OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

So'fi Olloyor (1644-1724)

So‘fi Olloyor (1644, Kattaqo‘rg‘on bekligi Minglar qishlog‘i — 1724, Denov) — tariqat arbobi va mutasavvuf shoir. Shayxlar maktabi va Buxorodagi jo‘ybor shayxlari dargohida ta’lim olgan. O‘z davrining barcha asosiy ilmlarini egallagan, arab va fors tillarini o‘rgangan. Buxoro xoni Abdulazizxon tomonidan boj mahkamasiga to‘ra etib tayinlangan. Darveshona fe’l, shoirona ko‘ngil sohibi bo‘lgan So‘fi Olloyor bu lavozimdan tezda iste’fo berib, o‘z davrining mashhur shayxi Navro‘zga shogird tushgan, tarikat talablarini bajarib, shayxlik martabasiga ko‘tarilgan, valiulloh (karomat sohibi) bo‘lib yetishgan. 
Turkiy va forsiy tillarida ijod qilgan So‘fi Olloyor ijodining asosiy yo‘nalishi islom ma’rifatini keng xalq orasiga yoyish va tasavvufning insoniy kamolot bilan bog‘liq g‘oyalarini targ‘ibtashviq qilishdan iborat. U «Maslak ul-muttaqin» («Taqvodorlar maslagi»), «Murod ul-orifin» («Oriflar murodi»), «Mahzan ul-mute’in» («Itoatkorlar xazinasi») asarlarini forsiy, «Sabot ul-ojizin» («Ojizlar saboti»), «Favz un-najot» («Najot tantanasi») masnaviylarini turkiy tilda yaratgan. Forsiy va turkiyda bitilgan boshqa she’rlari ham mavjud. «Mevalar munozarasi» nomli manzuma xam unga nisbat beriladi.
So‘fi Olloyorning shoh asari «Maslak ul-muttaqin» bo‘lib, 12 ming bayt, 135 ta katta-kichik bobdan iborat. Ilohiy ma’rifatning badiiy talqiniga bag‘ishlangan bu asar el orasida shuhrat tutganidan so‘ng do‘stu yaqinlari undan turkiy tilda ham shunday bir kitob yozishni iltimos qiladilar. Bunga javoban u «Maslak ul-muttaqin»ni birmuncha qisqartirib, o‘zbek tilida nazmda bitgan va unga «Sabot ul-ojizin» deb nom bergan. O‘zbek falsafiy didaktik adabiyotining yetuk namunasi bo‘lmish ushbu asarda tasavvuf ta’limotining ma’naviy-axloqiy masalalarini keng yoritish bilan u turkiy tasavvuf adabiyoti rivojiga katga hissa qo‘shgan.
Asarlarida islom ahkomlari, tariqat talablari, insoniy komillik shartlarini birma-bir ta’riflab bergan. Axloqiy-ta’limiy ahamiyati jihatidan, xususan, «Maslak ul-muttaqin» va «Sabot ul-ojizin» asarlari maktab va madrasalarda asosiy darsliklar qatorida o‘qitilib kelgan. Uning diniy-tasavvufiy ruhdagi pandu hikmatga yo‘g‘rilgan asarlari nafaqat Turkiston, balki Qashqardan tortib Etel (Volga), Yoyiq (Ural) daryolari vohalari, Hojitarxon (Astraxan), Bulg‘or, Orenburg va boshqa mintaqalarda yashovchi xalqlar orasida ham keng tarqalgan. Ular ko‘p nusxalarda ko‘chirilgan. 19-asrning oxirlariga kelib esa Toshkent, Qozon, Boku, Istanbul va boshqa shaharlarda toshbosma yo‘li bilan bir necha marta bosilib chiqqan.
So‘fi Olloyor asarlari ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilingan, ularga bag‘ishlab sharhlar yozilgan, lug‘atlar tuzilib, u qo‘llagan tasavvufiy istiloh-timsollar keng sharhlangan.

Ergash Ochilov

* * *

Dil - g'amin, xotir - xazin, tole' - qaro, peshona - sho'r,
Qo'l - qurug', matlab - uzoq, dushman - yaqin, jonona - dur*.

Yor - tolib, ishqi - g'olib, xasb - mone', sabr - oz,
Dahr - purkulfat, jafo - ko'b, lutf - kam, rahmat - vo'fur.

