OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shoh G‘arib Mirzo (XV asr)

Shoh G‘arib Mirzo(taxallusi G‘aribiy) (15-asr 2-yarmi, Hirot) — shoir, temuriy shahzodalardan biri. Husayn Boyqaroningo‘g‘li. Zamondoshlari tomonidan o‘z davrining nodir iste’dodli shoiri sifatida e’tirof etilgan. Navoiy «Farhod va Shirin» dostonida Shoh G‘arib Mirzoga alohida bob ajratib, unga ko‘pgina yaxshi nasihatlar qilgan. Keyinchalik vafot etganda ham, uning vafotiga ulug‘ shoir marsiya bag‘ishlagan.

Shoh G‘arib Mirzo o‘zbek va fors tillarida ijod qilgan. Uning forscha va o‘zbekcha she’rlaridan iborat devonining qo‘lyozma nusxasi Gamburg milliy kutubxonasida saqlanadi (inv. №15). Unda Shoh G‘arib Mirzoning forscha 37 g‘azal, 1 qit’a va 1 muxammasi (umumiy hajmi 557 misra) va o‘zbekcha 76 g‘azal va 4 muxammasi (umumiy hajmi 1210 misra) o‘rin olgan.

Uning lirik she’rlarida ishq, vasl, hijron, sog‘inch, vafo, jafo, sadoqat, may va bulardan hosil bo‘ladigan kayfiyatlar, ya’ni quvonch, qayg‘u, saodat, hasrat, ma’shuqaning go‘zalligini ta’riflash kabi mavzular yetakchi o‘rinni egallaydi. U g‘azalnavis bo‘lib, uning ijodida 5 muxammas va 1 qit’adan tashqari, barcha asari g‘azal janrida yozilgan.

Ijodida badiiylik, yangilik, o‘ziga xoslik kuchli. O‘zbekcha va forschashe’rlari nihoyatdaravon til, go‘zaluslubda yaratilgan.G‘azallarida mavzuva holatni saqlashga uringan.She’rlarida xalqning, xususan,Hirot aholisining urf-odatlari,an’analari, tushunchalari, kiyinishlari, turmush tarzi, hattosport o‘yinlari ham o‘z aksini topgan. Shuningdek, xalq og‘zaki ijodi ham uning she’rlariga, ijodiga muayyan ta’sir o‘tkazgan.

Ijodiga fors va o‘zbek she’riyatining mumtoz namoyandalari, ayniqsa, Husayniy, Navoiy va Jomiyning ta’siri sezilarli. She’r musiqiyligini oshirish uchun musiqali so‘zlarni tanlash, so‘zlarni takrorlash, bir joydan chiqadigan undosh harflarni yonmayon keltirish, har bayt yo har misrani bir so‘z bilan boshlash kabi usullardan foydalangan. (Shafiqa Yorqin, Otabek Jo‘raboyev)

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.