OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Farhod Ishoqov (1968)

1968 yilda tug‘ilgan. Namangan Davlat universitetining rus filologiyasi fakultetida tahsil olgan.
“Ruhiyatning rangi”, “Parvoz” she’riy kitoblari chop etilgan.
Hozirda umumta’lim maktabida o‘qituvchilik qiladi.


 * * *
 
Derazadan borliqning
Tomoshasi ko‘rindi,
Do‘lli yomg‘ir inidan
Quyosh chiqqach surindi.

Shovillagan daraxtlar
Qo‘shig‘ini tingladim.
O‘zimni ham bog‘dagi
O‘riklarga tengladim.

Oy ko‘rindi, iztirob
Bo‘roni sokinlashdi,
Oyning ham qorong‘ida
Qadami sekinlashdi.

Derazamning ikkinchi
Qanotini ham ochdim,
Oydin oyog‘i osti –
Poyiga gullar sochdim.

O‘ngu chapga chayqalib
Tebranadi teraklar,
Qo‘shig‘in tinglang siz ham,
Orom olar yuraklar.

 
* * *

Tuman qopladi. Daryodaman men,
Bir-birimizni topolmay qoldik.
Bir-birimizni axtarib ikkov,
Bir-birimizga yetolmay qoldik.

Hayqirdik bizlar, uvvos soldik biz,
Tuman fig‘onga parvo qilmadi.
Arosatdamiz, yo‘llar yo‘qolgan,
Yo‘qolgan yo‘llar vafo qilmadi.

Darbadar xayol, vujud ko‘rinmas,
Ko‘ngilda bir his va tuyg‘u qoldi.
Ingraydi eshik, suyak g‘ajir it,
Ushalmas orzu va qayg‘u qoldi.


 * * *
 
Yuzini shamol yalab
Cho‘tir bo‘lib qolgan soy,
Eshityapsanmi meni,
Vatan men uchun shu joy.

Shu suyanib o‘tirgan
Xarsang mening og‘aynim,
O‘ng‘or, bo‘yingga boqsam
Yayraydi jonu tanim.

Tirikligimga shukur,
Qishloq senday jannat yo‘q.
Tog‘u toshlarim mening
Senda nechun minnat yo‘q?!
 
 
 * * *
 
Ko‘nglim g‘amga to‘ldi jonim,
Tasalli bergin, aldagin.
Yolg‘ondan bo‘lsa ham, sizni
Sevardim-ku, deb, aldagin.

Shoyad ko‘nglimdan g‘am uchib,
Dilim ravshan aylaguncha,
Aldayver, meni tinmayin,
Siz yaxshisiz, deb, aldagin.
    
Zero, o‘zing aytgan yolg‘on.
O‘zingga chin tuyulguncha,
Sizni – jondan aziz jonim
Sevadirman, deb, aldagin.

Bir majruh ko‘ngilni obod
Aylash qancha savob bo‘lsa,
Ajabki, chin yolg‘ondan so‘ng,
Chindan... degan javob bo‘lsa.


 * * *
 
Halokatga uchragan
Kema kabi bo‘m-bo‘sh uy,
Bu ulkan bo‘m-bo‘sh uyda
Chalinmasa biror kuy...

Umidsizlik chohining
Eng tubiga tushgan kim,
Yolg‘iz, kimsasiz uyda
O‘tirsang, uy yutar jim!

Noma’lum dengizlarda
Adashgan g‘avvos kabi,
Suv ostida qolsa kim
Qorong‘i bo‘lar ta’bi.

Hayot mushkul, birodar,
Yelday uchib o‘tar u,
Boshqa qaytmagay, aslo,
Ortga boqmay ketar u.

Tog‘idan ayrilgan kuy,
Bog‘idan ayrilgan kuy,
Bebulbul chaman bo‘lmas,
Sahroi Kabir bu uy.

Aldangan atirgullar
So‘layotgan bog‘dir bu,
Orzusidan ayrilgan
Cho‘kayotgan tog‘dir bu.

Ota dilin og‘ritgan
Tilingdagi dog‘dir bu,
Tun bilan tong almashmay
Turib qolgan chog‘dir bu.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.