Zod - aqal, sensiz - kasal, hajmi havo - tavli amal,
Yuz - taaluq, ming - ilal, g'am - benihoyat, g'ussa - zo'r.

Ich - tugun, holat - zabun, hosil - havas, savdo - jabun,
Yo'l uzun, a'do - fuzun, etmak - gumon, ketmak - zarur.

Umr - gustu pesha sust,xavf - Hotam, g'am - no'xust,
El - kuchuk, yuk - nodurust, vodiy - xatar, az man futur.

Fe'l - chab, g'aflat - ajab, g'ussa - maishat, g'am - tarab,
Til - suchuk, sar - munqalib, zohir - vara', botin - fujur.

Chashm - tar, ruxsora - zar, xuni jigar - ohi sahar,
Kosh, bul fan birla, Olloyor muztar bo'lsa ko'r.

* * *

Jon agar hamsuhbati tandur, jahonda g'am yema,
Bul aziz mehmon borinda g'ussai olam yema.

Bir qarishlik yo'lga kirsang, qo'yma beyo'ldosh qadam,
Bir maviz ollingda hozir bo'lsa, behamdam yema,

Ikki kunlik lazzati dunyoyi bepoyon uchun
Fikr etib g'am tu'masini, ey bani Odam, yema,

Tangdast o'ldum deb, Olloyor, ko'b fikr etmag'il,
Yuz nadomat birla olamdin ketarsan, g'am yema.

* * *

Ey, xush ul umreki, o'tsa bir necha shaydo bilan,
Tanlari xalq ichra bo'lsa, dillari mavlo bilan.

Bag'ri biyron, ko'zlari giryon yoronlarni qo'yub,
Hayf o'shal umreki, o'tsa biznidek rasvo bilan.

Jon fidoyi ul birodarkim, bu dunyo mulkidin
Ko'rmasa bir pul yuzini, o'tsa istig'no bilan.

Ajdaho birlan to'qush qilg'on kishini er demang,
Er o'shal erdurki, tursa bandalik tamg'o bilan.

Toki, Olloyor, istarsan tiriklik izzatin,
Qoch o'shal tandinki, fikri bo'lmasa tanglo bilan.

* * *

Hojatim uldur, xudoyo, po ishim bosh aylasang,
Munda tavfiq, onda imonimni yo'ldosh aylasang.

Ilkima bersang asoyi himmat, og'zima sano,
Ko'ngluma ishq otashin solsang, ko'zum yosh aylasang.

Bor umidim: gardi isyonimni yuvg'ay obi afv,
Varna yo'qdur chorasi qora tosh aylasang.

Chehrai jurmimni yopg'il pardai ismat bilan,
Onda mushkuldur gunohim xalq aro fosh aylasang.

Garchi Olloyor erur noqobilu nomustaqim,
Lutf etib bir murshidi komilg'a yo'ldosh aylasang.


* * *

Teshti ko'ksum, ezdi bag'rim dog'i hijronim mani,
Bu olamda muncha g'amda chiqmagan jonim mani.

Dilda sabrim, yuzda sharmim, boshda hushim qolmadi,
Ko'zda yoshim, rangda qonim, tanda darmonim mani.

Dardga to'lsam, g'amda so'lsam, telba bo'lsam ishqida,
Hasratida mundog' o'lsam, yo'qdur armonim mani.

Holatim bad, hasratim behad, fig'onim be'adad,
Qil madad mandek yiqilg'on qulga sultonim mani.

G'ussai dil, qissai mushkulg'a qoldim oyu yil,
Obu gil ichra xijil qolg'on tanu jonim mani.

Aytur Olloyor yig'lab zori haf laylu nahor,
Tiyri ishqi yor to'ksa koshki qonim mani.

MUNOJOT

Xoliqo!
Qoyilman o'z nuqsonima,
Ko'b jafo qildim o'zumni jonima.
Zoti pokingdan inoyat bo'lmasa,
Hech ishonchim yo'q amal qilg'onima.

Xoliqo!
Qildim faoli kundani,
Qilmog'il rasvo mani - sharmandani.
Sen agar rahmat niqobin yopmasang
Aybi ko'b,nuqsoni ko'bdur bandani.

Xoliqo!
To'ktum ibodat tosini,
San tuzarsan bandani kam-ko'sini.
Qo'llaring bulg'onsa isyon loyig'a
Oqizursan mag'firat daryosini.

