OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xorazmiy (XIV asr)

Xorazmiy (14-asr) shoir. O‘zbek adabiyotining Navoiygacha bo‘lgan atoqli vakillaridan, noma janrining asoschisi. Hayoti va ijodi haqida ayrim ma’lumotlar uning bizgacha saqlanib qolgan yagona asari «Muhabbatnoma» orqali yetib kelgan.
«Muhabbatnoma» Oltin O‘rda xoni Jonibekning hukmdorlaridan Muhammad Xo‘jabekning taklifi bilan 1353 yilda yozilgan. «Muhabbatnoma»ning «Bayoni voqeni aytur» qismidan ma’lum bo‘lishicha, Xorazmiy ilgari ham ko‘p she’rlar yozgan, ayniqsa, muhabbat mavzuidagi asarlari bilan shuxrat qozongan, lekin ular forsiyda yozilgan bo‘lib, Muhammad Xo‘jabek shoirdan ishqiy mavzuda turkiycha kitob yozib berishni iltimos qilgan. Xorazmiy asarining maydonga kelishida Avhadiy Marog‘aviy (1274-75; 1337-38)ning forscha yozilgan «Muhabbatnoma» dostonining ta’siri bo‘lgan. Lekin Avhadiyda nomalar oshiq va ma’shuqa nomidan yozilgan bo‘lsa, Xorazmiyda oshiqning mahbubasiga yo‘llagan she’riy nomalari jamlangan. Har bir maktub muallifning chuqur kechinmalari, murojaati bilan boshlansa-da, unda ma’shuqa husnu jamoli, fe’l-atvorining mubolag‘ali tasviri birinchi o‘ringa chiqadi. Nomalar mohiyat e’tiboriga ko‘ra, vasf bilan madhning sintezidan iborat.
Asar bilan Navoiy ham tanish bo‘lgan. «Muhokamat ul-lug‘atayn»da turkiy tilning boyligini isbotlamoq maqsadida «Muhabbatnoma»dan misol keltiradi.
«Muhabbatnoma»ning 2 ta qo‘lyozma nusxasi (uyg‘ur va arab yozuvlarida) ma’lum. Shulardan eskisi uyg‘ur yozuvidagi nusxa bo‘lib, Britaniya muzeyida (inv. ? 8193) saqlanadi. Nusxa Shohruxning Hirotdagi sarkardasi Mir Jaloliddin topshirig‘i bilan Bakir Mansur tomonidan 1432 yilning martida Yazd shahrida ko‘chirilgan. O‘nta noma berilgan. 364 baytdan tarkib topgan.
Asarning arab yozuvidagi 2-nusxasi ham Britaniya muzeyida saqlanadi (inv. ?Add 7914), 1508—09 yillarda ko‘chirilgan, 474 baytdan tarkib topgan. Mafoiylun mafoiylun fauvlun vaznida yozilgan.
«Muhabbatnoma» keyingi shoirlarga katta ta’sir ko‘rsatgan. Xo‘jandiy («Latofatnoma»), Yusuf Amiriy («Dahnoma»), Sayyid Ahmad («Taashshuqnoma») unga nazira bitganlar.

Begali Qosimov

G'AZAL

* * *

Soldi niqob chehradin ul turki xovariy,
Bo‘ldi yana jahon yuzi oinatek ari.

Tun nofasing‘a urdi quyoshning shuoi o‘t,
To‘ldi aning nasimi bilan ko‘k mijmari.

Qochti habash cheriki adam qal’asi taba,
Chiqti esa ufuq qinidin subh xanjari.

Anqosi ko‘k Qofining ochti ikkinchi bol,
Yulduz tuyuri barchasi turdi ari-bari.

Daryoqa cho‘kti oy sadaftek ko‘rinmas o‘sh,
Sohilg‘a tushti zuhra-u, tiladi mushtari.

Soqiy, qadahni sun dag‘i qilg‘il ravonakim,
Bo‘ldi ravona ko‘k uza xurshid sog‘ari.

Ishrat bilan jahonni yigitlikda xush kechir,
Kim hech kishiga qolmadi bu bevafo qari.

Dunyo sanga qolurmu, Sulaymong‘a qolmadi,
Ulkim anga musaxxar edi devu ham pari.

Xorazmiyning agar tani tuproq bo‘lsa ham,
Otin tiri tutar jahon ichra so‘zlari.

* * *

Jahonda sentek ey jonon yo‘q ey jon
Sening dardingga hech darmon yo‘q ey jon.

Aningdek yerga qo‘l sundi ilikkim,
Yiroqdin boqmag‘a imkon yo‘q ey jon.

