, Sayyodiy o‘g‘li Xarobiy (taxalluslari; ismi Sayyid Muhammad) (17-asrning 2-yarmi, Balx yaqinidagi Xayrobod qishlog‘i) — shoir. Ovchi (sayyod) oilasida tug‘ilgan, o‘zi ham shu kasb bilan shug‘ullangan. Shoirning ayrim she’rlari hamda «Tohir va Zuhra» dostonigina yetib kelgan. Dostonda xalq og‘zaki ijodida keng tarqalgan syujet yozma adabiyot an’analari asosida bayon qilingan. Unda haqiqiy muhabbat va insoniylik kuylangan, zo‘rlik va adolatsizlik qoralangan. Dostonga 50 dan ortiq g‘azal shaklidagi she’riy parchalar kiritilgan. Doston asosida musiqali drama (1938, Sobir Abdulla) va kinofilm (1950) yaratilgan.

«TOHIR VA ZUHRA» DOSTONIDAN

PODSHOHNING VAZIRI TUSH KO‘RGANI

Bor erdi Boboxon otlig‘ shahanshoh,
Vaziri Bohir otlig‘ erdi nogoh.

Ikovi ham befarzand erdi,
Parishon xotiri dilband erdi.

Bor erdi ostonasi qoshinda,
Yaqin erdi — shaharning yo‘l boshinda.

Borib bosh qo‘ydilar ostonaga ham,
Murod beruvchi davlatxonag‘a ham.

Boshini qo‘ydi Bohir, ko‘rdi bir tush,
Azalda bor edi alarg‘a ulush.

Ko‘rar, sulton birla o‘lturubdur,
Tavofi ostona bitkaribdur.

Ulug‘ ostona erdi berdi dodin,
Berib ostona ham jumla murodin.

Bu tush birla ajab dilshod bo‘ldi,
Tamomi qayg‘udin ozod bo‘ldi...

Bu tushni ko‘rdiyu uyg‘ondi Bohir,
Borib sultonig‘a chun qildi zohir.

Dedikim: — Tush ko‘rubman podshohim,
Shukur, Ollog‘a maqbul bo‘ldi ohim. ..

So‘zini eshitib sultoni olam,
Xudog‘a (shukr) etibon bo‘ldi xurram.

O‘turg‘on yeridin ozod qo‘pdi,
Bu Bohirning yuzidin tutti o‘pti.

Dedi Sulton:—Xudo farzand bersa,
Aning birla ko‘ngul xursand bo‘lsa.

O‘g‘ul bo‘lsa, ikovi do‘st bo‘lsun,
Ikovi bir tanu, bir po‘st bo‘lsun.

Agar qiz bo‘lsalar bo‘lsun dugona,
Biri-birisiga xush mihribona.

O‘g‘ul, qiz bo‘lsa ham, do‘st bo‘lsun,
Bu so‘zdinkim tonar — nomard bo‘lsun.

Bu so‘zlarni dedi shah, jahd qildi.
Ikovi o‘rtada bir ahd qildi.

Dedi Bohir: — Ayo ey shohi olam,
Bu ahdi shart shahlarg‘a musallam.

Mening haddim chu yetmish ushbu so‘zga,
Ki bo‘lg‘ay, bo‘lmag‘ay bu so‘zlar o‘zga.

Bu so‘z ustida shah qildi qasam yod,
Aning uchun bu qissa bo‘ldi bunyod.

XUDOYI TAOLO BOBOXONG‘A FARZAND BERGANI

Kel e sulton bu dam xushvaqt o‘ltur,
Ki changu nay, dafu naqqora qoqtur.

Dedi Sayyod: — Inoyat qildi tangri,
Bu shahni yorlaqab, qiz berdi tangri.

Chu o‘tdi oyu yil, g‘uncha ochildi,
Bu shahning ustiga durlar sochildi.

Berib tangrim bu shohg‘a nozanin qiz,
Bu qizning ta’rifini aytali biz.

Yuzi guldek edi, chun og‘zi g‘uncha,
Ko‘ranlar jon berurdi so‘ylaguncha.

Labi la’lu tishi durdona erdi,
Vale ko‘rgan kishilar yonar erdi.

Yuzining qizili jannat gulidek,
Uni misli Eramning bulbulidek.

Qalamtek qoshi, yuzi mohi anvar
Ko‘zining ravshani monandi gavhar.

Qiyo boqg‘ach, kishi jonin oladur,
Kishi ko‘rsa, o‘zin o‘tg‘a soladur.

Bu shoh qizig‘a berdi to‘y bis’yor,
Taomi bor edi yuz oncha tayyor.

Ki yig‘dilar alar hayu hashamni,
Tutub izzat bu shohi muhtashamni.

Bu shoh kengoshini elga buyurdi,
Aning otin xaloyiq Zuhra qo‘ydi.

XUDOYI TAOLO BOHIRGA O‘G‘IL BERGANI

Dedi Sayyod: Bohir o‘g‘li bo‘ldi,
Aning ta’rifi ham olamg‘a to‘ldi.

Muning otini qo‘ydi Mirza Tohir,
Yuzida mustafoning nuri zohir.

Anosining otidur Shohixubon,
Bu ham husn ichida bir mohi tobon.

Anga xon doyani boshqa qilibdur,
Bu sirni shahr eli barcha bilibdur.

Necha yillar enagalar chekib jon,
Ki harbiri bo‘lubon huri g‘ilmon.

Ko‘rung Tohirni, besh yoshg‘a yetibdur,
Bu Bohir tangri amrin bitkaribdur.

Ki Bohirning vafotin bildi ul shoh,
Dedi: «O‘lmak erur taqdiri olloh».

O‘z-o‘zidin dedi: «Sulton erurman,
Bu totor eliga ham xon erurman.