Xoliqo!
Qildim gunohi beadad,
Jon berar holatda san bergil madad.
Nafsi shayton ilkidin qutqormasang,
Bo'ldi mushkul holimizg'a,yo ahad!

Xoliqo!
Yo avvalo,yo oxiro,
Nafsi shayton jonima bo'ldi balo.
Garchi Olloyor O'tarchidur yomon,
Qo'ymog'il dushman qo'lida mubtalo.

Xoliqo!
Tutdim farog'at xobini,
Istadim doyim jahon asbobini.
Garchi Olloyor erur g'arqi gunoh,
Och ango o'lganda rahmat bobini.

Xoliqo!
Umr ayladim foniy bilan,
Endi bandang zor yilor joni bilan.
Garchi Olloyor erur zoru zabun,
Jonin ol niri imoni bilan.

Xoliqo!
Poishlarim bosh aylasang,
Xirmani rahmat mango chosh aylasang.
Munda tavfiqim,chirog'im qo'lga ber,
Onda imonimni yo'ldosh aylasang.

Xoliqo!
Afv ayla o'tgan yoshima,
Yaxshi qullarni ato qil qoshima.
Go'r ichinda kelsa ikki so'rg'uvchi
Onda sen rahm ayla yolg'uz boshima.

Xoliqo!
Diydamg'a ashki zori ber,
Ko'ngluma doim muhabbat yori ber,
Obi kavsardin mani serob etib,
Ham mang'a ko'pruk o'tarda yori* ber.

Xoliqo! 
Lutf et gadoyi zoring'a,
Bandadurman,zorman har bir koring'a.
Mag'firat daryosig'a g'arqob etib,
Ko'zlarim shoyasta qil diydoring'a.

Xoliqo!
Tuz aylagaysan rohimiz,
Mustajob etgil duoi ohimiz.
Tongla hayron bo'lsa xalq o'z holig'a,
Mustafoni qil shifoatxohimiz.

TO'RTLIK

Odamiyning qadri yo'q bir yerda yurganda omon,
Qadr o'tar ammo judolig' bo'lsa sandin begumon.
Garchi Olloyor O'tarchidur, erur ul ham yamon,
Oning ham qadri o'tar bir nechag'a o'lgan zamon.

* * *

Kimdin suchuk til ila shoyista ho‘ chiqar
Budur eshitmishamki, nigudin nigu chiqar.

Aytur xirad qulog‘ina boturda oftob
Kim borsa pastlik ila tongla ulu chiqar.

Har kimni bo‘lsa niyati ehsonda non kibi
Kim solsalar tanur ichiga surx ru chiqar.

Bir hola turmagan kishi telpak nig‘u kiyar
Bir yerga yetmagan so‘z og‘izdin nig‘u chiqar.

Navmid o‘lurmu bandaki, rahmat otasidin
Hardam nidoyi oyati lo taqnatu chiqar,

Olloqulining o‘g‘lidin aylar taajjub el
Kim o‘zbek o‘g‘li tab’idin bu rangu bu chiqar.


“SABOTUL OJIZIN”DAN

«Sano lil xoliqi g‘abrovu aflok»,
Yaratdi qatraedin gavhari pok.

Samovot uyini tutdi muallaq,
Jahona hukmini ko‘rsatdi mutlaq.

Qilib g‘abro madorin zimmai hut,
Bani Odamg‘a andin qism etar qut.

Padid etdi jahon ichra favosil,
Qilur har fasl turluk nash’a hosil.

Ajab sun’u, ajab ahkomi taqdir,
Qilur bir qursdin olam ko‘zin ser.

Iroda qilsa ul Hayyu tavono,
Qilur bir lahzada bilmasni dono.

Safiy tufrog‘in etgach, jon ila jism,
Nechuk ki ayladi donoyi har ism.

Xalos etsa birovni Rabbud —aflok,
Qolur tog‘ ostida, andin chiqar pok.

Nechukki tutdi to‘fon dashtu tog‘i,
Va lekin bo‘lmadi ho‘l Nuh oyog‘i.

Xalilluloh uchun yondirdilar nor,
Qadam qo‘ymay o‘shal o‘t bo‘ldi gulzor.

G‘azab yel odilarni qildi nobud,
Edi ul yel nasiymi tobei Hud.