Bugun ming jon bilan kimki ko‘ngilni
Sanga bermas qani vah jon yo‘q ey jon.

Yeti iqlim ichinda ko‘rukka moli
Saningdek bir taki sulton yo‘q ey jon.

Bizning mazhabta oshiqlarni sizlar
Agar o‘ldursangiz tovon yo‘q ey jon.

Seni jonimdan ortiqroq sevarmen
Bu so‘zda haq bilur yolg‘on yo‘q ey jon.

Sening ishqingda sayrarga Xorazmiy
Bugun olamda bir bo‘ston yo‘q ey jon.


«MUHABBATNOMA»DAN

Avval ko‘rishkanin aytur

Tun oqshomkim ko‘rundi bayram oyi,
Muhammad-xo‘ja bek davlat humoyi.

Buyurdi o‘zga shodurvon uruldi,
Qadah kelturdilar, majlis quruldi.

Husayniy pardasi uzra tuzub soz,
Mug‘anniy bu g‘azalni qildi og‘oz.

G‘azal

Chi mah ro‘yi tu, ey sarvi sarafroz,
Ki memonad baro‘yat gul dahan boz.

Bayodi qomatat mebo‘samash poy,
Niholeroki mebinam sarafroz.

Badon monad turo dur dar banogo‘sh,
Ki gardad Zuhra bo xurshed hamroz.

Xati sabzat bazeri ja’di mushkin,
Chu tuti bachchae dar changali boz.

Chi monad bo labat har la’lu yoqut,
Na dar har xotami meboshad e’joz.

Tu bomo to tavoni noz mekun,
Ki xush boshad zi yori nozanin noz.

Kamand afgan chu zulfag hindui nest,
Chu chashmat tez turki novak andoz.

Tu sultoni sariri mulki husni
Bamo bechoragon gah-goh pardoz.

Guliston kay buvad holi zi bulbul,
Jamoli ro‘yi xubon benazar boz.

Xusho ro‘zeki Xorazmiy bimolad,
Qadamhoyi turo bardidaho boz.

Bayoni voqiin aytur

Tabassum qildi, aydi: «Ey faloni,
Keturgil bizga loyiq armug‘oni.

Ko‘ngul bahrinda ko‘p gavharlaring bor,
Ochunda porsiy daftarlaring bor.

Muhabbat nardini ko‘plardin uttung,
Shakartek til bila olamni tuttung.

Tilarmankim, bizing til birla paydo,
Kitobe aylasang bu qish qotimdo.

Kim ush yeltek kechar ayyomi foniy,
Jahonda qolsa bizdin armug‘one».

Qabul qildim, yer o‘ptim, aydim: «Ey shoh,
Eshiking tuprog‘i davlatli dargoh.

Kuchum yetmishcha ko‘p xizmat qiloyin,
Jahonga ezgu otingni yoyoyin

Bukun tonqa tikin may no‘sh qilg‘in,
Badiha bu g‘azalni go‘sh qilgin».

G‘azal

Yuzungda ko‘rdum, ey jon, bayram oyin,
Munung shukronasi qurbon bo‘laoyin.

Agar kun tug‘masa ham yoqtu qilg‘ay,
Yuzung nuri bu dunyoning saroyin.

Gar Aflotun sening ishqingda tushsa,
Berur yelga qamuq tadbiru royin.

Shakartek til bila to‘ti tilingiz,
Necha ko‘p sayd etar jonlar humoyin.

Saodat birla baxt ikkisi bichti,
Bo‘yungizg‘a latofatning bu qoyin.

Ijozat bersangiz tong yoqtusitek,
Jahong‘a husnungiz chovin yeyoyin.

Siza teb keldi Xorazmiyni asrang,
Kim asrarlar qamuq shahlar gadoyin.

Masnaviy

Dovisqincha g‘azal, shah go‘sh tutti,
Manga xil’at kiyurub, qo‘sh tutti.

Bir oz kechti dag‘i majlis isindi,
Qadah chavruldiyu may boshqa mindi.

Yana fursat bila bo‘ldum mahalni,
O‘qudum xizmatinda bu g‘azalni.

G‘azal

Yaratqonkim tan ichra jon yaratti,
Seni ko‘rkluklar uzra xon yaratti.

Quyosh yanglig‘ yuzungizni yorutti,
Falaktek bizni sargardon yaratti.

Xaloyiq qiblasi bo‘ldi jamoling,
O‘shal kunkim seni yazdon yaratti.