Vazirim Bohir ul Qarocha o‘g‘li,
Ki bu Tohir turur ham, oning o‘g‘li,

Ravo ermas vaziri birla xoni,
Quda bo‘lsa, malomat tortsa joni.

Kelur boshimg‘a yuz turluk malomat,
Ki xoqon elidin tortkum ihonat.

Ki man Bohir bilan shart aylaganda,
Bu sirni kim bilibtur biz deganda.

Bu sirni kim bilibtur mandin o‘zga,
Dedikim, ilmadi Tohirni ko‘zga.

TOHIR BILAN ZUHRA BIR-BIRIGA INTIZOR BO‘LG‘ONI

Kel e Sayyod, bunyod et bu qissa,
Nachuk tushti bu Tohir bekka g‘ussa.

Dedi Sayyod, o‘shul kun Bohir o‘ldi,
Eshiting banda Tohirg‘a na bo‘ldi.

Alarni bandi maktab qildi Sulton,
Bular jon birla o‘qur erdi Qur’on.

O‘qub tillarida ilmi majoziy,
Vale ko‘ngillarinda ishqibozi.

Bu maktabxona erdi bir bahona,
Kelurlar erdi ul ikki dugona.

Ki qo‘llarin solib bo‘yunlarig‘a,
Ani ko‘rgan boqar o‘yunlarig‘a.

Gahi qosh-ko‘z ikisi soz qildi,
Taqi ko‘ngil qushi parvoz qildi.

Ko‘ngilda ishqni bun’yod qildi,
Ki Tohir bu g‘azalni yod qildi:

Ey shamsi anvar yuzlugum, ko‘rmagay erdim koshki,
Ko‘nglumni, gavhar ko‘zlugum, bermagay erdim koshki.

Ey gulshani Bog‘i Eram, ey mihribon, toza sanam,
La’ling sharobin dam-badam so‘rmagay erdim koshki.

Ishqingda man, ey bexabar, yig‘lab yurub shomu sahar,
Hijron chekib, xuni jigar yurmagay erdim koshki.

Izlab visoling, ey guhar, bo‘ldum gadoyi dar-badar,
Himmat etogin belga bar urmagay erdim koshki.

Miskin Sayyodiy bokaram, bo‘ldum su illo lojaram,
Mardonavor ishqa qadam qo‘ymagay erdim koshki.

Eshitti Zuhra bu Tohir so‘zini,
Ki ishq o‘tig‘a soldi ham o‘zini.

Bu so‘zni eshitib devona bo‘ldn,
Aningchun xalq aro afsona bo‘ldi.

Chu ishqa hamdamu hamroh bo‘ldi,
Qizil guldek yuzi chun koh so‘ldi.

Hamisha maktaba hamroh borurdi,
Bu sirni shahr eli barcha bilurdi.

Iloji yo‘q edi chun g‘ayri maktab,
Bu maktabxona ham kafisha bar kaf.

Ikisi chirmashur hali pechakdak,
Birisi qarchig‘ay, birisi o‘rdak.

Vale ikkisiga aytmas edilar,
Ayon bo‘ldi ikisiga bu sirlar.

Ki bir kun ikkisi o‘ynab kelurdi,
Ki bir xotun kelib, oldinda turdi.

Dedi: —Shahzodalar, man bo‘z qo‘yubman,
Aning uchun kelib, munda turubman.

Manam bechorai bir beva zanman,
G‘aribu bevazan ham bevatanman.

G‘ariblarning duosini olinglar,
Bo‘zimdin ul tarafga yo‘l solinglar.

Bu so‘zlarga quloq solmadi Tohir,
U yerda beadablik bo‘ldi zohir.

Ki hazlon shavq etdi ul qarig‘a,
Ki bu oshiq borib tegdi qarig‘a.

Tegib oshiq qarig‘a, bo‘ldi xandon,
U yerda o‘zga so‘zlar bo‘ldi chakdon.

Dedi xotun: — Maninglan qilma bozi,
Qilako‘r Zuhra jonim birla bozi.

Agar sanda aql bo‘lsa, ey o‘g‘lon,
Qilako‘r Zuhra xonim birla javlon.

Dedi Tohir: — Manga aytg‘il, na sir bor?
Qilako‘r ushbu sirni manga izhor.

Dedi xotun: — Onangdin so‘z eshitkil,
Sabr qil, sabr ila maqsuda yetkil.

Bu so‘zni eshitibon Mirza Tohir
Borib onasig‘a so‘z qildi zohir.

Dedi onasig‘a:— Ey jonim ona,
Maning jonimg‘a mehribonim ona.

Ki bilman qaysi tog‘din qush uchubdur,
Bu qozu turna qay ko‘lga tushubdur.

Maning ko‘nglum tilar ul ko‘lga borsam,
Bukun man anda borib, ov ozlasam.

Ki maktabdin keladurman, o‘zum och,
Bu ko‘nglum orzu qildi qovurmoch.

Anosi chust chobuk qo‘pdi anda,
Buyurg‘och ham qovurmoch qildi anda.

Dedi onasig‘a: — Barhaqqi roziq,
Qo‘lung birla manga bergil muvofiq.

Qo‘lungdin osh yemak ko‘nglum tilabtur,
Sanga rozim demakka so‘z qolibtur.

Ki,— Xush,— deb, qo‘lig‘a oldi qovurmoch,
Ki mahkam tutti qo‘lin ul uzatg‘och.

Dedi Tohir: — Ona, tangri haqidin,
Muhammad mustafoning hurmatidin.

Dedi, — Ona, na so‘z bor eshitali,
Qo‘lumdin kelsa, maqsadg‘a yetali.

Qo‘li kuygach dedi: — Ey nuri diyda,
Eshitsang qissani, bo‘lg‘ung ramida.

Otang birla Boboxon qildi paymon,
Ajal yetti — otang topmadi darmon.