Baliq qornida bir sohib karomat,
Chila o‘ltirdi —yu, chiqti salomat.

Agar amr etsa kimni Foriqul —farq,
Kelur bir lahzada g‘arb ustidin sharq.

Nechukkim do‘stini Sultoni kavnayn,
Yeturdi soateda qoba qavsayn.

Agar har kimga bersa izzu imdod,
Kelur xizmatga jinnu odamizod.

Sulaymonkim egurdi insu jindin,
Aning farmoni erdi bir nigindin.

G‘araz qudrat namolig‘ ayladi fosh,
Va gar na qadri erdi bir diram tosh.

Kalim ilgidagi qutlug‘ asoe,
Gahe ko‘fruk edi, gah ajdahoe.

G‘araz qudratnamolig‘ erdi, ey do‘st,
Va gar na erdi bir qad cho‘bi bepo‘st.

Agar amr aylasa, kavnayn barpoy,
Bo‘lur bir pistaning po‘chog‘ina joy.

Dedilar, hazrati Ruhul — aminni,
Qanot yozsa, tutar ro‘yi zaminni.

Aningdek Jabroile sidra parvoz,
Muhammad yengida aytur edi roz.

Agar qilsa birovning haqlig‘in fosh,
Shahodat bergusi gahvorada yosh.

Aziz etsa qayu qulni o‘shal shoh,
Agar choh ostida qolsa topar joh.

Sulaymon xizmatida qildi parvoz,
Hisobin bilmagan shoxinu shaxboz.

Vale bir mushtipar hudhud edi payk,
Dedi sultonig‘a: «Oriyu labbayk».

Madad qilsa Xudoe olamoroy,
Habib etsa ishorat, ayrilur oy.

Kishining ro‘zisin gar qilmasa kam,
Yetar har yerda mehnat qilmasa ham.

Kalimin chehrasin qilmas uchun zard,
Chiqordi lahzada Nil ostidin gard.

Nechukkim hazrati Solih uchun fosh,
Bolalig‘ teva tug‘di hukmidin tosh.

Yubordi ro‘ze Maryama malakdin,
Masiyha moida tushdi falakdin.

Azalda har kishini aylasa sa’d,
Xalil o‘g‘lidek etsa sodiqul—va’d.

Agar zabh etsalar, qaytarmag‘ay qosh,
Ko‘runmas bosh aning oldida bir mosh.

Kima bersa jaholat xamridin jom,
Behisht oldig‘a kelsa, bosmag‘ay gom.

Yetar rahmat suvi ko‘k kavkabina,
Yetushmas qatrae gumroh labina.

Ko‘rung Bu Tolib ila Bu Lahabni,
Ulug‘ daryo labinda xushk labni.

Agarchi o‘t bila suvda bo‘lur farq,
Chiqordi suv makonidin nechuk barq?

Agar chandiki sham’ o‘tdin bo‘lur jam’,
Qaro suvdin qilur ko‘z nuridek sham’.

Qayu bir qudratin qilmoq kerak yod,
Erur qosir uquli odamizod.


HAZRAT RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAM SIFATLARINING BAYONI

Durudi beadad hodiyi ding‘a,
Rasuli «rahmatan lilolamin»g‘a.

Xudoning do‘sti muxtorul—qurayshi,
Mudom ummat uchun talx erdi ayshi.

Emas mavjud aningdek gavhari pok,
Dalil uldurki kiydi toji «lavlok».

O‘shal shohanshahikim sham’i dindur,
Aning parvonasi Ruhul—Amindur.

Dedi Ma’bud aning otin «Muhammad»
Maqomatig‘a hargiz yetmadi had.

Tushurmay yer yuziga soyasini,
Yeturdi Arsh uyiga poyasini.

Qadam bosqon manozil erdi pur atr,
Sahobul—abyaz erdi boshida chatr.

Jamoli ne’mati matlubi kavnayn,
Kamolidin muyassar «qoba qavsayn».

Sharofat mundin o‘tmas — sunnatu farz
Yurusa to xuruji Dobbatul —arz.

Hama dindin bo‘lubdur dini bolo,
Guvohi hazraty Vojib Taolo.

Aning avsofini yo‘q intihosi,
Nag‘u, yetmas desa vasfin Xudosi.

Xudoning rahmati bo‘lsun damodam
Aning avlodig‘a, ashobig‘a ham.