To‘lun oy ta’biya sarv uzra qildi,
Oy ichra g‘unchai xandon yaratti.

Jamolingni jahonga jilva qildi
Meni ul surata hayron yaratti.

Eshitting ersa Yusufning jamolin,
Seni husn ichra sad chandon yaratti.

Karim tengri kamolin qilsa izhor,
Sen oyni bo‘yla benuqson yaratti.

Zihi qodirkim ul bir qatra suvni
Muhabbat gavharinga kon yaratti.

Azalda qildi Xorazmiyni muhtoj,
Tag‘i manzurini sulton yaratti.

Avvalg‘i nomani aytur

Ayo ko‘rk ichra olam podshohi,
Jahon tutti sening husnung sipohi.

Pari ruxsoralarning ko‘rkaboyi,
Yuzung navro‘zu, qoshing bayram oyi.

Ko‘ngul shirin so‘zungga bo‘ldi Farhod,
Ko‘zung Kashmir jodusig‘a ustod.

Qaro meng ol yangoqingda yaroshur,
Boshim doyim adoqingqa yaroshur.

Bo‘yung sarvu sanubartek, beling qil,
Vafo qilg‘on kishilarga vafo qil.

Aqiqing suhbatindin jon bo‘lur so‘z,
Qamartek chehrangga boqsa qamar ko‘z.

Urur nargislaring novakni jong‘a,
Kular chehrang chechaktek arg‘uvong‘a.

Muhabbat nori jondin ketmadi hech,
Qo‘lum sim olmangizg‘a yetmadi hech.

Saroydin bordi Chin-Mochinga choving
Qiyo boqsang bo‘lur arslonlar oving.

Tabassum qilsangiz shakkar uyolur,
Tishing injusidin gavhar uyolur.

Jamoling yetti olamga sipahlar,
Qatingda yer o‘parlar jumla shahlar.

Falak ishqing yo‘linda besaru poy,
Isirg‘ang donasi Zuhra, yuzung oy.

Latofat mulkida sultonsen, ey jon,
Qamuq boshdin-oyoqqa jonsen ey jon.

Qatiq kulsang magar og‘zing bilurgay,
Pari ko‘rsa seni, mendak tilurgay.

Soching bir torina ming hur yetmas,
Yuzungnung nurina ming nur yetmas.

Agar bersa suyurg‘ab haq taolo,
Kerakmas sensizin firdavsi a’lo.

Ko‘ngulning qoni qaynab barcha toshqay,
Ko‘zumning yoshidin kavsar bo‘loshqay.

Kishining sensizin ne joni bo‘lsun,
Aningtek umrning ne soni bo‘lsun.

Shakar erning naboti xizra o‘xshar,
Oyog‘ing kimki o‘psa mangu yoshar.

Jamolingtek kishining‘ yo‘q jamoli,
Darig‘o, bo‘lmasa erdi zavoli.

Qiyomat ko‘rklusen husnunga ne so‘z,
Yiroq bo‘lsun jamolingdin yovuz ko‘z.

Bukun yo‘qtur, sen oytek ko‘kta, asra,
Qulung bechora Xorazmiyni asra.

* * *

Salomim gulga ayt, ey tong nasimi
Kim erur oy quli, axtar nadimi.

Salomim kim, ko‘ngil jonona yetsa
Yorur ko‘zlar savodidin tiyilsa.

Salomimni yetkur ul dilsitonga
Rahmsiz bevafo jonu jahonga.

Qulingni haddin oshti ishtiyoqi
Aytgil ey bo‘yung to‘bi taboqi.

Aytg‘il ey visoling umr bog‘i
Eshiking tufrog‘i kavsar bulog‘i.

Ayit mendin kim ul miskin urur oh
Qachon engay gadoning evina shoh.

Qachon qilg‘ay ko‘zumni yoqti ul oy
Erur yuzi quyoshdek olam oroy.

Qachon la’ling qadahlar no‘sh qilg‘ay
Karashmang bandani madhush qilg‘ay.

Zihi purxanda tole baxt yori
Kim ul hazratga bir kun topsa bori.

Jahon tutdi jamoling dod qilg‘il
Bu miskinni biror ham yod qilg‘il.

Seningdek podshohing marhabosi
Meningdek ming gadoning xun bahosi.

Manga sansiz o‘lumdur bu hayotim
Sening mehring bila yug‘rildi zotim.

Erurman vaslinga doim talabkor
Kecha kim tun uzun bo‘lsa tongi bor.

To bo‘lg‘ay maqsudim topqungda bori
Saodat qilsa Xorazmiyga yori.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.