Unuttuq biz ani, siz ham unutung,
Na savdodur, bolam, ko‘ngil sovutung.

Alar xonim erur, xonlarg‘a loyiq,
Ko‘ngul berma alarg‘a, bo‘lma oshiq.

Agar ko‘ngul berursan, fitna ortar,
Tanimga o‘t tushar, olamni o‘rtar.

Eshitti ushbu so‘zni Tohiri mast,
Bu ishq o‘ti bilan ul bo‘ldi payvast.

Iki dona qovurmoch qo‘lg‘a oldi.
Kitobini olib, qo‘ynig‘a soldi...

Kel ey Sayyod, boshla emdi doston,
Zimistonda nachuk ochildi bo‘ston.

Guliston ko‘rmagay bodi xazoni,
Raqiba tangri yegkurgay zavoli...

Dedi Sayyod, — Tohir qildi angez
Ki xilvat yerda qilg‘aylar suxan rez.

Bor erdi shohning bir sayrgohi,
Chiqarlar erdi anda goh-gohi.

Otin ayturlar erdi Bog‘i maydon,
Qilurlar erdi anda xo‘b javlon. ..

Kirib bog‘ ichiga ikki dugona,
Biri bulbul, biri gul birla lola.

Ikisi qo‘shulub, xo‘b munglashurlar,
Ufushub, quchushub, ko‘p yig‘lashurlar.

Biri-biriga deb rozi dilini,
Ki harna ko‘nglidagi mushkilini.

Alar bu soza tuzdi ikki tori,
Qirib bog‘ ichida bu ishq yori.

Chu ishq ahlida bo‘lmas nangu nomus,
Ko‘ziga hech ko‘runmas dushmanu do‘st.

Haqiqat ishqdur bu ishq bozi,
Vagar na bo‘lmasun ishqi majoziy.

Dedi Tohirki: — Ey ruxsorai husn,
Qilib ishqing mani devonai husn.

Otang birla otamning ahdi, ey jon,
Yaratibdur bizi qudratli yazdon.

Der ermishkim, anga ko‘rmam ravo man,
Bu sirdin telba yanglig‘ mubtaloman.

Nachuk bo‘lg‘ay muning tadbiri, ey jon,
Qolibman ishq vodisinda hayron.

Ki sandin o‘zga manga yor bo‘lmas,
Bu ko‘nglum so‘rg‘uchi dildor bo‘lmas.

Firoqingda ajab g‘ussa yutubman,
Umid birla etagingni tutubman.

Duochingiz erurman kecha-kunduz,
Fido bo‘lsun bu jonim yakka-yolg‘uz.

Firoqing o‘tida bas yonadurman,
G‘aming birlan bukun hamxonadurman.

Yuzungdin parda olg‘il ey nigorim,
Ki sham’ing o‘tig‘a parvonadurman.

Saningdek yo‘q jahonda dilbari sho‘x,
Saning vasfing bilan afsonadurman.

Visoling dashtida lab tashna qoldim,
Labing sharbatin ichsam, qonadurman.

Qilib manzil bukun baytul hazanni,
Ki azmi sokini vayronadurman,

Sayyodiy ayladi bisyor zori,
Talabgar kosai paymonadurman.

Ki bu yuo‘zni eshitti Zuhra xonim,
Dedi:— Ey mehribonim, kuydi jonim

Ki Tohir bu g‘azalni qildi oxir,
Dedi Zuhra: — Otamdur turfa kofir.

Tiriklikda kishining ahdi bo‘lsa,
Yomondur ahdni bas kishi buzsa.

Otam tonsa tonur, man tonarim yo‘q,
Azaldindur bu qismat tonarim yo‘q.

Maning ham boshima tushti bu savdo,
Ki bo‘ldi ishq vodisinda shaydo.

Saningdek uchramasdur manga bir yor,
Ko‘ngul purg‘am, ko‘zo‘m uyquda bedor.

Mudom yo‘qtur meni sabru qarorim,
Yoruq dunyoda sandursan madorim,

Ki san Layli erursan yori majnun,
Ki man Majnun erurman chashmi purxun.

Vayo san Majnunu man sanga Layli,
Vale, bor Laylining Majnung‘a mayli.

Ikisi bog‘ ichida, zoru hayron,
Bo‘lub bu shahri Totor misli giryon.

O‘shul maydon ichida bog‘bone
Bo‘lubon ikisi bir korvone.

Bularning barcha ishlarin ko‘rubdur,
Boboxonga ani ham yetkurubdur...

Shaho ko‘rdum chaman ichra qo‘nubdur turfa shunqore,
Nazokatlar bo‘lur paydo takallum qilsa guftore.

Aning man vasfi avsofin qilay oldingda ey shohim,
Agar oqil esang o‘lturma oni, tingla miqdore.

Ajoyib oqilu dono, bilib bu foni dunyoni —
Qilibdur mosuvo o‘zni, angla bu sirri izhori.

Bo‘lub Sayfulmuluk soniy, Bade’ni istayib topib,
Qurub suhbat, ichib boda, quyub oldinda dildori.

Go‘zal sho‘rnda bulbuldek fig‘on aylar, shohim, Tohir,
Aziz jonin fido aylar ko‘rub bu Zuhra dildori.

Iki oshiq uchun hardam fig‘onu nolalar hardam,
Bu ishqning o‘tig‘a kuygan Sayyodiydur dilafgore.

Bu xabardan g‘azablangan Boboxon Tohirni bandi qilib o‘z qoshig‘a keltirtiradi va Zuhrani Tohirga teng va ep ko‘rmay ilgarigi ahdidan qaytganligini bildiradi. Tohirni sandiqqa solib, daryoga tashlashni buyuradi.

— Bu Zuhra podshoh, san bir gadosan,
Salom haqqi bilan san oshnosan.