KITOB TA’LIFINING SABABI BAYONI

Yozildi forsiy til birla maktub,
Aqiydotu furu’ qurbi mahbub.

Anikim ko‘rdilar turkiy yoronlar,
Dedilar: «Gar duo qilsa eranlar.

Bitilsa turki til birla aqiyda,
Ko‘ngullar bo‘lsa andin oramiyda».

Tamalluq qildilar chun bir necha yor,
Qalam tortay, Xudo bo‘lsun madadkor.

Va lekin aylayin so‘zlarni ijmol,
Manga yo‘qtur mufassal qilg‘ali hol.

Mane bechora, chunki omidurman,
Giriftori malomat domidurman.

Erurman bandalarning sarniguni,
To‘lay yoru birodarlar zabuni.

Agar chandiki bo‘lsam mag‘zi yo‘q po‘st,
Ishorat qildilar, chun bir necha do‘st.

Alarning so‘zlarin buzmay mane zor,
Savod ettim necha manzuma nochor.

Aqiyda so‘zlarini qildim isbot,
Anga qo‘ydim «Sabotul—ojizin» ot.

O‘zimdek xastalar bo‘lg‘aymu deb shod,
Nasoyihdin ham andak ayladim yod.

Nasihat tinglamas dil saxti mahjub,
Ko‘karmas tosha yomg‘ur yog‘sa ham ko‘sh


ALLOH TAOLONI TANIMOQ BAYONI

Nedur qulluq ani mushtoqi bo‘lmoq,
O‘zidin foni Haqg‘a boqi bo‘lmoq.

Tonimoq Tangrini tonmoq havodin,
Keyin turmoq fioli noravodin.

Bo‘yinsunmoq, yugurmoq «qil!» demishda,
Qazog‘a rozi bo‘lmoq barcha ishda.

Umid etmak o‘shal qudratli Shohdin,
Yonardin xavf etib, yonmoq gunohdin.

Yaqin bilmak, jamoat e’tiqodin,
Keyin solmoq muxolif ijtihodin.

Aqiyda bilmatan shaytona eldur,
Agar ming yil amal deb qilsa, yeldur.

Uyolma ma’rifatni o‘rganurdin,
Tanur joying bo‘lur, qolsang tanurdin.

Uyolmasdur talab amrini olg‘on,
Qolur yaxshi uy olg‘andin uyalg‘on.


ALLOH TAOLONING BIRLIGI BAYONI

Xudovandiki birdur beshaku rayb,
Ravo ermas anga o‘rtoq ila ayb.

Aning farmonidin hech kim qutulmas,
Tavonodur hamisha, o‘zga bo‘lmas.

Erur ul barcha olamning Xudosi,
Aning yo‘q ibtidosi, intihosi.

Erur hozir hamisha, yo‘q makoni,
Anga qilg‘on emas sabqat zamoni.

O‘zi beshubhadir ham benamuna,
Ravo ermas anga chunu chiguna.

Ko‘ngilga kechsa, ko‘zga tushsa har shay,
Erur andin munazzah Xoliqu Hay.

Udur hokim ki hukmin o‘zga etmas,
Aning zotig‘a hech kim aqli yetmas.

Farishtalar, nabilar yetmadilar,
Bo‘yinsundilaru fikr etmadilar.

Vale fikr et, Xudoning qudratig‘a,
Ajoyib ishlarig‘a, san’atig‘a.


ALLOH TAOLONING SIFATLARI BAYONI

Subutidur aning sakkiz sifoti
Sifat zoti emas, na g‘ayri zoti.

Hayotu, ilmu, qudrat ham basar, sam’,
Irodavu, kalom, takvindur, ey sham’.

Hayot ulkim tirikdur, o‘zga bo‘lmas,
O‘lar har zi nafs, hargiz Ul o‘lmas.

O‘zini zotidin haydur o‘shal shah,
Va lekin jism ila jondin munazzah.

Kerakmasdur Xudog‘a hech qayu shay,
G‘anidur barcha olamdin o‘shal Hay.

Emas muhtoj hech ishga Haq Taolo,
Yubormag‘il ko‘ngilni shaybu bolo.

Agar munda yuborursan ko‘ngilni,
Solur shayton ko‘ngilga o‘zga yo‘lni.

Sifotining biridur ilm, yoro,
Erur donoyi g‘aybu oshkoro.

