OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Farog‘at Xudoyqulova (1975)

1975 yilda tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. “Kuy dilim, suygulim”, “Aytolmagan so‘zlarim”, “Oydinlik” nomli kitoblari chop etilgan.

MIRZO ULUG‘BEK

Tun qo‘ynida tutdim quyoshni,
Osmon oqib kirgach ko‘zimga.
Yulduzlarni gul kabi terib,
Hadya etdim xalqim o‘zingga.

Samarqandning yulduzlariga
Mangu tegib turar qo‘llarim.
Xalqim sen bor, sen bilan birga,
Kelajakka eltar yo‘llarim.

“BUG‘DOY TO‘LDI” TO‘YINGIZGA

Erta tongdan non isiga
Uyimni to‘ldirdi shamol.
Quyosh ko‘zin gul yashnatib
Dalangiz ham ochdi jamol.

Dunyo rizq-ro‘z ulashmoqning,
Halol yo‘lin uqqan sizdan.
Qishin-yozin ter to‘kmoqlik,
Chumoliga yuqqan sizdan.

Men ham tashna jo‘yaklarga,
Tillo suvin to‘kdirganman.
“Bug‘doy to‘ldi” to‘yingizga
Atlas ko‘ylak tikdirganman.

El sizga, siz elga tayanch,
Qalam tutsam, dil yonadir.
Yulduz o‘pgan xirmoningiz,
Yurt to‘yiga to‘yonadir.

LOLA SAYLIGA

Shamol chiqdi lola sayliga,
Qizardi yangi oy yuzlari.
Chashmalarning iliq suvida
Soch yuvardi qishloq qizlari.

Qonatarkan qirlar bag‘rini,
Quyosh nurlarining sinig‘i.
Kechib o‘tar tog‘ tomon oqshom,
Loyqalanar suvning tinig‘i.

Bulutlarni panalab boqar
Oy aksidan qamashgan ko‘zlar.
Lolalarga qo‘shilib oqar,
O‘n sakkizga kirmagan qizlar...

QO‘SHIQ TAHLILI

Chaqmoqning hur qiziman,
Qanot berdi dovullar.
Bir silkinsam, uyg‘onar,
Tog‘lardagi ovullar.

Yorning qo‘li yetmagan,
Taqim sochlarim — tovus.
Kiprigimda nur o‘ynar,
Oltin baliq, gul hovuz.

Tom boshida o‘ltirib,
Osmonga otgandim so‘z.
Shamollarning labida,
Pora bo‘ldi chanqovuz.

Bobotog‘ qirlarida
Payhon bo‘ldi lolalar.
Yorni yorga kuzatib,
Qilgandirman nolalar.

Suvda yongan shu’lalar
Ko‘rpamga quroq bo‘ldi.
Yor keldi, deb uyg‘onsam,
Tutganim firoq bo‘ldi.

Bulutlarning sochida
Arg‘imchoq uchdim, yorim.
Binafshaning bargidan,
Chimildiq bichdim, yorim.

Sutday tiniq oqardi,
Yoshligimning daryosi.
Qay tomon adashtirdi,
Shamollarning dunyosi?

Ay, dunyo, hur-hur dunyo,
Farog‘atim olding sen.
Ajab qildim men sevib,
Ortda yolg‘iz qolding sen...
 
MEHR

Oq qog‘oz — dasturxon,
Qalamda sehr,
Oq kosada sutda ivitilgan non.
Dasturxon ko‘rkidir — g‘arq pishgan mehr,
Mehr bor — yashashga demak, bor imkon.

Qay tunda o‘zimni qilgandim ta’qib,
Yulduzlar baralla berdilar ovoz.
Navbahor sochini yomg‘irga tutib,
Yo‘limga naysonni ayladi pardoz.

Ne ajab, ko‘nglimni so‘zlar yoritar,
Ohanglar boshimni silaydi, telbam.
Siz emas, qalamim — g‘amim aritar,
Hilolning sayridan yorishar kulbam.

Bilaman, yo‘limdan xayolim uzun,
Bilaman, mehrimni ayadim sizdan.
Oshiq ko‘nglingizga tilayman to‘zim,
Faqat gina qilmang, she’rparast qizdan.

KETDING
 
Befarq o‘tib ketding necha bor,
Senday befarq o‘tib ketdi oy.
Sen va oy boqmagan ko‘zlarga,
Hatto bahor berolmas chiroy.

Kapalakday yashil ko‘ylakda,
Osmoningda uchardim sassiz.
O‘n sakkizda chiqqandim yo‘lga,
O‘ttizda ham turibman yolg‘iz.

Mayli, boqma ko‘zlarimga tik,
Men tomonga topsang agar yo‘l.
Kelganingni aytmoqchi bo‘lsang,
Ostonamga sochib ketgin gul.