Odam birla odamning farqi bis’yor,
Tafovut, xalqlarga, etti jabbor.

Otang do‘stum edi, bilguvchi g‘affor,
Yo‘q ersa, lozim erdi sanga sangsor! ..

Dedi: — Tohirni bu sanduqg‘a solib,
Ki tashlanglar ani daryog‘a borib!

Olib bordilar ul daryo labina,
Bular o‘t soldilar Zuhra jonig‘a...

Yana ul yerda Tohirning anosi,
Na qilsun, ko‘zining oqu qarosi.

Kuyub ul nolalar bis’yor qildi,
Necha so‘zlar o‘qub, ab’yot qildi.

Dedikim: — Ey bo‘tam, mardona bo‘lg‘il,
Kechib jondin yana jonona bo‘lg‘il.

Kishi mardonalardek yo‘lg‘a kirsa,
Ul ishdin tonmayon yo‘linda o‘lsa...

Podshohning eshiginda barcha xalq dod ettilar,
Ohu vovaylo debon chun haqg‘a faryod ettilar.

Tohiri bechoraning ko‘nglini ovlab muncha xalq,
Jonlarin aylab fido, Tohirni xo‘b shod ettilar.

Olib kelturdilar Tohirni anda,
Bu sanduq ichra solib misli banda.

Ko‘tarib soldilar Tohirni suvg‘a,
Tavajjuh bo‘ldi Tohir zikri «hu»g‘a.

Ulug‘ daryo edi poyoni bo‘lmas,
G‘arib o‘lsa, aning tovoni bo‘lmas.

G‘arib o‘ldi, ko‘rung, Tohir na bo‘ldi,
Bu sanduq ichra tushti, tirik o‘ldi.

Na yerda ko‘rsangizkim, bir g‘aribdur,
Ki rangi za’faronday sarg‘aribdur.

G‘aribdur qul bu Sayyod benavongiz,
Bitibdur muncha so‘z muflis gadongiz.

Solib suvg‘a barisi bo‘ldi hayron,
Ulug‘-kichik barisi bo‘ldi gir’yon.

Na qilsun Zuhrajon, bechora bo‘ldi,
Kuyubon oh urub, parvona bo‘ldi.

Qizig‘a ko‘shk yasatib erdi sulton,
Necha ko‘rsang, baland erdi, parovon.

Bu Zuhra chiqdi ko‘shk ustita uldam,
Ki keldi jumla olamni tutub g‘am.

Qilur ko‘shk ustida Zuhra fig‘oni,
Go‘yoki chiqdi ul ruhi ravoni.

Bu ko‘shk oldinda girdob bor erdi,
Nakim tushsa, ani balig‘ yer erdi.

Ko‘rung sanduq bu girdob ichra tushti,
Oqib bordiyu ham ko‘shkka yetushdi.

Sazoe qildi Zuhra: —kuydi jonim,
Firoqing o‘tig‘a o‘rtandi jonim.

Qani bir dardi dil bo‘lg‘ay qarindosh,
Ki bo‘lg‘ay erdi yolg‘uzlikda yo‘ldosh.

Bu yolg‘uzlikda ey, holing na kechkay,
Bu daryo ichra ahvoling na kechkay.

* * *

Bu so‘zning ustida mavj urdi daryo,
Na qildi mavj urub, sanduqni ando.

Bu girdobdin chiqarib suv oquzdi,
Bu Zuhra yuragindin qon tomuzdi.

Bu sanduq turmadi, girdobdin o‘tdi,
Ki hechkim tutmadi, ul oqti, ketdi.

Qoshinda olti oylik ozuq erdi,
Vale suv jonibindin nozuk erdi.

Ki bu uch oy edi oqib kelurdi,
Ki hardam bahrai suvdin olurdi...

Suv ichra boradur, suvdin nasib yo‘q,
Bu dunyoda aningdek bir g‘arib yo‘q.

Kelur bo‘lsa, kelur Shomu Iroqdin,
Ketar bo‘lsa, ketar qoshu qaboqdin.

Bu so‘zlar ertadin qolg‘on masaldur,
Har ish avvalida sa’yu jadaldur...

Qilib band ichra Tohir sabr nochor,
Ki bir sang pora keldi, turdi nochor.

Ani daryo o‘kurub urdi toshg‘a,
Ki sanduq mixi bo‘ldi boshqa-boshqa.

Ki bu sanduq uza suv bo‘ldi paydo,
Yana sanduqini oquzdi daryo.

Yana birnecha muddat kecha-kunduz,
Ki bu sanduq ichinda yakka-yolg‘uz.

O‘shul manzilning oti shahri Bag‘dod,
Aningdek yo‘q edi hech shahr obod.

Bag‘dod shohining qizi Mohim tushida Tohirni ko‘rib, unga oshiq bo‘ladi. Mohim Bog‘i Eramdek bog‘da sayr etardi. Bog‘ qarshisidan daryo oqardi. Daryo yuzida sandiq ko‘rinadi.

Dedi Mohim: — Anga g‘avvos kirsun,
Ochib ko‘rmay, oni munda ketursun.

Yana bir qiz edi oti Jahongir,
Dedikim:—Man qilurman anga tadbir.

Aning sochi edi qirq gaz tamomi,
Ko‘rub hayron qoldurdi xos-omi:

Borib sochi bilan bog‘lab beliga,
Ki murg‘i ofarin kirdi qo‘lig‘a.

Ko‘rar tushinda ko‘rgan mohi paykar,
Yuzi bog‘ning guli, lablari shakkar.

Ko‘rub Moxim ani, bir oh urdi,
— Nega oh urdilar? — deb Shahri so‘rdi.

Dedi: — Shahriki, singlim, bexabarsan,
Maning ohimni san nega so‘rarsan.

Tushumda ko‘rganimni munda ko‘rdum,
Ki shaydo bo‘ldimu devona bo‘ldum.