Xaloyiqdin kichikdur yo ulug‘dur,
Bo‘libdur har na ish yo bo‘lg‘ulug‘dur.

Turushdur yo yurushdur xayru shardin,
Na kim, tegsa anga naf’u zarardin.

Ko‘ngilga kechsa qaysi holi pesha,
Emas po‘shida ilmidin hamisha.

Bilur har kimda bo‘lsa ma’rifatdin,
Biri qudrat erur sakkiz sifatdin.

Nafslik yo nafssiz, budu nobud,
Ne kim ikki jahonda bo‘lsa mavjud.

Zarardur, naf’dur yo xayr, shardur,
Yaqin bilgil, qazo birla qadardur.

Xaloyiqning jami’i fe’lu qavli
Emas bir zarra betaqdiri Mavli.

Iroda aylagach, Xalloqi olam
Har ishni «bo‘l!» dedi, bo‘ldi o‘shal dam.

Na etsa erki boru, qudrati bor,
«Qo‘li birla yaratdi» dema zinhor.

Tilingni saqla mundog‘ qavli baddin,
Xudovandim munazzahdur jasaddin.

Kalomi haqdakim «yad» ayladi yod
Aning bir vasfidur, ey odamizod.

Aimma bildi Qur’on ma’nisin tuz,
Ko‘ngilni qo‘ymag‘il, san har qayu yuz!

Basar ham sam’ aning vasfi bilo shak,
Basar ma’nisi — ko‘rmak, sam’ —eshitmak.

Ne kim mavjud erur dunyovu dunda,
Falakdin yuqori, zeri zaminda.

Eshitmak, ko‘rmagi beshubhavu rayb,
Erur birdek hamisha zohiru g‘ayb.

Eshitmak, ko‘rmagidur qudratidan,
Quloqdin, ko‘zdin ermas, bilgil, ey tan.

Quloq, ko‘z bandag‘a hojat erur, bas
Xudo hech qaysining muhtoji ermas.

Tirilsang oxiratda, ey xaridor
Xudoyim ko‘rsatur do‘stlarg‘a diydor.

Vale ko‘rmakni bechunu chunon bil,
Jihatsiz bil, mislsiz, bemakon bil.

O‘shalkim bildirur beshakligini,
Bilur ul yaxshi ko‘rsatmakligini.

Bilur har odamiyning bo‘lsa esi,
Kalom ermish sifotining birisi.

Kalomi hodis ermasdur, qadim bil,
Ani ayg‘on so‘zi bekomu betil.

Xaloyiq so‘zlamas bekomu tilsiz,
Xudo muhtoj emas, hech ishga hargiz.

Bitilsa yo o‘qilsa, olsa el yod,
Bular hodis erur, ey odamizod.

Xudoyimni kalomin yaxshi bil boz,
So‘zini zotida yo‘q harfu ovoz.

Na kim maxluqida bor ersa, ey shah,
Xudovandim erur andin munazzah.

Sifotining birisidur iroda,
Muni bilgan kishi yetgan muroda.

Qadalsa bir tikan yo tushsa bir qil,
Irodasiz emas hech ish, yaqin bil.

Agar mo‘re qo‘yar yer ustig‘a po,
Va gar bir zarracha qum bo‘lsa bejo.

Bulardin yo kichikdur yo ziyoda,.
Emasdur hech nimarsa beiroda.

Sifotining birin takvin demishlar,
Xudodin xalqa ro‘zi barcha ishlar.

Yaratdi kim nechuk sizniyu bizni,
Taqi xalq etdi bizni fe’limizni.

Agar chandiki qo‘imas erkimizga,
Beribdur ixtiyori juz’i bizga.

Munosib ish erur yo nomunosib,
Ani qilmoqg‘a banda bo‘ldi kosib.

O‘shancha ixtiyori juz’idin boz,
Topar banda jazo ko‘p qilsa yo oz.

Na kim rizqeki bo‘lsa shaybu bolo
Yaratibdur ani Vojib Taolo.

Haromidin va le man’ etdi bizni,
Beribdur ixtiyori juz’imizni.

Xudo rozi emas isyonimizg‘a,
Rizosidur aning ehsonimizg‘a.

Kishi rozi, desa— isyon qilurg‘a,
Aimma hukmidur kofir bo‘lurg‘a.