 SIZDAN OLISDA
 
Yo‘lingizga chiqmadim peshvoz,
Bilolmadim nima qilishni.
Axir sizdan olisda ming yil,
Orzu qildim baxtli bo‘lishni.

Baxtsizlikdan qo‘rqib yashadim,
Sizni ko‘rmay erta so‘lishdan.
Ne uchundir bugun azizim,
Qo‘rqayapman baxtli bo‘lishdan.


 VAQT
 
Sochlarimga oq tushib bir kun,
Xayrlashmay ketar yoshligim.
Ilk bor tunda she’r aytmay xasta,
Yomg‘ir kuyin tinglagayman jim.

Yuzlarimga tushar – gul, ajin,
Arz qilolmam shunda hech kimga.
Ne qilsa ham qilar-ku vaqt, lek
Rahna sololmaydi sevgimga.


 SAVOL
 
Ming shukur, til berib so‘zlatib qo‘yding,
O‘zimni o‘zimdan izlatib qo‘yding.
Men gumroh o‘zimni topdim deganda,
Ko‘nglimni kimlarga yuzlatib qo‘yding?


 KETSANGIZ…
 
Ko‘nglima olovlar yoqib keldingiz,
Poyima daryoday oqib keldingiz,
Boshimda bulutday boqib keldingiz,
Bahorda gullamas bog‘ bo‘lib qoldim.

Bulutni boshimdan ko‘chirib keting,
Daryoni shamolga ichirib keting,
Ketsangiz olovni o‘chirib keting,
Kulning tagidagi cho‘g‘ bo‘lib qolmay.


 ISHONCH
 
Bir kuni bilasiz,
Yog‘ayotgan yomg‘ir emasligini,
To‘xtamaganini ko‘zimdagi yosh.

Bir kuni bilasiz,
Botayotgan quyosh emasligini,
Qattiq emasligin ko‘ksimdagi tosh.


 FARISHTA AYOL
 
Mag‘rur turgan qishgi bog‘larning,
Ko‘ksin yordi pishqirgan shamol.
Bir ayolning mahzun sevgisi,
Tun bag‘riga kelganda malol.

Sochlarida yomg‘ir tomchisi,
Gunohlarin yuvib kuyladi.
O‘ziniki emas g‘ami ham,
Shamolniki edi ko‘ylagi.

Bulut bo‘lib ko‘kda kezdi u,
Qo‘lida suv, ko‘ksida olov.
Uning yonishlari oldida,
Qaqnuslar ham berolmadi dov.

Tog‘lar boshi egilib qoldi,
Daryo to‘ldi ayol sabriga.
U gul ekib qaytib ketdi jim,
Muhabbatning ochiq qabriga.
 
 
 QALB KO‘ZIM
 
Hali sendan umidlarim ko‘p,
Baxt yog‘ilar boshingdan to‘p-to‘p,
Yashaydirman men ham ko‘nglim to‘q,
Yassaviylar tug‘ib ber, singlim.

Tilin tishlab qolsin g‘ayrlar,
Odam sotib, otib – boyirlar,
Boshini tik tutsin shoirlar,
Mir Alisher tug‘ib ber, singlim.

O‘zak tomir – nurli tuprog‘da,
Chingizxonni qoldirdi dog‘da,
Cho‘ktirsa-da onaizorin,
Jaloliddin tug‘ib ber, singlim.

Boychiborim, sen ham o‘ksima,
Qolib ketdik kimlar nuqsiga?
Shamol tegsin Barchin ko‘ksiga,
Alpomishlar tug‘ib ber, singlim.

Imonimga berar zeb, oro,
Suvlaridan jannatdir sahro,
Har bir g‘ishti tillo Buxoro,
Ibn Sino tug‘ib ber, singlim.

Ravshan tortsin mudom qalb ko‘zim,
Yorug‘ bo‘lsin, ey Xudo, yuzim,
Doya bo‘lay senga men o‘zim,
To‘marisni tug‘ib ber, singlim.

Hali sendan umidlarim ko‘p…
 
 
 * * *
 
Zo‘r shoir bo‘lmasman, balki azizim,
Yolg‘onlar, bo‘htonlar, yovlardan bezib.
Lek sening oldingda qilaman ta’zim,
Tayyorman chiqishga dunyoni kezib.

Zo‘r shoir bo‘lmasman, balki azizim,
Har yerda shahdi zo‘r bo‘lganga qiyin.
Lek ishqing osmoni quyoshi bo‘lib,
Bedor yuraklarga botmog‘im tayin.

Zo‘r shoir bo‘lmasman, balki azizim,
Dardimni tishimda tishlay olaman.
Lek bilsang so‘nggi dam, ketar chog‘da ham,
Qo‘lingdan qattiqroq ushlay olaman.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.