Mohim va qizlar Tohirni hushiga keltirib, tanishadilar. Shoh o‘z qizi Mohimni Tohirga nikohlab beradi, lekin Tohir majburiy ravishda murosasozlik qilsa ham bu shoh qiziga ko‘ngul quymaydi. Zuhrani yodidan chiqarmaydi. Zuhra ham, ayriliq o‘tiga kuyub, har vaqt Tohirni eslaydi. Boboxon esa qizining ixtiyoriga qaramay, uni o‘z ukasining o‘g‘li Qora Bahodirga bermoqchi bo‘ladi.

Bu shohning bir emukdoshi bor erdi,
O‘shul qardoshining o‘g‘li bor erdi.

Der erdilar otin Qora Bahodur,
Urush bobida erdi xo‘b bahodur,

Ani charladiyu dedi so‘zini,
Bu shoh anga berur bo‘ldi qizini.

Ki shohning ko‘ngliga kelgan masalli,
Qizim ham shod bo‘lg‘ay deb, tasalli.

Xayol etdiki, Tohirni unutur,
Anga mashg‘ul bo‘lub, ko‘nglin suvutur.

O‘qudi fotiha domod qildi,
Bahodur ko‘nglini ham shod qildi,

Eshitti shum xabarni Zuhra xoni,
Badar qildi yig‘ilg‘an siymu zarni.

G‘ariblarg‘a berur sangporalarni,
Olur ko‘ngillarin bechoralarni.

Ki ya’ni bir necha dastgir bo‘lg‘ay,
Bu, Tohir jonig‘a tadbir bo‘lg‘ay.

Eshikdin qora cho‘mmoq ham kelibon,
Ketar erdi uzoqdin telmurubon.

Kelur erdi, anga boqmas edilar,
Agar so‘z so‘rsa, so‘z qotmas edilar.

Tutar erdi ko‘ngilda gina bis’yor,
Bu, Tohirdin eshitsa zarra axbor.

Borib, tutub aning boshini kessa,
Bu qizlar ko‘zicha oldig‘a eltsa.

Vale qizlar ani bilmas edilar,
Ki zarra ko‘zga hech ilmas edilar.

Bularning fikrina ham kecha-kunduz —
Chiqarurlar barisi ohi dilso‘z.

Yana Zuhra qilib nolonu gar’yon,
Tilinda Tohiri, ko‘nglinda hayron.

Zuhra Tohirdan darak topish uchun ishonchli bir kishini uzoq safarga ketayotgan karvonga qo‘shib yuboradi va qaerga bormasin ishq savdosida kuygan oshiq sifatida kuylab yurishni, shu yo‘l bilan Tohirni topish mumkinligini uqtiradi.

Bu so‘zlarni eshitib ersa qosid,
Ravon bo‘lg‘ay yo‘l uzra yakka Vohid.

Yurubon har shaharda soz etardi,
Ki zodi ishq, deb og‘oz etardi.

Ki nogoh, uchradi bu shahri Bag‘dod,
Bo‘lur g‘amgin kishilar anda dilshod.

Saylgoh erdi, shahlar sayr etardi,
Ki bu yo‘l saylgoh ichra o‘tardi.

Turub shahzodalar birla bu Tohir,
Nishoni otar erdi, ko‘rdi zohir.

Turub qichqurdi qosid — zodi ishq — deb,
G‘arib aftoda bo‘lg‘an zodi ishq — deb.

Tushubdur ishqg‘a, sarvu sumanman,
Xarobu xasta dilu mehribonman.

Maningdek bormakan koshonai ishq,
Maningdek bo‘lsa bir jononai ishq.

Maningdek bir musofir hech shaharda —
Ki bo‘lg‘aymu asir ul bahru barda.

Bu ishq yodini qosid qildi oxir,
Bu so‘zlarning barin angladi Tohir.

Dedi Tohir: —Ayo shahzodalar, siz —
Turubsiz, bir bo‘lak ozodalar siz.

Bering ruxsat, borib, holin so‘rayin,
Na bo‘lubdurki, ahvolin bilayin.

Qayu shahzodaning farzandi ekan,
Qayu mahporaning dilbandi ekan.

Kelib so‘rdiki:—Ey mardi dil orom.
Qayu mayxona ishqidin ichib jom.

Bo‘lubsan be[navo], yo‘qtur qaroring,
Aql bobinda zarra ixtiyoring?

Vujuding taxtida kim to‘r qurubdur?
O‘shul to‘r ichida kim o‘lturubdur?..

Bo‘lubman bu shaharda ishq asiri,
Ki yo‘qtur mandin o‘zga bir g‘aribi.

Ki hech g‘amxor bormukan g‘ariba,
Qayu yerdin sani tortib nasiba?

Dedi Tohirki: — Shahrim shahri Totor,
Ki jumla korvonlar andin o‘tar.

Ki shoyad tushsa yo‘ling ul yeriga,
Salom et bizdin ul Mohim pariga.

Musofir bir yigit Bag‘dodda sizga,
Ki ko‘p qulluq-salom yibordi sizga.

Sabab birlan tushubdur ul musofir,
Tilay deb sizdin ulkim makru tadbir.

Dengiz albatta bu so‘zlarni anga,
Tarahhum aylagay shoyadki manga.

Dedi qosidki: — Ey ishq mubtalosi,
Tushub boshig‘a g‘ariblik havosi.

Man aning qosidiman, yaxshi bilgil,
Ketar bo‘lsang, ketar fikrini qilg‘il.

Bu so‘zlarni eshitib, ersa Tohir,
Chiqardi yuragindin oh zohir.

Quchoqlashib ikovi yig‘ladilar,
Bu turg‘anlar yuratin dog‘ladilar...

Dedi sultong‘a Tohir arz bis’yor,
Bu ishning avvalidin qildi axbor.