Xudo zulm etmadi hech bandalarg‘a,
Vale tuz io‘lni ko‘rsatdi alarg‘a.

O‘shal xalqiki tuz yo‘ldin toyarlar,
Alar o‘z jonlarig‘a zulm etarlar.

Azob etsa bu olam yo u olam,
Erur bul adl, ey farzandi odam.

Nafssiz xalq erur yo zi nafsdur,
Aning o‘z mulkidur hech zulm emasdur.

Agar afv aylasa, o‘z fazlidur ul,
Budur sidqingu ixlosing, budur yo‘l.

Yetar biz omilarga buncha bilsak,
Tutub mahkam bo‘iinsunsak, egilsak.

Jamoat ahli sunnat tuzgan erlar
Dedilar: «Turfa nozikdur bu yo‘llar».

Ulug‘ yo‘lni qo‘iib o‘lguncha, ey yor,
Qadam qo‘yma, toyar yerlarg‘a zinhor.


IYMONNING BAYONI

Xudodin har na kelsa, rost bilding,
Tiling birla yana iqror qilding.

Musulmonlig‘ yo‘lida buldir iymon,
Muni bilmas kishi Tongla pushaymon.

Yaqin bilgilki, iymon bo‘lmag‘ay kam,
Erur birdek, ziyoda bo‘lmag‘ay ham.

Bu so‘zdur ahli sunnatni tariqi,
Jadal etdi bu so‘zda har fariqi.

Bo‘lur ammo amal zoyidu nuqson,
Topar yaxshi amaldin ujra inson.

Amal aylang va lekin aymog‘aysiz:
«Amaldin doxili jannat bo‘lurmiz».

Ani amrin dilu joning bila ol,
Amal qil ham O‘zining fazlina sol.

Nasib etsa bihisht O‘z fazlidin bil,
Amalga ittiko qilmay amal qil.

G‘araz ulkim, amalga bo‘lma mag‘rur,
Amal qilg‘il, amalga banda ma’mur.

Amal qilmoqdin axdi istifoda
Dedilar: «Nuri iymondur ziyoda».

Va gar na bo‘lmas iymon zoyidu kam,
Aqida buldur, ey farzandi odam.

Amalning naf’i ham iymon bilandur,
Qachon yolg‘uz amal qilg‘on bilandur.

Na’uvzu billah, iymonsiz kishini
Qabul etmas Xudoyim hech ishini.

Agarchi yaxshilar a’molin etsa,
Tasadduq yer yuzini molin etsa.

Riyozat birla bo‘lsa ertayu kech
O‘shalkim sidqi io‘qtur - qilgani hech.

Bo‘lur do‘zax ani oxir makoni,
Qutulmas hargiz andin jismu joni.

Agar iymon nasib etsa kishig‘a,
Berur ujra ani xo‘b qilmishig‘a.

Agar chandi kaboir qilsa behad
Tamug‘da qolmas iymonlig‘ muabbad.

Iloxi, osiymiz, bechoradurmiz,
Havoyi nafs ila ovoradurmiz.

Qo‘noqmiz bir kecha dunyoyi hecha,
Na ishlar kechadur bizdin bu kecha?!

Bu tunda tut butun iymonimizni,
Saboh qutqor tutundin jonimizni.

Ko‘ngil sanduqina bir bebadal dur
O‘zing rost aylagil, yo Koshifaz — Zur.

O‘shal dur qasdina shaytoni badbaxt
Tushubdur ko‘p havoxohi bilan saxt.

Agar bo‘lsang mani holimga homiy,
To‘zar kuldek aduvlarni tamomi.

Agar Sen saqlasang rahmat yo‘lidin,
Aduv qul kelsa, na kelgay qo‘lidin.

Yana iymonda aydi ahli tahqiq:
«Xudodindur hidoyat birla tavfiq».

Xudoning fe’li ul maxluq emasdur,
Kishi hargiz ani maxluq demasdur.

Dedilar ma’rifat birla ul iqror
O‘shalkim bandasini fe’lida bor.

Nechukkim bandani xalq etti Mavli,
Taqi maxluq erur fe’li va qavli.

Erur bir ma’nida iymonu islom,
Buni bilsa kerak, har xosu har om.

Aimma qavlini berk ushla zinhor,
Jadalni naf’i yo‘q bo‘lsa, na darkor.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.