Eshitti ersa ul arzini sulton,
Aning ko‘nglini ovlab, bo‘ldi xandon.

Dedi: — Na yerda san bo‘lsang tirik bo‘l,
Bo‘yun toblamag‘il, ketsang ana yo‘l.

Turarsan, diydamiz ustunda turg‘il,
Ketarsan, yana bir aylana kelgil.

Ki bo‘lsun jumla mushkuling kushodi,
Qilako‘r bizni ham, albatta, yode.

Bu so‘zlarni dediyu berdi bir xat,
Kelibdur emdi Tohirg‘a bu davlat.

Bag‘dodda Vohid Shahri nomli qizni sevib qoladi. Tohir boshliq to‘y-tamosho bilan Shahrini Vohidga beradilar. Vohid Bag‘dodda qoladi. Tohir xushlashib, uchqur ot bilan o‘z yurtiga qaytadi.

Keturub mindi Tohir yaxshi jonboz,
Uchar erdi yurusa misli shahboz.

Yurudi jahd ilan, haq dedi bis’yor,
Ko‘zinda yoshiyu ko‘nglida diydor.

Bor edi yo‘lida bir necha rahzan,
Odamxo‘r qirq qaroqchi erdi rahzan.

Borur erdi yo‘l uzra mastu, mag‘rur,
Ko‘ngilda ishq o‘ti, qo‘linda tanbur.

Nigori yodi birlan soz etardi,
O‘zining sozig‘a ovoz etardi.

Bu Tohirg‘a alar uchradi nogoh,
Tutub, band etdilar Tohirni nogoh.

Dedi Tohir alarg‘a arzi holin,
O‘zini ham, yana Zuhra nigorin.

Bular ham bildilar oshiq ekandur,
Bu Tohir Zuhraga loyiq ekandur.

Dedilar oshiqona bir g‘azal yod,
Eshitibon sani aylali ozod.

Oshiqam, ey do‘stlar, jonimg‘a jonon istaram
Bu havo gullarni naylay, o‘zga bo‘ston istaram.

Lablari obihayotdir tashna lab bechorag‘a
Davlatingda man yana bir obi hayvon istaram.

Yorsiz jannatg‘a borsam, zulmati hijron o‘lur.
Nolau afg‘on etib, bir mohi tobon istaram.

Dardi bedarmong‘a qoldim, yo‘q tabibi hoziqim,
Maqdaminga bosh qo‘yub, dardimga darmon istaram.

Qul Sayyodiy oshiq ersang, istama ozodliq,
Man o‘zumni xok etib, dardimga darmon istaram.

Qaroqchilar Tohirga zarar yetkazmay qo‘yib yuboradilar. Tohir yo‘lda borar ekan qarshisidan bir to‘da «ota bezor, ona bezor» sipohi chiqib, yo‘lini to‘sadi. Tohir bularga ham sof vijdonli g‘arib oshiq ekanini aytib, zararsiz qutuladi. Tohir Zuhraning ishtiyoqida oshiqib borar ekan, qarshisidan buyuk bir tog‘ chiqib, o‘tkali yo‘l bermaydi.

Ki bu yo‘l tog‘ orasidin o‘tardi,
Nakim, karvon kelib, o‘tib ketardi.

Bu tohir keldi yo‘l boshig‘a o‘tkay,
Ki bu tog‘din o‘tub, manzilga yetkay.

Dedi Tohir: «Darig‘o, qismatim yo‘l,
Ki bu tog‘ ichra naylay, hasratim yo‘l.

Ko‘rung, tog‘ berkilib, bo‘ldi giriftor,
Yurur yo‘li yo‘q erdi, qoldi nochor.

Ki bu tog‘ ichra o‘lsam, bir g‘aribman,
Qizil gul bargi erdim, sarg‘aribman.

G‘arib o‘lsa, kishi bo‘lmas qoshinda,
G‘arib o‘lsa, g‘arib yig‘lar boshinda.

Bu Tohir tog‘ning sha’niga ab’yot —
O‘qub, yig‘lar bu yolg‘uzlikda — Farhod.

Ki yig‘lab dedikim: —Ey sangi xoro,
Na qildim man sanga miskin gadoyo?!

G‘ariblarg‘a rahm qilmadi dog‘lar,
G‘ariblikda g‘arib yo‘lini bog‘lar.

Bu dunyoda na mushkuldur g‘ariblik,
Ajoyib turfa bedildur g‘ariblik.

Agarchi o‘z yerinda shoh bo‘lsa,
Musofir bo‘lsa, bir quldur g‘ariblik.

G‘arib[ni] ko‘rsangiz hech qilmang ozor,
Eram bog‘inda bulbuldur g‘ariblik.

G‘arib ko‘nglini sindurmoq yomondur,
Shikasta notavon quldur g‘ariblik.

Sayyodiy el orasinda g‘aribdur,
G‘aribi xoksor quldur g‘ariblik.

Tohir xudoga munojot aytadi. Tog‘ ayrilib, yo‘l beradi.

Yana yo‘lg‘a kirib andog‘ yurardi,
Tevani yo‘l bilan tez-tez surardi. ..

Qo‘rundi shahri Totorning qarosi,
Hayal etmakka yo‘qtur mojarosi.

Vale ham saqlamaydur ko‘zda yoshin,
Yetib yo‘l ustida tevani boshin...

Borib ko‘shk ostida tevasi cho‘kti,
Tushub, teva yuzidin siypab o‘pti...

G‘AZALI MIRZO TOHIR

So‘zni bilib so‘zlaganlar xo‘b bilur so‘z qadrini,
Farqi yo‘q ko‘p so‘zlaganlar ne bilur o‘z qadrini.

Bog‘u bo‘ston qadrini bilsaki har zog‘u zag‘an,
Bulbuli shaydo bilur gulzoru gulrez qadrini.

Har kiming boshig‘a tushmay bilmas ul g‘am lazzatin,
Kim g‘aribdur, ul bilur bir ohi dilso‘z qadrini.

Yor ila yurding Sayyodiy, bilmading el qadrini,
Oqilu dono bilur ham yor, ham el qadrini.

Zuhra Tohirni o‘z haramida yashirin saqlaydi. Uni kunduzi sandiqqa yashirib, kechalarigina suhbatlashadi. Bir makkor kampir bundan voqif bo‘lib qoladi. Endi sirni saqlash mumkin bo‘lmay qolganini bilgan Zuhra, fursatni g‘animat bilib, Tohir bilan ochiqdan-ochiq suhbat va bazm uyushtiradi.

Bu so‘zning ustida enaga keldi,
Bu so‘zning ma’nisin angladi, bildi.

Dedi: — Ey piyra zol, qavli badkor,
Ko‘rub Tohirni ul bo‘lubdur ag‘‘yor.

Nachuk bo‘lur bular tadbiri emdi,
Kelur bu piyra zan taqsiri emdi.

Dedi Zuhra enagagaki:— e yor,
Borib ham kelturing Tohirni tayyor.

Ki birdam o‘lturali yaxshi xilvat,
O‘tub ishrat, kelur bo‘lg‘ay maishat.

Enaga charladiyu keldi Tohir,
Bu o‘tkan mushkul ishni qildi zohir.

Ki oxir chorladi uy qizlarini,
Bari xizmatdaki qirqinlarini.

Barisi ko‘rdi Tohirning yuzini,
Bari bir yerda qo‘ydilar so‘zini.

O‘lum kelguncha bir ishrat qiloli,
Manga qismat bo‘lur, so‘ngra ko‘roli.

Dedi Zuhraki:—Avval ishratimdur,
Maning oldimda o‘lsa, davlatimdur.

Agar o‘lsak, ki mardona o‘loli,
Bir-ikki kunga mastona yuroli.

Ki charlatib bari sozandalarni,
G‘azal qichqurg‘uchi ozodalarni,

Urub ko‘shk ustida ming shodiyona,
Baland qoqturdilar ming shodiyona.

Bari sozanda turub soz qildi,
G‘azalxonlar anga og‘oz qildi.

Bularniig zavqini ul shoh eshitti
Alarning ishratig‘a shukr etti.

Dedi: — Tohirni savdosin unutti,
Qizim mihrin bu Tohirdin suvutdi.

O‘zi ham charlatibon o‘n kun to‘y,
Ki so‘ydurdi yuz otu yuz gala qo‘y.

Xaloyiqni ajoyib qildi ma’mur,
Naqora chaldurub surnoyu tanbur.

Xabari yo‘q alarning ham bularning
Bularning ham xabari yo‘q, alarning.

Bu sulton bilmadi qizini makrin,
Bu qizlar bilmadi sultonni dardin.

Bu makru hiyla birlan to‘y bo‘ldi,
Nikoh etmakka guftugo‘y bo‘ldi.

Bu xon etdi nikoh Qora otig‘a,
Shukur qildi: «Qo‘shuldi o‘z zotig‘a».

Bu qiz etdi nikoh Tohir otig‘a,
Quloq soling xudoning san’atig‘a.

Necha kun ushbu davron birla o‘tdi,
Xaloyiq bildiyu sulton eshitti.

Hukm qildiki sulton:— anglangizlar,
Agar bir tutsangizlar, bog‘langizlar.

Judo uchrasa, munda kelturunglar,
Vagar bo‘lsa, tutub ham o‘lturunglar...

Keturub oshiqi bechoralarni,
Tutub band etdilar ovoralarni.

Faqir Tohirni aylab bandi mazbut,
Bu Tohirdin ketibdur emdi behbud.

Ikisini tutubon, xonlarig‘a,
Olib bordilar ul sultonlarig‘a.

Boradurlar raqiblar shodu xurram,
Vale bu ikkisinda yuz tuman g‘am...

Buyurdi Tohiri jallodlarig‘a,
Ko‘lunda xanjari fo‘lodlarig‘a.

Olib chiqdilar ul maydon yuziga,
Jahon to‘ldi xaloyiqning ko‘ziga.

Dedi Tohirki: — Ey barcha xaloyiq,
Tavaqquf aylangiz barhaqqi roziq.

Qiloyin yorima birnecha guftor,
Ul erdi bu g‘arib jonimg‘a g‘amxor.

Qadimdin bor edi bir ahdu paymon,
Keturdi ul mani ahd ila qaydan.

Bu so‘z ustiga nogoh Zuhra keldi,
Bir ohi hajr ila bag‘rini tildi.

Dedi: — Bo‘lsun muborak ushbu maydon,
Ki man ham qilg‘um ahd ustiida javlon.

Bu maydon ichra kirding, shoshma jonim,
Sanga arzim budur ey mehribonim.

Ayo do‘stum, bukun mardona bo‘lg‘il,
So‘zungdin tonmag‘il, sherona bo‘lg‘il...

Dedi Tohir eshitib: — Ey vafodor,
Xush emdi mehribon, ey yori g‘amxor.

Manga o‘lguncha san g‘amxorlik qil,
Man o‘lsam, marduma g‘amxorlik qil.

Mani bir manzila dafni qilursan,
Ki so‘ngra maslahatingni bilursan.

Samandar kuymayon maqsudga yetmas,
Qalandar o‘lmayon mahbubg‘a yetmas.

Kuyarman ushbu kun parvonalardek,
O‘larman ham yana devonalardek.

G‘aribing ruhiga takbir qilg‘il,
G‘aribing qabrig‘a shabgir qilg‘il.

Raqiblar jabridin qildim vidoi,
Ki sandin o‘zga manga barcha yog‘i.

O‘qub maydonda qichqurub urar oh,
Aning holig‘a yig‘lar g‘ayri ul shoh.

— Ey Nigorim qolmadi bu tanda darmon, alvido’,
Bo‘ldi yori yordin qilmoqg‘a farmon alvido’.

Man bukun qildim safar shahri xomush ichrakim,
San qolib topqung hayoti jovidon jon, alvido’.

Man qachon ayrilg‘ay erdim, javri sulton bo‘lmasa,
To azal mundog‘ bo‘lubdur, javri sulton alvido’.

Qahr aylab zuljalol etdi ikimizni judo,
Emdi bo‘lmas dardimiz, dardimga darmon alvido’.

Bu maydon ichra tushdim yakka-yolg‘uz,
Muborakdur manga bu iydi navruz.

Ayo beglar bag‘ishladim jonimni,
Bu maydon ichra oquzung qonimni.

Bu so‘zdin o‘zga so‘zni ul demadi,
Ulardin o‘zga qayg‘u hech yemadi...

Dedi Zuhra: — Ayo ey, notavonim,
Tasadduq ayladim man tanda jonim.

Manga yo‘qtur bu jondin zarra qayg‘u,
Bo‘lub dunyo manga sansiz qorong‘u.

Ki sandin so‘ng na kun ko‘rgum, ey jon,
Saning yo‘lingda bu jonimdu qurbon.

Mazoring oldida tuzay mazore,
Qilay qonim bila man lolazore.

Saning qabring boshinda turbatimni,
Tuzayin barcha ko‘rsun ziynatimni.

Tirikligim qurutub, xok etarman,
Ki xanjar birla ko‘ksum chok etarman...

Qilib uch kunki duchor bir-biriga,
Ki ruxsat berdilar jallodlarig‘a.

Kesib ul yerda Tohirning boshini,
Bari xalq ko‘zidan to‘kdi yoshini.

Zuhra Tohirning jasadini qirqin qizlariga ko‘tartirib, motam bilan o‘z haramig‘a olib boradi. Janozaga qirq ming odam yig‘iladi. Hofizlar turluk ohanglarda o‘qib, maytni katta tantana bilan ko‘madilar. Zuhra egniga «qora kurta» kiyib, motam tutardi, ko‘z yoshlarini to‘kib, Tohirning qabrini ziyorat qilardi. Shu vaqt Qora Bahodir yana Zuhraning huzuriga kelib, Tohirni unutishni va o‘ziga tegishini yana taklif qiladi. Zuhra bu balodan qutulish uchun yolg‘ondan to‘yga rozilik bildiradi va Qora Bahodirni to‘y tadorikini ko‘rish uchun jo‘natib o‘zi Tohirning qabrig‘a qarab yuguradi.

Yugurib yetti ul qabrning boshig‘a,
Xabar bo‘lmadi yori-yo‘ldoshig‘a.

Ki bir xanjari bor erdi belig‘a,
Sug‘urdi xanjarin, oldi qo‘lig‘a.

Qo‘yub xanjarni ham ko‘ksiga uldam,
Ani tutg‘oni yo‘q qoshig‘a hamdam.

Ishorat qildi uldamda o‘ziga,
Ko‘runmay ota-onasi ko‘ziga.

Yurakin qabra qo‘ydi, urdi bir oh,
«Murodim bul edi, yetkurdi olloh»

Kalima aytdi Zuhra, bo‘ldi oxir,
Vale, o‘lmakdin o‘zga yo‘qtu tadbir.

Pichoq o‘ynab chiqibon bog‘irindin,
Bo‘yoldi kulli shay qizil qonidin,

Ki soni bo‘ldi bu qizlar xabardor,
Bari motamda bo‘ldi zori afgor.

Zuhrani Tohirning qabri yoniga dafn etadilar. Zuhraning vafotidan keyin Qora Bahodir ham o‘zini o‘zi o‘ldiradi. Buning ota-onasi o‘g‘lini Tohir bilan Zuhra kabrlarining oralig‘iga ko‘madi.

O‘ngunda Zuhrau so‘ngunda Tohir,
Ikov o‘rtasida Qora Bahodur.

Yana tushdi arog‘a anda ag‘‘yor,
Yana bo‘ldi biri birisiga zor.

Biri gul bo‘ldi, biri navbahori,
Ikisi chirmashubdur, turfa holi.

Vale Qora Bahodur ham ko‘korib —
Chiqibdur, ikkisin orada yorib.

Ko‘koribdur ajib turfa tikoni,
Ki ma’lum bo‘ldi ul ag‘‘yor ekoni.

BAYTLAR

O’shal farzand birla shod bo‘lg‘ay, 
Bori qayg‘usidin ozod bo‘lg‘ay.

* * *

Ko‘ngul sevganlariga lutf etgay, 
Sevmaganlar jahannamga ketgay.

* * *

Oshiq ersang, kech bu shondin, alvido, 
Jonu dildin, xonu mondin, alvido.

* * *

Agar bo‘lsang visolin gadoyi, 
Muyassar bo‘lsa, bo‘lmag‘il judoyi.

* * *

Bu ishq savdosining poyoni bo‘lmas, 
Agar oshiq o‘lar, tovoni bo‘lmas.

* * *

Kecha-kunduz tilaydurman xudoyimdan saodatni, 
Ki daf aylab tama’ utin o‘zi bergay qanoatni.

* * *

Obu otashu bodu tok bo‘ldi, 
Har kim tanida chu pok bo‘ldi.

* * *

G’animat tutmadi g‘ofil, chu o‘tkardi hayotini, 
Vale qilmadiki joniga bir zarra najotini. 
Ki yig‘di bu jahonning muncha asbob-olotini, 
Bu moldin zarra xayr aylab, chu bermadi zakotini, 
Sayyodiykim, bu ishlarni suvi yo‘q anhore kurdim.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.